Raqamli aktivlar — bu moliyaviy hisobotlarni tuzishda hisobga olinadigan raqamli shakldagi nomoddiy aktivlardir.
Jahonning mashhur “McKinsey” ekspertlarining baholashi bo‘yicha, bugungi kunda jahon YaIMning qariyb 10 foizi raqamli aktivlarga to‘g‘ri keladi, shu bilan birga, ularni ishlab chiqish sur’ati jahon iqtisodiy o‘sishining 30 foiziga teng. Raqamli aktivlarning rivojlanishi akselerator (tezlashtiruvchi) harakatiga o‘xshaydi.
O‘z navbatida, raqamli aktivlar rivojlanishida ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni muhim. Ijtimoiy tarmoqlar raqamli biznesning taraqqiy etishiga ham keng imkoniyatlar yaratib beradi.
Raqamli iqtisodiyotning zamonaviy ko‘rinishi sifatida mobil to‘lov tizimlarini ko‘rsatish mumkin. Bunda hammamizga ma’lumki, mijozlarning smartfonlari bankdagi hisob raqamlarga bog‘langan bo‘ladi. Bu esa mijozlarga onlayn xaridlarni amalga oshirish, mobil qurilmalar yordamida pul mablag‘larini erkin o‘tkazish imkonini beradi.
To‘lov tizimlari va bank axborot tizimlari raqamli aktivlardan keng foydalanadi. Raqamli aktivlarning asosiy komponentlari sifatida intellektual mulk ob’yektlari hisoblanadi. Intellektual faoliyat natijalariga egalik huquqiga faqatgina kompaniya ega bo‘ladi. Bunday aktivlarga misol qilib, ixtiro patentlar, kompyuter dasturlariga mutlaq huquq va ma’lumotlar bazasini keltirish mumkin. Hozirda raqamli aktivlar bilan birga, raqamli aktivlarni boshqarish tizimi ham tez sur’atlarda rivojlanmoqda.
Raqamli aktivlarni boshqarishning muhim muammolaridan biri — bu ularning huquqiy himoyasidir. Ta’kidlash lozimki, qisqa vaqtlarda va originaldan kamroq xarajat qilib raqamli aktivlar nusxasini yaratish hamda ishga tushirish mumkin. Bu, albatta, raqamli aktivlarning umumiy daromadiga ta’sir qiladi. Raqamli aktivlarni boshqarishda bulutli texnologiyalardan foydalanish asosiy shartlardan bo‘lib, texnik, huquqiy va tashkiliy jihatdan axborotlar himoyasi bo‘yicha usullarni ishlab chiqish hisoblanadi.
Raqamli aktivlarning rivojlanishini raqamli tijoratning rivojlanishisiz tasavvur qilish qiyin. Raqamli tijorat esa, sodda va ishonchli raqamli to‘lov tizimlarini yaratishni talab etadi. Birinchi “onlayn” to‘lov tizimlariga xizmat ko‘rsatishda aholi o‘rtasida keng tarqalganligi sababli kredit va debet kartalaridan foydalanilgan. “Visa” va “Master Card” kredit kartalari emitentlari sotuvchilardan axborot almashinuvida yuqori xavfsizlik choralarini ko‘rish shartlarini talab etishgan.
Jahonda ro‘y berayotgan so‘nggi trendlarni o‘rganish foydadan xoli bo‘lmaydi. Chunki dunyoda buxgalteriya balansidagi moddiy va nomoddiy aktivlar o‘z o‘rnini jadal almashtirishi davrida biz ham asosiy e’tiborni faqat mahsulotlar eksportiga qaratmasdan, balki nou-xau, blokcheyn texnologiyalari faoliyatini zamonga hamohang ravishda o‘rganib, raqamli iqtisodiyot imkoniyatlaridan keng foydalanishni yangi bosqichga olib chiqishimiz maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Yana bir jihatga to‘xtalib o‘tish zarur. Prezidentimiz raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Buning sababi O‘zbekiston iqtisodiyotining yuqori sur’atlarda o‘sishini ta’minlash bilan birga, aholi ilmini, qarashlarini zamon bilan hamnafas qilish, qolaversa, mamlakatimizning xalqaro maydonda integratsiyasini tezlashtirish va natijada O‘zbekistonni demokratik, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qo‘shishdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |