Qarshi davlat universiteti tarix fakulteti jahon tarixi kafedrasi
Tadqiqotda qo‘llanilgan metodikaning tavsifi
Download 3.39 Mb.
|
Odilbek ilmiy ish
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ish tuzilmasining xajmi.
Tadqiqotda qo‘llanilgan metodikaning tavsifi. Mazkur tadqiqot ishida tarix fanining tarixiylik, xolislik, xronologik ketma-ketlilik, qiyosiy tahlil usullardan foydalandik.
Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati. XIV – XV asrda Amir Temur va temuriylar davrida sodir bo‘lgan tarixiy-madaniy jarayonlar manbalar asosida ochib berilgan; Amir Temur va temuriylar davri yuritilgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat mintaqadagi siyosiy barqarorlikni ma’lum muddat ta’minlanganligi bu davrdagi o‘zbek xalqi davlatchiligi an’analarning takomillashuviga o‘z hissasini qo‘shganligi aniqlangan; tadqiqot natijalarining ishonchliligi ishda o‘rganilgan ma’lum bir muammo yozma, ayrim hollarda moddiy manbalar bilan taqqoslangan holda yoritilib, biz tanlagan mavzuga doir ilmiy izlanishlardagi fikr-mulohazalar jalb qilingani, tarixshunoslik fanida e’tirof etilgan usullar hamda ilmiy-nazariy yondashuvlarning qo‘llanilgani, ilmiy-tarixiy adabiyotlardan foydalanilgani, xulosalar hamda tavsiyalarning amaliyotga joriy etilganligi bilan izohlanadi. Tadqiqot ma’lumotlari oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimimda ma’ruzalar, risolalar, magistrlik dissertatsiyalari, BMIlar, kurs ishlari, referatlar tayyorlashda hamda turli ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishda ham asosiy qo‘llanmalardan biri sifatida xizmat qilаdi. Ish tuzilmasining xajmi. Mazkur dissertatsiya kirish, uch bob va olti paragraf, xulosa, foydalanilgan manba va adabiyotlar ro‘yxati hamda ilova qismlaridan tashkil topgan bo‘lib, tadqiqot qismi 97 sahifadan iborat. I BOB. O‘RTA OSIYODA IKKINCHI RENESSANS DAVRI VA UNING XUSUSIYATLARI 1.1 Mintaqada markazlashgan davlatning tashkil topishi Buyuk davlat arbobi va mahoratli sarkarda Amir Temur 1336-yil 9-aprelda (hijriy 736, sha’bon oyining 25 kunida) Keshga qarashli Xo‘ja Ilg‘or (hozirgi Yakkabog‘ tumani) qishlog‘ida barlos beklaridan biri Amir Tarag‘ay ibn Barqal oilasida dunyoga keldi. Temurning onasi Takinaxotun Keshning obro‘li bekalaridan biri bo‘lgan15. Temurning bolaligi va o‘spirinlik yillari Keshda o‘tdi. Ibn Arabshoh, Ryui Gonzales de Klavixo va boshqa tarixchilar 1360-yilga qadar uning hayotini ayrim ma’lumotlar bilan izohlashgan. XIV asrning 50-60 yillariga kelib Chig‘atoy ulusi hududlarida o‘zaro parokandalik va o‘zboshimchalik hukm surar edi. Chig‘atoy xoni Temurshoh zo‘rg‘a ikki yilga yaqin (1358-1359) hukmronlik qildi. Shundan so‘ng o‘zlarini anchadan beri mustaqil tutayotgan bekliklar rasman shu darajaga da’vogar bo‘lib chiqa boshladilar. Keshda Hoji Barlos o‘zini mustaqil deb e’lon qilgach, so‘ng Xo‘jandda Boyazid Jaloyir, Balxda O‘ljoy Bug‘o suldus, Shibirg‘onda Muhammadxo‘ja Apverdi nayman, Xuttalon va Arhang saroyda amir Kayxusrav va O‘ljoy Apverdi, Totkand va Saripulda Xizr Yasavuriy hamda Qo‘histonda amir Sotilmishlar o‘zlarini mustaqil deb e’lon qildilar. Ayirmachilik harakati kuchayib, hokimiyat, boylik yo‘lida beklar o‘zaro kurashlar domiga tortildi. Bu urushlar shundoq ham ahvoli nochor bo‘lgan aholi boshiga ko‘p kulfatlar soldi16. 1360-1361 yillarda Mo‘g‘uliston hukmdori hoqon To‘g‘luq Temur Movarounnahrning ichki hayotiga rahna sola boshlaydi. Uning bosqinchilik tadbirlari Movarounnahr hukmdorlariga ma’lum bo‘lganidan keyin, ular sarosimaga tushib qolganlar. Shular qatoriga Kesh amiri Hoji Barlosni ham kiritish mumkin. To‘g‘luq Temur Xo‘jandni ishg‘ol etish niyatida Sirdaryodan o‘tganidan so‘ng, Movarounnahr amirlari va Hoji Barlos qo‘rquvdan o‘z jonlarini xalos etish uchun Amudaryodan o‘tib Xurosonga ketib qoldilar. Temur o‘z hududini mo‘g‘ul bosqinchilaridan himoya qilish maqsadida To‘g‘luq Temur xizmatiga o‘tdi. Temur unga Kesh va uning atrofidagi yerlarni boshqarishni topshirdi. 1360-1370 yillarda Movarounnahr siyosiy hayotida Amir Temur bilan bir qatorda ta’sir o‘tkazgan shaxslardan yana biri Amir Qozog‘onning nabirasi Amir Husayn edi. Balx va uning atrofidagi yer-mulklar uning tasarrufida edi. 1361 yilda Temur Amir Husayn bilan yaqinlashib ikkala hokim birlashgan holda, mo‘g‘ul xonlariga qarshilik ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldilar. Vaqti kelib, Movarounnahrni boshqarishni Tug‘luq Temur o‘z o‘g‘li Ilyosxo‘jaga topshirdi. Mustaqil bo‘lishga harakat qilib yurgan Temur yangi hukmdorga itoat etmadi. Buning oqibatida yangi ziddiyat yuzaga chiqdi. Amir Xusayn bilan Amir Temurning bir-birlari bilan yaqinlashgan va yaxshi munosabatda bo‘lgan davrlar 1361-1365 yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda Temur ma’lum qiyinchiliklarni ham boshidan kechiradi17. Temur hayotida ro‘y bergan va bir umrga unga tan jarohatini muhrlagan voqea 1362-yilda Seyistonda bo‘lib o‘tgan. Amir Temur jang vaqtida o‘ng qo‘lini tirsagidan va o‘ng oyog‘idan kamon o‘qi tegishidan qattiq jarohatlandi. Buning oqibatida u bir umr oqsoqlanib yuradi. Shu bois undan dahshatga tushgan dushmanlari Amir Temurni hasad bilan “Temurlang” deb atashgan18. Tug‘luq Temur o‘limidan so‘ng, 1363-yilda Movarounnahr tuprog‘idan haydalgan mo‘g‘ul xoni Ilyosxo‘ja yangidan katta lashkar bilan avvalgi mulklarini egallab olish maqsadida Movarounnahr tomon harakat qila boshlaydi. Mo‘g‘ul xoni ayniqsa o‘zining raqiblariga nisbatan qahrli kayfiyatda ekanligi ham ma’lum edi. 1363-1364 yillarda Temur va Husayn mo‘g‘ullarni uch marotaba mag‘lubiyatga uchratdilar. Temur va Amir Husayn bo‘lg‘usi qaqshatqich to‘qnashuvga imkon boricha harbiy kuchlarni yig‘dilar. Tarixda “Loy jangi” nomi bilan kirgan mazkur jang Chinoz bilan Toshkent o‘rtasida 1365-yilning 22-may kuni bo‘lgan. Temur va Amir Husayn Chirchiq daryosi bo‘yidagi bu jangda mag‘lubiyatga uchraganlar. Mazkur mag‘lubiyat sabablaridan biri Amir Husaynning sust va layoqatsizlik bilan harakat qilishi bo‘ldi. Qayta urinish behuda ekanligini anglab etgan Amir Temur jang maydonini tark etib, qolgan-qutgan askarlari bilan Samarqand tomon qaytib ketgan. Temur so‘ngra Kesh tomonga yo‘l oldi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, bu paytda Movarounnahrning bosh amiri Husayn edi. Biror qarorga kelish esa uning irodasiga bog‘liq bo‘lgan. Shu sababli Temur ham uning ko‘rsatmasi bilan, ko‘p hollarda Husaynning roziligi bilan ish tutishga majbur edi. Samarqand shahri, qolaversa, butun Movarounnahr o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Mo‘g‘ul xoni changalidan qutulish samarqandliklarning o‘ziga bog‘liq edi. Bu sharoitda Samarqand mudofaasini sarbadorlar o‘z qo‘llariga oldilar. Sarbadorlar mo‘g‘ullar zulmidan ozod bo‘lish yo‘lida o‘zlarini qurbon qilishga tayyor edilar. Sarbadorlar harakati XIV asrning 30-yillarida Eronda ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida paydo bo‘lib, 50-60-yillarda Movarounnahrga ham yoyildi. Harakat qatnashchilarining asosiy maqsadi mo‘g‘ul istilochilari va zulm o‘tkazuvchi mahalliy qatlamlarga qarshi kurash edi19. Xurosondagi singari Samarqandda ham bu harakat qatnashchilarning ijtimoiy tarkibi aynan bir xil bo‘lgan. Hunarmandlar, do‘kondorlar ayrim madrasa mudarrislari va talabalar mazkur harakatga faol qo‘shildilar. Ilyosxo‘ja to‘g‘ridan-to‘g‘ri Samarqandga tomon yo‘l oldi. Shahar jome’ masjidiga yig‘ilgan aholi oldida sarbadorlarning bo‘lajak rahbarlaridan biri bo‘lgan, madrasa mudarrisi Mavlonozoda so‘z olib, shaharning har bir a’zosidan katta miqdorda soliq va to‘lov yig‘ib, uni o‘z bilganicha sarf etib yurgan hukmdorning shaharni o‘z holiga tashlab qo‘yganligini uqtirib o‘tadi20. Mudofaa rahbarligiga Mavlonozoda qatoriga Xo‘rdak Buxoriy va Abu Bakr Kalaviy ham qo‘shildilar. Mudofaa tashkil etilganligidan xabarsiz mo‘g‘ullar hukmdorsiz shaharni himoyasiz deb o‘ylashardi. Ularning asosiy qo‘shinlari shaharga kiraverishdagi bosh ko‘chadan hujum qiladilar. Xavf-xatardan shubhasi bo‘lmagan bosqinchilar Mavlonozoda kamonchilari bilan pistirmada turgan joyga yaqinlashganlarida to‘satdan kamon o‘qlariga duch keldilar. Shahar mudofaachilari mo‘g‘ullarga uch tarafdan hujum qildilar. Birinchi hamladayoq shaharni egallaymiz deb o‘ylab, bostirib kirgan mo‘g‘ullar katta talofat ko‘rib, orqaga chekinishga majbur bo‘ldilar. Samarqandliklarning ishlab chiqqan harbiy rejasi puxta chiqdi va o‘z samarasini berdi. Bir necha hujum samarasiz tugagach, mo‘g‘ullar shahar atrofini qurshab olib, uzoq vaqt qamal qilish rejasini o‘ylab chiqdilar. Lekin, lashkar safida yuqumli kasallik tarqaldi. Buni ot vabosi (o‘lati) deb atashadi. O‘lat oqibatida Ilyosxo‘ja qo‘shinlariga mansub otlarning katta qismi qirilib ketdi. Ilyosxo‘ja katta yo‘qotishlar bilan dastlab Samarqandni, keyin esa Movarounnahrni tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Shu paytda Keshda bo‘lgan Temur bu xabarni Amudaryo bo‘ylarida bo‘lgan Amir Husaynga yetkazdi. 1366-yilning bahorida ular Samarqandga etib keladilar va sarbadorlar rahbarlarini o‘z huzurlariga chorladilar. Uchrashuv Samarqanddagi Konigul degan joyda bo‘ldi. Bu yerda sarbadorlarning rahbarlari bilan kelishmovchilik yuz beradi va ular qatl etiladilar. Temurning iltimosi bilan faqat Mavlonozoda omon qoldirilib, Xurosonga jo‘natiladi. Sarbadorlar harakati bostirilgandan so‘ng, Amir Husayn va Temur o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashadi. Bunga Amir Husaynning sarbadorlarga nisbatan adolatsizligi ham bir qadar sabab bo‘lgan edi21. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Amir Husayn tanlagan yo‘l parokandalik va bosh-boshdoqlik sari yetaklar, Temur esa buni yaxshi anglab yetgan edi. Amir Husaynning ochko‘z va makkor siyosati ko‘pchilik harbiylar, qabila boshliqlarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Husayn ko‘plab amirlardan katta o‘lja, pul talab qila boshladi, siquvlar amalga oshirila boshlandi. Temur o‘z safdoshlariga to‘lovlarda yordam berdi, ularning qarzlarini to‘lashda, tarixchi Sharofiddin Ali Yazdiyning yozishicha, hatto o‘z xotinini taqinchoqlarini ham ayamagan. Temurning saxovati va olijanobligi ko‘plab amirlarning unga bo‘lgan hurmatini oshirdi. Aksincha Amir Husaynning obro‘-e’tibori tobora pasaya boshladi22. 1366-1370-yillar oralig‘ida Amir Temur o‘z e’tiborini ichki ishlarga qaratdi. Amir Husayn turli fitna-fasodlar yo‘liga o‘tib, Temurga qarshi zimdan kurash boshladi. Amir Husayn va Amir Temur o‘rtasidagi ziddiyatlar 1370-yilda Husaynning o‘ldirilishi va Amir Temurning taxtga o‘tirishi bilan yakunlandi. Movarounnahrning amaldagi xoni Chingizxon avlodiga mansub bo‘lgan Suyurg‘otmish (1370-1388) qo‘liga o‘tdi. Davlat boshqaruv tizimi esa Movarounnahr amiri nomini olgan Amir Temir qo‘lida qoldi hamda u Kesh shahridan Samarqandga ko‘chib, uni o‘z davlatining poytaxtiga aylantirdi. Mazkur davrga kelib Amir Temur dono va irodali hukmdor, uzoqni ko‘zlovchi davlat arbobi ekanligi yaqqol namoyon bo‘la boshladi. Harbiy bo‘linmalar boshliqlari etib amirlardan Joku, Hoji Sayfiddin, Abbos, Iskandar, A’lam Shayx, Alayka qavchin, Ardasher qavchin, Qori inoq va boshqalar tayin etildi. 1370-yilda Shibirg‘on hokimi Zinda Chashmdan boshqa barcha amir va qabila boshliqlari Temur hokimiyatini tan olgan edi. Zinda Chashm ayirmachilik yo‘lini davom ettirib, Balx va Termez atroflaridagi yerlarni ham talon-taroj qila boshladi. Zinda Chashm sa’y-harakatlariga qarshi Amir Temur Joku barlos boshchiligidagi qo‘shinni jo‘natdi. Zinda Chashm mahv etilib, Samarqandga jo‘natildi. Amir Temur unga oliyhimmat munosabatda bo‘lib, avf etdi23. Murakkab va ziddiyatli davrda Amir Temur Movarounnahrdagi birlashtirish siyosatini boshlagan edi. U Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida turgan yerlarni o‘ziga bo‘ysundirib, itoat ettirdi. Farg‘ona, Shosh viloyatlarini o‘z tasarrufiga kiritish unga qiyin bo‘lmadi. Sirdaryoning quyi oqimidagi Oltin O‘rdaga qarashli yerlarni egallashda u bu yerlardagi ichki sulolaviy urushlardan foydalandi. Amir Temur Xorazmni ham qaytadan Movarounnahrga kiritishga intildi. 1372 yilda Husayn So‘fi Amir Temurga boj to‘lamasdan, buning ustiga Sohibqiron tomonidan yuborilgan elchiga shunday javob berdi: “Men mamlakatni qilich bilan fath etganman, shuning uchun ham uni faqat qilich bilan olish mumkin”. O‘sha yili Amir Temur Xorazmga qo‘shin tortib keladi. Urganchga borish uchun Qiyot shahri orqali o‘tish kerak edi, bu shahar bir oz qarshilik ko‘rsatgandan keyin Temur qo‘shini tomonidan ishg‘ol qilinadi. Qiyotning qo‘ldan ketishi Husayn So‘figa kuchli ta’sir ko‘rsatdi. U Amir Temur bilan yarashishga, uni talablarini bajarishga rozi bo‘ladi. Lekin, ayrim hokimlar Amir Temurning tezda baland martabaga erishishini ko‘rolmay, Husaynni unga qarshi gij-gijlay boshladilar. Husayn ularning yordamiga ishonib, Amir Temurga qarshi chiqadi, ammo u tomonidan tor-mor etiladi. Shundan so‘ng Husayn Urganch qal’asiga berkinadi va tezda vafot etadi. Uning o‘rniga akasi Yusuf So‘fi (1372) hokimiyatga keladi va Amir Temur bilan yarash shartnomasi tuzadi. Lekin, u yarash shartlarini xiyonatkorona buzib, Amir Temur qaytib ketganidan keyin Qiyot shahrini bosib oladi va unga qarshi ochiqdan-ochiq dushmanlik harakatlariga o‘tadi. Shundan so‘ng Amir Temur Xorazmga ikkinchi marotaba yurish qilishga majbur bo‘ladi. (1373-1374 yy.). Ammo bu harbiy to‘qnashuvgacha bormaydi, chunki Yusuf Amir Temurga tavba qilib yarash shartlarini so‘zsiz bajarishga va’da beradi. Bu ikkinchi yurish natijasida Janubiy Xorazm Amir Temur davlati tarkibiga kiradi24. 1374 yildan keyin Amir Temur Xorazmga uch marotaba yurish qildi. Buning sababi Oltin O‘rda xoni To‘xtamishning Xorazmga da’vosi tufayli edi. 1387-1388 yillarda To‘xtamish, Amir Temurning Movarounnahrda yo‘qligidan foydalanib, Xorazmga hujum qildi. Xorazm hokimi bo‘lgan Sulaymon So‘fini Amir Temurga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishga undadi. Sulaymon So‘fi bunga rozi bo‘ldi. Bu voqealar Amir Temurni 1388 yili Xorazmga yana yurishga majbur etdi. Temur Urganchni ishg‘ol qildi va sufiylar sulolasini tugatdi. Shu vaqtdan buyon Xorazm Amir Temur davlati tarkibiga, keyin esa Temuriylar davlati tarkibiga kirgan. Shunday qilib, Yettisuvdagi va Sirdaryo etaklaridagi yerlardan tashqari, Turkiston yerlarining hammasi Amir Temur qo‘liga o‘tdi. Amir Temurning harbiy yurishlari tarixda “uch yillik” (1386-1388) “besh yillik” (1392-1396) “yetti yillik” (1399-1405) urushlar deb nom olgan. Temur 1381 yilda Hirotga yurish qiladi. Bu davrda Hirotni kurdlar sulolasi boshqarar edi. Ularning hukmdori G‘iyosiddin Pir Ali Temurga qattiq qarshilik ko‘rsatmadi. Lekin, 1383 yilda Hirotda qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Qo‘zg‘olon bostirildi va kurdlar sulolasi qulashi bilan sarbadorlarning so‘nggi hokimi bo‘lgan Ali Muayyod ixtiyoriy suratda o‘z yerlari va hokimiyatini Temurga topshirdi. XIV asrning 80-yillari o‘rtasiga kelib butun Xuroson Amir Temur ixtiyoriga o‘tdi. “Uch yillik” urush davrida Amir Temur Ozarbayjon, Tabriz, Mozandaron, G‘ilonni bo‘ysundiradi. Shundan keyin u Kavkazga yurish boshlab, Tiflis, Arzirum va Van qal’asini egalladi25. Amir Temur Jo‘chi ulusi tarkibiga bir vaqtlar kirgan Oq O‘rda va Oltin O‘rda hamda Mo‘g‘uliston hokimlari bilan bir necha yillar davomida kurash olib borishiga to‘g‘ri keldi. Mazkur kurashdan ko‘zlangan asosiy maqsad avvalo, mamlakat shimoliy qismlarini ko‘gmanchi to‘dalar hujumidan muhofaza etish, Jo‘chi ulusi tarkibiga kirgan yerlarni zaiflashtirgan holda o‘z saltanati ta’sir doirasiga olish bo‘lgan. Amir Temur Mo‘g‘ulistonga qarshi kurashi o‘n to‘qqiz yil (1371-1390) davom etib, bu kurashda u avval Anqo to‘ra, so‘ngra Qamariddin singari xonlarni mag‘lub etdi. Shu tariqa mo‘g‘ul xonlarning Sirdaryo bo‘ylari, Farg‘ona vodiysiga solgan xavf-xatarlariga chek qo‘yildi. Jo‘chi ulusidagi parokandalik davrida Oq O‘rda xoni Mang‘ishloq hokimi To‘yxo‘ja o‘g‘lonni o‘ldirdi. To‘yxo‘janing o‘g‘li To‘xtamish o‘z hayoti xavfsizligini o‘ylab, Samarqandga, Amir Temur huzuriga qochib keldi. Amir Temur unga muruvvat ko‘rsatib, davlat manfaatlarini o‘ylagan holda hokimiyatni olish yo‘lida yordam berdi. To‘xtamish o‘z raqiblaridan uch marotaba mag‘lubiyatga uchrasada, har gal Amir Temur uni oyoqqa turg‘izishga yordam berdi. Oq O‘rda xoni Urusxon Temurga qarshi jang qilishga botina olmadi. Urusxon vafotidan so‘ng Amir Temur To‘xtamishga 1376 yili taxtni uzil-kesil egallashiga yordam berdi. Shimolda To‘xtamishning taxtga chiqishi Amir Temur saltanati xavfu-xatardan saqlanishga yordam berishi, qolaversa ishonchli ittifoqchi yuzaga kelishidan sohibqironning o‘zi ham shubasiz, manfaatdor edi. Lekin, To‘xtamishxon berilgan yordam, ko‘rsatilgan muruvvatni tezda unutdi. Ikkala o‘rdani birlashtirib olgach, talonchilik va jabr zulmni kuchaytirdi. Rim, Volga bo‘yi, Shimoliy Kavkaz xalqlari uning zulmidan qattiq aziyat cheka boshladilar. To‘xtamishxon 1385 yil Temurga qarashli Ozarbayjonni egallashga harakat qildi26. 1388 yil yanvarida Amir Temurning qaytishini kutgan dushman orqaga qayta boshladi. Amir Temur amirlari Husayn, Shayx Ali Bahodir va boshqalarga dushmanni daf qilishni topshirdi. Ular Sirdaryo bo‘yidagi Sarisuv degan joyda dushmanni quvib yetib unga katta talofat yetkazdilar. To‘xtamish 1388 yil oxirida Amir Temurga qarshi qayta hujum boshladi. Amir Temur esa urushga tayyorlanish uchun Sagoron (Kattaqo‘rg‘on)da qarorgohini tikib, qo‘shinlarini jangovar holatga keltirdi. Amir Temur dushmanning orqa tarafidan hujum qilish uchun Qo‘ng‘i o‘g‘lon, Temur Qutlug‘ o‘g‘lon, Shayx Ali Bahodir qo‘mondonligidagi qo‘shinlarni yuboradi. Hujum muvaffaqiyatli bo‘ldi. Dushman tor-mor etilib, To‘xtamish zo‘rg‘a qochib qutuldi. 1393-1394 yili Amir Temur Sheki (Ozarbayjonning shimoliy qismi)da turgan paytda To‘xtamish Kavkazorti viloyatlariga hujum qildi. Amir Temur Shekidan chiqib Qura daryosi bo‘ylab yurdi. Oltin o‘rdaliklar Amir Temur qo‘shinlari kelayotganini eshitib, chekinishga majbur bo‘ldilar. 1395 yil aprelida Terek daryosi bo‘yida Amir Temur va To‘xtamish o‘rtasida urush harakatlari yana boshlanib ketdi. Jangning asosiy qismi o‘ng qanotda bo‘ldi. Amir Temur zahira qo‘shin bilan jangga kirdi va dushmanni chekinishga majbur qildi. To‘xtamish uchinchi jangdan keyin hokimiyatdan ajraldi. To‘xtamish qo‘shinining Terek daryosi bo‘yida tor-mor etilishi va 1395 yilda Saroy Berkaning xaroba qilinishi Oltin O‘rdaga juda kuchli zarba bo‘ldi. Shundan keyin u o‘zini o‘nglay olmadi. Oltin O‘rdaga berilgan qaqshatqich zarba Rusni mo‘g‘ul bosqinchilaridan ozod bo‘lishiga ijobiy ta’sir etdi27. Amir Temurning bir mamlakatga qilgan yurishlari uning boshqa mamlakatlarga qilgan yurishlari bilan ketma-ket borganligini urush voqealari ko‘rsatib turadi. Amir Temur Ozarbayjonga bir necha marotaba hujum qilib bordi va 1387 yilda uni bo‘ysundirishga muyassar bo‘ldi. Armaniston va Gruziyani Amir Temur 1392 yilda bo‘ysundiradi. Temurning uzoq Hindistonga yurishi 1399 yilda tamomlandi28. 1400 yilda Amir Temur qo‘shinlari turk sultoni Boyazid Yildirim va Misr sultoni Faraj bilan kurash olib bordilar. 1402 yili 20 iyulda Amir Temur Anqara yonida Boyazid bilan ikkinchi marta to‘qnashdi va uni tor-mor etdi. Usmoniylar mag‘lubiyati Yevropa xalqlari uchun ijobiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Turklar Yevropaga o‘z hujumlarini 50 yil orqaga surdilar. Amir Temur o‘z qo‘shinlari bilan 1404 yilning oxirida Xitoyga qarab yo‘lga chiqadi. O‘sha yili qish O‘rta Osiyo tarixida eng qahraton qishlaridan biri bo‘lgan. Sirdaryoning suvi 1 metrga muzlagan, askarlardan ko‘pini quloq-burunlari, qo‘l-oyoqlarini sovuq olgan edi. Amir Temurning o‘zi ham ko‘p o‘tmay shamollab qoladi. 1405 yil yanvar oyining o‘rtalarida O‘trorda to‘xtashga qaror qilishadi va bu yerda 18 fevral kuni buyuk jahongir Sohibqiron Amir Temur vafot etdi. Amir Temur 35 yil davomida harbiy yurishlar qildi. Bu yurishlar natijasida u buyuk saltanat barpo qilishga erishdi. Uning tarkibiga Movarounnahr, Xorazm, Kaspiy atrofidagi viloyatlar, hozirgi Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, Iroq, Janubiy Rossiya, Kavkaz va G‘arbiy Osiyoning bir qator mamlakatlari jami 27 ta o‘lka kiradi. Amir Temurning muvaffaqiyatiga avvalo uning nodir harbiy iste’dodi sabab bo‘ldi. Amir Temur qo‘shinida qat’iy tartib va intizom o‘rnatilgan edi. Har bir jang rejasini va barcha qismlar uchun yo‘l-yo‘riqlarni o‘zi ishlab chiqardi. Uning harbiy iste’dodi Anqara yaqinida Sulton Boyazidga qarshi jangda ayniqsa yorqin namoyon bo‘ldi. Armiyaning yuragi va qo‘mondonlik o‘zagini barlos urug‘i vakillari tashkil etardi. Shu davr voqealarining shohidi bo‘lganlarning guvohlik berishicha barloslar harbiy ishga nihoyatda chidamli, yoydan o‘q uzishga juda usta, o‘z hukmdorlariga sodiq va sabr-toqatli bo‘lganlar29. Amir Temur ichki va tashqi savdo taraqqiyotiga katta ahamiyat berdi. Uning sa’y-harakati bois Buyuk ipak yo‘li tarmog‘i Movarounnahrga qaytdi, savdo yo‘llari xavfsizligiga, Sharq va G‘arb savdo munosabatlariga katta e’tibor bilan qaraldi. Sohibqironning Fransiya qiroli Karl VI ga yozgan xatidagi quyidagi mulohazalar e’tiborga sazovordir: “Siz o‘z savdogarlaringizni mening saltanatimga yuboring, biz ularni iliq qarshi olib, izzat-ikrom ko‘rsatamiz. Biz ham o‘z savdogarlarimizni sizning yurtingizga yo‘llaymiz. Siz ham ularga hurmat ko‘rsating, ularga ortiqcha tazyiqlar qilinishiga yo‘l qo‘ymang. Sizga bundan bo‘lak talabim yo‘q. Zero dunyo savdo ahli ila obod bo‘lajak!” Shubhasiz, buyuk Temurning yuqoridagi mulohazalari XXI asrdagi yangicha tartibdagi savdo-iqtisodiy munosabatlarda muhim o‘rin egallaydi. Nizomiddin Shomiy o‘zining «Zafarnoma» asarida shunday deb yozgan edi: «... Uning adolatiyu siyosati o‘rnatilgan kunlarda Movarounnahrning eng chekka joylaridangina emas, balki Xo‘tan chegarasidan Dehli va Kanboyit atroflarigacha, Bobul Avbobdan to Misr va Rum hududigacha bo‘lgan yerlardan savdogarlar u yoqda tursin, bolalaru beva xotinlar ham ipakli matolar, oltin-kumush va eng zarur tijorat mollarini keltirardilar va olib ketardilar. Hech bir kimsa ularning bir doniga ham ko‘z olaytira olmaydi va bir dirhamiga ham ziyon yetkazmaydi. Bu cheksiz ne’mat va poyonsiz marhamatlar Amir Sohibqironning siyosati va adolati natijasidandur». 1404 yili Temur saltanatida bo‘lgan Rui Gonsales de Klavixo ham savdo-sotiq munosabatlarining yuqori darajada taraqqiy etganligini, savdo ahliga ko‘rsatilayotgan muruvvat, xavfsizlik choralari, Movarounnahr bozorlarining serhashamligini alohida qayd etgan edi30. Amir Temur XIV asrdayoq “Kuch - adolatda” shiorini davlat siyosati mavqei darajasiga olib chiqdi. Umri davomida sohibqiron bu shiorni o‘ziga dasturul – amal qilib oldi. Temur davlatidagi bu ahloqiy-ma’naviy mezon hamma davrlar uchun e’tiborli bo‘lib, hozirgi kunga qadar insoniyat hayotida dolzarb ahamiyat kasb etib kelmoqda. Amir Temur harbiy san’at, soliq siyosati, raiyatga munosabatda, o‘z davlat boshqaruvi tizimida, qo‘l ostidagilarga munosabatda ham ushbu tamoyilga qat’iy amal qildi31. Amir Temur o‘z hukmronligi davrida mutaassiblik, ayirmachilik, mazhabchilik ko‘rinishlariga yo‘l bermadi. Osoyishtalik, tinchlik-xotirjamlik, xavfsizlik borasida ahamiyatga molik ishlarni amalga oshirdi. Bu xususda sohibqiron, “... saltanatimning u chetidan bu chetigacha biror bolakay boshida bir lagan tilla ko‘tarib o‘tadigan bo‘lsa, bir donasiga ham zarar yetmaydigan tartib-intizom o‘rnatdim”, deya qayd qilgan edi. Amir Temur qurilish, obodonchilik ishlariga ulkan e’tibor bilan qaradi. Mo‘g‘ul istibdodidan meros bo‘lmish xonavayronchilikka chek qo‘ydi. Uning tashabbusi ila Turkistonda Ahmad Yassaviy maqbarasi, Toshkentda Shayx Zayniddin bobo maqbarasi, shahar yaqinida Zangi ota maqbarasi, Shahrisabzda Oqsaroy, Samarqandda Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi, Shohi Zindadagi qator maqbaralar, shaharda saroy va istehkom, karvonsaroylar, hammomlar, ko‘priklar, honaqolar, ko‘chalar, shahar yaqinidagi bog‘lar va boshqalar barpo etildi. Bu xususida Sohibqiron “Agar qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurdirgan imoratlarga boqing”, deya ta’kidlagan edi. Amir Temur sa’y-harakati bilan mamlakatda ilm-fan, madaniyat taraqqiyotiga keng yo‘l ochildi. Bu esa keyingi temuriylar hukmronligi davrida yaqqol o‘zini namoyon qildi. Download 3.39 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling