Respublikasi oliy va o‘rta
Download 1.87 Mb.
|
П IQTISODIYOT NAZARIYASI darslik PdfToWord
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ratsionalistik konsepsiya pulning kelib chiqishini kishilar o‘rtasidagi bitim, kelishuv natijasi sifatida izohlaydi.
- Pul kelib chiqishining evolyusion konsepsiyasiga ko‘ra ular ijtimoiy mehnat taqsimoti, tovar ishlab chiqarish
- 4.3-rasm.
Pulning kelib chiqishi, mazmuni, vazifalari va bozor iqtisodiyotidagi roli
Pul uzoq zamonlardan beri odamlarga ma’lum. Pulning kelib chiqishi turli nazariyotchilar tomonidan tovar ayirboshlash jarayonining rivojlanishi bilan bog‘liq holda tushuntiriladi. Pulning vujudga kelishi va mohiyatining turli ilmiy konsepsiyalari mavjud bo‘lib, ular orasida ratsionalistik va evolyusion konsepsiyalar muhim o‘rin tutadi. Ratsionalistik konsepsiya pulning kelib chiqishini kishilar o‘rtasidagi bitim, kelishuv natijasi sifatida izohlaydi. Bu holat ularning tovarlarni ayirboshlash chog‘ida qiymatlarning harakatlanishi uchun maxsus vositalar zarurligiga amin bo‘lishiga asoslanadi. Pulning o‘zaro kelishuv sifatida amal qilishi to‘g‘risidagi mazkur g‘oya XVIII asrning oxirlarigacha hukm surdi. Pulning kelib chiqishiga subyektiv psixologik yondashuv ko‘plab hozirgi zamon xorijiy iqtisodchilarning qarashlarida ham uchrab turadi. Ularning fikricha, pul kategoriyasi obyektiv iqtisodiy kategoriya bo‘lmay, kishilar kelishuviga yoki davlatning xohishiga bog‘liq bo‘lgan yuzaki, subyektiv kategoriyadir. Ularning bu konsepsiyasiga ishonib bo‘lmaydi. Pul kelib chiqishining evolyusion konsepsiyasiga ko‘ra ular ijtimoiy mehnat taqsimoti, tovar ishlab chiqarish va ayirboshlashning rivojlanishi natijasida vujudga kelgan. Qiymat shakllari va ayirboshlash rivojlanishining tarixiy jarayonini tadqiq qilish orqali tovarlar umumiy olami ichidan pul rolini bajaruvchi alohida tovarning ajralib chiqishini tushunish mumkin. Bir tovarning qiymati uni boshqa bir tovarga ayirboshlash orqali aniqlanadi (T-T). Bir qarashda ayirboshlash bitimida har ikkala tovar ham bir xil rol o‘ynaydigandek ko‘rinadi. Aslida esa ularning roli turlichadir. Bir tovar o‘z qiymatini boshqa tovarga nisbatan ifodalaydi. Ikkinchi tovar esa birinchi tovarning qiymatini o‘zida ifodalab, ekvivalent rolini bajaradi, ya’ni qiymatning ekvivalent shaklini tashkil etadi. Xuddi mana shu yerda pulning dastlabki kurtagi paydo bo‘ladi. Pulning paydo bo‘lishi va rivojlanishida qiymat shakllarining rivojlanish bosqichlarini bilish muhim o‘rin tutadi. Umuman olganda, qiymatning oddiy yoki tasodifiy, muntazam, kengaytirilgan, umumiy va pul shakllari mavjud. Ayirboshlash jarayonining tarixan uzoq davom etgan davri mobaynida turli tovarlar umumiy ekvivalent rolini o‘ynagan. Masalan, ayrim joylarda chorva mollari, ayrim joylarda tuz, ayrim joylarda mo‘yna, nodir metallar (kumush, mis, oltin) va boshqalar. Ekvivalent rolini o‘ynovchi turli tovarlar ichidan ba’zi birlari o‘zining barcha tomonidan tan olinishi tufayli ajralib chiqa boshladi (masalan, nodir metallar). Chunki, ekvivalent rolini o‘ynovchi tovarlarning barchasi ham ayirboshlash jarayonida vositachilik vazifasini bir xilda muvaffaqiyatli bajara olmas edi. Natijada, barcha tovarlarning qiymatini bir xil tovar qiymati orqali taqqoslash mumkin bo‘lgan qiymatning umumiy shakli vujudga keldi. Tarix va arxeologiya fanilarining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, tovar-pul munosabatlari eng qadimdan paydo bo‘lgan va rivojlangan davlatlardan biri bizning mamlakatimiz hisoblanadi. Chunki bu yerda pul ishlatila boshlanganiga 2 ming yildan oshgan. Bunga misol qilib, hozirgi O‘zbekiston hududida yashagan xalqlar va qabilalar foydalangan dastlabki pul belgilari hamda tangalarni ko‘rsatish mumkin. Tarixchilarning tadqiqotlariga ko‘ra, eramizdan avvalgi V-IV acrlarda Axmoniylar imperiyasida zarb qilingan oltin dariklar va kumush sikllarni, eramizdan avvalgi III-II asrlar oxiriga borib, Shimoliy Baqtriya, So‘g‘d, Buxoro, Xorazmda kumush va suberatli (bronza ustiga yupqa kumush qoplangan) “o‘xshatma” tangalar zarb qilinganini aytish mumkin. Eramizdan avvalgi I asrda davlatning o‘z kumush va mis tangalari zarb qilina boshlandi. Tanganing old tomonida mahalliy xukmdor surati, orqa tomonidan – turli tasvirlar va belgilar, so‘g‘dcha va xorazmcha, keyinroq esa baqtriycha yozuvlar bo‘lgan. So‘g‘d va Xorazm davlatlarida eramizning birinchi yarmida kumush va mis qo‘llanilgan antik andozasining O‘rta Osiyoga xos turi saqlanib qolgan. O‘zbekiston bilan Turkmanistonning janubiy qismida yashagan ko‘chmanchi xalq - qabilalari barpo etgan ulkan Kushon imperiyasida pul tizimi kumushga emas, balki oltinga asoslanganini aytish mumkin. O‘sha davrda tangalar mamlakatning turli shaharlarida masalan, Samarqand, Buxoro, Mashxad, Balh, Nishopur, Saras va boshqa shaharlarda chiqarilgan. Bundan tashqari XVI-XVII asrlarda Abdullaxon va Shayboniyxonlar tomonidan o‘tkazilgan pul islohotida ham asosan oltin pulga asoslangan. Shayboniyxon Samarqandni zabt etgandan keyin, 1507 yilda pul islohotini o‘tkazgan. Shayboniyxon (1501-1610) va Abdullaxon (1583-1598) zarb etgan tangalar bizgacha etib kelgan. Abdullaxon davrida tanga (oltin va kumush) zarb qilish davlat poytaxti – Buxoroda markazlashtirilgan. 1695-1709 yillarda oltin tanga zarb qilish muntazam tus oldi. Tanga og‘irligi 4,8 gramm, sifat sofligi juda yuqori – 958 bo‘lgan1. Shayboniyxon va Abdullaxonlardan keyin 1695-1709 yillarda Joniylar davlati shakllanib oltin tanga zarb qilish muntazam yo‘lga qo‘yildi. Shunday qilib, pulning kelib chiqishi tarixida eng avvalo, umumiy ekvivalentlik rolini bajaruvchi bir nechta metallar (oltin, kumush, mis, bronza v.b.), keyinchalik esa bimitalizm ya’ni ikki xil metall pullar (kumush va oltin)dan oxirida esa monometal (oltindan) yasalgan tangalar muomalada bo‘lgan. Bizning mamlakatimizdan ancha keyin, XIX asrning oxirida mamlakatlar birin-ketin oltin valyutaga, ya’ni monometall tizimiga o‘ta boshladilar. Bu hol Avstriyada 1892, Yaponiyada 1897, Rossiyada 1898, AQShda esa 1900 yilda sodir bo‘ldi. Angliyada oltin pul tizimi XVII asrning oxirida, Germaniyada 1871 yilda, Gollandiyada 1877 yilda joriy etilgan edi. Umumiy ekvivalent rolining nodir metallarga, jumladan oltinga yuklatilish sabablari quyidagilar orqali izohlanadi: sifat jihatdan bir xil o‘lchamga keltirish mumkinligi; 1 Chjеn V.A Pul va moliya bozorlari. T.: 1996. 25-26-bеtlar. zanglamasligi va uzoq muddat saqlash mumkinligi; bo‘linuvchanligi va bo‘lgandan keyin yana yaxlit holga keltirish mumkinligi; bo‘linganda ham o‘z qiymatini saqlab qola olishi; tabiatda nisbatan kamyobligi; ozgina miqdordagi va og‘irlikdagi nodir metallning qiymati ancha yuqoriligi. Shu xususiyatlarga ko‘ra umumiy ekvivalent rolini o‘ynovchi ko‘plab tovarlar ichidan maxsus tovar – oltin pul ajralib chiqdi. Shunday qilib, pul – bu hamma tovarlarni sotish va sotib olish mumkin bo‘lgan, umumiy ekvivalent rolini o‘ynovchi maxsus tovardir. Endi tovarlar dunyosi ikkiga – bir tomondan, naflilikning ifodasi bo‘lgan tovarlarga va ikkinchi tomondan, qiymatning moddiylashgan ifodasi bo‘lgan pulga ajraladi: Tovarlar dunyosi Tovarlar PullarPulning iqtisodiy mazmunini bilishda uning asosiy nazariyalarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Umuman olganda, pulning metallistik, nominalisitik va miqdoriy nazariyalarini farqlash mumkin. Pulning kelib chiqishi va muomalada bo‘lishi metall pullar bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli dastlab pulning metallistik nazariyasi vujudga kelgan. Uning asosiy mohiyati pulni nodir metallar (oltin va kumush) bilan ayniylashtirish orqali namoyon bo‘lgan. Pulning metallistik nazariyasining rivojlanishida merkantilistik maktab namoyandalarining qarashlari muhim o‘rin tutadi. Ular pulning qadr-qimmatini oltin va kumushning tabiiy xossalarida deb bilib, uning tovar mazmunini tan olganlar. Biroq, pulni nodir metallar bilan ayniylashtirish ularning mohiyati va iqtisodiyotdagi roliga noto‘g‘ri baho berish hamda pul fetishizmining rivojlanishiga olib keldi. Pulning nominalistik nazariyasi tarafdorlari metallistik nazariyaga qarshi chiqib, pullarning tovar tabiati hamda ular ichki qiymatini zarurligining o‘zini inkor etadilar. Nominalistlar pulga shartli belgi sifatida qarab, ularning nodir metallar bilan aloqadorligini rad qiladilar. Nominalistik nazariya tarafdorlarining qarashlari o‘rta asrlarda to‘la qiymatga ega bo‘lmagan metall tangalarning muomalaga chiqarilishi bilan paydo bo‘ldi. Ba’zi bir namoyandalar pullar – davlat hokimiyatining mahsuli, shunga ko‘ra faqat davlatgina pullarning qiymatini belgilashi mumkin, degan fikrlarni ilgari surdilar. XX asrning boshlarida, oltin standartning tan olinmasligi, uning bekor qilinishi bilan, nominalistik nazariya yanada rivojlandi. Pulning miqdoriy nazariyasi – bu muomaladagi pul miqdori, tovar narxlari darajasi hamda pullarning qiymati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni izohlashga asoslangan iqtisodiy ta’limotdir. Uning mohiyati muomaladagi pul miqdori narxlar va pul qiymati darajasining mutanosib ravishda o‘zgarishining dastlabki sababidir, degan qoidadan iborat. Pulning mohiyatini to‘laroq tushunish uchun uning quyidagi asosiy vazifalarini ko‘rib chiqamiz: 1) qiymat o‘lchovi; 2) muomala vositasi; 3) boylik to‘plash vositasi; 4) to‘lov vositasi. Pulning qiymat o‘lchovi vazifasini ideal pul bajaradi. Tovar egasi yoki sotib oluvchi fikran ideal ravishda shu tovarning almashuv qiymatini pul bilan ifodalaydi. Tovarning narxi talab va taklif miqdori teng bo‘lgan taqdirdagina uning qiymatiga muvofiq keladi. Aks holda, narx qiymatdan farq qiladi. Demak, tovarlarning narxi ularning qiymati, pulning qiymati, talab va taklifning nisbati va boshqa omillarga bog‘liq. Tovar almashuv qiymatining pul bilan ifodalanishi uning narxini anglatadi. Tovarning almashuv qiymatini o‘lchash uchun muayyan miqdordagi pul materialini birlik qilib olish zarur. Bunday birlik narxlar o‘lchovi (masshtabi) deb ataladi. Bir tomondan narxlar o‘lchovi har qanday o‘lchov birligi kabi shartlidir. Ikkinchi tomondan esa, u muayyan mamlakatda hamma tomonidan e’tirof etilgan bo‘lishi kerak. Shuning uchun davlat pul birligi huquqini qonun bilan mustahkamlaydi, bu birlik shu tariqa rasmiy tan olinadi. Tovar muomalasi jarayonida naqd pul bo‘lishi kerak, chunki tovarlarni oldi- sotdi paytida ularning ramziy narxlari real pulga aylanmog‘i lozim. Bu jarayonda pul muomala vositasi vazifasini bajaradi. Dastlab tovarlarni ayirboshlashda pulning bevosita kumush yoki oltin quymalar shaklida mavjud bo‘lishi muomala vaqtida qiyinchiliklar tug‘dirgan: pul metallni o‘lchash uni mayda bo‘laklarga bo‘lish, sifatini belgilash zarur bo‘lgan. Keyinchalik metall quymalari o‘rniga moneta (metall tanga)lar ishlatila boshlagan. Uzluksiz muomalada bo‘lish natijasida oltin tangalar eyilib ketishi, o‘z vaznining bir qismini yo‘qotishi sababli muomalaga to‘la qiymatli bo‘lmagan qiymat belgilari chiqarilgan. Pul muomaladan chiqarilganda boylik to‘plash vazifasini bajara boshlaydi. Natural xo‘jalik sharoitida boylik to‘plash, jamg‘arish mahsulot jamg‘arish shaklida amalga oshirilgan. Tovar xo‘jaligining rivojlanishi boylik to‘plashning pul jamg‘arish shaklini keltirib chiqaradi. Tovar xo‘jaligi taraqqiyotining dastlabki davrlarida pul jamg‘arish uni muomaladan chiqarib olish yo‘li bilan amalga oshirilgan. Keyinchalik foyda ketidan quvish hukmron ahamiyat kasb etib, bo‘sh yotgan pul foyda keltirmasligi sababli pul egalari uni harakatga solishga, uni foydali joyda ishlatish yo‘lini topishga intildilar. Tovarlar nasiyaga to‘lov muddati kechiktirib sotilganda, pul to‘lov vositasi vazifasini bajaradi. Xaridorlar tovarning pulini to‘lov muddati kelgandan keyingina to‘laydi. Pulning bu vazifasi tovar muomalasi doirasi bilan cheklanmay, pul qarz berilganda, renta va soliqlarni to‘lashda ham to‘lov vositasi vazifasini bajaradi. Qog‘oz pullar, veksel va banknotlar – pulning to‘lov vositasi sifatidagi vazifasidan kelib chiqqan. Bugungi kunda zamonaviy, ya’ni qog‘oz-kredit pullarning iqtisodiy mazmuni va tabiati to‘g‘risida so‘z yuritilganda, Amerika, G‘arbiy Yevropa va Rossiyada chop etilgan iqtisodiy adabiyotlarning ko‘pchiligida qog‘oz pulning tovar emasligi qat’iy ta’kidlanadi. Bunda ayrim iqtisodchilar pulning tabiatini uning likvidligi, boshqa birlari esa uning dekret pul, ya’ni qonun tomonidan mustahkamlanganligi orqali belgilaydilar1. Klassiklar ham, miqdoriylik nazariyasi tarafdorlari ham pulning alohida tovar ekanligini va boshqa tovarlardan uning ana shu alohida xususiyati ajratib turishini tushunmaydilar. Bizning nazarimizda qog‘oz pullar ham alohida tovar bo‘lib, boshqa barcha tovarlarning qiymatini ifodalaydigan umumiy ekvivalent sifatida xizmat qiladi. Hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida bizning kundalik hayotimizda deyarli dunyoning hamma mamlakatlarida barcha valyuta ayirboshlash punktlarida pul savdosi sodir bo‘lib turibdi. Bu hodisa bir kunda bir marta emas million martalab sodir bo‘lmoqda. Mana shuning o‘zi qog‘oz pullarning tovar ekanligin isbotlaydi. Undan tashqari qog‘oz pullar ham boshqa tovarlar kabi ikki tomonlama xususiyatga ega: bir tomondan, umuman tovar sifatida boshqa tovarlar singari qiymatga ega bo‘lsa, ikkinchi tomondan, naflilikka, ya’ni iste’mol qiymatiga ega. Uning iste’mol qiymati umumiy ekvivalent sifatida boshqa istalgan tovarga almashuvchanligida ifodalanadi. To‘la qimmatli pullardan o‘z qiymatiga ega bo‘lmagan pul belgilarini qo‘llashga o‘tish hamda naqd pulsiz hisob-kitoblarning rivojlanishi natijasida qog‘oz pul oddiy tovarlarga xos bo‘lgan xususiyatlar – qiymat va iste’mol qiymatga ega bo‘lmaydi. Ammo u maxsus tovar sifatida oltin puldagi ikki xususiyatni – qiymat belgisi va rasmiy naflilikni saqlab qoladi. Qog‘oz pul umumiy ekvivalentlik vazifasini bajarganda, boshqa tovarlar qiymati bevosita qiymatga ega bo‘lgan tovar (oltin) bilan emas, balki qiymat belgisiga ega bo‘lgan vakolatli «tovar» bilan o‘lchanadi2 (4.3-rasm). Bozor iqtisodiyoti sharoitida pul faqatgina umumiy ekvivalent bo‘lib emas, balki o‘z egasining qo‘lida foyda, daromad olish vositasi bo‘lib xizmat qiladi, o‘zidan-o‘zi o‘suvchi qiymatga, bir so‘z bilan aytganda kapitalga aylanadi. Buning natijasida qog‘oz pullar ikkita tarkibiy qismga ajraladi: naqd pullar (qog‘oz pul, 1 Qаралсин: Экономическая теория: Учебник. - Изд., испр. и доп. / Под общ. ред. акад. В.И.Видяпина, А.И.Добрынина, Г.П.Журавлевой, Л.С.Тарасевича. – М.: ИНФРА-М, 2005, 163-б.; Экономическая теория: Учебник./ Под ред. А.Г.Грязновой, Т.В.Чечелевой. – М.: Издательство «Экзамен», 2004, 189-191-б.; Курс экономической теории. Учебное пособие под ред. Чепурина М.Н., Киселевой Е.А. Киров, изд-во «АСА», 1995, c. 96. 2 Yusupov R.A. Bozor munosabatlariga o‘tish jarayonida milliy valyuta barqarorligini ta'minlashning nazariy asoslari. I.f.n. ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissеrtatsiya avtorеfеrati. T., 2001, 9-11-b. tanga-chaqalar) va kredit pullar (chek, veksel, sertifikat, to‘lov talabnomalari va h.k.). Ularning tub xususiyatlari 4.4-rasmda aks ettirilgan. Oltin pul Qog’oz pullar 4.3-rasm. Oltin va qog‘oz pullarning o‘zaro bog‘liqligi Bundan ko‘rinadiki, pul kapital sifatida muomalada bo‘ladi, unga qo‘shimcha ijtimoiy vazifa yuklatiladi. Endi u daromad keltiradigan maxsus vositaga aylanadi1. Download 1.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling