“Psixologiya” fakulteti


Korrupsiyaga qarshi kurash: islohotlar tahlili, mavjud muammolar va ularning yechimlari


Download 54.77 Kb.
bet3/3
Sana03.12.2023
Hajmi54.77 Kb.
#1800232
1   2   3
Bog'liq
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashda raqamli iqtisodiyotni joriy etishning ahamiyati.

3. Korrupsiyaga qarshi kurash: islohotlar tahlili, mavjud muammolar va ularning yechimlari.


Hozirgi kunda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish butun dunyoda dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Jahon Iqtisodiy Forumi xalqaro tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, korrupsiyaviy mablag‘lar dunyo yalpi ichki mahsulotining 5 foiziga to‘g‘ri kelib, bu taxminan 1 trillion AQSh dollarini tashkil qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2019 yil yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatiga bergan hisobotida, 1 trillion so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari noqonuniy va samarasiz sarflangani ma’lum qilingan. Mazkur ko‘rsatkichlar korrupsiyaning jamiyat rivoji uchun qanchalik katta to‘siq ekanligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyev asosli ravishda ta’kidlaganidek, “korrupsiyaning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investisiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi”.
E’tirof etish joizki, so‘nggi yillarda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yanada jadal tus oldi. O‘zbekiston 2008 yil 7 iyuldagi Qonun bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga, 2010 yilda esa Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar dasturi a’zosiga aylandi.
Davlat rahbari SH.Mirziyoyev hali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lib turgan vaqtdayoq korrupsiyaga qarshi kurashishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berdi. Zero, uning tashabbusiga ko‘ra 2016 yil 14 oktyabrda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamaga kiritildi. Keyinchalik, 2017 yilning 3 yanvarida mazkur loyihaga asoslangan holda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Bu bilan, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi 5-moddasida ko‘rsatilgan talablar bajarildi.
Shunday qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatining barcha tegishli xalqaro standartlarni o‘z ichiga olgan, zamon talablariga javob beruvchi, xorijiy analoglaridan qolishmaydigan darajadagi qonuniy asosi yaratildi.
Qonunning samarali ijrosini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlandi, shuningdek maxsus organ – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Sohada amalga oshirilgan ishlar samarasi xalqaro doirada ham e’tirof etib kelinmoqda. Zero, mamlakatimiz “Transparency International” xalqaro korrupsiyaga qarshi tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksi (Corruption Perception Index)da 2015-2020 yillarda 19 baldan 26 balga ya’ni, yetti ball yuqorilab, dunyoning 180 mamlakati orasida 2019 yilda 153-o‘ringa, 2020 yilda esa 146-o‘ringa ko‘tarildi. Ushbu ko‘rsatkichlar yuqorida e’tirof etib o‘tilgan islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatayotganligini anglatadi.
Ammo, mazkur ko‘rsatkichlar yetarlicha bo‘lmasdan, korrupsiyaga qarshi kurashishdan ko‘zlangan natijaga erishish va bu borada O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yanada yaxshilash uchun korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini yanada jadallashtirish lozim. Jumladan, davlat xizmatchilari va fuqarolar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga kirishish ma’lum darajada cheklanmog‘i lozim. Bunda, raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanish ancha samarali bo‘ladi.
Xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlasak, Indoneziyada tashkil etilgan “Korrupsiyaga barham berish bo‘yicha milliy komissiya” Germaniyaning GIZ xalqaro hamkorlik jamiyati bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali hamkorlik o‘rnatgan. Ular tomonidan davlat organlari haqida ma’lumot beruvchi “JAGA” ilovasi ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur ilova 48.000 ta mahalliy hokimiyat organlari, 404.000 ta maktablar va 2.777 ta shifoxonalar haqida ma’lumotlar olish imkonini beradi. Dastur yordamida fuqarolar davlat organlari ularga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ma’lumot berayotganligini tekshirishi mumkin va bu dasturning korrupsiga qarshi kurashishda eng samarali metodlaridan biri hisoblanadi. Jumladan, agar Siz kasalxonaga davolanish uchun yotmoqchi bo‘lsangiz-u, ma’muriyat Sizga joy yo‘qligini aytsa, shu joyning o‘zida ushbu ma’lumotning haqqoniyligini xolis manbadan tekshirishingiz mumkin.
Shuningdek, fuqarolar ilova orqali qaysi masala bo‘yicha qaysi mas’ul organga murojaat qilishlari mumkinligi ko‘rsatib qo‘yilgan. Bundan tashqari, ilova orqali maktablar, kasalxonalar, ularning byudjet xarajatlari haqida ma’lumot olish mumkin. Bundan tashqari, maxsus veb-portal ham ishlab chiqilgan bo‘lib, unda siyosatchilar va davlat sektori xodimlarining deklarasiya qilingan mol-mulklari haqida onlayn ma’lumotlar joylashtirilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham yuqoridagi kabi zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlarini turli sohalar, shu jumladan sudlar faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha ko‘plab islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab, barcha instansiya sudlari faoliyatiga “E-XSUD” hamda “E-SUD” axborot tizimlari hamda markazlashtirilgan elektron ma’lumotlar bazasi joriy etildi. Ushbu tizim asosida barcha instansiya sudlari qarorlarining banki yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Interaktiv xizmatlar portali (my.sud.uz) orqali davlat bojlari va sudga murojaat qilishdagi yig‘imlar hisobini yuritish uchun yagona billing tizimi joriy etildi.
Shuningdek, 2019 yil 1 apreldan boshlab, sud kadrlarini tanlab olish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida “E-KADR” axborot tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Sudlar faoliyatiga joriy etilgan ushbu yangiliklar fuqarolarning sud organlariga bo‘lgan ishonchini oshiribgina qolmasdan, sohada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiogen omillarning oldini olishga ham xizmat qilib kelmoqda.
Bundan tashqari, davlat xaridlari sohasi ham zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni taqozo etuvchi, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan soha hisoblanadi. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda davlat xaridlari vakolatli mansabdor shaxs yoki kollegial organ tomonidan emas, balki inson omili mavjud bo‘lmagan elektron tizimlar orqali amalga oshiriladi. Bu borada Koreya Respublikasi ham o‘zining ilg‘or va sinalgan tajribasiga ega. Mamlakatda 2002 yildan boshlab, davlat xaridlari “KONEPS” (Korean online electronic procurement system) tizimi orqali onlayn tarzda amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu tizim o‘zida davlat xaridini amalga oshirishning barcha bosqichlarini qamrab olgan bo‘lib, dastur doirasida tender o‘tkazish, shartnoma tuzish, to‘lovlarni amalga oshirish hamda hujjatlar aylanmasi amalga oshiriladi.
Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda davlat xizmatchilari uchun korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan standart taqiq va cheklovlar mavjud bo‘lib, mazkur qoidalarning davlat xizmatchilari tomonidan samarali qo‘llanishi ko‘p jihatdan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ta’limga bog‘liq. Xususan, Latviyada antikorrupsiyaviy ta’lim tizimi oliy o‘quv yurtlarida ham, maktablarda ham yaxshi yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Latviya mustaqil o‘quv markazi mavjud.
Shuningdek, Koreya Respublikasida 2008 yil 28 fevralda Fuqarolar huquqlari va korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi (Civil Rights and Anti-corruption Commission) tashkil etilgan bo‘lib, mazkur komissiya tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ta’lim dasturlari ishlab chiqadigan alohida bo‘lim mavjud.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishda Yaponiya ta’lim tizimida o‘ziga xos tajriba mavjud bo‘lib, maktabing boshlang‘ich sinflarida o‘quvchilarga yuksak axloqiy ta’lim beriladi. Bunda, o‘quvchilarga vatanni sevish, tabiatni asrash, kattalarga hurmat, o‘zaro iliq munosabat kabi ma’naviy fazilatlar o‘rgatiladi. Bolalarning jadal shakllanishi davrida ularga yaxshi va yomon fazilatlarning o‘rgatilishi ularning kelajakda korrupsiya va boshqa salbiy illatlarga bardoshli shaxs sifatida yetishishlarida muhim o‘rin egallaydi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishni jazo choralarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda oldini oluvchi va jazolovchi usullar bir-birini to‘ldirib, mukammal tizimni yaratishga xizmat qiladi. Ushbu usulining ijobiy natijalarini ko‘plab xorijiy davlatlar tajribasida ham kuzatish mumkin. Jumladan, AQSh tarixida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘tkazilgan eng shov-shuvli operasiyalardan biri “Shayx va asalarilar” deb nomlanadi. Mazkur operasiya FTBning darsliklaridan “oq yoqalilar” jinoyatchiligiga qarshi kurashish borasida o‘tkazilgan eng muvaffaqiyatli maxsus operasiyalardan biri sifatida joy olgan.
Maxsus operasiya natijasida to‘plangan hujjatlar va daliliy ashyolar 2 nafar senator, 6 nafar kongress a’zosi va 9 nafar yuqori martabali mansabdorga qonuniy jazo tayinlash uchun sudga topshirilishi qayd etiladi. Shuningdek, matbuot anjumanida ishtirok etgan mamlakat bosh prokurori pora olish jinoyatini sodir etishda gumon qilinayotgan mingdan ortiq mansabdor shaxslar jinoiy qilmishi fosh qilinmasdan o‘z mansablaridan ketishga majbur bo‘lgani haqida bayonot beradi. O‘sha vaqtda, AQSh Adliya vazirligi Federal qidiruv byurosining 23 foiz byudjetini mansabdor shaxslarning “oq yoqalilar” poraxo‘rligiga qarshi kurashish tadbirlariga yo‘naltirishni rejalashtirgan edi. Ammo, maxsus operasiya muvaffaqiyatli yakunlangani natijasida, operasiyasidan so‘ng mansabdor shaxslar tomonidan pora olish jinoyati bir necha o‘n barobarga kamayib ketadi va korrupsiya bilan kurashish uchun rejalashtirilgan byudjet mablag‘larini sarflashga zarurat qolmaydi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytishimiz mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muayyan natijalarga erishilgan bo‘lsa-da, istiqbolda bir qator vazifalarni amalga oshirish lozim. Bunda, raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanish, yoshlarni korrupsiyaga murosasiz ruhda tarbiyalash, korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni kelgusida muayyan huquqlardan mahrum qilish kabi choralarga alohida ahamiyat qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

REFERENCES


1. "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 03.01.2017 yildagi O‘RQ-419-son.
2. "Raqobat to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 06.01.2012 yildagi O‘RQ-319-son.
3. 2008 - yilda qabul qilingan «Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 07.07.2008 yildagi O‘RQ-158-son.
4. "2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tog‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 28.01.2022-yildagi PF-60-son.
5. "O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 27.05.2019 yildagi PF-5729-son.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020-yil 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasi
7. Sh. R. Qobilov "Korrupsiyaga qarshi kurash: iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy choralari va yo‘llari" monografiya Toshkent - 2015.
Internet saytlari:
- www.president.uz - (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb sayti)
- www.gov.uz - (O‘zbekiston Respublikasi hukumati portali)
- www.ziyonet.uz - (Axborot ta’lim tarmog‘i)
- www.lex.uz - (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari milliy bazasi portali)
- www.stat.uz - (O‘zbekiston Respublikasi Davlat Statistika Qo‘mitasi)
Download 54.77 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling