Qarshi davlat universiteti tarix fakulteti jahon tarixi kafedrasi


II BOB. XIV – XV ASRLARDA MODDIY MADANIYATNING RAVNAQ TOPISHI


Download 3.39 Mb.
bet7/14
Sana11.11.2023
Hajmi3.39 Mb.
#1767358
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   14
Bog'liq
Odilbek ilmiy ish

II BOB. XIV – XV ASRLARDA MODDIY MADANIYATNING RAVNAQ TOPISHI


2.1 Amir Temur va temuriylar davrida me’morchilik sohasining rivoj topishi

Amir Temur va temuriylar davridan hozirgacha saqlanib qolgan muhtasham san’at obidalari o‘z davrida Sohibqiron rahnamoligida mamlakatda me’morlik va shaharsozlik nihoyatda taraqqiy etganligini guvohlik beradi. Bu davrda ayniqsa, me’morlik ancha rivojlangan. Sohibqiron “Tuzuklari”da yozishicha: “Har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqohlar qurishni, yo‘lovchi musofirlar uchun yo‘l ustiga rabotlar bino qilishni, daryolar ustiga yangi ko‘priklar bunyod etishni buyurgan”49.


Amir Temur yana bir o‘rinda ta’kidlagan: “Yana amr etdimki, katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona solsinlar, kasallar uchun shifoxona qursinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasinlar. Har bir shaharda saroy (“dor ul-amorat”) va Qozixona (“dor ul-adolat”) bino qilsinlar”.50
Bu kabi tarixiy manbalarda Sohibqironning me’moriy dahosi ko‘lamini, bunyodkorligini beqiyosligini, keyingi asarlarda me’morlik san’atiga homiyligini yaqqol kuzatish mumkin. Muarrix Ibn Arabshoh Amir Temurning bunyodkorligini ko‘rib, poytaxt Samarqanddagi u qurgan purviqor binolar haqida yozgan edi.51
Sohibqironning me’moriy bunyodkorligi sohasidagi beqiyos ishlarini Shahrisabz, Samarqand, Buxoro, Toshkent va Turkiston shaharlarida hozirgacha saqlanib qolayotgan noyob obidalar misolida ko‘rish mumkin. Bu davrdagi bunday ulkan bunyodkorlik jarayoni natijasida me’morlik mo‘jizalari yaratilgan. Manbalarga ko‘ra Temurbek qurgan qasrlar 200 dan ziyod bo‘lib, Samarqandda 19 ta, Keshda 20 ta, Bag‘dodda 15 ta, Isfahonda 12 ta, shundan 1 ta ko‘shk qurgan. Mashhur fransuz temurshunosi L.Keren yozganidek: “Amir Temur me’morlikni va dekoratsiya san’atini yaxshi tushunar edi”.
Sohibqiron vafotidan so‘ng ulkan saltanat o‘rnida mustaqil davlatlar paydo bo‘lgan. Shohrux mirzo, Mirzo Ulug‘bek davrida Xuroson va Movarounnahrda yuksalish izchil davom ettirilgan. Ajoyib me’moriy majmualar bunyod etilgan.
Muarrix Xondamirning yozishicha, Alisher Navoiy 12 rabot, 18 masjid, 3 madrasa, 16 ko‘prik, 19 hovuz, 9 hammom va ko‘plab inshootlar barpo etgan52. Husayn Boyqaro davrida Hirot shahri me’morchiligi katta yutuqlarga erishgan, jahon me’morchiligi tarixining noyob durdonalari yaratilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davrida Hindistonda me’morlikda yangi me’moriy uslub shakllangan.
Amir Temur va uning vorislari davrida mahalliy va xorijiy me’morlar, ustalar, muhandislar o‘zaro hamkorlikda ishlashgan. Sohibqiron Amir Temur muhandislar bilan ittifoqda oliy imoratlar barpo etib, bog‘u bo‘stonlarning loyiha tarxini chizdirgan”53
Bu davr tarixiy hujjatlarida Xoja Mahmud Dovud, Muhammad Jald, Muhammad ibn Maxsud Isfahoniy, Ali Nasafiy, bog‘ tuzish ustasi Shihobuddin Ahmad Zardakshiy, musavvir va naqqosh Abdulhay Bag‘dodiy, xattot Shayx Muhammad Tabriziy, Sulton Ali Mashhadiy nomlari va ularning ma’naviy merosi haqida nodir ma’lumotlar uchraydi.
Shohrux mirzo davrida me’mor Qavomiddin, boburiylar davri shoh asari Toj Mahal bezaklari orasida Muhammad Sharif Samarqandiy, Ota Muhammad Buxoriylar nomlari saqlanib qolgan54.
Me’morlik san’atining ajralmas bir bo‘lagi bo‘lgan o‘ymakorlik san’ati XV-XVI asrlarda amaliy san’atning eng keng tarqalgan turi sifatida o‘zining yuqoridagi darajasiga ko‘taril-gan. O‘ymakorlik san’ati yog‘och, suyak, metall, tosh, ganch, terrakota va boshqalarni o‘yish, yo‘nish, kesish yo‘li bilan badiiy shakl yasash san’atidir. Buyumlar turli asboblarni nafislashtirishda, binolarni bezashda, kichik shaklli haykaltaroshlik kompozitsiyalarini yaratishda keng qo‘llaniladi.
O‘ymakorlik san’at sifatida qadim ildizga ega. Uning izlari Afrosiyob Fayoztepa, Qoratepa, Ayritom qoldiqlarida, yog‘ochlarda, ganchlarda, devorlarda saqlanib qolgan. XV-XVI asr uymakorlik san’ati Temurbek va uning vorislari nafasi tekkan obidalarda mana olti asrdan oshmoqdaki, bugungacha bus- butunligicha saqlanib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilib turibdi. Bu esa ilm-fan, bunyodkorlik, san’at va madaniyat o‘zining eng yuqori cho‘qqiga chiqqanligining ifodasidir. Bugungi kunda qadim me’morlik san’atining bu sohasi yurtimizda yangicha shaklu shamoyil kasb etib, davrimizga xos ko‘rinishda o‘zini namoyish etmoqda.
Sharq va Yevropa Uyg‘onish davri mahalliy madaniy an’analarga asoslangan. Shu bilan birga, bu davr yopiq, bir-biridan turli dunyolar tizimi bilan chegaralangan emas edi va dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga yangi bosqich sifatida kirgan.
Demakki, Amir Temur va temuriylar davri Markaziy Osiyo me’morligida katta o‘rin tutadi. U yangi uslubiy-badiiy yo‘nalishlar bilan boyigan. Mahalliy va xorijiy ustalar o‘zaro hamkorlikda bunyodkorlik namunalarini yaratishgan.
Bu davrda loyiha tuzish san’ati yuksak pog‘onaga ko‘tarilgan. Buxoroda topilgan XV asr usta chizmalari buni yaqqol isbotlaydi.
Me’morchilik bilan birga bog‘ tuzish san’ati, me’moriy shakllarni yasash, geometrik naqshlar tuzish yo‘llari maxsus risolalarda ko‘rsatib berilgan. Temuriylar davri me’morligi o‘zidan oldin o‘tgan Sharq me’morlik san’atining mukammallashgan tadrijiy davomi sifatida bugunga qadar dunyoga salobat solib turibdi.
Chunki e’tirof etilganidek, musulmon me’morligining eng sara namunalari temuriylar davrida yaratilgan hamda hozirgacha o‘zining tarovatini saqlab qolgan.
Shaharsozlik tarixi juda qadimga borib taqaladi. Qadimgi Sug‘d, Kushonlar davlatida qurilgan shahar qal’alar bunga yaqqol misol bo‘ladi. Arxeologik qazishmalarning shahodat berishicha, bundan taxminan uch ming yillik shahar qoldiqlari ularda ishlatilgan qurilish ashyolarining sifati va mustahkamligi bunga dalildir.
Me’morlik foydalanishidagi maqsad va vazifalar, zamonaviy texnik imkoniyatlar va jamiyatning estetik qarashlaridan kelib chiqib bino va inshootlarni loyihalash va qurish san’ati, me’morlikning jamlovchi eng murakkab sohasi bilan shaharsozlik shug‘ullanadi.
Ajdodlarimiz temuriylar davrida va unga qadar ham o‘ziga xos me’morlik san’atini yaratishgan. Jahon me’moriy san’ati xazinasidan salmoqli o‘rin olgan Samarqand, Shahrisabz, Xiva, Buxoro me’moriy obidalari hozirgacha dunyoni hayratga solib turibdi. Qadim o‘tmishdoshlarimiz, ya’ni hunarmandchilik bilan mashg‘ul aholi qatlami ham san’at durdonalarini yaratishgan.
XV asr shaharsozlik va me’morlik, ilm-fan, adabiyot, san’at rivojining yangi bosqichi sifatida tarix sahifalariga kirgan. Bunga munajjimlar va matematiklarning Samarqand maktabi (Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi) o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bu davrda ilohiyot, huquqshunoslik, tibbiyot, tarix, falsafa, miniatyura, musiqa san’ati va adabiyot juda rivojlangan. Bu zamon o‘zbek adabiyotining ham jadal rivojlanish davri bo‘lganligini alohida ta’kidlab o‘tish zarur.
Sobiq sho‘ro tarixnavisligida XV asrni “Boshqa mamlakatlardan ko‘p miqdorda ustalar va hunarmandlar, arzon ishchi kuchi olib kelinishi hisobiga sun’iy ravishda madaniyatni rivojlantirish” davri sifatida baholashga urinishlar bo‘lgan bo‘lsa-da, zamonaviy tarixiy adabiyotlarda Amir Temur va temuriylar davri madaniyatining betakrorligi, mahalliy an’analarga asoslanganligi hamda jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganligi tan olinmoqda. Tug‘ri, hech bir narsa, ayniqsa, san’at va badiyat o‘z qobig‘i ichida rivojlana olmaydi.
XIV asr oxiri – XV asr boshlari O‘rta Osiyo madaniyati Uyg‘onish davrining ikkinchi bosqichi, mintaqaning kuchli ilmiy, madaniy va ma’naviy taraqqiyoti davri sifatida belgilanadi. Umuminsoniy ma’naviy qadriyatlar va gumanizmga intilish, tabiiy fanlar, tibbiyot sohasidagi yirik kashfiyotlar, quruvchilik va me’morlik, san’at va badiiy madaniyatning yangi asoslarda rivojlanishi Uyg‘onish davri madaniyatining o‘ziga xos belgilari hisoblanadi.
Shahrisabz – “Qubbat ul-ilm va-l-adab” shahri55. Tarix sahifalarida Kesh (Kash) nomi bilan tilga olingan hamda islom davrida ilmlar markazi – “Qubbat ul-ilm va-l-adab” (“Ilm va adab gumbazi”) degan sharafli nomga ega bo‘lgan sersuv, yam-yashil, bahavo, jannatmakon yashil shahar sifatida muhrlangan. Amir Temur o‘zi voyaga yetgan dor ul-mulki bo‘lgan shaharga katta e’tibor bergan. Shahar qal’a devorlari, burju darvozalari Sohibqiron rahbarligida qurilgan.
1404 yil avgust oyi oxirida mazkur shaharda bo‘lgan Ispaniya (Kastiliya) elchisi Rui Gonsales de Klavixo o‘z “Kundalik”larida bu haqida batafsil yozib qoldirgan.
Shayx Shamsuddin Kulol Amir Temur xonadoniga juda yaqin bo‘lib, Temurbekning otasi Tarag‘aybekning ham piri bo‘lgan. Shayx Qur’on ko‘rib, Temur ismini qo‘ygan. Temurbek hokimiyat tepasiga kelgach, piri ruhiga izzat-ikrom ko‘rsatgan. Piri qabri ustiga gumbazli maqbara bunyod ettirgan. 1374 yilda bu ziyoratgohga otasi Amir Tarag‘ayning ham qabrini ko‘chirib keltirgan. Bu ziyoratgoh “Dor ut-tilovat” deb atalgan.
Shahrisabzning Simxona darvozasi yonida ulkan me’moriy majmua “Dor us-siyodat” ya’ni payg‘ambarlar avlodlari, ulug‘lar-sayyidlar uyi qad ko‘targan (Gumbazi Sayyidon).
Muarrix Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sida eng piri muhaddis olimlarni tilga olgan. Masalan, Abu Muhammad (Abdulloh ibn Abdulhamid) ibn Nasr (ibn Humayd) al-Kashshiy, (vafoti 865 yil) Keshning janubiy tomoniga dafn etilgan, Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdurahmon ad-Dorimiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy56. Tevarak atrofdagi olimlar Keshda to‘planishgan.Masalan, Abul Husayn ibn Muslim al-Qushayrishiy Kesh shahriga kelib, Abdurahmon ibn Humayd al-Keshiydan saboq olgan. Ibn Nasr al Keshshiyning dahmasi ustiga Sohibqiron ulug‘vor imorat bunyod ettirgan (Hazrati Imom). O‘z davrining mo‘jizasi Oqsaroy qurilishi 1380 yil mart oyida boshlangan edi. Elchi Klavixo 1404 yil avgust oyida shaharga kelganda ham qurilish davom etayotgan edi. Bu mahobatli inshoot haqida Zahiriddin Muhammad Bobur hayratlanib yozgan edi: “Muncha oliy toq olamda kam nishon berurlar. Derlarkim, Kisro toqidin bu biyikraqtur”57
Oqsaroy Markaziy Osiyo me’morligining eng yuksak namunasi hisoblanadi. Tabiiyki, Amir Temur o‘z vatani Kesh – Shahrisabzning har tomonlama obodonlashtirishga katta e’tibor bergan.
1380 yilda Shahrisabzning “Dor us-siyodat” tarkibida ulkan madrasa qurilgan. Uning qibla tomonidagi konussimon gumbazli binoga Sohibqironning to‘ng‘ich o‘g‘li Jahongir mirzo dafn etilgan. Madrasa to‘ridagi muhtasham honaqoh sardobasida qopqoqli uymakor ulkan tosh sandiqda davlat mulki yashirin xazinalaridan biri saqlangan.
Temuriyzodalar qabristoni chekkasidagi murakkab me’moriy majmua “Dor ut-tilovat” (Tilovat qilish uyi) Amir Temur tomonidan tiklangan. Ammo elchi Rui Gonsales Klavixo o‘z “Kundalik” larida bu haqda yozmagan. Aftidan, bu ish ya’ni “Dor ut-tilovat” majmuasi Temurbek bu olamni tark etganidan keyinroq, uning merosxo‘r nabirasi, buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek zamonasida pardozlanib sayqallanib nihoyasiga yetkazilgan. Bugungi kunda bu muhtasham Oqsaroy obidasi taxt peshtoqining vayrona ikki qismigina saqlanib qolgan.
Sohibqiron Shahrisabz (“Yashil shahar”)da buzilgan shahar devorlari, mudofaa istehkomlari, muqaddas qadamjolar, ulug‘vor obidalar, masjidlar, madrasalar, hilxonalarni qaytadan tiklagan.
Temurbek o‘zga yurtlardan ko‘p narsalarni andoza sifatida o‘z yurtiga olib kelgan va o‘z yurtida ham uni takomillashtirishga astoydil harakat qilgan. Ko‘plab shaharsozlarning e’tiroflariga ko‘ra u Samarqandda barpo etgan me’moriy obidalarga ishlatilgan rangbuyoqlar siri hamon sirligicha qolmoqda.Uni olti asrdan ziyod yashab kelayotganligi hammani hayratga solmoqda.
Amir Temur ustozi va piri Shayx Shamsuddin Kulolga atab jome masjidi peshtoqi qarshisida alohida maqbara qurdirgan. Mazkur maqbaraga tutash qilib ota-bobolari uchun yana bitta alohida maqbara ham bunyod ettirgan.
Bu yerda Tarag‘aybek maqbarasi yoki Gumbazi Sayyidon (“Sayyid-lar maqbarasi”) nomi bilan mashhur. Bu maqbara Mirzo Ulug‘bek tomonidan qayta ta’mir etilib, unga alohida bezak berilgan
Temurbek Samarqandda mazkur buyoqlarni bu hududda bir necha minglab yillar davomida o‘sib kelayotgan turli xil o‘simliklardan olishni yo‘lga qo‘yganligi birmuncha haqiqatga yaqinroq. Taassufki, bugun uning olinish yo‘llari va meyorlaridan unchalik ogoh bo‘lmagan avlod uchun bu sir bo‘lishi ham mumkin.Shuningdek, buyoq olinadigan ro‘yan ham o‘stirilgan. Ro‘yan o‘simligi ko‘plab yetishtirilib, undan qizil va sariq rangdagi tabiiy bo‘yoq olishda foydalanilgan. Xina nafaqat tirnoq bo‘yash uchun kosmetikada, balki sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan siyoh tayyorlash, qog‘ozga tegishli rang berishda ham ishlatilgan. Hattoki, xina dorivor o‘simlik sifatida ham qo‘llanilgan.
Samarqand baxmali va boshqa matolar, yozma qog‘ozlarni bo‘yashda ishlatiladigan qimmatbaho qirmiz bo‘yog‘i Movarounnahrda ham tayyorlangan. U koshenil hasharoti tanasidan olingan, o‘zi ham shu nomdagi kaktusdan oziqlanib, uzoq issiq mamlakatlardan keltirilgan. Eng keyingi davr manbalariga ko‘ra Buxoroda “qirmiz” nomli qimmatbaho bo‘yoq cho‘ldagi uncha katta bo‘lmagan daraxt qurtlaridan olingan.
Temurbek o‘zining harbiy yurishlarida, nafaqat o‘zga ellarning moddiy boyliklarini, balki o‘sha yerlardan ko‘zga ko‘ringan taniqli olimlar musavvirlar, me’morlarni ham Movarounnahrga olib kelgan, aniqrog‘i, taklif qilgan. Sohibqiron Amir Temur bu yurtda fozil va ilmli kishilar qanchalik ko‘p bo‘lsa, Turkiston shaharlari qiyofasi ham shu taxlitda bo‘ladi, deb hisoblagan. Buyuk Amir o‘zining harbiy yurishlarida siyosiy inqirozga uchragan Fors va Yaqin Sharq mamlakatlarining har bitta shahrida o‘zidan yaxshi obidalar, o‘z shaxsini ulug‘lovchi me’moriy yodgorliklar qurdirib qoldirgan. Darband, Bayloqon shaharlarida esa yo‘llar, ko‘priklar, sug‘orish tizimlari bunyod etgan.
Samarqand shahri – dor us-saltana yani, Amir Temur o‘z poytaxti Samarqand shahrini har tomonlama rivojlantirish va obodonlash-tirishga katta e’tibor bergan. Davlat poytaxtiga aylangan Samarqandda 1370 yil iyunda qurultoy chaqirilib, ulkan shaharsozlik tadbirlari haqidagi rejalar belgilangan. Qisqa muddatda shahar atrofiga mudofaa istehkomi vazifasini bajaruvchi qal’a devori burjlari bunyod etilgan. Darvozalardan boshlangan shahar ko‘chalari markaziy bozorga borib taqalgan.
1371 yilda Samarqand qal’a qo‘rg‘oni, Shahriston mudofaa devorlari, Shayxzoda (Chorraha), Ohanin, Feruza, So‘zangaron, Korizgoh va Buxoro deb nomlangan oltita darvoza, Ko‘ksaroy arkida esa ikkita ikki qavatli ko‘shk barpo etilgan. Mazkur binoning tagida esa davlat xazinasi, qamoqxona joylashgan bo‘lib, bu yerda amirning qarorgohi ham joylashgan edi.
Samarqandda keng ko‘lamli shaharsozlik ishlari bajarilgan, maydon, xiyobonlar yangicha qiyofaga ega bo‘lgan. Hozirgi Registon maydoni yaqinida malika Tuman oqa begim sharafiga qurdirgan “Toqi telpakfurushon” deb atalgan bozor binosi mavjud edi.
Amir Temur davrida poytaxt Samarqandda qurdirilgan eng mahobatli inshootlarga Ko‘ksaroy, Amir Temur jome masjidi, Tuman oqa masjidi va maqbarasi, Uljaoyim xonaqohi, Qusam ibn Abbos me’moriy majmuasi, Amir Temur va temuriylar xilxonasi – Go‘ri Amir, Ruhobod maqbaralari kiradi.
Shuningdek, Sohibqiron Buxoroda Chashmayi Ayyub binosi ichkarisiga Kulohiy gumbaz qurdirgan (1380). Nomozgohdagi masjid, Sayfiddin Boharziy, Bayonqulixon maqbaralarini tiklat-tirgan va obod ettirgan.
Toshkent shahri yaqinidagi Zangi ota shahridagi maqbarasi, Turkistondagi Xoja Ahmad Yassaviy xonaqohi, Qarshi shahridagi Odina masjidi va boshqa mahobatli inshootlar ham Amir Temur sa’y-harakatlari bilan bunyod etilgan noyob yodgorliklar hisob-lanadi.
Temurbek musulmon olami uchun islom taraqqiyoti va madaniyatiga juda katta ahamiyat bergan. U Shohi Zinda maqbarasiga rafiqasi Tuman oqaning taklifiga ko‘ra Ruxoboddan Burhoniddin Sog‘arjiy, Qutbi chohardaho‘mdan Shayx Nuriddin Basir va uning barcha yaqinlari qabrlarini ko‘chirib keltirgan. Temurbek Samar-qandda ko‘pgina hammomlar, karvonsaroylar, madrasa va masjidlar qurdirgan.
1399-1404 yillarda madrasa ro‘parasida kungirador masjid barpo etilgan. Bu keyinchalik Bibixonim masjidi nomi bilan atala boshlangan.
Yassi va Buxoroda qurilishlar bunyod qilingan. 1388 yilda Chingiziylar tomonidan buzib tashlangan Shohruxiya qal’a shahri tiklangan.
Temurbek 1396 yil Oltin O‘rdada To‘xtamish ustidan qozonil-gan g‘alabadan so‘ng Turkistonda mashhur mutasavvuf sufiy shoir va faylasuf Xoja Ahmad Yassaviy sharafiga eronlik va xorazmlik ustalar tomonidan maqbara bunyod ettirgan. Bu yerda ehtiyoj-mandlarga taom tayyorlash uchun Tabrizlik usta Abdulaziz ibn Sarvariddinga yetti xil ma’dan – haftijo‘sh (oltin, kumush, mis, rux, qo‘rg‘oshin, bronza, temir) dan 2 tonnalik, kengligi 2,5 metrga yaqin, 40 quloqlik mis doshqozon yasattirgan.58 Qozonda hilvat marosimida shirin (novvotli) suv tayyorlanib, savob uchun muridlarga tarqatilgan.
Temurbek davrida qurilgan, biroq bizgacha yetib kelmagan ko‘pgina noyob me’moriy majmualar haqida Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining qomusiy asari “Boburnoma”da tegishli ma’lumotlar keltirgan. Boburshoh Samarqand va uning atrofidagi bog‘larning ta’rifini keltirib, Dilkusho bog‘idagi saroy devorlarida Amir Temurning Hindiston yurishi tasvirlangan suratlari mavjudligi, Samarqand shahri atrofi sakkiz paxsa devor bilan o‘ralganligi haqidagi ma’lumotlarni bayon etgan. Temurbek Samarqandda o‘zi-ning hayotligida qurilgan obidalarni loyihasini shaxsan o‘zi tasdiqlab, qurilish ishlarini borishini o‘zi kuzatib borganligi haqidagi ma’lumotlarni keltirgan. Elchi Klavixoning “Kundalik” larida ham Amir Temurning qurilishlarga o‘ta e’tiborli ekanligi, yoqmagan hollarda qaytadan buzib qurdirganligi haqidagi ma’lu-motlar uchraydi.
Buyuk Amir Temur va vorislari davridagi dorussaltana Samarqand shahrining bor bo‘y-basti, albatta, ilm-fan, san’at, madaniyat va ma’naviyat ravnaqi bilan uzviy bog‘liqdir59. Buyuk hukmdor yuksak ma’naviyat va madaniyat sohibi bo‘lganligi bois bepoyon salta-nati hududlaridan olimu adiblar, musavviru mashshoqlar, me’moru hunarmandlarni poytaxtga to‘plagan. Ularning ijod qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib, g‘amxo‘rlik qilgan. Sohibqironning o‘zi, o‘g‘illari, ayollari va nabiralari ulug‘vor madrasalar, xona-qohlar bunyod etishgan. Mudarris va tolibi ilmlar zarur mablag‘ bilan ta’minlangan. Natijada Samarqand XIV-XV asrlarda Sharqdagi ulkan ilmiy va ijodiy maskanga aylangan60.
Sohibqiron davrida bu shaharda Abdujabbor Xorazmiy, Shamsuddin Munshiy, Nu’moniddin Xorazmiy, Xo‘ja Afzal, Alouddin Koshiy, Jalol Hiriy, Xo‘ja Muhammad az-Zohid kabi nomdor olimlar yashab ijod qilganlar. Samarqand, ayniqsa, Abdumalik Samarqandiy, Ismat Buxoriy, Bisotiy, Lutfulloh, Nishopuriy kabi kabi shoirlari bilan ham mashhur bo‘lgan.
Buyuk hukmdor davrida Samarqandda san’at va madaniyatning barcha sohalari gurkirab rivojlangan. Ayniqsa, rangtasvir, badiiy kulolchilik, metallga badiiy ishlov berish, zargarlik, miniatyura, sangtaroshlik, yog‘och o‘ymakorligi o‘zining yuksak cho‘qqilariga ko‘ta-rilgan edi. Temurbekning boy va ulkan kutubxonasi hashamatli Ko‘ksaroyda saqlangan.
Bir necha ming jild noyob qo‘lyozmalar jamlangan kutubxona faqat kitob saqlanadigan joy bo‘lmasdan, bu maskanda o‘z kasbining ustasi bo‘lgan mohir xattotlar, miniatyurachi rassomlar, bezakchi, naqqosh va muqovalovchilar mehnat qilishgan. Ular noyob kitoblarni Samarqand qog‘oziga qayta ko‘chirib, yangi kitoblar nusxasini ko‘paytirishgan. Sohibqiron bobosidan ibrat olgan Boysung‘ur mirzo ham 1420 yili Hirotda xuddi shunday kutubxona tashkil qilgan edi. Amir Temur, Boysung‘ur mirzo, Mirzo Ulug‘beklar davrida Samarqand va Hirotda yaratilgan va to‘plangan noyob kitoblar bugun dunyoning mashhur kutubxonalari va muzeylarida saqlanmoqda.
Sohibqiron 1370 yil aprelda Turon hukmdori bo‘lgach, Samar-qandni poytaxt sifatida tanlab, qisqa fursatda san’at va madaniyat, shaharsozlik va me’morlikni yuksak cho‘qqilarga ko‘targan. Yirik va qudratli davlat poytaxti Samarqand alohida maqomga ega davlat ichidagi davlatga o‘xshardi. Buyuk hukmdor shaharni boshqa-rish uchun alohida hokimlarni, poytaxt aholisi osoyishtaligini ta’minlash, adolat buzilmasligini nazorat qilish, hamma joyda tozalikni nazorat qilib borish uchun maxsus mutasaddilar tayin-lagan. Ular bozorlardagi tartib-qoidalarni, tozalikni, tarozi toshlari to‘g‘riligini, narx-navoni nazardan qochirmaganlar va tartibga solib borgan.
Din va shariat qonunlari buzilmasligi, vaqf ishlari kuzatib turilgan. Bularning barchasi poytaxtda intizom va aholi farovon-ligi, osoyishtaligiga xizmat qilgan. Samarqandda tug‘ilgan ilg‘or g‘oyalar, kashfiyotlar bu yerdagi qulay yaratuvchilik muhiti tufayli hayotga keng tatbiq etilgani bois bu jarayon tarixda “Temuriylar Renessansi” deb ataladi.
Fransuz sharqshunosi Jan Pol Ru ta’kidlaydiki: “Haqiqatan ham Temur taxmin qilish mumkin bo‘lgan darajadan ham ko‘p insoniy dahoga ega edi... Samarqandga juda ko‘plab talantli kishilarni keltirgani rost, shu sababli shaharda faqat yangiliklar sodir bo‘ldi. Bundan tashqari, yaratilgan katta iqtisodiy imkoniyat-lar san’at va madaniyat, she’riyat, ilm-fan rivojiga asos bo‘ldi. Bu jihatlar oqibatda Temuriylar Renessansini tug‘ilishiga olib keldi... Temuriylar Renessansi musulmon tamadduni tojidagi ajoyib javohirlardan biri bo‘lib qoldi”.
Parijdagi “Temuriylar tarixi madaniyati” uyushmasi sobiq rahbari Lyusyen Keren (1930-2013) yevropaliklarning Amir Temur shaxsiga bo‘lgan ehtiromning asl sabablari haqida to‘xtalgan: “Ko‘pchilik Yevropani Yildirim Boyaziddan xalos qilgani uchun yevropaliklar Amir Temurni hurmat qiladi, deb o‘ylaydi. Ha, bu rost. XV-XVII asrlarda Yevropalik ziyolilar va ijodkorlar o‘z asarlarida Amir Temurni xaloskor sifatida ta’riflashgan. XVII asrdan keyin esa, Yevropaga Sohibqiron barpo qilgan yuksak tamaddun namunalari yetib keldi. Shundan so‘ng yevropaliklar Temurbekni nafaqat xaloskor, ayni chog‘da, olamshumul tamaddun yaratgan buyuk hukmdor sifatida ham tan ola boshladilar”. Muarrix Sharafuddin Ali Yazdiy yozganidek: “Va har yerdakim, o‘shandoq (imoratqa) qobil yer ko‘rsa erdi, ul yerda albatta bir imorat solur erdi”61
Sohibqiron o‘zidan keyin o‘z nomi va qilgan ishlarini shariat va haqiqat sifatida avlodlar yodida qolishlarini nazarda tutib, davlat boshqaruvida, harbiy amaliyotda, iqtisodiy, ma’naviy, ijtimoiy sohalarda buyuk ishlarni amalga oshirgan va bu esa uning vorislari hukmronligi yillarida ham izchil davom etgan.
Qadimgi Samarqand shahri 36 yil davomida Amir Temur dorussaltana – poytaxti bo‘lib, bu davrda u dunyoning eng go‘zal, ma’rifatli, boy va qudratli shahriga, ilm-fan markaziga, yer yuzining sayqaliga aylangan. Shu sababli Sohibqiron davridagi 36 yil shahar tarixidagi eng yorqin va olamshumul bob sifatida tarixga kirgan.62
Davrlar o‘tgan sayin Turkistonda hukmron sulolalar almashgach, Amir Temur va vorislari davrida barpo etilgan yuksak sivili-zatsiya va me’morlik obidalari qarovsiz qolgan. Xususan, sho‘rolar davrida Samarqand va Shahrisabzdagi mahobatli obidalar e’tibor-sizlikdan xarobaga aylanayozgan edi. Bebaho obidalar atrofi har xil beo‘xshov, pastqam imoratlar bilan o‘rab tashlanib, ularning tarixiy qiyofasiga ancha putur yetgandi.
Istiqlol davrida butun Samarqand va Shahrisabzning betakror obidalari qayta ta’mirlandi, bu muazzam shaharlar beqiyos dara-jada obod bo‘lib, ularning tarixiy qiyofalari ham qayta jilolandi.
2014 yil 14-15 mayda Samarqand shahrida o‘tkazilgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya ishtirokchisi, italiyalik mashhur tarixchi va arxeolog Mauritsio Tozi shunday degan edi: “Men ilgari har gal qadimiy Samarqandga tashrif buyurar ekanman, uning qarovsizligi, olamshumul tarixiy obidalar zamonaviy quri-lishlar bilan to‘silganidan hayron bo‘lardim. Mana endi Samar-qand o‘zining haqiqiy qiyofasiga qaytibdi. Amir Temur barpo qilgan Samarqandga o‘xshabdi. To‘g‘ri, hayot uzluksiz davom etayotgan shaharlar tarixiy qiyofasini saqlab turish juda mushkul. Rimda ham shunday muammo bor. Lekin sizlar bu muammo yechimini to‘g‘ri topibsizlar. Rim ham, Samarqand ham tarix va bugunni bog‘lab turgan boqiy shaharlardir. Men bugungi Samarqandni ko‘rib juda xursand bo‘ldim”.
2014 yilda Rimning tengdoshi – Samarqand shahri Amerikaning mashhur “The Huffington Post” nashri e’lon qilgan “Dunyoning, albatta, borib ko‘rish lozim bo‘lgan 50 shahri” ro‘yxatidan joy oldi. Sayyohlar “Sharq marvaridi”, deb e’zozlayotgan Samarqand MDH mamlakatlari shaharlari orasida ushbu nufuzli ro‘yxatdan munosib o‘rin olgan yagona shahar ekanligi ham bizda iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.
Temuriylarning munosib izdoshlari boburiyzodalar Hind mamlakatida buyuk bobokalonining davomchisi sifatida shuhrat topgan. Boburiy hukmdorlarning Agrada qurgan betakror obidalari mana olti asrdirki, Samarqand ruhini har bir insonda uyg‘otishi shubhasizdir. Ayniqsa, dunyoning yetti mo‘jizasidan biri sifatida e’tirof etilgan Toj Mahal maqbarasi, Temurbekni Samarqand me’morlik maktabining izchil davomi ekanligidan nishonadir.
Demakki, buyuk Sohibqiron Amir Temur va vorislari davrida dorussaltana – Samarqand shahri (“Ochiq osmon ostidagi muzey”), yer yuzining sayqali, ilm-fan, madaniyat markaziga aylanib, jahonda boqiy shahar maqomini olganligi ayni tarixiy haqiqatdir.
Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Aynan Amir Temur va uning avlodlarining sa’y-harakatlari bilan Samarqand o‘z davrining eng go‘zal va obod shahriga, tom ma’noda yer yuzining sayqaliga aylangan. Dunyoning eng katta va boy kutubxonalari, mashhur dorilfununlar – rasadxona va madrasalar, ulug‘ allomalar mana shu zaminda faoliyat ko‘rsatgan”.63
Xullas, Amir Temur va vorislari davrida Turonda me’morlik va shaharsozlik yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgan edi.


Download 3.39 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling