39-modda. Banklarning o‘z mijozlari oldidagi javobgarligi
Banklar mablag‘larning saqlanishi hamda omonatchilar oldidagi majburiyatlarining bajarilishi uchun, shu jumladan to‘lovlar bir bankdan boshqa bankka o‘z vaqtida o‘tishi hamda mablag‘larning korxonalar va tashkilotlar hisob-kitob varaqlariga kiritilishi uchun o‘z mijozlari va omonatchilari oldida javobgardirlar.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasi.
Bank tugatilganda uning jismoniy shaxs bo‘lgan omonatchilari bankni tugatishdan keladigan tushumlar hisobidan o‘z omonatlarini olishda imtiyozga egadirlar.
Banklar depozit va kredit operatsiyalariga doir muddatlar va shartlar, shu jumladan Markaziy bank chiqargan qoidalarga muvofiq hisoblab chiqilgan yillik foiz stavkalari, mukofotlar va yig‘imlar to‘g‘risida o‘z mijozlariga muntazam ravishda axborot berib borishlari shart.
40-modda. Monopoliyaga qarshi qoidalar
Banklarning bank operatsiyalari bozorini monopoliyalash va bank ishida raqobatni cheklashga qaratilgan bitimlarga erishish maqsadida o‘z ittifoqlari, uyushmalari va boshqa birlashmalaridan foydalanishi taqiqlanadi.
Monopoliyaga qarshi qoidalarga rioya etilishi Markaziy bank tomonidan, shuningdek ushbu maqsadlarda qonun hujjatlariga muvofiq tuziladigan boshqa organlar tomonidan nazorat qilinadi.
VI. BANKLARDA HISOB YURITISh VA HISOBOT. BANKLARNI NAZORAT QILISh
41-modda. Banklarda hisob yuritish va hisobot
Banklarda buxgalteriya hisobi yuritish va hisobot qoidalari Markaziy bank tomonidan O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro standartlarga muvofiq belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida Yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 1834, 11.07.2008-y.).
Buxgalteriya hisobi yuritish va hisobot qoidalari buzilganligi uchun bank rahbarlari qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
LexUZ sharhi
Qarang: Markaziy bank tomonidan bank va boshqa kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzganliklari uchun tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlarga nisbatan qo‘llaniladigan chora va sanksiyalar to‘g‘risidagi nizomning (ro‘yxat № 622, 05.02.1999-y.) 6.1-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |