Reja: Biografik metod asoschilari


Download 86.5 Kb.
Sana13.12.2022
Hajmi86.5 Kb.
#999341
Bog'liq
Biografik metod


BIOGRAFIK METOD
Reja:
1. Biografik metod asoschilari
2. O‘zbek adabiyotshunosligida biografik metodning o‘rni
3.Biografik metod tayanadigan asosiy omillar


Biografik metod mohiyatida inson shaxsiyati turadi. Ayni jihati bilan mazkur metod universal xarakter kasb etadi. Ya’ni ijodkor va ijod mahsulini sintezda o‘rganish yo‘lidagi harakat, eng avvalo, barcha fanlar, falsafalar, tadqiq metodlarini istifoda etishni taqazo qiladi. Qolaversa, bugungacha mavjud har qanday tafakkur shakllarining inson fenomeni doirasida markazlashuvi ushbu metodning universallik darajasini oshiradi. Beografik metod ob’ekt tanlanmaydi. Uni ijodning har qanday turi (amaliy, nazariy) va har qanday shakli (fan-texnika, san’at, siyosat, madaniyat)ga nisbatan qo‘llash mumkin. Ushbu metod ijodkor biografiyasidan faqat axborot manbai sifatida foydalanmaydi, balki bunda ijodkor biografiyasi bir butun tizim o‘laroq ijod mohiyatini ochishga xizmat qiladi. Bu shunday tizimki, ichki strukturasi jihatidan ko‘plab mukammal tizimchalarni o‘zida mujassam etadi. Shuningdek, ijodkor hayoti va faoliyatini atroflicha qamrab olishga qaratiladi. Badiiy ijod namunasini biografik o‘rganish yo‘lidagi ilk qadamlar XIX asrning birinchi yarmi fransuz ilmiy-adabiy muhitida ko‘zga tashlanadi. Evropa ijtimoiy muhitiga Uyg’onish davridan meros o‘laroq shakllangan gumanizm kontseptsiyasi inson shaxsiyatining ekstsentrik tadqiq ob’ekti maqomini egallashiga olib keldi. Borliq va mavjudlik, voqelik va harakat, makon va zamon kabi global hodisalar inson va uning shaxsiyati negizida talqin etila boshladiki, mohiyatan ularning barchasini qamrab olish qudratiga ega bo‘lgan badiiy ijod muammosi ayni jarayondan chetda qolishi mumkin emas edi. Jahon adabiyotshunoslari tomonidan biografik metodning asoschisi deb e’tirof etilgan Sharl Sent-Byov (1804-1869) 1821 yili Burbon nomidagi kollejda ta’lim olar ekan, falsafa o‘qituvchisi Damiron o‘z shogirdlariga har qanday ijod namunasi muallif shaxsiyati bilan bir butunlikda o‘rganilishi lozim, degan fikrni uqtirar edi. Damiron ma’ruzalariga asos bo‘lgan «Fransuz falsafasi tarixi» talaba Sharlning eng sevimli kitobiga aylanadi. Uning dastlabki ilmiy tadqiqoti ham aynan falsafiy mavzuda bo‘lib, «Barhayot ruh haqida» deb nomlanadi. Kollejda va keyingi ta’lim jarayonlarida tabiat, fiziologiya, ximiya, meditsina, mantiq, til va adabiyot ilmlarini mukammal o‘rgangan Sent-Byov uchun Damiron fikrlari tayanch kontseptsiya bo‘lib qoladi. 1825 yilda Parijda nashr etila boshlagan, Pushkin, Karamzin, Stendal kabi mashhur yozuvchilar asarlari chop qilingan «Glob» gazetasi nafaqat u davr fransuz ziyolilarining, balki umumevropa ziyoli qatlamining ilg’or qarashlarini aks ettirar edi. Gazeta chop etgan qator maqolalarda badiiy ijod namunasiga yangicha yondashuv masalasida bahs-munozaralar kuzatiladi. Xususan, badiiy asarni uning muallifi tabiati, iste’dodi, psixologik holatlari bilan sintez etaroq tadqiq qilish, ijod jarayoniga individual yondashish, o‘sha davr fransuz ilmiy-adabiy muhitining dolzarb muammosiga aylangan edi. Sent-Byovning dastlabki taqrizlari, adabiy-tanqidiy maqolalari ham aynan «Glob» gazetasida nashr etilgan. Keyinchalik uning fransuz klassiklari Rasin, Bualo, Lofantenlar ijodiy merosiga, zamondoshi V.Gyugoning «Oda va balladalar» to‘plamiga doir jiddiy tadqiqotlari chop qilindi. Shuningdek, Sent-Byov XVI-XIX-asrlar fransuz she’riyati va dramaturgiyasi tarixiy taraqqiyoti ustida ham tadqiqotlar yozdi. Biroq bu kabi sof tarixiy-badiiy muammolar talqinida ham Sent-Byovga xos individual tahlil tamoyili yetakchilik qiladi. Bu jihat olimning har qanday tarixiy davr silsilasida muayyan ijodkorning o‘rniga urg’u berganida ko‘rinadi. Uning ilk adabiy portretlari Kornel, Bualo, Lofanten va, ayniqsa romantizm adabiyotining qator vakillari haqida bo‘lib, 1829-yildan boshlab «Revyu Parij» jurnalida nashr etilgan. XIX asrning 30-yillarida Sent-Byov Por-Royal adabiy-diniy maktabi faoliyatini o‘rgandi. Nafaqat fransuzlarning, balki butun Evropa ruhoniy adabiyoti va tafakkur tarzini ifoda etuvchi bu maktab haqidagi tadqiqotlari besh jilddan iborat bo‘lib, 1838-1859- yillar orasida nashr etilgan. Sent-Byovning «Konetityusionnel» jurnali bilan qilgan ijodiy hamkorligi natijasi o‘laroq 15 jilddan iborat «Dushanbadagi suhbatlar», 13 jildlik «Yangi dushanbalar» nomli tadqiqotlari maydonga keldi. Ushbu tadqiqotlarning manbaviy ko‘lami nihoyatda keng. Ularda muayyan adabiy-tarixiy davrlar hamda alohida faylasuf, yozuvchi, shoirlar ijodi xususida so‘z yuritiladi. Xullas, Sent-Byov tomonidan o‘z davri ilmiy doirasi uchun yangilik sifatida taqdim etilgan biografik tadqiq yo‘nalishi uch yirik omilga tayanadi. Bularning birinchisi, ildizlari antik dunyo ijtimoiy tafakkuriga borib bog’lansa-da, boshlang’ich aniq harakatni Uyg’onish davridan olgan shaxs kontseptsiyasi. Ikkinchisi, Sent–Byov yashab ijod etgan jamiyatdagi fikriy yangiliklar, madaniy-tarixiy, falsafiy-psixologik, ilmiy-adabiy qarashlar. Uchinchisi, bevosita Sent-Byov shaxsiyati, ijodiy, ilmiy, ijtimoiy faoliyati hisoblanadi. Sent-Byov tadqiqotlarida muayyan shaklga kirgan biografik metod keyinchalik uning qator izdoshlari tomonidan davom ettirildi, rivojlantirildi. Xususan, «Adabiyot tarixiga kirish» (1848) asarining muallifi Lakomb, «Adabiyotni ilmiy tadqiq etish usullari» (1900) asari muallifi Renar, o‘tgan asrning 20-60-yillarida biografik metod muammolari bilan shug’ullangan Maks Verli, Viktor Jiro, Valter Mushg, D.Shtolnits va boshqa qator olimlarning ishlari shu jumladandir. Badiiy asar va ijodiy jarayonni biografik o‘rganish tarafdori bo‘lgan Evropa olimlari orasida Sent-Byovdan qariyb yuz yil keyin yashagan Andre Morua (1885-1967) ijodi alohida ajralib turadi. Sent-Byovgacha va undan keyin maydonga kelgan ilmiy qarashlar, o‘ziga xos tadqiqotlar Andre Morua imkoniyatlarini nisbatan kengaytirgan edi. Andre Moruaning butun ilmiy-ijodiy faoliyati adabiy jarayonni biografik talqin etishga qaratilgan. Tadqiqotchilarning qayd etishicha, «Morua ijodiy evolyutsiyasi Shellidan Balzakkacha bo‘lgan biografik tadqiqotlarda namoyon bo‘ladi». A.Moruaning «Labryuyerdan Prustgacha» (1964), «Prustdan Kamyugacha» (1963), «Jiddan Sartrgacha» (1965), «Aragondan Moterlangacha» (1967) sarlavhalari ostida nashr etilgan to‘rt jildlik yirik tadqiqotida biografik metodning ilmiy-nazariy printsiplari o‘z ifodasini topgan. XX asr o‘zbek adabiyotshunosligida ham yozuvchilar, olimlarining adabiy portretlariga bag’ishlangan risolalar, biografik o‘rganish muammolariga qaratilgan doktorlik va nomzodlik tadqiqotlari ma’lum. Ammo ularda bu metodni yangi kontseptsiyalari bilan boyitadigan aniq xulosalar uchramaydi. Keyingi davr o‘zbek adabiyotshunosligida biografik metod asosida yaratilgan tadqiqotlar, romanlar talaygina. Jumladan, N.Karimovning “Cho‘lpon’ nomli kitobi katta ahamiyatga ega. “Kitobning muhim yutuqlaridan biri Cho‘lpon asarlarining yaratilish tarixi bilan bog’liq mulohazalardir. Bu jihatdan uning shaxsiy intim hayoti tadqiqi, “Uyg’onish” to‘plamidagi “Yurt qayg’usi” rukni ostida berilgan she’rlar sharhi, shoir ruhiyatini ochishga urinish, Cho‘lpon va turk adabiyoti masalasining qo‘yilishi hamda yoritilishi, tarjimalarga ko‘rilgan tayyorgarlik kabi ko‘pdan ko‘p ijodiy masalalar borasidagi fakt va materiallar yangiligi bilangina emas, talqin va yondoshuvi, hatto pafosi bilan ham maroqlidir. Shuningdek, mashhur adibning zamondosh ijodkorlar bilan o‘zaro muloqotlari, hali ilmiy jamoatchilikka noma’lum kelayotgan qanchadan qancha asrlarning (shu jumladan boshqalar nomidan bosilgan asarlarning (“Rustam” , “Avaz” kabi) aniqlashtirilib muomalaga olib kirilishi, ko‘pchlikka ma’lum asarlarning (masalan, “Yorqinoy” kabi) tug’ilishidan taqdirigacha kuzatishlar kitobni ma’lum ma’noda Cho‘lppon ijodyoti borasidagi eng keyingi va eng jiddiy adabiyotshunoslik tadqiqoti darajasiga ko‘taradi”(Begali Qosimov). Adabiyot tarixida shunday dalillar ham uchraydiki, ijodkorning maishiy hayotida ro‘y bergan favqulodda hodisa keyinchalik o‘zining individuallik doirasidan chiqib, universal funktsiya bajara boshlaydi. XX asr o‘zbek lirikasining yirik nomoyondalaridan biri Zulfiya ijodini kuzatar ekanmiz uning hayotida yuz bergan voqea ijodida ham yaqqol aks etganining guvohi bo‘lamiz. Bu xususiyat shoiranig “Kechir qoldim g’aflatda”, “Bahor keldi seni so‘roqlab”, “Ko‘rganmiding ko‘zlarimda yosh”, “Ne baloga etding mubtalo”, “Sen qaydasan, yuragim” , ”Yulduz”, “Hijron kunlarida” kabi she’rlara ochiq ko‘rinadi. Zulfiyaning turmush o‘rtog’i Hamid Olimjonning fojiali halok bo‘lishi (1944) munosabati bilan yozgan bu she’rlarida hayot va o‘lim, muhabbat va hijron, sevgiga sodiqliq va bevaqt ayriliq haqida teran poetik fikrlar yuritilgan. “To‘qima aslida yo‘q narsa. Biz nimaiki yozsak, ularning hammasini boshimizdan kechirgan voqealardan olamiz yoxud ularni boshalar boshida kechirganda kuzatgan bo‘lamiz” (Xeminguey) Darhaqiqat, har bir ijodkor hayotdagi xarakterli voqea hodisalar ta’sirida qalb-u shuuriga o‘rnashib qolgan ruhiy holat, lirik kechinma ta’sirida kutilmagan badiiy kashfiyotlar, obrazli fikrlar yaratadi. Ko‘rinadiki, biografik metod o‘zining manbaviy va xronologik ko‘lami, ta’sir doirasi jihatidan, muayyan salmoqqa ega. Jahon tan olgan yirik olimlar bu metodga e’tibor bilan qaraganlar. Uni jiddiy ilmiy muammolarga tatbiq etganlar. Ammo, shunga qaramasdan, biografik metodning markaziy kontseptsiyalari, ilmiy-nazariy printsiplari, metod sifatidagi o‘ziga xos jihatlari, boshqa tadqiq metodlari, fan sohalari bilan aloqadorligi masalalarini umumlashtiruvchi metodologik tadqiqotlar mavjud emas. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ilmiy-biografik tadqiqotlarda, tadqiqotchilik metodologiyasiga doir nazariy asarlarda, terminologik lug’atlarda bu metodning aniq ilmiy ta’rifi, spetsifik jihatlari o‘z aksini topmagan. Barcha ilmiy tadqiqot metodlari kabi beografik metod ham doimiy rivojlanish, o‘zgarish xususiyatiga ega bo‘lsa-da, turli davrlarda yaratilgan tadqiqotlarda bir qadar tarqoq holatda mavjud bo‘lgan kontseptual fikrlarni umumlashtirish, biografik tadqiq usulining metodologik printsiplarini belgilash, maqsadga muofiqdir. Biografik metodning o‘ziga xosligi ijodkor individualligi muommosini tadqiqot markaziga qo‘yishida ekani bois, ularda genetik faktor yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Garchi sho‘ro davri olimlari ijodkor shaxsiyatini genetik-biologik talqin etish «vulgarcha, pozitivistcha xulosalarga olib kelgan»ligini qayta-qayta ta’kidlashgan bo‘lsa-da, biografik tadqiq ushbu foktorni chetlab o‘tishi mumkin emas. Qolaversa, adabiyotni o‘rganishda «irq», «muhit», «vaziyat» birligi nazariyasini ilgari surgan Ipolit Ten Sent-Byov bilan yaqin do‘st bo‘lgan va tabiiy ravishda, unga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Genetik nuqtai nazardan o‘rganilgan individuum ijodiy jarayonga xos o‘ta nozik holatlarni tushunishga qo‘l kelganiga shubha yo‘q. Ijodkor maishiy, ijtimoiy muhit ta’siri ostida o‘zlashitirishi ehtimoldan uzoq bo‘lgan, bir qarashda g’ayrioddiy tuyuluvchi ba’zi xususiyatlar ildizi uning qadim ajdodlari ongi va ruhiyatida yashagan «genetik xotira»ga borib tutashadiki, bunday holat talqini uchun albatta genetika tajribalariga suyanish lozim bo‘ladi. Sent-Byov J.J. Russo haqidagi ishida ijodkor nutqidagi bir oz «qo‘pollik», «soddalik», «dangallik», «yashirin iztirob»larni uning shogirdi arisokrat Shatobrianga qiyosan izohlar ekan, shunday yozadi: «U ajdodlari bilan faxrlana olmasdi. Shu bois unda eslash bir oz og’irroq, sirli iztiroblarga yo‘g’rilgan, qashshoq ajdodlariga tortadigan nimadir yashar edi». Ijodkorga xos bu kabi holatlar badiiy asarda bir yoki bir nechta qahramon tabiatiga singgan bo‘lishi mumkin. Ba’zan esa asarning umumg’oyasi, tili, uslubi hatto kompozitsion qurilishigacha ta’sir o‘tkazishi ehtimoldan holi emas. Gyotening «uslub-bu odam», Floberning «Bovariy xonim-mening o‘zimman», degan obrazli fikrlarida shunga ishora bor. Badiiy asarni o‘rganishda muallifning intim hayotiga urg’u berish Sent-Byov va uning g’arblik izdoshlari tadqiq usulidagi yetakchi xususiyat sifatida qaraladi. Ko‘pincha biografik metodning cheklangan tomonlarini ham shu bilan izohlashga bo‘lgan urinishlar kuzatiladi. Aslida intim hayotning muallif biografiyasi va ijodini sintez qilib o‘rganishdagi o‘rni qanday? haqiqatan ham bu jihat biografik metod imkoniyatlarini cheklaydimi? Agar insonning tabiiy intilishlari, o‘z hissiy dunyosiga munosabatini xolis baholaydigan bo‘lsak, bu jihat jamiyat yoki muayyan inson faoliyatida katta o‘ringa egaligiga shubha qilmaymiz. Adoqsiz zamon va makon qatlamlarini o‘zida mujassam etgan eposlardan tortib, insonning lahzalik kayfiyatini aks etiruvchi kichik lirik asarlargacha, ijodning kollektiv shaklidan, individual ko‘rinishigacha intim holatlar muhrlanmagan biror asarni uchratish mumkin emas. Barcha mashhur-u nomashhur shoirlar ijodining ilk namunalari albatta intim holatlarga bog’liq bo‘ladiki, bu tomonni chetlab biografik tadqiqot yaratib bo‘lmaydi. Intim hayotning ijod jarayoni bilan munosabatini o‘rganish, tadqiqotchidan so‘zsiz individual yondashuvni talab etadi. Chunki bu o‘ta nozik holat bo‘lib, uni individuum hayoti va ijod psixologiyasiga ta’sir darajasi, funktsional jihatlari boshqa shaxs, holat yoxud vaziyatda hech qachon takrorlanmaydi. Ba’zan esa intim hayot munosabatlari o‘zining g’ayritabiiy natijalari bilan bir-birini inkor etishi ham mumkin. Demak, har qanday ijod u yoki bu darajada intim hayotga bog’lik va biograf-tadqiqotchining bu nuqtaga urg’u berishi behuda emas. Biografik metod tayanadigan omillardan yana biri ijodkorning maishiy turmushi sanaladi. Ijodkorning oila turmushi, qarindosh-urug’lari, do‘st birodarlari bilan munosabati, yashash tarzi, unga doir odatlar (jestlar), buyumlar va hokazolarni qamrab oladigan bu omil bir qarashda unchalik muhim tuyulmasligi mumkin. Lekin ijodkor hayotida ro‘y beradigan g’ayrioddiy holatlar, olamshumul voqealarga nisbatan nihoyatda ko‘p foizni tashkil etuvchi odatiy hayot tarzi bevosita maishiy turmush bilan bog’liqki, bu ko‘p jihatdan ijod namunalarida o‘z muhrini qoldiradi. Shu bois, ijod jarayonini individual aspektda tahlil etuvchi barcha tadqiqotlarda ijodkor biografiyasi mumkin qadar qamrab olinadi. Chunki ijodkor biografiyasining xronologik talqini maishiy turmushga doir fakt va dalillarni muayan ketma-ketlikda ifoda etadi. Sh.Sent Byov yozadi: «Adabiy tanqid sohasida va adabiyot tarixida buyuk odamlar biografiyasi kabi yurakka yaqin, go‘zalroq, ibratliroq narsa kamdan-kam uchraydi». Uning ta’kidlashicha, biografiya muallif hayot yo‘lining shunchaki bayoni emas. haqiqiy biografik tadqiqot yuzaga kelishi uchun tadqiqotchi ijodkor «ruhiyatiga kirishi», «uni turli qirralarini ko‘rsata bilishi, bu insonni xarakat qilishiga, gapirishga, nafas olishiga majbur etishi», «eng muhimi, uni oila davrasida, o‘ziga xos odatlari bilan tasavvur eta olishi» lozim. Negaki, «buyuk ijodkorlar ham oddiy odamlar kabi mayda turmush tashvishlaridan holi bo‘lmaydilar» . Adabiyot tarixida mashhur ijodkorlarning aynan tirikchilik vajidan asar yozganlari haqida dallilar ko‘plab uchraydi. Badiiy asarni tadqiq etishda biografik metod tayanadigan omillardan yana biri ijodkor falsafasidir. Tadqiqotchi–biograf muayyan ijodkor asarini, ijodiga xos muhim nuqtani belgilashga urinar ekan, uning uchun bunday tadqiqotlar qanday falsafiy asosga ega ekanini bilish, muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki har qanday ijodkor hayoti davomida anglagan falsafasi asosida faoliyat yuritadi, ijod qiladi, muhim badiiy kontseptsiyasini ilgari suradi. Falsafiy omil o‘ta keng tushuncha bo‘lib, ijodkor-shaxsning o‘zi bilangina bog’lik emas. Bunda ijodkor yashagan ijtimoiy muhit, u muloqotda bo‘lgan ilmiy-adabiy doiralar, u o‘qigan kitoblar, uning ijtimoiy mavqei va hokazolarning o‘rni katta bo‘ladi. Shu va shu kabi qismlar birlashib, ijodkor falsafasi, degan fenomenni tashkil etadi. Shuni ham unutmaslik kerakki, har qanday biografik tadqiqot falsafiy omildan holi bo‘la olmaydi. Ammo tabiatan falsafiy-badiiy talqinga moyil ijodkorlarni o‘rganishda bu omil o‘ziga xos natija beradi. Badiiy ijodda aks etgan falsafiy kontseptsiyalar asos nuqtai nazari bilan ikki xil bo‘lishi mumkin. Bularning birinchisi, an’anaviy bo‘lib, ijodkor zamonigacha mavjud bo‘lgan va uning zamoniga doir falsafiy fikrlardan kelib chiqadi. Falsafiy badiiy talqinning bunday shakli nisbatan universalroq mohiyat kasb etadi. Ya’ni har qanday yozuvchi, shoir yoki dramaturg inson fenomenini turli vaziyat va holatlarda tasvirlar ekan, umuminsoniyat tomonidan qabul qilingan falsafiy qarashlarni bilib yoki bilmay istifoda etadi. Biroq bu o‘rinda muallifning maqsadi falsafa yurgizish emas, asar qahramoni tabiatini yorqinroq ifoda etish, umumpoetik g’oyani teranroq yoritishdan iborat bo‘ladi. Falsafiy–badiiy talqinning ikkinchi shakli xam yukoridagi elementlardan tamomila xoli bo‘la olmaydi. Shu bilan birga, bunda individual talqin yetakchiligi ko‘zga tashlanadi. Shu xarkterdagi asarlar mualliflari esa aynan falsafaga moyil ijodkorlar sirasiga kiradilar. Ular har qanday umuminsoniy voqelikdan falsafiy xulosalar yasashga moyil bo‘ladilar. Yana bir narsani ta’kidlash joizki, badiiy ijodda falsafiy omilning namoyon bo‘lishi ijodkor hayotidagi tragik vaziyatlar bilan ham bog’liq bo‘ladi. Ma’lumki, qadim yunon adabiyoti nomayandasi Gesiod o‘zining mashhur «Mehnat va kunlar» nomli didaktik asarida umuminsoniy, umumfalsafiy muommolar ustida ham so‘z yuritadi. Insoniyat hayotini oltin, kumush, mis kabi turli davrlarga ajratib, uning davrlar oqimi bo‘ylab tubanlashib borayotganiga urg’u beradi. Uning bunday fojiaviy xulosaga kelishiga sabab esa noqobil, xudbin ukasi Persning qilmishlari bilan bog’liq edi. Evropa uyg’onish adabiyotining asoschisi Dante Aligeri esa pok muhabbati Beatriche o‘limidan so‘ng (1290) butun vujudi bilan falsafaga sho‘ng’ib ketadi. Xullas, badiiy ijod jarayonida kuzatiladigan bunday jihatlar biograf-tadqiqotchining ham ma’lum ma’noda faylasuf bo‘lishini va jahon falsafasi tarixini bilishini talab etadi. Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, biografik metodning kurtaklari bevosita ijtimoiy muhitdagi muayyan o‘zgarishlar ta’sirida maydonga kelgan. Xususan, Sent-Byov o‘zining matbuotdagi chiqishlari bilan ijtimoiy tafakkur vakili sifatida namoyon bo‘ladi. Uning: «Asl tanqidchi jamotchilikdan yuqori turadi, ijtimoiy fikrni boshqaradi, agar jamiyat turg’unlikka yuz bursa, to‘g’ri yo‘ldan adashsa, bunday bo‘ron paytida baralla ovozda ularni to‘g’ri yo‘lga chorlaydi», degan so‘zlari rus tanqidchisi V.Belinskiy fikrlarini yodga solidi. Demak, biografik tadqiqotning ijtimoiy voqelik bilan mushtarak jihatlari talaygina. Aniqrog’i ijtimoiy voqelikdan yuz foiz uzilgan biografik tadqiqot hech qachon o‘zini oqlamaydi. Ijod jarayoni ma’lum darajada muallifning psixologik holatlari bilan bog’liq. Shu bois psixologik omil biografik metod uchun muhim sanaladi. Ko‘p hollarda buning psixobiografiya deb atalishi ham shundan. Buni Sent-Byovning o‘zi ham e’tirof etib, shunday yozgan edi: «Mening tanqidim ixtiyorsiz ravishda har bir yozuvchi, har bir asarni psixologik tadqiq etishga qaratiladi». Uning fikricha, psixologik talqin iqtidoriga ega bo‘lgan tadqiqotchidan biror yozuvchi, ayniqsa, shoir o‘ta teran sirlarini ham yashira olmaydi. Psixologik omil biografik tadqiqot uchun ikki yoqlama ahamiyat kasb etadi. Buning birinchisi, bevosita ijodkorning biografik dunyosi, real borlig’i bilan bog’liq bo‘lib, mazkur individuumga xos psixolobiologik, psixosotsiologik unsurlarni namoyon qiladi. Ikkinchisi, ayni unsurlarning badiiy asarda, voqelik va obrazlar talqinidagi o‘rinini aniqlashga xizmat qiladi. Buning ibtidoiy shakllari ilk biografik tadqiqotlarda ko‘ringan bo‘lsa, keyinchalik ijod psixologiyasi degan maxsus ilmiy yo‘nalishga asos bo‘ldi. Sent-Byov o‘zining Viktor Gyugo haqidagi tadqiqotida badiiy ijodning yosh psixologiyasi bilan mushtarak jihatlariga e’tibor qaratadi. Xususan, «Byug Jargal» asarining dunyoga kelishi jarayonlari, asarning turli yillarda yozilgan variantlari haqida so‘z yuritadi. Uning yozishiga, mashhur «Byug Jargal» asarining ilk variantini Gyugo 16 yoshida, ikki hafta ichida yozgan. O‘sprin psixologiyasiga xos voqelikni romantik qabul qilish, tezroq hikoya qilib berishga intilish xususiyati ushbu variantning nisbatan noob’ektiv chiqishiga, janr nuqtai nazaridan novellaga o‘xshab qolishiga sabab bo‘lgan. Ijod jarayonida ko‘zga tashlanadigan bu kabi psixologik holatlarni Sent-Byov shunday tushuntiradi: «O‘spirinlik davrida dunyo ko‘zimizga nihoyatda betartibdek, hayot yorqin nur taratib turgan sirli minoradek, yo‘limizda uchragan odamlar esa juda yaxshi yo o‘ta ahmoq, haddan ziyod jirkanch yoki o‘ta buyuk bo‘lib ko‘rinadi». Sent-Byov Gyugo ijodidagi bunday nozik jihatlarni nafaqat «Byug Jargal» va uning turli variantlari, balki yozuvchining boshqa romanlari bilan muqoyasada yoritadi. Psixologik holatlarni turli rakurslarda, butun nozikliklari bilan yoritishga urinadi. Shunday yondashuvni uning «Russo «Tazarrusi» nomli tadqiqotida ham kuzatamiz. Biroq shunga qaramasdan, Sent-Byovga xos psixologizm Andre Morua tadqiqotlaridagi psixologik talqiniga nisbatan jo‘nroq, ibtidoiyroq tasavvur beradi. Aniqrog’i, Sent- Byov ishlarida asosiy psixologik talqin mashinasi rolini tadqiqotchining o‘tkir nazari, iste’dodi, tajribasi bajarsa, A.Morua ishlarida tizimli metodologik asos va tadqiqotchi fenomeni mushtarakligi kuzatiladi. har ikki olimning J.J. Russo haqida tadqiqotlari bor. Har ikki tadqiqot uning «Tazarru» asariga bag’ishlangan. Ularga xos psixologik talqin printsipidagi farq ham shu tadqiqotlarda yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Masalan, Sent-Byov Russo «Tazarru»sidagi chin iqrorni insoniyatga xos bo‘lgan umumpsixologik holatlar bilan asoslashga urinadi, hatto Russoning: «Inson ichki dunyosi uning asl hayoti faqat ungagina ma’lum. Inson o‘z botiniy dunyosini tasvirlar ekan, aslida uni yashirishga urinadi. Go‘yo hayoti xususida rost gapni aytayotib, o‘zini targ’ib etadi. U hech qachon o‘zini bo‘lgani kabi ko‘rsatmaydi, balki xohlaganidek ko‘rsatadi», degan muhim gaplarini e’tibordan chetda qoldiradi. Andre Moruaning Marsel Prust haqidagi tadqiqotida ham yuqoridagi kabi chuqur psixologik talqin ko‘zga tashlanadi. Butun umr astmaning og’ir shakli bilan og’rib o‘tgan Prust bolaligida oila davrasida so‘ngsiz mehribonchiliklar ko‘rgan. Ammo u ulg’ayib o‘z yaqinlaridan birin-ketin ajraladi. Tabiiy ravishda bolaligidagi kabi nozik muomala, mehr-shafqat ham yo‘qlikka yuz tutadi. A.Morua ushbu holatni M.Prust ijodining negiziga qo‘yib o‘rganadi. Uningcha, Prust ijodining markazida bolalik hayotini, undagi mehr-muhabbatni qumsash turadi va bu armon Prustning barcha asarlarida ortiq darajada aks etgan. Xullas, keltirilgan dalilarga asoslanib aytish mumkinki, biografik metodning dastlabki shaklida psixologizm tarzida namoyon bo‘lgan ushbu omil, A. Morua ijodida anchayin murakkab ko‘rinish olgan. Bu esa A.Moruaning Z.Freyd psixoanalizidan ta’sirlanganini, psixoanalitik kontseptsiyalaridan o‘z tadqiqotlarida foydalanganini ko‘rsatadi. Nazariy-estetik talqinda biografik talqinning bevosita adabiy ijod bilan mushtarak jihatlari bosh masala hisoblanadi. Bundan kelib chiqadiki, yuqorida so‘z yuritilgan omillar biografik metod spetsifikasi uchun naqadar katta rol o‘ynamasin, adabiy-estetik nuqtai nazardan yetakchi omil bo‘la olmaydi. Bu o‘rinda gegemonlik vazifasini filologik omil bajaradi. Badiiy ijod jarayonini filologik omilga tayanmasdan turib tadqiq etish, biograf-tadqiqotchini asl mohiyatdan uzoqlashtiradi. Buning sababi o‘ta oddiy bo‘lib, badiiy ijodning filologik komponetlar tizimidan iboratligi bilan izohlanadi. Badiiy asarda har qanday poetik fikr, har qanday noyob hissiyot ifodalanishidan qat’i nazar, bu jarayon so‘z vositasida amalga oshadi. Biografik metod tayanadigan asosiy fenomen-ijodkor ham faqat so‘z bilan ishlaydi. Badiiy ijod o‘rganilar ekan, istisnosiz tarzda, ijodkor ruhiyatida, miyasida kechadigan jarayonlar, uning leksikonida mavjud so‘zlar zaxirasi emas, badiiy matn shakliga tushgan so‘zlar tizimi e’tiborga olinadi. Bir so‘z bilan aytganda, badiiy asar matni, uning ifoda usuli, unda mavjud tovushlar so‘z komponetlari, gaplar, fabula, kompozitsion qurilish va hokazolar ijodkor shaxsiyati bilan sentez qilinadi hamda ma’lum natijalarga erishiladi. Ijodiy individualik, mahorat, u bunyod etgan poetik kashfiyotlar, uning muayyan tarixiy davr yoki muhitida tutgan o‘rni masalalari shu yo‘l bilan belgilanadi. Yuqorida umumiy tarzda so‘z yuritilgan jarayonlar biografik metod vakillari asarlarida tarqoq holda bo‘lsa ham, ko‘p o‘rinlarda kuzatiladi. Jumladan, A.Morua XIX asr mashhur fransuz yozuvchisi Jon Kokto uslubi haqida shunday yozadi: «Men uning tasvirlash mahoratini ko‘p bor kuzatganman. U mudom shiddatkor va g’ayratli, so‘zni o‘ta iqtisod qiladi. So‘z topishdan oldin uzoq o‘ylanadi, qay yo‘l bilan bo‘lmasin nishonga aniq uradi». Morua J. Koktoning so‘z qo‘llash mahoratini M.Prust, P.Valerilar bilan qiyoslar ekan, uning quyidagi so‘zlariga urg’u beradi: «Tush uyquda tug’ilgani singari, poetik kashfiyot iborada tug’iladi». Yoki Sent-Byovning J.J Russo haqidagi tadqiqotida yozuvchi tabiatiga xos nozik bir xususiyat aynan uslub, so‘z qo‘llash jarayoni orqali ochib beriladi. «Russo ijodida ayollar tasviri boshlangan joyda uslub o‘ta noziklashadi. Bir yaxshi tanqidchi to‘g’ri ta’kidlaganidek, uning ijodida ayollar katta rol o‘ynagan. Demakki, Russo uslubidagi bu xususiyat uning tabiatidagi ayolga o‘chligi, to‘g’rirog’i ishratparastligi bilan izohlanadi». Xullas, shu va shunga o‘xshash ko‘plab dalillarga tayanib aytish mumkinki, filologik omil bir butun tizim sifatida biografik metodining yetakchi komponenti hisoblanadi. Nazarda tutish joizki, biografik talqin metodologik nuqtai nazaridan bir necha shakllarga ega. Yuqorida so‘z yuritilgan nisbiy sanoqdagi tayanch omillar bu shakllarning barchasida u yoki bu darajada namoyon bo‘ladi. Biografik talqinning samarali va keng tatbiq etilgan shakllari, bizningcha, uchta. Bularning birinchisi ijodkor shaxsiyatini markaziy o‘ringa qo‘yib o‘rganishga asoslanuvchi, akademik yo‘nalishga yaqin, biografik tadqiqotlar hisoblanadi. Tom ma’noda ilmiy-nazariy salmoq va metodologik printsiplar shunday tadqiqotlarda namoyon bo‘ladi va, ayni jihati bilan bu shakl yetakchi o‘rinda turadi. Bunga misol tariqasida Sh.Sent-Byov, A.Morualar nomi ostida nashr etilgan «Adabiiy portretlar» kitoblarini va sho‘ro davrida chop qilingan «Ajoyib kishilar hayoti» (JZL) seriyasidagi asarlarni ko‘rsatish mumkin. Ikkinchi shakl adabiy portret janri sifatida taqdim etiladi. Ammo bunday asarlarda dallilarga tayanish, xujjatlilik xos bo‘lsa ham, asosan, bayonchilik, publitsistik talqin gegemonligi kuzatiladi. A.Moruaning «Uch Dyuma», «Prometey yoxud Balzak hayoti» yoki Yan. Parandovskiy, S.Tsveyg kabilarning ma’lum asarlarini shu siraga kiritish mumkin. Uchinchi shaklga biografiya chegarasida fikr yuritish ko‘zda tutilsa ham, asosiy urg’u badiiy talqinga qaratiladigan, muayyan ijodkor-shaxs hayoti asos qilib olingan biografik romanlar, biografik qissalar kiradi.
Xulosa qilib aytganda, biografik metodning shaklanishi va taraqqiyot jarayonlari jahon estetik tafakkuri tizimidagi qonuniy hodisa hisoblanadi. Shu sababli bu metod hozirgacha ma’lum ma’noda o‘z vazifasini o‘tab kelyapti. Unda, garchi sistemali bo‘lmasa ham, mavjud fanlar, oqimlar va qarashlarga doir elementlar mujassamlashgan. Shuningdek, biografik metod adabiyotshunoslik, tilshunoslik, falsafa, psixologiya, sotsiologiya, tarix, geografiya kabi fanlar negizida yuzaga kelgan qonuniyatlarni istifoda etishga asoslanadi. Ammo ushbu metod tom ma’noda samarali va universal bo‘lishi uchun sanalgan omillar mohiyatiga chuqurroq kirishi maqsadga muvofiqdir.

Foydalanilgan adabiyotlar



  1. Jahon adiblari adabiyo haqida.-T .: Ma’naviyat, 2010

  2. Karimov N. Cho‘lpon (ma’rifiy roman).-T. :Sharq, 2003

  3. Qosimov B.Uyg’ongan millat ma’rifati.-T .: Ma’naviyat, 2011

  4. Sarimsoqov B. Badiiylik asoslari va mezonlari Т,:Ma’naviyat, 2004

  5. Matyoqub Qo'shjonov. Saylanma. 2 jildlik. 1-jild. Adabiy portretlar. -T .: Adabiyot va san’at, 1982

  6. Ziyo.uz

Download 86.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling