Qarshi davlat universiteti tarix fakulteti jahon tarixi kafedrasi


III BOB. AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDA ILM-FAN SOHASINING RIVOJLANISHI


Download 3.39 Mb.
bet9/14
Sana11.11.2023
Hajmi3.39 Mb.
#1767358
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
Odilbek ilmiy ish

III BOB. AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDA ILM-FAN SOHASINING RIVOJLANISHI


3.1 Madrasa ta’limi va tibbiyot sohasining yo‘lga qo‘yilishi

Amir Temur va temuriylar davrida madrasa oliy, ma’lumot beradigan markaz edi. Movarounnahr va Xurosonda asosan madrasalar davlat va badavlat shaxslarning mablag‘lari hisobiga qurilgan edi. Musulmon olamida birinchi madrasa Buxoroda qurilgan (Farjak, X asr). Madrasalarda ilohiyot bilan birga dunyo-viy fanlar: qonunshunoslik (fiqh), mantiq, matematika (riyoziyot), geometriya (handasa), falakiyot (ilmi hay’at), tibbiyot, tarix, jug‘rofiya, adabiyot, she’riyat (ilmi aruz), arab tili va boshqa fanlar o‘qitilgan.


Madrasalarda eng yaxshi yetuk mutaxassislar dars berishgan, ularga alohida ish haqi to‘langan. 1404-yilda Amir Temurning rafiqasi Saroy Mulkxonim eridan ruxsat olib, o‘z otasi Qozon-xondan qolgan mablag‘ga Samarqandda nihoyatda hashamatli madrasa qurdirgan va unda o‘z davrining mashhur olimlari mudarrislik qilishgan.
Muarrix Xondamirning ma’lumotlariga ko‘ra, Hirotda 36 ta madrasa faoliyat ko‘rsatib, ushbu madrasa va xonaqohlarda ta’lim olish uchun turli mamlakatlardan talabalar kelishgan. Boshqa bir yozma manbaga ko‘ra, Hirot hududida 40 ziyod madrasa mavjud bo‘lgan. Xonaqohlar ham ba’zi holatlarda ta’lim maskani rolini o‘ynagan. Hirot tevaragi va Xurosonning boshqa shaharlarida madrasalar va xonaqohlar shuhrat qozongan edi. Jumladan, Feruzshoh madrasasi va xonaqohi, Ixlosiya madrasasi va Xalosiya xonaqohi, Sabzravon (Baramma), Apika ko‘kaltosh, Gavharshod oqa, G‘iyosiya, Ar-Rashidiya kabi madrasalarga dunyoning turli mamlakatlaridan talabalar kelishgan.
Madrasalarda o‘qib, keyinchalik ulamo bo‘lib yetishgan mudar-rislar faoliyat ko‘rsatishgan: Burhonuddin Atoulloh, Fasihuddin Muhammad Nizomiy, Mavlono Shamsuddin ibn Fuhadiy, Shamsud-din Shayx Muhammad va boshqalar.
Madrasalarda o‘qish tanlov asosida bo‘lib, o‘qishi sust talaba-lar ozod qilingan. Madrasalarda o‘qish nomigagina bo‘lmay, aniq natijalarga erishilgan. Ta’lim tizimi umrni zoye qilish emas, balki g‘animat damdan oqilona foydalanish tamoyillari asosida amalga oshirilgan. Ularda ilohiyot, tarix, adabiyot, falsafa hamda aniq fanlardan dars berilgan. Ta’lim tizimi ham puxta ishlab chiqilgan.
Hirot atrofidagi amir Feruzshoh madrasasi va xonaqohi nihoyatda mashhur bo‘lgan. Injil anhori bo‘yida, Dorush-shifo ro‘parasidagi Ixlosiya madrasasi va Xalosiya xonaqohi Husayn Boyqaro davrida bunyod etilgan. Bu madrasalarda islom olamining turli hududlaridan kelgan toliblar o‘qishgan.
O‘sha davrning yetuk mudarrislari hisoblangan amir Burho-nuddin Atoulloh Nishopuriy, Qozi Ixtiyoriy Hasan Jo‘robiy, amir Murnoz va Fasihuddin Muhammad Nizomiy shu madrasada o‘qishgan. Ta’lim tanlov asosida olib borilib, har oylik tanlovda bo‘sh o‘zlashtiradigan talabalar tushirib qoldirilgan, o‘qishni faqat kuchlilar davom ettirishgan.
Mirzo Ulug‘bek Buxoro, G‘ijduvonda bittadan, Samarqandda ikkita madrasa qurdirgan. O‘sh davrda Qutbiddin Sadr, Muhammad Sulton madrasalari ham faoliyat ko‘rsatgan.
Madrasa va xonaqoh tinglovchilari fanning turli sohalaridagi ko‘pgina kitoblarni tahlil qilishgan. Amir Temur va vorislari saroyida qadimgi va o‘rta asrning noyob asarlari saqlanadigan kutubxonalar mavjud edi. Samarqandda Amir Temur va Mirzo Ulug‘bekning, Hirotda Shohrux mirzo, Boysunqur mirzo, Husayn Boyqaro va Alisher Naviylarning boy kutubxonalari mashhur edi.
Alisher Navoiy kutubxonasini 1499 yildan Xondamir, Husayn Boyqaro saroyidagi kutubxonasini esa Kamoliddin Behzod boshqargan.
Kamoliddin Behzod Tabrizda shoh Ismoil I ning saroy kutubxonasiga ham boshchilik qilgan. O‘sha davrdagi mualliflar o‘z asarlarini kutubxonalarga bag‘ishlashgan. Masalan, G‘iyosiddin Koshiy Mirzo Ulug‘bek kutubxonasiga bag‘ishlangan asarni yozib qoldirgan.
Sharqning mashhur madrasalari tarixan oliy o‘quv yurti maqomida tashkil topgan bo‘lib, bu o‘z navbatida o‘qitishda yangi usullarning vujudga kelishi bilan uzviy bog‘liqdir. VIII-IX asr-larda tolibi ilmlar, asosan masjidlarda o‘qitilar, ularga musul-mon dini aqidalari, islomiy ilmlar (ilmu naqliya) bilan bir qatorda aniq fanlar (ilmu aqliya) o‘qitilar edi. Toliblarga o‘qitish jarayonida aytib turilgan, ular yozganlar. Bu usul “imlo” usuli deb yuritilgan. X asrdan boshlab o‘quv muassasalarida “imlo” usulidan voz kechilgan.
Sharqshunos olim Adam Mets bu haqda quyidagilarni yozgan: "O‘qitishda yangi usullarning vujudga kelishi, o‘z navbatida, yangi turdagi o‘quv muassasalarining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Avval aytib turib yozdirish ya’ni “imlo” usuli o‘qitishda eng yuqori darajada hisoblangan bo‘lsa, X asrdan “tadris” (sharh, izoh) usuli yetakchi bo‘lib qolgan. “Tadris” usuli o‘sha davrda qabul qilingan ilmiy munozara – dibat bilan uzviy bog‘liq edi, masjidlar esa munozara uchun muvofiq emasdi. Natijada bu davrga kelib madrasa vujudga keldi”. Maktablar esa masjidlar qoshida qolgan.
Madrasalar uchun maxsus binolar qurila boshlangan, eng yirik madrasalar hukmdorlar, yirik mulkdorlar, shariat, din peshvolari tomonidan qurilgan. Sharq me’morlik san’atining eng go‘zal an’analari madrasalarda o‘z ifodasini topgan. Madrasalar va masjidlarda nihoyatda baland va salobatli minoralar ham quril-gan. Bino tarkibida talabalar yashab, o‘qishi uchun 2-4 kishilik hujralar, mudarrislar, mutavalli, masjid imomi, muazzin uchun maxsus xona va bir necha darsxonalar mavjud bo‘lgan. Davlat ahamiyatiga molik katta madrasalar qoshida boy kutubxona, qiroat-xona, ularning ishini nazorat qiluvchi mulozim ham bo‘lgan. Masalan, Buxorodagi Mir Arab madrasasida 100 nafardan ortiq talaba yashashi uchun hujralar mavjud bo‘lgan.
Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi Movarounnahr va Xuroson-ning eng e’tiborli madrasalaridan biri bo‘lgan. U ikki qavatli bo‘lib, 55 ta hujrasi bo‘lgan. Har bir hujra ikki nafar talabaga mo‘ljallangan uch xonadan: yotoqxona, darsxona, qaznoqdan iborat bo‘lgan. O‘tmishda madrasalar bilan yonma-yon masjid va xonaqohlar qurilgan.
Odatda madrasalar peshtoqiga, eshiklariga naqsh bilan ilm olishga chaqiruvchi Qur’oni karim oyatlari yoki hadisi sharif da’vatlari bitilgan. Masalan, Mirzo Ulug‘bekning Buxorodagi 1417 yilda qurdirgan madrasasi peshtoqiga “Talab ul ilma fari-zatun, alo xuli muslimin val muslima", ya’ni “Ilmga talab har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdur” da’vati naqsh bilan bitilgan. Bunday Qur’on oyatlari hamda hadis durdonalari yoshlarda ilmga rag‘bat uyg‘otishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.
O‘qitiladigan ilmlar tasnifi, o‘qitish saviyasi, mudarrislar mavqeiga ko‘ra ikki bosqichga bo‘lingan: birinchisi umumiy ta’lim beruvchi o‘quv maskani – u madrasa deb yuritilgan. Ushbu guruh madrasalarda ilmu naqliya – diniy ilmlar ancha chuqur o‘rgatilgan, shu bilan birga ilmu aqliya – tabiiy fanlardan, ijtimoiy fanlar-dan umumiy ma’lumot berilgan. Bunday madrasalar kichikroq shaharlarda, ba’zan katta shaharlarda ham mavjud bo‘lgan.
Umumiy ta’lim madrasalarini bitirgan talabalar, asosan, oddiy maktablarda o‘qituvchi, masjidlarda imom, qozixonalarda mufti va boshqa lavozimlarda ishlagan, ba’zi qobiliyatli, iqti-dorli yoshlar madrasayi oliyada o‘qishni davom ettirgan. Ikkinchisi, madrasayi oliya deb yuritilgan va ta’lim tarbiyaning eng oliy bosqichi hisoblangan. Unda yuksak ilmiy martabaga erishgan allo-malar faoliyat ko‘rsatgan, bunday madrasalar asosan markaziy shaharlarda, ilm-fan madaniyat rivojlangan Samarqand, Buxoro, Hirot kabi shaharlarda bo‘lgan.
Madrasalarda qoidaga muvofiq haftaning to‘rt kuni yakshanba, dushanba, seshanba, shanba – o‘qish kunlari, ikki kun – chorshanba va payshanba mustaqil mutolaa kunlari; juma dam olish kuni hisob-langan. O‘qish bir yilda olti oy davom etgan, umumiy qoidaga muvofiq o‘quv yili mezon oyining birinchi kuni (22-sentabr) boshlanib, hamal oyining birinchi kuni (21-mart) tugagan.
Hamal, savr, javzo, saraton, asad, sunbula oylari talabalar tirikchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Bu haqda madrasalarga xon va podshohlarning maxsus farmonlari kelgan. Madrasalarning har ikki guruhida arab tilining sarfi (morfologiyasi), nahvi (sintaksisi) ancha chuqur va uzoq vaqt o‘qitilgan. Chunki madrasa-larda hamma fanlar bo‘yicha barcha asarlar va ularning sharhlari, deyarli hammasi arab tilida bitilgan va arab tilini mukammal bilish talab etilgan.
Madrasalarning qanday fanlarga mo‘ljallanganidan qat’iy nazar, ulumi naqliya (Qur’on, hadis, fiqh, tasavvuf) va u bilan bog‘liq ilmlar ta’lim dasturining asosini tashkil etgan. Ba’zi madrasalarda ularning ixtisosiga ko‘ra ulumi aqliya, ulumi ma’mu-riya, ulumi harbiya ilmlari o‘qitilgan. Chunki ularda asosan, davlat ma’muriyatiga xizmat qiluvchi, elchilik ishlari bilan shug‘ulla-nuvchi davlat arboblari yoki lashkarboshilar tayyorlangan.
Shunga ko‘ra bunday madrasalarda Unsurulmaoliy Kaykovusning Sharq pedagogikasi qomusi – "Qobusnoma", Nizomulmulkning “Siyar ul-muluk” (“Siyosatnoma"), Shayx Sa’diyning "Guliston" va “Bo‘ston" asarlarini chuqur o‘rganganlar. Madrasalar a’lam va qozi-kalonlarning umumiy rahbarligida faoliyat ko‘rsatgan, ammo madrasayi oliya – davlat miqyosidagi madrasalarga mudarris tayin-lash, ularning bilim saviyasini tekshirish, talabalarni vaqti-vaqti bilan imtihon qilishga podshohlar, xonu amirlar bevosita boshchilik qilganlar.
Alisher Navoiyning zamondoshi, tarixchi olim, shoir Zayniddin ibn Abdujalil Vosifiy (1486-1566) o‘zining “Badoye’ ul-vaqoye" (Go‘zal voqealar) asarida Ulug‘bekning Samarqandda bino qilgan madrasayi oliyaga mudarris tayinlash bilan bog‘liq bir voqeani tasvirlagan: 813 (1420-yil) kuz faslining farahbaxsh kuni madrasa qurilishi nihoyasiga yetgan, hammayoq saranjom-sarishta, olimlar, tolibi ilmlar, qoziyu-quzzot-qozikalon, saroy ahli yangi madrasa hovlisiga jam bo‘lgan. Hammani bu firdavsmonand madra-saning birinchi mudarrisi kim bo‘lishi qiziqtirar edi. Mirzo Ulug‘bek to‘planganlarga murojaat qilib: “Hamma ilmlarda yetuk-likka erishgan kishi madrasaning birinchi mudarrisi bo‘lsin”, deydi. Shunda odamlar orasidan bir kishi chiqib, “Men imtihon topshiraman” – deydi. Mirzo Ulug‘bek rahbarligida to‘qson nafar olim va talaba huzurida imtihon darsi o‘tilgan. Batlimus (Klavdiy Ptolomey) ning “Al-majistiy” asari bo‘yicha nihoyatda yuksak ilmiy saviyada o‘qilgan bu imtihon darsini faqat Qozizoda Rumiy va Mirzo Ulug‘bek tushungan, xolos. Bu o‘z davrining yetuk olimi va mudarrisi Shamsuddin Muhammad Xavofiy edi.
Madrasayi oliyada dars berish, o‘qitish usullari alohida e’tiborga loyiqdir. Mirzo Ulug‘bek dars berish jarayonida, ayniqsa, munozara-bahs usuliga tez-tez murojaat qilgan. Darhaqi-qat, munozara (disput) usuli, birinchidan, talaba nutqini o‘stirsa, ikkinchidan, masala mohiyatini chuqur idrok qilishga olib keladi. Mirzo Ulug‘bek faqat talabalarga dars berish bilan cheklanmay, madrasa mudarrislariga, rasadxonada ishlovchi olimlarga ham ma’ruzalar o‘qir, munozaralar o‘tkazar, shu bilan ulamolarning malakasini oshirgan.
Ulug‘bek madrasayi oliyasida 100-150 nafar talaba muntazam ta’lim olgan. Tolibi ilmlarga Samarqandda yashab ijod etgan hamma ulug‘ olimlar: Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Shamsuddin Muhammad Xavofiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Alouddin Ali Qushchilar aniq fanlardan dars berganlar va Ulug‘bek rasadxona-sida ham tadqiqot ishlari olib borganlar. Madrasani xatmi qutub qilish (tugatish) va sanad (shahodatnoma) olish hamma talabalarga ham nasib etavermagan. Mazkur dargohda avvalo, o‘quv fanlariga e’tibor va talabchanlik shu darajada yuqori ediki, ko‘plab talaba-larning o‘qishi 20-25 yilgacha cho‘zilib ketar, ba’zilari o‘qishni oxiriga yetkaza olmay tashlab ketganlar.
O‘zFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar jamg‘armasida Ulug‘bek madrasasi mudarrisi Qozizoda Rumiy tomonidan shu madrasani muvaffaqiyatli tamomlagan Shamsuddin Muhammad Balxiy nomiga berilgan ijozatnoma – sanad saqlanadi. Unda ushbu talabaning ilm o‘rganishdagi salohiyati, chidam-matonatini ta’kid-lashdan tashqari madrasada chuqur o‘rganilgan bilimlar – asarlar-ning nomlari birma-bir sanab o‘tilgan.
Madrasayi oliyani muvaffaqiyatli xatm qilganlarga turli madrasalarda mudarrislik qilish mumkinligi haqida ijozatnoma (ba’zi manbalarda sanad) – diplom berilgan. Madrasayi oliyalar qoshida boy kutubxonalar, ularda noyob kitoblar bo‘lgan, davrning ko‘zga ko‘ringan dabirlari, sahhoflari, xattotlari faoliyat ko‘rsatganlar va ular yangi-yangi kitoblarni ko‘chirganlar, kutub-xonani kerakli asarlar bilan boyitgan. Bundan tashqari, podshoh-lar, ulug‘ mutafakkirlarning shaxsiy kutubxonalaridan ham iqti-dorli talabalar foydalangan. Madrasalarimiz tarixidagi bunday nurli sahifalar XVII asrgacha davom etgan. Temuriylar saltana-tining parokandalikka yuz tutishi madrasalar hayotiga ham kuchli salbiy ta’sir ko‘rsata boshlashgan71. To‘g‘ri, Ashtarxoniylar va keyingi xonliklar davrida ham madrasalar faoliyat ko‘rsatgan, ammo ularning dasturida naqliy ilmlarni o‘qitish yetakchilik qilgan. Bu davrga kelib aqliy ilmlar Yevropani yuksaklikka olib chiqayotgan edi.
Xullas, temuriylar davrida ta’lim o‘z davridagi yuksak usullarda olib borilgan bo‘lib, Sharq dunyosida o‘z o‘rni va salohiyatiga ega bo‘lgan.

Download 3.39 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling