Samarqand davlat universiteti isoqjon negmatov ijtimoiy ishning etik-professional qadriyatlari


Axloqning kelib chiqishiga oid turli yondashuvlar (diniy-idealistik, ijtimoiy-madaniy va naturalizmga oid yondashuvlar)


Download 1.06 Mb.
bet45/195
Sana20.09.2023
Hajmi1.06 Mb.
#1683127
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   195
2. Axloqning kelib chiqishiga oid turli yondashuvlar (diniy-idealistik, ijtimoiy-madaniy va naturalizmga oid yondashuvlar)
Axloqni yaratish, uning me’yorlarini asoslash, tahlil va tanqid qilish boshqa masala, axloq o‘zi qanday vujudga kelgan, degan savol esa boshqadir. Birinchisi din va falsafa doirasidagi savol bo‘lsa, keyingisi metaetik xarakterda bo‘lib, sotsiolo-giya, antropologiya, tarix, psixologiya kabi fanlar shug‘ullanadi. Axloq masalasi din uchun hassos mavzu bo‘lishi mumkin, ammo fan va falsafa uchun ratsional masa-ladir. Biz bu masalani ehtiroslarga, milliy va diniy tarafkashliklarga berilmay, xolis o‘rganish tarafdorimiz. Buning uddasidan qanchalik chiqa olamiz – bu endi boshqa masala. Maqsadimiz ko‘r-ko‘rona e’tiqodlardan chetlashib, tafakkur qilish va o‘zga-larga ham fikr yuritishga turtki berishdir.
“Xo‘sh, “axloqiylik – kishilar o‘rtasidagi munosabatda butun jamiyat to‘g‘ri deb qabul qilgan xulq-atvor me’yorlari”mi yoki ilohiy yo‘l-yo‘riqlar asosida shakl-langan ijtimoiy munosabatlar tizimimi?” Aslida savolning o‘zi to‘g‘ri qo‘yilmagan. “Axloqiylik – kishilar o‘rtasidagi munosabatda butun jamiyat to‘g‘ri deb qabul qil-gan xulq-atvor me’yorlaridir” va “Axloqiylik – ilohiy yo‘l-yo‘riqlar asosida shakl-langan ijtimoiy munosabatlar tizimidir” degan har ikki hukm ham qat’iy tarzda bir-birini inkor qilmaydi. Jamiyat doim nimaniqi ilohiy hisoblasa, o‘shani to‘g‘ri bilgan va nimaniki to‘g‘ri hisoblasa o‘shanga ilohiylik maqomini berib kelgan. Muammo esa qay biri birlamchi ekanida. Xulq-atvor me’yorlarini kishilar xoh ilohiy hisob-lasin, xoh hisoblamasin, nimani qabul qilish va nimaga amal qilish insonning o‘ziga bog‘liqdir. Ya’ni har qanday yo‘l-yo‘riq ilohiy deb e’tiqod qilinsa-da, odamlarning axloqiy tuyg‘usi uni qabul qilmasa, unga amal qilish cheklanib qolaveradi. “Qa-dimgi Ahd”da ota-onaga bo‘ysunmagan farzand o‘ldirilishi buyurilgan: “Agar o‘g‘il ota-ona gapiga quloq solmaydigan, o‘jar va itoatsiz bo‘lsa, jazolanganida ham gapga kirmasa, ota-ona uni shahar darvozasida o‘tiradigan oqsoqollar qoshiga keltirsin. Ota-ona oqsoqollarga “Bu o‘g‘limiz o‘jar va itoatsiz, ochko‘z va mayxo‘rdir”, desin. Shundan keyin shahar erkaklari o‘sha yigitni toshbo‘ron qilib o‘ldirsin”. Yahudiylar bu buyruqning ilohiyligini inkor etmaydilar, ammo amal ham qilmaydilar. Nega? Zino uchun toshbo‘ron qilish, o‘g‘irlik uchun qo‘l kesish shariatda belgilangan, musulmonlar shariatning asosini ilohiy hisoblaydi, ammo nechta musulmon dav-latida bunga amal qilinadi? Bu – kishilarning axloqsizligidanmi, munofiqligidanmi yoki boshqa omillar ham bormi? Agar axloqsizligidan bo‘lsa, qaysi axloqqa ko‘ra axloqsiz ular?
Bugun odamlarning jinoyat va jazoga munosabati o‘zgargan. Boshqacha aytganda, axloqiy tushunchalar, qadriyatlar o‘zgargan va bu o‘zgarish qonunlarga ham ko‘chib o‘tgan. Bugungi yahudiy ota itoatsiz farzandni o‘ldirish hukmini ilohiy hisoblasa-da, uning axloqiy tuyg‘usi uch ming yil avval yashagan ajdodinikidan farqli. Uning xatti-harakatlariga uch ming yil avvalgi me’yorlar emas, bugungi qadriyatlar, tushunchalar ko‘proq ta’sir o‘tkazadi. Binobarin, axloqning qanday bo‘lishini, nima to‘g‘ri-yu, nima noto‘g‘riligini belgilab beruvchi boshqa omil mavjud. Ammo o‘sha omil diniy e’tiqod emas. Aksincha, diniy e’tiqod o‘sha omilning misoli ko‘zgudagi aksidir. Avval axloqiy qarashlar o‘zgaradi, so‘ng diniy e’tiqodlar, talqinlar ularga moslashib boradi. Yangi dinlar, mazhablarning vujudga kelishi, eski matnlar yangicha talqin qilinishi, diniy jamoalar ichida mo‘tadillar va radikallar, konservatorlar va liberallar o‘rtasida kurash ketishi besabab emas. Insoniyat tarixida qanchadan-qancha diniy ta’limotlar, axloqiy qarashlar vujudga kelgan, qanchadan-qanchasi nom-nishonsiz tarix qa’riga ko‘milgan! Shundan keyin ham biz bilgan bugungi axloqiy qarashlar doim bo‘lgan, mutlaq o‘zgarmagan deyish mumkinmi? Agarki biz axloqiy qarashlar doimo hozirgidek bo‘lgan, u mukammal va o‘zgarmaydi desak, u holda “Jamiyatni tashkil etuvchi shaxslar qachon va qay tarz to‘planib, bu o‘lchov-me’yorlarni ishlab chiqqan va bir to‘xtamga kelgan?” deb savol qo‘yish o‘rinli. Basharti unday bo‘lmay, axloq tadrijiy taraqqiyot hosilasi bo‘lsa, bunday savol mutlaqo o‘rinsiz. Boshqacha aytganda, axloq eng primitiv me’yorlardan boshlab o‘zgarib, murakkablashib, har bir davrda o‘ziga xos ko‘rinish kasb etib, minglab avlodlar osha rivojlanib kelgan. Ya’ni kimlardir to‘planib axloqni ishlab chiqmagan. Gapimiz tushunarliroq bo‘lishi uchun bir o‘xshash holni misol keltirsak. Hozirgi samolyotlarni kimlar qachon to‘planib ixtiro qilgan, deb savol berish mumkinmi? Agar ilk uchoqlar paydo bo‘lgandan boshlab hozirgacha o‘zgar-magan, takomillashmagan desak, bu savol o‘rinli. Ammo aksincha bo‘lsa-chi? Zamonaviy havo kemalarining vujudga kelishida “inson ucha oladimi?” deya ilk bor savol qo‘ygan odamdan tortib, aerodinamika qonunlari kashshoflarigacha, uchaman deb yiqilib mayib bo‘lgan havaskor ixtirochilardan tortib zamonaviy uchoqlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga tegishli tadqiqot markazlarigacha, turli zamon va makonlarda yashagan shu sohaga aloqador barcha kishilarning hissasi bor. Hamma bir-birining xato va yutuqlaridan o‘rgangan. Axloq borasida ham shunday – o‘zgalar xatosidan o‘rganamiz, muvaffaqiyat qozonsa, taqlid qilamiz. Asrlar osha insoniyatning o‘zaro munosabatlardagi tajribasi ham oshib boravergan. Xoh siyosiy, xoh iqtisodiy munosabatni oling, oddiylikdan murakkablik tomon rivojlangan. Hozirgi iqtisodiy ishlab chiqarish va iste’mol munosabatlari yoki siyosiy muno-sabatlarni ikki ming yil oldingi shunday munosabatlar bilan solishtirib ko‘ring-chi! Murakkablashuv o‘z-o‘zidan yangicha tartib-qoidalarni taqozo etadi.
Axloq muayyan jamiyatda kishilarning o‘zaro munosabatlarini tartibga solib turuvchi va o‘sha jamiyatdagi birlik, barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi me’yorlardir. Shaxs va jamiyat manfaati-yu ehtiyojiga xizmat qilishi, amalda ish berishi ularning mavjudligini oqlovchi va bardavomligini ta’minlovchi birlamchi mezondir. Manfaat va ehtiyojlar o‘zgarishi bilan ularga xizmat qilayotgan me’yorlar ham eskiradi. Zero, bir muhitda ijobiy natija bergan me’yorlar o‘sha muhit o‘zgargach, aks natija berishi mumkin. Bu fikrimizdan o‘quvchida savol tug‘ilishi tabiiy: ehtiyojga xizmat qilsa, o‘rni kelganda o‘g‘irlikni ham axloqan oqlash mumkin ekan-da? Bu o‘rinda ehtiyoj deganda jamiyatning mavjudligi, kuchliligi, boshqa jamiyatlar bilan raqobatga dosh bera olishini nazarda tutdik. Zero, axloq – ijtimoiy hodisa. A’zolarining asosiy qismi o‘g‘ri bo‘lgan jamiyat barqaror turishi mumkinmi? Yoki yolg‘onchi bo‘lsa-chi? Tabiiyki, bunday jamiyat uzoq yashamaydi. Ehtiyoj va manfaatni eski me’yorlarga moslashtirishga urinish esa samara bermaydi. Bu chaqaloqning libosini katta odamga kiydirishga urinishdek behuda ish. Buni turli zamonlarda yashagan kishilarning axloqqa munosabatidagi farqda yaqqol ko‘rish mumkin. Deylik, antik davr yunon faylasuflari ba’zi insonlarning tabiatan qul ekani, ba’zilar esa boshqarish, yetakchilik qilishga qobilligi haqidagi mulohazalariga tayanib, quldorlikni oqlagan bo‘lsa, hozirgi zamonda barcha insonlar yagona genofondga egaligi, irqchilik g‘ayriilmiy asoslarga tayanishi aytilmoqda. Tabiiyki, inson tabiatiga doir qarashlar, ilmiy xulosalar yangilanishi, chuqurlashishi bilan axloqiy qarashlar ham o‘zgargan. Axloqiy me’yorlardagi o‘zgarishni sun’iy tarzda jilovlash, xususan, ularni milliy va diniy qadriyat o‘laroq o‘zgarmas, muqaddas deb bilish ijtimoiy sharoit va xizmatini o‘tab bo‘lgan me’yorlar o‘rtasida katta jarlik paydo qiladiki, oqibatda jamiyatda ikkiyuzlamachilik va munofiqlik urchib ketadi (diniy, milliy va mafkuraviy jihatdan mahdud xalqlardagi bugungi ahvolni kuzatsak, buni payqash qiyin emas).
Shu o‘rinda axloq o‘zi qanday paydo bo‘lgan, degan masalaga qisqacha to‘xtalsak. Bu masaladagi qarashlarni ikki guruhga jamlash mumkin. Birinchisi – axloqiy me’yorlarni Xudo yoki xudolar joriy qilgan deguvchi teologik yondashuv. Ushbu yondashuvga ko‘ra, axloq qachonlardir ilohiy kuch tomonidan insonlarga tushirilgan (o‘qitilgan, xabari berilgan) va u hukmi oliy irodasini ifodalagani bois o‘zgarmasdir. Ular turli muqaddas kitoblarda yozib qo‘yilgan. Ijtimoiy tartib-intizom, kishilar o‘rtasidagi barqaror munosabatlar o‘sha ilohiy me’yorlarda ko‘rsatilgan. Basharti bu ilohiy me’yorlar bo‘lmaganda edi, jamiyat ham, undagi batartib munosabatlar ham yuzaga kelmasdi. Ularsiz ijtimoiy adolat, kishilarda mas’uliyat va burch tushunchalari bo‘lmas, o‘g‘irlik, odam o‘ldirish, insest avj olar, inson insonga bo‘ri bo‘lib qolardi. Ushbu yondashuv xatti-harakatning axloqlilik darajasini insonning fitrati, yaratilishdan maqsadiga ko‘ra baholaydi. Inson nima maqsadda yaratildi va u qanday yashasa, o‘sha maqsadga xizmat qilgan bo‘ladi? Bu savolga ilohiy ko‘rsatmalar javob beradi. Ilohiy ko‘rsatmani faqat va faqat ilohiy ko‘rsatma bekor qilishi mumkin, aslo inson emas. Demak, axloqning mehvari – inson va uning aqli emas, ilohiy ko‘rsatmadir.
Ushbu yondashuv, garchi sodda, tushunilishi oson, ommalashishi qulay bo‘lsa-da, ayrim faktlarni izohlashga ojiz. Masalan, jamoa bo‘lib yashovchi turli jonzotlar ham muayyan tartib asosida kun kechirishi, ov qilishi, bolasiga g‘amxo‘rlik qilishi, erkak va urg‘ochilari o‘rtasidagi munosabatda aniq tartibot borligi, tashqaridan qaragan kuzatuvchida ular aniq me’yorlarga bo‘ysunayotgandek taassurot uyg‘otishi sababini izohlab bera olmaydi. Yirtqich bo‘rilar o‘rtasidagi iyerarxik munosabatlarni olaylik, to‘da a’zosining xatti-harakatiga qarab uning mavqeyini bilish mumkinligi hayratlanarlidir. Jamoa bo‘lib yashovchi primatlardagi tartibni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Ularda ham insonnikidek aql bo‘lganda, o‘z tartibotlarini kodifikatsiya qilishi mumkin bo‘larmidi? O‘sha hayvonlarga ham Xudo ilohiy kitoblar orqali axloqni o‘rgatganmi? Qanday qilib? Nega ularning “axloqi” biror yerda yozib qo‘yilmagan bo‘lsa ham, barchasi muayyan tartibga muvofiq yashaydi? Aksariyatimiz buning sababi – instinkt, insonga esa aql berilgan, qabilidagi javoblarni aytamiz. Nahotki, hayvonlarni bir tartibda, hech qanday yozilgan me’yor va ta’limotlarsiz uyushib yashashini ta’minlayotgan o‘sha instinkt insonda bo‘lmasa? Yozuv u yoqda tursin, hatto til rivoj topmagan davrda ham insonlar uyushib, to‘da bo‘lib yashagan. Inson hali inson bo‘lmasdan avval ham jamoaviy jonzot edi. Jamoaning mavjudligi o‘zaro batartib munosabatlarni taqozo qiladi. Ehtimol, allaqachon shakllanib bo‘lgan, instinktiv asosda bir izga tushib olgan munosabatlar keyinchalik me’yorlar ko‘rinishini olgandir? Vaqt o‘tishi bilan bu me’yorlarning manbayi haqida bosh qotirgan inson ularni, deylik, ilohiy deb talqin qilgandir?
Albatta, ushbu masalaga teologik yondashuvning turlicha variantlari bor. Masalan, Xudo insonga muayyan tartib asosida jamoa bo‘lib yashash qobiliyatini bergan (boshqa jonzotlarga ham), axloqiy me’yorlar esa o‘sha tartibotning aqlan anglanishi oqibatida tadrijiy vujudga kelgan deyilsa, yuqorida keltirilgan fakt buni inkor qila olmaydi. Chunki bunda antropomorfik unsurlar kamayadi va axloqning tadrijiy takomili ehtimoli tan olinadi va ayni damda ushbu jarayonga ilohiy “aralashuv” ham inkor qilinmaydi. Ammo ustoz shogirdiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgani kabi Xudo insonga axloqni bus-butun holida o‘qitgan degan tasavvur axloqiy me’yorlardagi o‘zgarishlar faktini izohlab bera olmaydi. Shu nuqtayi nazardan, axloqning vujudga kelishi haqidagi teologik yondashuvlarning barchasini butkul inkor qila olmasak-da, muayyan tur teologik tasavvurlarni rad etishimiz mumkin (dinda antropomorfizm to‘liq tugatilmaguncha, fan va din, falsafa va din o‘rtasidagi ziddiyat barham topishi dushvor.)
Axloqning kelib chiqishiga doir teologik yondashuvning yana bir zaif nuqtasi axloqiy me’yorlar Xudoning amri ekani bilan bog‘liqdir. Xudo o‘g‘irlik qilmaslik, yolg‘on gapirmaslik, odam o‘ldirmaslikni amr etadi. Shu bois, bular axloqning tamal me’yorlaridir. Savol tug‘iladi: Xudo amr qilgani uchun o‘g‘irlik qilish, yolg‘on gapirish, odam o‘ldirish yomonmi yoki bu qilmishlar yomon bo‘lgani uchun Xudo ulardan tiyilishni amr qilganmi? Boshqacha aytganda, X qilmishning o‘zi yomon bo‘lgani uchun Xudo undan qaytarganmi yoki Xudo qaytargani uchun X qilmish yomonmi? Agar Xudo amr qilgani uchun X qilmish yomon desak (teologik volyuntarizm), basharti amr qilmaganda, yomon bo‘lmasmidi? O‘g‘irlik qilish, odam o‘ldirish mumkin bo‘larmidi? Agar ikkinchi versiya to‘g‘ri – X qilmish tabiatan yomon bo‘lgani sababli Xudo uni taqiqlagan desak, uning tabiati yomon yoki yaxshiligi nimaga bog‘liq? degan savol tug‘iladi. Agar biz ma’lum bir qilmishning nima uchun yomonligi ustida tafakkur qilsak, tabiiyki, bunga ratsional yechim qidira boshlaymiz. Masalan, yolg‘on gapirish jamiyatdagi o‘zaro ishonchni yo‘q qiladi, o‘zaro ishonch yo‘qolsa, jamiyat ham barham topadi. Inson jamiyatdan ayro – yolg‘iz yashay olmaydi, yashash uchun kurashda mag‘lub bo‘ladi, insoniyat qirilib ketadi va hokazo. Bundan axloq va axloqsizlikni farqlash uchun aqlning o‘zi kifoya, din shart emas, degan xulosa chiqib qoladi. Savollar ko‘p. Bu borada chuqurlashish esa ko‘pchilikda norozilik tug‘diradi. An’anaviy teologik yondashuv insoniyat evolyutsiyasi va tarixiga doir faktlarni tizimli tarzda, ishonarli izohlab bera olmaydi.

Download 1.06 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   195




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling