Qoraxoniylar davlati diplomatiyasi va shaharlari” 70220301 – tarix (yo’nalishlar va faoliyat turi bo’yicha) magistri darajasini olish uchun magistrlik dissertatsiyasi


Qoraxoniylar davlatining Xitoy bilan bo’lgan savdo va diplomatik munosabatlari


Download 0.63 Mb.
bet16/20
Sana17.07.2023
Hajmi0.63 Mb.
#1660734
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20
Bog'liq
Akbarov U (MDI).

3.2. Qoraxoniylar davlatining Xitoy bilan bo’lgan savdo va diplomatik munosabatlari
Qoraxoniylar xonligining tashqi siyosatida Xitoy bilan savdo-diplomatik aloqalar muhim o’rin egallagan.
Qoraxoniylar xonligining savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalarining dastlabki rivojlanishi Xitoyda hukmronlik qilgan Tan sulolasi (618-907)ning oxirgi davriga to’g’ri keladi. Bu davr Xitoydagi ichki qarama-qarshiliklarning kuchayishi va shunga ko’ra iqtisodiyotining pasayishi bilan izohlanadi. 907-yilda Tang imperiyasining tanazzuli natijasida mamlakat parchalanish holatiga kelib qolgan edi. Bu esa o’z o’rnida Xitoy va Qoraxoniylar xonligi o’rtasidagi savdo-diplomatik aloqalarining yo’lga qo’yilishiga to’sqinlik qilgan.92
960-yilda Xitoyda yangi davlat paydo bo’ldi. Tarixda u Sun (Bey-Sun, shimoliy Sun deb ham ataladi) nomini oldi va 1279-yilgacha faoliyat ko’rsatdi. Ushbu davlat o’zidan g’arbda joylashgan davlatlar bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga katta e’tibor bergan.93
Shu vaqtda Qoraxoniylar davlati ham Sun sulolasi bilan savdo va diplomatik aloqalarini yo’lga qo’yishga va rivojlantiriga harakat qilgan. Bu davrda hokimiyat Axmad Tug’onxon (998-1018) qo’lida edi. Shu maqsadda 1009-yilda Axmad Tug’onxon o’z elchilarini qimmatbaxo sovg’alar bilan Sun imperiyasiga jo’natdi. Ular orqali Xitoy bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga qiziqishini bildirdi.94
Axmad Tug’onxon elchisining Sun imperatori qabulida bo’lganligi haqida “Sun [sulolasi] tarixi” (“Sunshu”)ning “Xo’tan tazkirasi” (“Yuytyan chjuan”)da ma’lumot keltiriladi. Ushbu tazkirada Qoraxoniylar elchisining poytaxt Chan’an shahriga yetib kelgan sanasini Dachjungsyangfu95 davrining ikkinchi yili (1009) deb ko’rsatilgan, elchining millati uyg’ur ismi esa, Luosiven (Luosiwen) deyilgan. Ba’zi tarixiy manbalarda bu ism Rizvon sifatida tilga olinadi.
Imperator Chjenzung (Zhenzong) qabulida bo’lganda elchi quyidagi so’zlarni aytgan: “Men uzoqdan keldim va siz bilan uchrashish men uchun katta sharaf, siz janobi oliylariga uzoq umr tilayman”.
Imperator so’radi: Yo’lga qancha vaqt sarfladinglar, qaytishda qancha li yo’l yuriladi”.96
[Bu savolga elchi shunday javob berib] aytdi: “Bir yil davomida manzil tomon yo’l bosdik, kunduzi yurdik, kechasi dam oldik. Qancha yo’l bosganimizni aniq ayta olmayman. Ilgari yo’llarda bosmachilar bor edi. Hozir Gua[chjou] va Sha[chjou]97 orqali (Xo’tan)gacha yo’llar xavfsiz va ularni xech qanday sarguzashtsiz o’tish mumkin. Elchi yuborish istagi bo’lsa xursand bo’lar edik…”.
Imperator aytdi: “…elchi yuborishga yo’l olislik qiladi. Qolaversa davlatingda qiynalib qoladi. Olib ketishing uchun maktub yozib berishni buyuraman. Shu [maktub] elchi yuborganim bilan teng bo’ladi.”98
Sun imperatori esa o’z maktubini Qashqardan kelgan elchi orqali berib yuborishdan tashqari, unda Qoraxoniylar xoqoniga “xeyxan Bang” deb murojaat qilgan. Ma’lumki, bu davrda “vang” unvoni Xitoy imperatoriga qarashli birorta viloyat hukmdoriga yoki uning qo’l ostidagi saroy amaldorlariga berilar edi. Bundan tashqari yuborilgan maktubda Buyuk xonlar, Buyuk xoqonlar ma’nosiga ega so’zni transkripsiya qilib yozishda qora rang qoranggulik ma’nolarini bildiruvchi “xey” iyeroglifini ishlatgan.99 Qoraxoniylar xoqoni bu xolatni albatta kamsitish deb bilganligi muqarrar.
Shundan keyin Qoraxoniylar saroyi Sun sulolasi imperatori xuzuriga davlat nomidan emas, balki uning ixtiyori ostidagi Xo’tan viloyati hukmdori nomidan elchilar yuborishgan. Shu usul bilan Qoraxoniylar xoqoni o’zining mavqeini Sun imperatoridan ustun qo’yishini bidirgan.
Vey Lyangtaoning fikricha, Sun sulolasi Qoraxoniylar xoqonligi saroyiga elchi yubormaganligini quyidagi uchta sabab bilan izohlash mumkin:

  1. Qoraxoniylar davlatiga elchi borsa, ularning shimol tomondagi qoraxitoylar100 va sharqiy tomonidagi tang’itlar davlati101 buni noto’g’ri tushunib qolishidan qo’rqqan;

  2. o’zining moliyaviy imkoniyatlarini hisobga olib, bunga qiziqish bildirmagan;

  3. Qoraxoniylar hukmdori Kulbilge Qodirxonning mavqeini o’zidan pastdarajada ko’rishi va uni o’ziga teng huquqli hamkor sifatida tan olmaganligi;

Sun sulolasi Qashqarga elchi yubormaganidan keyin Axmad Tug’onxon keyingi elchilar guruhlarini o’zining bir viloyati bo’lgan Xo’tan hukmdori nomidan yuborgan. Bu an’ana keyingi yarim asr davomida saqlanib qolgan. Shu davrda Xo’tandan Xitoyga 36 marta elchilar yuborildi.102
Vey Lyangtaoning yuqorida tilga olingan “Kalaxan vangchao shigao” nomli ararida xitoy manbalaridan, jumladan “Sun [sulolasi] tarixi” (“Sunshu”)dan keltirilgan ma’lumotlarda aytilishicha, Xo’tandan shu zamondagi Xitoy poytaxti Chan’anga (hozirgi Sian shaxri) birinchi elchilar guruhi 1025-yilda borgan. Shundan keyin Xo’tandan Xitoyga elchilar tez-tez borganligi va ularga hamrox bo’lib borgan savdorarlar soni ham ko’paygani kuzatilgan. Natijada Xitoyga boradigan Xo’tan elchilari hamrohlari soni 50 nafardan oshmasligi haqida imperator farmoni chiqarilgan.103
Yuqorida aytib o’tganimizdek, 1041-yilda qoraxoniylar davlati g’arbiy va sharqiy qismlarga bo’linib ketgan edi. Qashqar sharqiy Qoraxoniylar davlati, poytaxti sifatidasaqlanib koldi. 1057-1058-yillarda sodir bo’lgan siyosiy kurash natijasida Qashqar taxtiga Muhammad Bug’raxonning ukasi Muhammadxon (Tug’rul Qoraxon, Maxmud binni Yusuf - 1058/59 - 1074/75) o’tirdi.104 1063-yilda ushbu hukmdor Xitoyga elchi va u orqali maktub yuborib, o’zining savdo aloqalarni davom ettirish istagini bildirgan.
Sun sulolasi saroyida bu galgi Qashqar elchisi Xitoyga kelgan teng huquqli davlatlar elchilari qatorida qabul qilingan.105 Lekin Sun suolasi Qashqarga javoban elchi jo’natmadi. Shundan keyin sharqiy Qoraxoniylar xukumati ham o’z elchilarini Xitoyga ilgarigidek Xo’tan hukmdori nomidan yuborib turdi. 1072-yilda yangi yil arafasida Xo’tan hukmdori o’zining elchisi Luoasinansaven (Luo-asi-nan-sa-wen) orqali Sun imperatoriga qimmatbaxo toshlar, oltin buyumlar, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning matolari, otlar uchun nefrit toshi bilan bezatilgan egar, dorivor o’simliklar va boshqa narsalardan iborat sovg’alar yuborgan. Sun sulolasi saroyida o’tmishdan saqlanib kelayotgan an’anaga ko’ra, bu elchilar taqdim etgan sovg’alarni “olib kelingan o’lpon” deb hisoblagan.106
Qoraxoniylar hukmdorlari Sun xonadonining bunday xatti-harakatlarini Sun sulolasi Qoraxoniylar bilan teng huquqli aloqa olib borish istagi yo’q, deb qabul qilib, Xitoy bilan savdo-sotiq aloqalarini Qashqardagi bosh hukmron Qoraxon nomidan emas, balki Qoraxonga tobe xonlik Xo’tan hukmdori nomidan amalga oshirishni o’ziga lozim ko’rganligidan dalolat beradi.
Vey Lyangtao asarlarida ketirilgan ma’lumotlarga ko’ra, Sun sulolasi saroyiga Xo’tandan 1071-yilning 2-oyi 14-kunida, 1072-yilning 12-oyi 26-kunida, 1074-yilning 2-oyi 3-kunida, 1077-yilning 4-oy 8-kuni, 1084-yilning 12-oyi 2-kunlarida ham elchliar guruhlari kelgan. Shularning birida Lindi ismli zodagon sovg’alar bilan Chan’anga kelgan.107
Xitoy manbalaridagi Xo’tandan 1071-yilgacha Xitoyga borgan elchilar haqidagi barcha ma’lumotlarda ular “Xo’tan hukmdori” nomidan kelganligi aytilgan. Shu yildan keyin kelgan elchilar haqidagi ma’lumotlarda elchi jo’natuvchi Xo’tan hukmdorining unvoni “hukmdor Qoraxon” yoki “Xo’tan hukmdori Qoraxon” shaklida tilga olingan.
1087-yilda Sun xonadoni Xo’tandan kelgan elchilarga mislsiz ehtirom bildirishadi. Qoraxoniylar hukmdoriga atalgan sovg’alarni topshirish vaqtida qabul qilingan me’yorlardan tashqari uch yuz ming tanga, oltin kamar, qimmatbaxo toshlar qadalgan to’nlar, kiyim-kechak va mis tangalar taqdim etildi. Sun imperatori zarur bo’lganda Qoraxoniylarga yordam ko’rsatish haqida farmon e’lon qildi. Ba’zi amaldorlar elchilarga nisbatan kerakli darajada do’stona munosabatda bo’lmaganliklari uchun jazolandilar.108
1078-yil 6-oyning 4-kunida choy savdosi bilan shug’ullanuvchi idoraga yo’llangan imperator farmonida Xo’tandan kelgan elchilar soliqsiz choy sotib olishmoqda, bu xolat tufayli yil davomida olinmay qolingan tushum hukumat g’aznasidan qoplanishi aytilgan. “Ipak yo’lidagi savdo tarixi” nomli asarda yozilishicha, Sun sulolasi hukmronligi (960-1279) davrida choy Xitoyning ko’p miqdorda eksport qiladigan maxsulotiga aylangan.109 Shundan ma’lumki, Qoraxoniylar savdogarlari Xitoydan olib ketadigan mollar orasida choy ham muhim o’rin egallagan.
Shu joyda quyidagi ikki masalani ta’kidlab o’tish joizki, 1079-yilda Sun sulolasi saroyiga g’arb tomondagi savdo yo’llarini nazorat qilish idorasi boshlig’ining murojaatnomasi kelib tushgan. Unda Xitoyga Qoraxoniylar hukmdorining maktubisiz karvonlari kelayotranligi aytilib, ularga nisbatan qanday muomala qilish kerakligi so’ralgan. Bu haqida Sun imperatorining bergan farmonida “kelganlar o’lpon olib keldik” deyishsa, ularning gapi inobatga olinsin deyilgan. Shundan ma’lumki, Xitoyga Xo’tandan savdogarlar elchilarga qo’shilmasdan borish hollari ham kuzatilgan.
1081-yilda Qashqardagi Qoraxoniylar hukmdori Abul Xasan Tabg’och Bug’roxon (Xarun bug’roxon-II, Xasan binni Sulaymon - 1074-1103) Sun sulolasi imperatoriga maktub yuborgan. O’z maktubida u Sun imperatori Shenzung (1068-1085)ga “Sharqdagi ya’ni kunchiqar tomondagi buyuk dunyo yerlarining egasi deb murojaat qilgan. Shu bilan ushbu hukmdor Xitoy imperatoriga men g’arb tomondagi yerlar egasimen, siz esa, sharq tomondagi yerlar egasi, huquqimiz va mavqeimiz bir xil degan fikrni bildirgan. Extimol bu yo’l bilan Sun xonadoniga ta’sir ko’rsatgan bo’lishi mumkin.
Boshqa Xitoy manbalarida keltirilgan bir ma’lumotda aytilishicha, 1085-yilda Xo’tandan Xitoyga kelgan elchilar ot olib kelishgan.Ular evaziga avvaliga 200 ming tanga to’langan. Keyin unga yana 100 ming tanga qo’shib berilgan. Shundan ma’lumki, Sun sulosi uchun ot obro’li va qimmatbaxo sovg’a hisoblangan.110
1089-yilning 6-oyi 4-kunida Sun sulolasi saroyidagi Marosimlar palatasining imperator uchun tayyorlagan ma’ruzasida Xo’tan Qoraxoni o’zining vassal hukmdorlarining ro’yxatini ko’rsatib, imperatordan ularni Xitoyga borish va imperator bilan uchrashishga ruxsat berishni so’raydi.
Xitoy manbalarda Xo’tandan poytaxt Chan’an shaxriga 1090, 1094, 1096-yil (ikki marta - 5- va 11-oyda), 1097, 1098,1103,1117-yillarda elchilar kelgangi haqidagi ma’lumotlar mavjud. Shunga qaraganda, XI asrning so’ngi choragidan boshlab Sun sulolasi Xo’tanga alohida davlat sifatida qaragan. 1096 yilning 7-oyining 14-kunida Xo’tan hukmidori turli xil sovg’alar bilan o’z vakilini jo’natganligi haqida ham ma’lumot keltiriladi.111 Keyingi yilning 2-oyi 8-kunida Xo’tandan yana elchi keladi. Elchi bilan birga kelgan Loxudulumay Qoraxoniylar hukmdori o’g’lining so’zlarini tarjima qilib, “…bizning otliq jangchilarimiz tangutlar tomonidan egallab olingan Ganchjou, Shadjou, Sudjoularni ishg’ol qilishga jo’natilgan…” deydi. Bunga imperator “…Agarda ular shu 3 ta shaharni ozod qila olsalar, yetarli miqdorda mukofatlanadilar…”112 deydi.
Bu qisqa ma’lumot Sun xonadoni Qoraxoniylar xukumati bilan siyosiy hamkorlik qilibgina qolmasdan ular qo’li bilan o’z raqibiga qarshi kurashishdan ham manfaatdor bo’lganligidan dalolat beradi. Sun sulolasining bu niyati amalda qanday bo’lganligi quyidagi ma’lumotga e’tibor qaratish mumkin.
Xitoyning rasmiy tarixlari, ensiklopediyalari va ensiklopedik lug’atlaridan tashqari, har xil davrda yozib qoldirilgan shajaralar ham mavjud.113 Shularda keltirilgan ma’lumotlarning asosiy qismi 1985-yilda “Xalq qatnov vazirligi nashriyoti” “Chjeng Xe114 sulolasi tarixi materiallari” nomli kitobda aks ettirilgan.
Mazkur shajaralardagi ma’lumotlarga ko’ra, Sun sulolasi taklifiga binoan, Buxorodan Xitoyga Najmiddin so’fi (997-1093) ismli bir zodagon katta qo’shin boshlab kelgan. Bu haqida “Ma sulolasi shajarasi” nomli asarda quyidagicha yozilgan: “…Buyuk g’arbiy hududdagi Buxoro xonining qo’shinlari qudratli, xonning o’zi esa diyonatli va mexribonlikda tenggi yo’q... Lyao va Shya115 xonliklari qo’shin tortib Sun sulolasiga xavf soldi. Shunda Sun sulolasi [Buxoro hukmdoridan] yordam so’rash maqsadida uning xuzuriga elchi yubordi. Shundan so’ng [Najmiddin-so’fi] janoblari ukasi Ayso (Ayersha) va uch nafar o’g’illari bilan 7 mingdan ortiq lashkarlar, 200 ga yaqin lashkar boshliqlari va amaldorlarga bosh bo’lib, 7 mingdan ortiq ot va tuya bilan Buyuk Sun xoqonining 3-yilida (1070) poytaxtga yetib keldi. Shenzung xursand bo’lganidan ul zotdan o’z odamlari bilan Xitoyda qolishini so’radi. Atrof tinchigandan keyin Ali,Mirshox va bokalar jami 200 ga yaqin amaldorlar va ularni kuzatuvchi 700 nafar chavandoz poytaxtga sovg’alar bilan yetib keldilar. Ular [Najmiddin-so’fi] janoblarining qaytib ketishiga ijozat so’radilar. Ammo [Sun xoqoni] janoblariga (“g’alaba nishoniga va qutlovga sazovor oliy zot”) unvonini berish bilan birga 200 lyang116 oltin, 5000 lyang kumush, 1000 to’p ipak mato taqdim qilish va yiliga 500 dan117 don berish, o’z soqchilaridan 5300 kishini ajratib olib Shandung, Shanshi viloyatlarida va Shixe118 bilan Xeyxe119 daryolari oralig’idagi joylarda soliqsiz dexkonchilik qilish, zarur bo’lganda xarbiy harakatga qatnashishga shay bo’lib turish haqida farmon berdi. [Ukasi] Ayso (Ayersha)ga esa, qolgan odamlarni olib vataniga qaytishga va Buxoroning davlat ishlarini o’z qo’liga olib, uning rivoji uchun harakat qilishini buyurdi. Chjezungning (taxtda o’tirganiga) 8 yil bo’lganida (1093) oliy zot 97 yoshda olamdan ko’z yumdi”.120
“Sun sulolasi shajarasi”da keltirilgan ma’lumotlar inobatga olinsa, G’arbiy Qoraxoniylar davlati bilan Sun xonadoni o’rtasida siyosiy va xarbiy munosabat mavjud bo’lgan degan xulosa kelib chiqadi. Biroq Xitoy tarixchilari ubu ma’lumot rasmiy tarixda uchramaydi deb, unga shubxa bilan qaraydilar. Bizning fikrimizcha, Sun sulolasi o’zini katta tutish maqsadida Buxoro davlatidan yordam so’raganligini rasmiy sulola tarixida ko’rsatishni ma’qul topmagan bo’lishi, ya’ni Buxoroni o’zi bilan teng ko’rmagan bo’lishi mumkin. Shuning uchun shajaralarda uchraydigan ma’lumotni rasmiy tarixda yo’q ekanligiga ishora qilib, shubhaga olish to’g’ri bo’lmaydi.



Download 0.63 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling