Pahlovon Mahmud hayoti Pahlovon Mahmud Maqbarasi


Download 24.14 Kb.
Sana27.01.2023
Hajmi24.14 Kb.
#1130084
Bog'liq
Pahlovon Maxmud


Reja:

  1. Pahlovon Mahmud hayoti

  2. Pahlovon Mahmud Maqbarasi

  3. Pahlovon Mahmud Ruboiylari

Pahlovon Mahmud 1247 yilda Xiva shahrida po’stindo’z hunarmand oilasida


tug’ilgan. Yoshlik yillarda ota kasbi po’stindo’zlik bilan shug’ullangan, so’ngra xat-savod chiqarib, buyuk shoir faylasuf darajasiga erishgan. U juda ham zabardast pahlavon bo’lib 79 yillik hayotida biron marta kuragi erga tegmagan.
Pahlovon Mahmud haqida ko’plab rivoyatlar saqlanib qolgan. Shulardan biri: “Xorazmshohlar poytaxti Gurganch mo’g’ullar tomonidan vayron qilinganidan keyin, uning aholisi har tomonga tarqalib ketgan. Shu jumladan, Pahlavon Mahmudning onasi ham homilador holida Xiva atrofiga etib kelib, hozirgi Qiyot qishlog’ida o’g’il tuqqan. Bu bola 15 yoshga etgach mard kurashchi, mashhur pahlavon bo’lib nom chiqargan. U uzoq mamlakatdagi bir podshoni zo’r pahlavonlarini enggan. Podsho xivalik pahlavonning kuchiga qoyil qolib unga “Senga nima kerak bo’lsa so’ragin” – debdi. Pahlavon Mahmud podshoga: – “Menga bir ho’kizni xomi (terisi)ga siqqan vatandoshlarimni ozod qilib bering”, deb javob qilibdi. Podsho rozi bo’libdi va ho’kiz terisini keltirishni buyuribdi. Pahlavon Mahmud teridan ingichka tasmalar qirqib olgan va ularni bir-biriga ulab uzun kamar (qo’ra) qilib shunga siqquncha odamlarni olib Xivaga jo’nagan, u bilan kelgan odamlarni shahar tashqarisidagi Shixlar qishlog’iga joylashtirgan, hozirgi vaqtgacha qishloq aholisini ko’pchiligi bu rivoyat haqiqat, 1920 yilgacha bo’lgan davrda qishloq aholisi Pahlavon Mahmud maqbarasida xizmatda bo’lishgan deb aytishadi. Mazkur afsona Pahlavon Mahmudning naqadar donishmand, buyuk xalqparvar inson bo’lganini namoyish etadi. Uni zamonasining ilg’or va hur fikrli faylasuf olimi, katta iste’dod va zakovat egasi, shoirlik mushohadasi jihatidan “Xorazm Xayyomi” deb atashgan. Bu bejiz emas albatta. Tadqiqotchi olimlarning fikricha, Pahlavon Mahmud she’rda ham, falsafa ham Umar Xayyomning zakovatli davomchisigina bo’lib qolmay balki forsiy, turkiy xalqlar adabiyotida ham Xayyomdan so’ng ruboiy yozishda unga teng keladigan shoir bo’lgan emas. Hatto Abdurahmon Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bobur kabi buyuk shoirlar ham o’z kuchlarini ruboiyda sinab ko’rsada, bu janr ular ijodida ikkinchi o’rinda turgan. Falsafiy va badiiy g’oyalar rivojlantirilib Xayyomshunoslikni yuksak daraga ko’targan. Pahlavon Mahmud sharq adabiyotida alohida o’rin egallaydi. Pahlavon Mahmudni shu davrda “Xorazm Xayyomi”, “Mozandoran yo’lbarsi” deb ulug’lashgan. U “Qitoli” –“jangchi” taxallusi bilan g’azallar bitgan, “Kanz ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar xazinasi”, 1303-04) nomli asar yozgan, lekin asar hali topilmagan. Uning teran mazmunli nafis va o’ynaqi, zo’r san’atkorona ruboiylari “xayyomnoma” ruhda ekanligini qarang:
Dunyo bamisoli bir zarrin ko’za,
Suvi goh shirinu, goh achchiq bo’za.
E g’ofil, umringga bino qo’yma ko’p,
Qazoi mualliq turar bosh uzra.
Bunday satrlarni o’qigan kishi shoirning dunyoqarashining qudratini uning insonparvarlik tuyg’ularini ham sezadi. Asli tasavvuf tariqatini panteizm (vahdat ul mavjud) oqimiga mansub Pahlavon Mahmud insonning aqliy va ijodiy imkoniyatlariga yuksak baho beradi. Pahlavon Mahmudning tarixiy tarjimai holini tiklashda ko’p xizmatlar qilgan, uning noyob ruboiylarini nashrga tayyorlangan To’xtasin Jalolov shunday yozadi: –“Shuni alohida qayd qilish lozimki, shoirning tug’ilib yashagan davri Xorazm tarixidagi eng og’ir musibatlar keltirilgan Chingizxonning qonli yurishlaridan keyingi 10 yilliklarga to’g’ri kelgan shunday dahshatli balolarni boshidan kechirgan vatanda, unga etkazilgan katta jarohatlar hali bitib ulgurmagan bir davrda dunyoga kelgan buyuk zabardast shoirning qalbi dengiz to’lqinlaridek qaynab quyulganligi kishini hayratda qoldiradi”.
Shoirning vasiyatiga ko’ra, jasadi o’zining po’stindo’zlik ustaxonasiga dafn qilingan. Uni ko’p qirrali amaliy va ijodiy faoliyati shuncha zo’r bo’lganki, shoir vafotidan keyin uzoq vaqt o’tmay katta avliyolar qatoriga kiritilgan, qabri esa ziyoratgohga aylangan. Pahlovon Mahmud juvonmardlik oqimiga mansud bo’lgan. Juvonmard – Ollohning nomini tilidan qo’ymaydigan, hamisha toat-ibodat bilan shug’ulanadigan kishi bo’lishi kerakligi “Futuvvatnomai Sultoniy” kitobida qayta–qayta takidlanadi. Asar muallifi Husayn Voiz Koshifiy pir-muridlik odobi, hirqa va kuloh kiyish tartiblari, belbog’ bog’lash, qasamyod etish udumi va marosimlari haqida, futuvvatchilarning turli burchlari, vazifalari, kasb-kori xususida gapiradi. Asar savol-javob tariqasida ommaviy kitobxonlarga mo’ljallab tuzilgan.
Kitobning “Uchinchi fasl”ida tomosho ko’rsatuvchi pahlavonlar haqida shunday deyiladi. Ular sakkiz toifadirlar: – “ya’ni kurash tushuvchilar, tosh o’ynovchilar, loy tashuvchilar, zanbil ko’taruvchilar, darbozlar, gurzi ko’taruvchilar va zo’rlar”.
Kurash tushuvchilar haqida. Bilginki, kurash odamlar ko’p qiziqadigan hamda sultonlar, shohlarga maqbul bo’lgan hunarlardandir, bu ish bilan shug’ullanuvchi kishilar har qanday vaziyatda to’g’rilik va komillikning qonuniyati bilan yashaydilar. Agar kurash tushish ilmmi yoki amalmi, deb so’rasalar, javob berib aytgilki, amal bilan zich bog’liq ilmdir. Har kim hayotdan nimanidir o’rganadi, biroq unga amal qilmasligi mumkin. Ammo kurash san’atida ilmga amal qilmaslikning iloji yo’q. Bas, shunday ekan, bunda ilm va amal bir-birini bezaydi, to’ldiradi, bir-biriga madad beradi.
Agar kurash ustalarining odobi nechta deb so’rasalar, o’n ikkita deb aytgil:
1. Ustozining o’zi pok ziynat va nuqson, illatsiz odam bo’lsin.
2. Shogirdlarini poklikka da’vat etsin.
3. Shogirdlaridan hech narsani qizg’onmasin.
4. Shogirdlariga mexribon bo’lsin.
5. Shogirdlar mol-mulkiga ta’magar bo’lmasin.
6. Har bir odamni qobiliyatiga qarab ta’til bersin.
7. Firib-nayrang, riyo bilan shug’ullanmasin.
8. O’z shogirdlariga yomonlikni ravo ko’rmasin
9. Shogirdlaridan birontasi yomon kurash tushsa, jerkib tashlamasin, balki muloyimlik bilan tushuntirsin.
10. Shogirdlariga ma’rakada ta’lim bermoqchi bo’lsa, buni yashirin holatda qilsin, toki dushman xabardor bo’lmasin.
11. Dastur bo’ladigan kurash ilmining barcha nozinlarini mufassal bilishi kerak.
12. Hech bir ma’rakada piri va ustozlarini duo bilan xotirga olishni esdan chiqarmasin.
Xuddi shunday shogirdlar odobi ham 12 tadir. Agar kimniki pahlavon deyish mumkin, deb so’rasalar, javob berib, aytki: Baquvvat, jussa – gavdali, shirin tilli, qo’rqmas yurakli, etuk aqlli, sabrli, barkamol ilmli, Doimiy juddu jahd qiluvchi, ya’ni harakatchan, xush ahloq, haromdan hazar qiluvchi, saxiy, noz-ne’mat dasturxoni ochiq odam pahlavonlik nomiga sazovor kishidir.
Pahlavon Mahmud maqbarasi vaqt o’tishi bilan ko’pgina hukmdorlar tomonidan aziz sanalib obod qilingan. Tarixiy manbalarda maqbaraga Amir Temur tomonidan eshik o’rnatilgani yoziladi. Maqbara ichida Abulg’ozixon, Anushaxon va Arangxonlarning qabri borligi, ular hukmdorlik qilgan davrlarida ham shoir qabri obod bo’lganligidan dalolat beradi. 1701-1702 yillarda Xiva xoni Shoniyozxon maqbarani yangidan quradi, bu davrdan bizga maqbaraga kiraverishdagi eshik yodgor qolgan. Eshikdagi yozuvlardan shu narsa ma’lum bo’ladiki, maqbara 1702 yilda qurilgan va quduq ham qazilgan, eshikda qur’on oyati, hadis va she’riy tarixlar bitilgan, turunch, madohil va boshqa islimiy gullar bilan bezatilgan. Hozirgi maqbara Muhammad Rahimxon I (1806-1825) tomonidan 1810 yilda Qo’ng’irot shahriga qilingan muvaffaqiyatli yurishdan so’ng qurila boshlagan va uning o’g’li Ollaqulixon davrida qurib bitkazilgan. Maqbara 3 qismdan iborat. Qabrxona, xonaqo va yo’lak. Maqbaraning g’arbiy qismida joylashgan xonaga Pahlavon Mahmud dafn qilingan. Xonaqoni shimoliy devori yonida Muhammad Rahimxon qabri joylashgan, uning yaqiniga esa Xiva xonlari Abulg’ozixon va Anushaxonlarning qabr toshlari o’rnatilgan. Yo’lakda esa Ollaqulixon dafn etilgan. Pahlavon Mahmud maqbarasi atrofi XIX asr oxiriga kelib Xiva xonlari va ularning yaqinlari dafn qilinadigan xilxonaga aylantirilgan. Bino qurilishini hazorasplik usta Odinamuhammad Murod boshqargan, usta katta-kichik jismlarni (sirli koshin) yagona me’morchilik inshootiga mohirlik bilan birlashtira olgan, sirkor bezaklar sag’anani, tashqi gumbaz va peshtoq qismini bezab turardi, shu vaqtda xonalarning ichi ganch suvoq qilingan edi. 1825 yilga kelib Olloqulixon (1825-1842) buyrug’i bilan qabrxona, ya’ni ziyoratxonaga va xonaqoga sirkor bezak berildi. Xuddi shu davrda ziyoratxona va qabrxona gumbazlari tashqi tomondan zangori-yashil sirkor g’ishtchalar bilan qoplandi. Maqbara peshtoqining ba’zi ko’chib ketgan koshinlari o’rniga o’ziga o’xshatib yangi koshinlar o’rnatildi. Gumbazli dalondagi bir xonaning old tomoni besh qirrali shaklga keltirilib, Olloqulixon sag’anasi shu erga qo’yilgan. Xona devorlari bezakdor sirli koshinlar bilan qoplandi va mis panjara o’rnatilgan. Qurilish ishlarida xivalik ustalardan Mulla Nurmuhammad usta Qalandar o’g’li, So’fimuhammad Niyoz usta Abdujabbor o’g’li va usta Abdulla “jin”lar o’zlarining nodir san’atlarini ko’rsatib bera olishgan. Katta xonaqoni (balandligi 25 metrlik) tepasiga ustalar islimiy naqshlar bilan birga, bezaklar orasidagi kitobalarga Pahlavon Mahmudning 22 ta ruboiylarini, ustalarning ismlarini, hadislar, tarixlarni o’zi ijod qilgan fors tilida bitganlar. Bundan tashqari qabrxonaga kiraverishdagi eshik tepasiga shoirning ushbu ruboiysi fors tilida bitilgan.
1910-1913 yillarda maqbaraning g’arbiy qismida Xiva xoni Isfandiyorxon (1910-1918) onasi, o’zi va o’g’li uchun qabrxona va to’rtta hujradan iborat ikki oshyonli qorixona bunyod qildirgan. Qurilish ishlariga usta Qurbonniyoz boshchilik qilib, qorixona qarshisiga o’ymakori ustunli ayvon qurilgan. Pahlavon Mahmud majmuasi 1960 yilda usta Ro’zmat Masharipov “Ro’zmat arbob” ishtirokida katta gumbazning usti, qorixona va ayvon ta’mirlanib, maqbaraga qayta jon bag’ishlangan. Hozirgi vaqtda binoda O’zbekiston Musulmonlar diniy idorasi, “Pahlavon Mahmud jamg’armasi” faoliyat ko’rsatmoqda. Inshootning ayrim joylari ta’mirtalab bo’lganligi uchun 2007 yilda, ayvon ustunlari, yo’laklar, quduq atrofi va uning tepasidagi chiroyli oshyonli yog’och gumbaz, peshtoqning ba’zi tushib ketgan sirli koshinlari qayta ta’mirlandi.
Mazmunan boy va teran, shaklan pishiq va go‘zal falsafiy ruboiylari tufayli «Xorazm Xayyomi» nomi bilan shuhrat qozongan bu ulug‘ inson Pahlavon Mahmud, Puryorvaliy deb dovrug‘ taratgan hassos shoir, yengilmas pahlavon va mashhur avliyodir. Eron, Hind kabi ko‘plab Sharq mamlakatlaridagi kurash musobaqalarida qatnashib, hamisha zafar quchgan, bir umr kuragi yerga tegmay, mamlakatning birinchi polvoni, pahlavonlar peshvosi bo‘lgan.
Ko‘pgina manbalarda shoirning «Kanz ul-haqoyiq» («Haqiqatlar xazinasi») nomli masnaviysi borligi aytiladi. Ammo Yo. Ishoqovning ma’lumot berishicha, eronlik olim Said Muhammad Ali Safir 1967 yili uni Mahmud Shabustariyga nisbat berib, nashr ettirgan.
Pahlavon Mahmud «din nazariyasi, falsafa va mantiqqa doir bir necha risolalar yozgan» bo‘lsa-da, ular hozirgacha topilgan emas. Pahlavon Mahmudning vasiyatiga ko‘ra shogirdlari uni o‘zining po‘stindo‘zlik do‘koni atrofiga dafn etganlar. Keyinchalik u qabr ustida maqbara tiklanib, avliyo poyiga Qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan Xiva xonlari ko‘milgan. Bu maqbara nodir me’morchilik yodgorligi sifatida mana necha asrdirki, barchaning diqqatini o‘ziga tortib kelmoqda. Dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan sayyohlar bu buyuk insonning qabrini ziyorat qiladilar. Maqbara devorlariga shoir ruboiylari darj etilgan.
Pahlavon Mahmud Xivadagi futuvvatchilar jamoasining boshlig‘i, javonmardlar peshvosi bo‘lgan. Uning o‘zi ham mardlik va saxovatning eng oliy namunalarini ko‘rsatib, boshqalarga ibrat bo‘lgan. Ruboiylarida futuvvatning nazariy qoidalarini bayon qilgan.
Ma’lumki, javonmardlikka ko‘proq pahlavonlar talabgor bo‘lganlar. Shu jihatdan, Pahlavon Mahmud pahlavonlarni tarbiyalovchi ustozgina bo‘lib qolmay, balki javonmardlik odobini o‘rgatuvchi pir ham edi. Javonmardlarning shiori dunyodagi yovuzlikning barcha ko‘rinishlariga qarshi hamisha, hamma yerda ezgulikni himoya qilish, targ‘ib etish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bu g‘oyalar Pahlavon Mahmudning ko‘pgina ruboiylarida o‘z aksini topgan.
Pahlavon Mahmud hayoti va ijodini o‘rganish, ruboiylarini topib, xalqqa yetkazishda taniqli olim va zabardast mutarjim To‘xtasin Jalolovning xizmatlari katta. Shoir ruboiylarini, shuningdek, Muinzoda, Vasfiy, Ulfat, Boqir, M. Abdulhakim kabi tarjimonlar ham tarjima qilganlar. Yo. Ishoqov, H. Homidiy, N. Komilov, S. S. Buxoriy, M. Hasaniy, Y. Jumaboev kabi olimlar bu buyuk vatandoshimiz adabiy merosi va tarjimai holini ma’lum darajada tadqiq etganlar.
Pahlavon Mahmud ruboiylari badiiy tasvir vositalariga boy, xalqona sodda va yengil uslubda, ifoda tarzi aniq va lo‘nda, o‘ynoqi, sershiddat tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan. Barcha Sharq shoirlari kabi Pahlavon Mahmud ham ikki ulug‘ manba -Qur’oni karim va Hadisi sharifdan ta’sirlangani, ulardan ilhomlanib qalam tebratgani qudsiy nafas ufurib turgan ruboiylaridan shundoqqina sezilib turadi. Ayniqsa, ilohiy ishq tarannum etilgan va vahdati vujud falsafasini tushuntirishga bag‘ishlangan she’rlarida bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Lekin shoir faqat ilohiy mavzular bilangina chegaralanmay, zaminiy dardni ham qalamga olgan. Pahlavon Mahmud ruboiylarida ilohiy va dunyoviy dard ko‘pincha birga, o‘zaro qo‘shilib zuhur etadi.
N. Komilov: «Pahlavon Mahmud ruboiylarini to‘rt guruhga bo‘lish mumkin: birinchisi - zamona ahlidan nolish, ijtimoiy tengsizlikni ifodalovchi ruboiylar; ikkinchisi - tariqat suluki haqida yozilgan ruboiylar; uchinchisi - vahdati vujud falsafasi asoslarini tushuntiruvchi ruboiylar va to‘rtinchisi — ilohiy ishqni tarannum etgan ruboiylar», - deb yozgan edi. Kezi kelganda, biz shu paytgacha shoirning axloqiy qarashlariga nisbat berib tadqiq etgan pand-nasihat ruhidagi ruboiylari aslida futuvvat ruknlarining she’riy ifodasidan iborat ekanligini ta’kidlab o‘tish lozim. Ha, bunday she’rlarida u javonmardlar axloqini targ‘ib etgan, ulardan ibrat olishga chaqirgan.
Pahlavon Mahmud maqbarasi - XVIII - XIX asrlar. Bu maqbara 14-asrda yashab o‘tgan ulug‘ mutafakkir shoir, faylasuf olim, kuragi yerga tegmagan pahlavon, mohir po‘stindo‘z va telpakdo‘z usta Pahlavon Maxmud sharafiga bunyod etilgan. Bu majmua Xivada "Hazrati Pahlavon Pir " nomi bilan ham mashhurdir. Pahlavon Mahmud 1247 yili tug‘ilib, 1326 yili vafot etgan. Uni Xorazmda "Piryor valiy", "Polvonpir" deb ham atashadi. Shoir va mutafakkir Pahlavon Mahmud asli ko‘hna Urganchdan bo‘lib, Xivada yashagan.
Xivadagi musulmonlar uchun yana bir ziyoratgoh Pahlavon Mahmud maqbarasi hisoblanadi. Majmua XIX asrning eng yaxshi meʼmoriy yodgorliklaridan biri bo‘lib, anʼanaviy Xorazm uslubida ishlangan.
Xalq orasida yengilmas qahramon va tabib sifatida tanilgan XIII asrning shoiri va hunarmandi Pahlavon Mahmudning daxmasi shu yerda joylashgan.
Dastlab maqbaraning binosi kichikroq bo‘lgan, lekin bu joy ziyoratchilar orasida mashhur bo‘lib ketganidan so‘ng xonaqo va masjidlar barpo etilgan. Binoni sirlangan plitalar va tilla suvi yuritilgan ravoq bilan bezatilgan ulkan moviy gumbaz bilan yopib turadi.
Darvoqe, Pahlavon Mahmud poʻstindoʻz va telpakdoʻz dedik, chunki u tariqat pirlaridan edi. Hazrat Bahouddin matoga gul solish kasbi bilan mashhur boʻlgan. Zero, tariqat pirlari maʼlum bir kasbni oʻrganib, shundan rizq-roʻzlarini oʻtkazgan. Paygʻambar alayhissalomning: “Qurʼonni oʻqib, unga amal qilinglar. Undan uzoqlashib ham ketmanglar, uning maʼnosiga chuqur yetaman deb xato va mubolagʻaga berilmang, uni tirikchilik vositasi qilib, molu dunyo orttirishga ham oʻtmanglar” hadislariga tariqat pirlari amal qilgan. “Arqon olib togʻdan oʻtin terib, uni sotib, rizq-roʻzisini topadigan va sadaqa qilgan odam, tilanchilik bilan kun kechirgandan yashiroqdir”, degan hadis tekinxoʻrlikka, taʼmagirlikka qarshidir.
Pahlavon Mahmud haqida juda koʻp rivoyatlar bor. Bu rivoyatlarni xalqimiz duru gavhar kabi asrab kelmoqda.
Naql qilpnishicha, Pahlavon Mahmud Eron va Hindistonda ancha yillar yashagan. Maʼrakalarda kurash tushgan va uni hech kim yenga olmagan. Pahlavon Mahmud oliyhimmat, mard, saxiy, vatanparzar inson boʻlgan.
“Manoqiba”dagi xabarga koʻra, Pahlavon Mahmud Hindiston xalqi tomonida turib, Hindiston dushmanlariga qarshi jangda ishtirok etibdi. Jang payti oʻz jonini xatarga qoʻyib boʻlsa-da, Hind shohp Ray Ropoy Choʻnani oʻlimdan qutqaradi. Shunda shoh Pahlavon Mahmudning bu jasorati, mardligini taqdirlamoqchi boʻlib: “Tila tilagingni!” – debdi. Pahlavon Mahmud: “Ey buyuk shoh! Bundan ancha yillar muqaddam mening vatandoshlarim – xorazmiylar bu yerga asir qilib olib kelingan. Oʻshalarni ozod etsangiz. Birdan bir tilagim shu!” – debdi. Shoh hayron boʻlib: Ey himmati baland pahlavon! Agar yarim davlatimnn tilaganingda edi, uni gap-soʻzsiz senga inʼom qilgan boʻlurdim. Agar sohibjamol qizimni oʻz nikohingga olmoqni soʻraganingda edi, seni oʻzimga quyov etib, toju taxtimni senga bagʻishlagan boʻlurdim. Zero, jasorating ulkan mukofotga munosibdir. Mayli, tilagingni bajo keltirdim. Vatandoshlaring ozod! Ularni Xorazmga borgunlaricha yegulik oziq-ovqat, kiyim-bosh, ulov bilan taʼminlashni ham buyuraman!” – debdi.
Pahlavon Mahmud shohga qarab quyidagi ruboiysini oʻqibdi:
Oʻz nafiga kim boʻlsa amir, uldir – mard.
Ham oʻzgaga boʻlmasa haqir, uldir – mard.
Oʻtmak sira magʻlubni tepib mardlik emas,
Tutsa qoʻlidan zabunni er, uldur – mard.
(E. Ochilov tarjimasi)

Shoir ruboyisini eshitgan shoh qoyil boʻlib, unga sarpo va ulov inʼom qilibdi.


Pahlavon Mahmud Hindistondan oʻz vatandoshlarini olib Xorazmga qaytgan. Moʻgʻul-totor bosqinchilariga qarshi jangda shahid boʻlgan vatandoshlari qabri ustida shoir oʻz mablagʻi hisobidan maqbara qurdirgan va u yerni obod ziyoratgoh etgan.
Sharqda ruboiy yozmagan shoir yoʻq hisobi. Lekin Xayyom, Pahlavon Mahmud ruboiylari jahonda keng shuhrat qozongan.
Oʻzbek shoirlaridan Lutfiy, Navoiy, Bobur, Ogahiylarning ham ruboiylari bor. Gʻarbda esa Iohan Valfgang Gyote, Graf fon Platen, Fridrix Ryukkertlar nemischa ruboiy yozgan. Ular ruboiylari Rumiy, Saʼdiy, Hofnz, Jomiy ijodi taʼsirida yaratilgani isbot etilgan.
Pahlavon Mahmud ruboiylariga oʻzining soʻfiyona qarashlarini singdirgan.
Shoir asarlari qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi sharqshunoslik institutida koʻz qorachigʻidek asralmoqda va olimlar tomonidan tadqiqot etilmoqda.
Pahlavon Mahmud marhum boʻlgandan soʻng, qabri ustiga vatandoshlari purshukuh maqbara qurganlar. Butun olamdan yogʻilib kelayotgan sayyohlar pirimiz, ulugʻ shoir, mard inson qabrini ziyorat qiladilar. Maqbara devorlariga, peshtoqlariga shoirning ruboiylari darj qilingan. Bu ziyoratgoh Xivada “Hazrati Pahlavon” nomi bilan mashhur.
Qeyinchalik ustoz Pahlavon Mahmud maqbarasi atrofida Xorazm xonlaridan Abdulgʻozixon, Shohniyozxon, Muhammad Rahim I, Temur Gʻozixon va boshqalarni vasiyatlariga koʻra dafn qilganlar.
Shuni ham taʼkidlash joizki, Pahlavon Mahmud ruboiylarida Qurʼoni karim va Hadisi sharif taʼsiri kuchli. Zero, Sharqdagi deyarli barcha shoirlar bu ikki ulugʻ manbaʼdan bahramand boʻlib, ijod qilgani sir emas. Pahlavon Mahmudning mardlikni tarannum etuvchi yuqoridagi ruboyisi paygʻambar allayhissalomning quyidagi hadisi muboraklarini eslatadi: “Kuchlilik kurashda yiqitish emas, gʻazabi kelganda oʻzni bosib olishdir”, yoki “kuchlilik nafsni tiyishdir”, yohud “boylik molu dunyoning koʻpligi bilan emas, nafsning toʻqligi bilandir”.

Foydalanilgan adabiyotlar:



  1. Buyuk Xorazmiylar” (Toshkent, “Yozuvchi” nashriyoti, 2019) kitobidan.

  2. Ruboiylar top’lami 2021-y

  3. Xiva tarixi 2020-y

Download 24.14 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling