1. Til va nutq markazi. (Nutq o‘stirish, tabiat, atrof-olam va badiiy adabiyot bilan bog‘liq mashg’ulotlar)
Til va nutq markazida kitoblar va eshitish hamda yozish uchun o‘quv qurollari mavjud bo‘ladi. Bu tinch burchak bo‘lib, unda bolalar kitoblarni qarab chiqishlari, bir-birlariga o‘qib berishlari mumkin. Shuningdek, bu yerda tarbiyachi yoki ko‘ngilli yordamchi bolalarga kitobni ovoz chiqarib o‘qib berishi mumkin. Unda bolalarga kitobchalarni o‘z qo‘llari bilan yasash, mavzu(syujet)larni o‘ylab topish va ijro etish, hikoyalar eshitish taklif etiladi.
Biz Qo‘qon shahar va Rishton tumanidagi 6 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lib, rivojlanish markazlaridagi dars mashg‘ulotlari bilan yaqindan tanishdik. Asosiy e’tiborni bolalar nutqiy kompetensiyalarining shakllantirilishi, ya’ni bunda bolalarning yangi so‘zlarni o‘zlashtirishi, rasmga qarab gapira olishi, savollarga javob berishi, tinglab tushunishi, o‘z nutqida ot, sifat, son, fe’l kabi so‘zlarni qo‘llay olishlariga qaratdik. Masalan:
Mavzu: “Ona Vatan” mavzusidagi rasmlar asosida suhbat (Rishton tumanidagi “Shodlik” MTM).
Maqsad: O‘zi yashab turgan Vatani – shahari, ko‘chasi, mahallasi haqida ma’lumotga ega va nomlay oladi. Do‘sti bilan hech qanday to‘siqsiz muloqotga kirisha oladi. Nutqi rivojlanadi, rasmlarni bir-biridan farqlaydi, o‘z fikrini bayon etadi, rasmdagi voqeani tahlil qila oladi. Ko‘rganlarini xotirasida saqlab qoldiradi va so‘zlab bera oladi.
Kerakli jihozlar: Mavzu asosida suratlar.
Faoliyatning borishi:
Rasmlarni tomosha qilish.
Rasmlarga qarab ularni bir-biridan farqlash.
Rasmdagi voqea-hodisani ongida tahlil qilish.
Do‘sti bilan suhbatga kirishish.
“Ona Vatan” mavzusida egallagan bilimlarini so‘zlash.
Do‘stining fikrlarini tinglash.
Do‘stining fikrlarini tahlil qilish.
Qo‘shimcha: Vatan to‘g‘risida she‘r yod olish.
Alohida e‘tibor qaratiladi: Rasmlarning tahlil qilinishiga, hikoyada voqea-hodisalarning ketma-ketligi to‘g‘ri tuzilganligiga.
Do'stlaringiz bilan baham: |