Qog’ozdan yasalgan gul


Download 9.3 Kb.
Sana03.02.2023
Hajmi9.3 Kb.
#1150616
Bog'liq
QOG’OZDAN YASAL-WPS Office


QOG’OZDAN YASALGAN GUL

1930 yil bo’lsa kerak, o’rtancha tog’am uylandi. Tog’am savodsiz, hunarsiz, mehnatnigina biluvchi yigit edi. Shu boisdan monand kelin topish xiyla qiyin ko’chib, Xonim bibim ancha vaqt «eshik sanab» sovchilikda yurdilar. Nihoyat, darakma-darak yura-yura, Qurbaqaoboddan kambag’al, ota-onasiz bir oilaning o’qimagan savodsiz qiziga bo’lishdi.

To’ydan keyin bir kun Xonim bibim kelin bolani biznikiga salomga olib keldilar.

Kelin o’n sakkiz, o’n to’qqiz yoshlarda, durkun, husndor, ipaklarga belangan upa-surmali edi. Husn, kiyim, ko’rsatilayotgan hurmat unda bir oz g’urur paydo qilgan edi…

Kelin hovlida turib, hammamizga bir-bir salom qilish “marosim”ini o’tadi. O’z xonalarida yozuv bilan mashg’ul bo’lgan dadam ham hovliga chiqib kelinga “ko’p yashang” deb va bibim bilan so’rashib kirib ketdilar.

Choydan so’ng oyim osh damlashga unnab ketdilar, bibim dam olgani uzaldilar. Kelin esa tortinib-netib o’tirmay, o’zicha uylarimizga bir-bir kirib, tanishib, hatto osig’liq choyshablar orqasini ham qarab chiqdi va oxirida dadam ijodxonalariga kirdi-da, aylanib uyni tomosha qildi, keyin so’zsizgina borib dadam yozib o’tirgan stol yoniga o’tirdi. U endi chamasi dadam bilan ozgina “suhbatlashmoqchi” edi…

Men kelinning bunday erkin, mag’rur harakatidan taajjubda edim. Chunki salobatli dadam oldiga har kim ham (ayniqsa, ijod chog’ida) botinib kira olmas, Xonim bibimlar-ku, umuman dadam bilan so’ylashib o’tirishga uyalar edilar.

– Siz kitob yozishni yaxshi ko’rasizmi? – dedi kelin.

– Ha, yaxshi ko’raman, – deya dadam kulimsidilar.

– Ishqilib, hamma ham o’zicha bir narsani yaxshi ko’rar ekan-da, – dedi kelin, go’yo qadrdon do’sti bilan miriqib so’zlashmoqchiday, oyoqlarini chalishtirib. – Mening akam kiyinishni yaxshi ko’radi. Uning qo’sha-qo’sha qiyiq bog’lab, baland poshna etik kiyib, ko’chada g’arch-g’urch bosib yurganini ko’rmagansiz-da. Hamma tomosha qiladi… Shu akam o’tgan yili Qurbon bayramiga chiqmadi.

– Ha, ha, nega chiqmadi? – Dadam qalamni qo’yib ajablanganday jiddiy tus oldilar.

– Akam To’lagan ko’nchining uyida xizmat qiladi. Bayram oldidan xo’jayinidan yillik xizmat haqini olib, o’ziga bosh-oyoq kiyim qildi. Hammasini olibdi-yu, faqat qiyiqchasiga qolganda puli yetmabdi. “Qiyiqcha bog’lamay bayramga chiqamanmi, chiqmayman!” dedi. Oyim: “Hayitga chiq, bolam”, deb yalindilar, baribir chiqmadi. U juda o’jar, bir so’zli.

– Chiqmay chakki qilibdi-da. Axir, bog’lab yurgan qiyiqlar yo’qmidi?

– Bor edi qo’sha-qo’sha… “Hammasi yangi bo’lsin”, dedi-da. Eskisini bog’lab chiqqani uyaldi.

Shu vaqt kelinning dadam oldida “suhbatlashib” o’tirganidan xabar topishdi, shekilli, Xonim bibim tavoze bilan asta kirib: “Kelin poshsha, bu yoqqa chiqing, yumush bor”, dedilar va boshlab olib chiqib ketdilar. Tashqariga chiqqach, kelinga qarab achchig’langanicha nimalarnidir so’zladilar.

Kechqurun mehmonlarni kuzatgach, biz darhol dadamga kelin haqidagi o’z e’tiroz-fikrlarimizni bildirdik. U kishi kulib tinglab


o’tirib, oyimga:

– Kelin… joyida, lekin tarbiya ko’rmagan, – dedilar. – U bamisoli qog’ozdan yasalgan gul… Husni bor-u, xush bo’yi yo’q… Bunga aybdor oilasi, o’qimaganligi, saviyasizligi…



Habibulla Qodiriy. Otam haqida
Download 9.3 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling