Umuman, mamlakatimizda barqarorlik tufayli yangi davlatning asosi qurildi. Ular quyidagicha:
1. Xalqaro talablar darajasida, demokratiyaning barcha talablariga mos keladigan O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.
2. Teng saylov huquqi asosida vakillik hokimiyati tizimi shakllanishining demokratik mexanizmi vujudga keldi.
3. Mamlakatda qonun chiqaruvchi organ – Oliy Majlis va mahalliy vakillik organlari ko'ppartiyaviylik asosida saylanadigan bo'ldi.
4. Hokimiyat tarmoqlarining bo'linishining konstitutsiyaviy tamoyili qonun bilan mustahkamlanib, amalda qo'llanila boshladi.
5. Respublika va mahalliy hokimiyat organlarining vakolat va huquqlari doirasi aniq belgilandi.
6. Inson huquqlari va erkinliklari, xalqaro qabul qilingan me'yorlarga muvofiq qonunlar va Konstitutsiya bilan mustahkamlandi.
7. Respublikada siyosiy hayot plyuralizm, siyosiy tuzilmalar, mafkura va fikrlarning rang-barangligi asosida rivojlanmoqda. Ko'ppartiyali tizim yaratildi. Kasaba uyushmalari, fahriylar, yoshlar, xotin-qizlar va boshqa jamoat tashkilotlarining faoliyati qonun bilan mustahkamlandi.
8. O'z-o'zini boshqarish tizimi shakllandi.
Istiqlol yillarida O'zbekistonda demokratik, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati qurish yo'lida shunday yo'llarni bosib o'tdiki, bular bir necha o'n yilliklarga, hattoki, asrlarga tatigulik muvaffaqiyatlardir. Mazkur ko'lami katta bo'lgan o'zgarishlar xalqimizning o'ziga xos bo'lgan xususiyatlarini hisobga olib amalga oshirildi.
Milliy an'analar, udumlar, fe'l-atvor ham hisobga olindi. Ana shu islohotlar bosqichma-bosqich, mojarolarsiz, larzalarsiz amalga oshirilmoqda. Bular o'z navbatida ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta'minladi. Ammo bu jarayon juda sekinlik bilan, asta-asta muntazam rivojlanib boradi. Lekin bu holat o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi. Balki tinimsiz harakat, istiqbolini oldindan ko'rish, zarur tadbirlarni o'z vaqtida amalga oshirish orqali yuzaga keladi.
Mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy barqarorlik – demokratik jamiyat qurishning asosi hisoblanib, barcha islohotlarni ro'yobga chiqarishga xizmat qiladi. Mamlakatda barqarorlikni ta'minlash taraqqiyot garovidir. Shuning uchun yosh mamlakatimiz o'zining birinchi qadamini davlatimizda barqarorlikni mustahkamlashdan boshladi. Hech shubhasiz, u o'zining ijobiy natijalarini bera boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |