Sivilizatsiya tushunchasi va uning mohiyati
Download 20.77 Kb.
|
тезис
Sivilizatsiya tushunchasi va uning mohiyati Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika Universiteti 1-kurs tarix magistranti Tadjiyev Anvar Gafurjonovich "Sivilizatsiya" atamasi bugungi kunda rivojlanish, taraqqiy etish, ilmiy-madaniy yuksalish, madaniyat, tamaddun kabi so'zlarning muqobili sifatida qo'llanilayotgani barchamizga ma'lum. Lekin har qanday atama yoki nomning kelib chiqish tarixi bo'lganidek, "sivilizatsiya" tushunchasining ham yuzaga kelish tarixi mavjud va shu haqda qisqacha to'xtalib o'tsak. Ushbu tushunchaning yuzaga kelishi Ma'rifatparvarlik davridagi Yevropa fani va adabiyotining yutug'idir. Ammo sivilizatsiya haqidagi ilk tushunchalar ancha ilgari yuzaga kelgan. Sivilizatsiya so'zi lotincha sivilis - fuqarolikka, davlatga, shaharga taalluqli ma'nolarini anglatuvchi o'zakdan kelib chiqqan. U "silvaticus", ya'ni lotinchadan tarjima qilganda qo'pol, yovvoyi so'ziga qarshi ma'noda qo'llanilgan. Sivilizatsiya tushunchasi "madaniyat" tushunchasi bilan uzviy bog'liq ravishda paydo bo'lgan. Dastlab madaniyat va sivilizatsiya tushunchalari sinonim sifatida qo'llanilgan, ammo bora-bora bu ikki atama o'rtasida farq paydo bo'ldi. Masalan, nemis faylasufi I.Kant bu tushunchalar o'rtasidagi yaqinlik va tafovut mavjudligini ko'rsatib o'tgan edi. Ko'pchilik faylasuflar "sivilizatsiya" deganda jamiyatning moddiy-texnika yutuqlarini, "madaniyat" deganda esa faqat uning ma'naviy qadriyatlarini tushunishgan. XX asr boshlariga kelib, nemis faylasufi O.Shpengler "Yevropa quyoshining so'nishi" asarida madaniyat va sivilizatsiya tushunchalarini bir-biriga qarama-qarshi qo'ydi. Uning fikricha, sivilizatsiya madaniyatning eng yuqori bosqichi bo'lib, undan keyin esa madaniyat asta-sekin inqirozga yuz o'giradi. Nemis faylasufi sivilizatsiya deganda texnik- mexanik jarayonlar majmuini nazarda tutgan. Madaniyatning paydo bo'lishi insoniyatning yovvoyilikdan keyingi davri bilan bog'liq bo'lsa, sivilizatsiya - tarixiy jarayon, ijtimoiy hodisadir. Sivilizatsiyaning rivojlanishi jamiyatni yuksaltirishga olib keladi, natijada bu jamiyat fuqarolar erkinligini ta'minlash imkoniyatini yaratadi. Sivilizatsiyali hayotda insonlar jamiyatga birlashadilar va ana shu jamiyatning inson kamoloti va madaniy yuksalishi yo'lida shart-sharoitlar yaratishiga erishadilar. Sivilizatsiya kategoriyasining serqirraligi va serma'noligi tufayli unga aniq ta'rif berish mushkul. "Sivilizatsiya" ning yuzdan ortiq ta'riflari mavjud bo'lib, har bir o'ziga xos ta'rifida ijtimoiy hayotning ma'lum tomonlari, jihatlariga alohida urg'u beriladiki, bu umuman sivilizatsiyaning ijtimoiy hodisa sifatidagi mohiyatini to'laroq anglab etishga xizmat qiladi. Sivilizatsiya tushunchasining tarixiy-falsafiy mohiyati - tarixiy jarayonning birligi va ushbu jarayon davomida insoniyatning moddiy-texnik hamda ma'naviy yutuqlarning majmui. Sivilizatsiya umumjahon tarixiy jarayonining ijtimoiylikning ma'lum darajasiga erishish bilan bog'liq bosqichini ham anglatadi. Sivilizatsiyaning yana bir ma'nosi - madaniyatning zamon va makonda chegaralangan tarixiy tipi (Misr sivilizatsiyasi, Mesopotamiya sivilizatsiyasi va b.). Shveytsariyalik tarixchi J.Starobinskiyning fikricha, sivilizatsiya tushunchasini ilk bor fransuz iqtisodchisi Viktor Riketi Mirabo (1715-1789 yy) o'zining "Qonunlar do'sti" asarida qo'llagan. 1767 yilda u shotlandiyalik ma'rifatparvar Adam Fergyusson (1723-1816) asarida paydo bo'ldi. O'shanda ushbu atama madaniy taraqqiyotning umumiy darajasini anglatgan. Sivilizatsiya ma'rifatsiz xalqlarga, qorong'u feodalizm davri va o'rta asrlarga qarama-qarshi qo'yilgan. A.Fergyusson ibtidoiy jamiyat tarixini davrlashtirish mezoni sifatida "madaniyatning o'zlashtirish darajasini" ilgari surdi: yovvoyilik, varvarlik, sivilizatsiya. Keyinchalik shved olimi S.Nilson bu davrlashtirishni bir oz to'g'irladi va to'ldirdi: yovvoyilik, nomadizm (yunon. nomados - ko'chib yuruvchi, ko'chmanchilik), dehqonchilik va sivilizatsiya. Ma'rifatparvarlik davridagi ensiklopediyalarda sivilizatsiya tushunchasi taraqqiyot konsepsiyasi bilan uyg'unlashib ketdi. Fransuz faylasuf ma'rifatparvarlari aql va adolatga asoslangan jamiyatni sivilizatsiyalashgan jamiyat deb bilganlar. Sivilizatsiya tushunchasiga turlicha mazmun berish davom etdi va XVIII asrdan "sivilizatsiya" tushunchasi tarixchilar lug'atidan mustahkam o'rin oldi. Shu davrdan sivilizatsiyaning turli nazariyalari shakllana boshladi. O'z asarlarida tarixning yo'nalishi, shuningdek tarixiy jarayonda yagonalik va rang-baranglikning o'zaro nisbati muammolarini ayniqsa to'la qamrab olgan dastlabki tadqiqotchilardan biri italyan faylasufi Jambatissta Viko (1668-1744) o'zining "Millatlar umumiy tabiati haqidagi yangi fan asoslari" deb nomlangan risolasida jahon tarixining barcha xalqlar uchun yagona bo'lgan tarixiy aylanma harakat sifatidagi dunyoviy konsepsiyasini ilgari surgan. Viko fikriga ko'ra, barcha xalqlar o'z rivojlanishida bir xil bosqichlardan o'tadi: ibtidoiy varvarlik ("xudolar asri")dan feodalizm ("qahramonlar asri") orqali demokratik respublika yoki konstitutsiyaviy monarxiya ("sivilizatsiya asri") sari harakatlanadi. Har bir tsikl mazkur jamiyatning umumiy inqirozi va parchalanishi bilan tugaydi. Tsikl yakunlangach, rivojlanish jarayoni yangilanadi va ayni shu bosqichlardan, lekin yuqoriroq darajada o'tadi. Vikoning g'oyalari madaniyatlar va sivilizatsiyalarning rivojlanishida tsikllilik nazariyalari (Danilyevskiy, Shpengler, Toynbi)ga asos bo'lgan. 1877 yilda amerikalik tarixchi va etnograf L.Morgan (1818-1881yy) o'zining "Qadimgi jamiyat" kitobida sivilizatsiya atamasini yagona madaniy-tarixiy jarayonning ma'lum darajasini belgilash uchun qo'llashni taklif etdi. Morgan sistemasida ham ibtidoiy jamiyat taraqqiyoti yovvoyilik, varvarlik va sivilizatsiya bosqichlaridan iborat, ammo u yovvoyilik va varvarlik davrlarining har birini, xo'jalik va moddiy madaniyat taraqqiyotining belgilariga ko'ra quyi, o'rta va yuqori bosqichlarga bo'ladi. Ushbu davrlashtirishda ishlab chiqarish kuchlari rivojining darajasi mezon bo'lib xizmat qiladi. Tarixni o'rganishga sivilizatsion yondashuv asoschilaridan biri rus tabiatshunos olimi N.Ya.Danilyevskiy (1822-1885) bo'lgan. U har biri alohida-alohida mavjud bo'lgan, faoliyatning to'rt muhim shakli yoki sivilizatsiyalar "asosi" - diniy, madaniy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy asoslar orqali namoyon bo'luvchi madaniy-tarixiy tiplar (sivilizatsiyalar) haqidagi konsepsiyani ilgari surgan. Madaniy-tarixiy tiplar, biologik organizmlar kabi, tashqi muhit va bir-biri bilan uzluksiz kurash jarayonida bo'ladi va vujudga kelish, voyaga etish, qarish va halok bo'lish bosqichlaridan o'tadi. Nemis faylasufi va tarixchisi Osvald Shpengler (1880-1936 yy) ning fikricha, "sivilizatsiya" har qanday madaniyat taraqqiyotining muayyan tugal bosqichini bildiradi. Sivilizatsiyani bunday davr tanazzuli sifatida tushunish madaniyatning bir butunligi va tabiiyligiga ziddir. O.Shpengler "Yevropa quyoshning so'nishi" asarida G'arbiy Yevropa tarixiga xos evropotsentrizm, panlogizm, istorizm, to'g'ri chiziqli progressizm printsiplarini tanqid qildi va madaniy - tarixiy jarayonning aylanma harakati nazariyasini yaratdi. Bu nazariya sivilizatsiyaning tsiklli rivojlanishi, ya'ni takrorlanib turishi haqidagi konsepsiyaga olib keldi. Shpengler ijtimoiy taraqqiyotning bir chiziqli yevroposen- tristik sxemasiga tanqidiy yondashgan. U insoniyat tarixida sakkiz madaniyat: Misr, Hind, Bobil, Xitoy, Yunon-rim, Sharq, G'arbiy Yevropa va Mayya madaniyatlarini farqlagan. Shpengler fikriga ko'ra, har bir madaniy organizm ma'lum hayot muddati (taxminan ming yil) mobaynida mavjud bo'ladi, shundan so'ng u sivilizatsiyaga aylanadi va halok bo'ladi. Har bir madaniyat o'z teran mazmuniga ega bo'ladi va tarixiy jarayonda bir xil ahamiyat kasb etadi. Ingliz tarixchisi va sotsiologi Arnold Toynbi (1889-1975) sivilizatsiyani yaxlit ijtimoiy tizim sifatida ifodalagan. U o'zining o'n ikki tomlik "Tarixni anglash" asarida keltirgan o'zaro o'rin almashuvchi lokal sivilizatsiyalar konsepsiyasida sivilizatsion taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida chaqiriq va javob nazariyasini ilgari surdi. Toynbining fikricha din har qanday sivilizatsiyaning o'zagi vatayanchidir. Sivilizatsiyalarni bir - biridan farqlash va tasnif qilishda u yoki bu jahon dinlarini asos qilib olinishi bejiz emasdir: musulmon sivilizatsiyasi, xristian sivilizatsiyasi va hokazo. U dastlab 21, keyinchalik 37 ta sivilizatsini sanab o'tib1, tarixiy jarayonning to'g'ri chiziq bo'ylab rivojlanishi haqidagi qarashlarga qarshi chiqdi va sivilizatsiyaning bosqichli-tsiklik rivojlanishini ta'kidladi. Toynbi Arab, Xitoy, Shumer, Mayya, Hind, Ellin, G'arb, Xristian (Rossiya), Uzoq Sharq (Koreya va Yaponiya), Eron, Misr, Arab, Meksika, Vavilon va boshqa sivilizatsiyalarni tadqiq etish natijasida "...tabiiy muhitdagi va odamlar tegrasidagi yashash sharoitlarining og'irligi sivilizatsiyaning vujudga kelishiga sabab bo'ladi", - degan xulosaga keladi. Toynbi sivilizatsiyalarga "evolyutsion tipdagi faol tuzilmalar" sifatida yondashib, har bir sivilizatsiyada tarixiy mavjudlikning asosiy bosqichlari: vujudga kelish, rivojlanish, tanazzulga uchrash va zavol topishni farqlagan. Bu asosiy bosqichlardan o'tgach, sivilizatsiya, odatda, halok bo'ladi va uning o'rnini boshqa sivilizatsiya egallaydi. Insoniyat tarixini davrlashtirgan yana bir qator olimlar kishilik Nemis faylasufi K.Yaspers (1883-1969 yy.) o'zining "Tarix manbalari va uning maqsadi" asarida sivilizatsion taraqqiyotning bosqichma-bosqich rivojlanishi konsepsiyasini ilgari surdi: tarixgacha bo'lgan davr, qadimgi __________________________________ 1 Toynbi A.J. Dostijenie istorii. – M.: Progress, - 1991. – C. 77-79. davr madaniyati, vaqt o'qi (jahon tarixining boshlanishi), texnik davr (yagona jahon tarixiga o'tish). Uning fikricha tarixning mazmuni va negizi butun insoniyat uchun umumiy bo'lgan e'tiqod bilan belgilanadi. Mazkur e'tiqod insoniyat vakillarini bir-biridan ajratmaydi, balki jipslashtiradi. Insoniyatga bunday e'tiqodni biron-bir jahon dini yoki milliy din taklif qilolmaydi. Yuqoridagilardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, sivilizatsiyalar ma'lum bir makon va zamonda ma'lum bir xalqning madaniy taraqqiyoti sifatida shakllanadi va shu xalqning keyingi taraqqiyoti uchun katta ahamiyatga ega bo'ladi. Sivilizatiyalar hech qachon nom-nishonsiz yo'q bo'lib ketmaydi. Ular qaysidir zamonaviy madaaniyat, yangi sivilizatsiyaning rivoji uchun zamin bo'ladi, qaysidir xalqlar uni meros qilib oladilar, bahramand bo'ladilar. Masalan , qadimgi hind madaniyatidan arablar, Markaziy Osiyo xalqlari, arablar va sharq xalqlari madaniyatidan yevropaliklar bahramand bo'lganligi ma'lum. Nazarimda , ba'zi olimlarning(Danilevskiy,Shpengler,Toynbi ) fikriga qo'shilgan holda sivilizatsiyalarning ham yashash davri bo'ladi: vujudga keladi, ravnaq topadi va inqirozga yuz tutadi yoki o'z ornini boshqasiga bo'shatib beradi,yangilanadi. Xuddi inson psixo-fiziologik o'sib ulg'ayishi davomida inqiroz davrlarini boshidan kechirganidek, butun bir xalq ham o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga o'tishi jarayonida inqirozli yillarni boshidan kechiradi va bunga tarixiy hodisa sifatida qarash to'g'ri deb bilaman. Download 20.77 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling