Ritorik so’roq gaplar ham badiiy matnning emotsional-ekspressivligini ta’minlovchi uslubiy vositalardan biri hisoblanadi.Tasdiq va inkor mazmuniga ega bo’lgan, tinglovchidan javob talab qilmaydigan gaplar ritorik so’roq gap deyiladi. Ko’pincha ritorik so’roq gaplar tarkibida nahotki, axir kabi ta’kidni kuchaytiruvchi so’zlar qo’llanadi. Ular nutqqa ko’tarinki ruh bag’ishlaydi va tasdiqning kuchli emotsiya bilan ta’kidlanishi uchun xizmat qiladi.Bunday gap shakllari qahramonning hayratlanishi, quvonchi, ajablanishi, shubha va gumonsirashini, g’azab va nafratini ifodalashida juda qo’l keladi.Bunday gaplar ichki va tashqi nutqda, monoligik va dialogik nutqlarda keng qo’llaniladi.
Shuningdek, undalmalar ham gap tarkibida so’zlovchi va tinglovchining o’zaro munosabatini ifodalaydi. Undalma gap bo’laklaridan farqli ravishda maxsus intonatsiya bilan aytiladi. Undalmalar ijobiy yoki salbiy baho munosabatini ifodalab keladi.Salbiy baho munosabati ifodalovchi undalmalar badiiy asarlarda qahramonlar tasvirida, ruhiy holatni ko’rsatib berishda, qahramon nutqini individuallashtirishda kuchli uslubiy vosita bo’lib xizmat qiladi.Masalan: 1.- Ov! - dedi bo’ynini xo’rozdek cho’zib. – Raisman, deb o’zingdan ketma! Hasan Dumani endi ko’ryapsanmi, ahmoq! ( O’.Hoshimov). 2. – Shuni ayting, oyimposhsha! Birov bilan qochib ketmabdi.( O’.Hoshimov).4
Do'stlaringiz bilan baham: |