Qilt etgan shamol yo'q, yozning ayovsiz issig'idan odam suv bo'lib oqaman deydi
Download 29.5 Kb.
|
Hikoya Charos
Qilt etgan shamol yo'q, yozning ayovsiz issig'idan odam suv bo'lib oqaman deydi. Lola opa ertalabdan to'rt yashar o'g'ilchasini olib, qaynonasinikiga yordamlashgani ketgan: ham tug'ilgan kun, ham kelinchaqiriq qilinayotgani uchun ishlar juda ko'p-da! Dilbar esa onasining yo'qligidan foydalanib, uyi orqasidagi ariqchada sevimli mashg'uloti bilan band. U chelakchadagi tutilgan mayda baliqlarni maroq bilan kuzatarkan, Karimaga ko'rsatib, rosa maqtanishni o'ylar, baliq boqishni diliga tukkandi. Shu maqsadda ortiga qaytdi. Oshxonadan kuygan xid, allaqanday paqillash tovushi kelarkan, Dilbar qo'lidagi chelakcha ustiga bir chekada turgan kir yuvgich tog'arani to'ntarib qo'ydi-yu, yugurgancha ichkariga kirib ketdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, baland olov og'ushida temir tovoq qop-qora tus olgan, uning ichida tuxumlar suvi qolmaganidan dod solganday, po'stini har yoqqa otardi. Dilbar shartta ehtiyotkorlik bilan gazni o'chirdi-yu, jahl otiga minib tashqariga otildi:''Karimaga tayinlagandim-ku! Endi oyimdan toza tanbeh eshitaman.'' Soya so'rida esa Karima uyquni berib uxlab yotar, issiq havo uning burni ustiga reza-reza terlarni qo'ndirgandi. Dilbarning bobillab baqirishidan cho'chib uyg'ongan tabiatan tortinchoq, yuvosh qiz nima bo'lganini angladi-yu, loqaydlik qilganiga uyaldi. Yozgi ta'tillar boshlangach, Karimaning bu yerga, xolasinikiga kelganiga ikki kun bo'lgandi. Uyida har kuni tush payti uxlashga o'rganib qolgan qiz Dilbarning bunchalik jizzakilik qilyotganiga arazlab, oshxonaga kirib ketdi. O'rik soyasi ostida yotgan mushuk erinibgina ko'zlarini ocharkan,''Uyquning beliga tepdinglar-ku'' deganday ularga norozi ohangda qarab qo'ydi. Ikki tengdosh qiz xonani obdan tozalashdi, tuxumning sog' joylarini mayda to'g'rab, yaqinda ochib chiqqan jo'jalarga berishdi. Karima yo'l ustidagi tontariq tog'orani olib qo'ymoqchi bo'lib ko'targandi hamki, ''Meni qutqar''deb o'zini har yoqqa uryotgan baliqlarga ko'zi tushdi. Qizning rahmi kelib, egasiga bildirmay, ularni o'z joyiga, ariqchaga qaytardi. Dilbar esa baliqlarini oziqlantirish uchun ichkariga kirib, piyolaga non ushoqlarini solib chiqqandi. Bu safar uning alamdan ko'zlarida yosh qalqir, Karimadan qattiq xafa bo'lgandi. Lola opa asrga yaqin qaytdi. Salafan xaltaga solingan noz-ne'matlarni mehr bilan ularga bo'lib berarkan, qiziga biroz dam olgunicha ukasiga qarab turishni tayinladi. Bolalar uzoq kek saqlab turolmaydi. Mana Dilbar bilan Karima ham allaqachon yarashib olishgan, qo'shni qizlar o'yinga chaqirishi bilanoq, bolakayni yetaklab, birga ko'chaga chiqishgandi. Sal o'tmay o'yinga berilib ketgan Dilbar ukasining to'satdan chinqirib yig'laganiga cho'chib tushdi. Bolakay bir chekkada tuproq ustidagi chumolilar harakatini, tin olib turgan bir arini hayron kuzatayotib, uni ushlab ko'rmoqchi bo'lgandi: ari chaqib olibdi. Darhol Karima ikkisi big'illab yig'layotgan bolani onasi oldiga olib borishdi. Lola opa o'g'lining ari chaqqan joyiga tuz separkan, qizini ruxsatsiz ko'chaga chiqib ketgani, ukasiga yaxshi qaramagani uchun rosa koyidi. Dilbar shuncha dashnomlarning faqat o'z boshi ustidan yog'ilayotganiga alami keldi. Karimaning erkalatuvchi ohangda ko'zlarini pirpiratgan imolarigami yo og'riq qolganigami bola yig'lashdan to'xtab, qiyqirib kulishga o'tgandi. Maktab stadioni uylariga yaqin bo'lgani uchun ular har kuni ertalab qo'shni bolalar bilan yugurishga borardi. Lola opaning o'zi ''Ertalabki badantarbiya bo'y o'stiradi, foydali''deb qattiq turadi-da! O'tgan yili gimnastika mashg'ulotlariga borgan Karimaning harakatlari kiyiknikidek tez, poygada hammani ortda qoldirardi. Dilbar esa qo'l-oyoqlari bo'liqqina, to'lachadan kelgani uchun doim ortda qolib ketadi. Sinfdoshi Jasur ularga qo'shilib oladigan odat chiqaribdi. Qanaqa o'yin bo'lsa, xalal bergani bergan. Bugun u cho'ntagiga kichik-kichik bodringlar solib olgandi. Ortga qaytishayotganida eng ko'pini Karimaga berdi-yu, Dilbarga ''Ko'p yesang, battar baqaloq bo'lib ketasan'' deb miyig'ida kulib, gap tashlab qoldi. Kulguga Karimaning qisinib bo'lsa-da, qo'shilgani qizga o'lik ustiga tepgandek yoqimsiz tuyuldi. Tush payti esa onasidan arang ruxsat olishib, buloqboshiga cho'milgani ketishdi. Lohas etuvchi issiq havoda bolalarning sho'x qiy-chuvi atrofni tutgan, tiniq va muzdek suv tanga o'zgacha orom bag'ishlardi... Kechqurun dadasi olib kelgan muzqaymoqlarni Karima ikkisi maza qilib, paqqos tishirishdi. Keyin Lobar opa Karimaga ertaga onasi mehmondan qaytayotib, olib ketishini, narsalarini tayyorlab qo'yishini aytdi. Hamma uxlagani yotarkan, Dilbar Karimaga rosa o'rganib qolganini, uning sira ketishini istamayotganini chin dildan his etdi. Oy nurlari deraza oynalarini kunduzgidek yoritar, ikki jiyan suhbatlashishsa, vaqt to'xtab qoladigandek, tinmay gaplashishar, bir-biriga qiziq-qiziq voqealarni so'zlab berishardi. Lekin ko'p o'tmay uyqu ularni o'zining shirin tushlar saltanatiga olib ketdi. Karimalar ketishgach esa Dilbarning qalb uyi huvillab qolgandek, xafsalasizlik bilan oyisi aytgan ishlarni bajarardi. Ukasi biram to'polonchi-da! Hamma yig'ishtirilgan narsani sochib tashlayveradi. Dilbar bolakayni yolg'ondan qattiq urshib qo'ydi-yu, shkafdagi kiyimlarni tartibga sola boshladi. Birdan ko'ylaklar orasidan Karimaning sport formasiga ko'zi tushdi, quvonib ketdi. Lola opaning oshxona ishlari bilan bandligini bilib, darrov bir varoq oq qog'oz oldi-yu, Karimaga xat yoza ketdi. Unda qo'shni qizlarning salom aytgani-yu, bugun Jasurning ham uyquchiligi tutib yugurishga chiqmaganini, uyi yonidan o'tsa, darvoza tirqishidan qarab qo'yayotganini, hamma-hammasini yozdi. Maktub bitgach, boya onasi bergan shokoladni o'sha sport kiyimining cho'ntagiga solib qoyarkan,''Oyim yaqinda ularnikiga borsa, buni ham o'zi bilan olib ketadi, cho'ntagidagi narsalarni ko'rib, Karima rosa quvonadi'' dedi o'ziga-o'zi. Download 29.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling