O‘zbekistonda nasldor, sport va xizmat otlari ko‘paytirilib, ot sporti rivojlantiriladi.
O‘zbekiston Ot sporti federasiyasi Yilqichilik va ot sporti federasiyasi etib qayta nomlandi. Bu Prezidentning 15 iyundagi mamlakatda yilqichilik va ot sportini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.
Federasiya oldidagi asosiy vazifalar nasldor, sport va xizmat otlari yetishtirib chiqarish va ko‘paytirish, milliy ot sporti musobaqalarini tashkillashtirish hamda milliy ot sporti nufuzini oshirish, otlarni saqlash va veterinar xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, shuningdek ot sporti bo‘yicha bolalar sport maktablari, to‘garak va klublar tarmoqlarini kengaytirishdan iborat.
Federasiya qoshida ot sporti bo‘yicha murabbiylar va hakamlar, veterinar va taqachilar tayyorlash Respublika maktabi, ot sporti bo‘yicha oliy sport mahorati Respublika maktabi bazasida esa yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari tashkil etiladi.
Toshkent viloyatida Axaltek zotli otlarni ko‘paytirish va parvarishlash bo‘yicha «O‘zbegim otlari» MCHJ va sport otlarini ko‘paytirish bo‘yicha «O‘zbek sport otlari» MCHJ ot zavodlarini qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida 2018 yilga qadar Qorabayir zotli otlarni ko‘paytirish va parvarishlash bo‘yicha majmua qurilishi lozim.
2017−2019 yillarda Toshkent Markaziy otchopari rekonstruksiya qilinadi. Uning hududida Otlarni karantinlash va veterinariya markazi tashkil etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |