Pedagogika va psixologiya


Download 0.72 Mb.
bet3/3
Sana25.08.2020
Hajmi0.72 Mb.
#127602
1   2   3
Bog'liq
Kurs ishi.R.Moxira

Oila muhiti axloq-odob, madaniyat qoidalari asosida tashkil topsa, bola shaxsining to’g’ri shakllanishi uchun shart-sharoit yaratilsa, bunda oiladagi bolalar to’g’ri kamol topadi. Oila muhitining ahamiyati shundaki, boladagi tabiiy iste’dodning qirralari dastlab shu yerda ko’zga tashlanadi. «Insonlarda bo’lgan tabiiy iste’dod yog’ochdagi yonish xususiyatiga o’xshaydi: yog’ochga o’t qo’yilmasa, yonmaydi» («Kalila va Dimna»dan). Binobarin, bola iste’dodining yonishi oiladan boshlansa, shuncha yaxshi. Ota-ona o’z bolasini kuzatib borib (go’dakligidanoq) boshqa bolalardan farqini, nimaga qobilu, nimaga qobilmasligini aniqlasa, uni qobiliyati kuchli bo’lgan tomonga turtki bersa, rivojlantirsa, shaxsning iste’dodi shuncha yorqin va tez ko’zga tashlanadi. Murg’ak ongli go’dakning himoyaga, yordamga, rivojlantirishga muhtoj qiziqishi, intilishini birinchi bo’lib ota-ona sezmasa, kim sezadi?! Ko’zlarini mo’ltiratib turgan go’dak, faqat sizga non uchun jovdirab qarayotgani yo’q-ku! Uni tushuning, his qiling, unga yo’l oching! Qobiliyati, iste’dodi bolaligidanoq ota-onasi yohud boshqa bir murabbiy yordamida rivoj topgan kishilardan buyuk daholar yetishib chiqqan. Bolaning yuragini tushunmay, hadeb arzir-arzimas ro’zg’or, tirikchilik ishlariga qayrab solaverish ham to’g’ri emas. Bola musiqa, rasm, adabiyot, fanga yoki boshqa hunarga qiziqayaptimi? Ota-ona bu haqda o’ylab ko’rishi, go’dakka madad berishi kerak. To’g’ri, bu oson emas, juda tadbirkor, zahmatkash bo’lishni talab etadi. Jamoa haqidagi pedagogik qarashlar A.S.Makarenko, N.K.Krupskaya va boshqa sovet pedagoglarining ishlarida o’z aksini topgan. Jamoa bir maqsad, bir intilish yo’lida birlashgan, shu maqsad yo’lida iqtisodiy tafakkur, ijodiy kuch-quvvatlarini, faoliyatlarini bag’ishlaydigan kishilar guruhidir. Jamoaizm tuyg’usi ham ana shu uyushgan shaxslarning ma’naviy-ixtiyoriy birligidan kelib chiqadi va shaxs, guruh, jamiyatning maqsad yo’lida birlashuvi bilan belgilanadi. Jamoaizm jismoniy, aqliy mehnat faoliyatida, ma’naviy-axloqiy sifatlarning ma’lum ma’noda umumiy bo’lishida yaqqol ko’rinadi. Shunga ko’ra shaxs jamoada, jamiyatda mehnat qiladi, jamiyatning kichik bir tabiiy hujayrasi bo’lgan oilada yashaydi. Jamiyatning qanchalik rivojlanganini oila farovonligida, shaxsning kamolotida qurish mumkin. Yoki shaxsning barkamolligi, oilaning to’la-to’kisligiga qarab, jamiyatning iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-axloqiy ahvolini bilish mumkin. Chunki, shaxs-oila-jamiyat munosabatlari o’zaro mustahkam bog’langan. Shuning uchun shaxs oila - jamiyat muhitida shakllanadi, kamol topadi.


  1. 3. Hikmatlar va ulug’ allomalarning qarashlarida barkamol avlodni tarbiyalash to’g’risida fikrlar.


Bolaning beshikda payti sutga qanchalik ehtiyoji bo’lsa, beshikdan chiqqach, tarbiyaga ham shunday ehtiyoji bordir!

A.L.Qozonchi

Bundan besh yuz ellik yil avval yashab ijod qilgan buyuk o’zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy “Bolaning mehri anbar yuzni yoritadigan va a’loga baxt –quvonch keltiradigan nur” – deb hisoblagan edi. Navoiy bolalar oilada va maktabda intizomli bo’lishlari va o’zlarining odobli ekanliklarini ham ta’kidlab o’tgan edi.

Navoiy tarbiya usuli sifatida namuna ko’rsatishga alohida e’tibor bersa va kishilarni ayniqsa yoshlarni yaxshi kishilardan namuna olishiga , ulardan ibrat olishga, ukarni davrasida bo’lishga, ular bilan tez-tez suhbatlashishga chaqirar edi.

U bola tarbiyasida ota-onalarning ibrati to’g’risida shunday yozadi.



Farzand ato qillug’un chu odat qilg’ay.

Ne odat ila kasbi saodat qilg’ay.

Har kimki atag’a ko’p rivboyat qilg’ay 50

O’g’lidan anga bu ish siyorat qilg’ay.

Bu allomalarning fikriga tayangan holda bolalarimiz tarbiyasiya u tug’ilganidan boshlab e’tibor berishimiz lozim. Bu esa hozirgi kunda olib borilayotgan islohatlar bilan bog’liqdir. Ayniqsa ta’lim sohasidagi islohatlar yoshlarimizning kamol topishiga asos bo’lmoqda.

(1 M.Husaniy tarjimasi. “Odob bo’stoni va axloq gulistoni”. “Toshkent” Fan- 1994 yil.)
Ulug’ bobokalonimiz Ibn Sino bola tarbiyasida nimalarga e’tibor berish haqida quyidagi fikrlarni aytib o’tgan.

Ota oilada o`z farzandlariga xar tomonlama yurish-turishda, nutk odobida, so`z madaniyatida, o`zaro muomala jarayonida eng muhimi amaliy ish faoliyatida to`g`rilik va haqqoniylik, samimiylikka namuna bo`lmog`i kerak. Oilada farzand tarbiyasining to`g`ri yo`lga qo`yishning asosiy vositasi uning ma’naviy olamida e’tiqodni shakllantirish”.

Abu Ali ibn Sino “Tadbir al-manozil”

Yusuf Xos Xojib «Qudatg`u bilig» asarida oilaviy maishiy turmush muammolariga ham katta e’tibor beradi. U kishilarni uylanib, oila qurishidan boshlab, farzand tarbiya etish, oilaning moddiy ta’minotini yuritishgacha bo`lgan eng zaruriy vazifalarini birma bir bayon etadi. Ota-onalar nazoratida bo`lgan bolaning ma’suliyat hissi rivoj topadi. Shu sababli ham bola tarbiyasida ota-onaning mavqei alohida ahamiyatga egadir. Ular tanlagan to`g`ri yo`l farzandlarining kelajagi, kamoloti uchun nihoyatda muhimdir. Jamiyatda farzandlari hulq atvoriga qarab ota-onalariga baho berishni aytib ularni ogohlantiradi.

Unsurul maoniy Qayqovus «Qobusnoma» pandnomasida ”O`z farzanding sening haqingda qanday bo`lishini tilasang, sen ham ota-onang haqida shunday bo`lgil, nedinkim sen ota-onang haqida ne ish qilsang, farzanding ham sening haqingda shundoq ish qilur, chunki farzand mevaga, ota-ona mevali daraxtga o`xshaydir” deb yoshlarni ota-onasini hurmat qilishga e’zozlashga, mexr-oqibatli bo`lishga da’vat etadi. Ota-ona o`z farzandi uchun hatto o`limga ham tayyorligini ta’kidlaydi. Har bir farzand oqil va dono bo`lsa, ota-ona mexr-muxabbatini ado etmakdin bosh tortmaydi.

Muhammad Sodiq Qoshg`ariy «Odob as-solixan» asarida uylanadigan yigit nikoxdan oldin uylanmoqchi bo`lgan qizini ko`rmog`i, uylanadigan qizining bokira bo`lmog`i hamda to`rt narsa umrda, komatda, molda va nasabda erdan past va to`rt narsada, husnda va jamolda, hulqda, adabda va iffatda erdan yuqori bo`lishi zarurligini, ta’kidlaydi. Bu fikr turmushda tinch va totuv yashash, oilada er-xotin munosabatlarida katta ahamiyatga ega.

Ma’rifatparvar Munavvar Qorining «Oila a’zolari» nomli darslikininig bo`limlarida ota-onani hurmatlash, aka-uka qarindosh urug`ini e’zozlash kabi g`oyalar alohida o`rin egallaydi.

Kishining bor ersa ota-onasi



G’animatdir unga olarning rizosi

Xudoni qoshida qabul ekandir

Ota va onaning baloga duosi”

Ma’rifatparvar pedagoglarni aytganimizda Abdulla Avloniyning ushbu satrlarini ta’kidlab o’tish joizdir:



«Al-xosil tarbiya bizlar uchun yo xayot—yo mamot, yo najot—yo xalokat, yo saodat—yo falokat masalasidur»

Avloniyning fikricha, soglom fikr, yaxshi axloq, ilm-ma’rifatga ega bulish uchun badanni tarbiya qilish zarur. «Badanning salomat va quvvatli bulmogi insonga eng kerakli narsadur. Chunki o’qimok, o’qitmok, o’rganmok va o’rgatmok uchun insonga kuchli, kasalsiz jasad lozimdir».

(Abdulla Avloniy ”Turkiy guliston yoxud axloq” Toshkent 1996-yil)
Oltinga teng aforizmlardan namunalar:

Tarbiya ishida o’z-o’zini takomillashtirish jarayoniga katta o’rin berilmog’i lozim.Insoniyat mustaqil o’rganish tufayligina tezroq taraqqiy etgan”

Gerbert Spenser.
Avvaliga biz bolalarimizga o’rgatamiz.So’ng o’zimiz ulardan o’rganamiz.Kimki buni xohlamas ekan, o’z davridan ortda qoladi”.

Yan Raynis


Odamni baxtli bo’lishga o’rgatishning iloji yo’q, lekin uni baxtiyor bo’la oladigan darajada tarbiyalash mumkin”.

A.S.Makarenko


Behisob boyligu yuksak ilmu fan, serhasham qurilishlaru mo’l ko’l noz-ne’mat­­—bari-bari behuda:yurt taraqqiyotining chinakam belgisi faqatgina o’sha yurt tarbiyalagan insonlarda namoyon”.

Ralf Emerson


Ko’z o’ngingda otang, o’rnakdur, o’rnak,

Boshqa namunaga xojat yo’q demak.

A.S.Griboedov


Kishini tabiat yaratadi, lekin uni jamiyat kamol toptiradi va shakllantiradi”.

V.Belinskiy


Oz bilgan ozga o’rgatadi”.

Y.A.Komenskiy


”Durdonalar” Q.Allayev ”Fan va texnologiya” nashriyoti, 2008-yil.



  1. 4. Turli millat va elatlarda bolaning rivojlanishi.


BOLALAR TARBIYASI: TURLI MAMLAKATLARDA U QANDAY AMALGA OShIRILADI?
– Eshak, cho'chqa, hayvon! O'ligingga kuyay sening! Necha marotaba aytdim ko'chada ming'irlama, deb. Pulim yo'q. Bo'ldi, o'chir ovozingni!
5 yashar atrofidagi o'g'il bolani qo'lidan etaklab ketayotgan yoshgina kelinchak uni bir siltadi-da, sudraganicha yo'lida davom etdi. Bir lahza ko'chadagi stolchaga yoyib qo'yilgan shirinliklarga termulganicha bolakay orqasiga qaray-qaray, onasining orqasidan ketdi. Silkilashlar va haqoratlarga hatto ko'zidan yosh ham chiqmaganini ko'rib, u bundan-da battariga o'rganganini tushunib etdim.

Xo'sh, muntazam ravishda haqoratlarni eshitgan bola kelajakda kim bo'lib etishadi? Ertaga tom ma'noda eshakdek tayoq esa ham, indamay turadigan, o'z fikrini ayta olmaydigan, hayoti uchun kurashmaydigan bo'lib qolmaydimi, shaxs sifatida o'zini ko'rsata olmay, bor alamini ichiga yutib, ozgina bo'lsa-da, atrofdagilar tazyiqi, haqoratlarini unutish uchun spirtli ichimliklar ichib, cho'chqadek loyga ag'anamaydimi, o'zini inson sifatida emas, hayvondek his qilmaydimi? «Baxtingni ko'ray», deyish o'rniga «O'ligingga kuyay», deya qarg'ash endigina hayotga qadam qo'yayotgan jajji insonning hayot chizig'i davomiyligini chegaralamaydimi? Bejiz dono bobolarimiz: «Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar «omin» deydi», demagan. Har bir aytgan gapimiz, hattoki o'ylagan o'yimiz ham amalga oshmay qo'ymasligini hayotning o'zi isbotlamoqda.

Afsus, asrlar davomida ildiz otgan, bola tarbiyasi borasida shakllangan qadriyatlar asta-sekinlik bilan yo'qolib bormoqda. Bolaning tarbiyasi juda ham nozik va jiddiy masala bo'lib, kelajakda ularning qanday odam bo'lib etishishi mamlakatning bevosita iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy va ma'naviy rivojini belgilab beradi. Shunday ekan, har bir xalq o'z kelajagini o'ylab farzandlari tarbiyasida o'ziga xos tarbiya usullarini ishlab chiqqan.
Yaponiya – kun chiqar mamlakat aholisi farzandlarining tarbiyasiga o'ta jiddiy qarashadi. Bu erda har bir yoshga nisbatan ma'lum bir munosabatda bo'linadi va ayri tarbiya usullari qo'llaniladi. Mashhur yapon ruhshunosi Masara Ibukining fikriga ko'ra, bolaga asosiy tarbiyani 3 yoshgacha berish lozim. Aynan 3 yoshga qadar farzandingizdagi yashirin iqtidorni yuzaga chiqarish mumkin. Yaponiyaliklar 5 yoshgacha bo'lgan kichkintoyga qiroldek muomala qilishadi. Ular istaganlaricha o'ynashlari, miyasiga kelgan ishni qilishlari mumkin. Hattoki bolalar bog'chalarida bolakaylar flomaster bilan devorga to'ygunlaricha chizishlari uchun maxsus xonalar mavjud. Ota-onalar o'z farzandlarini o'yinchoqlar va ortiqcha kiyim-kechak bilan siylashmaydi. Ular ko'pincha akalari va opalaridan qolgan kiyimlarni kiyishadi. Sayrga chiqqanda esa o'yinchoqlar olib chiqilmaydi. Bolalarda atrof-muhitga bo'lgan mehrni shakllantirish maqsadida tabiat in'omlari bilan rivojlantiruvchi o'yinlar o'ynashga harakat qilinadi. Agarda ona o'z farzandining xatti-harakatidan norozi bo'lsa, chetga olib chiqib, past ovozda unga o'zini qanday tutish kerakligini tushuntiradi. 5 yoshdan 15 yoshga qadar kichik yaponiyaliklarni tartib-intizomga va kattalar gapini ikki qilmaslikka o'rgatishadi. Tarbiyaga bunday yondashuv asrdan asrga o'tib kelayotgani va Yaponiya jamiyatining ajralmas bo'lagi bo'lganligi bois bolalar buni me'yordagi holat sifatida qabul qilishadi. Maktabning o'quv dasturiga esa, albatta, kuzatuv darslari kiritilgan. Unda o'quvchilar tabiat qo'yniga chiqib, tirik tabiatni kuzatish, his etish, eshitish, asrashni o'rganishadi. Bu o'z navbatida fuqarolarni yoshligidanoq Yaponiya tabiatini asrab-avaylashga o'rgatadi.
15 yoshdan so'ng esa o'smirlarga teng huquqli fuqaro sifatida qaraladi.

Maktabda har bir boshlang'ich sinf o'quvchisini yuqori sinf o'quvchilari otaliqqa olishadi. Kichik sinf o'quvchilarining tushligi sinfga olib kelib beriladi, ularning muammolarini «Ota-ona qo'mitasi» hal qiladi. O'rta maktabda o'quvchilarga nisbatan qo'yiladigan talablar kuchayadi. Bolalar ertalabki darslarni madhiya aytishdan boshlashadi. Yildan yilga o'tiladigan fanlar soni ko'payib boradi. Maktabda ota-onalar yig'ilishi qilinmaydi. O'qituvchi har bir ota-ona bilan muloqot vaqtini belgilaydi va mazkur uchrashuv 15 daqiqadan oshmaydi.

Yana bir jihat. Mamlakatda onalarning bola tarbiyasidan ajralmagan holda qo'shimcha bilim olishiga katta e'tibor beriladi. Maqsad ular tarbiyasida bo'lgan farzandlarining kelgusida har jihatdan komil inson bo'lib etishishlaridir.

Aytish joizki, Yaponiya bugungi kunda yoshlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatchilikning kamligi va insonlarning hayot farovonligining yuqoriligi bilan dunyoda etakchidir. Albatta, bunda tarbiyaning roli juda ham kattadir.


Amerika Qo'shma Shtatlaridagi erkinlik bola tarbiyasida ham o'z aksini topgan. Onalar farzandlarining har soniyalik qiziqishlari va injiqliklarini qondirishga tayyordirlar. Aksariyat bolalar 4-5 yoshlarida o'yinchoqlarning barxa turi bilan tanishishadi, ko'pincha amerikalik oilalarning garaj va omborxonalari bir marotaba o'ynalgan o'yinchoqlar bilan to'lib-toshadi. Ikkinchi tomondan, go'dakligidanoq amerikalik bolakaylar «Sen eng chiroylisan, eng yaxshisan, eng aqllisan, eng qobiliyatlisan», degan so'zlarni har kuni eshitgan holda o'sishadi. Maqsad – mustaqil insonni tarbiyalash! Agarda bola xato qilsa, uni urushmay: «Yana bir marotaba harakat qilib ko'r! Sen, albatta, buni uddalaysan! Chunki sen zo'rsan!» deya qo'llab-quvvatlanadi. Albatta, bunday yondashuv kelgusida o'zining mevasini beradi. Evropa mamlakatlarida bolalarning etuk shaxs bo'lib rivojlanishlari uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi. Ota-onalar intizom yoki qat'iy rejimga kam e'tibor berishadi. Ular uchun bolaning xavfsizligi birinchi o'rinda turadi. Kattalar bolalarning fikrlariga quloq solib, aksariyat holda o'z fikrlarini o'zgartirishlari ham mumkin.
Shvetsiyada bolalarga shakllangan shaxs sifatida qarashadi. Ularning ham o'z huquqlari va majburiyatlari bor. Shuningdek, shvedlardagi bag'rikenglik, o'zgaga, uning qarashlariga, madaniyati, dini, irqiga nisbatan hurmatda va sabrli bo'lish, agarda insonning biror-bir jismoniy yoki ruhiy kamchiligi bo'lsa, unga tengqur sifatida qarash bolalikdanoq yosh avlod ongiga singdiriladi. 8-sinfdan boshlab o'quvchilarga «Bolalar haqida» degan fan o'tiladi. Ular oila qurish, homiladorlik, undan saqlanish yo'llari, jinsiy yo'l bilan yuqadigan kasalliklar, bola tarbiyasi va balog'at yoshida o'smirlar bilishi zarur bo'lgan barcha ma'lumotlarga ega bo'ladilar. «Save the children» deb ataluvchi Amerikadagi tashkilot har yili dunyo mamlakatlarining qaysi birida onalar va bolalar yaxshi yashashlarining ro'yxatidan iborat Mothers Index (Onalar indeksi)ni tuzib chiqadi. Unda Shvetsiya deyarli har yili birinchi o'rinni egallaydi. Chaqaloq dunyoga kelgach, yosh shved onalar davlat tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlanadi. Homiladorlik davrida ayollar bepul tibbiy yordam va maslahat olsalar, farzand tug'ilgach, albatta, onaga bolaga qarashni o'rgatuvchi hamshira biriktiriladi. Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat onalar uchun bola tarbiyasi, parvarishi bilan bog'liq xilma-xil tekin kurslar tavsiya etadi. O'tgan asrning 70-yillarida Shvetsiya birinchilardan bo'lib farzandiga qo'l ko'targan ota-onalarni jazolay boshladi. Bog'chadanoq bolalar o'z huquqlarini biladilar. Mazkur usul «stressiz tarbiya» deb ataladi. Ammo shvedlar bola tarbiyasida ma'lum chegaralanish bo'lishi lozim, deb hisoblashadi. Bolani faol, o'z fikrini bildiradigan, mustaqil, oldiga qo'ygan maqsadiga erishadigan inson sifatida tarbiyalashga harakat qilinadi. Ota-onaning farzandiga qo'l ko'tarishi, baqirishi, bir narsa so'rasa, unga tushuntirmasligi, «Yo'q, dedimmi, yo'q!» iborasining ishlatilishi ularning tarbiyasizligi va qonun oldida javob berishi lozimligini bildiradi. Ijtimoiy xizmat xodimlari muntazam ravishda hududdagi ota-onalarning farzandlariga nisbatan xatti-harakatidan boxabar bo'lib turishadi. Agarda sal nojo'ya harakat qilinayotganini sezib qolishsa, sud orqali bola ota-onadan tortib olinadi. Davlat bunday bolalarning farovonligi uchun juda ham ko'p pul ajratadi, sudlar esa faqatgina bola manfaatidan kelib chiqqan holda ish ko'radi. Bu narsa so'nggi yillarda bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar sonining keskin ko'payishiga sabab bo'lmoqda.
Finlyandiya dunyodagi eng bolajon mamlakat, desak, yanglishmagan bo'lamiz. Unda jismoniy imkoniyati chegaralangan bolalar oddiy bog'cha va maktablarga borishadi. Bu erda nogiron va sog'lom bolaga ajratish qabul qilinmagan. O'yin bolani rivojlantiruvchi asosiy vositadir. Ota-onalar ham bunga katta e'tibor berishadi. Shuning uchun ham barcha ta'lim muassasalari hamda jamoat joylari o'yingohlar va maydonchalar, bolani ovqatlantirish uchun maxsus xonalar, kafelarda maxsus bolalar uchun taomnomalar, jamoat transporti esa bolalar o'rindiqlari bilan jihozlangan.

Fin jamiyatida jinslar tengligiga qat'iy amal qilinadi. Ota va ona farzandiga birday mas'uldir. 18 yoshga qadar bolaning alkogol ichimliklar iste'mol qilishi yoki tamaki mahsulotlarini chekishi ta'qiqlanadi, shunga qaramay, ular jamiyatning to'laqonli a'zosi hisoblanadi va o'z hayotlariga doir qarorlarni o'zlari qabul qilish huquqiga egadirlar. Balog'at yoshiga etgach, farzand uyini tark etadi va o'zining oilasini qurmagunicha ota-onasidan alohida yashaydi. Ota-onalarning o'z farzandlariga nisbatan munosabati jarayonidan doimo ijtimoiy xizmat xodimlari xabardor bo'lib turishadi. Biror ishkal chiqsa yoki qo'shnilar farzandga nisbatan nohaqlik bo'layotgani haqida arz qilsa, ota-onalar javobgarlikka tortiladi.


Fransiyada bolalarni chaqaloqlik davridanoq bolalar bog'chasiga berish odatiy holdir. Birinchidan, bu frantsuz ayollariga ishlash imkoniyatini bersa, ikkinchidan, ular go'dakligidanoq jamoaga moslashadi va mustaqil bo'lib o'sadilar. 6 yoshidanoq frantsuz bolakay o'zi mustaqil maktabga boradi, do'kondan narsa xarid qiladi, uyda yolg'iz qoladi. Shunga qaramay, frantsuzlar 30-35 yoshgacha ota-ona uyida yashashlari va o'z oilasiga ega bo'lishga shoshilmasliklari mumkin. Onalar o'z farzandlariga ovozlarini ko'tarib urishishsa-da, hech qachon urmaydilar. Jamiyat qator qonunlar orqali bola huquqlarini himoya qiladi. Ota-onalar va vasiy shaxslar birinchi galda bolalarning rivoji hamda sog'ligi uchun mas'uldirlar.
Germaniyada bolalarning rivojiga 3 yoshdan boshlab katta e'tibor beriladi. Onalar o'z farzandlarini boshlang'ich bosqichda haftada bir marta, kattaroq bo'lganlarida bir necha marotaba maxsus rivojlantirish guruhlariga olib borishadi. Maqsad jamoa bo'lib o'ynash, o'zaro muloqotga o'rgatishdir. Faqatgina mazkur guruhlarga bola borganidan so'nggina uni bolalar bog'chasiga berishadi. Chunki farzandning bog'chaga ko'nikishi oson kechadi va bolalar bu erda o'zlarini erkin his qiladilar. Bog'chada bolaga o'z huquqlarini, ularni hech kim xafa qilishi mumkin emasligini o'rgatishadi. Bu nafaqat bolalarga qo'l ko'tarish, balki kattalar tomonidan ularga ovozni balandlatish, xafa qilishning oldini olish ham demakdir. Nemislar o'z farzandlariga yoshligidanoq tejamkorlik, intizomli bo'lishni, atrof-muhitni muhofaza etishni, odob-axloqni o'rgatishadi. Yigit va qizlar aksariyat holatlarda 30 yoshga qadar turmush qurishsa-da, 40 yoshlarga borib, ya'ni o'zlari ma'nan va moddiy ravishda tayyor bo'lgach, farzand ko'rishadi. Ota-onalarning o'z farzandlariga yordam bermasliklari, bolalar bog'chalarining to'liq kun ishlamasligi, enaga xizmatining qimmat turishi hisobiga ayollar farzand ko'rishga shoshilishmaydi va shu sababli Evropa davlatlari ichida mamlakatda tug'ilish eng kam hisoblanadi. Farzand ko'rishdan oldin yosh oila kichik uyda turishsa, uni kattarog'iga, bola uchun alohida xonasi bor uyga almashtirishadi, oldindan tajribali enaga, pediatr topishadi, homiladorlikning har bir bosqichida tibbiy ko'rikdan o'tiladi. Bola tug'ilgach, uning tarbiyasiga jiddiy e'tibor beriladi. Bolalarga kichik yoshida televizor ko'rishga ruxsat berilmaydi va iloji boricha soat 20.00 da uxlashga yotqizishadi, chunki kichkintoyni erta uyg'onishga, kichik yoshidanoq o'z kunini rejalashtirish, muhim sanalar (qarindoshlarning tug'ilgan kunlari)ni yodda saqlash, o'z xarajatlarini nazorat qilishga o'rgatishadi. Farzandlarida kommunikabellikni rivojlantirish maqsadida onalar ularni rivojlantirish guruhlariga olib borishadi. Bolalar bog'chalari asosan kichkintoylarni jamoada o'zini tutish, muloqotda bo'lishga o'rgatadi, yozish va o'qish faqatgina maktabdan boshlab o'qitiladi. Bola go'dakligidanoq enaga nazoratida o'zi istagan ishni qiladi, o'qish kichkintoy uchun foydali va yoqimli bo'lishiga alohida e'tibor qaratiladi, har bir bolaning iqtidoriga qarab fanlarni tanlashga harakat qilinadi. Boshlang'ich sinflardagi barcha fanlar o'yin tarzida o'tiladi. Maktab 9 yillik bo'lib, o'quvchining sha'niga hech kim putur etkazmasligi uchun hattoki nazorat ishlar baholari sinfda e'lon qilinmay, alohida ota-onaga aytiladi. Bola bir kun dars qoldirsa, ta'lim politsiyasi darhol buning sabablarini aniqlashga harakat qilib, sababsiz holatda ota-onaga jarima solishi mumkin. Jismoniy kamchiligi mavjud o'quvchilar oddiy maktablarga borishadi, aqliy jihatdan kamchiligi mavjud bolalar maxsus maktablarda o'qitiladi. O'qish puli ijtimoiy xizmat tomonidan to'lanadi. Germaniyada 9 yoshga kirmagan bolani uyda yolg'iz qoldirish mumkin emas. Shu sababli onalar yarim stavkada ishlashga yoki enaga yollashga harakat qilishadi.

Maktabda baholash tizimi biznikidan keskin farq qiladi. Germaniyada 6 ballik baholash tizimi joriy etilib, eng yuqori ball 1 hisoblanadi va u faqatgina 3-sinfdan keyingina qo'yiladi. Chunki ilk nazorat ishlari aynan 3-sinfdan boshlab olinadi. Nemislarning fikriga ko'ra, 1–2-sinflarda o'quvchini baholash uning muvaffaqiyatli ravishda rivojlanishiga xalaqit berishi mumkin. 4-sinfda o'quvchi 2 va 1 baholarga o'qisa (yuqorida aytilganidek, bu baholar eng yuqori hisoblanadi), u o'z o'qishini gimnaziyada davom ettiradi. Gimnaziyada o'quvchi 13-sinfgacha o'qiydi va oxirgi ikki yil kollej vazifasini o'tab, o'smir o'zi tanlagan kasb yo'nalishidagi fanlarni o'rganadi. Aslida esa 10 yoshidan keyin o'quvchi kasb tanlashi lozim. Shunga qarab bola rivoji uchun fanlar tanlanib, uni mazkur sohaga yo'naltirish bo'yicha faoliyat boshlanadi.


Italiyada bolalarning tarbiyasi bilan ota-onadan tashqari bobo va buvilari, xola, amma, tog'ayu amakilari ham shug'ullanishadi. Kichkintoy katta oilada o'sadi va odatda bog'chaga bormaydi. Italiyada bolalarning barcha injiqliklarini ko'tarishadi, doimo sovg'alar berishadi va deyarli jazolashmaydi. Ba'zida italiyalik ona bolasiga jahli chiqib baqirsa-da, ammo darhol uni o'pib, quchoqlab, yupatishga tushadi. Italiyada bola bog'chaga uch yoshdan boshlab qatnaydi. Bu erda unga o'qish va yozishni o'rgatib, maktabga tayyorlashadi, jamoaga moslashishni o'rgatishadi. Doimiy ravishda jamoaviy o'yinlar, spektakllar qo'yiladi, haftada ikki marotaba birorta xorijiy til o'rgatiladi.
Angliyada bolalar bosqichma-bosqich tarbiyalanishadi. Chunki bu erda kech turmushga chiqish yoki uylanish odatiy hol. Ko'pincha inglizlar 35-40 yoshlarida ota-onalik baxtiga erishishadi. Shuning uchun ham farzand tarbiyasiga juda katta va jiddiy e'tibor berishadi. 2-3 yoshidan boshlab unga dasturxon atrofida o'zini tutishni, tevarakdagi odamlar bilan muomalada bo'lishni, o'z hissiyotlarini yashirishni o'rgatishadi. Angliya shaharlarining ko'chalarida bolasini erkalayotgan ota-onani kamdan-kam uchratish mumkin.
Avstraliyada farzandiga jazo berish yoki bermaslikni ota-onalarning o'zlari hal qiladi. Evropa mamlakatlari kabi bu erda ham turmush qurishga yoshlar shoshilishmaydi, farzandli bo'lish baxtiga esa 35 yoshlardan keyin erishishadi. Homiladorlikning 12-haftasidan boshlab ayollar majburiy shifokor nazorati ostida bo'lishadi. Tug'ish paytida esa tug'ruq jarayonini kuzatish uchun oilaning istalgan a'zosi qatnashishi mumkin. Farzand ko'rgan ayolga davlat tomonidan juda ham yuqori bola puli beriladi, shu sababli ayollar uzoq payt ishga chiqmay, vaqtlarini go'dak tarbiyasiga bag'ishlashadi. Avstraliyada bolalar bog'chasi pulli bo'lib, kunlik tarbiya 20-50 dollar atrofida turadi. Bog'chada kichkintoylar, asosan, rivojlantiruvchi o'yinlar, rasm chizish, plastilindan buyum yasash, applikatsiyalar bilan mashg'ul bo'ladilar. Maktabga erta, ya'ni 5 yoshdan borishlarini inobatga olgan holda muassasada o'qish va yozish o'rgatilmaydi. Tarbiyachi hech qachon onaga bolani yomonlamaydi. Bog'chadan tashqari mamlakatda ko'plab bolalar klublari mavjud. Ular bolalalarning qiziqishlariga qarab tashkil etiladi. Avstraliyada faol dam olishga katta e'tibor qaratilgani bois oilaviy tabiat qo'ynida dam olishlar juda ham ommaviylashgan. Otalarning o'z farzandlari tarbiyasiga ko'proq vaqt ajratishlari Avstraliyada qo'llab- quvvatlanadi. Maktablarda darslar ancha erkin. Bu erda bolalar 45 daqiqa partada o'tirishmaydi, balki dars jarayonida erkin harakatlanishlari mumkin. Eng asosiysi ta'lim muassasasida vullying (bir-birining ustidan kulish, haqoratlash)ning oldi darhol olinadi va ijtimoiy kelib chiqishi, dini, irqi, biror nuqsoni mavjudligidan qat'i nazar, o'quvchilar bir-biriga hurmat bilan muomalada bo'lishadi.

Boshlang'ich sinflarda o'quvchilarga baho qo'yilmaydi, balki topshiriq yaxshi bajarilgan bo'lsa, daftariga nakleyka yopishtiriladi. Yaxshi o'qigan o'quvchi faxriy yorliq va medal bilan taqdirlanadi, ammo yomon o'qiganlar ham sertifikatlar, mukofotlar olishadi. Maqsad har bir boladagi mavjud iqtidorni yuzaga chiqarishdir. Har yarim yillikda ota-onalar farzandining o'qishi va baholari haqida qisqacha hisobot olishadi. Har bir ota-ona istalgan vaqtda o'z farzandining o'qishi, o'zining tutishi haqida o'qituvchi bilan gaplashishi mumkin. O'quvchilar bilan esa muntazam ravishda boshqalarga nisbatan hurmatda bo'lish, haqorat qilmaslik, urmaslik xususida «tarbiyaviy soatlar» olib borilib, bunday holatlarning oldini olish uchun ishonch telefon raqamlari beriladi.


Isroilda farzand tarbiyasi alohida e'tiborda, chunki bu erda bola oilaning markazi hisoblanadi. Bog'chalarga go'daklar 6 oyligidan qabul qilinadi. Davlat qaramog'idagi maktabgacha ta'lim muassasalaridan tashqari mamlakatda oilaviy tipdagi bog'chalar – «mishpaxton»lar keng tarqalgan. Bunday bog'chalarning guruhlarida bolalar soni 5 nafardan oshmaydi va tarbiyalanuvchilarni har tomonlama rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi. Barcha bog'chalar kompyuterlar, kutubxonalar bilan jihozlangan. Har hafta tarbiyalanuvchilar, albatta, ekskursiyalarga olib chiqiladi, spektakllar qo'yish, sport va musiqa bilan shug'ullanishga e'tibor qaratiladi. Boshlang'ich sinf o'quvchisi darsdan charchasa, maxsus o'yin xonasiga olib chiqiladi. Yuqori sinf o'quvchilari o'zini yomon tutsa, albatta, ruhshunosga ko'rsatiladi. O'qituvchilar o'quvchilarni baholashmaydi. Mamlakatda bu narsa bola rivojiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin, deb hisoblanadi. Ammo go'dakligidanoq bolakay yomon o'qisa, kelajakda yaxshi natijalarga erisha olmasligi, universitetga kirolmasligi singdiriladi va bog'chadan boshlaboq bolalar biror narsani o'rganishga harakat qilishadi. Agarda maktabni tugatiboq, qiz yoki yigit oliygohga kira olmasa, u armiyadan so'ng (harbiy xizmat Isroilda yigit va qizlar uchun birdek majburiy) o'z mablag'i hisobidan o'qiydi. Oilada hamda ta'lim muassasalarida bolalarga «u dunyodagi eng zo'r va iqtidorli inson» ekanligi tinimsiz ongiga singdiriladi, natijasi esa barchaga ma'lum. Dunyoning eng mashhur insonlari, olimlari aynan yahudiylardir. Oilada bolalarga, agarda ularning hayotlariga rahna solinmasa, barcha narsa mumkin. U baqirishi, yugurishi, hattoki ota-onasiga istaganicha e'tiroz bildirishi mumkin. Ammo chegaradan chiqsa, unga qat'iy ravishda nohaqligi tushuntiriladi. Bu narsa go'dak 2 yoshga to'lganidan so'ng bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Isroilda bola tarbiyasi zo'ravonsizlikka asoslangan. Bolani urish, turtish, haqoratlash, so'kish mumkin emas. Chunki zo'ravonlik o'z navbatida zo'ravonlikni keltirib chiqaradi. Agarda bola o'qituvchining aytganini qilmasa, politsiya yordamga keladi. Aksariyat holatlarda ziddiyatli vaziyat huquq organlari vakillarining o'smir bilan ishonchga asoslangan suhbati bilan yakunlanadi.
Xitoy xalqi butun dunyoga o'zining mehnatsevarligi bilan mashhur. Ikkinchi jahon urishidan so'ng qisqa muddat ichida Xitoy mahsulotlari dunyo bozorini to'ldirganligi buning yaqqol isbotidir. Xitoyliklar juda ham intizomli va sportsevar xalq. Albatta, farzand tarbiyasida ham bu o'z aksini topgan. Agarda Evropa mamlakatlarida bola tarbiyasiga asosan ota-ona mas'ul bo'lsa, Xitoyda bu narsa davlat zimmasidadir.

Uch oydan boshlab chaqaloq bog'chaga topshiriladi. Bir yarim yoshdan boshlab kichik xitoyliklar raqsga tushish, ashula aytish, rasm chizish, sanash va harflarni tanishga o'rgatila boshlanadi. Boshlang'ich sinfdanoq intizomli bo'lish, injiqlik qilmaslik va yaxshi o'qish talab etiladi. Itoatkorlik va «men»ni yuzaga chiqarmaslik xitoy tarbiyasining asosidir. O'g'il bolaning tug'ilishi oilada katta quvonchdir. Chaqaloqqa qizil rangdagi kiyim kiygizilib, barchaga o'g'il tug'ilganligi ma'lum qilinadi. Bog'chalarda tarbiya bilan birgalikda jismoniy rivojlanishga katta e'tibor beriladi. Bolaning qiziqishlari inobatga olinib, uning iqtidorini namoyish qilishga harakat qilinadi. Maktabda o'qish muddati 9 yil bo'lib, tarbiya jismoniy, intellektual va estetikka bo'linadi. Ta'lim muassasasida darslar kam soatni tashkil etsa-da, o'quvchining mustaqil tayyorlanishi uchun ko'p uyga vazifa beriladi. So'nggi yillarda Xitoy iqtisodiyot, bank sohalarida, sport va ilm-fanda etakchilik qilmoqda. Bularning barchasi fuqarolarning tinimsiz o'z ustida ishlashi va o'zining jismoniy, intellektual hamda ilmiy salohiyatini namoyish etishga intilish mevasidir.


Janubiy Koreya hayoti mamlakatimiz teletomoshabinlariga ko'plab namoyish etilayotgan seriallar orqali tanishdir.
Bundan 15 yillar ilgari aksariyat ayollar hech joyda ishlamay, faqat farzand tarbiyasi bilan mashg'ul edilar. Ishlash deganda Koreyada uydan tong sahardan chiqib ketish va tungi 11-12 larda qaytishni inobatga oladigan bo'lsak, otalar, deyarli, farzandlarini ko'rishmasdi, natijada farzand tarbiyasi bilan birgalikda uy xo'jaligini yuritishga bog'liq barcha masalalar bekalar zimmasida edi. Bugun vaziyat o'zgargan. Ko'plab koreyalik ayollar ishlamoqda. Bolalar tarbiyasi bilan, asosan, bolalar bog'chalari va buvilar shug'ullanishayotir. Shunga qaramay, ona uyga kelishi bilan farzandining barcha muammolarini yakka o'zi hal etishga kirishadi. Otalar doimo ishda bo'lganligi sababli kamdan-kam holatda bolalar o'z otalari bilan sirdosh bo'lishadi. Lekin biror-bir masalada oxirgi nuqtani ota qo'yadi. Koreyslar oilasida bobo va buvilarning fikri juda qadrlanadi. Ular oldida bolani urishish mumkin emas. Chunki bu narsa katta yoshdagilarga nisbatan hurmatsizlikni bildiradi. Bobo va buvilar nevaralarining tarbiyasida faol qatnashishadi. An'anaviy bayramlarda ular o'gitlarini ayamay, oila tarixini so'zlab berishadi. Har bir koreyalik o'zining kelib chiqishi va ildizlarini bilishi shart. Yaponiyadagi kabi Koreyada ham 5 yoshgacha bolaga hamma narsa mumkin. Kichkintoyni urushishmaydi, uning har bir iltimosi qondiriladi. Onasi esa doimo uning yonida bo'ladi. Besh yoshdan so'ng bola tartib va intizomga o'rgatila boshlanadi. Qanchalik uning yoshi o'sib borsa, shunchalik unga nisbatan talablar kuchayadi. Oilada va maktabda bolaning har tomonlama kamol topishiga, bilimlarni o'zlashtirishiga alohida e'tibor qaratiladi.
Hindiston nafaqat aholisining soni, balki dinlarning xilma-xilligi va xudolarning ko'pligi bilan ham dunyoda etakchidir. Hind donishmandlari «O'zga bilan muloqotga kirishganingda yuragingga quloq tut», deb bejiz aytishmagan. Aynan hind ota-onalar farzandlariga go'dakligidanoq atrof-muhitni bilishda qalbi va hissiyotlari amriga bo'ysungan holda faoliyat yuritishni o'rgatishadi: birorta inson, hayvon va qushni xafa qilmaslik, tabiatni asrash, barchaga nisbatan mehribon bo'lish shular jumlasidandir. Hindlar – donishmand ota-onalardir. Ularning aksariyati 20 yoshga to'lmasdanoq farzand ko'rishsa-da, bolalariga hech qachon baqirishmaydi va shu orqali ularni ham o'z hissiyotlarini nazorat qilishga o'rgatishadi. Maktabda o'g'il va qizlarni darsni yodlashga emas, balki fikr bildirish, mushohada qilish va o'ylashga o'rgatishadi. Boshlang'ich sinflardanoq o'quvchilar «O'limga munosabat», «Intizomli bo'lish zarurati» kabi mavzularda o'z fikrlarini bildirishlari lozim. Standart darslardan tashqari hind maktablarida xotirani kuchaytirish va jilmayish darslari ham mavjud. Yilda ikki marta maktab ma'muriyati o'tgan oyga nisbatan o'z natijalarini yaxshilagan o'quvchilarni rag'batlantiradi.
Afrika mamlakatlarida bolalar go'dakligidanoq o'z holiga tashlab qo'yilganligi uchun aksariyat holatlarda u o'ziga emak topish, himoyalanish, yuvinishni mustaqil o'rganadi. Afrikalik onalar bola tarbiyasida biror-bir qoidaga rioya qilishmaydi. Bola yoki o'z holiga tashlab qo'yiladi, yoki tunu kun onasi bilan birga bo'ladi. Onalar farzandlarini lattaga o'ralgan holda kechgacha orqalarida ko'tarib yurishadi. Agarda bola tunda ham ovqat so'rasa, u sog'lom hisoblanadi. Keniyada hattoki tunda bolani bir necha marotaba uyg'otishadi. Uzoq uxlash yaxshilik keltirmaydi, deb hisoblanadi. Kongo, Uganda singari mamlakatlarda ikki yoshli bolaning idish yuvayotgani, uch yoshida esa mustaqil ravishda egulik xarid qilayotganini ko'rish mumkin.
BOLA TARBIYASI BORASIDAGI QIZIQARLI FAKTLAR
*Avstriyada bola uchun boshqa mamlakatlarga nisbatan eng ko'p o'yinchoq sotib olinadi.
*Angliyada agarda bola shamollasa, uning tana harorati oshib yo'talsa, u kasal hisoblanmaydi va maktabdagi darslarni qoldirishga ruxsat berilmaydi.
*Belgiyada kichkintoylar uch yoshdan boshlab maktabga borishadi.
*Evropada eng tarbiyasiz bolalar italiyaliklar hisoblanadi. Ular jamoat joylarida o'zlarini tutishni bilishmaydi.
*Gonkongda bola uchun enaga yo’llanilmaydi. Bolalar chaqaloqligidanoq bog'chaga beriladi.
*Braziliyada bola uchun eng oliy jazo – uni futbol o'ynashdan mahrum qilishdir.
*Kubada hattoki 7-8 yoshdagi bolalar ham darsdan so'ng ishlashga majburdir.
*Germaniyada 90 foiz oilalarda 8 yoshgacha bolaga televizor ko'rish ta'qiqlanadi, 8 yoshga kirganida esa unga faqatgina bolalar uchun mo'ljallangan ko'rsatuvlarni tomosha qilishga ruxsat beriladi.

Har bir davlatda bola tarbiyasiga yondashuv turli xil bo'lsa-da, ularning barchasini bir narsa – farzandga bo'lgan mehr-muhabbat birlashtirib turadi.


  1. XULOSA

Inson hayot ekan, butun umri davomida o’sib, rivojlanib, o’zgarib boradi. Bolalik, o’smirlik va o’spirinlik yillarida shaxsning kamol topishi yaqqol ko’zga tashlanadi.

Rivojlanish deganda biz shaxsning hamjismoniy, ham aqliy va ma’naviy kamol topish jarayonini tushunamiz. Pedagogika va psixologiya fani rivojlanishni biologik va sotsial xususiyatlari o’zaro chambarchas bog’liq bo’lgan bir butun narsa deb hisoblaydi. Odam bolasining shaxs sifatida rivojlanishi har tamonlama kamol topishining samarali bo’lishiga erishish maqsadida pedagogika fani rivojlanishining qonuniyatlarini unga ta’sir etuvchi omillarni shuningdek, shaxs kamolotida ta’lim va tarbiya hamda faoliyatining ta’siri va ahamiyatini aniqlaydi va tahlil qiladi. Ma’lumki, odam shaxs sifatida dunyoga kelmaydi, balki uning shakllanishi avvalo hayot sharoitlariga bog’liqdir. Shaxs hayot davomida murakkab rivojlanish jarayonini boshdan kechiradi, natijada shaxsga aylanadi. Shu sababli shaxsni ma’lum ijtimoiy tuzumning mahsuli deb tushunishimiz lozim.

Har bir jamiyatda shaxsning shakllanishi, kamol topishi muhim muammolardan hisoblanadi. Shu sababli shaxsning shakllanishi masalalariga to’g’ri yondashish uchun shaxsning tabiatini, tuzilishini, uning xulq-atvorini va unga ta’sir sabab va vositalarini bilish zarur.

Shaxsning rivojlanishi jarayoni bir qancha omillar ta’sirida sodir bo’ladi. Bular irsiyat, ya’ni biologik omil hamda muhit, ta’lim va tarbiya, shaxs faolligi (ijtimoiy omil) shaxsni shakllantirishning asosiy omillari deb tushuniladi.

Prezidentimiz “Sog’lom avlod yili”ni e’lon qilar ekan: ”Sog’lom avlod deganda, shaxsan men, eng avvalo sog’lom naslni, nafaqatjismonan baquvvat shu bilan birga ruhi, fikri sog’lom, iymon-e’tiqodi butun bilimi, ma’naviyati yuksak mard va jasur, vatanparvar avlodni tushunaman”, deb ta’kidlaydi.



Sog’lom avlod tarbiyasi oson ish emas, u har bir inson, har bir oila, butun jamiyatdan jiddiy e’tibor va uzluksiz mehnat talab qiladi. Prezidentimiz fikrlarini davom ettirar ekanlar: ”...hech shubha yo’q, sog’lom avlod orzusi ajdodlarmizdan bizga o’tib kelayotgan, qon-qonimizga singib ketgan muqaddas intilishdir. Agar ota-bobolarimizning turmush tarziga, tafakkuriga nazar solsak, ular nasl-nasab, etti pushtining tozaligiga, avlodning sog’ligiga juda katta e’tibor berganini ko’ramiz. Sog’lom bolaning tug’ilishi, eng avvalo, onaning sog’ligiga bog’liq“, deb ta’kidlaydi yurtboshimiz. Xudo taolo yaratgan tabiatning buyuk mo’’jizasi bo’lmish ayol dilbandini to’qqiz oy o’z bag’rida, yurak ostida avaylab dunyoga keltiradi. Uni voyaga etkazish uchun o’zini ayamasdan, butun hayotini baxshida etadi. Ana shu jarayonda ayol neki yaxshilik yoki yomonlik ko’rsa, ona vujudi orqali homilaga o’tadi. Sog’lig’i nochor, xo’rlangan, iztirob chekkan onadan sog’lom farzand tug’ilmaydi. Sog’lom bolaning dunyoga kelishida otaning hamqoni toza, tani va ruhi sog’lom bo’lishiga bog’liq. Bir so’z bilan aytganda, sog’lom farzand faqat sog’lom oilada tug’iladi. Oilaning sog’lomligini, undagi muhit, ota-onaning totuvligi, bir-birini tushunishi, qo’llab-quvvatlashi o’zaro izzat-hurmati belgilaydi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, shaxs ijtimoiy hayotning mahsuli ekan, u albatta bolani o’rab olgan muhit ta’sirida rivojlanadi. Shaxsning hayoti faoliyati davomida muhit unga yo ijobiy, yo salbiy ta’sir ko’rsatishi, rivojlanish imkoniyatlarini ro’yobga chiqarishi yoki yo’q qilishi mumkin.


FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. T., «O’zbekiston», 1992.

  2. «Ta’lim to’risida» O’zberiston Respublikasi Qonuni. T., 1997.

  3. O’zbekiston Respublikasining« Kadrlar tayyolash milliy daturi» T.,1997.

  4. I.A.Karimov «Yuksak malakali kadrlar – taraqqiyot manbai»-T., «O’zbekiston», 1996.

  5. I.A.Karimov «Basrkamol avlod O’zbekiston taraqqiyotininh poydevori» T., «O’zbekiston», 1997.

  6. I.A.Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch.T:2008

  7. Imom al-Buxoriy “Al jome as-sahih” 1-qism Qomuslar bosh tahririyati, 1991-yil.

  8. Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” Toshkent 1996-yil

  9. ”Durdonalar” Q.Allayev ”Fan va texnologiya” nashriyoti, 2008-yil.

  10. Ahmad Lutfi Qozonchi “O’gay ona”

  11. Z.T.Nishanova, N.G.Kamilova, D.U.Abdullayeva, M.X.Xolnazarova “Rivojlanish psixologiyasi.Pedagogik psixologiya” O’zbekiston faylasuflar milliy nashriyoti T.2018

  12. E.G’oziyev M.E.Zufarova “Qiziqarli psixologiya” Faylasuflar nashriyoti T.2015

www.fikr.uz

www.ziyo.net

www.saviya.uz

www.ma’naviyat.uz

www.uz.denemetr.com

https://baxtiyor.uz

https://foras-beauty.ru

https://uz.m.wikipedia.org

www.ertaklar.uz

www.new.Tdp.uz




Download 0.72 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling