Reja: Inson xotira bilan yashaydi Mamlakatimizda "Xotira va Qadrlash" kuni


Download 18.14 Kb.
Sana15.01.2023
Hajmi18.14 Kb.
#1093898
Bog'liq
Ajdotlar xotirasi muqaddas

Mavzu: “Ajdodlar xotirasi muqaddas”


Reja: 1. Inson xotira bilan yashaydi 
2. Mamlakatimizda “Xotira va Qadrlash” kuni
3. Xulosa
Inson xotira bilan yashaydi. 
Zero, xotira xayolan moziyga nazar tashlab, tarix sahifalarini varaqlashga, ona-Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz ozodligi yo‘lida jonini fido etgan asl farzandlarni, jasur siymolarni eslashga, o‘tmishdan xulosa chiqarib, tinch-osoyishta hayotimizning qadriga yetib, barqarorlikni ardoqlab umr kechirishga turtki beradi.
Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ezgu an’ana hamda urf-odatlarimizga hamohangligi bilan yanada ahamiyatlidir. Binobarin, xalqimizda o‘tganlar ruhini shod etish, qariyalarni e’zozlashga muqaddas burch sifatida qaraladi. Ajdodlarni xotirlash, ezgu ishlarini yodga olish, qolaversa, bu yorug‘ dunyoda umrguzaronlik qilib, keksalik gashtini surayotgan faxriylarimizni ardoqlash, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan, ma’naviy dunyosida chuqur ildiz otgan qadriyatlardan hisoblanadi. Ushbu olijanob fazilatlar mustaqillik yil-larida davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. 1999 yildan boshlab 9 may mamlakatimizda Xotira va Qadrlash kuni sifatida keng nishonlanib kelinayotgani buning yaqqol tasdig‘idir. 
Ezgulik va insoniylikka yo‘g‘rilgan ushbu umumxalq bayramimiz mustaqil O‘zbekistonda asrlar davomida o‘lkamizni qahramonona himoya qilgan, uning erkinligi, mustaqilligi va xalqining tinchligi uchun kurashgan vatandoshlar xotirasiga bag‘ishlangan.
Bugungi kunda xalqimizning muqaddas ziyoratgohiga aylangan, poytaxtimizdagi Xotira maydonida o‘rnatilgan “Motamsaro ona” haykali esa mazkur sana nishonlanishining asl ruhini ifodalab turibdi. O‘tganlarni yodga olish, xotirlash, ularning oxirati obod bo‘lishini so‘rash aynan Motamsaro ona siymosi orqali namoyon bo‘lmoqda. Cheksiz qayg‘uga cho‘mgan onaizor timsolida jigarbandining tirik ekaniga, uning eson-omon o‘z bag‘riga qaytishiga umid qilib o‘tgan ming-minglab onalarning taqdiri, ularning sog‘inch va iztirob tuyg‘ulari aks etgan.
Xotira maydonida milliy uslubda bunyod qilingan peshayvonlardagi lavhalarda o‘sha mudhish urushda halok bo‘lgan barcha yurtdoshimizning nomi zarhal harflar bilan yozib qo‘yilgan. Bu ularning jasorati va matonatini ulug‘lash, urush fojialaridan saboq chiqarishga qaratilgan. 
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi boshlangan paytda O‘zbekiston aholisi 6,5 million kishiga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, shundan 1,5 million nafari, ya’ni qurol ko‘tarishga qurbi yetgan odamlar urushda qatnashgan. Ularning orasidan 500 mingdan ko‘prog‘i jang

maydonlarida halok bo‘lgani, yana qancha-qanchasi mayib-majruh bo‘lib qaytgani ayni haqiqat.


Xalqimizning fashizmga qarshi kurashi, frontlarda ko‘rsatgan jasorati, diyorimizda matonatli mehnat qilgani va berilgan yuz minglab qurbonlarni abadul-abad yodda tutish maqsadida har yili Xotira va Qadrlash kunini nishonlaymiz. Hozir ham oramizda urushdan omon qaytgan, front ortida mehnat qilgan nuroniylar bor. Hayotning butun og‘irliklarini o‘z yelkalarida ko‘tarib o‘tgan bu insonlar yangi avlodlarning minnatdorligiga sazovor bo‘lmoqdalar, desak, mubolag‘a emas. 
Zero, bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yoshi ulug‘ hamyurtlarimiz, urush va mehnat faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, e’zozlash, ijtimoiy himoyalash, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda ko‘plab sihatgohlar, shifoxonalar barpo etilayapti, mavjudlari kapital rekonstruksiya qilinib, ta’mirlanayotir. Tibbiyot maskanlari, poliklinikalar, Saxovat va Muruvvat uylarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zarur jihozlar hamda uskunalar, tibbiy vositalar bilan ta’minlashga doir keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu singari ezgu yumushlar bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash — odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.
Yoshi ulug‘ ham yurtlarimiz jamiyatimizda tinchlik-totuvlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat muhitini mustahkamlash, mahallalar faoliyatini yanada rivojlantirish, yoshlar ongi hamda qalbida vatanparvarlik, fidoyilik tuyg‘ularini mustahkam qaror toptirishda faol ishtirok etmoqda. Nuroniy otaxon va onaxonlarimizning ibratli hayot yo‘li, turli jabhalardagi fidokorona faoliyati yosh avlodni ona-Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, umrboqiy an’ana hamda qadriyatlarimizga hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega bo‘l-moqda.
Eng asosiysi, yurtimizda tinchlik hamda osoyishtalik barobarida, inson xotirasi va qadrining shunday yuksak darajada ulug‘lanayotgani farzandlarimiz uchun tengsiz saboq hamda munosib ibratdir. Bularning barchasi O‘zbekiston istiqlol yillarida tom ma’noda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati ulug‘lanayotgan davlat ekanligini ko‘rsatadi. 
Download 18.14 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling