Shermuhammadbek


Download 0.79 Mb.
Pdf ko'rish
bet20/24
Sana04.10.2020
Hajmi0.79 Mb.
#132501
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   24
Bog'liq
shermuhammadbek qurboshi


www.ziyouz.com кутубхонаси 
115
Ko‘rsatti g‘ayratini olamga rustamona, 
Bolqon davlatini berdi tamomi oshin. 
Oldi Edirna shahrini ikkinchi borib ul shoh
Mahkum etib o‘ziga ag‘ronu xoja Toshin. 
 
Ta’rixin o‘ylagay el fikri taammul etsa, 
Bilgay hisob aylab kuni yetib taloshin. 
 
Turkiya qahramoni kirdi Adirnopulg‘a, 
Sharshiri qat’i qildi Bulg‘oriyani boshin. 
 
Ey Nairiy, demog‘a til och, to muyassar, 
Qildi Xudoyi olam ko‘ngli tilar maoshin. 
   
Bu she’rning qo‘lyozma nusxasi atoqli olim Ahmadjon Madaminovning shaxsiy arxivida saqlanadi. 
Mavlono qo‘lyozmani bizga berar ekanlar, uni adabiyotshunos olim Rustamjon Tojiboev ham 2000 
yilda “Adabiyot ko‘zgusi” to‘plamida e’lon qilganini eslatib o‘tdilar. 
ALVIDO FARG’ONAM, ALVIDO  
TURKISTONIM! 
Shermuhammadbek shum xabarni olgach, o‘zini ketma-ket ta’qib etib kelayotgan qizil armiya 
qismlari bilan oxirgi bor jang qilib, ulardan bir amallab uzilib oladi va Qorateginga olib boruvchi 
davonga ko‘tariladi. Davonga ko‘tarilar ekan, vodiyning tarkibiy qismi bo‘lmish Oloy tuprog‘idan bir 
necha hovuch olib, dastro‘moliga tugib qo‘yadi. Og‘ir bir harakat bilan o‘zini egarga oladi: bir vaqtlar 
uzangini pisand qilmay otga bir sakrashda o‘tiradigan mohir chavandozni g‘am-alam yuki ezib 
tashlagan edi. Balki vatan tuprog‘idan chiqib ketishni uning jismi xohlamagandir. Uning yolg‘iz 
ko‘zidan beixtiyor yumalab tushayotgan tomchilarni ko‘rgan xos yigitlari otlarini niqtab, oldinga 
intildilar: Mayli, uni holi qoldiraylik, g‘amboda yuragini bo‘shatib olsin”. 
Metin irodali, his-hayajonini, ichki tuyg‘ularini sirtiga chiqarmay, jilovlab yurishga qodir, qahhor 
bu odamga ko‘z yoshlari qaerdan kela qoldi? Bu ko‘z yoshlari uning ko‘zidan emas, qalbidagi ko‘zi 
ochilib qolgan g‘am-alam bulog‘idan qaynab chiqar edi. G’am-alamning bosh sababi, albatta, Vatanni 
bolsheviklardan ozod qila olmaganligi, vatanni tark etish majburiyati edi.  
O’sha onda Shermuhammadbekning yonida ahli qalamdan bir kishi bo‘lganda, uning ko‘ksidan 
otilib chiqqan faryodni, ichini tirnayotgan iztiroblarni balki mana bu tarzda, balki undan yaxshiroq 
tasvirlar edimi? 
 
Alvido, ey Turon ichra Farg‘onam,  
Bag‘ri biryon, qalbi giryon g‘amxonam. 
Ag‘yor ila to‘ldi mening har xonam,  
Kechir meni, ona yurtim, Farg‘onam. 
 
Burchim to‘liq ado eta olmadim, 
Kurashdimu, seni ozod qilmadim. 
Balki kurash yo‘llarini bilmadim, 
Kechir meni, ona yurtim, Farg‘onam 
Men ketarman tog‘u toshlarni kezib, 

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
www.ziyouz.com кутубхонаси 
116
Yurtni sotgan munofiqlardan bezib. 
Noilojlik yuki yuragim ezib, 
Kechir meni, ona yurtim, Farg‘onam. 
 
Ohkim, mushkuldir ketmoq sendan kechib, 
Yig‘layurman zahri-zaqqumlar ichib. 
G’am chekib, alam daryosidin kechib, 
Kechir meni, ona yurtim, Farg‘onam. 
Balki yana quchog‘inga qaytarman, 
Bolshavoyni yurtimizdan haydarman. 
Istiqlolning alyorini aytarman. 
Kechir meni, ona yurtim, Farg‘onam. 
 
Men qaytmasam, bir vallomat keladir, 
Hurriyatning bayrog‘ini eltadir. 
Seni ozod, ruhimni shod qiladir, 
Kechir meni, ona yurtim, Farg‘onam. 
 
Biroq hech kim Farg‘onaning o‘sha yillardagi ahvoli, asoratga tushishi va shu munosabat bilan 
Shermuhammadbek qalbini kemirayotgan iztiroblarni ulug‘ shoirimiz, istiqlol kuychisi Abdulhamid 
Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpondan o‘tkazib yoza olmasa kerak: 
EY GO’ZAL FARG’ONA 
Ey go‘zal Farg‘ona, qonli ko‘ylagingdan aylanay, 
Tarqalib ketgan qora, vahshiy sochingga boylanay. 
Vahshiy bir o‘rmon kabi bag‘ringni bosmishdir 
                                                          qamish, 
Hech ko‘rinmas ko‘zlaringda bir olov, bir o‘t yonish. 
 
Keng, cho‘ziq yaylovlaring yovlarga ochmish ko‘ksini, 
Bir qora parda bosibdir tuprog‘ingni ustini. 
 
Ko‘zlaring so‘lgan, o‘lik ruhing bilan boqding 
                                                           menga, 
Yurtimizning yulduzi aslo ko‘rinmasmi senga? 
 
Bu baland, zo‘r tog‘laring nega to‘solmas yov 
 yo‘lin? 
Yo‘qmidir o‘tkur qilich kesmakka yovning qo‘lin? 
 
Biz hama ojiz, zabun, bag‘ri ezilgan sen uchun, 
Ba qadar qonlar to‘kildi, ul dahidir sen uchun. 
Yig‘lama, yurtim, agarchi bu kuningda yo‘q bahor, 
Kelgusi kunlarda baxting yulduzi o‘ynab qolur. 
 

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
www.ziyouz.com кутубхонаси 
117
Aka-uka mujohidlar Qorateginning Achchiq Olma mavzeida uchrashib, Anvar Posho ruhiga hatmi 
Qur’on qilib, xotirasini nishonlashgach, “Endi nima qilamiz?” degan savol ko‘ndalang bo‘ldi. 
Darhaqiqat, Anvar Posho shahid bo‘lgach, Sharqiy Buxoroga borishdan hech qanday ma’no qolmagan 
edi. O’tmishda Sharqiy Buxoroning kattagina qismi Qo‘qon xonligiga tobe bo‘lib, keyinroq, Qo‘qon 
xonligi Rusiya bilan urushib turgan yillari Buxoro tomonidan egallangan, har ikki xonlik o‘rtasidagi 
ziddiyat bu yerlarga ham ta’sir ko‘rsatib, Sharqiy Buxoroda Farg‘onaga nisbatan qandaydir kek, adovat 
bor edi. Buning ustiga, sho‘ro razvedkasi bu adovatga lampamoy quyib, alangalatib yubordi. Mahalliy 
qo‘rboshilar shuurida “Shermuhammadbek Anvar Posho bilan til biriktirib, bizning yordamimiz bilan 
hokimiyatni qo‘lga olmoqchi, so‘ngra bizni yo‘qotib, butun Turkistonu Buxoroga hukmdor 
bo‘lmoqchi” degan fikrni uyg‘otishga erishgan edi. 
Anvar Posho shahid ketgach, muhojirlikda yurgan turk zodagonlaridan biri, Anvar Poshoning 
pochchasi polkovnik Somiy Posho Qushchiboshi (Salim Posho) uning o‘rnini egallab, bolsheviklarga 
qarshi kurashni davom ettirishini e’lon qildi. Bu xabarni eshitgan Shermuhammadbekda yana umid 
kurtak yozdi. U bir qancha vaqt Somiy Posho qo‘l ostida qizillarga qarshi jang qilib, 1923 yil bahorida 
yana Farg‘onaga qaytish va kurashni davom ettirishni qat’iy belgilab oldi. Biroq hozir orqaga qaytib 
bo‘lmaydi. Faqat oldinga, Somiy Posho qarorgohiga yurish kerak. Buning uchun Qorateginga kirish va 
u yerda bir qancha vaqt istiqomat qilish uchun esa bu yerning lashkarboshisi Fuzayl Mahsumdan ijozat 
olishga to‘g‘ri keladi. Shermuhammadbek unga quyidagi mazmundagi maktub bilan murojaat qiladi: 
“Qorategin lashkarboshisi 
Fuzayl Mahsum janoblariga! 
Bolshevik kuchlari ustimizga shiddatli hujumlarini to‘xtovsiz davom ettirmoqdalar. Tinim bilmay 
urushayotgan askarlarimiz holdan toygan. Farg‘ona va Oloy tog‘larida hozircha turishimiz to‘g‘ri 
kelmaydi. Qo‘l ostimizdagi mavjud bir ming yetti yuz nafar askar bilan birga qishni Qorateginda 
musofir o‘laroq o‘tkazishimizga ruxsat bersangiz minnatdor bo‘lur edik. Javobingizga umid bilan, 
Xudo sizga yor bo‘lsin, Assalomu alaykum. 
Farg‘ona lashkari Islom raisi Jahongir Shermuhammadbek”. 
Shermuhammadbek Achchiq Olma mavzeida Fuzayl Mahsumdan javob kelishini kutib, o‘n ikki 
kun turib qoldi. Fuzayl Mahsum o‘sha atrof lashkarboshilari: Eshon Sulton, Doniyolbiy va boshqalar 
bilan maslahat qildi. Ular Shermuhammadbekni Sharqiy Buxoroga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaror 
qildilar. Biroq Somiy Posho bu gaplarni eshitib qolib, Shermuhammadbekning  iltimosini rad 
etmaslikni so‘radi. Ular rozi bo‘lishga majbur bo‘ldilar. Shundan so‘nggina Shermuhammadbek 
Qorateginga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Somiy Poshoning sa’y-harakatiga qaramay, mahalliy 
lashkarboshilar mahalliychilik kayfiyatidan voz kechmadilar: Shermuhammadbek va uning yigitlari 
ochiq va pinhoniy xavf-xatar ostida yashab turdilar. Kechalari ularning qarorgohiga noma’lum otliqlar 
bostirib kelar, miltiqlaridan o‘q uzib, haqorat qilar, “Farg‘onaliklar, Farg‘onangizga daf bo‘ling” deb 
baqirishar edi. Shermuhammadbek yigitlariga og‘ir bo‘lishni tayinlab, ularni zo‘r-bazo‘r to‘xtatib 
qolar, qurolli to‘qnashuv yuz bermasligi uchun harakat qilardi. 
Shermuhammadbek Anvar Posho qabrini ziyorat qilib, Qur’on o‘qish niyatida Baljuvonga bordi. 
Musulmonchilik burchlarini o‘tab, qarorgohlariga qaytib kelayotganlarida, tor bir dara yo‘lida balki 
Fuzayl Mahsum, balki bolsheviklar so‘ziga uchgan bir guruh kishilar tog‘ tepasidan turib uning 
yigitlarini toshbo‘ron qildilar. Bir necha o‘n yigit halok bo‘ldi. Shunda ham Shermuhammadbek 
yigitlarini katta iroda kuchi bilan to‘xtatib qoldi. Bu voqeadan so‘ng mahalliy lashkarboshilar yigitlari 
bilan bir necha bor qonli to‘qnashuvlar yuz berdi. Shundan so‘ng Shermuhammadbek bu yerda qolish 
imkoniyati tugaganligiga tan berib, Afg‘onistondan boshpana so‘rash uchun Darvoz tarafga yurishga 
buyruq beradi. 
Buni eshitgan Somiy Posho Eshon Sultondan quyidagi mazmunda maktub yuboradi: 
“Aziz musofirim! Sizni motamga solib, bu yerdan ketishga olib borgan masala o‘rtamizda, albatta 

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
www.ziyouz.com кутубхонаси 
118
hal etilajakdir. Iltimos qilaman, ketmang!” 
Eshon Sulton maktubni olib, Shermuhammadbek huzuriga keladi, biroq unga bermaydi. Uning 
o‘rniga quyidagi so‘zlarni aytadi: 
“Xoji Somiy Posho sizni zudlik bilan Afg‘onistonga ketishingiz lozimligini buyurdi”. 
Shermuhammadbek chegaraga, Panj daryosi sohilidagi Alaykun mavzeiga yetib boradi. U bu 
yerdan turib, narigi sohildagi afg‘on chegarachilari boshlig‘iga elchi yuborib, o‘tishga ruxsat so‘raydi. 
Chegarachilar uning iltimosini qabul qilib, o‘tishga ruxsat beradilar. 
Afg‘onlardan ruxsat olingach, Shermuhammadbek mahalliy aholidan ijaraga qayiqlar oladi, sol 
yasash uchun yog‘och xarid qiladi. Yigitlarning bir qismi sol va qayiqlarda, bir qismi otliq daryodan 
o‘ta boshlaydilar. Yigitlarning katta bir qismi esa, maslahatga ko‘ra, Afg‘onistonga o‘tmay, bir qancha 
qo‘rboshilar qo‘l ostida Sharqiy Buxoroda qoldiriladi. Ularga kichik qismlarga bo‘linib, Farg‘onaga 
qaytib ketish va kurashni davom ettirish buyuriladi. 
Nurmuhammadbek eng so‘nggi guruh bilan daryodan o‘tishga hozirlanib turganda, Somiy Posho 
yetib keladi va sohildan turib ularga “O’tmanglar, taslim bo‘linglar!” deb qichqiradi. Unga javoban 
Nurmuhammadbek shunday deb qichqiradi: 
— Biz o‘rislarga ham taslim bo‘lganimiz yo‘q edi, endi sizlarga taslim bo‘laylikmi? 
Shermuhammadbek azim daryoning o‘rtasiga yetganda sol-qayiqni to‘xtatishni buyurdi. O’y 
og‘ushida suvga tikildi. Daryoning bir maromda oqayotgan suvi uning o‘y-fikrlariga hamroh bo‘ldi. 
Suv, bekning shuurida tilga kirib: “... afsus chekmang, dunyo o‘zi shunday qurilgan. Bu taqdir. O’z 
yurtingiz, tuprog‘ingiz, dini Islom, Vatan istiqloli uchun bosqinchilar bilan kuchlar tengsiz bo‘lgan 
holda dadil kurashga kirib, qariyb besh yil yuzma-yuz mardonavor jang qildingiz. Yozug‘ingiz shu 
ekan, afsuslanmang...” deya shivirladi. 
Shermuhammadbek bir zum ko‘zini suvdan uzib, tabora uzoqlashib borayotgan Vatan tuprog‘iga 
nazar tashladi. Yuragi ezilib, ko‘zida jiqqa yoshi bilan yana suvga boqdi. Suvga boqdi-yu, o‘z 
ko‘zlariga ishongisi kelmay qoldi: nazarida, mavjlanib turgan suvdan baliqlar bosh chiqarib, unsiz 
tovushlari bilan vidolashgandek bo‘ldilar. Bundan ta’sirlangan bek ko‘zini ko‘kka qadadi: mana, hatto 
baliqlar ham bizdan roziliklarini bildirib, vido rozini aytdilar, biroq ne xatoga yo‘l qo‘ydikki, ne 
gunohlarni qildikki, ne-ne aziz-avliyolar ruhi bizni quvvatlamadilar, bizga yor bo‘lmadilar. Ey 
Tangrim! Ne yozug‘im bor edi? — deya mungli nido ko‘ksidan otilib chiqdi. 
Yana suvga boqdi. Oqim uni moziy qa’riga olib tushib ketdi: xayolini dunyoni zir titratgan 
Temurbek kezib o‘tdi. To‘xtamishxonni mahv etib, Moskvaga qadam qo‘ygan Temurbek o‘ruslar 
yurtining xaroba hollarini ko‘rib taajjubga tushdi: mo‘g‘ullar bu yurtning ichini to‘kib qo‘yishibdi. 
Xalq nihoyatda nochor, ezilgan, qashshoq, qo‘rqoq bo‘lib qolgan. Soch-soqollari  o‘sgan paxmoq 
kishilar, oyoqlariga chilvir bilan chipta kavush boylab olgan yupun odamlar, o‘zligini yo‘qotgan, 
g‘aflatga botgan, notavon bu kishilarga juda achinib ketdi. Ularning o‘lib ketmasligi uchun yordam 
qo‘lini cho‘zishni dilidan o‘tkazib qo‘ydi. Shermuhammadbek og‘ir xo‘rsindi.  
Ana shu ayanchli odamlar salkam besh asrdan keyin Movarounnahr yurtining bosqinchilariga 
aylanishini u qaeqdan ham bilsin edi... Ha, hali zamon o‘zga mamlakat tuprog‘iga qadam qo‘yadi. Uni 
u yerda qanday taqdir kutadi? Og‘ir, juda og‘ir. Dushmandan yengilish, o‘z yurtini tashlab ketish juda 
mudhish hol, undan ham og‘iri, yurtini g‘olib bosqinchilarga tashlab ketmoqda. Bu og‘ir ko‘rgulik, 
nafaqat ko‘rgulik, balki isnod. Ana endi bosqinchilar bizlar haqqimizda xohlaganlaricha yolg‘onlar 
to‘qishadi, uydirmalar yaratishadi. Chinakam jasur yigitlarimizni zolimlikda, hatto sotqinlikda 
ayblaydilar, boshlariga tuhmatlar yog‘diradilar. Shunisi dahshatliki, kelgusi avlod bunga ishonadi, 
bizlarni g‘azab va nafrat bilan esga oladigan bo‘lishadi. Bizning eng yomon ko‘rgiligimiz shu bo‘ladi. 
U “hayhot” deya yosh to‘la ko‘zlarini qo‘llari bilan to‘sdi. Nurmuhammadbek unga yaqinlashib 
“aka, akajon, Sizga nima bo‘ldi?” deya qo‘rqinch bilan so‘radi, akasining holatini tushunib, o‘z 
ko‘zlaridan ham yosh shashqator kelayotganini sezmay qoldi. 
Shu tariqa bir ming yetti yuz askardan uch yuz to‘qson olti nafari bilan yirik sarkarda 1923 yil 

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
www.ziyouz.com кутубхонаси 
119
boshlarida tarki vatan qilib, Afg‘oniston tuprog‘idan boshpana topishga majbur bo‘ladi. 
Ona vatanni ko‘rish unga boshqa nasib etmadi.  
Somi Poshoga kelsak, yuqorida zikr qilib o‘tilgan voqealarni tekshirib Shermuhammadbekka 
g‘animlik qilinganini, hech qanday ayb yo‘q ekanligiga shohid bo‘ladi va uning Alaykumda qolgan 
yigitlarini o‘z himoyasiga olib, ular ichidagi G’oyibnazar domlani ularga lashkarboshi etib tayinlaydi. 
Ular bir qancha vaqt Somi Posho qo‘mondonligi ostida jang qiladilar hamda vaqti soati yetgach, tirik 
qolganlari Farg‘ona yurtiga qaytib ketadilar. 
O’tgan Vatan fidoyilarini, istiqlol kurashchilarini Alloh o‘z rahmatiga olgay, inshoolloh. 
Qalamim qog‘oz uzra tebranib mavzu shu nuqtaga yetganda ko‘zim tinib yoshlanganini his etdim. 
Bunday holat oldinroq ham yuz bergan edi. “Yashillik saltanati” kitobini yozayotgan paytimda, 
“Changalzor sultoniga suiqasd” qissasiga kelganimda ham ko‘zlarimdan shu tariqa yosh oqqan edi.  
KURASH DAVOM ETADI 
Ha, kurash davom etaveradi. Hech bir istilochi saltanati o‘z asoratiga tushgan boshqa bir saltanatni, 
uning xalqini bir umr asoratda tutib tura olmaydi. Mazlum millat kurashga ko‘tarilib, istiqlolga 
erishmaguncha uni davom ettiradi. Vaqtga, shart-sharoitga qarab, kurashning shakli o‘zgarib turadi, 
xolos. 
Shermuhammadbek tarki vatan qilgandan keyin ham Farg‘onada kurash davom etdi. Islom Polvon, 
Omon Polvon, Shermuhammadbekning ukalari va boshqa qo‘rboshilar janglarni bo‘shashtirmadilar. 
Qizillar bilan sulh tuzib, uzoq vaqt kurashdan chetda turgan Jonibek Qozi ham bolsheviklarning 
razolatini ko‘rib turib, yana kurash maydoniga qaytdi. Kurashning bo‘shashmay, qat’iyat bilan davom 
etganligini shundan ham bilish mumkinki, qizil armiya barcha qurolli kuchlarining Bosh qo‘mondoni 
S.S.Kamenev o‘z qarorgohini Moskvadan Turkistonga ko‘chirib keldi. U Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan 
mitinglarda “Bosmachilik harakati shu yilning kuz oylarigacha tugatiladi”, deb va’da berdi hamda 
xalqni bu ishda faol yordam ko‘rsatishga chorladi. 
1923 yilning boshlarida Shermuhammadbekning Afg‘onistonga ketganligidan xotirjamlikka 
berilgan qizil qo‘mondonlik G’orbuvoga bo‘lgan diqqat-e’tiborini susaytiradi. Bundan foydalangan 
qo‘rboshilar u yerni ozod qilib, yana qarorgohga aylantiradilar. 15—17 fevral kunlari bu yerda 
Farg‘ona vodiysi milliy-ozodlik harakati kurashchilarining navbatdagi qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Qurultoy 
Shermuhammadbek ketgandan keyingi vaziyatni tahlil qilib, kurashni davom ettirishga qaror qiladi. 
Shuningdek, qurultoy oxirida shahid ketgan yigitlar, qo‘rboshilar, jumladan, Rahmonqulibek, 
Muhiddinbeklar ruhiga hatmi kabir marosimi o‘tkazildi. 
Shermuhammadbek Sharqiy Buxoroda sargardon bo‘lib yurganida Muhiddinbek qizillar qo‘liga 
tushib qolgan edi. 1922 yil sentyabr oyida O’sh shahrining Hazrat Jome’ masjidida Muhiddinbek va 
uning qo‘rboshilari ishi yuzasidan ochiq sud bo‘lib o‘tdi. Sud uni va sheriklarini otuvga hukm qildi. 
“Qolgan-qutgan bosmachilarga” saboq bo‘lishi uchun hukm xalq oldida ijro etildi. 
Shu oylarda Qo‘qonda, Chorsu maydonida Rahmonqulibek va uning safdoshlari ustidan sud bo‘lib, 
ular ham qatl etildilar. 
1923 yilda qahatchilik avjiga chiqdi. Qahatchilik ham qizillar foydasiga ishladi. O’tgan yillardagi 
kabi, mahalliy aholi vakillari “hech bo‘lmasa, qornim to‘q, ustim but bo‘ldiku” degan fikrda qizil 
armiyaga ko‘plab yozilishda davom etdilar. Shahar va qishloqlar sho‘rolarida ham aholiga bir oz un, 
urug‘lik bug‘doy tarqatib, shu yo‘l bilan odamlarni o‘zlariga og‘dirish yo‘lga qo‘yildi. Xullas, milliy-
ozodlik kurashi qatnashchilari ostidagi zamin borgan sari cho‘ka boshladi. 
Shunday bo‘lsada, ozodlik kuchlari kurashni davom ettiraverdilar. Hatto, yilning birinchi yarmida 
bir qancha yirik g‘alabalarga ham erisha oldilar. Sho‘ro hukumati, kommunistlar partiyasi majlis ustiga 
majlis chaqirib, “bosmachilikka qarshi kurashni kuchaytirish, uni tag-tugi bilan yo‘q qilish” haqida 
qator qarorlar qabul qildi. Bosh qo‘mondon S.S.Kamenev qat’iy choralar ko‘rishga majbur bo‘lib 

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
www.ziyouz.com кутубхонаси 
120
qoldi. Uning shtabi olti oy ichida “bosmachilikni tugatish” rejasini ishlab chiqdi. 1923 yil iyun oyidan 
boshlab qizil armiya O’rta Osiyo bo‘ylab yalpi hujum boshladi, yangi-yangi qismlar olib kelindi. 
Shu o‘rinda yozma manbalarda qalamga olinmagan, o‘sha davr dahshatlarini boshidan kechirgan 
odamlardan eshitgan voqelardan birini eslatib o‘tishga to‘g‘ri keladi: 1923 yilda Farg‘ona vodiysiga 
jazo ekspeditsiyasi sifatida mashhur sovet sarkardasi S.M.Budyoniy tashkil etgan otliq armiya 
qismlaridan biri olib kelinadi. Budyoniyning o‘zi bu davrda armiyaga qo‘mondonlik qilmay, Oliy 
qo‘mondonlik tarkibida xizmat qilar edi. Mazkur jazo ekspeditsiyasi, guvohlarning ta’kidlashlaricha, 
Farg‘onani qonga botirgan. Tarixdan ma’lumki, jazo ekspeditsiyalari, odatda, muntazam qo‘shin, 
ya’ni, qo‘zg‘olonchilar qo‘shini bilan emas, balki, tinch aholi bilan jang qiladi. Ekspeditsiya shaharlar 
va qishloqlar bo‘ylab yurib, duch kelgan erkak kishini, ayniqsa jang qilish yoshidagi kishilarni 
surishtirib o‘tirmay miltiq bilan otib, qilich bilan chopib ketavergan. Bir do‘stimning marhum otasi 
shunday hikoya qilgan edi: 
“—... Shahardagi ur-yiqitlar tufayli anchadan beri Qatag‘on mahalladagi chorbog‘imdan xabar 
ololmagan edim. Bir kun astoydil hafsala qilib, chorboqqa bordim. U yerdagi kam-ko‘st ishlarni qilib, 
bir oz meva-cheva olib qaytdim. Qorasuv bo‘yi bilan kelayotganimda birdaniga Chorsu tomondan 
qochib kelayotgan odamlar va ularni quvib kelayotgan, uchli shapka kiygan otliq sallotlarga ko‘zim 
tushdi. Sallotlar piyoda qochayotgan kishilarni quvib yetib, qilich bilan chopa boshladi. Qochgan 
qochib qoldi, qocholmagan boshidan ayrildi. Bir otliq men tomon xezlanib, qilich ko‘tarib ot qo‘ydi. 
Qochishga majbur bo‘ldim. Qochayotib, yoshligimizda rosa urinib hatlab o‘tolmagan katta Qorasuv 
arig‘idan qanday sakrab o‘tib ketganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Bir hovlining devoridan ham 
oshib o‘tib, devor ortidan sekin bosh chiqarib qarasam, haligi otliq ariqdan o‘tgani erindi shekilli, yo‘l 
bo‘yidagi boshqa kishilarni quvib ketdi... Keyin bilsam, bular Budyoniy degan katta bir 
qo‘mondonning sallotlari ekan...”  
Nihoyatda katta kuch bilan yalpi hujumga o‘tgan qizil armiya borgan sari saflari kamayib 
borayotgan, besh yillik urush, nosoz sharoit, ochlik va sarsonlikdan tinkasi qurigan ozodlik kuchlari 
ustidan ketma-ket g‘alabalarga erisha bordi. Ko‘plab yigitlar va qo‘rboshilar qirib tashlandi, bir 
qanchasi asir olindi, ba’zilari o‘z ixtiyorlari bilan taslim bo‘la boshladilar. O’sha urushning faol 
ishtirokchisi bo‘lgan, keyinchalik o‘ziga “Aziz Niallo” deb taxallus olgan yozuvchi Andrey 
Stashinevskiy kundalik daftar tutib, voqealarni yozib borgan. U o‘z kundalik daftaridagi alohida bir 
necha varaqqa taslim bo‘lgan, asir olingan, o‘ldirilgan qo‘rboshilar xronikasini yozib borgan ekan.  
Farg‘ona viloyatining o‘sha paytda markazi bo‘lib turgan birgina Qo‘qon shahrining o‘zidayoq 
1923—1924 yillar mobaynida yuzlab qo‘rboshilarning sudlari bo‘lib o‘tdi. Islom Polvonning sud 
jarayoni, ayniqsa, ko‘pchilikning esida qolgan ekan. Ochiq sud majlisi dastlab Amir Umarxon 
Jome’sida boshlandi. Xalq nihoyatda ko‘payib ketgach, majlisni Chorsu maydoniga ko‘chirishga 
majbur bo‘ladilar. Sud raisi rasmiyatchilik yuzasidan Islom Polvon va uning qo‘rboshilariga oqlovchi 
tayinlaganida qo‘rboshi qarshi chiqadi: 
— Men Allohim oldida ham, el-yurtim oldida ham oqman. Menga oqlovchining keragi yo‘q! — 
deb xitob etadi. Sud hukmini ham dod-voysiz, o‘ta vazminlik bilan qabul qiladi. Mahkumning qonuniy 
huquqi bo‘lgan oxirgi so‘zni berganlarida, so‘zini so‘zlab bo‘lib, oxirida xalqqa murojaat qiladi:  
— Mendan rozimisizlar?  
Odamlar javob berishga ulgurmasdan ko‘kda momaqaldiroq gumburlaydi. 
— Ana, Alloh-taolo mendan roziligini bildirdi, sizlar ham rozi bo‘linglar. 
Endi bu yerda hozir bo‘lgan xalq ham qo‘rquvni pisand qilmay: 
— Rozimiz, rozimiz, siz ham bizdan rozi bo‘lib keting! — deb hayqirib yuboradi... 
Minglab yigitlar asir olingani, yuzlab qo‘rboshilar qatl etilgani bilan kurash to‘xtab qolmadi. 
1924—1925 va undan keyingi yillarda Qo‘qonda Oybola Qo‘rboshi, Quvada Umarali Lashkarboshi, 
Isfarada Turdibek, G’orbuvo atrofida Ro‘zimuhammadbek, Oloy va O’zganda Jonibek Qozi va boshqa 
mintaqalarda boshqa qo‘rboshilar kurashni davom ettiradilar. Vodiyda eng uzoq qurolli kurash olib 

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
www.ziyouz.com кутубхонаси 
121
borish Jonibek Qoziga nasib etdi. Qozi 1934 yilgacha O’zgan, Qorashura, Oloy atroflarida jangni 
davom ettirdi va nihoyat, Qashqarga ketishga majbur bo‘ldi.  
Yuqorida nomlari qalamga olingan qo‘rboshilar ham vaqti-soatlari yetib, birma-bir shahid bo‘ldilar. 
O’z ixtiyori bilan sulh tuzib, taslim bo‘lib, yigirmanchi yillarda omon qolgan qo‘rboshilar ham o‘z 
ixtiyorlari bilan qizillarga xizmat qilganlar ham, o‘ttizinchi yillar qatag‘onining qatli omiga duchor 
bo‘ldilar. Hammalarini Alloh o‘z inoyatiga olgan bo‘lsin! 
Download 0.79 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   24




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling