Reja: Iqtisodiyot deganda nimani tushunamiz?
Mikroiqtisodiyot va makroiqtisodiyot
Download 281 Kb.
|
1443846307 61525
3. Mikroiqtisodiyot va makroiqtisodiyot
H ar qanday jamiyatdagi kishilarning asosiy maqsadi o`zining turmush sharoitini yaxshilash, erkin va farovon hayot kechirishidan iborat. Ularning ana shu maqsadga erishish yo`lidagi barcha xatti-harakatlari insoniyatning cheklangan imkoniyatlari doirasida amalga oshadi. Kishilarning aqliy va jismoniy qobiliyati, u yoki bu vazifalarni bajarishga ajrata oladigan vaqti, mehnat qilish uchun zarur bo`lgan vositalari ham cheklangandir. To`g`ri, ilm-fan taraqqiyoti natijasida mavjud imkoniyatlar mislsiz darajada kengaydi. Bundan yuz yillar oldin kishilar uchun afsona hisoblangan orzular endilikda real haqiqatga aylandi va bundan keyin ham cheklangan imkoniyatlar doirasi kengayib borishi muqarrar. Lekin shunday bo`lsa ham, hozirda va kelgusida kishilarning farovon turmush darajasini belgilovchi mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur bo`lgan resurslarning cheklanganligi asosiy muammo bo`lib qolaveradi. Chunki resurslar cheklanmaganda edi, ularni taqsimlashga, tejashga, ulardan unumli foydalanishga zaruriyat bo`lmas edi. Jamiyat va undagi har bir shaxsning asosiy vazifasi cheklangan resurslardan oqilona foydalanishni ta`minlaydigan yo`nalishlarni tanlash va maksimum natijalarga erishishdan iborat. Ana shu maqsadga erishish uchun mehnatga layoqatli kishilar muayyan jamoalar (korxona, kompaniya, firma, shirkat, aktsiyadorlik jamiyatlari, kooperativ va h.k.)ga birlashadilar va hamkorlikda faoliyat yuritib, tovarlar ishlab chiqaradilar va xizmatlar ko`rsatadilar. Shunday tarzda iqtisodiyotning quyi bo`g`inlari paydo bo`ladi va ular xo`jalik yurituvchi sub`ektlar deb ataladi. Ana shu sub`ektlar faoliyatini o`rganuvchi fanni "Mikroiqtisodiyot" deb yuritiladi. Xo`jalik yurituvchi sub`ektlar cheklangan imkoniyatlar doirasida o`z faoliyatlarini boshlar ekanlar, quyidagi uchta asosiy vazifani hal qilishlariga to`g`ri keladi: 1.Nimani, ya`ni qanday tovarlar ishlab chiqarish (yoki xizmat ko`rsatish)ni tashkil qilish kerak va qancha miqdorda; 2.Qanday texnologik jihozlar va usullar yordamida faoliyat ko`rsatish ma`qul; 3.Kim uchun, ya`ni qaysi iste`molchilarga zarur bo`lgan mahsulotlar ishlab chiqarish kerak va ularning mazkur mahsulotlar sifatiga bo`lgan talabi qanday. Mana shu savollarga javoblar topish har qanday tadbirkorlikning asosini va mikroiqtisodiyot fanining predmetini tashkil etadi. Shu bilan birgalikda "Mikroiqtisodiyot" fani keng qamrovli fan bo`lib, u xo`jalik yurituvchi sub`ektlar (korxonalar, firmalar, shirkatlar va h.k) darajasida ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish, ishchilar, xizmatchilar va muhandis xodimlar mehnatini tashkil qilish va ular mehnatiga haq to`lashning eng oqilona shakli va tizimlarini joriy qilish, mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot va xizmatlar sifatini muttasil yaxshilab borish kabi vazifalarni ham o`rganadi. Ishlab chiqarish - xo`jalik vazifalarini hal etishning bir necha, hatto, o`nlab yo`llari mavjud. Lekin ana shu yo`llar (yoki usullar)dan faqat bittasigina eng maqbul bo`lib, uni iqtisodchilar, odatda, optimal variant deb yuritishadi. "Mikroiqtisodiyot" fanining asosiy vazifasi xo`jalik yurituvchi sub`ektlar oldiga qo`yilgan maqsadga erishish uchun hal etilishi lozim bo`lgan vazifalarning eng maqbul, optimal echimini topishdir, desa bo`ladi. Xo`jalik yurituvchi sub`ektlar mavjud imkoniyatlar doirasidan chiqishi mumkinmi? Masalan, hozirgidan ko`proq va sifatliroq mahsulot ishlab chiqarish uchun nima qilmoq kerak, degan savolga mikroiqtisodiyot fani quyidagicha javob beradi. Ha, albatta mumkin. Buning uchun yangi resurslarni jalb qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish lozim. Bugungi kunda korxona (firma)da ishlab chiqarilayotgan mahsulot yoki ko`rsatilayotgan xizmat hajmini ko`paytirgan ma`qulmi yoki oldingi hajmlarni saqlab qolish kerakmi? Bu savolga ham mikroiqtisodiyot fani, aniqrog`i, shu fan buyicha mutaxassis-iqtisodchilar javob beradi. Javob konkret mahsulot yoki xizmatga iste`molchilarning ehtiyojidan kelib chiqib topiladi. Biron-bir tovar ishlab chiqarish yoki xizmat ko`rsatishni tashkil qilish uchun qanday moddiy-texnikaviy, moliyaviy va mehnat resurslarini qaerdan jalb qilish kerak va buning uchun sarflangan mablag`lar qancha vaqtdan keyin o`zini qoplaydi, degan savol ham konkret tadqiqotlar va hisob-kitoblar orqali o`z javobini topadi. Bu javobni ham mikroiqtisodiyot bo`yicha mutaxassislar topa oladi. Shunday qilib, mikroiqtisodiyot mamlakat xalq xo`jaligining asosiy bo`g`ini bo`lgan, mamlakat milliy boyligini ko`paytirishga xizmat qiladigan, xalq xo`jaligi uchun zarur bo`lgan turli-tuman tovarlar ishlab chiqaradigan korxonalar, firmalar, assotsiatsiyalar va shu kabi boshqa xo`jalik yurituvchi sub`ektlar iqtisodiyotini cheklangan imkoniyatlar doirasida, talab va taklif asosida tashkil etishning asosiy qonuniyatlarini o`rganuvchi fan bo`lganligi uchun u jamiyatdagi mavjud iqtisodiy muammolarni hal etishda muhim rolь o`ynaydi. M akroiqtisodiyot butun xalq xo`jaligi yoki uning tarmoqlaridagi iqtisodiy qonuniyatlarni, davlat va nodavlat sektorlarining iqtisodiy faoliyatini, mamlakat ahamiyatiga molik bo`lgan milliy daromad, iqtisodiy yuksalish, umumiy baho tizimi, inflyatsiya, ish bilan ta`minlash, umumiy daromadlar va xarajatlar kabi masalalarni o`rgansa, Mikroiqtisodiyot alohida olingan korxona (firma) faoliyatini keng miqyosda tahlil etish asosida tegishli xulosalar chiqarib, eng maqbul qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi. Bunda tahlil uchun ayrim korxonalar (sub`ektlar) olinib, ulardagi daromadlar va xarajatlar, ishchilarning soni va ularning ish bilan ta`minlanganligi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar miqdori, ularning bahosi va shu kabi qator boshqa iqtisodiy ko`rsatkichlari tahlil etilib, tegishli qarorlar qabul qilinadi. Obrazli qilib aytadigan bo`lsak, makroiqtisodiyot birorta shaharning butun faoliyatini, undagi voqea va hodisalarni yuqoridan turib o`rgansa, mikroiqtisodiyot shu shahardagi har bir korxona va tashkilot faoliyatini, ulardagi voqealar va hodisalarni yaqindan turib o`rganadi. Bozor iqtisodiyotining o`ziga xos xususiyatlaridan biri davlat korxonalari bilan birga tadbirkorlik tamoyili asosida tashkil etilgan korxona (firma) larning faoliyat yurgizishidir. Mikroiqtisodiyotning asosiy axborot manbai bo`lib ana shu turli korxona (firma)lar hamda shaxsiy xo`jaliklar faoliyati to`g`risidagi ma`lumotlar hisoblanadi. Mikroiqtisodiyot ular faoliyatini tahlil etishda, xulosalar chiqarishda, zarur bo`lgan qarorlar qabul qilishda turli usullardan foydalanadi. Bu usullarning eng asosiysi "bilishning dialektik metodi" deb yuritiluvchi usuldir. Uni qisqaroq qilib, "dialektika usuli" deb ham yuritiladi. Dialektika usuli barcha hodisa va voqealarni doimiy taraqqiyotda va o`zaro aloqadorlikda o`rganish zarurligini bildiradi. Bunda analiz, sintez, induktsiya va deduktsiya usullaridan foydalaniladi. Analiz, ya`ni tahlil usulidan foydalanishda hodisalarni mayda bo`laklarga ajratib, ularni tadqiq etilsa, sintez usulida hodisalarning mayda elementlarini birlashtirish asosida yagona xulosaga kelinadi. Induktsiya usulida ayrim dalillar asosida umumiy xulosa qilinsa, deduktsiya usulida umumiy qoidalar asosida ayrim xulosalar qilinadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida faoliyat yuritadigan har bir iqtisodchi, har bir tadbirkor kishi bu usullardan foydalanmasdan iloji yo`q. Chunki u o`z korxonasidan yoki shaxsiy xo`jaligidan oladigan daromadini oshirish uchun doimo kuzatuv olib borishi, zarur bo`lgan faktlar, dalillarni to`plashi va ularning tahlili asosida yagona xulosaga kelib, qaror qabul qilishi lozim bo`ladi. Qabul qilingan qarorni amalga oshirish uchun mazkur qarorni qismlarga bo`lib, tadbirlar belgilashi va ularni bajarish choralarini ishlab chiqishi kerak. Yuqorida ko`rib o`tilgan usullardan faqatgina korxona (firma) iqtisodchilari, tadbirkorlargina emas, balki davlat ham o`z iqtisodiy siyosatini belgilashda keng foydalanadi. Boshqacha qilib aytganda, iqtisodiy tahlillar asosida iqtisodiy kontseptsiya (yondashuvlar) vujudga keladi. Ular o`z navbatida davlatning iqtisodiy siyosati yo`nalishlarini belgilashda muhim rolь o`ynaydi. Kezi kelganda shuni ham aytib o`tish joizki, "makro" deganda "katta", "mikro" deganda esa "kichik" degan ma`no tushuniladi. Demak, makroiqtisodiyot katta iqtisodiyot, ya`ni mamlakatlar iqtisodiyoti, uning ayrim sektorlari (davlat sektori, xususiy sektor) va tarmoqlari (sanoat, qishloq xo`jaligi, qurilish va h.k.) iqtisodiyoti tushuniladi. Mikroiqtisodiyot deganda esa kichik iqtisodiyot, ya`ni yuqorida aytib o`tilganidek, alohida korxona yoki firma, kompaniya yoki shirkatning iqtisodiy faoliyatini o`rganuvchi fanni tushunmoq kerak. Iqtisodiy bilimlar majmuasining ikki yo`nalishi bo`lgan makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot bizga bozor munosabatlariga o`tish natijasida kirib kelgan tushunchalar bo`lsa-da, ularni biz uchun mutlaqo yangi tushunchalar deb bo`lmaydi. Ilgari bizda xalq xo`jaligi iqtisodiyoti, xalq xo`jaligini rejalashtirish, iqtisodiyotni boshqarish deb aytiluvchi fanlarni endilikda zamonaviy tilda qisqa qilib makroiqtisodiyot deb aytilmoqda. Korxonalar iqtisodiyoti, ishlab chiqarishni tashkil qilish va boshqarish deb atalgan fanlar esa hozirgi zamon talablariga binoan mikroiqtisodiyot deb yuritilmoqda. Shu bilan birgalikda makroiqtisodiyot ham, mikroiqtisodiyot ham bozor iqtisodiyoti tizimiga xos bo`lgan ilmiy qarashlar va yondashuvlarga asoslanganini alohida ta`kidlab o`tish joizdir. Avvallari, masalan, ishlab chiqarishning maqsadi - ijtimoiy ehtiyojlarni qondirishdan iborat, degan mavhum (abstrakt) tushuncha hukmronlik qilib, korxonada nimani va qancha miqdorda ishlab chiqarish va mahsulotni qaysi iste`molchiga yuborish yuqoridan, ya`ni markazdan belgilab berilgan bo`lsa, endilikda ahvol mutlaqo boshqacha. Bozor iqtisodiyotining asosiy tamoyili har qanday tovar ishlab chiqarish yoki xizmat ko`rsatishni tashkil etishda konkret iste`molchilarning shu tovar yoki xizmatga bo`lgan talabini e`tiborga olishdir. "Mikroiqtisodiyot"ning fan sifatida o`ziga xos xususiyati-uning keng qamrovliligi va ko`p tarmoqliligidir. Masalan, korxona, firma, shirkat yoki aktsiyadorlik jamiyati darajasida ularning moliyaviy muammolari bilan mikromoliya mutaxassislari shug`ullanadi. Korxonada ishlab chiqarilgan tovarning reklamasi va uni sotish bilan bog`liq masalalar marketing sohasining vakolatiga kiradi. Korxonada ishlab chiqarishni tashkil etish va uni boshqarish menejment deb ataluvchi sohaning masalalaridir. Bular haqida keyingi sahifalarida batafsilroq to`xtalib o`tamiz. Download 281 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling