Qo’lda qurol, qalbda Vatan tuyg’usi


Download 50.6 Kb.
bet2/3
Sana06.11.2023
Hajmi50.6 Kb.
#1752343
1   2   3
Bog'liq
ffffff

Davlat ramzi deb, qonun bilan tasdiqlangan, mamlakatning mustaqilligi, davlatchilik tarixi, xalqining xohish-irodasi va ko'hna qadriyatlari mujassami bo'lgan rasmiy belgi - ramzga aytiladi. Masalan, davlatimiz bayrog'i, gerbi va madhiyasi qalbimizga g'ururi iftixor tuyg'ularini uyg'otadigan muqaddas timsollardir.Vatanning moddiy resurslari deganda, uning yer osti va yer usti boyliklarini tushunamiz. Moddiy resurslarga qazilma boyliklar, daryo va tog'lar, shahar va qishloqlar, korxonalar, binolar, o'simlik va hayvonot dunyosi umuman, yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan barcha moddiy boyliklar kiradi.
Vatanning ma'naviy boyliklari deganda, xalqning ongi, dunyoqarashi va fazilatlarining yuksalishiga xizmat qiladigan, aqlimiz va ruhimiz oziqlanadigan boyliklar tushuniladi.Ma'naviy boyliklarga xalqning madaniy merosi, tarixi, tili va dini, ilm-fani, adabiyoti, san'ati, me'moriy obidalari, muzeylar, kutubxona va teatrlar — umuman, insonning aqliy hamda ruhiy salohiyati bilan yaratilgan va shu salohiyatni oshirishga xizmat qiladigan barcha qadriyatlar kiradi.
Vatan tuyg'usi insonga ona allasi, bobolar o'giti, ota ibrati, oila tarbiyasi, ustoz-murabbiylar ta'limi bilan singadi. Kishi bu tuyg'u vositasida o'z atrofidagi odamlarni, narsa-hodisalar mohiyatini bilishga intiladi. Vatan tuyg'usi og'ir damlarda kishiga kuch-quvvat beradi, o'z xalqini sharaflashga, ajdodlar an'anasiga sodiq bo'lishga da'vat etadi. Televizorda ko'p ko'rganmiz, prezidentlar, davlat boshliqlari yurtimizga tashrif buyursa, ularning sharafiga yuksak martabali mehmon mansub bo'lgan davlatning bayrog'i ko'tarilib, madhiyasi ijro etiladi. Bizning Prezidentimiz xorijiy davlatlarga tashrif buyurganida ham Vatanimiz va xalqimizga, Yurtboshimizga hurmat-ehtirom ramzi sifatida davlatimiz bayrog'i ko'tarilib, yurtimiz madhiyasi yangraydi. Yoki sport maydonlarida ikkita mamlakatning futbol terma jamoasi o'zaro bellashmoqchi bo'lsa, o'yin oldidan dastlab ularning davlat madhiyasi ijro etiladi. Bu orqali, avvalo, ushbu sport jamoalari vakil bo'lib kelgan davlatga, uning xalqiga hurmat bajo keltiriladi. Shuningdek, bunday marosimlar vositasida ushbu jamoalar o'rtasidagi halol kurashdan ko'zlangan asosiy maqsad Vatanni sharaflash, uning nomini ulug'lash ekaniga urg'u beriladi.
Oddiy fuqarolar ham qaysidir chet davlatga bormoqchi bolsa, o'zi bilan birga Vatanini eslatib turadigan biror-bir narsani oladi. Qadimda ota-bobolarimiz uzoq o'lkalarga ketayotganlarida bir siqim yurt tuprog'ini ro'molchaga tugib olganlar. Ana shu tuproq orqali Vatanning hidini tuyganlar. Ulug' insonlar qalbidagi Vatanga intilish tuyg'usi shunchalik kuchli bo'ladiki, ular nafaqat tirikligida, balki bu dunyodan ko'z yumganidan keyin ham ona yurt tuprog'iga yaqinroq bo'lishni orzu qiladi. Olis Hindiston o'lkasida podsholik qilgan Zahiriddin Muhammad Bobur bobomiz ham vafotidan so'ng o'z jismini ushbu yurtga emas, balki Vataniga yaqinroq bo'lgan joy — Afg'onistonning hozirgi poytaxti bo'lmish Qobul shahriga qo'yishlarini vasiyat qilgan. Bu buyuk ajdodimizning muborak qabri hozir Kobul shahrida. Bobur tug'ilgan yurt — Andijon shahrida esa mustaqillik yillarida uning ramziy qabri va ulkan bog'i barpo etildi.
Vatan tuyg'usi insondagi vorisiylik tuyg'usi bilan uzviy bog'liq. Vorisiylik eng muhim xususiyat va qadriyatlarning otadan bolaga ajdodlardan avlodlarga meros bo'lib o'tishini bildiradi. Demak, vatan tuyg'usi ham avloddan avlodga o'tadi. Masalan, hozirgina tilga olganimiz Bobur bobomiz vorislari — boburiylar sulolasining aksariyat namoyandalari ham ota yurti — Turkiston zaminida yashamagan bo'lsalar-da, vatan tuyg'usi ularni bu tabarruk tuproqqa chorlab turgan. Ularning bugungi avlodlari ham mana shu zaminni o'zlarining tarixiy Vatani deb biladi.
Bizning ota-bobolarimiz vorislik an'analarini saqlash uchun o'zlarining nasl-nasab tarixi — shajarasini yozib borgan. Bu ham Vatanga muhabbat, uning tarixini muqaddas saqlashga bo'lgan intilishning bir ko'rinishidir. Qolaversa, ular shu tariqa nasl-nasabini tola saqlab, o'z avlodlarining har tomonlama sog'lom bo'lib voyaga yetishini ta'minlagan. Chunki avlodlar sog'lom va barkamol bo'lib voyaga yetsagina o'z yurtiga haqiqiy egalik qilib, uning ozodligi va tinchligini ko'z qorachig'idek asrab yashaydi. Dunyodagi har bir inson zimmasida ana shunday sharafli va mas'uliyatli vazifa bor. Bu vazifaning sharafliligi shundaki, kimki o'z nasl-nasabini toza saqlab, o'zidan munosib farzandlar qoldirsa, kelajakda buning mevasini ko'radi. Bu vazifaning mas'uliyatliligi shundaki, tarbiyada adashib, xato qilib qo'ysa, noqobil farzand o'stirsa, buning oqibatida nafaqat o'sha insonning o'zi, balki uning xalqi va Vatani ham ziyon ko'radi. Bu yo'lda adashmaslik uchun esa har bir vatandoshimiz ota-bobolarimizning kimligini, ularning tarixi va merosini, yurtimiz shuhratini yuksaltirish yo'lida qilgan xizmatlarini yaxshi bilishi lozim.
Vatanimizdan yetishib chiqqan allomalar haqida ko'p eshitgansiz. Alloma arabcha so'z bo'lib, olimlarning ulug'i, olimlarning olimi degan ma'nolarni bildiradi. Bizning alloma bobolarimiz faqat olamshumul kashfiyotlar yaratibgina qolmay, yurtimiz nomini butun dunyoga taratishda ham beqiyos xizmatlar qilgan. Chunki ular, vatan tuyg'usi har ishda, har qadamda madadkor bo'lsin deb, o'z ismi shariflariga tug'ilgan joylarining nomini qo'shib yozganlar. Buxoriy, Zamahshariy, Samarqandiy, Shoshiy, Toshkandiy, Farg'oniy, Marg'inoniy, Xorazmiy, Termiziy, Nasafiy singari nomlar shu tarzda paydo bo'lgan. Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Cho'lpon kabi ajdodlarimizning ulkan hasrat bilan yozilgan maqola va she'rlarini o'qiganda Vatan tuprog'ida turib, Vatandan judolik dardi bilan yashash qanchalik og'ir dard ekanini his etamiz.
El-yurt ozod, mamlakat mustaqil bo'lsa, inson uning ravnaqi yo'lida bor kuch-qudratini safarbar etadi, Vatan bilan bog'liq hislari g'urur-iftixor tuyg'usiga aylanadi. Bugun Vatanimiz haqida gap ketsa, avvalo, ana shunday g'urur-iftixor hislarini tuyamiz. Chunki yurtimiz ozod bo'lib, kundan kunga taraqqiy etib bor-moqda.Vatan tuyg'usi vatanparvarlik fazilatlariga asos bo'ladi. Vatanparvarlikning mohiyati Prezident Islom Karimovning quyidagi so'zlarida o'z ifodasini topgan:
«Vatanga muhabbat hissi odamning qalbida tabiiy ravishda tug'iladi. Ya'ni, inson o'zligini anglagani, nasl-nasabini bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat tuyg'usi ildiz otib, yuksala boradi. Bu ildiz qancha chuqur bo'lsa, tug'ilib o'sgan yurtga mu­habbat ham shu qadar cheksiz bo'ladi.
Vatanparvarlik Vatan manfaatlarini himoya qilish yo'lidagi fidoyilikdir.
Fidoyilik o'zini biror-bir ishga bag'ishlash, to'la safarbar etish, kerak bo'lgan taqdirda esa, ezgu maqsad yo'lida hatto jon berish demakdir.

O'zbekiston dunyodagi eng qadimiy va betakror o'lkalardan biridir. Uni umrida bir bor ko'rish orzusida yurganlar qancha. Biz esa betakror zamin bag'rida yashaymiz, uning musaffo havosidan, zilol suvidan, beqiyos ne'matlaridan bahramand bo’lamiz. Bunday baxt hammaga ham nasib etmaydi.


O'zbekiston dunyodagi eng qadimiy va betakror o'lkalardan biridir. Uni umrida bir bor ko'rish orzusida yurganlar qancha. Biz esa betakror zamin bag'rida yashaymiz, uning musaffo havosidan, zilol suvidan, beqiyos ne'matlaridan bahramand bo’lamiz. Bunday baxt hammaga ham nasib etmaydi.
O'zbekistonimizning qaysi mintaqada joylashganini bilasizmi? Mintaqa arabcha so'z bo'lib, yo'nalish, chegara, hudud degan ma’nolarni anglatadi. Bu so'zni keng va tor ma'nolarda ishlatish mumkin. U keng ma'noda bir necha mamlakatni qamrab oladigan hududni anglatadi. Masalan, Markaziy Osiyo mintaqasi deganda so'zning keng ma'nosi tushuniladi. Chunki Markaziy Osiyo hududi bir qancha davlatlarni o'z ichiga oladi. Tor ma'noda esa bu so'z ma'lum bir mamlakat ichidagi bir necha viloyatlarni anglatadi, mamlakatimizning janubiy mintaqalari deganda qaysi viloyatlarni tushunamiz? Kimdir bizdan Vatanimiz haqida so'rab qolgudek bo'lsa, dastlab mana bu ma'lumotlarni tilga olishimiz zarur.
O'zbekiston Markaziy Osiyoning o'rta va shimoliy qismida joylashgan mamlakat. U shimoli-sharqda Qirg'iziston, shimol va shimoli-g'arbda Qozog'iston bilan, janubi-g'arbda Turkmaniston, janubi-sharqda Tojikiston bilan, janubda qisman Afg'oniston bilan chegaradosh. Umumiy maydoni 447 ming 400 kvadrat kilometr. Maydonining beshdan to'rt qismi tekislik, oz qismi tog', adir, tog' yonbag'irlaridan iborat. O'zbekiston hududidan Marka­ziy Osiyoning eng katta daryolari — Amudaryo va Sirdaryo oqib o'tadi. Mamlakatimizning sharqiy va janubi-sharqiy qismida Tiyonshon, Oloy, Turkiston, Zarafshon va Hisor tog'lari bor. Bu tog'lar orasida Farg'ona, Zarafshon, Kitob — Shahrisabz, Surxon — Sherobod, Chirchiq — Ohangaron kabi katta vodiylar joylashgan. Aholining asosiy qismi ana shu vodiylarda yashaydi.
Yurtimiz tasviri tushirilgan xaritaga diqqat bilan qarab ko'rganmisiz? Unda har bir viloyat alohida ajralib turibdi. Har bir mintaqa va viloyat o'zining betakror tabiati, odamlari, shahar va qishloqiariga ega. Prezident Islom Karimovning “Vatanimizdagi har bir viloyat, tuman, har qaysi shahar-qishloq — barchasining o'ziga xos qiyofasi, fayz-u tarovati bor” degan so'zlari ana shu haqiqatni nazarda tutib aytilgan.
Chindan ham, bizning diyorimiz shunchalar rang-barang, shunchalar betakrorki, O'zbekiston deganda, ko'z o'ngimizda Farg'ona vodiysining so'lim shahar va qishloqlari, Samarqand, Buxoro va Xivaning ko'hna me'moriy obidalari,- Qoraqalpog'iston zaminidagi qadimiy qal'a-qo'rg'onlar, Ustyurt kengliklari, Toshkentning go'zal va azim qiyofasi, Qashqadaryoning bepoyon qirlari, Surxon tog'lari, har bir mintaqa va viloyat xalqining o'ziga xos fe'1-atvori va udumlari namoyon bo'ladi.
O'zbekistonni bir ko'rgan odam, hech shubhasiz, uni sevib qoladi. Yurtimizga ming-minglab sayyohlar tashrif buyuradi va ularning barchasi bu tarovatli, serquyosh zamin ularni o'ziga maftun etgani haqida to'lqinlanib, hayajonlanib so'zlashadi.
Har qanday mamlakatning milliy boyligi ikki xil bo'ladi. Birinchisi — moddiy boyliklar, ikkinchisi — ma'naviy boyliklar. Moddiy boyliklar o'z navbatida yana ikki xilga — yer osti va yer usti boyliklariga bo'linadi. Yer osti boyliklariga zamin qa'rida yotgan turli foydali qazilmalar kiradi. Yer usti boyliklariga esa inshootlar, korxonalar, tog'lar va o'rmonlar, daryolar yaylovlar, shahar va qishloqlar kabi moddiy qadriyatlar kiradi.
 O'zbekistonda foydali qazilmalar va mineral xomashyo zaxiralari juda serob. U oltin zaxirasi bo'yich dunyoda to'rtinchi, uni qazib olish bo'yicha esa yettinchi o'rin turadi. Shuningdek, mamlakatimiz uran zaxiralarining miqdori bo'yicha ham yetakchi o'rinni egallaydi. Bu yerda neft gaz resurslari ham ko'p. Yurtimizda, shuningdek, mis, kumush, litiy, fosfor, kaliy kabi mineral qazilmalarning ham boy zaxirasi mavjud. Bundan tashqari, Vatanimiz hududi ko'mir zaxiralariga ham boy. Mamlakatimizda 20 ta marmar koni, 15 ta granit va qimmatbaho toshlar koni aniqlangan. Ulardagi toshlar rang-barang va noyobdir.
O'zbekistonning yer usti boyliklari haqida gap ketganda, avvalo uning dehqonchilik uchun qulay bo'lgan sug'oriladigan zamini, daryo va ko’llari, turli noyob o'simlik va hayvonot dunyosiga ega bo'lgan tog'larini, obod shahar va qishloqlarini, u yerlardagi ishlab chiqarish korxonalari, bilim, madaniyat maskanlari, yo'llar, ko'priklar va binolarni eslaymiz.
Bizning zaminimizda ikki yarim ming yildan ziyod vaqtdan beri paxta yetishtirib kelinadi. Qadimiy kitoblarda yozilishicha, miloddan oldingi, ya'ni hozirgi yil hisobi boshlanmasidan burungi 7-6-asrlarda Samarqand, Toshkent, Xorazm vohalarida, milodning birinchi asridan boshlab esa Farg'ona vodiysida paxta yetishtirila boshlagan ekan.
Vatanimiz mustaqillikka erishganidan so'ng o'zining yer osti va yer usti boyliklariga to'la egalik qilib, ulardan samarali foydalana boshladi. Bu esa uning iqtisodiy qudratini oshirishga xizmat qilmoqda. Qashqadaryodagi Ko'kdumaloq kompressor stansiyasi, Sho'rtangazkimyo majmuasi, Buxorodagi Neftni qayta ishlash zavodi, Qoraqalpog'istondagi Oo'ng'irot soda zavodi, Dehqonoboddagi kaliyli o'g'itlar zavodi kabi o'nlab yirik sanoat korxonalari, zamonaviy temir va avtomobil yo'llar istiqlol yillari barpo etilib, xalqimiz va Vatanimiz manfaatlari yo'lida xizmat qilmoqda.
Biz «Neksiya», «Damas», “Matiz”,«Lasetti», «Takuma», «Epika», «Kaptiva», «Spark» yengil avtomobillarini, «Suzuki» avtobuslarini yaxshi bilamiz. Bular istiqloldan keyin o'zimizda Asaka va Samarqand shaharlarida ish boshlagan avtomobil zavodlarida tayyorlanishidan ham yaxshi xabardormiz. Bu yurtimizning qisqa muddat ichida o'z avtomobilsozlik sanoatiga ega bo'lgani bilan bog'liq. Dunyoda avtomobilsozlik sanoatiga ega bo'lgan 28 davlatning biri O'zbekiston ekani bizga katta g'urur-iftixor baxsh etadi.Vatanimizning ma'naviy boyliklari ham juda katta. Har qanday mamlakatning ma'naviy boyligi bugungi zamonda xalqining bilimi va dunyoqarashi, madaniy saviyasi bilan o'lchanadi. Chunki hozirgi davr axborotlar davri, kashfiyotlar davri, yangi-yangi texnologiyalar davridir. Kimning bilimi kuchli bo'lsa, dunyoqarashi ochiq va kelajakka qaratilgan bo'lsa, hamisha oldinda bo'ladi. Avvalo, mamlakatimiz aholisining deyarli yuz foiz savodli ekani bizning ulkan ma'naviy boyligimizdir. Chunki savodli odam kitob, gazeta o'qiydi, televizor ko'rib, radio eshitib, ulardan o'zicha mustaqil xulosa chiqara oladi. Eng muhimi, doimo dunyodan ogoh, zamon bilan hamnafas bo'lib yashaydi.
Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Qarshi, Termiz, Karmana, Shahrisabz, Marg'ilon, Qo'qon kabi qadimiy shaharlarimizdagi noyob obidalar ham bizning betakror ma'naviyatimiz ko'zgusidir. Ularning aksariyati YUNESKO ro'yxatiga kiritilgan.
 YUNESKO — Birlashgan Millatlar Tashkilotining fan va madaniyat ishlari bo'yicha shug'ullanadigan mustaqil tuzilmasidir. Uning bosh qarorgohi Parij shahrida joylashgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining o'zi esa NyuYork shahrida joylashgan. Unga dunyodagi 192 ta davlat, jumladan, bizning mamlakatimiz ham a'zo.
O'zbekiston zamini 3- 3,5 ming yillik madaniy tarixga ega. Bu yerda Jarqo'ton, Dalvarzintepa, Fayoztepa, Afrosiyob, Qubo, Varaxsha, Mingo'rik, Shoshtepa, Tuproqqal'a, Qo'yqirilgan qal'a singari qadimiy sivilizatsiya o'choqiari mavjud. Ushbu manzilgohlardan buddizm, zardushtiylik, islom madaniyatiga, o'zbek davlatchilik tarixiga oid ko'plab yodgorliklar topilgan va topilmoqda.
 Sivilizatsiya lotincha so'z bo'lib, madaniy taraqqiyot degan ma'noni bildiradi. Arabcha ma'nodoshi tamaddun, ya'ni madaniylashishdir.
Poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Vatanimizning ma'naviy boyliklaridan dalolat beradigan ko'plab noyob yodgorliklarni ko'rish mumkin. Qur'oni karimning xalifa Usmon davrida ko'chirtirilgan yagona noyob nusxasi ham Toshkentda, Hazrati Imom majmuasida saqlanadi. Bundan tashqari, yurtimizdagi turli institutlar, kutubxona va muzeylarda o'ta nodir qo'lyozmalar mavjud. Ulaming ko'pi o'z tadqiqotchilarini kutmoqda, yosh avlod vakillari ulg'ayib, kelajakda o'qib-o'rganishi, zarur xulosalar chiqarishi uchun ular asrab-avaylab kelinmoqda.
Zardushtiylikning qadimiy kitobi «Avesto» ham bizning diyorimizda - ko'hna Xorazm zaminida'yaratilgan. Bu kitobning 2700 yil­lik to'yi 2001-yili xalqaro miqyosda bayram qilinganidan xabardor bo'lsangiz kerak.
Xalqimiz qadim-qadimdan buyuk allomalari bilan dunyoga tanilganilgan.Musulmon olamida tan olingan oltita ulug' hadisshunosdan uchtasi bizning zaminimiz farzandidir. Bular — Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Nasoiydir. Yurtda vatanni sevadigan, ardoqlaydigan va himoya qiladigan mardlar bor ekan shu yurt doimo yuksalaveradi, gullayveradi. Xar bir el, xar bir millat uchun o'zining tug'ilib o'sgan vatanidan ardoqliroq maskan bo'lmasa kerak. Rasululloh (s.a.v.) Madinai munavvaraga hijrat qilib ketayotganlarida Makkai mukarrama tomonga yuzlanib: «Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham o'z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo'lar edim»,- degan ekanlar.
Demak, ona vatanini sevish, undagi bor narsalarni ardoqlash va sog'inib yashashlik insoniyat fitratida mavjud bo'lgan nozik his-tuyg'udir. Qaerga bormasin kishi o'z vatanini baribir qumsayveradi. Chunki, inson dunyo yuzini ko'rgach birinchi bo'lib vatanidagi havodan nafas ola boshlaydi, vatanidagi tuproqda ilk qadamlarini qo'yib yurishni o'rganadi, dunyoni tanishni shu vatanni anglashdan boshlaydi. Ilk kindik qoni to'kilgan, dastlabki qadamlarini qo'ygan tuproqni himoya qilishlik barchamizning Vatan oldidagi muqaddas insoniylik burchimiz hamdir.
Mustaqillik yillarida yurtimizda davom etayotgan moddiy va ma'naviy taraqqiyot asosida tinchlikni saqlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqimiz turmush darajasini yanada yuksaltirish borasida ulkan natijalarga erishildi. Shu maqsadda 1992-yil 14-yanvar` kuni mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim voqea yuz berdi. Huddi mana shu kun Respublikamiz Qurolli Kuchlari tashkil topdi. 1993-yildan e'tiboran 14-yanvar` yurtimizda «Vatan himoyachilari kuni»- deb e'lon qilindi. Bu yil 
Respublikamiz Qurolli Kuchlari tashkil topganiga 25 yil to'ladi. Bunday qisqa vaqt davomida milliy armiyamiz hech bir mamlakatdan ortda qolmaydigan darajadagi qurol-aslahalarga, jangovor uskunalarga ega bo'ldi. Respublikamiz Qurolli Kuchlarida xizmat qilayotgan askarlarning saviyasi esa ham ma'nan, ham jismonan yuksak darajaga yetib ulgirdi desak aslo mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Yurtitmizda xar yili 14-yanvar` kuni «Vatan himoyachilari kuni» ga bag'ishlab turli bayram dasturlari, ko'rik-tanlovlar, davra suxbatlari, musobaqalar o'tkaziladi va o'z Vataniga chin sadoqat bilan hizmat qilib kelayotgan bir qator xarbiylarimiz yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bunday dasturlar Vatanimiz 
himoyachilarini rag'batlantirishga hizmat qilibgina qolmay , atrofdagi yoshlarga vatanga mehr-muhabbat, vatanimiz himoyachilariga nisbatan yuksak ehtirom tuyg'ularini shakillanib borishiga yordam beradi va bo'lajak Vatan himoyachilari ma'naviyatlarini yuqori darajaga ko'tarib, jismonan baquvvat, aqlan yetuk, sergak bo'lib kamolotga yetishishlarida katta ahamiyat kasb etadi.
Muxtasar qilib aytganda, mustaqillik yillarida Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini mustahkamlash, zamonaviylashtirish va isloh qilish yo'lida amalga oshirilgan barcha sa'y-harakatlar mustaqilligimizni asrab-avaylash, sarhadlarimiz daxlsizligi, osmonimiz musaffoligi hamda el-yurtimiz osoyishtaligini ta'minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yurtimizning birinchi prezidenti Islom Abdug'anievich Karimov aytganlaridek: «Tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, himoya qilish faqat muayyan sohalar hodimlarining vazifasi, deganlar qattiq yanglishadilar. Bu yo'lda barchamiz, butun xalkimiz yanada jips bo'lib, hamjixatlikda harakat qilishimiz kerak. O'z uyingni o'zing asra degan gapda hikmat ko'p, uning ma'nosi keng. Zero tinchlik uchun kurashish kerak, uni xech kim yaratib bermaydi».
Yurt tinchligini himoya qilishda har bir soha vakillari o'z sohasi doirasida hissa qo'shishlari lozim. Masalan o'qituvchi-murabbiylar o'quvchilarga vatan yagonaligi, vatan ximoyasi muqaddas burch ekanini tushuntirib borsalar, o'sib kelayotgan yosh avlod vatanga sadoqat hissi bilan o'sib-ulg'ayib kamol topadi. 
Natijada kelajak avlodlarimiz yurt himoyasi naqadar ulkan vazifamiz ekanini qalbdan his qiladilar va bunga qattiq bel bog'lagan vatanparvarlar bo'lib kamol topadilar. Mutafakkirlardan biri shunday degan ekan: «Vatanparvar-o'z vatani kamoloti yo'lida o'z xalqiga muhabbati tufayli moli, kuch-g'ayrati tugul jonini ham ayamaydigan, xalki va vatanining ozodligi, farovonligi uchun bor budini fido qiluvchi insondir». Bunday vatanparvarlari bor yurt esa doimo tinch, osmoni musaffo, xalqi ahl, rizqi mo'l, hayoti esa farovon bo'ladi.
Bundan tashkari muqaddas dinimizda vatanni himoyalash muqaddas burch qilib belgilanib, bu hizmati uchun juda katta mukofotlar va'da qilingandir. Jumladan: Imom Taboroniy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululoh (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: «Alloh taolo roziligi yo'lida bir kun chegara hududida posbonlik qilish bir oy kechalari ibodat qilib, kunduzlari nafl ro'za tutishdan afzaldir».
Xaqiqatdan ham, Vatan himoyachisi bo'lishlik eng sharafli va oliy kasb ekanligini yaxshi bilgan yigitlarimiz xar tomonlama, ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan loyiq bo'lishlikni yaxshi anglaydilar, ana shu sifat va hislatlarni egallashga doimo harakat qiladilar. Bu vazifalari bilan ular nafaqat o'z Vatanlarini balki, eng yaqinlari bo'lmish ota-onalari, qavmu-qarindoshlari, tug'ilib o'sgan maskanlari, yurtlaridagi barcha tog'u-toshlar, gul va rayhonlarni himoya qilgan bo'ladilar. 
Alloh taolodan so'rab qolamizki, jonajoni mustaqil yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo'riklayotgan Vatan himoyachilarini O'zining hifzu himoyasida saqlab, diyorimiz osmonini doimo musaffo, tinchligimizni esa barqaror va mustaqilligimizni abadiy qilsin!

Foydalanilgan adabiyotlar



Download 50.6 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling