Qonun hujjatlari va uning til xususiyatini o’rganish


Download 30.97 Kb.
Sana03.06.2024
Hajmi30.97 Kb.
#1855271
Bog'liq
Qonun hujjatlari va uning til xususiyatini o’rganish


Qonun hujjatlari va uning til xususiyatini o’rganish
Ushbu Qonunning maqsadi normativ-huquqiy hujjatlar tushunchasini, turlarini, ushbu hujjatlarning o‘zaro yuridik kuchi va nisbatini belgilashdan, shuningdek ularni rejalashtirish, tashabbus qilish, tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish, kelishish, qabul qilish, e’lon qilish, ularning ijrosini tashkil etishni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunchilik
Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining turlari va o‘zaro nisbati, normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash tartibiga hamda ularning mazmuniga qo‘yiladigan asosiy talablar va ijrosini tashkil etishni ta’minlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchiligi bilan ham belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish, e’lon qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va saqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonuni bilan belgilanadi.
3-modda. Normativ-huquqiy hujjat tushunchasi
Normativ-huquqiy hujjat qonunchilikka muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir.
4-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar yoki mansabdor shaxslar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar yoki mansabdor shaxslardir (bundan buyon matnda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar deb yuritiladi).
Fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan tartibda o‘tkaziladigan referendum yo‘li bilan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi mumkin.
5-modda. Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari
Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
konstitutsiyaviylik;
qonuniylik;
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ustuvorligi;
oshkoralik;
ilmiylik;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning tizimliligi va kompleksliligi;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning barqarorligi.
2-bob. O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik tizimi
6-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari
Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi
Normativ-huquqiy hujjatlar qonunchilik hujjatlari bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonun hujjatlaridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonunosti hujjatlaridir.
8-modda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustuvorligi.
O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining so‘zsiz ustuvorligi tan olinadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi hamda uning normalari va prinsiplariga zid bo‘lishi mumkin emas.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 3-bobi (“Konstitutsiya va qonunning ustunligi”).
9-modda. O‘zbekiston Respublikasining qonunlari
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan yoki referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonuni.
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari konstitutsiyaviy qonunlar tarzida qabul qilinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari konstitutsiyaviy qonunlar tarzida qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari huquqiy prinsiplar va normalarni mustahkamlovchi, birlashtiruvchi, tizimlashtiruvchi, shuningdek ijtimoiy munosabatlar eng muhim sohasining huquqiy jihatdan kompleks tartibga solinishini ta’minlovchi kodekslar tarzida qabul qilinishi mumkin.
10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 7-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 7-moddasi.
11-modda. Qonunosti hujjatlarini tartibga solish doiralari
Qonunosti hujjatlarida qonun hujjatlari darajasida tartibga solinishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha normalar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
12-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun farmonlar va qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 94-moddasi.
13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) Qonunining 36-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-martdagi 242-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti”.
14-modda. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, agar ularga qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish yoki ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha vakolatlar berilgan bo‘lsa, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi mumkin.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar o‘z vakolatlari doirasida buyruqlar va qarorlar tarzidagi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
Buyruqlar vazirlik va idora nomidan qaror qabul qilish yakka tartibda amalga oshiriladigan vazirlik yoki idoralar rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.
Qarorlar davlat qo‘mitalari va idoralar nomidan qaror qabul qilish kollegial organlari tomonidan amalga oshiriladigan davlat qo‘mitalari yoki idoralar tomonidan qabul qilinadi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari yoki idoralar bilan kelishilgan holda qabul qilinishi mumkin.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tomonidan qo‘shma qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi mumkin.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning tarkibiy bo‘linmalari hamda hududiy organlari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli emas.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-sonli “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarining qonuniyligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2000-yil 19-maydagi 197-sonli “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning me’yoriy hujjatlarini qabul qilish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari va “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalari” (ro‘yxat raqami 2565, 28.02.2014-y.).
15-modda. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari yoki idoralar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan huquqiy vorislik
Tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish huquqi berilgan vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora qayta tashkil etilgan taqdirda, huquqiy vorisga o‘z vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqi bilan birga ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlar, qo‘shimchalar kiritish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish vakolatlari ham o‘tadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora tugatilgan yoxud u tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish huquqini huquqiy vorisiga bermasdan qayta tashkil etilgan taqdirda, ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlar, qo‘shimchalar kiritish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish vakolatlari yuqori turuvchi organga yoki boshqa vakolatli organga o‘tadi.
Vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora qayta nomlangan taqdirda, uning ilgarigi nomi ko‘rsatilgan normativ-huquqiy hujjatlarning qayta nomlanishiga oid qismiga o‘zgartish yoki qo‘shimcha kiritilishi lozim. Bunday o‘zgartishlar yoxud qo‘shimchalar kiritilguniga qadar ilgarigi nomni o‘z ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi qayta nomlangan vazirlikka, davlat qo‘mitasiga yoki idoraga nisbatan to‘liq hajmda tatbiq etiladi.
Vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora maqomining o‘zgarishi ular tomonidan ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi tugatilishiga olib kelmaydi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizomning 19-bandi.
16-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari o‘z vakolatlari doirasida qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
Viloyat, tuman va shahar hokimi o‘z vakolatlari doirasida qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati yuqori turuvchi organlarining qarorlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qabul qilinadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi.
17-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlanadigan nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar va boshqa hujjatlar
Normativ-huquqiy hujjatlar bilan ushbu hujjatlarning tarkibiy qismi bo‘lgan nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar, reglamentlar, strategiyalar, konsepsiyalar, doktrinalar, dasturlar (“yo‘l xaritalari”) va boshqa hujjatlar tasdiqlanishi mumkin.
Nizom davlat organlari va tashkilotlarning, ular tarkibiy bo‘linmalarining maqomini, asosiy vazifalarini, funksiyalarini, huquq va majburiyatlarini, faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek u yoki bu sohadagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish tartibini belgilaydi.
Qoidalar biror-bir faoliyatni amalga oshirishga doir talablarni belgilaydi.
Yo‘riqnoma normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llashning aniqlashtiruvchi jihatlarini belgilaydi.
Reglament davlat organlari va tashkilotlarning ish tartibini, shuningdek davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Strategiya mamlakat yoki muhim tarmoqlarni o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirishning eng asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
Konsepsiya u yoki bu sohadagi davlat siyosatining eng muhim ustuvorliklarini, maqsadlarini, asosiy yo‘nalishlarini, vazifalarini va amalga oshirilish mexanizmlarini belgilaydi.
Doktrina O‘zbekiston Respublikasining u yoki bu sohadagi milliy manfaatlarini ta’minlash maqsadlari, vazifalari, prinsiplari va asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
Dastur (“Yo‘l xaritasi”) u yoki bu sohadagi davlat siyosatining maqsadlariga erishilishini ta’minlaydigan tadbirlar (vazifalar, amalga oshirish muddatlari, moliyalashtirish manbalari va mas’ul ijrochilar bo‘yicha o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tadbirlar) va mexanizmlar tizimini belgilaydi.
18-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro nisbati
Turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi bo‘yicha o‘zaro nisbati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan organlarning vakolatlariga va maqomiga, ushbu hujjatlarning turlariga, shuningdek normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan sanaga muvofiq belgilanadi.
Normativ-huquqiy hujjat o‘ziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Download 30.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling