Sher yodlash va kitob mutolaqasi


Uchinchi turdagi kitobxon


Download 27.05 Kb.
bet2/3
Sana06.02.2023
Hajmi27.05 Kb.
#1170564
1   2   3
Bog'liq
Sher yodlash va kitob mutolaqasi

Uchinchi turdagi kitobxon zohiran “yaxshi” deb nom olgan o‘quvchining butunlay teskarisidir. Bu kitobxon shu darajaga yetgan shaxski, u hech kimga o‘xshamaydi. U – o‘z mutolaa saltanatida mutlaq hokimdir. Kitobdan u na ma’rifat izlaydi, na vaqtichog‘lik. Kitobdan – bu yorug‘ olamda qolgan boshqa har qanday narsa kabi faqatgina boshlanish, yo‘nalish nuqtasi sifatida, istak, niyat, mayl sifatida foydalanadi. Unga aslida nima o‘qishning farqi yo‘q. U biror faylasufning asarini unga ishonib, ta’limotini o‘rga­nib olmoq yoki uni tanqid qilib, unga qarshi harakat qilmoq uchun o‘qimaydi, biron-bir shoirni dunyoning qanday yaralganini tushuntirib berishi uchun mutolaa qilmaydi. Yo‘q, u hamma narsani o‘zi tushunadi, o‘zi anglay oladi. U, ta’bir joiz bo‘lsa, komil inson. U hamma narsa bilan o‘ynasha oladi – muayyan bir nuqtayi nazar, qarash, fikr, tasavvurdan boshlab, hamma narsani o‘yinga aylantirishdan ham ko‘ra foyda­liroq va samaraliroq boshqa hech qanday narsaga hojat qolmaydi. Agar bunday o‘quvchi kitobdan biron-bir sentensiya, ya’ni hikmatli so‘z, dono gap, hikmat topib olgudek bo‘lsa, eng avvalo, topilmaning avra-astarini ag‘daradi. U azal-azaldan biladiki, har qanday haqiqatni inkor etish ham asl haqiqatdir. U ma’naviyat sohasidagi har qanday fikr, qarash, nuqtayi nazar qutb ekanligini va unga qarama-qarshi xuddi shunday zo‘r qutb ham mavjud ekanini azaldan yaxshi biladi. U yosh bolaga o‘xshab, assotsiativ3 tafakkurni yetarli darajada qadrlaydi, biroq u boshqa narsalarni ham biladi. Shunday qilib, mazkur kitobxon yoki to‘g‘rirog‘i, shu guruhga mansub bo‘lgan har birimiz ham duch kelgan narsani – roman, grammatika, yo‘l qatnovi jadvali, bosmaxona shrift(harf)lari namunalarini va boshqa har qanday narsani o‘qiyverishimiz mumkin. Fantaziyamiz va assotsiativ qobiliyatimiz munosib darajada bo‘lgan paytda ham biz baribir qog‘ozdagi bitiklarni o‘qimayotgan, lekin shu asnoda o‘qiganlarimizdan bizga yog‘ilib turgan nurafshon yog‘dular, istak, niyat va mayllar oqimida suzayotgan bo‘lamiz. Ular sahifalar, matnlar bag‘ridan, shu bilan birga, bosma harflar terilgan ustunchalardan ham paydo bo‘lishlari mumkin. Hattoki, gazetada bosilgan e’lon ham yangilik bo‘la oladi. Eng baxt-omadli, tantanavor fikr mutlaqo jonsiz bo‘lgan so‘z zamiridan kelib chiqsa ham ajab emas, negaki undagi harflarni, xuddi mozaikaga o‘xshab, dam bundoq, dam undoq aylantirib ko‘raverish ham mumkin. Bunday holatlarda hatto Qizil Shapkacha haqidagi ertakni qandaydir kosmogoniya4 yoki falsafa yoxud go‘zal ishqiy poeziya yanglig‘ mutolaa qilish mumkin bo‘ladi. Allaqan­day sigara qutisidagi “Colorado maduro” degan yozuvni shunchaki o‘qib, ushbu so‘zlar, harflar va tovushlar o‘yiniga berilib ketgach, ilm, xotira va tafakkurning yuzta saltanati bo‘ylab, yurakdagi orzuga aylangan olis sayohatga otlanmoq ham mumkin.
Biroq shu o‘rinda mutolaa ham shunaqa bo‘la­dimi? – deya meni yozg‘irishlari tabiiy. Xo‘sh, aytaylik, Gyoteni o‘qiyotib, Gyotening niyat, maqsad, o‘y va fikrlarini uqish, idrok etish va chuqur anglash o‘rniga o‘zini go‘yo qandaydir e’lonni yoki bo‘lmasam, tasodifiy terilgan harflar uyumini tomosha qilayotgandek tutadigan odamni umuman, kitobxon deb atab bo‘ladimi? Mutolaaning so‘nggi – uchinchi darajasi deb ataganimiz aslida kitobxonlikning eng past, eng bachkana, eng varvarlarcha turi emasmikin mabodo? Bunday o‘quvchidan Hyolderlin5 musiqasi, Lenau6 ehtirosi, Stendal irodasi, Sheks­pir teranligi qayoqqa ham qochib qutula olarkin? Nimayam derdim, yozg‘irgan kishi haq. Uchinchi toifadagi kitob­xon – mutlaqo kitobxon emas. Mazkur guruhda uzoq qolib ke­tadigan odam oxir-oqibat kitob o‘qishni yig‘ishtirib qo‘ygan bo‘lardi. Bunga sabab shuki, uning uchun gilam rasmi yoki devor, to‘siq, g‘ovga terilgan toshlar a’lo va mukammal darajada tartib berilgan harflardan tuzilgan eng go‘zal sahifaning ham o‘rnini bemalol bosa oladi. Alifbo harflari bitilgan varaq uning uchun birdan-bir, yagona kitob bo‘lib qolishi ham mumkin edi.
Ha, shunday: mana shu oxirgi bosqichdagi kitobxon ortiq kitobxon emas. Unga Gyote bir pul, Sheks­pir ham chikora. Ana shu so‘nggi darajadagi kitobxon endi umuman kitob o‘qimaydi. Ha-da, kitob unga ne darkor? Axir, butun olam uning o‘zida mujassam emasmi?
Shunday qilib, mana shu uchinchi guruhda uzoq to‘xtab qolgan odam kim bo‘lmasin, ortiq kitob o‘qimay qo‘ygan bo‘lardi. Ammo unda hech kim uzoq turib qolmaydi. Shunday bo‘lsa ham, har holda, kimki mana shu uchinchi bosqich bilan tanish emas ekan – u yomon, xom, g‘o‘r, dumbul kitobxondir. Chunki u dunyoning butun poeziyasi va butun falsafasi uning o‘zida mujassam ekanligini bilmaydi, zero, eng buyuk shoir ham har birimizda mavjud bo‘lgan o‘sha pinho­niy sarchashmadan ulgi oladi, axir. Hayotingda aqalli bir martagina bo‘lsa ham, mayli, faqat bir kunga bo‘lsa ham, mana shu uchinchi – “mutolaasiz” bosqichda bo‘lgin – ana keyin (ortingga yengil qay­tib), mavjud barcha bitiklarning ancha durust o‘quv­chisiga, tinglovchisiga va sharhlovchisiga aylanasan. Shu bosqichda hech bo‘lmasa, atigi bir martagina bo‘lib ko‘rgin, shunda sen uchun yo‘l bo‘yida yotgan tosh ham Gyote yoki Tolstoy qadar ma’no kasb etadi, so‘ngra sen Gyote, Tolstoy va boshqa barcha yozuvchilardan beqiyos ulkan ma’no-mazmun, ilga­rigidan ham ko‘ra ko‘proq shira-sharbat va asal olasan, hayotga va o‘z-o‘zingga bo‘lgan ishonching yanada ortadi. Negaki, Gyote asarlari – bu Gyote emas, Dostoevskiy jildlari – bu Dostoevskiy emas, bu – ular­ning urinishlari, o‘zlari markazida turgan dunyoning ko‘povozliligi va ko‘pma’noliligini bosish, pasaytirish yo‘lidagi, hech qachon oxiriga yetib bo‘lmaydigan umidsiz, tushkun urinishlari, xolos.
Sayr qilib yurgan chog‘ingda, aqalli bir marta bo‘lsa-da, xayolingga kelgan o‘y-fikrlar zanjirini tutib qolishga urinib ko‘r. Yoki – bundan ham ko‘ra yengilroq tuyulgan – tunda ko‘rganing oddiygina tushni eslab qol! Tushingda senga kimdir avval tayoq o‘qtaldi, so‘ng esa orden tutqazdi. Xo‘sh, bu kim bo‘ldi ekan? Zo‘r berib eslashga harakat qilaverasan, u bir do‘stingga, bir otangga o‘xshash tuyuladi, lekin qandaydir begona, yot ekanligi bilinib turadi, ayol kishiga, singlingga, mahbubangga ham o‘xshab ketadi… U o‘qtalgan tayoq tutqichi esa nimasi bilandir sen o‘quvchilik davringda ilk bor sayohatga otlangan kemadagi shtokni7 eslatadi. Va shunda birdaniga yuz minglab xotiralar qalqib, yuzaga chiqadi. Agar sen ana shu jo‘ngina tushni eslab qolib, mazmunini qisqacha qilib, stenografiya yoki alohida so‘zlar bilan yozib qo‘ymoqchi bo‘lsang, bilasanmi, to o‘sha ordenga yetib borguningcha, butun boshli kitob bo‘ladi, bir emas, balki ikkita, ehtimol o‘nta bo‘lar. Gap bunda emas. Chunki tush – bu tuynuk, u orqali sen butun vujuding ichidagi bor narsani ko‘ra olasan, o‘sha bor narsa – butun dunyodan, sen tug‘ilgandan to hozirgi daqiqagacha, Homerdan Haynrih Manngacha, Yaponiyadan tortib, Gibraltargacha, Siriusdan to Yergacha, Qizil Shapkachadan to Bergsonga8 qadar bo‘lgan butun dunyodan na katta, na kichik bo‘lmagan bir olamdir. Va sen o‘z tushingni aytib, ta’birlab berishga harakat qilayotganing tushing o‘rab, qamrab olgan dunyoga daxldor bo‘lgani kabi, muallif asari ham u aytmoqchi bo‘lgan narsaga, fikrga, g‘oyaga taalluqlidir.
Gyote “Faust”ining ikkinchi qismi ustida olimlar va diletant (havaskor)lar deyarli yuz yildan beri bahslashib, tortishib keladilar, bu esa birtalay bama’ni va bema’ni, teran va tuturiqsiz izohlar, sharhlar, tushuntirishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Nima bo‘lgandayam, shuni aytib o‘tish joizki, har qanday adabiy asar zamirida o‘sha sirli, sirt, yuza ostiga yashiringan, nomsiz ko‘pma’nolilik mujassam bo‘ladi, buni eng yangi psixologiya “ramzlarning o‘ta determinantlashuvi” deb ataydi. Usiz ham buni fikrning cheksiz, hadsiz-hudud­siz, bitmas-tuganmas mukammalligi uzra qisman bo‘lsa-da, payqab olmoq uchun, har qanday yozuv­chi yoki mutafakkirni torgina doirada uqib, idrok etasan, uning muayyan bir bo‘lagini yaxlit, bir butun o‘rnida qabul qilasan, sirt, yuzani sal-palgina qam­rab, ololmayotgan izoh, tushuntirishlarga batamom ishonasan.
Kitobxonning mutolaa bobidagi ana shu uch bosqich orasida goh u yon, goh bu yon ko‘chib yurishi mutlaqo tabiiy bo‘lib, bu har qanday kishi bilan har bir sohada sodir bo‘lishi, minglab oraliq darajalardan iborat bo‘lgan ana shu uch bosqichni arxitektura, rassomlik san’ati, zoologiya, tarix va boshqa istalgan sohada uchratish mumkin. Va mana shu uchinchi bosqich ham hammayoqda mavjud, unda sen hammadan ham ko‘ra ko‘proq o‘z-o‘zing bilan tenglashasan, biroq u har yerda sendagi o‘quvchini “yo‘qotish” uchun tahdid qiladi, adabiyotning, san’atning aynishi, dunyo tarixining buzilishi uchun xavf-xatar tug‘diradi. Ammo shunday bo‘lsa ham, hamonki sen mana shu bosqichni o‘tamas ekansan, kitob o‘qishda, san’at va ilm o‘rganishda grammatika o‘qiyotgan oddiy maktab o‘quvchisidan hech qanday farqing qolmaydi.
Badiiy-ilmiy ijod singari mutolaa ma’naviy ehtiyoj bo‘lib, alohida mas’uliyat, e’tiqod va shijoat, iroda va sabr-chidam so‘raydi, muhimi, olam va odam mohiyatiga jiddiy yondoshmoq, so‘z va fikr mag‘ziga kirish orqali hayot manzaralarini keng tushunish hamda xayol kengliklari bo‘ylab sayru sayohat qilish vositasidir. Boshqacha aytganda, anglab-tuyib va saralab o‘qilgan badiiy jihatdan yetuk roman, qissa yoki hikoya syujeti va tasviriy uslubi qalb, ong-shuur va sezgilarga ayricha ta’sir o‘tkazib, tafakkur zaxirasini samarali boyitadi, iste’dodni po‘latdek toblaydi, fikrni charxlaydi, go‘zallikka tashnalik tuyg‘usini jonlantiradi va bu jarayon ibratli tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
Ana shu haqiqatni nazarda tutgan dunyoga mashhur Peru yozuvchisi va daramaturgi, Nobel mukofoti sohibi Xorxe Mario Pedro Vargas Losa so‘z san’ati, kitob va mutolaaning estetik ahamiyatini quyidagicha yuqori baholagandi: “Adabiyot tufayli, adabiyot uyg‘otgan tafakkur, intilish va istaklar tufayli, xayolot saltanatiga safar chog‘i ko‘ngilda bosh ko‘targan kechinmalar, ular tufayli bugungi sivilizatsiya odamiylashdi va chinakam najot topdi. Adabiyot ahli o‘ylab topgan badiiy to‘qima qumga singigan suvdek izsiz ketmadi, bil’aks toshga aylangan yuraklarni mumdek eritdi. Yaxshi kitoblar bo‘lmaganida insoniyatning bugungi holiga maymunlar yig‘lagan bo‘lardi, mustaqil fikrdan mahrum labbaychilar urchib ketardi, ko‘ngil birligi yo‘qolardi, mutelik kayfiyati keng tarqalib, taraqqiyotning etakchi omili sanalgan o‘z-o‘zini anglash tuyg‘usi yo‘qolardi”.
Perulik adib e’tiroflari mumtoz adabiyot mangu ijtimoiy ong sohasi sifatida mudom adolat va ezgulik tarafida xizmat qilishi, yovuzlik va jaholat bilan chiqisha olmasligini yaqqol ifodalaydi. Chindan ham mumtoz adabiyot hamisha inson bilan hamnafas: ezgulik daraxtini toabad himoya qiluvchi mustahkam qalqondir.
Lekin hozirgi murakkab globallashuv, ko‘plab ijtimoiy muammolar qatorida, mutolaa sohasida noxush o‘ylarga toldiradigan bir qancha achinarli holatlarni yuzaga chiqardi. Ko‘pdan buyon oramizda kitob, xususan, haqiqiy ma’nodagi badiiy adabiyot ma’naviy hayotimizdan ma’lum darajada chekingani va hanuz chekinayotgani haqidagi bir-biridan sirpanchiq fikr va mulohazalar sharpadek kezib yuribdi. Endilikda chinakam so‘z san’atiga daxldor, ko‘hna dunyo va uning mohiyatini chuqur idrok qilishga undaydigan badiiy barkamol asarlar nazardan chetda qolayotganini ayrim mutaxasislar ham afsus bilan ta’kidlashmoqda.
Umuman, bu kuyinishlar bejiz emas va mutolaa muvozanati tobora keskinroq buzilayotgani kuzatiladi. Agar kengroq fikr yuritsak, butun dunyo ahli va bizni tashvishga solayotgan mazkur qaltis vaziyatga, birlamchi, loqaydlik va shaxsiyatparastlik, ikkilamchi, yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek urchigan yengil-yelpi ishqiy sarguzusht, oldi-qochdi detektiv va fantastik “asar”lar, estetik didni maysani qiron aylagan qahraton sovuqday qiyratadigan maza-matradan butunlay mahrum video va badiiy kinofilmlar, uchlamchi, ma’naviy hayotimizga ustakorona yo‘sinda suqulib kirgan va zimdan mudhish ruhiy-ma’naviy vayronagarchilik bilan shug‘ullanayotgan ommaviy madaniyat, qolaversa, ham rom qiluvchi, ham behad chalg‘ituvchi imkoniyatga ega bo‘lgan internet zamin yaratgani va yaratayotgani yaqqol oydinlashadi.
Nazarimda eslatilgan salbiy omillar orasida eng xatarlisi va tobora tarmoq otayotgani, aniqrog‘i, hatto Fyodor Dostoevskiy kashf etgan “Dunyoni go‘zallik qutqaradi!” degan qonunsifat olamshumul estetik tushunchani ham uch pulga chaqishdan toymaydigan loqaydlik va shaxsiyatparastlik kasali bo‘lsa kerak. Har qanday ma’naviy-ruhiy boylik kushandasi sanalgan mazkur lang mudom ilmu hikmat chirog‘ini o‘chirishga intilib, ma’rifat nuriga muhtoj qalblarga firib bergani va hanuz berayotgani sir emas.
Seziladiki, mutolla o‘sha kasallik tufayli hayotiy qiyinchiliklar qurboni bo‘lmasligi, aniqrog‘i, har qanday sharoitda ma’naviy ehtiyojga aylanmog‘i lozim. Ana shundagina jamiyatdagi turli toifalar o‘rtasida badiiy-ilmiy ijodga mehr ortadi, mutolla turmush tarzining ajralmas qismi ekani chuqurroq anglanadi, kitobxonlik madaniyati o‘sadi va shaksiz ommaviy tus oladi.
Ochig‘i, kitob va mutolaaga nisbatan ma’naviy ehtiyoj ko‘nikmasi har bir insonda juda erta, aniqrog‘i, bolalik va o‘smirlik faslidan boshlab shakllangan bo‘lishi kerak, ya’ni o‘qish va o‘rganish ishtiyoqi maktab va oila muhitida qalblarga puxta singdirilmog‘i lozim.
Ilohiy hodisa sanalgan badiiy-ilmiy ijod asosida tug‘iladigan kitob muqaddas ne’mat, mutolaa muqaddas mashg‘ulot ekanini yana bir bor alohida ta’kidlayman. Shunday ekan, aholi, xususan, yoshlarni garmonik tarbiyalash va kamolga yetkazish bobida mutolaa imkoniyatidan samarali foydalanish kerak. Menimcha navqiron avlodni o‘qishga bosqichma-bosqich o‘rgatish yaxshiroq samara beradi: maktab o’quvchilariga daf’atan “Telba” yoki “Jarayon” singari arxitektonik qurilishi jihatdan murakkab badiiy polotnolar emas, “Kapitan Grant bolalari”, “Daniel Defo”, “Sehrli qalpoqcha” kabi oson o‘qiladigan va tushuniladigan sarguzasht tipidagi asarlar tavsiya qilingani ma’quldir. Agar ular o‘rtasida “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” “Rustamxon”, “Chambil qamali”, “Yozi bilan Zebo” va “Kuntug‘mish” kabi xalq og‘zaki ijodi namunalari keng targ‘ib qilinsa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Kelgusida ezgulik va adolat tarafida xayrli amallar qilib, jamiyatdan o‘z o‘rnini topishga orzuman bo‘lgan o‘g‘il va qizlar donishmand shoir Abdurahmon Jomiy bisotida bebaho gavhar sanalgan ushbu satrlarni quloqlariga sirg‘aday taqib olishlar lozim:

Download 27.05 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling