Qarshi davlat universiteti tarix fakulteti jahon tarixi kafedrasi
Temuriylar davri madaniyatining o‘ziga xos jihatlari
Download 3.39 Mb.
|
Odilbek ilmiy ish
1.2 Temuriylar davri madaniyatining o‘ziga xos jihatlari
Jahon xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti mislsiz darajada rivojlanib, globallashuv jarayonining qamrovi g‘oyat keng ko‘lamda kuchayib borayotgan hozirgi davrda insoniyat kelgusi hayotga, ayniqsa, jahon sivilizatsiyasining taqdiri va barqarorligiga ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan bebaho ilmiy-adabiy, ma’naviy-madaniy qadriyatlarni keng ko‘lamda o‘rganish va targ‘ib etish bilan bevosita bog‘liq bo‘lib turibdi. O‘rta asrlarda yashagan buyuk allomalar mislsiz dahosining mahsuli o‘laroq, yuzaga kelgan beqiyos ilmiy merosni yangi tamoyillar asosida tadqiq etish, ular tomonidan yaratilgan ilmiy kashfiyotlarning dunyo tomonidan rivojlangan o‘rnini belgilashda va Sharq xalqlari ilmiy tafakkurining jahonshumul ahamiyatini ko‘rsatib berish taqozo etilmoqda. “Sharq” geografik tushuncha sifatida, dunyoning ikki qutbidan birini ifodalashi bilan birga qadimdan ko‘plab xalq va elat-larning betakror madaniyati hamda o‘ziga xos tamaddunini aks ettiruvchi makon o‘laroq, dunyo taraqqiyotida alohida o‘ziga xos salohiyatga ega hisoblanadi. Sharq Uyg‘onishi Yevropada ham tan olingan. “O‘sha paytda (XIII – XVI asrlarda) jaholat changalidagi Yevropaning ko‘p qismida musulmonlar ilm chirog‘ini yoqdilar...”, ispanlar yozuvi ham, shimoliy oriylar yozuvi ham Osiyodan olingan; shimoli-g‘arbiy va sharqiy Yevropa madaniyati yunon-rumo-arab urug‘laridan unib chiqqandir” (Gerder). “Platon, Aristotel asarlari ham Yevropaga dastlab arabcha tarjima va tahlillar orqali kirib borganlar. “Sharqliklar G‘arbni Aristotel falsafasi bilan yaratganlar” (Gegel). Aniq fanlar va ularni o‘rganish usullarini, dehqonchilik va chorvachilik ishlarini, dengizda suzish, harbiy texnikani Yevropaga Sharqdan olib rivojlantirdi. “Matematika, kimyo, algebra sohasida musulmonlarning xizmatlari buyuk... bu fanlarda musulmonlar Yevropaning muallimlari bo‘lib qoldilar” (Gerder). Yevropa Uyg‘onish davri adiblari A.Dante, Petrarka, J.Bokach-cho Sharq ilm-fan, adabiy asarlaridan ilhomlanishgan A.Dante “Bazm”, “Ilohiy komediya” asarlarida Ibn Sino va Ibn Rushdni o‘z ustozlari qatorida ehtirom bilan tilga olgan. Ahmad Farg‘oniy asarlaridan foydalanganini aytadi32. Rus adibi V.Sulginskiy yozadiki: “G‘arb – oqil, Sharq – donishmand, G‘arb – kenglik, Sharq – teranlik, G‘arb – harakat bilan yashagan, Sharq esa orzu-umid bilan.” Agar G‘arbning atoqli insonlari faol bo‘lsalar, Sharqda ular faylasuflardir. Olimlar Sharq afsonalarida nafaqat chuqur falsafiy tizimlar, balki hamma falsafiy omillar, hind-yevropa mifologiyasining ifodasini topdilar. G‘arbga nisbatan bir necha asr oldin Sharqda Yer yuzidagi hamma jonzotlarning evolyutsiyasi haqidagi ta’limot ishlab chiqilgan edi33. Bir paytlar Sharq dunyoga dong‘i taralgan olimlar, shoirlar hamda faylasuflar vatani deyilgan. Markaziy Osiyo xalqlarining iqtisodiy-madaniy omillari ezgulik, bunyodkorlik va umuminsoniy taraqqiyotga xizmat qilib, ular mintaqamiz sivilizatsiyasining bosh g‘oyasi sifatida bugungi kunda ham amalda bo‘lib, kelmoqda va ajdodlarimiz asos solgan o‘lmas g‘oyalar izchil davom etmoqda. Chunki, har qanday sivilizatsiya ko‘pdan-ko‘p xalqlar, millatlar, elatlar faoliyati samarali ta’sirining mahsuli hisoblanadi . So‘nggi davrda Markaziy Osiyo va qo‘shni hududlarda olib borilgan tarixiy, arxeologik va etnografik tadqiqotlar mazkur mintaqada qadimgi Sharq sivilizatsiyasining shakllanishi va rivojlanishida o‘ziga xos o‘rin tutganligini ko‘rsatuvchi ko‘plab ashyoviy dalillarni yuzaga chiqardi. Ularga asoslanib, “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi”, “O‘rta Osiyo sivilizatsiyasi”, “Turon yoki Turkiston sivilizatsiyasi” kabi tarixiy tushunchalar ilmiy tadqi-qotlarda keng foydalanilmoqda34. Turon sivilizatsiyasi Zaratushtra davridan (miloddan avvalgi VIII-VII asrlar) to payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam zamonasigacha (VII-VIII asrlar) bir necha bor yuksalishi bilan birga inqirozli paytlarni ham boshidan kechirgan. Shunga qaramasdan qadimgi sivilizatsiya o‘z rivojida uzluksiz davom etgan. Qadimgi yunon tarixchisi Diodor: “Baqtriya ming shaharli mamlakat”, deb bejiz aytmagan edi. IX-XII asrlarda qudratli Somo-niylar, Qoraxoniylar va Xorazmshohlar davrida butun Sharqda bo‘lgani kabi Turonda ham buyuk Uyg‘onish – Renessans yuz bergan. IX-XII asrlarda Sharqdagi Uyg‘onish davri madaniyati o‘z navbatida Movarounnahr o‘lkasiga katta ta’sir ko‘rsatgan35. “Renessans” so‘zi – fransuzcha “Renaitre” – qayta yuzaga kelmoq, yangidan tug‘ilmoq, - degan ma’nolarni anglatadi36. “Musulmon – Sharq Renessansi” tushunchalari tarix faniga taniqli olmon sharqshunosi Adam Mets (1876-1946) tomonidan XX asr boshlarida kiritilgan. Olim “Sharq” tushunchasini tarixiy mazmunda ishlatib, O‘rta yer dengizidan to subkontinentgacha bo‘lgan yurtlarni va uning IX-XII asrlardagi madaniyatining yuksaklarga ko‘tarilgan-ligini ko‘zda tutgan. Mazkur o‘lkalar qadimiy sivilizatsiya beshigidir37. “Tarix Sharqdan boshlanadi” deb tarixchilarning ta’kidla-shiga sabab shuki, shu yurtlarda miloddan avvalgi III ming yilik-larda ilk shaharlar, davlatlar, fan, madaniyat va jahon dinlari shakllangan. Elam, Shumer, Sakiston, Belujiston, Xarappa, Turon sivilizatsiyasi o‘choqlari bunyodga kelgan. Turon qadimgi jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismidir. Uyg‘onish davri – Renessans Markaziy Osiyo, Eron, Xitoy (X-XII va XV asrlar), G‘arbiy Yevropada yuz bergan alohida madaniy va tafakkur taraqqiyot davri hisoblanadi. “Renessans” atamasi dastlab Italiyadagi madaniy va ma’naviy yuksalish (XIV-XVI asrlar)ga nisbatan qo‘llanilgan. Uni o‘rta asrchilik turg‘unligidan yangi davrga o‘tish bosqichi, deb baholaganlar. Madaniyat tarixida “Uyg‘onish” (Renessans), degan tushuncha mavjud bo‘lib, uni ko‘proq o‘rta asr Yevropasiga nisbatan, asosan XIX asrdan ishlatib kelingan. U ijtimoiy – ma’naviy hayotning barcha jabhalaridagi jonlanishni, ko‘tarilishning bir paytda, bir-varakayiga to‘g‘ri kelishini ko‘zda tutadi. Masalan, Ispaniyada XIV-XVI asrlarda shunday bo‘lgan38. Sobiq Sovet davrida tarix va o‘quv adabiyotlarida faqat G‘arb Uyg‘onish davri haqida gap borardi. Sharqdagi Uyg‘onish jarayoni haqida lom-mim deyilmacdi. Chunki tarix fanida yevropotsentrizm g‘oyasi hukmron, G‘arb ilg‘or, Sharq qoloq aqidasi ustuvor edi. Vaholanki, o‘sha davrda olmon olimi A.Mets, rus olimi N.I.Konradlar Sharq Renessansi haqida xolisona fikrlarini bildirishgandi. O‘zbek olimlaridan I.Mo‘minov, M.M.Xayrullayev, F.Sulaymonova, B.Qosimov, T.Shirinovlar ham Sharq Uyg‘onish davri haqidagi teran fikrlari bayon etilgan salmoqli asarlarini yaratishdi. Hattoki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida tarixda birinchi marotaba: “Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman”, deb ta’kid-ladi (Mirziyoyev Sh.M. Xalqimizning roziligi bizning faoliyati-mizga berilgan eng oliy bahodir. 2-j. – T.: “O‘zbekiston” NMIU, 2018. B.253). Hozirgi davrda jahonga “hali hanuz o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan O‘rta Osiyo sivilizatsiyasi asoschisi”, qolaversa tarixda ham o‘chmas iz qoldirgan buyuk davlat arbobi, muzaffar sarkarda, mohir diplomat, ilm-fan homiysi, bobokalonimiz Amir Temur asos solgan saltanat o‘ziga xos salmoqli o‘ringa egadir. “XV asr taqdirini belgilab bergan buyuk siymo” – Sohibqiron va uning vorislari Turkiston, Xuroson, Fors, Ozarbayjon va Arab dunyosida bir yarim asrga yaqin hukm surib, markazlashgan salohiyatli turkiy davlat tashkil etishgan edi. “Turkistonning suyangan tog‘laridan biri” – Amir Temur asos solgan tamaddun XIV–XVI asrlar Turon tarixining “oltin davri” – Uyg‘onish davrining alohida bosqichi “Musulmon – Renessansi” (A.Mets), “Sharq Uyg‘onishi” (N.I.Konrad), hozirda “Temuriylar Renessansi” nomlari bilan jahonda e’tirof etildi va tarixga abadiy muhrlandi39. Mashhur fransuz olimi Lyusyen Keren ta’kidlaganidek: “… yevropalik ijodkorlar Amir Temurni Sharq Renessansining bunyodkori sifatida qadrlaydilar”. Taniqli fransuz olimi V.Furnyo yozadiki, “XX asrning oxirida O‘zbekiston Renessansi” Temurning yangi erasi belgisi ostida turibdi”40. Temuriylar Renessansi – Musulmon Renessansi Sharq tamaddu-ni tojidagi javohirlardan biri sanaladi. Temuriylar Renessansini o‘rganishga bag‘ishlangan ba’zi tadqiqotlar yaratildi41. Renessansning asosiy alomatlari: tafakkurda va ilmiy ijodda dogmatizm, jaholat va mutaassiblikni yorib o‘tib, insonni ulug‘lash, uning iste’dodi, aqliy-fikriy imkoniyatlarini yuzaga chiqarish; antik davr (Yunon-Rim) madaniyatiga qaytib, uni tiklash; boyitish; cherkov sxolastikasidan qutulib, adabiyot va san’atda dunyoviy go‘zallik, hayot taronalarini qizg‘in kuylash, inson erki, hurfikrlilik uchun kurashish, buning natijasi o‘laroq, ijodiy qudrat va tafakkur kuchini namoyish etadigan ulug‘vor badiiy asarlar, salobatli binolar yaratildi, ilm-fan rivojlantirildi42. Ammo Renessans, ya’ni Uyg‘onish faqat Yevropa hodisasi emas. Dunyo madaniyatini yaxlit olib o‘rgangan olimlarning ishi shuni ko‘rsatadiki, Osiyo markazidagi Turkiston, Xuroson va Eronda Italiyaga qaraganda bir necha asr oldin (IX-XII asrlar) ulkan madaniy ko‘tarilish yuz bergan, ilm-fan, falsafa, adabiyot kuchli rivojlanib, ilg‘or insonparvarlik g‘oyalari jamiyat fikrini band etgan, aqliy va ijodiy faollik gurkiragan. Bu dunyo ilmida “Musulmon Renessansi” yoki “Sharq Uyg‘onishi” nomi bilan atalib kelinmoqda43. Sharq Uyg‘onish davrida ham ulug‘ allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlar yetishib chiqqan. Aniq fanlar sohasida Muhammad Xorazmiy, Abu Bakr Roziy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Umar Hayyom, Mirzo Ulug‘bek, falsafa sohasida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Ibn Rushd, Muhammad G‘azzoliy, Aziziddin Nasafiy, she’riyatda Abu Abdullo Rudakiy, Abulqosim Firdavsiy, Hofiz Sheroziy, Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, rassomchilikda Kamoliddin Behzodlar barakali ijod qilishgan44. Haqiqatda o‘rta asrlarda Movarounnahrda dunyoviy va diniy ilmlarning olamshumul taraqqiyotiga, o‘rta asrlar Renessansiga asos solinishiga bu o‘lka aholisining katta qismi shaharlarda yashashi, shaharlarda insonlarning ilmiy, madaniy, ma’naviy hamda diniy faoliyatlari uchun yaratilgan muhit, Somoniylar va Qoraxoniylar sulolalari hukmronligi davrida bu ulkada bir necha yuz yil davom etgan tinchlik va asoyishtalik sabab bo‘lgan. Turonzaminda Uyg‘onish davrining birinchi bosqichida – XI-XII asrlarda ham madaniyat yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilganini alohida ta’kidlash lozim. Olimlarning fikricha, “Musulmon Renessansi” Ma’mun akademiyasidan boshlanib, Mirzo Ulug‘bek akademiyasi bilan tugaydigan yetti asrlik davrni qamrab oladi. Tarix zarvaraqlariga nazar tashlasak, jamiyatning rivojiga, xalqlar taqdirida buyuk daholarning xizmatlari beqiyos o‘rinda turganligiga guvoh bo‘lamiz. Kishilik taraqqiyotini batamom yangi yo‘nalishga sola oladigan daholar insoniyat tarixida nihoyatda kam uchraydi, albatta. Turonzaminning so‘nmas yulduzlaridan biri Amir Temur ana shunday buyuk daholardan hisoblanib, ul zot dunyoning uch qit’asi – Osiyo, Yevropa, Afrikada keng ko‘lamli siyosat yurgizgani, o‘z faoli-yati bilan ko‘plab xalqlar, millatlarning dardiga darmon bo‘lgan osoyishtalik, ilmu ma’rifat, madaniyat, obodonchiliklar olib kirganligi bilan mo‘tabardir. Davr taqazosiga ko‘ra, buyuk zotning zimmasiga nihoyatda mas’uliyatli vazifalarni bajarish ham tushgan edi. Sohibqiron buni sharaf bilan uddasidan chiqib, mo‘g‘ul bosqin-chilaridan asorat bo‘lib qolgan hududlar va xarobalar o‘rnida obod va qudratli buyuk davlat barpo etgan. Amir Temur shaxsi bilan qancha g‘ururlansak, faxru iftixor etsak, shunga munosibdir. Binobarin, aynan buyuk Sohibqiron o‘z faoliyati bilan Turonda Uyg‘onish davrini boshlab bergan, bugungi saodatli kunlarimizning tamal toshini qo‘ygan. Temuriylar sulolasining ro‘yxati 193 nafar shahzoda va 300 nafardan ziyod malika-dan iborat ekanligining o‘zi hayratomuz ma’lumot! Bu sulola 488 yil hukmronlik qilganini ta’riflashga til ojiz. Binobarin, tarixda bu qadar uzoq yashagan sulola bo‘lgan emas45. XIV–XV asrlarda esa Uyg‘onish – Renessans davrining ikkinchi bosqichi boshlangan. Buning boisi shuki, Amir Temur davrida Uyg‘onish jarayonining yuz berishiga asosiy omil bu davrda insonning har tomonlama rivojlanishiga va har bir kishiga o‘z qobiliyatini to‘la namoyon qilishga qulay shart-sharoitlar yaratilgan edi. Amir Temur bobokalonimiz mana shu Turonda tug‘ilgani, mana shu yurtda yashab, uni yovdan ozod qilgani, buyuk davlat barpo etgani bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz. Bu ulug‘ zotni esa bizga Ollohning o‘zi millatimizga karam sifatida inoyat etgan. Sohibqiron bizga qoldirgan meros – barcha avlodlarimizga xizmat qiladigan abadiy meros hisoblanadi. Ikkinchi Sharq Renessansi (XIV-XV asrlar) so‘zsiz Amir Temur faoliyati bilan uzviy bog‘liqdir. Ul zot yurtimizni mo‘g‘ullardan ozod qilib, 150 yillik chig‘atoylar hukmronligi asoratini tugatgan. Birinchi Uyg‘onish davrida erishilgan natijalarni yanada yuksak darajaga ko‘tarib, qudratli davlat tuzgan, ilmu fan, madaniyat va shaharsozlik gullab yashnagan. Jahon ilm-fani, mada-niyat va siyosiy markazi yana Turonga ko‘chgan. O‘rta yer dengizidan tortib, to Hindistongacha bo‘lgan yurtlarda me’morlik, monumen-tal bezak, kulolchilik, xattotlik, istirohat bog‘lari yaratishda, qurilish sohalarida “Temuriylar uslubi” nomi bilan yangi yo‘na-lish paydo bo‘lgan. Sir emaski, bu jarayon tarixda 150 yil hukm surgan chig‘atoylar hukmronligi davridan oldin boshlangan musulmon Sharqi sivilizatsiyasining davomi bo‘lib, uni yanada boyitgan va to‘ldirgan. Taniqli amerikalik olim F.Starr yozadiki: “XIV asrda G‘arb-da Temurlang (Tamerlan) nomi bilan tanilgan Amir Temur Dehlidan O‘rta Yer dengizining sharqiy sohillarigacha bo‘lgan dunyoni bosib olib, o‘zining qayta tiklangan poytaxti Samarqandda olim va ijodkorlarni to‘pladi. Bir asrdan so‘ng Bobur Mirzo Farg‘ona vodiysidan chiqib, Hindistonda mo‘g‘ullar sulolasiga asos soldi. Iqtidorli yozuvchi bo‘lgan Bobur va uning avlodlari Markaziy Osiyoning qadimgi an’anasini tark etmagan holda o‘z saroyiga keluvchi ijodkorlarni jam etdi”.46 Samarqandda shakllangan “Temuriylar Renessansi” quyosh kabi porlab Sharqu G‘arb mamlakatlariga taraldi. XIV-XV asrlarda ro‘y bergan ikkinchi Sharq Renessansi nati-jasida dunyo ahamiyatiga molik ko‘plab olimlar, fozilu fuzalolar yetishib, chiqqan. Shu sababdan ham tarixchilar Turonning ikkinchi Uyg‘onish davrini haqli ravishda “Temuriylar Renessansi” deb atashmoqda. Bu g‘oya 2014 yil 14-15 mayda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy anjumanda ham yakdillik bilan qo‘llab quvvatlandi. Buni O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov ham alohida urg‘u berib ta’kidlagan edi. Temuriylar davri haqiqatan ham ilm-fan, madaniyat va ma’rifatning behad ravnaq topishini ta’minlagan Sharq Uyg‘onish davri edi. Hozirgi paytda yurtimiz va xalqimiz mustaqilligimiz sharofati bilan uchinchi Uyg‘onish davri bo‘sag‘asida turibdi, deb aytish mumkin. Sohibqiron nafaqat barhayot insonlarga, balki o‘tmishda yashab o‘tgan allomalar va aziz-avliyolar xotiralarini abadiylashtirishga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan, bu hol fuqarolar ongida hamisha ezgu xizmat qilganlar hech qachon unutilmaydi, degan ezgu tushunchani shakl-lantirgan. Bu davrda shaharsozlik, me’morlik, tasviriy va amaliy san’at, naqqoshlik, zardo‘zlik, metallga badiiy ishlov berish, xattotlik, ilm-fan va ta’lim-tarbiya, badiiy ijodiyot, kitobat san’ati va kutubxonachilik, musiqashunoslik kabi sohalar nihoyatda rivojlangan. Turonzamin Renessansi ta’siri Xuroson va Hindiston, hattoki, Yevropa mamlakatlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Yevropa xalqlari temuriylar Renessansini teran tahlil qilishgan. Amir Temur ilm-fan va madaniyat ravnaqiga keng imkoniyatlar yaratgan, din peshvolari, olimlar, san’atshunoslar, yozuvchilar, shoirlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatib turgan. Bu siyosat natijasida Sharq Uyg‘onish davrining ikkinchi bosqichiga asos solgan47. XIV asrdagi ulkan va yorqin siymo – Amir Temur jahon tari-xida qudratli va gullab-yashnagan davlat barpo etib, o‘rta asr dunyosining asl madaniy va ma’naviy markazlaridan biriga aylangan, inson aqli va iste’dodini noyob ijodi bo‘lib, bugungi kunda ham saqlanib qolgan mislsiz me’moriy obidalari bilan yer yuzining sayqali bo‘lgan Samarqand shahrini uning poytaxtiga aylantirgan atoqli sarkarda va davlat arbobi sifatida kirgan. Sohibqiron olimlar, faylasuflar, me’morlar, shoirlar, ho-fizu mashshoqlarga g‘amxo‘rlik qilishda ham nom qozongan. Temuriylar davri haqiqatan ham ilm-fan, madaniyat va ta’limning behad ravnaq topganligini ta’minlagan Sharq Uyg‘onish davri edi. Shuningdek, muarrixlar bu davrni “Movarounnahr (Turon) tari-xining oltin davri” deb ham baholashmoqda. Ko‘plab tarixchi olimlarning fikricha, Sharq, xususan Markaziy Osiyo mintaqasi IX-XII va XIV-XVI asrlarda bamisoli po‘rtanadek otilib chiqqan ikki qudratli ilmiy-madaniy yuksalishning manbai hisoblanib, jahonning boshqa mintaqalaridagi Renessans jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Sharq Uyg‘onish davri – Sharq Renessansi sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan. Mashhur fransuz temurshunosi L.Keren ta’kidlaganidek: “Temur insoniyat rivojiga ajoyib miniatyuralar, tengi yo‘q sirlangan sopol idishlar, she’riyat va ilhomga to‘la falsafiy asarlar yaratilishiga imkon yaratgan va katta hissa qo‘shgan. “Temuriylar uyg‘onish davri” deb atalmish sermahsul madaniy merosga asos solgan”48 XVIII asrlargacha yevropaliklar Amir Temur yaratgan Renessansdan to‘la xabardor emas edi. XVIII – XX asrlarda jahonning ko‘pgina davlatlari Amir Temur yaratgan Renessans davri yutuqlaridan bahra ola boshladi. Shu sababli yevropalik ijodkorlar uni Sharq Renessansi bunyodkori sifatida qadrlaydilar. Shu bilan birga ko‘plab tadqiqotchilar qayd etganidek, agar Yevropa Uyg‘onish davrining natijalari sifatida adabiyot va san’at asarlari, me’morlik durdonalari, tibbiyot va insonni anglash borasida yangi kashfiyotlar yuzaga kelgan bo‘lsa, Sharq Uyg‘onish davrining o‘ziga xos xususiyati, avvalo, matematika, astronomiya, fizika, ximiya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq va tabiiy fanlarning, shuningdek, tarix, falsafa va adabiyotning rivojlanishida namoyon bo‘ldi. Bu esa Yevropa dunyosida Uyg‘onish davrini boshlab berganligini va buning orqasidan bir qadar amaliy natijalarga erishganligini bugun ularning o‘zlari ham tan olishgan. Chunki qadimda yangragan “Nur, ziyo Sharqdan taraladi”, “Tarix Sharqdan boshlanadi” degan e’tiroflar bejiz emasligini bugun jahon jamoatchiligi his etib turibdi. Xullas, bashariyat tarixining buyuk siymosi Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida Turonzamin Renessansi – Uyg‘onish davrining ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yilib, boy madaniy meros yaratilgan edi. Va nihoyat XX asr 90-yillari boshlarida Renessansning uchinchi bosqichi boshlanib, asrlarga tatigulik qisqa davrda beqiyos va keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Download 3.39 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling