Reja: Inson Inson huquqlari Inson erkinligi Inson, uning huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat. Inson
Download 27.72 Kb.
|
1 2
Bog'liqReja Inson Inson huquqlari Inson erkinligi Inson, uning huquqla
Reja: Inson Inson huquqlari Inson erkinligi Inson, uning huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat. Inson — falsafaning bosh mavzusi. Insonning yaralishi, mohiyati va jamiyatda tutgan o’rni falsafiy muammolar tizimida muhim o’rin tutadi. Turli falsafiy ta’limotlarda bu masalalar turlicha talqin etib kelingan. Shunday bo’lishi tabiiy ham edi, chunki inson mohiyatan ijtimoiy-tarixiy va madaniy mavjudot sifatida har bir yangi tarixiy sharoitda o’zligini chuqurroq anglashga, insoniy mohiyatini ro’yobga chiqarishga intilaveradi. Suqrotning «O’zligingni bil» degan hikmatli so’zi har bir tarixiy davrda yangicha ahamiyat kasb etadi. Insonda butun olam va jamiyatning mohiyati mujassamlashgandir. Ulug’ mutasavvuf Abdulxoliq G’ijduvoniy insonni «kichik olam» deb hisoblagan. Falsafada baxs yuritiladigan barcha masalalar inson muammosiga bevosita daxldordir. Umuman olganda, insonga daxldor bo’lmasa, unga foyda keltirmasa, jamiyatning og’irini engil qilmasa, unday fanning keragi bormikan? Shu ma’noda, inson, avvallo, o’zi uchun zarur bo’lgan fanlarni, ilmlar va bilimlar tizimini yaratgan. Tabiat, madaniyat, siyosat, tsivilizatsiya, bilish kabi masalalar inson manfaatlari va insoniy mohiyatning namoyon bo’lish shakllaridir. Ularning barchasi inson tabiati va mohiyati bilan bog’liqdir. Falsafa insonni olamning tarkibiy qismi sifatida o’rganadi. Inson shunday murakkab va ko’p qirrali mavjudotki, uning mohiyati yaxlit bir butunlik sifatida inson, shaxs, individ, individuallik tushunchalari orqali ifodalanadi. Bu tushunchalar bir-biriga yaqin va ma’nodosh bo’lsa ham, bir-biridan farqlanadi. Inson — o’zida biologik, ijtimoiy va psixik xususiyatlarni mujassamlashtirgan ongli mavjudot. Insonning biologic xususiyatlariga ovqatlanish, himoyalanish, zurriyot qoldirish, sharoitga moslashish kabilar xos. Inson boshqa mavjudotlardan sotsial xususiyatlari bilan ajralib turadi. Chunonchi, til, muomala, ramziy belgilar, bilim, ong, mahsulot ishlab chiqarish, taqsimlash, iste’mol qilish, boshqarish, o’z-o’zini idora etish, badiiy ijod, axloq, nutq, tafakkur, qadriyatlar, tabu (ruxsat va ta’qiqlash) shular jumlasidandir. Insonning psixik xususiyatlariga ruhiy kechinmalar, hayratlanish, g’am-tashvish, qayg’u, iztirob chekish, zavqlanish, kayfiyat kabilar kiradi. Inson shu xususiyatlari orqali yaxlit bir tizimni tashkil etadi. U yaxlit mavjudot sifatida o’z ehtiyojlarini qondiradi va insoniyat davomiyligini ta’minlaydi. Insonga xos bo’lgan biologik xususiyatlarni ijtimoiy xususiyatlardan ustun qo’yish yoki psixologik xususiyatlarni bo’rttirish uning mohiyatini buzib talqin etishga, bir yoqlamalikka olib keladi. Falsafa tarixida inson to’g’risidagi ta’limotlarda biologizm, sotsiologizm, psixologizm kabi yo’nalishlar vujudga kelgan. Biologizm insonning tabiiy-biologik xususiyatlariga, sotsiologizm insonning ijtimoiy xususiyatlariga, psixologizm esa, ma’naviy, ruhiy, psixologik xususiyatlariga bir yoqlama yondashishga asoslangan edi. Inson mohiyatini falsafiy jihatdan chuqurroq tahlil qilishda shaxs, individ, individuallik tushunchalarining mohiyatini bilish va ularni bir — biridan farqlash muhimdir. Shaxs o’zida sotsial sifatlarni mujassamlashtirgan insonni ifoda etadi. Kishilar shaxs bo’lib tug’ilmaydi, balki jamiyatdagina shaxs bo’lib shakllanadi va rivojlanadi. Chunki insonga xos ijtimoiy sifatlar, fazilatlar avloddan-avlodga irsiy yo’l bilan o’tmaydi. Inson dunyoga kelgan vaqtida jamiyat, siyosiy tuzum, madaniyat, ishlab chiqarish, oila, ommaviy axborot vositalari, mafkura kabi ijtimoiy tuzilmalar mavjud bo’ladi. Inson ta’lim-tarbiya, mehnat, muloqot jarayonida ijtimoiy tajriba, bilim, turli munosabatlar, axloqiy me’yorlar, siyosiy g’oya, milliy mafkura kabi omillar ta’sirida yashaydi, ularni o’zlashtiradi va shu jarayonda ijtimoiylashadi, ya’ni shaxs bo’lib shakllanadi. Natijada insonda yangicha fazilat va sifatlar paydo bo’ladi. U yaratuvchan mavjudot sifatida faoliyat ko’rsata boshlaydi. O’z-o’zini nazorat qilish, o’z-o’zini tarbiyalash, yuksak mas’uliyatni his etish, g’oya uchun kurashish, mustahkam e’tiqodga ega bo’lish, o’z fikr-mulohazalarini erkin bayon etish va ijtimoiy-siyosiy faollik shaxsga xos belgilardir. Shaxsning maqsad, g’oya va ideallari jamiyatdagi mavjud g’oya va mafkura bilan uzviy bog’liq ravishda shakllanadi. Milliy g’oya va mafkurani amalga oshirish, ezgu ideallar yo’lida hatto hayotini qurbon qilish shaxs hayotining bosh maqsadiga aylanadi. Shaxs mustahkam iymon-e’tiqod, g’oya va insoniy fazilatlarga ega bo’lgan, Vatan, millat tuyg’usi bilan yashaydigan, o’zida davr xususiyatlarini ifoda etadigan insondir. Jamiyat o’z taraqqiyoti davomida vujudga kelgan muammolarni hal etish uchun shaxsning muayyan tarixiy namunalarini yaratadi. Har bir o’zgargan tarixiy sharoitda shaxs mohiyatini va mazmunini yangicha tushunish zaruriyati vujudga keladi. Bugungi adabiyotlarda harizmatik, shuhratparastlik, tajovuzkorlik va boshqa shakldagi shaxslar timsoli aks ettirilmoqda. O’zbekistonda bozor munosabatlariga o’tish sharoitida fozil va barkamol inson shaxsini shakllantirish dolzarb vazifalardan biri bo’lib qoldi. Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar o’z oldiga anashunday shaxsni shakllantirishni maqsad qilib qo’ydi. Inson tarixning yaratuvchisi sifatida tabiat taraqqiyotidagi uzluksizlikni ta’minlaydi. U o’z bilimi, tajribasi va yutuqlarini kelgusi avlodlarga meros qilib qoldiradi; tabiat va jamiyatni qayta quradi va takomillashtiradi. Inson o’z aqli tufayli butun koinot, tabiat taraqqiyotida buyuk yaratuvchi kuch sifatida namoyon bo’ladi, o’z tarixini yaratadi, uni avaylab-asraydi. Inson faoliyati va tajribalari jamiyatning takomillashuvi va kishilarning har tomonlama kamol topishi uchun manba bo’lib xizmat qiladi. Tabiat va jamiyatdagi o’rni va ahamiyati, yaratuvchilik mohiyati, oliy mavjudot ekani, vorislikning davomiyligini ta’minlashi barcha ijobiy va foydali yutuqlarni saqlashi va targ’ib etishi kabi xususiyati va qobiliyati tufayli inson muqaddas va tabarruk qadriyat hisoblanadi. Antropologiya insondagi insoniylikning namoyon bo’lishi va rivojlanishini ruh bilan bog’laydi. Ayrim tadqiqotchilar insonga xos bo’lgan biror-bir xususiyatga alohida urg’u bergan va shu orqali insoniy mohiyatni ochib berishga harakat qilgan. Masalan, I. Kant insondagi axloqiy jihatlarga ko’proq e’tibor bergan va uni ezgulikni yovuzlikdan farqlovchi mavjudot sifatida ta’riflagan. Vladimir Solovev insonning boshqa mavjudotlardan farqini uyalish, achinish va oliy kuchlarga sig’inish kabi xususiyatlarda, deb bilgan. Uning fikricha, inson o’zining tuban mayllari va gunohlaridan uyalish qobiliyatiga ega. Faqat odamlarga emas, balki butun tirik jonga achinish va muqaddas kuchlarga sig’inish insongagina xos. Inson tabiati — g’oyat murakkab. Unda hayvoniy va ilohiy sifatlar mujassamlashgan. Lekin u — hayvon ham, farishta ham emas. Insoniy ruh va ma’naviyat uni boshqa mavjudotlardan yuqori darajaga ko’taradi. Insonni o’rganadigan fan — antropologiya deb yuritiladi. Antropologiya inson mohiyatini, uning tabiat va jamiyatdagi o’rnini, o’ziga xos xususiyatlarini o’rganish bilan shug’ullanadi. Antropologiyada inson mohiyatini to’laroq ochish uchun «men», «ong», «shaxs», «ruh» tushunchalari qo’llanadi. «Men» — insonning o’zligini tashqi olamdan, real borliqdan farqlashidir. «Men» ong tufayligina o’zini boshqa borliqdan farqlaydi. Boshqa narsalar insonga begona voqelik bo’lib tuyuladi. Shaxs insonning mustaqilligini ifoda etadi. Inson o’z hayoti davomida tana va ruh ehtiyojlarini qondirishga intiladi. Tana ehtiyojlarini qondirish inson borlig’ining birlamchi sharti hisoblanadi. Biroq hayotning ma’nosi faqat moddiy ne’matlardan bahramand bo’lish, tanparastlik, lazzatlanish, boylikka ruju qo’yishdan iborat emas. Inson ruhi ham o’ziga xos oziqqa ehtiyoj sezadi. Shu bois unda ma’rifatparvarlik, odamiylik, odillik, rahm-shafqat, diyonat, vijdon, olihimmatlik, vatanparvarlik kabi ma’naviy fazilatlar shakllanadi. Yuksak ma’naviyat insonni ruhan poklaydi, iymon-e’tiqodini mustahkamlaydi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar insonni ma’naviy-ruhiy jihatdan kamol toptirishga qaratilgandir. Insonning ma’naviy ehtiyojlarini uning tabiiy-moddiy manfaatlaridan ajratish, unga faqat ilohiy mavjudot sifatida qarash ham biryoqlamalikka olib kelishi, etilgan ijtimoiy muammolar mohiyatini to’g’ri tushunishga xalaqit berishi mumkin. Mamlakatimizda shakllanayotgan milliy g’oya va milliy mafkura insonga biryoqlama qarashlarga zid ravishda, undagi moddiylik va ma’naviylikni uyg’unlashtirishni taqozo etadi. Bozor iqtisodiyoti kishilarning farovon, boy — badavlat, mulkdor, barcha qulayliklarga ega bo’lishini inkor etmaydi. Aksincha, ularni tadbirkor, uddaburon va mehnatsevar bo’lishga rag’batlantiradi. Yuksak ma’naviyatgina inson ehtiyojlarini oqilona qondirishga, ijtimoiy adolat o’rnatib, saxiy va olihimmat bo’lishga undaydi. Antropologiya insonning ma’naviy olamiga chuqurroq kirib borish orqali olam mohiyatini bilish mumkin, degan g’oyani ilgari suradi. Islom Karimov ta’rifiga ko’ra, ma’naviyat (ruh) insonni axloqan poklaydigan, iymon-e’tiqodini mustahkamlaydigan, ezgulikka undaydigan botiniy kuchdir. Yuksak ma’naviyatda haqiqiy insoniy mohiyat mujassamdir. Insonning olijanob fazilatlari etuk shaxslar timsolida o’z aksini topadi. Insonga xos bo’lgan barcha xususiyatlar shaxs faoliyatida, uning jamiyatda tutgan o’rnida, uning o’z moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishida, muayyan mafkurani amalga oshirishida yaqqol ko’rinadi. Baxsning shakllanishi va rivojlanishida tarixiy shart-sharoit, ayniqsa, g’oya va mafkura muhim o’rin tutadi. Bozor munosabatlariga o’tish davrida vujudga kelgan muammo va vazifalar yangi barkamol insonni voyaga etkazishni taqozo etdi. Unga xos fazilat va sifatlar Prezident Islom Karimov asarlarida asoslab berilgan. Bozor iqtisodiyoti inson ehtiyojlarini to’laroq qondirish, uning qobiliyati, ijtimoiy faolligini yanada kuchaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Bular quyidagilardir: - mehnatni tashkil etish usul va shakllarining o’zgarganligi; - mehnatga yangicha munosabatni rag’batlantirishga yordam beruvchi omillar; - o’z qobiliyati, qiziqishlariga mos bo’lgan faoliyat turlarini tanlash imkoniyatining yaratilganligi; - shaxs tadbirkorligi va ishbilarmonligining qo’llab-quvvatlanishi; - turli mulk shakllarining vujudga kelganligi; - shaxs erki va huquqlarining kengayganligi; - davlat va jamoat ishlarida qatnashish imkoniyatlarining yaratilganligi; - demokratik qadriyatlar rivoji; - ma’naviy meros va madaniyat yutuqlaridan erkin foydalanish imkoniyatining yaratilganligi kabilardir. Ular shaxsning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishda, uning komil inson sifatida rivojlanishida muhim ahamiyatga egadir. Mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson manfaatlari, uning ezgu maqsadlari ro’yobga chiqishini ta’minlashga, uning barkamol sifatlar kasb etishiga qaratilgandir. Shaxs islohot natijalaridan bahramand bo’luvchigina emas, balki ularni sobitqadamlik bilan amalga oshiruvchi kuch sifatida ham yangilanish jarayonida o’zgaradi, yuksaladi, qadr-qimmat topadi va e’zozlanadi. Insonning jamiyatidagi o’rni, qadr-qimmati borasida milliy istiqlol o’z oldiga quydagilarni maqsad va vazifa qilib qo’yadi: - insonning qadr-qimmatini joyiga qo’yish; - inson uchun baxtli hayot sharoitlarini yaratish; - insonning o’zligini anglashi, ijtimoiy burch va vazifalarini ado etishi, sog’lom avlodlar uzluksizligini ta’minlashi, kelgusi avlodlarga yaxshi xotiralar qoldirishi va iymon-e’tiqodi butun bo’lishi uchun qulay sharoitlar yaratish. Bunday imkoniyatlarni amalga oshirishga xalaqit beradigan nuqsonlar ham inson tabiati bilan bog’liqdir. Hozirga qadar inson to’g’risidagi falsafiy ta’limot va qarashlarda, asosan, uning ijobiy xususiyatlariga, yaratuvchanligiga ko’proq e’tibor berib kelindi. Keyingi vaqtlarda inson borlig’ining salbiy jihatlari ham tahlil qilina boshlandi. Mustaqillik yillarida inson tabiatini chuqurroq o’rganish va undagi salbiy mayllarni bartaraf etishga yordam beradigan falsafiy qarashlarga ehtiyoj vujudga keldi. Shuni ta’kidlash joizki, ayrim kishilar millat, Vatan, xalq manfaatlariga zid ravishda jamiyatdagi mavjud qonun-qoida va me’yorlarni poymol etib, ko’proq g’arazli maqsadlarini amalga oshirishga va turli ixtiloflarni keltirib chiqarishga harakat qiladi. Shunday niyatlar yo’lida hatto jinoiy guruhlarga birlashadilar, jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan davlat dasturlarini amalga oshirishga to’sqinlik qiladilar. Shuningdek, ular milliy totuvlik, tinchlik va barqarorlikka raxna soladi, ma’naviy-axloqiy muhitni buzadi, kishilarning ijtimoiy adolatga bo’lgan ishonchini susaytiradi, barkamol insonni voyaga etkazishga qarshilik ko’rsatadi. Ular turli ziddiyatlarni keltirib chiqaruvchi firibgarlar, hokimiyatga intiluvchi ekstremistlar, korruptsiya va jinoyatchilik olami vakillari, giyohvand, poraxo’r, terrorchi va shuhratparastlar kabi jamiyat uchun noxush odamlardir. Insonni falsafiy bilish va tahlil etishda ana shunday kishilar mavjudligini e’tiborga olish muhimdir. Demokratik jamiyat inson huquqlarini ta’minlashni o’z oldiga maqsad qilib qo’yar ekan, bunday kishilarni tarbiyalashga, ularni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etishga, kishilar ongida milliy manfaat va ijtimoiy qadriyatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor beradi. Download 27.72 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling