33-modda. Banklarning hisob-kitob qilish tartibi
Banklar va ularning mijozlari hisob-kitoblarni Markaziy bank belgilaydigan tartibda amalga oshiradilar. Ko‘rsatilgan tartibni buzganlik uchun ular qonun hujjatlarida belgilangan tarzda javobgar bo‘ladilar.
LexUZ sharhi
Qarang: “O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2465, 03.06.2013-y.).
34-modda. Kreditlar qaytarilishini ta’minlash
Banklar qonun hujjatlariga muvofiq ko‘char va ko‘chmas mulkni garovga qo‘yish, kafolat berish, kafillikka olish va majburiyatlar asosida kredit beradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 744 — 748-moddalari.
Banklar ta’minlanmagan kredit (e’timodli kredit) berish haqida qaror qabul qilishlari mumkin.
35-modda. Qarzdorlarni to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Bankdan olgan kreditlarini o‘z vaqtida to‘lash majburiyatlarini bajarmayotgan qarzdorlarni bank to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilishi va bu haqda matbuotda xabar berishi mumkin. Bank bunday qarzdorlarni bankrot deb topishni so‘rab, iqtisodiy sudda da’vo qo‘zg‘atish huquqiga ega.
(35-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
IV. BANKLARGA VASIYLIK QILISh
36-modda. Vasiylikni tayinlash
Bankning muvaqqat ma’muriyatini tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda Markaziy bank vasiy tayinlaydi va vasiylik qilish haqida farmoyish chiqaradi. Farmoyish matbuotda e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Bankning oldindan vasiydan rozilik olmay qilgan harakatlari haqiqiy emas.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Banklarga vasiylik qilish to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat № 570, 19.12.1998-y.).
37-modda. Vasiyning vakolatlari
Vasiy bankning mansabdor shaxslari va uning aksiyadorlari vakolatlariga, shuningdek bank ahvolini normallashtirish uchun zarur choralar ko‘rish, jumladan qonun hujjatlariga muvofiq filiallarni yopish, mansabdor shaxslarni va xizmatchilarni ishdan bo‘shatish huquqiga ega bo‘ladi.
Vasiy istalgan paytda fuqarolarning depozitlari va investitsiyalari bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga qisman yoki to‘la to‘xtatib qo‘yilganligini e’lon qilishi mumkin, bunda depozitlar va investitsiyalarning taxminiy qiymatini saqlab qoladigan choralar ko‘rilishi shart.
Basharti, vasiylik vaqtida yoki vasiylik davrining oxirida bankni sog‘lomlashtirishning iloji yo‘qligi Markaziy bank tomonidan aniqlansa, u litsenziyani chaqirib oladi va belgilangan tartibda bankni tugatadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Banklarni tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat № 626, 11.02.1999-y.).
Do'stlaringiz bilan baham: |