Rossiyalik elchi K. F. Butenev esdaliklarida Buxoro amirligiga uyushtirgan missiyasi tafsilotlari. Qarshi Du o’qituvchisi B. Karimov Kalit so’zlar


Download 29.94 Kb.
Sana10.03.2020
Hajmi29.94 Kb.

Rossiyalik elchi K.F.Butenev esdaliklarida Buxoro amirligiga uyushtirgan missiyasi tafsilotlari.

Qarshi Du. o’qituvchisi B.Karimov

Kalit so’zlar: topograf, podsho yo’rlig’i, o’zbek bekliklari, rus qochoqlari, ma’danlar, Buxoro amirligi xaritasi, Buxoro konsulligi, Angliya hukumati, akt.

Ключевые слова: топограф, королевский лейбл, Узбекское ханство, русские беженцы, руды, карта Бухарского эмирата, консульство Бухары, Правительство Англии, акт.

Key words: topograph, the royal label, Uzbek khanates, Russian refugees, ore, map of Emirate of Bukhara, Bukhara consulate, the government of England, act.

XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Buxoro xonligida iqtisodning rivojlanishi uchun yaxshi sharoitlar yuzaga keldi, garchand sekinroq bo‘lsada, ishlab chiqarish kuchlari o‘sdi, shahar hayoti va ba’zi viloyatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar yaxshilandi, xalqaro bozor ahamiyati ortdi, shuningdek, Rossiya bilan savdo-sotiq munosabatlari kengaydi. XVII asr oxirida Rossiyada kapitalistik munosabatlar rivojlanishi tufayli uning Buxoro xonligi bilan o‘zaro aloqalari kuchaydi.1 .[1,-106]

1841 yilda Rossiya podsholigi tomonidan injener, podpolkovnik Butenev boshchiligida Buxoroga elchilar yuborildi. Butenev boshchiligidagi elchilar 1841 yil 20 mayda Orenburgdan Sirdaryogacha podpolkovnik Blaramberg qo‘mondonligidagi urallik 400 kazak va 100 ta piyoda askar himoyasida yo‘lga chiqdi va o‘sha yili 5 avgustda Buxoroga etib keldi. Elchilar tarkibida ikki muhandis va ikki ustadan tashqari, sharqshunos N. Xanikov, tabiatshunos Leman, topograf Yakovlevlar bor edi. Elchilar orqali Rus hukumati amirga podsho nomidan yorliq, odatdagidek sovg‘alar, uning vazirlariga Rossiya tashqi ishlar ministrligidan xatlar yuborildi. Butenevga bir qancha masalalarda yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilgan edi.

Elchilar Buxoroda yaxshi kutib olindi. Butenyov podsho yorlig‘i va sovg‘alarini Nasrulloxonga, tashqi ishlar ministri graf Nesselrad nomidan hamda Osiyo departamenti direktori tomonidan yozilgan xat va sovg‘alarni amirga topshirdi.

Chor hukumati tomonidan elchilarga bir qator vazifalar yuklatilgandi. Chunonchi amirning iltimosiga ko‘ra, yer osti boyliklarini aniqlashga yordam berish, savdo aloqalari va diplomatik munosabatlarni yanada yaxshilash, Buxoro xonligi haqida, uning chegeralari, aholisi, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik sanoati, ular etishtirayotgan mahsulotlar, siyosiy tuzilishi, qurolli kuchlari, boyliklari va daromadi haqida to‘liq ma’lumot to‘plash, mahalliy va Evropa sanoat mollaridan na’munalar, jumladan Qobul orqali Buxoroga keltiriladigan ingliz tovarlarining nusxalarini yig‘ish va narxlarini bilish, mahalliy bozorlarda qanday mollar ko‘plab talab qilinayotganligini, xususan uy-ro‘zg‘or va qishloq xo‘jaligi uchun kerak bo‘lgan asboblarni aniqlash, Buxoroda rus savdo konsulligini tashkil etish, inglizlarning tashqi siyosat sohasida Sharq va O‘rta Osiyoga nisbatan qilayotgan xatti-harakatlarini, ularning Afg‘onistonga bostirib kirishlari Buxoroga qanday ta’sir etganligini, ingliz tovarlariga qarshi raqobat qilish yo‘li bilan ularni O‘rta Osiyo va butun Sharqdan siqib chiqarish choralarini belgilash, Amudaryoning chap qirg‘og‘idagi mustaqil o‘zbek bekliklari bo‘lgan Qunduz, Xulim, Xonobod, Andixoy va Mozori Sharifni to‘la-to‘kis o‘rganish, ular bilan iqtisodiy diplomatik munosabatlarni tiklash choralarini ko‘rish, Afg‘oniston va Hindiston tomonlarga o‘tish yo‘llarini aniqlash, xususan Buxoro-Xiva munosabatlarini yaxshilash tadbirlarini qo‘llash, jumladan Xivaning ilgarigi xoni tomonidan qilingan g‘ayri qonuniy harakatlarini yoddan chiqarishga amirni ko‘ndirishi zarur edi.

Butenev boshchiligidagi elchilar oldida turgan eng muhim masalalardan yana biri Buxoro xonligi bilan Rossiya munosabatlarini yanada rivojlantirish maqsadida akt-shartnoma tuzish edi. Shartnoma loyihasida quyidagilar ko‘rsatilgan edi: Rossiyaga, uning fuqarolariga oshkora va maxfiy ravishda qarshi chiqmaslik, Buxorodagi hamma rus asirlarini Rossiyaga qaytarib yuborish, bundan keyin rus asirlarini sotib olmaslik, Buxoroga qo‘shni ol‘kalarda rus asirlarining borligi bilinib qolganda ularni qutqarish uchun barcha choralarni ko‘rish va ozod qilingan asirlarni rus davlati hisobidan kerakli narsalar bilan ta’minlab, Rossiyaga jo‘natish majburiyatini olish, Buxorodagi erkin rus qochoqlarini tezlik bilan to‘plab, elchilarni kuzatib kelgan rus otryadi ixtiyoriga topshirish, agar bundan keyin rus qochoqlari paydo bo‘lsa, ularni ushlab, rus davlati hisobidan Rossiyaga jo‘natish, Buxoroga savdo-sotiq uchun kelayotgan rus savdogarlaridan olinadigan bojni mahalliy savdogarlardan olinadigan bojga tenglashtirish, rus savdo karvonlarini Buxoroga qarashli joylarda to‘liq himoya qilish, ular qaroqchilar tomonidan talangan taqdirda mollarning qiymati miqdorida pul bilan tovon to‘lash, agar rus savdogarlari Buxorodan tashqari yerlarga, jumladan, Qunduz, Xulim, Qobul, Kashmir va boshqa joylarga o‘tib savdo qilishni istasalar, ularga aslo qarshilik qilmaslik, ularni qo‘llab boj olmasdan jo‘natish, u yerdan turli mollar bilan Buxoro orqali Rossiyaga qaytish vaqtlarida ham boj olmasdan Rossiyaga kuzatish, Buxoroda savdo-sotiq ishi bilan yurgan rus fuqarolarining va ularga qarashli mol-mulkning xavfsizligini ta’minlash, agar u vafot etsa, mulkini davlat himoyasiga olib, nasliga qaytarish uchun rus chegerachilariga etkazib berish, rus savdogarlariga Buxoro yerlarida to‘liq erkinlik berish shart qilib qo‘yilgan edi.2 .[2,103]

Agar amir yuqoridagi majburiyat shartlarini o‘z zimmasiga oladigan bo‘lsa, rus davlatining quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olish ko‘rsatilgan edi:

Rossiya imperiyasi yerlarida buxorolik fuqarolarning shaxsiy hayoti va mol-mulklarining daxlsizligini ta’minlash, ularni Rossiyaning hamma yerlarida savdo qilish imtiyozlaridan foydalantirish, Rossiya fuqaroligidagi qozoq va turkmanlar Buxoro karvonlarini talagan taqdirda ularning mollarini qidirib topish, Buxoro fuqarolarining Rossiya yerlaridan o‘tib Makkaga borishiga ruxsat etish, Buxoroga qarshi hech qachon urush harakatida bo‘lmaslik (agar Buxoro amir tomonidan bunday harakat bo‘lmasa) va hokazo.3 .[3,104]

1841 yil 25 avgustdan boshlab kapitan F.Bogoslovskiy boshchiligidagi mutaxassislar Samarqand atrofidagi Zarafshon tog‘larida turli ma’danlarni qidirish ishlarini olib bordilar. Natijada yuqori Zarafshonda yer osti boyliklaridan: temir, mis, ko’mir, qo’rg’oshin, grafit, feruza va hatto oltin, kumush borligi aniqlandi. Tabiatshunos Leman esa Samarqand atrofidagi faunani o‘rganib, ko‘p o‘simlik turlarining gerbariyini tuzdi. Topograf Ya. Yakovlev missiya bosib o’tgan tarhini chizgan va Buxoro amirligi xaritasini tuzgan, Biroq amir tomonidan qidirishga rahbar qilib tayinlangan yuzboshi Ramazonning F.Bogoslovskiy ekspeditsiyasiga ishonchsizlik bilan qaraganligi ishga to‘sqinlik qiladi. Lekin, bunday xatti-harakatlarga qaramasdan, ekspeditsiya muhim boyliklarni aniqladi.4 .[4,131]

Butenev esa amir va saroy xodimlari bilan yuqorida ko‘rsatilgan masalalarda muzokaralar olib bordi. Shu bilan birga, u, Angliya hukumatining rus podshosidan qilgan iltimosiga binoan, o‘sha vaqtda Buxoroda yarim och holda saqlanayotgan ingliz elchilari Stoddart va Konollini ozod qilib, Rossiya orqali o‘z vataniga qaytarish haqida amirdan rozilik oldi. Ammo inglizlarning Afg‘onistonga bostirib kirishlari, buning ustiga, Konollining Xiva - Qo‘qonni Buxoroga qarshi qo‘yishdagi xiyonatkorona harakatlari amirni o‘z qarorini bekor qilishga majbur etdi va Stoddart bilan Konollini ozod qilish masalasi oqibatsiz qoldi. Shuningdek, Buxorodagi rus asirlari va qochoqlarini Rossiyaga qaytarish, rus savdogarlaridan molning qiymatiga qarab ikki yarim foiz boj olish, Buxoroda rus konsulligini, Orenburgda esa Buxoro konsulligini tashkil etish masalalari hal qilinmasdan, aktshartnoma imzolanguncha ochiq qoldiriladi.

Amir rus savdogarlaridan olinadigan bojni mahaliy savdogarlardan olinadigan bojga tenglashtirish haqidagi talabi Rossiya yerlaridagi Buxoro savdogarlaridan olinadigan boj kamaytirilgandan so‘ng qildirish mumkinligini uqtirib o‘tdi. Elchilarning Buxoro bilan tuziladigan akt loyihasini imzolash va uni kuchga kiritish haqidagi talabiga javoban amir Nasrullo uni o‘rganish zarurligini, unga avval rus podshosi imzo chekishi ma’qulroq ekanligini ta’kidladi. Rossiya bilan Buxoro amirligi o‘rtasida imzolanishi kerak bo‘lgan aktning Buxorodagi rus asir va qochoqlarini o‘z vataniga qaytarish to‘g‘risidagi moddasi ham qabul qilinmadi.

Podpolkovnik Butenev amir va saroy xodimlari bilan olib borgan muzokaralari paytida Buxoroga texnika sohasida ham yordam berishni ko‘zda tutib, Rossiyadan har xil materiallar, kosib hunarmandlar, mashinalar va mashinistlar yuborishni va’da qiladi. U Buxorodan bir qancha yoshlarni Rossiyaga yuborib, ularga hunar o‘rgatish masalasini ham qo‘ydi. Ammo amir Nasrullo va saroy amaldorlari, ruhoniylari Butenevning asil maqsadi nima ekanligini bilmagani bois bu taklifni qabul qilishmagan.

Shunday qilib, Butenev boshchiligidagi elchilar yuqorida ko‘rsatilgan masalalar yuzasidan amir va saroy xodimlari bilan bir qarorga kela olmasdan, 1842 yil aprel oyida qaytib ketadilar. Ayni paytda amir Nasrullo qoravulbegi Xudoyorbek va Qilichbiy boshchiligida 12 kishidan iborat elchilarni podsho va uning vazirlari nomiga yozilgan yorliq hamda sovg‘alar bilan Peterburgga jo‘natdi. Lekin amir Butenev taqdim etgan aktni imzolamaganligi sababli uning elchilarini Rossiya hukumati Orenburgdan qaytarib yuboradi.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, XVIII asrda Buxoro amirligida kechgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayot masalalarini yoritishda ushbu davr tarixiga oid birlamchi manbalar jumladan Rossiya elchilari hamda sayyohlarining esdaliklarini tanqidiy ravishda o‘rganish va tegishli ilmiy xulosa chiqarish muhim ahamiyatga ega. Tarixiy manbalarni o‘rganmasdan turib, bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealar to‘g‘risida to‘g‘ri ilmiy xulosa chiqarish mumkin emas. Faqat asl manbalargina o‘sha davr voqealari tarixidan chuqur anglash imkonini beradi.



Rossliyalik elchi Butenev bilan bir qatorda muhandislar, olimlar, harbiylar va boshqalar qo‘shilib tashrif buyurishlari natijasida O‘rta Osiyo jumladan Buxoro amirligi xususida to‘plagan materiallarining ko‘lami kengayib bordi. Xususan, 1842 yili Butenevning “Buxoro-mineral boyliklari”, Buxorodagi po’lat toblash usuli haqida mulohazalar”, “Buxorodagi rus konchilik zavodlari mahsulotini sotishni rivojlantirish to’g’risida” nomli maqolalari hamda 1843 yilda N.Xanikovning “Buxoro xonligi tavsifi” kitobi bosilib chiqdi5.[5,73] Ularda Buxoro amirligining davlat tizimi, shaharlari, xo‘jaligi, aholining mashg‘ulotlari va turmush tarzi xususida boy ma’lumotlar bor. Shu bilan birga mazkur xotira va hisobotlar mualliflari ba’zi bir hollarda bir yoqlamalikka va sub’ektivlik singari nuqsonlarga yo`l qo‘yishlarini ham ta’kidlab o‘tish zarur. Shu bois ham ulardan biz yuqorida qayd etib o‘tganimizdek tanqidiy va mahalliy materiallar bilan solishtirgan holda foydalanish joizdir.


Foydalanilgan adabiyotlar

  1. T. S. Sаidqulov “O’rta Osiyo xаlqlаri tаriхining tаriхshunosligidan lavhalar” 1993 yil.

  2. Хоliqоvа R.E. XIX аsr ikkinchi yarmi XX аsr bоshlarida Rоssiya-Buхоrо munosabatlar tаrixi. Тоshkеnt, 2005.

  3. Мuhammadjonov А. Rоssiya vа O’rtа Оsiyo o’rtasidagi каrvоn yo’llari. Тоshkent, 1959.

  4. Ne’matov. .T. N., “Buxoro va Xivaning Rossiya bilan munosabatlari tarixiga doir ba’zi manbalar”. T., 1957 yil.



1 T. S. Sаidqulov “O’rta Osiyo xаlqlаri tаriхining tаriхshunosligidan lavhalar” 1993 yil. t.106 b.

2Хоliqоvа R.E. XIX аsr ikkinchi yarmi XX аsr bоshlarida Rоssiya-Buхоrо munosabatlar tаrixi. Тоshkеnt, 2005. –B. 100-103.

3 Хоliqоvа R.E. XIX аsr ikkinchi yarmi XX аsr bоshlarida Rоssiya-Buхоrо munosabatlar tаrixi. Тоshkеnt, 2005. –B. 104.

4 Мuhammadjonov А. Rоssiya vа O’rtа Оsiyo o’rtasidagi каrvоn yo’llari. Тоshkent, 1959. –b.131.

5 Ne’matov. .T. N., “Buxoro va Xivaning Rossiya bilan munosabatlari tarixiga doir ba’zi manbalar”. T., 1957 yil.b., 73


Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling