Rauf Parfi (Tursunali Parfiyev)
(1943–2005)
Rauf Parfi (Tursunali Parfiyev)
Rauf Parfi 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumanidagi Shoʻralisoy qishlogʻida tugʻildi. Ota-onasi Parfi Muhammad Amin va Sakina Isabek qizi mustabid tuzum davrida ona yurti Fargʻonaning Vodil hududidan quvgʻin qilingan edi.
Boʻlajak shoir boshlangʻich va oʻrta taʼlimni “Sharq yulduzi” (1-7-sinflar), Shoʻralisoy (53-maktab, 8-9-sinflar), Yangiyoʻl shahridagi Alisher Navoiy nomidagi (10-sinf, kechki) maktablarda oldi. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)da tahsil oldi (1960–1965). Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat, “Yozuvchi” nashriyotlari, turli gazeta va jurnallarda faoliyat koʻrsatdi.
Uning “Karvon yoʻli” nomli birinchi kitobi 1968 yilda nashr etildi. Shundan soʻng “Aks sado” (1970), “Tasvir” (1973), “Xotirot” (1975), “Koʻzlar” (1978), “Qaytish” (1981), “Sabr daraxti” (1986), “Sukunat” (1991), “Tavba” (2000) kabi sheʼriy majmualari eʼlon qilindi. Vafotidan soʻng “Sakina” (2013), “Turkiston yodi” (2013) singari saylanmalari bosilib chiqdi.
Rauf Parfi sheʼriyatining asosiy mavzulari – bu shaxs erki, Vatan mustaqilligi va Turkiston, Turk dunyosining birligidir. Bu sheʼriyat – XX asr shaxs shuurini, keskin fojialar dramatizmini ifodalashga jazm etgan jasoratli sheʼriyatdir.
Rauf Parfining “Vatan haqida Bernd Ietshga maktubim”, “Tangri sogʻinchi”, “Sunbula”, “Qora devor”, “Abdurauf Fitrat” (1995) asarlarini olasizmi, Vyetnam urushi haqidagi sheʼrlarinimi, tanka, xokku ‒ uchliklarimi, ularning barchasida adolatsizlikka, haqsizlikka nisbatan nafrat, gʻazab tuygʻulari limmo-limdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |