Qonun va qonuniyat tushunchalari, qonunlarning obyektivligi


Yangi davr (XVII asr)da kategoriyalarning tahlili


Download 83.55 Kb.
bet3/5
Sana02.06.2024
Hajmi83.55 Kb.
#1835130
1   2   3   4   5
Bog'liq
falsafa qonun va kategoriyalarining ijtimoiy jarayonlar dialektikasidagi roli

Yangi davr (XVII asr)da kategoriyalarning tahlili. Yangi davrda fan yanada rivojlanadi. Uning bosh vazifasini olimlar tabiat qonunlarini aniqlashda ko‘radilar. Insonning aqli tabiat hodisalarining o‘xshash o‘zaro ta'sirlarida muqarrar tarzda takrorlanuvchi barqaror aloqalar mavjudligini qadim zamonlardayoq payqagan edi. Bunda muhim, takrorlanuvchi xossalar fan va falsafa kategoriyalarida qayd etiladi, ularning o‘rtasidagi takrorlanuvchi aloqalar esa tabiat qonunlari sifatida tushuniladi. Fan va falsafa qonunlari muhim xossalariga ko‘ar o‘xshash, ikkinchi darajali xossalariga ko‘ra esa bir-biridan farq qiladigan tabiiy jarayonlar rang-barang variantlarining ideal invarianti1 hisoblanadi. Yangi davr faylasuflarining asosiy e'tibori ilmiy bilish metodologiyasi muammolariga qaratiladi. Bunda yuzaga keladigan eng katta qiyinchilik ziddiyatlar birligi anglab yetilmagan, empirizm va ratsionalizm dialogi esa empirizmning tantanasi bilan tugagan empirik va nazariy bilimning o‘zaro nisbati muammosidir.
XVII-XVIII asrlarda ilmiy bilimning aksariyat tarmoqlari ilmiy dalillar yig‘ish darajasida bo‘lgan. Aksariyat hollarda dunyo turli-tuman o‘zgarmas narsalar va takrorlanuvchi jarayonlarning mexanik to‘plami sifatida tasavvur qilingan, bunda narsalar va jarayonlar o‘rtasidagi aloqalar doim ham teran asoslanmagan. Olamning ichdan ziddiyatliligi haqidagi tasavvur ko‘p jihatdan yo‘qolgan, qarama-qarshiliklar yo inson tafakkurining norasoligi, yo ayrim narsalar to‘qnashuvi sifatida anglangan. Rivojlanish o‘zgarmas narsalar va jarayonlarning aylanma harakati sifatida tushunilgan. Matematik bilimning ravnaq topishi olimlar e'tiborini tabiiy hodisalarning sifat jihatidan o‘ziga xosligiga emas, balki asosan ularning miqdor jihatiga qaratishga da'vat etgan. Shunday qilib, qadimgilar dialektikasi o‘rnini ma'lum darajada dialektikaning muqobili sifatida tushuniladigan «metafizika» egallaydi. Shuni ta'kidlash lozimki, «metafizika» atamasi odatda yo falsafa sinonimi sifatida, yo falsafa bo‘limi - ontologiya sifatida tushuniladi. Marksistik an'anada «metafizika» atamasi salbiy ma'no kasb etdi: dogmatizm, tafakkurning torligi, eski, qotib qolgan qarashlarga sodiqlik sifatida talqin qilindi. Yangi davr falsafasi va fanining mazkur tavsifi haqiqatga uncha mos kelmaydi, zero Yangi davr ilmiy bilimi falsafiy tafakkur tarkibidan uning ajralmas qismi sifatida o‘rin olgan tushunchalar apparatini yaratdi. Lomonosov – Lavuaze modda va harakatning saqlanishi g‘oyasi; G.Leybnits ta'riflab bergan rivojlanish g‘oyasi; Nyuton klassik mexanikasidagi massa, inersiya va harakat, markazga intiluvchi va markazdan qochuvchi kuchlar tushunchalari; tabiatdagi turli-tuman aloqalarning o‘rganilishi; determinizm tamoyilining asoslanishi; mexanik harakat dialektikasi; yer evolyusiyasi haqidagi tasavvur; tabiatga nisbatan tarixiy yondashuvning nazariy ahamiyatini namoyish etgan Quyosh tizimsining kelib chiqishi haqidagi Kant – Laplas gipotezasi; organizm va muhitning birligi tamoyilining asoslanishi – o‘sha davr fani yutuqlarining to‘liq bo‘lmagan ro‘yxatidir. Shu sababli Yangi davr va Ma'rifat davri falsafasi dialektika tamoyillaridan butunlay voz kechish davri emas, balki dialektika rivojlanishining o‘ziga xos va ancha yetuk bosqichi hisoblanadi.
Nemis klassik falsafasining atoqli namoyandasi Immanuil Kant XVII-XVIII asrlar fani va falsafasining g‘oyalari va kategoriyalarini tizimga solishga ahd qiladi. Shu maqsadda u kategoriyalarning uch guruhi: hissiyot, idrok va aql kategoriyalarini farqlaydi. Kant barcha kategoriyalar aprior (tajribada ko‘rilmagan) xususiyatga ega ekanligini qayd etadi. Bilish kategoriyalarini Kant tajribaga yo‘l ochadigan dastlabki konstruktiv sxemalar sifatida talqin qiladi. Kategoriyalar bilayotgan inson hissiy taassurotlar xaosi ustiga «tashlaydigan» va har xil taassurotlarni tasniflash, ta'riflash va o‘zaro aloqani amalga oshiradigan tushunchalar «to‘ri»ga o‘xshatiladi.
Hissiyot kategoriyalari tarkibiga Kant makon va vaqt tushunchalarini kiritadi. Ular bizning o‘z sezgi organlarimiz ko‘rsatgan narsalarni umumlashtirish va anglab yetish qobiliyatimizni tavsiflaydi.
Idrok kategoriyalari tarkibiga Kant kategoriyalarning to‘rt turkumi: miqdor, sifat, nisbat va modallikni kiritadi. U inson idrokining aprior shakllari ob'ektiv va umumiy mazmunga ega bo‘ladi, buning natijasida tajriba umumiy va zaruriy ahamiyat kasb etadi, deb qayd etadi.
Aql kategoriyalarini Kant g‘oyalar deb nomlaydi. Kant fikriga ko‘ra, g‘oya mumkin bo‘lgan tajriba chegarasidan chetga chiquvchi tushunchadir. G‘oyalar bizning amaliy va bilish faoliyatimizni tartibga keltiruvchi va tizimga soluvchi sxemalarga aylanadi. Ular inson faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tartibga solish funksiyasini bajaradi.
Sxema – bu bilish metodi va yo‘nalishi: u predmetni tushuntirmaydi, balki biz aqlga tayangan holda butun olamning xossalari va aloqalarini qanday aniqlashimiz lozimligini ko‘rsatadi. Tartibga soluvchi g‘oyalar sifatida Kant inson (jon) g‘oyasi, erkin iroda g‘oyasi va «narsa o‘zida» g‘oyasini qayd etadi. Xudo g‘oyasini esa, Kant bu g‘oya predmetini shak-shubhasiz qabul qilish (u o‘z holicha mavjudligini taxmin qilish) uchun hyech qanday asosga ega emasligimizni ta'kidlaydi. Bu g‘oya faqat bizga aql dunyodagi barcha aloqalarga oliy aql niyatining mahsuli sifatida qarashni amr etishini ko‘rsatadi. Boshqacha aytganda, aql bizga, Xudo borligi yoki yo‘qligidan qat'iy nazar, Xudo amalda mavjud, deb taxmin qilishni buyuradi. Ammo biz Xudoning borligini aniq bila olmaymiz, chunki Xudo g‘oyasi tajribada o‘z tasdig‘ini topmaydi. Xudo g‘oyasi nazariy aqlni emas, balki amaliy aqlni tartibga solish vositasi (regulyatori) sifatidagina ma'no kasb etadi: agar tabiatshunos bu g‘oyaga nafaqat regulyativ darajada, balki intuitiv darajada ham amal qilsa (ya'ni Xudo borligiga dalil-isbotsiz ham ishonchi komil bo‘lsa), bu yalqov aql sanaladi va u ilm bilan shug‘ullanmagani ma'qulroqdir. Kant aql g‘oyalarini notanqidiy idrok etishdan saqlanishga chaqiradi. Uning fikricha, aql g‘oyalari nafaqat konstruktiv, balki destruktiv rol o‘ynashi ham mumkin. Aql tajribada sinalgan bilim chegarasidan chetga chiqqan va faqat tajribada hyech qachon ko‘rilmaydigan sof tushunchalar bilan ish ko‘rgan har bir holda shunday bo‘ladi. Haqiqiyligi yoki soxtaligini biron-bir tajribada aniqlash mumkin bo‘lmagan fikrlar ham mavjud. Yuqorida ko‘rsatilgan sabablarga ko‘ra fan hisoblanmaydigan metafizika (Kant bo‘yicha- falsafa) tushunchalari ana shunday xususiyatga ega. Kant inson doim tajribada ko‘rilgan bilim chegarasidan chetga chiqish va tabiiy fanlarning imkoniyatlari cheklangan bilimlarini butun dunyoga nisbatan tatbiq etishga harakat qilishini ta'kidlaydi. Tajriba chegarasidan chetga chiqish bizni, masalan, dunyo vaqtda va makonda cheklangan – dunyo vaqtda va makonda cheksizdir, dunyoda hamma narsa maqsadga muvofiqdir – tabiatda maqsadga muvofiqlik mavjud emas, Xudo bor – Xudo yo‘q kabi qarama-qarshi fikrlarning ikkalasi ham haqqoniy ekanligini isbotlashimiz mumkin bo‘lgan aqlning yanglishishlariga olib keladi.
Barcha kategoriyalarni Kant ongimizning bilish ob'ektiga emas, balki sub'ektiga tegishli bo‘lgan aprior elementlari deb e'lon qiladi. Aprior elementlar deganda tug‘ma emas, balki individning rivojlanish jarayonida o‘zlashtirilgan elementlar tushuniladi.



Download 83.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling