Asosga dori moddalarni kiritish usullari:
Gidrofob asosda shamchalarni tayyorlash quyidagicha olib boriladi: 1) massa tayyorlash, 2)
shamcha, sharcha va tayoqchalarni shakllantirish. Massa tayyorlash uchun har xil dori moddalar
kiritish lozim. Asosga dori moddalarni kiritish ularning tarkibi, xossasi va eruvchanligiga bog’liq.
Suvda erimaydigan, asosda eriydigan moddalar.
Asosda eriydigan moddalarga kamfora, xloralgidrat, fenol va boshqa moddalar kiritishimiz
mumkin. Bu moddalarni bir qism asosda yoki suyultirilgan asosda eritiladi. Agar bu moddalar
eritilishi natijasida asos bilan dori modda aralashmasining erish harorati pasayib ketsa, u holda
evtektik birikma hosil bo’ladi. Xloralgidrat, kamfora, fenol kabi dori moddalari bilan asos
aralashtirilganda aralashma erish harorati keskin pasayib — evtektik birikma hosil qiladi. Bunday
hollarda aralashma tarkibiga uni erish haroratini oshiruvchi yoki tarkibini qattiqlashtiruvchi
(qotiruvchi) moddalar (mum, parafin) qo’shish lozim. Evtektik birikmalar hosil bo’lish
muammolari yaxshi o’rganib chiqilmaganligi sababli, qotiruvchi moddaning qo’shiladigan
miqdori va turi har gal tajriba yo’li bilan alohida aniqlanadi.
Suvda eriydigan, asosda erimaydigan moddalar.
Bunday moddalarga alkaloid tuzlari, novokain, etakridin laktat va boshqalar kiradi.
Ular yog’li asoslarga eritma ko’rinishida kiritiladi, ya’ni emulgirlangan bo’lishi kerak.
Emulgator sifatida lanolin va setil spirti ishlatilishi mumkin. Buning uchun eritmaning miqdori
iloji boricha oz bo’lishi kerak, aks holda bu massaning yumshoqligini oshiradi. Suvli eritmaning
massaga emulgatorsiz kiritilishi aralashmani uqalanib ketishiga sabab bo’lishi mumkin. Shunday
qilib, lanolin bunday aralashmalarda qotgan yog’ kristallarining bir-biriga yopishishini
ta’minlaydigan yupqa parda — plastifiqator rolini o’ynaydi. Erituvchi sifatida nafaqat suv, balki
suyultirilgan spirt, suv — glitserin — spirt aralashmasi va boshqa dorivor moddalarni yaxshi
eritadigan suyuqlik olinishi mumkin. Eritmalar esa chin eritma yoki kolloid eritma bo’lishi
mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |