Qishloq xo‘jaligi uchun zamonaviy texnologiyalar


Download 59.5 Kb.
Sana28.12.2022
Hajmi59.5 Kb.
#1020997
Bog'liq
Qishloq xo


Qishloq xo‘jaligi uchun zamonaviy texnologiyalar

«O‘zekspomarkaz»da agrosanoat kompleksi uchun minitexnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning “Uzbekistan Agrominitech Expo – 2015” X xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosi hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarining “Uzbekistan Agrotechmash Expo – 2015” IV xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Fermerlar kengashi tomonidan tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari I.Ergashev, Fermerlar kengashi raisining o‘rinbosari F.Qulmatov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samaralarini berayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarning tatbiq etilayotgani muhim o‘rin tutmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 15-maydagi «Qishloq xo‘jaligining mashinasozlik korxonalarini boshqarishni yanada takomillashtirish va moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimizda zamonaviy, unumdorligi yuqori, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi texnika va uskunalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.

«Uzbekistan Agrominitech Expo” va “Uzbekistan Agrotechmash Expo” xalqaro ko‘rgazmalarining yuqori saviyada uyushqoqlik bilan tashkil etilgani ham qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik qayta jihozlash hamda iqtisodiyotimiz agrosanoat sektorini yanada rivojlantirish muhimligidan dalolat beradi. 2014-yilgi ko‘rgazmalar yakunlari bo‘yicha mamlakatimiz tadbirkorlari va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida minitexnologiyalar, ixcham uskunalar va qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun umumiy qiymati 145 milliard so‘mdan ziyod 1180 shartnoma va ahdlashuv protokollari imzolandi.

Bu galgi “Uzbekistan Agrominitech Expo – 2015” ko‘rgazma-savdosida Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Avstriya, Bolgariya, Belarus, Niderlandiya, Eron, Rossiya, Turkiya kabi dunyoning 24 davlatidan 195 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda.

Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan ixcham liniyalar, qadoqlash minitexnologiyalari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va bog‘dorchilik uskunalari, ozuqa tayyorlash, bog‘dorchilik va uzumchilik sohasi uchun minitexnika hamda uskunalar, o‘simliklarni himoya qiladigan kimyoviy moddalar, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha keng turdagi mahsulot va xizmatlar namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston kompaniyalari o‘z stendlarida qishloq xo‘jaligi uchun minitexnologiyalar va uskunalarni ishlab chiqarish borasida mamlakatimiz salohiyatini keng namoyish etmoqda. Bu yerda meva-sabzavot va ko‘katlarni quritish kameralari, parrandachilik inkubatorlari, qadoqlash-o‘rash jihozlari, chizel-kultivator va pluglar taqdim etilgan. Muqobil energetika sohasidagi yutuqlar – eng chekka hududlarda joylashgan obyektlarni ham elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash uchun mo‘ljallangan quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalari xorijlik mehmonlar e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

Mamlakatimizning «Upakmash» kompaniyasi stendida suyuqlik quyish, yorliq va aksiz markalarini yopishtirish avtomatlari, qadoqlash va o‘rash jihozlari kabi korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan o‘n besh turdan ortiq uskunalar to‘g‘risida axborot joylashtirilgan. Kompaniya direktori A.Buxtoyarovning so‘zlariga ko‘ra, «Upakmash» uskunalaridan O‘zbekistonning barcha hududlaridagi oziq-ovqat sanoati korxonalari foydalanmoqda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xorijga ham eksport qilish mo‘ljallanmoqda.

«Alifar Agroimpeks» xoldingi ekspozitsiyasi ham ishtirokchilar e’tiborini tortmoqda. Kompaniya quritilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab, meva-sabzavot, ko‘kat va ziravorlar ishlab chiqarmoqda.

– Kompaniyamiz dunyoning 40 davlatiga 150 turdan ziyod mahsulot eksport qiladi, – deydi «Alifar Agroimpeks» xoldingi bosh menejeri Sherzod Alimov. – Bu borada biz eng zamonaviy texnologiya va uskunalardan foydalanayotganimiz bois mahsulotlarimizga bo‘lgan talab ortib borayotir. «Uzbekistan Agrominitech Expo» ko‘rgazma-savosida to‘rtinchi marotaba ishtirok etmoqdamiz. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bu ko‘rgazma yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni chet el bozoriga chiqarish imkonini bermoqda.

Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya va Fransiyadan tashrif buyurgan ishtirokchilarning stendlari ham e’tiborni o‘ziga jalb qilmoqda. Bu yerda oziq-ovqat sanoati uskunalari, muzlatish qurilmalari, muzqaymoq tayyorlash uskunalari va boshqa ko‘plab jihozlar namoyish etilmoqda.

– O‘zbekistonning qulay tabiiy sharoiti issiqxonalarda yil davomida meva-sabzavot yetishtirish imkonini beradi, – deydi Xitoyning «Fenglong Agrisupply» kompaniyasi menejeri Aleks Chen. – Kompaniyamiz issiqxonalar uchun uskunalar yetkazib beradi. Bugungi kunda O‘zbekiston bozorida raqobat kuchayib borayotgani sababli eng samarali yechim va texnologiyalarni taqdim etmoqdamiz.

Italiya va Bolgariya ishlab chiqaruvchilari meva-sabzavotni tozalaydigan va kesadigan uskunalar, poliz mahsulotlari sifatini aniqlaydigan o‘lchov moslamalari, turli muzlatgich agregatlari, vakuumli to‘ldirgichlarni namoyish qilayotir.

– O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati jadal rivojlanib bormoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hajmi kengayib, yangi texnologiyalar joriy etilmoqda, – deydi «Tecno Italia» kompaniyasi bosh menejeri Korrado Rovesti (Italiya). – Ko‘rgazmaga meva-sabzavotni qayta ishlaydigan, sut va non mahsulotlari ishlab chiqaradigan uskunalarni olib keldik. O‘zbekiston fermerlari va biznesmenlari zamonaviy texnologiyalarimizga katta qiziqish bildirmoqda. Shu bois, o‘zbekistonlik sheriklar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatidamiz.

«Uzbekistan Agrotechmash Expo – 2015» xalqaro ko‘rgazmasida 10 mamlakatdan qishloq xo‘jaligi texnika va asbob-uskunalari ishlab chiqaradigan yigirmadan ziyod jahonga mashhur yetakchi kompaniyalar, shuningdek, «Toshkent traktor zavodi», «Agregat zavodi» va «Chirchiqqishloqmash» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiradigan korxonalar, tijorat banklari va lizing kompaniyalari ishtirok etmoqda. Bu yerda ham keng turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari namoyish qilinmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2012-yil 21-mayda qabul qilingan «2012-2016-yillarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturi to‘g‘risida»gi qarori amalga oshirilishi samarasida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mashinasozligi mahsulotlarining turi yanada kengaydi. Mazkur qaror ijrosi doirasida “Chirchiq Mash Agro” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu korxonada keng turdagi agregat va uskunalar – kultivatorlar, pluglar, yer tekislaydigan va boshqa uskunalar ishlab chiqarilayotir.

Ko‘rgazmada «Doosan», «Daichi», «Deadong» (Janubiy Koreya), «Case», «New Holland» (AQSh), «CLAAS», «Lemken», «MAN» (Germaniya) va dunyoga mashhur boshqa yetakchi kompaniyalarning yetmishdan ortiq turdagi texnikalari namoyish etilmoqda.

«Uzbekistan Agrominitech Expo» va «Uzbekistan Agrotechmash Expo» an’anaviy ko‘rgazmalarida mamlakatimiz fermer va tadbirkorlari ham faol ishtirok etmoqda. Bu yerda taqdim etilayotgan keng turdagi mahsulotlar fermer xo‘jaliklari va ishlab chiqarish korxonalarini eng yangi texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash imkonini beradi. Ishtirokchilar ko‘lamining tobora kengayib borayotgani esa uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.



Xalqaro ko‘rgazmalar doirasida zamonaviy xorijiy texnologiyalar taqdimoti, fermerlar uchun seminar va uchrashuvlar o‘tkaziladi.

«Uzbekistan Agrominitech Expo – 2015» ko‘rgazma-savdosi va «Uzbekistan Agrotechmash Expo –2015” ko‘rgazmasi ishlab chiqarish va qayta ishlash sanoatini yanada rivojlantirish, eksport hajmini kengaytirish imkonini beradi.
Download 59.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling