2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, vazirlik va idoralar rahbarlari Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar boʻladilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining quyidagilar toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin:
2019 yil 1 apreldan boshlab respublikaning 3-ilovaga muvofiq ayrim tumanlarida tibbiyot muassasalarini “har bir davolangan holat” uchun klinik-xarajat guruhlari boʻyicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimini (keyingi oʻrinlarda – moliyalashtirishning yangi mexanizmlari) eksperiment tartibida joriy etish;
eksperiment natijalarini tanqidiy tahlil qilish asosida moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini 2020 yil 1 apreldan boshlab respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tatbiq etish;
2019 yil 1 iyuldan boshlab viloyat va tuman (shahar) darajasidagi statsionar sogʻliqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish tizimini joriy etish, bunda kafolatlangan bepul tibbiy xizmat hajmiga kirmaydigan davolash turlari pullik asosda amalga oshiriladi;
2019 yil 1 iyuldan boshlab ayrim davolash-profilaktika muassasalarini ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari (keyingi oʻrinlarda – investitsiya loyihalari) asosida belgilangan tartibda investorlarga ishonchli boshqaruvga berish;
2021 yil 1 yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida majburiy tibbiy sugʻurtalashni bosqichma-bosqich joriy etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik):
a) Moliya vazirligi, Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar quyidagilarni nazarda tutadigan“Majburiy tibbiy sugʻurtalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin:
majburiy tibbiy sugʻurtalashning huquqiy asoslari, mexanizmlari
va joriy etish bosqichlari;
majburiy tibbiy sugʻurtalash subyektlarini, ushbu sohadagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish boʻyicha vakolatli organni, ularning huquq va majburiyatlarini belgilash;
majburiy tibbiy sugʻurtalash dasturlarini moliyalashtirish mablagʻlarini shakllantirish manbalari;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmonni amalga oshirishda texnik koʻmakni taʼminlash, shu jumladan, majburiy tibbiy sugʻurtalashni joriy etish boʻyicha tadbirlarni texnik-iqtisodiy asoslashni amalga oshirish uchun Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni tashkil etish choralarini koʻrsin.
5. Sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha ishchi komissiya (keyingi oʻrinlarda – Ishchi komissiya) tashkil etilsin va uning tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi komissiyaning asosiy vazifalari etib Konsepsiyani amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda sifatli ishlab chiqish va kiritish hamda amaliy choralar koʻrilishini tashkil qilish belgilansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |