O’zbkiston respublikasi xalq ta’limi vazirligi


Er. avv. VI-III asrlarda Rim jamiyatining toifaviy-sinfiy tuzilishi


Download 0.77 Mb.
bet275/331
Sana08.01.2022
Hajmi0.77 Mb.
#250920
1   ...   271   272   273   274   275   276   277   278   ...   331
Bog'liq
Kenjayev Qadimgi dunyo tarixi

Er. avv. VI-III asrlarda Rim jamiyatining toifaviy-sinfiy tuzilishi


Er. avv. VI-IV asrlarda Rimning ijtimoiy tuzilmasi murakkab va oloquroq edi. Rim jamiyatida patritsiy, klientlar, plebeylar va qullar sinfiy-toifaviy guruh sifatida chiqdilar. Bu guruhlarning har biri jamiyat va ishlab chiqarishda o’z huquq-majburiyatlari bilan alohida o’rinni egalladilar. Patritsiylar o’z nomlarini pater (ota) so’zidan oldilar. Pater-ota, ko’p sonli oilani unga kiradigan boshqa qaram kishilar va qullarni xo’jayini edi. Qadimgi Rimda otalar deb yana oliy boshqaruv organi senat a’zolarini ham aytar edilar. Patritsiylar ilk Rimni imtiyozli hukmron sinf-toifasi edilar. Ular barcha fuqarolik huquqlaridan foydalanar edilar. Kuriya komisiyalarida ovoz berib, senatga saylandilar, og’ir qurollangan piyoda qo’shinda, imtiyozli otliq qo’shinlarda xizmat qilar edilar. Har bir patritsiy katta oila jamoasi ko’p sonli familiya (familias)ning boshlig’i bo’lib, bu jamoani ta’minlash uchun jamoa yer jamg’armasidan katta ulushlarni olish va foydalanish huquqiga ega edilar. Er. avv. IV asr o’rtalarigacha asosiy magistrate lavozimlari patritsiylar bilan to’ldirilar edi. Patritsiylar uzoq ibtidoiy jamoa davri, urug’chilik jamoalariga borib taqaladigan urug’ guruhlari (gentes)ga bo’lingan edilar. Yer egalarining imtiyozli hukmron sinf qatlami bo’lgan holda urug’chilik aloqalari muhim o’rin egallagan bu tuzilmada Rim patritsiylari jamiyatning konservativ unsurlari edilar. Ular yangi ijtimoiyiqtisodiy munosabatlar, xususiy mulkchilik, qulchilik taraqqiyotiga to’siq edilar.

Ilk Rimning asosiy sinf-toifalardan biri plebeylar edi. Plebeylarni bir qismi qaram klientlar sifatida patritsiy urug’lariga qabul qilingan edi. Lekin plepsning ko’pchiligi tub joy fuqaro patritsiylar ijtimoiy tashkilotidan tashqarida bo’lib, huquqiy jihatdan erkin bo’lsalarda fuqarolik huquqlaridan mahrum edilar. Plebeylarning asosiy qismi o’zining avvalgi vatani bilan va Rimdan tashqarida bo’lgan urug’ tashkiloti bilan aloqasini uzgan kelgindi kishilar edi.

Plebeylar kichik yer maydonlarida dehqonchilik qilib savdo-hunarmandchilik bilan shug’ullanar edilar. Ularning ko’pchiligi asosan Rim atrofidagi qishloqlarda yashab, o’z jamoa tashkilotlari, o’zaro yordam tizimiga ega edilar. Plebeylar rim jamiyatini shakllanayotgan jamoa-dehqon tarkibini asosiy qismini tashkil qilar edilar. Plebeylar orasida tez orada ijtimoiy tabaqalanish yuz berib, boy qatlam ajralib chiqdi. Plebeylarning asosiy ommasi yer olish va qarzi uchun qullikni bekor qilinishini talab qilgan bo’lsalar, o’ziga to’q va boy plebeylar birinchi navbatda patritsiylar bilan siyosiy teng huquqlik uchun kurashdilar.

Serviy Tulliy islohotlari natijasida plebeylar Rim ko’ngillilari tarkibiga kiritildi, lekin qo’shindagi barcha boshliq lavozimlari patritsiylar qo’lida edi. Bundan tashqari plebeylar patritsiylar ozod etilgan harbiy soliq (tribut) to’lar edilar. Shu davrda Rim shahrini o’zida plebeylar va patritsiylar o’rtasida yer uchun keskin kurash boshlandi. To’xtovsiz urushlar natijasida xonavayron bo’lgan, qarzlarga botib qolgan Rim plebsi bosib olingan erlarni taqsimlashda o’z hissasini talab qildi. Shuningdek patritsiylarning zo’ravonligidan qonuniy himoya va o’z siyosiy huquqlarini kengaytirishni talab qilib chiqdilar. Bu kurash er. avv. 494 yilda o’ta keskinlashdi. Og’ir qarz majburiyatlari qarz beruvchining zulmi plebeylarni ekvlar bilan urushga ishtirok etishdan bosh tortdilar. Ijtimoiy adolatsizlikka qarshi norozilik belgisi sifatida, 494-yilda Rimdan 4,5 km. shimoldagi “muqaddas toqqa” chiqib ketishga (setsessiya) majbur bo’ldilar.

Setsessiya va harbiy xavf patritsiylarni yon berishga majbur qildi. Natijada plebey yig’inlarida har yili ikki yoki to’rt xalq tribuni saylash huquqi olindi. Keyinchalik xalq tribunlari soni o’ntaga etdi. Tribunlar mansabdor shaxslar bo’lmay plebs vakillari sifatida chiqib, uning manfaatlari himoyachisi bo’ldilar. Xalq tribunlari shahar hokimiyatining faoliyatiga aralashishlari, mansabdor shaxslar va senatning qarorlarini bajarilishini to’xtatishlari mumkin edi, Komisiyalarda qabul qilingan qarorlarga plebeylar veto (taqiq) qo’ysa bu qaror yana ovozga qo’yilishi mumkin emas edi. Tribunlarning o’zlari hali faqat plebeylar uchun majburiy bo’lgan qarorlar qabul qilishlari mumkin edi. Tribunlar faqat plebeylar orasidan saylanib daxlsizlik huquqidan foydalanar edilar. Xalq tribuniga qo’l ko’targan kishi qonundan tashqari deb e’lon qilinar edi. Bunday jinoyat qilgan kishini har kim jazosiz o’ldirishi mumkin edi.

Yarim asr o’tgach er. avv. V asr o’rtalarida plebeylar tazyiqi ostida patritsiylardan tuzilgan detsemverlar (“o’n erkak”) komissiyasi mavjud qonunlarni kodifikatsiya qildilar. Komissiya mis taxtachalarga yozilgan XII jadval qonunlarini Rim forumiga, bozor va Rim koloniyalariga osib qo’ydilar. XII jadval qonunlari birinchi va yagona Rim huquqi kodeksi edi. XII jadval qonunlari Rimda ijtimoiy munosabatlarni klassik quldorlik jamiyatiga o’tish davrini aks ettirdi.

Ilk rim jamiyatida kambag’al va siyosiy huquqsiz kishilarning ko’p sonli qatlami-klientlarni tashkil qildi. Ozod qo’yilgan qullar yoki Rimga ko’chib kelgan boshqa urug’ vakillari patritsiylarda himoya va homiylik qidirishga majbur bo’lib, ularga klient bo’lishlari mumkin edi. Klientlar patritsiylarning urug’iga qaram a’zo sifatida kirib, o’z homiylari urug’I nomini oldilar. Ularga patron yerlarida ishlash vazifasi , patronni yurishda, shaharga chiqishida hamrohlik qilish majburiyatlari yuklandi . Klient vasiyat qoldirmagan bo’lsa o’limidan keyin uni mulki patronga meros qolar edi. Agarda klient patronga bo’ysunmasa sud orqali u qulda aylantirilishi mumkin edi. O’z navbatida patron klientni boshqalarni tazyiqidan himoya qilishga majbur bo’lib, sudda uning manfaatalrini himoya qilar edi. Er. avv. III asrga borib yangi ijtimoiy munosabatlar rivojlanishi bilan klientlarning katta qismi o’z patronlaridan ozod bo’lib, davlatdan yer oldilar va erkin dehqonlarga aylandilar.

Er. avv.V asrgacha qulchilik xonaki (patriarxal) edi. Er. avv. V asr4dan boshlab qul mehnati xo’jalikning turli sohalariga kirib bordi. Rimda qarzi uchun qul qilish er. qvv. 326-yildagi qonun bilan bekor qilindi. Natijada, qullar qatlami asosan urushlarda olingan asirlar hisobidan to’ldirila boshlandi. Qulga buyum sifatida qaralmadi, inson shaxsi huquqlari kam darajada bo’lsada saqlanib qoldi. Bu davrda erkin kishi va qullar o’rtasidagi farq unchalik keskin emas edi.

Qonunlarda mulk huquqi kuchli himoya qilingan edi. Mulkka daxl qilish og’ir jinoyat hisoblanib, qiynoq bilan o’lim jazosi berilar edi. Qullar uchun jazo erkin tug’ilganlarga nisbatan og’ir edi. O’g’rilik qilgan erkin fuqaro kaltaklanar edi, qullar esa savalanganidan so’ng qoyadan tashlanar edi. Sudxo’r qarzdorni qul qilish bilan cheklanmay balki uning hayotiga egalik qilishi ham mumkin edi.

Plebeylarning siyosiy tenglik uchun kurashi davom etdi. Er.avv. 447 yildan 2 konsul bilan birgalikda senat qarori bilan 3 tadan 8 tagacha konsul hokimiyati vakolati bilan tribunlar saylana boshlandi. Plebeylarga er. avv. 445 yildagina tribun Kanuley qonuni asosida patritsiylar bilan nikohdan o’tishga ruxsat berildi. Yangi tsenzor mansabi joriy qilinib ularning vazifasi fuqarolarning mulk tsenzi majburiyatini bajarishini nazorat qilish, keyinchalik senarorlar ro’yxatini tuzish edi. Tsenzor hukmi bekor qilinmas edi. U qat’iy edi. Bundan tashqari ular daromad-xarajatlar to’lovini nazorat qilar, katta jamoa ishlarini tashkil qilar edilar.

Er. avv. 367 yilda konsul Sekst Lateran 3 ta muhim qonunni qabul qilinishiga erishdi. Birinchi qonun; qarz foizlarini tartibga soldi, ikkinchi qonun; barcha rim fuqarolari patritsiylar va plebeylarining jamoa erlaridan foydalanishni teng huquqini berdi; uchinchi qonun bo’yicha konsullik lavozimini plebeylar ham egllashi mumkin edi. Keyinchalik ikki konsuldan biri plebeylardan saylanishi odat tusiga kirdi. Bir vaqtning o’zida konsullardan sud ishlari yangi mansabdor shaxs pretorlarga olib borildi. Pretorlar konsullar kabi tsenturiat komisiyalarida saylanar edi. Er. avv. 356 yil ilk bor plebeylardan diktator saylandi. Besh yildan so’ng birinchi plebey tsenzor, er.avv. 332 yildan tsenzorlardan biri muntazam plebey vakillaridan saylanadigan bo’ldi. Shundan yana o’ttiz yil o’tgach plebeylardan rimning oliy kohini pontifik saylanadigan bo’ladi. Plebeylarni patritsiylarga qarshi to’la qonli teng huquq uchun so’ngi kurashi er. avv. 287 yilgi Gortenziy qonunini qabul qilish bilan yakunlandi. Shu davrdan plebey yig’inlarining qarorlari rimning barcha fuqarolari uchun plebey senatning tasdig’isiz majburiy qonun bo’ladi.

Rimda patritsiy va plebeylarning ikki yuz yillik ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlari er. avv. III asr so’ngida nihoyasiga etdi. Er. avv. IV asr oxirida eng boy yangi patritsiy va plebey zodagonlaridan iborat yangi nobillar qatlami vujudga keldi. Nobillar yirik yermulkka egalik qiladigan va davlatni boshqaruvchi oliy toifaga aylandi. Nobillar hokimiyatining amaldagi tayanchi senat bo’lib, u yerda patritsiy urug’lari bilan bir qatorda Litsiniy va Liviy kabi boy plebey urug’i muhim rol o’ynadilar.

Nobillar senatorlar toifasining oliy guruhi bo’lib, yirik va o’rta quldor yer egalari, savdogar va moliyachilardan tashkil topgan suvoriylar toifasi bilan birga hukmron qatlam tarkibiga kirdi. Qolgan fuqarolar kichik mulkdorlar, erkin dehqonlar, hunarmandlar va savdogarlardan tashkil topgan plepbsni tashkil etdi. Imtiyozli toifalar va plepisga qarama-qarshi hech qanday huquqqa ega bo’lmagan ko’p sonli qullar qatlami turar edi.


Download 0.77 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   271   272   273   274   275   276   277   278   ...   331




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling