Shuningdek, ehtiyojmand oilalar farzandlari, chin yetim, nogironligi boʻlgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat koʻrsatish boʻyicha yangi tizim joriy etilishi taʼkidlandi
Download 27.6 Kb.
|
Davlatimiz rahbari 2020
Davlatimiz rahbari 2020-yilda insoniyat boshiga kelgan jiddiy sinov — koronavirus kasalligi va uning xalqimiz turmush tarziga taʼsiri haqida toʻxtalib oʻtar ekan, xalqimiz bu qiyin kunlardan oʻzaro hamjihatlik va birdamlik bilan oʻtib kelganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, saxovatli xalqimizning mehru muhabbati, himmati qiyin kunlarda fuqarolarimizga katta madad boʻlganini taʼkidladi. Keyingi yillar davomida davlatimizda yoshlar siyosatida kechayotgan tub islohotlar zamirida kelajak avlod kamolotini taʼminlash, ularni jamiyatning eng muhim tashabbuskori sifatida kamol toptirish kabi ezgu gʻoya yotgani barchamizga yaxshi maʼlum. Murojaatnomada mazkur masalalarga ham alohida urgʻu berilib, yoshlar bandligini taʼminlash va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bugungi kunning eng muhim vazifasi ekani qayd etildi. Ayniqsa, farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasini yana-da yaxshilash, bu borada “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi” gʻoyasi asosida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilishi belgilandi. Mazkur fikrlarga hamohang ravishda Prezidentimizning kirib kelayotgan 2021-yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berish xususidagi taklifi barcha yurtdoshlarimiz tomonidan katta xursandlik bilan qabul qilindi. Davlatimiz rahbari yoshlarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha mavjud koʻrsatkichlarni yana-da oshirishda oʻz fikrlarini bildirar ekan, bu borada, avvalo, ehtiyojmand oila farzandlarini qoʻllab-quvvatlash eng muhim vazifalardan biri ekanini qayd etdi. Jumladan, keyingi yildan boshlab oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun davlat grantlari ikki barobar koʻpaytirilib, 2 mingtaga yetkaziladigan, aʼlo baholarga oʻqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda yashayotgan qizlarga maxsus stipendiyalar joriy etiladigan boʻldi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalar farzandlari, chin yetim, nogironligi boʻlgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat koʻrsatish boʻyicha yangi tizim joriy etilishi taʼkidlandi. Unga koʻra, 2021-yilda 900 nafar chin yetimni uy-joy bilan taʼminlash uchun birinchi marta davlat byudjetidan 50 milliard soʻm ajratiladi. Aytish mumkinki, hayotga joriy etilayotgan mazkur amaliyot orqali koʻplab ehtiyojmand oilalarning turmush tarzida qator yengilliklar paydo boʻladi, ota-ona mehriga toʻymagan yuzlab farzandlarimiz hayotida yangi sahifa ochiladi. Murojaatnomada bir qator sohalar qatori mahalla tizimidagi ishlarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, yurtimizdagi islohotlar natijalari, sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar va bunga aholining munosabati, ularning kayfiyati, avvalo, mahallada aks etishi, mahallada sezilishi zarurligi taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari bu boradagi oʻz fikrlarini davom etar ekan, “...Mahalla — yorugʻ yuzimiz va vijdonimiz koʻzgusi, desak, toʻgʻri boʻladi”, deya mahallaning odamlar hayotida naqadar muhim maskan ekaniga munosib baho berdi. Darhaqiqat, bugun “yuqoridan — quyiga” tamoyili asosida barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar mexanizmida mahallaning oʻrni va ahamiyati ortib bormoqda. Ayniqsa, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarining jarayonlar markazida boʻlishi, mahallasidagi mavjud muammolarni eng muhim masala sifatida mahalliy hokimliklar oldiga qoʻyishi boʻyicha yangi amaliyot tizimi yaratilmoqda. Prezidentimiz mazkur ish tizimini yoʻlga qoʻyish uchun bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlar quyiga tushib, oʻz sohasi boʻyicha mahallalardagi muammolarni oʻrganishi va ularga yechim topishi, natijalarni odamlar oʻz hayotlarida sezishi lozimligini taʼkidladi. Mahallaning nufuzini oshirish, buning uchun fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnik imkoniyatlari, tizim xodimlarining moddiy taʼminotini yaxshilash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish boʻyicha oʻz tavsiyalarini bildirdi. Mazkur masalalarni toʻlaqonli hal etish maqsadida joriy yilda tumanlar byudjetiga qoʻshimcha manbalarning kamida 10 foizini bevosita mahalladagi muammolarni hal etishga sarflash boʻyicha ishlar boshlanib, ushbu maqsadlarga 70 milliard soʻm ajratildi. Endi esa bu vakolatlar yana-da kengaytirilib, tuman byudjeti xarajatlarining yana 5 foizini qoʻshimcha ravishda ana shunday maqsadlarga yoʻnaltirish boʻyicha yangi tartib joriy etiladi va mahallalardagi aholi dolzarb deb hisoblaydigan muammolarni hal etishga sarflanadi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida mahalla tizimi xodimlarining vakolat va huquqlarini oshirish boʻyicha aniq masalalarni oʻrtaga tashlar ekan, mahalla raisi va uning oʻrinbosarlari vakolatlarini kengaytirib, ularga joylardagi aholi muammolarini bevosita hal qilish uchun zarur huquq va imkoniyat berish boʻyicha fikr bildirdi. Eng muhimi, yangi amaliyotga koʻra, endi mahalla raisi mahalliy hokimlik kengashi majlislarida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan masalalarni muhokamaga qoʻyadi va ularning yechimi boʻyicha oʻzining aniq takliflarini bildiradi. Bu tashabbus, oʻylaymanki, mahalladagi aholi muammolarini tezkor hal qilishda tizim xodimlariga katta imkoniyat beradi. Davlatimiz rahbari mahallada mehnat qilayotgan malakali va tashabbuskor xodimlarni davlat idoralari rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimini yoʻlga qoʻyilishida zarur koʻrsatmalarni berdi. Buning uchun Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasiga 2021-yil 1-aprelga qadar mahalliy ijro va vakillik organlari hamda mahalla instituti faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha zarur topshiriqlar berib oʻtdi. Mazkur hujjat loyihasida hokimlar, ularning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasi, vazifa va funksiyalari aniq belgilanadi. Murojaatnomada yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish borasidagi keng koʻlamli islohotlar mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritilib, davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi: “Bir haqiqatni aniq tushunib olishimiz kerak — kambagʻallik masalasi kredit, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan oʻz-oʻzidan hal boʻlib qolmaydi. Buning uchun taʼlim, sogʻliqni saqlash, kasb-hunarga oʻqitish, ichimlik suv, energiya va yoʻl infratuzilmasi bilan bogʻliq kompleks muammolarni hal etib borish kerak”. Taʼkidlanganidek, hududlardagi ehtiyojmand oilalar bilan manzilli va tizimli ish olib borish boʻyicha yurtimizda yangicha ish tartibi — “Temir daftar” tizimi yaratildi. Buning natijasida ayni vaqtda joylarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar haqida aniq maʼlumotlar shakllantirilib, ularga zarur ijtimoiy yordam koʻrsatilmoqda. Ayniqsa, 2021-yildan toʻliq ishga tushiriladigan “Ijtimoiy reyestr” orqali ehtiyojmand oilalarga oʻttizdan ziyod ijtimoiy xizmat elektron shaklda koʻrsatilishi yurtdoshlarimizga katta qulayliklar yaratadi. Murojaatnomada ehtiyojmand aholi qatlamini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi. Jumladan, yurtdoshlarimizning oʻz kasbiy koʻnikmalari orqali daromad topishini taʼminlash maqsadida 2021-yili mahallalarda aholini kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha mingdan ziyod markaz tashkil etiladi. Bu jarayonda kasb-hunarga oʻqitilgan har bir shaxs uchun oʻquv markazlariga bir million soʻmgacha subsidiya berilib, buning uchun byudjetdan 100 milliard soʻm ajratiladi. Oʻquv kurslarini tamomlab, oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan fuqarolarga uskunalar xarid qilish uchun 7 million soʻmgacha subsidiyalar taqdim etiladi. Albatta, davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan bu kabi ijtimoiy qoʻllab-quvvatlov ehtiyojmand oilalar hayotida katta ijobiy burilish yasashi bilan birga, ularning doimiy daromad topishida muhim qadam boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbarining keng qamrovga ega va hayotimizning turli jabhalarini qamrab olgan Murojaatnomasi xalqimiz turmush darajasini yana-da oshirish hamda jamiyatimizdagi mavjud muammolarni tezkor hal etishdagi dolzarb ahamiyati bilan barchamiz uchun qadrlidir. Download 27.6 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling