Qalb ohanglari
Download 1.2 Mb.
|
1 2
Bog'liqqalb ohanglari
SOF MUHABBAT
(hayotiy hikoya) Shunday gavdali, sog'lom erkak to'satdan kasal bo'lsa-ya, ishlari nima bo'ladi endi, tovarlarni yetkazib berishi lozim edi. Yordamchilari bir amallab eplashar. . . Kasalxona shiftiga termulgancha, Abbos aka shular haqida xayol sura boshladi. . . Bir necha kun oldingi bo'lib o'tgan voqealar birma-bir ko'z oldidan o'ta boshladi. Yarim kechada Abbos akani kuchli og'riq qiynab, o'rnidan turdi. "Nima bo'ldiykan-a, kechagina yaxshi edi, qizi Mehribon pishirib keltirgan issiqqina oshdan jindakkina tanovul qilgan edi, xolos, oshqozonimikan-a? Sal-pal og'rib turardi-ya? Ana shifokorga boraman, mana b oraman deb, shuncha kun o'tib ketdi Ana endi borsa ham boradi, bormasa ham o'sha diqqinafas shifoxonaga". Shunday o'y-xayollar bilan Abbos aka tez yordamga zo'rg'a telefon qildi. Uyda hech kim yo'q, qizi Mehribon kechagina xabar olib ketgan edi. Abbos aka yoshi 45-50 dan oshgan inson, lekin yoshiga nisbatan ancha ko'rkam, baquvvat ko'rinadi. Umrida kasalxonada yotmagan, hattoki dori ham ichmagan. Sho'rlik ayoli bilan atigi o'n yilgina birga yashashdi. Qizi to'qqiz yoshga kirganida, ayoli og'ir kasallikka uchradi va bu yorug' olamni tark etdi. Shundan keyin Abbos aka bor mehrini, hayotini, quvonchini yolg'izgina qizi Mehribonga bag'ishladi, faqatgina qizi uchun yashadi. Albatta, qo'ni-qo'shnilar, qarindoshlar yig'ilishib, uni uylantirib qo'yishmoqchi bo'lishdi. Lekin Abbos aka ularning taklifini rad etdi. O'ziyam ismi jismiga monand "jiddiy", "vazmin", "dovyurak", "jasoratli"inson-da. Shu bilan birga bir so'zli erkak. Abbos akani og'ir ahvolda tungi soat uchda kasalxonaga olib kelishdi. Qayerdandir eshitgan qizi Mehribon otasining yonida yig'lab turar, ota qiziga mehr bilan boqar-u, lekin gapirolmas edi. Vrach ayol bemorni tekshirgandan so'ng, zudlik bilan operatsiyaga tayyorlashni buyurdi. Abbos aka xayolida "bular vahima qilishadi, 2-3 kunda uyga ketarman deb o'yladi. . . " Abbos aka hushiga kelganida, dastlab qayerdaligini payqamadi. Unga tashxis qo'ygan vrach ayol: --Uyg'ondingizmi, yaxshimisiz, --deganidan keyingina qayerda yotganligini angladi. --Endi ketsam ham bo'lar, --dedi Abbos aka vrach ayolga tik qaramay. --Otdaysiz, uch-to'rt kunda tuzalib ketasiz, --dedi vrach ayol. --Muslima Abdurahmonovna, bemorning qizi otasini ko'rmoqchi, --hamshiraning gapi ularning suhbatini bo'ldi. --Mayli, --dedi vrach ayol kulimsirab, --kirsin, men keyingi bemordan xabar olaman, tezda tuzalib keting, --dedi-da, chiqib ketdi. Shifoxona yo'lagida bemorning qizi bilan to'qnash keldi, chiroylikkina ekan: --Singlim, bemorni ko'p urintirib qo'ymang, hali ko'p gapirish mumkin emas, --dedi. --Xo'p bo'ladi, duxturjonim, --dedi Mehribon va otasining yoniga kirib ketdi. Kunlar shu zaylda o'ta boshladi. Abbos aka ham asta-sekin tuzala boshladi. Qizi Mehribon hayron, otasi tuzalyapti-yu, lekin qizi so'raganida ko'kragining chap qismini ko'rsatib, salgina og'riyotganday qizim, deb qo'yar, ortiq gapirmasdi. . . Faqat bugina emas, Mehribon otasida ro'y berayotgan , avval ko'rmagan o'zgarishlarni sezdi va o'zicha bu o'zgarishlarning sababini tahlil qilar edi. Balki otasi og'ir xastalikdan keyin shunday o'zgargandir. . . Ertalab tongda Mehribon otasidan xabar olgani yana shifoxonaga yo'l oldi. Palataga kirganida o'z otasini taniyolmay qoldi, qarshisida yoshgina yigit turganday edi. Otasi yap-yangi ko'ylaklarni kiyib olgan, so'nggi rusum duxilardan sepib olgan, tuflisi yaraqlab turardi. Mehribon xursand holda: --Otajon ruxsat berishdimi, uyga ketamizmi? --deya otasidan so'radi. Bu savolni eshitgan Abbos aka tezda joyiga yotib oldi: --Yo'q, qizim, hali biron hafta davolanishim kerak ekan, uyga borsam kasalim qaytalanar ekan, vrach shunday dedilar. Endi sen ham qizim shuncha ovora bo'lding, men yaxshiman xudoga shukur, borib farzandlaringga, eringga, ro'zg'oringga qara qizim, men ancha yaxshiman, --dedi Abbos aka Mehribon otasidan ancha tinchlanib, uyiga qaytdi. Tog'ri-da, bir oydan beri kasalxonaga qatnaydi. Dam qaynonasidan, dam eridan eshitmagan gapi qolmadi. Tuni bilan mijja qoqmay hamma ishlarni saranjomlab qo'ysa ham, tong sahardan qaynonasining pichinglari, erining do'q-po'pisasidan uyg'onib ketadi. Endi gapni kasalxonadagi "bemor"dan eshitsak. Abbos aka ilk bora hushiga kelganida vrach ayolning qo'ng'iroqday muloyim ovozidan yuragi "jiz"etganday bo'luvdi-ya. . . Boshida e'tibor bermagan ekan, lekin kundan kun bu go'zal ayolga bog'lanib borayotganini his qilib borar, yuragidagi dardni kimga aytishini bilmas edi. Odatdagiday vrach ayol har ertalab bemorlaridan xabar olar, uning ovozini eshitishi bilan Abbos akaning yuragi xonasidan chiqib ketgandek tuyular. . . --Xo'sh, Abbos Zaripovich, soppa sog'siz, bugun sizga javob, --dedi vrach ayol kulimsirab. "Ey, ollohim mo'jizangdan aylanay, shunchalik ham go'zal ayol bo'ladimi? "Abbos aka bir zumgina xayolga berildi. . . Doimgidek shifokorning gapiga javoban bahona qidira boshladi. Zo'rg'a inqillaganday : --Yurganimda sal pal chap ko'kragim sanchilganday bo'ladi. Buning ustiga zinadan ham tusholmayman, --dedi. --Mayli, yana bir -ikki kundan keyin ko'raylik-chi, --dedi shifokor. Abbos aka quvonib ketdi, hech bo'lmasa, ikki kun xursand yuradi. Tavba, ilgarilari shifokorlar kasalxonada davolaning deyishsa, ular bilan urishib ketadigan Abbos aka, endi shifoxonani yaxshi ko'rib qolsa-ya? ! Tuni bilan mijja qoqmay to'lg'anib chiqdi, yuragidagi gaplarini qanday aytsin, kimga aytsin. . . Shifokorlar bayrami bo'ldi-yu, unga bahona topildi. Tezda gulchi o'rtoqlariga telefon qilib, tong sahardan vrachning xonasini gullar bilan bezattirdi. Kiraverishdan anvoyi gullar, xuddi jannatning o'zi. . . Vrach kelgunicha ulgurish kerak. . . Vrach ayol dastavval Abbos akaga ham hamma bemorlariday muomala qilar, unga unchalik e'tibor bermas edi. Shifokor ayol haqiqatdan ham siyrati va surati birdek go'zal, soch turmaklari o'ziga yarashgan, vazifasini mas'uliyat bilan ado etadigan, qo'l ostidagilariga qattiqqo'l ayol edi. O'tkir va ziyrak ko'zlari ko'p o'qiganligidan, inson psixologiyasini chuqur bilishidan dalolat berib turardi. Lekin shu bilan birga ko'zlarining chuqur ifodasidan achchiq hayot qamchisi uni ham bir chetda qoldirmaganini bilib olish mumkin, buni faqatgina diqqat bilan qaragan inson sezadi. Kasalxona eshigidan kirganida barcha tashvishlarini unutar, birinchi ish kunini boshlagan shifokorday mehr bilan ishga sho'ng'ib ketar edi. Ish bor joyda har qanday vaziyat bo'lishi mumkin, ayniqsa mish-mishlar, g'iybatlar. . . Bir ustozimning gaplari hamon esimda, g'iybatlardan zerikib yig'lab o'tirganimda, shunday deganlar:"Demak, sen insonsan --insonsanki, orqangdan gapirishadi, itning orqasidan hech kim gapirmaydi . . . " Abbos aka kasalxonada yotganida qishloqning yarmidan ko'pi undan xabar olishar, shu bilan birga " yangiliklardan xabardor"qiluvchilar ham kelib turishar edi. Kimdir bu kasalxonani maqtasa, kimlardir yomonlab, boshqa kasalxonada yotishini tavsiya qilishardi. . . Lekin Abbos aka mish-mishlarga umuman e'tibor bermas, o'zining shifokoriga butunlay ishonardi, uni bir kun ko'rmasa, ovozini eshitmasa, xomush tortib qolar, hech narsa yuragiga sig'mas edi. Shu xayollar og'ushida Abbos aka tong otib, shifokorlar keladigan vaqt bo'lganini sezmay qolibdi. Va nihoyat intiqib kutgan daqiqalar yaqinlashdi. . . Barcha hamshiralar zalda to'planishgan, ayrimlar shivir-shivirlab ham qo'yishar, atrof ajoyib bezatilgan edi. Shifoxona yo'lagidan tortib, vrach xonasigacha turfa gullar yastanib bayram bilan tabriklashar, ularning atri kishi yuragini yanada zavqlantirar edi . Nihoyat bo'limning qirolichasi kirib keldi. Hamshiralar qarsaklar bilan uni kutib olishdi. Kimlardir unga havas-la boqar, ayrim ko'zlargina pana joy axtarishar edi. . . Abbos aka palatasida qarsaklarni tinglab yotar, ko'nglini beg'ubor, sof va samimiy tuyg'ular o'rab olgan edi. To'satdan o'zida qandaydir kuch, g'ayrat, qat'iyat va ishonch to'pladi-yu, yo'lakka chiqdi. Endi barcha nigohlar unga qaratilgan, hamshiralar serial tomosha qilayotganday dam ayol shifokor tomon, dam Abbos akaga qarashar edi. Qirolichaning yuzidagi quvonchni ko'rsangiz edi, hattoki egnidagi ko'ylagi o'ziga yarashib turar. Shu bilan birga yuzida qandaydir bir hadik, qo'rquvga o'xshagan bir nima ham bor edi. Albatta, axir u ham bir oilaning bekasi, u ham ona , mehribon qaynona, vafoli yor, o'z sha'ni, g'ururini o'ylaydi. . . Lekin kunora bunday bemorlar uning hayotida uchrab turadi, chunki bemorlar xuddi yosh boladek bo' lishadi. Hattoki ayrim bemorlari unga minnatdorchilik evaziga qo'llaridan o'pib olishganiga kasalxonadagi hamshiralar bir necha bor guvoh bo'lishgan. Yangi ishga kelganida shifokor ayolning eri uni rashk qilar va kunora uylarida shu mavzudagi gaplar bo'lib o' tar edi. Lekin ayol o'z ishini yaxshi ko'rar, undan voz kecha olmas edi. Abbos aka shifokorga minnatdorchilik ko' zlari bilan boqib, shunday dedi: --Aziz shifokorlar, hamshiralar, umuman ana shu kasalxonada xizmat qilayotgan barcha mehribon insonlar!Sizlarning mehnatingiz tahsin-u olqishlarga loyiq, albatta. Kecha-yu kunduz qanchadan qancha bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun jonbozlik ko'rsatasiz. Aziz singlim, Muslimaxon!Shu mo'jizakor qo'llaringiz hech qachon dard neligini bilmasin, qalbingiz quyoshdek munavvar bo'lsin! Bayramingiz muborak bo'lsin aziz shifokorlar!Siz bor ekansiz biz bemorlar kasal bo'lishdan qo'rqmaymiz!, --dedi-yu, Abbos aka qo'lidagi guldastani shifokor ayolga uzatdi. So'ngra xayrlashib, keta boshladi. Qiyqiriqlar, qarsaklar, xursandchilik , tabriklar davom etar. . . Abbos aka kasalxonadan chiqib ketar ekan ko'zidan yosh tomchilaganini sezdi. Bu sevinch, mehr, sof muhabbat nurlari edi. . . Download 1.2 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling