18.3. Xususiy bandlik agentliklari faoliyati. Litsenziyalashtirish
Xususiy bandlik agentliklari ish qidirayotgan shaxslarga
ish tanlash va ishga joylashish bo‘yicha, ish beruvchilarga kadrlar tanlash
bo‘yicha, shuningdek ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat
xizmatlarini ko‘rsatadi.
2018 yil 16 oktyabrda O‘RQ-501-sonli O‘zbekiston Respublikasi
“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Qonunga
ko‘ra fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyat bilan
endilikda, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan bir qatorda xususiy
bandlik agentliklari ham shug‘ullanishi mumkin.
Xususiy bandlik agentligi ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash
va ishga joylashish bo‘yicha, ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash bo‘yicha
xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek ishga joylashtirish sohasida axborot
va maslahat xizmatlari ko‘rsatuvchi tijorat tashkilotidir.
Xususiy bandlik agentligi oliy ma’lumotli rahbarni qo‘shib
hisoblaganda kamida ikki nafar xodimga ega bo‘lishi kerak.
Qonunda ish qidirayotgan shaxslarni chet elda ishga joylashtirish
bo‘yicha xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga soluvchi normalar
keltirilgan.
Xususan, xususiy bandlik agentliklari ish qidirayotgan shaxslarga
ish tanlash va ishga joylashish bo‘yicha, ish beruvchilarga kadrlar tanlash
bo‘yicha, shuningdek ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat
xizmatlarini ko‘rsatadi.
Bunda chet elda ish bilan ta’minlash bo‘yicha faoliyat Bandlik
va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida
amalga oshiriladi.
Xususiy bandlik agentliklari xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha
xizmatlar ko‘rsatish uchun ellik ming AQSh dollari miqdoridagi
mablag‘larni Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni
qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish
jamg‘armasida zaxira qilib qo‘yadi.
Mazkur mablag‘lar litsenziya tugatilgan yoki bekor qilingan taqdirda
qaytarib beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |