O‘zing yaxshi ko‘rganni boshqalarga ham ravo ko‘r, chin musulmon bo‘lasan…
«Qachonki sizga biror salomlashish
Download 26.58 Kb.
|
O‘zing yaxshi ko‘rganni boshqalarga ham ravo ko‘r, chin musulmon bo‘lasan…
- Bu sahifa navigatsiya:
- Manbalar asosida: Karmana tumani “Jaloyir” jome masjidi imom-xatibi. A.Hakimov
«Qachonki sizga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan ko‘ra chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o‘sha (ibora)ni qaytaringiz. Albatta, Alloh har bir narsani hisobga oluvchi Zotdir» (Niso, 86).
Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Avval salom, keyin kalom”, dedilar». Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kirmaysizlar. O‘zaro muhabbat qilmaguningizcha mo‘min bo‘lmaysizlar. O‘rtangizda muhabbat uyg‘otadigan bir ishni ko‘rsataymi? Orangizda salomni keng yoying!” dedilar». Hadisi shariflarda kelgan ko‘rsatmalardan yana biri: musulmon kishining aybini ko‘rsa, to‘g‘ri yo‘l bilan tushuntirib, nasihat qilish. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Mo‘min mo‘minning oynasidir. Mo‘min mo‘minning birodaridir. Uning zoye bo‘lgan narsasini topib beradi va uni ortidan berkitib turadi”, dedilar. Ushbu hadisi sharifga amal qilingandagina mo‘minlar katta yutuqlarga erishishlari mumkin. Bu hadisi sharifga amal qilmay turib yoki uning teskarisini qilib, biror yaxshilikni kutish mumkin emas. Oyna har bir kishining aybini berkitishga xizmat qiladi. U o‘zi bilan muomalada bo‘lgan kishiga indamasa-da, aybini ko‘rsatib turaveradi. Oynaga qaragan kishi boshqalar oldida uyatga qolmaslik uchun ham uning yordamida o‘zini o‘nglab oladi. Mo‘minlar ham bir-birlari uchun aybni tuzatish borasida xuddi oyna o‘rnidadirlar. Mo‘min odam o‘z birodarida biror aybni ko‘rsa, darhol boshqalar ko‘rmay turib, o‘sha aybni tuzatishga harakat qiladi. Ikkinchi mo‘min ham bu gapni to‘g‘ri qabul qiladi va o‘z aybini tuzatishda yordam bergan birodariga rahmat aytib, uning haqiga yaxshi duolar qiladi. Darhaqiqat, hadisda aytilganidek, mo‘min mo‘minga xuddi shunday munosabatda bo‘lishi lozim. U o‘z birodariga doimo yaxshilikni ravo ko‘radi. Agar uning biror narsasi yo‘qolib qolsa, o‘sha narsani topib berishga harakat qiladi. Agar o‘z birodarining yo‘qligida biror aybi ochilib qolsa ham, o‘sha aybini berkitib, himoya qiladi. Boshqa bir hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Albatta, sizning har biringiz o‘z birodarining oynasidir. Agar unda kirni ko‘rsa, artib qo‘ysin”. Agar birodarining aybini ko‘rib turib, uni aytmasa, ya’ni xatolarini to‘g‘rilamasa, uning birodarligidan hech qanday asar qolmaydi. Ushbu hadisda mo‘min banda uchun juda zarur nasihatlar bor. Chunki hamma narsani ko‘rib turadigan ko‘z ham, hatto o‘zining ichidagi dog‘ini ko‘rolmaydi. Yuzidagi bir dog‘ni ko‘rishi uchun oynaning oldiga borish kerak. Demak, har bir kishi doimo bir oynaga muhtoj bo‘ladi. Ya’ni har bir mo‘min o‘ziga o‘xshagan bir mo‘minning nasihatiga muhtoj bo‘ladi. Bu hadisda oyna bo‘lib turgan mo‘minga ham, oynaning qarshisida turgan mo‘min uchun ham nasihat bor. Bular quyidagilar: Oyna yaxshi shakllarni ham, yomonliklarni ham o‘ziday ko‘rsatadi, ya’ni mo‘minga yaxshiligini ham, xunuk ishlarini ham o‘sha zahoti aytadi. Uni bo‘rttirib ko‘rsatmaydi. Yaxshiligini aytib juda maqtab ham yubormaydi, yomonligini ko‘rib, fojiaga ham aylantirib yubormaydi. Agar oyna sizning aybingizni ko‘rsatib tursa, undan xafa bo‘lmaysiz, ya’ni uni sindirib tashlamaysiz. Chunki u ayb sizniki, oynaniki emas. Bir mo‘min birodaringiz sizga bor aybingizni aytdimi, endi undan xafa bo‘lmaysiz. Aybingizni birovlarga ovoza bo‘lmasdan oldin sizga oyna ko‘rsatib, uni ogohlantirdimi, albatta, xursand bo‘lib, xayriyat, shu oynam bor ekan, bo‘lmasa, hammaning oldida sharmanda bo‘larkanman deb, oynadan xursand bo‘lasiz. Aybingizni birodarlik qilib faqat o‘zingizga aytib bergan mo‘minning ham ko‘nglini ko‘tarib rozi qilasiz. Oyna aybingizni aytib bo‘lgandan keyin boshqa birov oynaning oldiga kelsa, oldingi kishining aksini ko‘rsatib, uning aybini ko‘rsatib turmaydi. Mo‘min ham bir mo‘minning aybini o‘ziga aytdimi, endi boshqa birovga aytib yurmaydi. Oynaning oldida tursangiz, u aybingizni jim turib ko‘rsatadi. Mo‘min kishi bir mo‘minning aybini aytayotganda ham yolg‘iz o‘ziga, hammaga ovoza qilmasdan, hech kim yo‘q joyda sekin aytib qo‘yadi. Hadisi shariflarda kelgan ko‘rsatmalardan yana biri: musulmon kishiga va’da bersa, uning ustidan chiqish. Abdulloh ibn Abu Hamsa (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bilan u zot payg‘ambar etib yuborilishlaridan oldin bir savdo ishi qildim. Menda u zotning bir oz haqlari qoldi. Men uni turgan joylariga keltirib berishni va’da qildim. Ammo unutib qo‘ydim. Uch kundan keyin yodimga keldi. Kelsam, u zot joylarida turibdilar. Meni ko‘rib: “Ey yigit, meni mashaqqatga qo‘yding-ku, uch kundan buyon shu yerda intizor bo‘lib turibman”, dedilar». Haqiqiy va’daga vafo qilish mana shunday bo‘ladi. Bir kishini bir joyda uch kun kutish va kuttirgan odam kelganda ham, uni haqoratlamasdan va sha’niga noloyiq so‘zlarni aytmasdan, faqat ozgina e’tiroz bilan cheklanish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlari payg‘ambar bo‘lishlaridan oldin ham va’daga vafo qilishlari bilan nom chiqargan edilar. U zot (sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambar bo‘lganlaridan keyin ham bu oliy axloq bilan nom taratdilar. U zot (sollallohu alayhi va sallam)ning sahobalari ham bu axloqqa sodiq qoldilar. Hozirgi musulmonlar ham bu axloqni unutmasliklari, egallashlari zarur. Hadisi shariflarda kelgan ko‘rsatmalardan yana biri: musulmon birodarining yuziga tabassum qilishdir. Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Har bir yaxshilik sadaqadir. Birodaringni ochiq yuz bilan qarshi olishing ham, o‘z chelagingdan birodaringning idishiga suv quyib berishing ham yaxshilikdir”, dedilar». Demak, bundan faqat hadisi shariflar matnida zikr kilingan narsalargina emas, balki har bir yaxshi ish ham katta savoblarga yetkazishi ma’lum bo‘ladi. Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Birodaring yuziga tabassum qilmog‘ing sadaqadir. Amri ma’ruf, nahyi munkar qilmog‘ing sadaqadir. Adashgan yerida odamni yo‘llab qo‘ymog‘ing sadaqadir. Ko‘zi yaxshi ko‘rmaydigan kishiga bir narsani ko‘rsatib qo‘ymog‘ing sadaqadir. Yo‘ldan toshni, tikanni va suyakni olib tashlashing sadaqadir. O‘zingning chelagingdan birodaringning chelagiga quyib bermog‘ing sadaqadir”, dedilar». Sadaqa qilish qanchalar ulug‘ ish ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. Kishilar Allohdan savob umidida mol-dunyo sarflab, sadaqa qiladilar. “Sadaqa” so‘zi tasdiq ma’nosini bildiradi. Ya’ni, sadaqa qilgan odamning haqiqiy imon sohibi ekani tasdiqlanadi. Ushbu hadisi sharifdan molu dunyo sarflamay ham, sadaqa qilgan kishining savobini va u erishgan darajalarga erishish mumkinligini tushunsak bo‘ladi. Kishi o‘zining husni xulqi ila sadaqa qilganning savobini olishi va o‘sha darajaga yetishi mumkin. Ochiq yuzli bo‘lish husni xulqning bir shoxchasidir. Islomda kishilar orasidagi o‘zaro muomalalarga bu darajada e’tibor berilganligidan sadaqa qilishdek ulug‘ ishning savobini olmoqchi bo‘lgan odam boshqa birovga tabassum qilishining o‘zi ham yetarli hisoblanmoqda. Bu hadisi sharifga amal qilib yashagan jamiyatning qanday go‘zal jamiyat bo‘lishini tasavvur etish qiyin emas. Inson birodarlarini yaxshilikka undab, yomonlikdan qaytarishi juda ulug‘ ishlardan. Ana shu ish go‘zal ish bo‘lib qolmay, yana sadaqa kabi savobga erishtiradi. Bir odamni biror yaxshi ishga targ‘ib qilish ham katta savobga sazovor etadi. Bir odamni biror yomon ishdan qaytarib qolish ham ana shunday savobga haqli qiladi. Kishilarning yo‘lida toshmi, tikanmi, suyakmi yoki shularga o‘xshash narsalar sochilib yotibdi. O‘sha narsalar yo‘lovchilarga xalaqit bermoqda, ularning ko‘nglini g‘ash qilmoqda. Ammo negadir ulardan birortasi o‘sha ozor beradigan narsalarni yo‘ldan olib tashlashni xayoliga ham keltirmayapti. Chunki ular bu ishning katta savobligini bilishmaydi. Ular bunga o‘xshash ishlarni qilib, sadaqa qilganning savobini olish ruhida tarbiya topmaganlar. Shu asnoda husni xulqli bir odam paydo bo‘ldi-yu, yo‘lni tozalab qo‘ydi. O‘sha yo‘ldan o‘tuvchi har bir odamning qanchalar xursand bo‘lishini o‘ylab ko‘ring. Bir kishi chelagini yoki idishini ko‘tarib olib, o‘ziga kerak suv yoki boshqa bir narsani izlab yuribdi. O‘sha onda u mazkur narsaga juda ham muhtoj. O‘sha orzu qilingan narsadan ozgina bo‘lsa, uning hojati ravo bo‘ladi. Ammo odamlar uni ko‘rmagandek, zorlanishini sezmagandek, beparvo o‘tib ketmoqdalar. Ba’zilari o‘sha arzimagan miqdordagi narsa uchun pul so‘ramoqdalar. Shu asnoda husni xulqli bir odam paydo bo‘ldi, o‘zining chelagidan birodarining chelagiga mazkur narsadan quyib berdi. Muhtoj odamning qanchalar xursand bo‘lishini o‘ylab ko‘ring. Bu gaplardan keyin husni xulqli bo‘lishning o‘zi nima uchun sadaqa qilishga tenglashtirilishini tushunish qiyin emas. Hadisi shariflarda kelgan ko‘rsatmalardan yana biri: musulmon birodariga husni xulq bilan muomala qilish. Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Qiyomat kuni mo‘minning mezonida husni xulqdan ko‘ra og‘irroq narsa bo‘lmaydi. Albatta, Alloh fahsh va chirkin so‘z aytuvchini yomon ko‘radi”, dedilar». Bu hadisdan qiyomat kunida bandaning amallarini tortadigan adolat tarozusida yaxshi amallari og‘ir kelib, jannatga kirishni istagan odam husni xulqli bo‘lishi kerakligi, husni xulqli bo‘lmay, fahsh gap va ishlarni qiladigan, chirkin so‘zlarni ko‘p aytadigan kishi bo‘lish esa, Alloh taoloning yomon ko‘rishiga sabab bo‘lishi uqtirilmoqda. Oysha onamiz (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «U zot: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning “Albatta, mo‘min o‘zining husni xulqi ila ro‘za tutuvchi va bedor bo‘luvchining darajasini topadi”, deganlarini eshitdim” dedilar». Kunduzlarni ro‘za tutib, kechalarni uxlamay, tik turib namoz o‘qigan holida bedor o‘tkazadigan odam qanchalar oliy darajalarga erishishini hammamiz yaxshi bilamiz. Farzu vojib amallardan keyin qilinadigan eng yaxshi amallar ana shunday bo‘ladi. Xuddi shuningdek, o‘ziga farzu vojib amallarni bajarib, yana nafl amallar bilan ortiqcha savob topaman, degan odam husni xulq bilan ham yuqori darajalarga erishishi mumkin. Umuman, husni xulq bunga o‘xshash ulkan savoblar bilan birga, ko‘pgina yaxshiliklarga ham erishtirishi turgan gap. Husni xulqli odamni hamma yaxshi ko‘radi va hurmat qiladi. Undan hamma mamnun bo‘ladi. Husni xulqli kishi o‘zi yashab turgan jamiyatning ko‘rki bo‘ladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan odamlarni ko‘proq jannatga kiritadigan narsa haqida so‘rashdi. U zot: “Allohga taqvo qilish va husni xulq”, dedilar. U zotdan yana odamlarni ko‘proq do‘zaxga kiritadigan narsa haqida so‘rashdi. U zot: “Og‘iz va farj”, dedilar». Allohga taqvo qilish nima ekanligini va u bilan banda qanday oliy darajalarga yetishuvini hammamiz yaxshi bilamiz. Banda husni xulqi bilan ham oliy darajalarga erishishi mumkin. Allohga taqvo qilishga husni xulq ham qo‘shilsa, naqadar ulug‘ ish bo‘ladi. Zero, bu ikki narsa bir-biri bilan chambarchas bog‘langandir. Banda og‘zidan chiqqan bir og‘iz so‘z orqali ulkan saodatga erishgani kabi, katta badbaxtlikka yo‘liqishi ham mumkin. Shuning uchun tilga ehtiyot bo‘lish kerak. Shuningdek, banda farjini haromdan tiymasa, do‘zax ahlidan bo‘lib qolishi mumkin. Bu borada ham o‘ta hushyor bo‘lmoq zarur. Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga: “Qayerda bo‘lsang ham, Allohga taqvo qil. Yomonlikka yaxshilikni ergashtir. Bu uni o‘chiradi. Odamlarga husni xulq ila muomala qil”, dedilar». Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bu hadisi shariflarida uchta zarur ishni lozim tutishni nasihat qilmoqdalar: – Banda qaysi joyda bo‘lsa ham, qanday holda bo‘lsa ham, doimo Allohga taqvo qilishni tark etmasligi lozim. – Banda bilmasdan biror yomonlik qilib qo‘ysa, darhol o‘sha yomonlikning ketidan yaxshilik qilib, mazkur yomonlikni o‘chirib yuborishi zarur. – Mo‘min-musulmon banda barcha odamlar bilan husni xulq ila muomalada bo‘lmog‘i kerak. Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarning yaxshingiz husni xulqli bo‘lganingizdir”, dedilar». Shuning uchun eng yaxshi musulmon bo‘layin degan kishi taqvoli, husni xulqli bo‘lishga harakat qilishi lozim. Manbalar asosida: Karmana tumani “Jaloyir” jome masjidi imom-xatibi. A.Hakimov Download 26.58 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling