Beshinchi Konstitusiyaviy tamoyil — Konstitusiya va qonunlarning ustuvorligidir.
Konstitusiyaning 15 – moddasida «O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining
Konstitusiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari,
mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitusiya va qonunlarga muvofiq ish
ko‘radilar», deb belgilab qo‘yilgan.
Oltinchi Konstitusiyaviy tamoyil — xalqaro andozalar darajasida ifodalangan fuqarolar
huquqlari, erkinliklari va majburiyatlarining tengligi va daxlsizligidir. O‘zbekiston
fuqarolarining huquqlari muhim xalqaro hujjatlar — «Inson huquqlari butun jahon
Deklaratsiyasi», «Iqtisodiy, sotsial va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro akt», «Fuqarolik va
siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro akt» va boshqalar asosida bayon etilgan.
Konstitusiyaning 18 – 52 — moddalari inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari
va burchlariga bag‘ishlangan. O‘zbekiston davlati tomonidan fuqarolarning huquqlari va
erkinliklari oliy qadriyat sifatida tan olingan va ular himoya qilinadi. Konstitusiya bo‘yicha har
bir shaxsning o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi kafolatlanadi.
Yettinchi Konstitusiyaviy tamoyil — qonuniylikdir. Qonuniylik jamiyatning bir maromda
hayot kechirishini, davlat organlarining maromli faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi. Davlat,
uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitusiya va qonunlarga
muvofiq ish ko‘rgandagina jamiyatda barqarorlik va taraqqiyot bo‘ladi.
Sakkizinchi Konstitusiyaviy tamoyil — O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy
qoidalarini aniq belgilab qo‘yilganligidadir. Asosiy Qonunning 17 – moddasida O‘zbekiston
Respublikasi tashqi siyosati aks etgan.
Konstitusiyada davlat xalqning manfaatlari va xavfsizligini ta’minlash maqsadida boshqa
davlatlar bilan ittifoq va do‘stona aloqalar o‘rnatishi hamda davlatlararo tuzilmalarga kirishi va
ulardan ajralib chiqishi mumkinligi qonunlashtirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |