23-modda. Banklarning fondlari
Banklar o‘z foydalaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda turli fondlar tashkil etishlari mumkin.
24-modda. Banklarning pul mablag‘larini zaxiralash sohasidagi burchi
Banklar Markaziy bankda majburiy zaxiralarini saqlashlari shart. Majburiy zaxiralar normativi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 31-martdagi 12/8-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tijorat banklarining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga o‘tkaziladigan majburiy rezervlari to‘g‘risidagi nizom.
25-modda. Banklarning umumiy iqtisodiy normativlarga rioya qilish sohasidagi burchlari
Banklarning barqarorligini ta’minlash hamda omonatchilar va kreditorlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida banklar Markaziy bank tomonidan belgilanadigan iqtisodiy normativlarga rioya etishlari shart.
LexUZ sharhi
Qarang: “Tijorat banklari kapitalining monandligiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2693, 06.07.2015-y.).
Banklar o‘z kapitali va likvid resurslarini yetarli darajada saqlab turishlari, aktivlarni tasniflash asosida shubhali va harakatsiz aktivlarga qarshi zaxiralarni tashkil etishlari, shuningdek zarar ko‘rish xavfini kamaytirish maqsadida o‘z aktivlari diversifikatsiyalanishini ta’minlashlari lozim.
Banklar:
amalga oshirilgan investitsiyalarning turlari yoki shakllariga;
ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulk sotib olish hamda unga egalik qilishga;
boshqa yuridik shaxslarning ustav fondlarida qatnashishga doir shartlarga rioya etishlari lozim.
Banklar:
kapitalni taqsimlash natijasida o‘z kapitali talab qilinadigan eng kam miqdordan ham kamayib ketadigan bo‘lsa, kapitalni taqsimlashga;
aksiyalar shaklidagi o‘z qimmatli qog‘ozlari bilan kafolatlangan kredit berishga;
oldindan Markaziy bankning roziligini olmay turib, o‘z aksiyalarini sotib olishga haqli emaslar.
Normativlar va ularni hisob-kitob qilish uslubiga bo‘lajak o‘zgartishlar amalga kiritilishidan kamida bir oy oldin Markaziy bank tomonidan rasman e’lon qilinadi. Ustav kapitalining eng kam miqdori o‘zgartirilishi to‘g‘risida Markaziy bank bunday o‘zgartish amalga kiritilishidan kamida uch oy oldin rasman xabar beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |