Sifat otga bog‘lanib, uning belgisini bildiradigan va «qanday?», «qanaqa?» so‘roqlariga javob bo‘ladigan so‘zlarga sifat deyiladi. Sifatlar narsa-buyumning begisini bildiradi, belgi deganda, rang-tus, maza-ta’m, shakl-hajm


Download 34.72 Kb.
Sana18.02.2020
Hajmi34.72 Kb.

SIFAT

Otga bog‘lanib, uning belgisini bildiradigan va «qanday?», «qanaqa?» so‘roqlariga javob bo‘ladigan so‘zlarga sifat deyiladi.

Sifatlar narsa-buyumning begisini bildiradi, belgi deganda, rang-tus, maza-ta’m, shakl-hajm, xil-xususiyat kabilar tushuniladi.

Sifat gapda aniqlovchi, hol yoki kesim bo‘lib keladi. Sifat gapda otga bog‘lansa aniqlovchi, fe’lga bog‘lansa, hol, gapning oxirida kelsa, kesim vazifasini bajaradi. M-n: Aniqlovchi: Uchqur otim bor (qanday ot? –uchqur);



Hol: Men yaxshi o‘qiyman (qanday o‘qiyman? – yaxshi);

Kesim: Ummon bepoyondir. (Ummon qanday? –bepoyon).

Sifatlar tarkibiga ko‘ra tub va yasama sifatlarga bo‘linadi. Tarkibida so‘z yasovchi

qo‘shimchalar bo‘lmagan sifatlar tub sifatlar, masalan, baland, pakana, keng, puchuq, kalta, so‘lim kabi, asos va so‘z yasovchi qismdan iborat bo‘lgan sifatlar yasama sifatlar hisoblanadi. M-n: chiroyli, devoriy, kuzgi, qiziq, sergap, tiniq.

Yasama sifatlar asosga qo‘shimchalar qo‘shish yoki so‘z qo‘shish yo‘li bilan hosil qilinadi.



M-n: shirali, mazmundor, serunum, ko‘ylakbop, sersavlat, o‘ymakor, tabaqali, kasalmand, sezgir, qadimiy kabi sifatlar asosga qo‘shimcha qo‘shish orqali yasalgan sodda yasama sifatlar.

Kamquvvat, xushfe’l, kamhosil, yebto‘ymas, ishyoqmas, erksevar, ochko‘z kabi ikki asosning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan qo‘shma sifatlar ham yasama sifat hisoblanadi.

-li, ser-, -dor, -siz, no-, -chan, -ma, -iy(-viy) kabi qo‘shimchalar sifat yasovchi qo‘shimchalar hisoblanadi.

-li: shirali, mevali, jozibali, ilmli, ma’rifatli, ongli, foydali, vassali, mashaqqatli, bolali, xosiyatli,

-ser: sersuv, sersut, sergap, sersavlat, sertokcha, serharakat,

ba-: basavlat,

-dor: bo‘ydor, rangdor, go‘shtdor, shirador, nomdor, unumdor

-siz:do‘stsiz, mevasiz, tartibsiz,

-chan: talabchan,

no-: noaniq,

be-: bebaxt, beg‘ubor, bexatar

-ma: yasama,

-(v)iy: mafkuraviy, hajviy, ilmiy, devoriy, insoniy, turkiy, forsiy, qadimiy;

-q: sovuq, iliq, yumaloq, dumaloq, quruq, chaqnoq, yumshoq

-gi (-ki, -qi): sayroqi, dastlabki, kechki, kuzgi, tashqi, ichki, har kungi, oqshomgi, qishki, qadimgi;

-gich (-kich, -qich, -g‘ich): yulg‘ich

-iq: tiniq, ochiq;

-vor: ulug‘vor,

-imli: yoqimli,

-kash: mehnatkash, zahmatkash, dilkash;

-qin: jo‘shqin,

-in: yashirin,erkin, to‘lin

-kor: gunohkor o‘ymakor;

-go‘y: rostgo‘y;

-chan: o‘ychan;

-simon: odamsimon,

-mand: davlatmand, kasalmand;

-arli: yetarli, qoniqarli;

-dek/-day: shishadek, ipakday.

ESDA TUTING. -li, -dor, ba-, ser-, -mand qo‘shimchalari asosda ifodalangan belgiga egalikni bildiradi. M-n: mevali – mevasi bor, mevaga ega. Bu qo‘shimchalar (-mand qo‘shimchasidan tashqari) asosda ifodalangan belgiga ega emaslikni bildiruvchi no-, -siz, be- (m-n: mevasiz – mevasi yo‘q) qo‘shimchalari bilan zid ma’nolidir.

-gi (-ki, -qi) qo‘shimchasi payt va o‘rin bildiruvchi otlarga qo‘shilib, payt va o‘ringa xos belgini, -simon qo‘shimchasi o‘xshashlik belgisini, -(v)iy

qo‘shimchasi xoslik belgisini bildiruvchi sifatlar yasaydi.

M-n: kuz+gi, oqshom+gi, tong+ gi, ich+ki;

Tuxum+simon, maymun+simon, shar+simon;

Devor+iy, mantiq+iy, fors+iy.

Sifatlar tuzilishiga ko‘ra sodda, qo‘shma, juft va takroriy bo‘ladi. Bir asosdan iborat bo‘lgan sifatlar sodda sifatlar sanaladi: benuqson, dono, bilimli, topqir, zukko.

Ikki va undan ortiq asosdan tarkib topgan sifatlar qoshma sifatlar hisoblanadi. Qo‘shma sifatlar, asosan, qo‘shib yoziladi.

M-n: tinchliksevar, ochko‘z, kulrang, mehmondo‘st, devqomat, sheryurak, jigarrang, umumbashariy, hayotbaxsh, xushbo‘y, xushsurat, xushqad, erksevar, shirinso‘z, ichakuzdi, osmono‘par, oqko‘ngil, balandparvoz, toshbag‘ir, ishyoqmas, sofdil, jonkuyar, kaltafahm, shirinsuxan.



Xona, noma, poya, bop, xush, ham, baxsh, kam, umum, rang, mijoz, sifat, talab kabi so‘zlar yordamida yasalgan qo‘shma ot va qo‘shma sifatlar qo‘shib yoziladi: qabulxona, tabriknoma, taklifnoma, bedapoya, xushxabar, hamsuhbat.

SIFATNING TUZILISHIGA KO’RA TURLARI

O‘zaro yaqin yoki zid ma’noli ikki asosning juft kelishidan hosil bo‘lgan sifat juft sifat hisoblanadi. Juft sifat qismlari chiziqcha bilan yoziladi: Qing‘ir-qiyshiq, g‘adir-budur, egri-bugri, katta-kichik, yengil-yelpi, mayda-chuyda, eski-tuski, uzuq-yuluq, qora-qura.

ESDA TUTING. Juft sifat qismlari -u, -yu vositasida bog‘lansa, ular ajratib yoziladi: yakka-yu yagona.

Bir asosning aynan takrorlanishidan hosil bo‘lgan sifat takroriy sifat sanaladi: katta-katta, yangi-yangi, mayda-mayda, qiziq-qiziq, lo‘ppi-lo‘ppi, lo‘nda-lo‘nda,

oppoq-oppoq, shirin-shirin, achchiq-achchiq, chaqqon-chaqqon, shoʻx-shoʻx, yirik-yirik. Takroriy sifatlar belgini ta’kidlab, kuchaytirib ifodalaydi. Takroriy sifat qismlari chiziqcha bilan ajratib yoziladi.

ASLIY VA NISBIY SIFATLAR

Belgini to‘g‘ridan to‘g‘ri ifodalaydigan va uni darajalab ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan sifatlar asliy sifatlar deyiladi: gozal, chiroyli, shirin, oq,



aqlli, yuzaki. Bunday sifatlar -roq qo‘shimchasini qabul qiladi.

M-n:aqlli-aqlliroq, chiroyli –chiroyliroq.



Berilgan so‘zlarni eng, juda, sal so‘zlari bilan birika oladigan va birika olmaydigan guruhlarga ajrating.

Qora, qizil, qishki, soyaki, xushbichim, do‘ppili, beor, serg‘alva, devsifat, devoriy.

Belgini to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, balki boshqa bir tushunchaga nisbatlagan holda ifodalaydigan va daraja ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lmagan sifatlar nisbiy sifatlar deyiladi: qishki, kochma, derazali, devoriy, ro‘molli, sermeva, erksevar, paxtali, tonggi, so‘nggi, kuzgi, chillaki, yuzaki. Bunday sifatlar -roq qo‘shimchasini qabul qilmaydi.

Nisbiy sifatlar: iroqi, oilaviy, sharsimon, koʻchma, derazali, qishki, devoriy.

Nisbiy sifatlar odatda, otlashmaydi, lekin ba’zan otlashishi ham mumkin: kuzgi bugʻdoy – bugʻdoyning kuzgisi.

SIFAT DARAJALARI

Belgining ortiq yoki kamlik jihatidan farqlanishi sifat darajalari, ana shunday ma’no ifodalovchi shakllar esa daraja shakllari deyiladi.

ESDA SAQLANG. Sifatning quyidagi to‘rt xil darajasi mavjud:

1) oddiy daraja;

2) qiyosiy daraja;

3) orttirma daraja;

4) ozaytirma daraja.

Belgining odatdagi me’yorda ekanligini bildiruvchi va boshqa darajalar uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi sifat shakli oddiy daraja shakli deyiladi.

M: qizil, sariq, dangasa, baland, bahavo.

Bunday sifatlarda maxsus daraja hosil qiluvchi vosita boʻlmaydi.

Belgining me’yordan ortiq ekanligini bildirgan sifat shakli orttirma daraja shakli deyiladi.

ESDA SAQLANG. Sifatning orttirma daraja shakli quyidagi yo‘llar bilan hosil bo‘ladi:

1) oddiy daraja shaklidagi sifat oldidan eng, goyat, juda, nihoyatda, bagoyat, jiqqa, toʻq, gʻirt, tim, biram, behad, mislsiz, tengsiz, nihoyasiz, beqiyos so‘zlari keltiriladi: juda qizil, goyat shirin, toʻq qizil.

2) oddiy daraja shaklidagi sifatning birinchi bo‘g‘ini tovush o‘zgarishi bilan takrorlanadi (oddiy darajadagi sifatning bosh qismiga p, s yoki m tovushlaridan mos kelganini qoʻshib, ortidan sifatning oʻzi takrorlanadi): bus-butun, kap-katta, yam-yashil, qup-quruq.

Yoki sifatning dastlabki qismiga –ppa elementi qoʻshib ortidan oʻzi keltiriladi: soppa-sogʻ, teppa-teng; oppa-oson kabi.

Bunday sifatlar ya’ni fonetik usul asosida hosil qilingan kuchaytirma sifatlar chiziqcha bilan ajratib yoziladi va urgʻu bunday soʻzlarning 1-boʻgʻiniga tushadi. (faqat oppoq soʻzi bundan mustasno).

Belgining me’yordan biroz oz yoki ko‘p ekanligini qiyosan ifodalaydigan sifat shakli qiyosiy daraja shakli deyiladi. Qiyosiy daraja shakli –roq qo‘shimchasi yordamida yasaladi: baland-balandroq.

Belgining me’yordan kam ekanligini bildiruvchi shakl sifatning ozaytirma daraja shakli hisoblanadi.

Ozaytirma shakl sifatning oddiy daraja shakli oldiga sal, biroz, picha, xiyla, nim, ozgina, andak, och so‘zlarini qo‘shish orqali hosil qilinadi.

M-n: sal past, picha baland, ozgina yaxshi kabi.

Rang-tus bildiruvchi ayrim sifatlardan -(i)mtir, -ish qo‘shimchalari yordamida ham ozaytirma daraja shakli yasaladi: koʻk – koʻkish- koʻkimtir;

!!!-gina, -kina, -qina qoʻshimchalari esa subyektiv baho yoki modal shakl qoʻshimchasi deb beriladi: yumshoqqina, doʻmboqqina.



SIFATNING MA’NO GURUHLARI

Sifatlar qanday belgini ifodalashiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi:

1) xususiyat sifatlari;

2) rang-tus sifatlari;

3) maza-ta’m sifatlari;

4) hajm-o‘lchov sifatlari;

5) hid bildiruvchi sifatlar;

6) makon-zamon belgisini bildiruvchi sifatlar.

Narsalarning turli xususiyat-holatlarini bildirgan sifatlar xususiyat sifatlari, hajmi, vazni, o‘lchovi va shaklini bildirgan sifatlar hajm-olchov sifatlari,

o‘rin va vaqtga nisbatan belgilarini bildirgan sifatlar makon-zamon sifatlari deyiladi. Narsalarning rang-tusini bildirgan sifatlar rang-tus sifatlari, maza-ta’mini bildirgan sifatlar maza-ta’m sifatlari, hidini bildirgan sifatlar hid sifatlari deyiladi.

Xususiyat sifatlari: xursand, quvnoq, gʻamgin, shoʻx, kamtar, ahmoq, shaddod, baroq, yoʻrgʻa, boqiy, foniy, qaltis, gʻalati, iliq, issiq, salqin, xarob, xasta, xafa, osuda, muhtoj, toʻq, farovon, shalabbo, xor, mosuvo, dargʻazab.

Hajm-oʻlchov sifatlari: baland, uzun, qisqa, keng, tor, yirik, jimitday, hayhotday, tubsiz, azim, ogʻir, yengil, vazmin, katta, dumaloq, qabariq, tuxumsimon, choʻzinchoq, qiyshiq, botiq, yassi.

Makon-zamon sifatlari: yozgi, bulturgi, qishki, kechki, kuzgi, qadimgi, ichki, tashqi, ostki, ustki, yuqorigi, bugungi, burungi, bahorgi, avvalgi, oldingi, ilk, dastlabki.

Rang-tus sifatlari: sap-sariq, olachipor, pushti, zangori, alvon, ol, gungurt, nafarmon, shafaqrang, zargʻaldoq, gunafsharang, moviy, sapsar, qoʻngʻir.

Maza-ta’m sifatlari: shoʻr, nordon, taxir, kakra, laziz, achchiq, chuchmal, shirin, bemaza.

Hid sifatlari: muattar, xushboʻy, badboʻy, qoʻlansa, sassiq.

Sifat bog‘lanib kelgan ot ba’zan gapda tushib qoladi. Bunday vaqtda uning ma’nosi ham sifatga yuklanadi. Natijada sifat otlashib, egalik, kelishik,

ko‘plik qo‘shimchalari bilan o‘zgarish xususiyatiga ega bo‘ladi va ot bajargan sintaktik vazifalarda keladi.



Otlashish. Otlashish - otdan boshqa so'zning nutq jarayonida o'z vazifasini bajara turib, vaqtincha ot turkumi vazifasini ham zimmasiga olishi. Otlashishning 4 ta muhim belgisi bor:

1. Otlashgan so'z bog'langan ot tushib qolgan bo'ladi: Yaxshi (odam) oshini yer, yomon (odam) - boshini.

2. Otlashgan so'z otning shakl yasovchi qo'shimchasini oladi: Yaxshidan adashma, yomonga yondashma.

3. Otning so'rog'iga javob bo'lishi mumkin: Intilganga (kimga?) tole yor.

4. Otning sintaktik vazifasini bajaradi: Shakarning ozi shirin.

Sifat, son, ravish, shu uch so'z turkumi o'mida qo'llanuvchi olmosh, fe’lning sifatdosh shakli, taqlid, undov va ayrim modal so'zlar otlashish xususiyatiga ega. Chunki ular o'zi bog'langan otni tushirib, uning grammatik shakli va sintaktik xususiyatiga ega bo'la oladi. Ot vazifasidagi olmosh va fe’lning harakat nomi shakli otlashmaydi. Ular - ot vazifasini bajaruvchi so'z.

Sifat otlashganda, otning so'rog'ini oladi: Qizilini qo'yib, ko'kini berdi. Yaxshi bilan yurding - yetding murodga. Otlashib egalik, kelishik, ko'plik shakllarini qabul qiladi: qizilini yoqtirmoq, kattalar, yaxshilar va hokazo. Ot bilan ifodalangan bo'lakka sifatlovchi-aniqlovchi bo'la oladigan har qanday so'z otlashadi. Sifat otlashganda u birikkan ot tushib qolib, vazifasi va grammatik shaklini sifat egallaydi: Yomon kishidan yaxshilik kutma gapida yomon sifati oddiy daraja, sifatlovchi-aniqlovchi vazifasida, kishi oti esa chiqish kelishigida, birlikda, to'ldimvchi vazifasida. Yomondan yaxshilik kutma gapidagi yomon sifati otlashgan, ya’ni tushirilgan otning chiqish kelishigi, birlik son shakli va to'ldiruvchi vazifasini olgan. Otning har qanday grammatik shaklini olgan so'z otlashgan bo'lavermaydi. Otlashish uchun so'z bog'langan ot tushirilishi ham lozim. Buni aniqlash uchun tushirilgan otni tiklab ko'rish kerak: Bilimli o'zadi - bilimli kishi o'zadi. Lekin Olmaning qizilini yeyman gapida ot tushirilmaganligi tufayli uni tiklab bo'lmaydi: Olmaning qizil olmasini yeyman kabi. Bunda sifat otlashmagan.

TEST


  1. Sinonimlar qatoridan shakl belgisidan tashqari xususiyat belgisini ham ifodalaydigan so`zlarni belgilang.

1)katta; 2)ulug` 3)ulkan; 4)buyuk; 5)gigant.

A)2, 4 B)1, 3 C)1, 5 D)3, 5



  1. Predmetning oʻrin va paytga koʻra belgisini bildiruvchi sifatlar qatorini toping.

A)keng, katta, uzun B)ochiq, yoh, keksa

C)oq, sariq, ko`k D)ichki, ertalabki, kuzgi

3. Quyida berilgan tez aytishlarning qaysi birida sifat turkumiga oid so`z egani aniqlab kelgan?


  1. Erkin ertagi ekin ekishni ertaga ertalab eplaydi.

  2. Oqil oq olma oldi, oq olmani Oqil oldi.

  3. Oʻtkir oʻtkir oʻroqda oʻt oʻrdi.

  4. Norning nordon anori narida.

4.Qaysi javobda asliy sifatlar ishtirok etgan?

  1. Shohi roʻmolli ayol bilan koʻrishdi.

  2. Bugungi ishni ertaga qoʻyma.

  3. Achchiq savol berib, shirin javob kutma.

  4. Xonaga beqasam toʻn kiygan doʻppili kishi kirib keldi.

5.Sof ilmiy uslub fan sohasidagi kishilarga nisbatangina qoʻllaniladi, shuning uchun bu uslubda fanning ma’lum sohasigagina doir atamalar keng qoʻllaniladi.

Ushbu gapda nechta ot va sifat turkumiga oid yasama soʻzlar ishtirok etgan?



  1. 5 ta B)4 ta C)3 ta D)2ta

6.Ot+ ot shaklidagi qoʻshma sifatlarni belgilang.

1)devsifat, 2)bodomqovoq, 3)xushovoz, 4)suvosti, 5)yoqavayron, 6)duotalab, 7)jonkuyar;



    1. 1, 3, 5, 7 B)1, 2, 5, 6 C)2, 3, 4, 7 D)1, 2, 4, 6

7.Orttirma darajadagi yasama sifat qo`llangan gapni aniqlang.

a)Ular uchun eng bexatar yo`l Toshkent edi.



    1. Insonning hayot yo`li g`oyat murakkab.

    2. Hamma yoq top-toza.

    3. Ko`m-ko`k osmonda suzib yurgan paxtadek yumshoq bulutlar yonayotgandek lovullardi.

8.Qaysi maqolda sifat harakat-holatning belgisini bildirgan?

      1. Kattaga hurmatda bo`l, kichikka izzatda bo`l.

b)O`ynab gapirsang ham o`ylab gapir.

c)Birlashgan o`zar, birlashmagan to`zar.

d)Nonni katta tishlasang ham, gapni katta gapirma.

9.Quyida keltirilgan gapdagi ot turkumiga oid so`zlar miqdorini aniqlang.

Mehnat bilan topilgan boylik qadrini tushunib yetgan o`g`il pulni o`ylab ishlatadigan, xayrli yo`llarga sarflaydigan bo`ldi.

a)8 B)6 C)7 D)5

10.Quyidagi misralarda –lar qo`shimchasi qanday ma`no ifodalagan?

Sening xotirangni unutmas also,

Mening yuraklarim, O`rta Osiyo.


  1. Ko`plik

  2. Tur

  3. Hurmat

  4. Kuchaytirish

11.Quyida keltirilgan gapda nechta yasama sifat mavjud?

Tarixni o`rganishdan asosiy maqsad- milliy o`zligimizni chuqurroq anglash.



    1. 3 B)1 C)2 D)Yasama sifat qatnashmagan

12.Quyida keltirilgan gapdagi yasama so`zlarning nechtasi sifat turkumiga mansub?

Hayotdan ham qadrliroq narsa bor bo`lsa, bu - sog`liq, o`limdan ham qo`rqinchliroq narsa bor bo`lsa, bu – kasallik, hayotga teng narsa- boylik, o`lim bilan barobar narsa-faqirlik.

a)2 B)4 C)3 D)5

13.Yaxshiga yaxshi nom fe`lidan yetar,

Sha`niga barcha el rahmatlar aytar,

Yomon bag`rini tosh aylasa, yaxshi-

Yurak qo`ri bilan toshni eritar.

Berilgan she`riy parchadagi otlashgan sifatlar qanday gap bo`laklari vazifasida kelgan?



  1. Vositali to`ldiruvchi, ega, ega

  2. Vositasiz to`ldiruvchi, ega, ega

  3. Vositasiz to`ldiruvchi, sifatlovchi aniqlovchi, kesim

  4. Vositali to`ldiruvchi, sifatlovchi aniqlovchi, kesim

14.Har ikkala qismi ham yasama so`zdan hosil bo`lgan juft sifatlar ko`rsatilgan qatorni aniqlang.

1)ilmiy-ommabop; 2)aqlli-hushli; 3)uyma-uy; 4)meva-chevali; 5)qishin-yozin;



    1. 2, 4, 5 B)1, 2 C)1, 3, 5 D)1, 2, 5

15.Quyidagi berilganlardan nechtasi yasama sifat sanaladi?

Xushmanzara, xushnud, xushxabar, xushomad, xushovoz, xushfe`l, xushbichim.

A)4 B) 3 C)5 D)6

16.Qaysi gapda ikkita otlashgan so`z mavjud?

a)Yuk ko`targan yuzaga chiqar.


    1. Ko`pdan ayrilganni bo`ri yer.

    2. O`ng qo`ling berganini chap qo`ling bilmasin.

    3. Uyida tinchi yo`q odamning azobi har kun.

17.Oltin tuproq,

Zumrad dalam,

Ipak karvon,

Olmos qal`am.

Kuzda ketgan qushlari ham.

Bahor qo`msab qaytgan ayvon –

O`zbekiston, O`zbekiston!

Ushbu she`riy parchada ot turkumiga mansub so`zlar necha o`rinda qo`llangan?

A)14 B)9 C)13 D)10

18.Xalqlarning o`zaro bordi – keldisi tarixda tabiiy holdir.

Ularning o`zaro munosabatlarida tenglikning bo`ishi esa birinchi shartdir.

Berilgan parchada ot turkumiga oid so`zlar necha o`rinda ishtirok etgan?



  1. 7 B)5 C)8 D)6

19.Sifat turkumiga oid soʻzlae qaysi javobda berilgan?

A)chiniqqan, oʻqigan, esayotgan C)mayin, yoqimli, quvnoq

B)soʻnmas, oqar, sehrlovchi D)birinchi, ishchi, toʻquvchi

20. Ushbu soʻzlarning qaysi biri sifat turkumiga mansub?

1)qotishma; 2)moslama; 3)qoʻshma; 4)uydirma; 5)tenglama; 6)hovliqma.

A)1, 3, 4 B)1, 3, 6 C)3, 5, 6 D)3, 4, 6

21. Qaysi qatordagi soʻzlar faqat sifat soʻzlardan iborat?

A)yongʻin, toshqin, tuzdon B)uchqun, toʻlqin, bilimdon, qalamdon

B)soʻlgʻin, turgʻun, suvdon D)yorqin, ozgʻin, gapdon, qadrdon

22.Ushbu soʻzlarning qaysi biri sifat turkumiga xos?

1.qazilma; 2.moslama; 3.burama; 4.tenglama; 5.qotishma; 6.sochma

A)4, 5, 6 B)2, 4 C)1, 3, 6 D)1, 3, 4




Download 34.72 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling