Qaroqalpoq davlat universiteti
Download 5.01 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- 1. Avgust prinsipati
- 2. Rim siyosiy hayoti
- 3. Rim imperiyasi eramizning I asrida
- 4. Rim imperiyasining oltin davri (eramizning II asri)
Tayanch iboralar Nobillar, noyib Avl Gabili, Sezar, Sudxo’rlik, Pont podshosi Mitridat VI, Bolqon yarimoroli, Lutsiy Korneliy Sulla, Gay Mariy, Mitridat qo’shinlari, plebey, Gney Pompey, Spartak, Mutina shahri, Mark Krass, Pompey qo’shinlari, Armaniston, Katilina fitnasi, Galliya, Parfiya, Gay Oktavian Furin, Antoniy, Lepid, Sitseron. Tavsiya etiladigan adabiyotlar Karimov İ. A. Tarixiy xotirasiz kelajak yuk. Toshkent 1998. Boynazarov F. A. Kadimgi dunё tarixi. Toshkent 2004. Velley Paterkul. Rimskaya istoriya. Lutsiy Anney Flor. Epitomı, s. 123-162. Plutarx. Sravnitelnıe jizneopisaniya, t. 2, 3. Biografii Katona, Tsitserona, Antoniya, Bruta, Gaya Mariya, Sullı, Krassa, Pompeya, Tsezarya. Gay Sallyustiy Krisp. Sochineniya. M., 1981. Tsitseron. Rechi. V 2-x t. M., 1962. Tsitseron. Dialogi. M., 1966. 208 12-mavzu. Ilk imperiya davri. Rim imperiyasining oltin davri (eramizning II asri) Reja 1. Avgust prinsipati 2. Rim siyosiy hayoti 3. Rim imperiyasi eramizning I asrida 4. Rim imperiyasining oltin davri (eramizning II asri) 5. Ijtimoiy iqtisodiy hayot 1. Avgust prinsipati Aktsiy qo’ltig’idagi g’alaba natijasida 33 yoshli Oktavian (er. avv 30-yildan. eramizning 14-yiligacha) ulkan davlatning yagona hukmdoriga aylandi. U diktatura va umrbod senzorlikdan voz kechdi, hech kim uni podsholikka intilmoqda deb o’ylamasligi uchun Romul nomini va dominus (janob) unvonini inkor qildi. Oktavian er. avv. 30-yildan plebey tribuni hokimiyatiga ega edi, er. avv. 29-yilda senatdan qo’shin qo’mondoni, va ichki va tashqi siyosat sohalarida oliy hokimiyatda egalikni bildiradigan umrbod imperator unvonini oldi. Er. avv. 28-yilda senatda navbatdagi tozalashni o’tkazib Oktavian senatning printsepsi (“birinchi”-latin tilidan to’g’ridan- to’g’ri tarjimasi) unvonini oldi. Respublika rimida printseps unvoni senatorlar ro’yxatidagi eng keksa va eng hurmatli fuqaroni senatdagi o’rnini bildirar edi. Bu unvon Oktavianga o’z fikrini birinchi bo’lib bildirishga va senatning qaroriga ta’sir qilishga imkon yaratdi. Senat unga Avgust (“Xudolar ulug’lagan”) unvonini berib, uning hokimiyatini muqaddas ekanligini ta’kidladi. Bundan tashqari Oktavian Avgust oliy harbiy hokimiyatga egaligi, umrbod konsul, xalq tribuni bo’lganligi uchun “veto” (ta’qiq) huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ldi. Oktavian hokimiyatining moddiy asosini unga shaxsan qaram bo’lgan provintsiyalardan keladigan daromadlar va senat xazinasi bilan yonma – yon ta’sis etilgan printseps xazinasi-fisk tashkil qildi. Uning davrida respublika muassasalari senat, konsullar, kvestorlar lavozimi saqlab qolinib, barcha mansabdor shaxslar ma’lum bir muddatga saylanar edi. Avgust senatdan barcha ozod qo’yilgan qullarni chiqarib unga Italiya munitsipiylari va koloniyalarining zodagonlarini kiritdi. O’zining hokimiyati uchun xavfli bo’lgan yirik yer egalari va boylarni ijtimoiy ahvolini turli tadbirlar bilan mustahkamladi va ularni o’ziga moyil qildi. Oktavian Avgustni yana bir tabaqa suvoriylar qo’llab quvvatladi. Bu tabaqaga printseps muhim imtiyozlarni berdi. Suvoriylar uchun 400000 sestertsiy mulk senzi belgilanib, eski respublika an’analari bilan bog’lanmagan bu qatlamga boylik orttirgan mulkdorlar kiritildi. Ba’zi bir yuqori mansablar suvoriylarga berildi. Oktavian shaharning quyi qatlamlarini ham o’z tomoniga og’dirib olish uchun ularga tekin non tarqatib, tomoshalar uyushtirdi. O’sha davrda Rimda yashagan million aholidan kamida 200000 kishi davlatdan bepul non olar edi. Avgust hokimiyatining asosiy tayanchi qo’shin edi. Legionerlarga oylik muntazam to’lab turildi. Qo’shin professional bo’lib Rim fuqarosi harbiy xizmatga kirgan vaqtda-shaxsan printsepsga sodiqlik to’g’risida qasamiyod qilar edi. Harbiy xizmat 25 yil qilib belgilandi. Provinsiyalardagi fuqarolar yordamchi qo’shinlar 209 tarkibida xizmat qilar edi. Lashkarboshilik qobiliyati bo’lmagan va urushlar olib borishni yoqtirmagan imperator imperiyaning hududlarini kengaytirishni emas, balki mavjud bo’lgan hududlar chegaralarini mustahkamlashni afzal ko’rdi. Faqat Er. avv. I asr oxirida Oktavianning vorislari davrida Alp tog’lari hududi va Dunay havzasida keng hududlar bosib olindi. Bosib olingan bu hududlarda Pannoniya va Meziya provinsiyalari tashkil etildi. Imperiyaning shimoldagi chegaralari Reyn va Dunay daryolari bo’ldi. Rimliklarni Reyn va Elba daryolari havzasida o’rnashib german provinsiyasini tashkil qilishga urinishlari to’la mag’lubiyat bilan tugadi. Xerusk qabilari yo’lboshchisi Arminiy boshchiligida Tevtonburg o’rmonida Rimning uch legioni tor- mor qilindi. Oktavian sharqda urush harakatlarini olib bormadi. Parfiya bilan diplomatik aloqalar o’rnatildi. Er. avv. 20-yilda parfiyaliklar bilan tinchlik shartnomasi tuzilib, rim qo’shinlarini er. avv. 53-, 40- va 36-yillardagi mag’lubiyatlari natijasida bosib olingan asirlar, bayroqlar rimliklarga hamda garovga olingan zodagon rimliklar qaytarib berildi. Ikki davlat o’rtasidagi chegara Frot daryosi bo’yicha belgilandi. Oktavian Kichik Osiyo va Suriyaning sharqida Rimga qaram, vassal davlatlarni saqlab qoldi. Qo’zg’olonchi Galliya er. avv. 27-yilda to’la bo’ysundirilib, 4 provinsiya: Narbon Galliyasi, Lugdun Galliyasi, Belgika va Akvitaniyaga rasman bo’lindi. Pireney yarim orolining shimoliy-g’arbida jangovar astur va kantabr qabilalari bilan er. avv. 28-19-yillarda og’ir urush olib borilib, bu urush er. avv. 19-yilda g’alaba bilan tugallandi. Shundan so’ng Pireney yarim oroli uch provinsiya: Tarrakon Ispaniyasi, Luzitaniya va Betika tashkil qilindi. Rimliklar er. avv. 25-15-yillarda salass, ret va vindelik qabilalarini bo’ysundirib, Retsiya provinsiyasini tashkil qildilar. Rimda urush vaqtida ochib qo’yiladigan Yanus ibodatxonasi eshiklari Oktavianni o’zi bosh kohin sifatida tinchlik davri boshlanganini bildirib, tantanali yopdi. Yo’llardagi va dengizdagi qaroqchilik tugatildi. Avgust o’ziga shaxsan bo’ysunadigan, uni hayoti uchun ma’sul bo’lgan shaxsiy qo’riqchi pretorian qismi (gvardiya)ni tuzdi. Avgust davrida Rimda ilk bor o’t o’chirish qismlari tuzildi. Oktavian murosalar olib borishga juda usta bo’lib senat bilan hokimiyatni bo’lishdi. Provinsiyalar imperator va senat o’rtasida taqsimlandi. Misr imperatorning shaxsiy mulki hisoblanar edi. Boy va strategik jihatdan muhim bo’lgan provinsiyalar imperatorning bevosita nazorati ostida bo’lib, legatlar tomonidan boshqarilar edi. Senat ixtiyoridagi provinsiyalarga ham amalda imperator hokimiyati nazorati ostida edi. Davlat boshqaruv apparatini tartibga solish bilan birga Oktavian rim jamiyati va oilasini mustahkamlaydigan bir qancha qonunlarni qabul qildi. Qonunlar foxishabozlikni, erga xiyonatni, isrofgarchilikni qattiq jazoladi. Qadimgi rim urf- odat, an’analarini qayta tiklashga tomon yo’l tutildi, oila mustahkamlanib, ko’p bolalik oila rag’batlantirildi. Senator va suvoriylarga ozod qo’yilgan qullar bilan nikoh taqiqlandi. Qullarni ozodlikka chiqarish cheklandi. Vasiyat bo’yicha ozod qilinadigan qullar soni kamaytirildi. Boshqa bir qonunga xo’jayin qul tomonidan shu vaqtda uyda bo’lgan barcha qullar o’lim jazosiga hukm qilinar edi. 210 Avgust qadimgi rim diniy an’analarini qayta tiklashga harakat qildi. Buzilgan ibodatxonalar qayta tiklandi. Shu bilan birga sharqdan kelgan yangi xudo va ma’budalar ta’qib ostiga olindi. Rimda magiya va astrologiya ta’qiqlandi. Oktavian kasalmand kishi bo’lsada 44 yil hukmronlik qildi, 76 yoshida eramizning 14-yilida vafot qildi. Uning hokimiyatini birinchi xotini Liviyaning birinchi nikohidan bo’lgan o’g’li Tiberiy Klavdiy Neron (14-37-yillar) egalladi. Yangi printsepsning hokimiyatga kelishi hech kimning e’tiroziga sabab bo’lmadi, chunki boshqaruvni yangi shakli amalda o’z samarasini ko’rsatdi. Bundan tashqari unga ko’nikma hosil bo’lgan edi. Tiberiy shijoatli lashkarboshi va qobiliyatli boshqaruvchi edi. Boshqa Tiberiy Oktavianning siyosiy yo’li va qoidalarini davom ettirib senat bilan to’la kelishuv asosida davlatni boshqardi. Tiberiy komisiyalardan saylov va sud funksiyalarini olib senatga berdi. U iqtisodiy jihatdan tejamkorlik siyosatini olib bordi (o’zidan keyin xazinada 2 mlrd. 700 mln. sestersiy qoldirdi). Provinsiyalar boshqaruvini yaxshilashga urindi va jamiyat ma’naviy hayotini sog’lomlashtirishga harakat qildi. Eskicha turmush tarzidan voz kechishni istamagan hukmdor tabaqa barcha islohotlarga norozilik bildirib, passiv qarshilik ko’rsatdi. Tiberiyga qarshi fitna uyushtirildi. Imperator 26-yilda Rimdan Kapri oroliga ko’chib o’tdi va 10 yil shu yerda yashadi. 77 yoshli kasal imperator 37-yil mart oyida pretor prefekti Makron buyrug’i bilan bo’g’ib o’ldirildi. 2. Rim siyosiy hayoti Eramizning 14-yilida Avgust o’limidan so’ng uning merosxo’rlari Tiberiy Klavdiy, Neron, Kaligula va Klavdiy Neronlar imperatorlik taxtini egalladilar. Lekin ularning hukmronligining so’nggi yillarida siyosiy raqiblar bilan qonli kurash va prinsepsni o’ldirilishi bilan tugallandi. Kaligula o’ldirildi, Neron esa o’z- o’zini o’ldirdi. Senat bilan prensepsning qarama-qarshiligi eski Rimnobilitetini munisipal va provinsiya zodagonlari bilan siqib chiqarish jarayonini o’zida aks ettirdi. An’anaviy-senator suvoriylar elitasining siyosiy tushkunligi bilan pretorian gvardiyasi boshliqlarini ahamiyati oshdi. Agar Tiberiyni senat hokimiyat tepasiga keltirgan bo’lsa, 33 yildan so’ng uning jiyani Klavdiyni pretorian gvardiyasi imperator deb e’lon qildi. Buning evaziga yangi imperator har bir pretorian gvardiyachisiga 15 ming sestersiy miqdorida mukofot berdi. Senat hukmdorning shaxsiy qo’riqchilari (pretorian gvardiyasi) qabul qilgan qarorlarni tasdiqlaydigan oddiy tashkilotga aylandi. Tez orada qo’shin ham o’zining siyosiy huquqini talab qilib chiqdi. Eramizning 68 yillari qonli fuqarolar urushi natijasida Tit Flaviy Vespasianni imperator deb e’lon qildi. Vespasian fuqorolar urushida qo’shinning qo’llab-quvvatlashi bilan g’olib chiqib, Flaviylar sulolasiga asos soldi. Flaviy va uning birinchi merosxo’rlari davrida Rim davlati ma’lum darajada mustahkamlandi. Davlat xazinasi to’ldirildi. Flaviylar provinsiya zodagonlaridan senat tarkibini to’ldirdilar va senat bilan murosa qilgan holda ichki va tashqi siyosatni olib bordilar. Faqat Vespasianning kichik o’g’li Domisian davrida siyosiy terrorning yangi to’lqini boshlandi. Domisian cheklanmagan hokimiyatga intilib, senatni o’zini xudo 211 va hukmdor deb e’lon qilishga majbur qildi va o’zi raqib deb hisoblagan senator va boshqa boy fuqarolarni qatag’onlarni uyushtirdi. Shu sababli u eramizning 19-yili fitnachilar tomonidan o’ldirildi. Domitsian o’ldirilganidan so’ng 100 davomida imperatorlar senat bilan kelishgan holda davlatni boshqardilar. Imperatorlar provinsiyalar ravnaqi uchun qator tadbirlarni amalga oshirdilar, g’olibona tashqi urushlar olib bordilar, imperiya chegaralarini tashqi dushmanlardan himoya qildilar. Shuningdek ular rimning qadimgi urf-odatlari va an’analariga hurmat bilan qaradilar. Fan va san’atga homiylik qildilar. Ayniqsa Italiyadan tashqarida tug’ilgan birinchi Rim askar imperatori Mark Ulpiy Trayan va imperator-faylasuf Mark-Avreliy Antonin davlat hokimiyatini va jamiyatni barqaror rivojlanishi uchun o’zlarining namunali ichki va tashqi siyosatlari bilan shuhrat qozondilar. Eramizning I-II asrlarida Rim imperiyasining tashqi siyosati mudofaa xarakteriga ega bo’ldi. Keyinchalik imperiya hududlari bir qadar kengaydi. Britaniya oroli Rim imperiyasi provinsiyasiga aylandi. Afrika va Bolqonda yangi provinsiyalar paydo bo’ldi, ammo bepoyon hududlarda barqarorlikni saqlab turish provinsiyalarda tez-tez ko’tarilgan qo’zg’olonlar faol istilochilik siyosatini olib borishga xalaqit berdi. Galliya va Yahudiyada kuchli qo’zg’olonlar, quyi dunyodagi daklar, shimoldagi german qabilalari, sharqda esa Parfiyaning kuchayishi Rim davlatining chegaralari mudofaasini kuchaytirishni talab qildi. Imperatorlar Trayan, Adrian va Mark Avreliy davrida yaxlit mudofaa liniyalari shakllandi. Adrian davrida Rim fuqaroligiga ega bo’lmagan provinsiya aholisi ham legionlarga harbiy xizmatga qabul qilina boshlandi. Eramizning I–II asrlarida printsepslar hokimiyatining moddiy asoslari kuchaydi. Provinsiyalarning ko’pchiligini daromadlari imperator xazinasi (fisk)ga tushdi. 3. Rim imperiyasi eramizning I asrida Rim imperiyasida I asr davomida ikki sulola hokimiyatni boshqardi. Tiberiyning vorisi Germanikning o’g’li 24 yoshli Gay Sezar Kaligula (37-41-yillar) hokimiyatni egalladi. Kaligula badjaxl, axloqan buzuq, o’ta mag’rur, takabbur shaxs edi. Dastlab u senat bilan kelishgan holda ichki va tashqi siyosatni olib bordi, soliqlarni kamaytirdi. Bir necha oy ichida u isrofgarchilik bilan Tiberiydan qolgan xazinani turli tomosha, mo’l-ko’l sovg’alar bilan talon-taroj qildi. Kaligula o’zini “Janob” (Dominis) va “Xudo” deb e’lon qilib, omma oldida Yupiter qiyofasidagi kiyimlarda chiqdi. Bu aqlsiz imperatorning hukmronligi uch yil davom etib 41-yil yanvar oyida pretor tribuni Kassiy Xerey boshchiligidagi fitnachilar tomonidan o’ldirildi. Pretor qismlari Kaligulaning 50 yoshli tog’asi Tiberiy Klavdiy Neronni (41-54- yillar) imperator deb e’lon qildilar. Klavdiy senat bilan munosabatni yaxshiladi. O’zining senatdan mustaqil bo’lgan ma’muriyatini tuzdi. Uning ma’muriyati bir necha muasssasalardan tashkil topib, ularni ozod qo’yilgan qullar boshqardilar. Klavdiy davrida boshqaruvni markazlashuvi va imperatorning shaxsiy hokimiyatini kuchayishi kuzatildi. Klavdiy hokimiyati qo’shin, turli tekin tomosha va xayr-sadaqa beriladigan Rim plebsi hamda provinsiyalarning zodagonlariga tayandi. Tashqi siyosatda urushlar o’rniga diplomatic vositalar qo’llanila boshlandi, faqat 43-yilda Britaniyaga harbiy ekspeditsiya uyushtirildi. Klavdiyning ikkinchi xotini 33 yoshli 212 Agrippina 54-yilda uni zaharlab o’ldirdi va o’zini 17 yoshli o’g’li Neron Klavdiy Sezarni (54-68-yillar) taxtga chiqardi. Neron Yuliy Klavdiylar sulolasining ko’zga ko’ringan vakillaridan biri. U axloqan buzuq, shafqatsiz kishi edi, o’z onasi Agrippinani (62-yil), ukasi Britanikni (55-yil), xotini Oktaviani (62-yil), ikkinchi xotini Poppeya Sabinani (65-yil) o’ldirdi. Neron senat bilan murosa qilishni istamadi. Pulga muhtoj bo’lgani uchun juda ko’p senatorlarni, zodagonlarni qatl etib, ularning mol-mulkini o’zlashtirib oldi. Uning davrida imperator saroyi harajatlari haddan tashqari oshib ketdi. Neronning o’zi musiqa va qo’shiqchilik bilan shug’ullanib, sahnada o’ynar edi, Yunonistonga shoirlar ko’rigiga qatnashdi. Rimda 64-yilda juda katta yong’in bo’lib, u bir hafta davom etdi va shaharning 14 kvartalidan 10 tasi to’la yonib ketdi. Yong’indan keyin Palatin va Eskvilin tepaliklari o’rtasida 270 ga. maydonga Neron uchun hashamatli “oltin” saroy qurildi. Xalq ommasi o’rtasida Rimdagi yong’inni asosiy sababchisi Neron deb mish-mish tarqaldi. Neron yong’in aybdori deb rimdagi nasroniylar jamoasini aybdor deb topib, ularni ommaviy qatl qildi. Imperatorning shafqatsizligi, uning zo’ravonligi zodagonlarni keskin noroziligini keltirib chiqardi. Unga qarshi fitna uyushtirildi (65-yil). Fitna fosh etildi va fitnachilar shafqatsiz jazolandi. Ularning ichida faylasuf-sitoik Lutsiy Anney Seneka, uning jiyani shoir Mark Anney Lukan va yozuvchi Gay Petroniy Arbitrlar bor edi. Siyosiy vaziyat keskinlashdi, Parfiya bilan Armaniston uchun uzoq davom etgan urush (66- yil) Rimning mag’lubiyati bilan tugadi. Neron oxirgi 2 yil hukmronligi davrida davlat boshqaruvidan umuman chetlashdi. Britaniyada urush davom etib, 66-yilda Yahudiyada qo’zg’olon boshlandi. Neron hukmronligiga qarshi ommaviy norozilik boshlandi. Galliya, Germaniya va Ispaniyada unga qarshi 68-yil bahorida legionlar qo’zg’olon ko’tardilar. Taxt vorisligiga 70 yoshli zodagon Serviy Sulpitsiy Gal`ba nomzodi qo’yildi. Neronni hech kim himoya qilmadi, hatto pretorian qismlari ham Galba tomoniga o’tdi. Neron yashirinishga urindi, lekin yashirina olmadi. Dushmanlar qo’liga tushmaslik uchun u o’zini qilichga tashladi. Neronning o’limi bilan Yuliylar-Klavdiylar sulolasi hukmronligi nihoyasiga yetdi. Rim imperiyasining navbatdagi hukmdori qisqa vaqtga 68-69-yillarda sarkarda Galba bo’ldi. Taxtga Italiya provinsiya zodagonlaridan kelib chiqqan o’z legionlariga tayanib Tit Flaviy Vespasian chiqdi (69-79-yillar). U lashkarboshi sifatida Yahudiya urushi davrida tanildi. Vespasian yangi Flaviylar sulolasini boshlab berdi. Bu sulolaga yana ikki imperator Vespasianning o’g’illari Tit va Domitsianlar kirdi. Vespasian uzoqni ko’ra biladigan aqlli hukmdor sifatida imperiyani iqtisodiy va moliyaviy kuchini nisbatan tez va samarali tikladi. Davlat xarajatlarini qoplash uchun 40 mlrd. sestersiy kerak edi. Imperator tejab-tergasga kirishib, xarajatlarni qisqartirdi va yangi soliqlarni joriy qildi. Hatto u dafn va Rim jamoa tuaetlariga ham soliq soldi. Imperator Rim fuqaroligi huquqini mo’l-ko’l tarqatdi hamda senatorlar va suvoriylar toifasini provinsiya zodagonlari, boyib ketgan ozod qo’yilgan qullar bilan to’ldirdi. Flaviylar davridan boshlab imperatorlar provinsiya zodagonlariga bevosita tayana boshladilar. Vespaian 70 yoshida 79-yil iyunida vafot qildi. Uning o’g’li Tit 79-81- yillar taxtga chiqib 42 yoshga yetmasdan bezgak kasaligidan vafot qildi. Tit davrida mashhur Vezuviy vulqoni otilib, Pompey va Gerkulanum shaharlari kul ostiga qoldi 213 (79-yil). Flaviylarning so’ngi vakili Domitsian (81-96-yillar) bo’lib o’zining mutlaq hokimiyatini o’rnatishga harakat qildi va 45 yoshida fitnachilar tomonidan o’ldirildi. 4. Rim imperiyasining oltin davri (eramizning II asri) Domitsian o’limidan keyin senat 66 yoshli senator Mark Koksey Nervani (96- 98-yillar) imperator etib sayladi. Uning hukmronligi bilan II asrdan Rim imperiyasida Antoniylar sulolasi hukmronligi boshlandi. Bu sulolani eng taniqli vakillaridan biri Mark Ul`piy Trayan bo’ldi. Trayan Ispaniyada tug’ilgan bo’lib, yuqori Germaniya noibi edi. Imperator Nerva qo’shinda obro’-e’tiborli bo’lgan Trayanni asrandi o’g’il va voris qilib tayinlashga majbur bo’ldi. Trayan 98-117-yillar Rim imperiyasiga hukmronlik qilgan paytdan imperiya o’zining iqtisodiy-siyosiy va madaniy taraqqiyotining eng yuqori cho’qqisiga chiqdi (96-196-yillar). Trayan davrida Rimning oxirgi istilochilik urushlari olib borildi. U faol tashqi siyosat olib borib, imperiya hududlarini kengaytirdi. Uning davrida legionlar soni 30 taga yetkazildi. Kuchli Rim qo’shinlari 101-103-yillar va 105-107-yillarda Dunay bo’ylaridagi kuchli Dakiya podsholigini bo’ysundirdi, Dakiyani podshosi Detsebal asir olindi. Dakiya Rim provinsiyasiga aylandi. Dakiyaning bosib olinishi natijasida uning boy oltin va tuz konlari katta o’lja bo’ldi. Dakiya g’alabasiga bag’ishlab Rimda 123 kun davom etgan tomoshalar ko’rsatildi, Plebsga mo’l-ko’l sadaqa ulashildi, ajoyib Trayan termalari (hammomlari), yangi suv quvuri hamda 30 m.li Trayan kolonnasi bunyod etildi. Trayan Parfiyadan Mesopotamiya va Armanistonni tortib olish uchun 113-yil urush boshladi, keyingi yil Armanistonni bosib olib, uni provinsiyaga aylantirdi. G’ayratli imperator 115-116-yillarda Parfiya podshosi Vologes IV qo’shinlarini tor- mor qilib, uning poytaxti Ktesifonni egalladi, butun Mesopotamiyani fors qo’ltig’igacha bosib oldi. Mahalliy aholini Rim bosqinidan noroziligi va sharqiy provinsiyalarda vaziyatni notinchligi Trayanni legionlarni Frot qirg’og’idan olib ketishga majbur qildi. Sharqda yangi bosib olingan yerlarni rimliklar qo’ldan chiqardilar. Italiyaga qaytishda Kilikiyada Trayan kasal bo’lib 117-yil avgustida vafot qildi. Taxtga Trayanning jiyani, 41 yoshli asrandi o’g’li Publiy Eliy Adrian chiqdi (117-138-yillar). U Trayanga loyiq juda yaxshi ma’lumot olgan, ajoyib boshqaruvchi, tajribali sarkarda, aqlli va uzoqni ko’ra oladigan siyosatchi sifatida o’z oldiga turgan muammolarni juda yaxshi tushunar edi. Adrian davlat resurslarini to’la tugaganini va Sharqda bosqinchilik siyosatini samarasizligini anglab yetib, Parfiya bilan Frot daryosi bo’yicha chegaralarini tiklash sharti bilan tinchlik shartnomasini tuzdi. Adrian imperiyaning sharqiy chegaralarida kuchli mudofaa inshootlarini bunyod qildi. Ana shunday tadbirlar natijasida Parfiya bilan tinchlik 44 yil saqlandi. Sharqda ishlarni tugallab Adrian Yevropa va Afrikada imperiya chegaralarini mustahkamlash maqsadida chegara istehkomlarini qurish bo’yicha ulkan ishlar amalga oshirdi. Ana shunday istehkomlardan biri Adrian vali (istehkomi) Britaniyada hozirgacha saqlanib qolgan. Adrian qo’shinni yuqori jangovar holatda saqlab turishga katta e’tibor berdi. U legionlarni Rim yoki latin fuqaroligi bo’lmagan provinsiya aholisidan to’ldirishga ruxsat berdi, chunki qo’shinga xizmat qilishga xohish bildirgan fuqarolar soni 214 keskin qisqardi. Rim harbiy mashinasini varvarlashtirish uchun asos ana shunday yaratildi. Adrian davlat boshqaruvi tizimini mustahkamlashga qaratilgan qator tadbirlkarni amalga oshirdi. U printseps kengashini qayta tashkil qildi, kengash tarkibiga oliy amaldorlar, muassasa rahbarlari va yirik yuristlar jalb qilindi. Adrian boshqaruvga suvoriylar toifasini ko’plab vakillarini taklif qildi. U davlat pochtasini joriy qildi, provinsiyalar boshqaruvini qayta tuzib, noiblar faoliyati ustidan doimiy nazorat o’rnatdi. Adrian uzoq sayohat qildi va ko’plab inshootlarni bunyod qildi: Venera va Roma ibodatxonalarini, mashhur Rim panteonini qurdi. Antoniylar sulolasini taniqli vakillaridan biri tarixga taxtdagi faylasuf sifatida kirgan Mark Avreliy edi. Mark Avreliy uchun davlat manfaatlari hamma narsadan yuqori bo’lib, imperiya taqdiri uchun o’z ma’suliyatini to’la anglab yetgan edi. U senator va suvoriy toifalari bilan inoqlikda ish olib bordi, senat tarkibiga ko’pgina provinsiya zodagonlarini, ayniqsa kelib chiqishi Sharqdan va Afrikadan bo’lgan nufuzli kishilarni kiritdi. Mark Avreliy (161-yildan 180-yilgacha) 19 yil hukmronlik qildi, unga qarshi shu yillar davomida birorta ham fitna uyushtirilmadi. U 180-yilda 59 yoshida Vindobona (Vena) shahrida vafot qildi. Rimda uning sharafiga kolonna bunyod etildi. Uning merosxo’ri 18 yoshli o’g’li Kommod (180-193-yillar) imperator bo’ldi. Antoniylar sulolasining so’ngi vakili Kommod qo’pol, shafqatsiz va maishatparast hukmdor edi. Otasining o’limidan keyin Kommod kvad va markomann qabilalari bilan urushni tugatib, 180- yilda Rimga qaytdi. Davlat boshqaruvini o’zining ochko’z yaqinlariga topshirib, kayf-safoga berildi. Xotinini qatl etib, buzuqchilk yo’liga kirdi. Katta jismoniy kuchga ega bo’lgan imperator o’zini rimlik Gerkules deb e’lon qildi, omma oldiga arslon terisiga yopinib yelkasida kaltak bilan paydo bo’lar edi. Amfiteatr sahnasida gladiator sifatida chiqdi. Oxir-oqibatda es- hushini yo’qotib kalendarning barcha oylarini o’z nomiga o’zgartirdi, hatto Rimning nomini o’zgartirib uni “Kommod” shahri deb atashga buyruq berdi. Kommodga qarshi 183-yilda fitna uyushtrildi, lekin u amalga oshmadi, shundan so’ng senatorlar toifasiga qarshi taqib qatllar avj oldi. Pannoniya va Britaniyada norozilik harakatlari, daklar va mavrlar qo’zg’olonlari qo’shin tomonidan zo’rg’a bostirildi. 192-yilning oxirgi kunida aqlsiz imperatorning mashuqasi va qo’riqchilar boshlig’i fitnasi natijasida Kommod o’ldirildi. Boshqaruv tizimi va apparati imperator qo’lida to’plana boshladi.Senat o’z siyosiy mavqeini yo’qotishi bilan uning tarkibi ham o’zgardi. Respublika davrida yuqori mavqega ega bo’lgan zodagon oilalari fuqarolar urushi va proskripsiyalarning qurboni bo’ldilar. Qolganlari esa kambag’allashib qoldi. Printsipatning birinchi yillarida ularning o’rniga suvoriylar, munitsipiylardan chiqqan boy-zodagonlar egalladilar. Klavdiy davrida senat tarkibiga gall qabilasi ekvlarning romanlashgan zodagonlari uchun yo’l ochildi. Vespasian davrida senatga munitsipiylar koloniyalari va provinsiyalardan yangi kishilar kiritildi. Eramizning I asri so’ngida kelib chiqishi gallardan bo’lgan kishilar kiritildi. Keyingi 100 yillik boshida senat tarkibida Kichik Osiyo va Afrikadan kelgan senatorlar, ko’pgina yunonlar uchraydi. Qadimgi Rim nobilitetining vakillari senatda deyarli qolmadi va ular bilan birga senatdagi muxolifat kayfiyati ham yo’qoldi. 215 Printsepslar hokimiyatini yana bir tayanchi suvoriylar edi. Ularning ijtimoiy tarkibi ham o’zgardi. Yangi suvoriylarning kelib chiqishi Italiya munisipiylari va provinsiyalardan edi. Suvoriylarning yuqori qatlamini eng avvalo boyib ketgan moliya zodagonlari, o’rta qatlamni esa davlat xizmatiga ko’tarilgan amaldorlar tashkil qildi. Suvoriylarga prokuratorlar lavozimi, provinsiyalardagi printseps mulklarini boshqaruvi, pretorian gvardiyasi prefekti, politsiya xizmati qo’riqchilarining prefekti kabi lavozimlar ajratildi. Adrian davrida suvoriylar printsepsning shaxsiy kantselyariyasida xizmat qila boshladilar. Shu vaqtgacha printsepsning shaxsiy kantselyariyasida barcha ishlarni imperatorlarning ozod qo’yilgan qullari bajarar edi. Imperatorlar shahar plebeylariga nisbatan respublika davri Rim zodagonlarining siyosatini davom ettirdilar. Rimda avvalgidek 200 000 kishiga tekin non tarqatilar edi. Rimning oddiy aholisi hech qanday siyosiy huquqqa ega emas edi. Ularning bir qismi ishlab chiqarish bilan, ko’pchiligi davlatdan tekin non olib zodagonlarning uylarida klient majburiyatini bajarar edilar. Download 5.01 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling