Siz o‘tgan o‘quv yilida «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» predmeti, hozirgi
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
hozirgi o\'zbek adabiy tili 2
202-mashq. Chistonlarni o‘qing, ular asosida she’riy asarlarning o‘ziga xos xususiyatlari haqida fikr yuriting. Yana qanday she’riy janrlarni bilasiz. Misollar keltiring. U nima, og‘zi bor ammo tishi yo‘q, Og‘ziga ne tushsa qiyar, ishi yo‘q. Barmoqni tekkizar bo‘lsang og‘ziga, Changalin soladi, hech qo‘rqishi yo‘q. Katta tuya — dumi yo‘q, Ovqat uchun g‘ami yo‘q. Daryodan suv ichadi, Odamga rizq sochadi. U nadirkim doimo davron kezar, Barcha olam ichra sargardon kezar, Yo‘q qarori, bir umr g‘ayratdadir, Elga rizq bermoq uchun hikmatdadir. (A. So‘fiyev) 203-mashq. Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» dramasidan olingan parchani o‘qing. Dramatik janrning o‘ziga xos xususiyatlari haqida fikr bildiring. D o m l a: — Shariat ilmi va zaruriyati diniya bilmoq uchun boyvachchani o‘qutmak, albatga, sizga lozimdur. B o y: — Shariat ilmini o‘qutmakni lozim bilmayman, chunki ani mufti yo imom va muazzin qilmoqchi emasman. Azbaski, davlatim anga yetar. D o m l a: — Zaruroti diniyaga na dersiz? B o y: — Men o‘zum besh vaqt nomozni keraklik duolari ila bilurman. O‘zum o‘rgaturman. D o m l a: — Xat va savodga na dersiz? Holbuki, savodi yo‘q odam hech nimaga yaramaydur. B o y: — Bu fikringiz g‘alat, chunki meni savodim yo‘q, bovujud shul shahrimizni katta boylaridandurman va har ishni bilurman. D o m l a: — Siz ilgari zamonda bir nav’i ila boy bo‘lubsiz, ammo endi boy bo‘lmoq nari tursun, faqat ro‘zg‘or o‘tkarmak uchun ilm kerak... 204-mashq. She’rni o‘qing, uslubiy xossalarini aniqlang. Badiiy uslubning o‘ziga xos xususiyatlarini toping. BOBUR DARDI Boshlab keldi bu yoqlarga oyoqlarim, Qaytib ona tuprog‘imga ketolmadim. Farg‘onada qolmish do‘st-u o‘rtoqlarim, Qaytib ular visoliga yetolmadim, Amudaryo, suvlaringdan o‘tolmadim... Qorlar erir bu daryolar oqar toshib, Ketgim kelar ona yurtga tog‘lar oshib, Lekin dushman yo‘lim to‘sgay doim shoshib, Ona diyor, visolingga yetolmayman, Amudaryo, suvlaringdan o‘tolmayman... Dushmanlarning qo‘li uzun zamon bo‘ldi, Ona yurtim yov qo‘lida tamom bo‘ldi, Тashlab chiqdim — bu ishim ko‘p yomon bo‘ldi, Qaytib endi u yoqlarga yetolmayman, Amudaryo, suvlaringdan o‘tolmayman. Vafo qilmay jafo qildi do‘st-u yorim, Hind — afg‘onga boshlab keldi nomus, orim, Qaytmoq uchun garchi ko‘pdir ixtiyorim, Lekin ortga qaytolmayman, ketolmayman, Amudaryo suvlaringdan o‘tolmayman... (Abdulhay Sobirov) 205-mashq. O‘qing, matnning qaysi uslubga xos ekanligini ayting. 1. Qorda ko‘milgan izni dadam ko‘ribdi shekilli, kechqurun oyimdan so‘radi: — Kimga ko‘mir berding? Oyim aybdor qiyofada yerga qarab turdi-da, rostini aytdi. — Habiba buvi shamollab qopti. Ko‘miri yo‘q ekan, oborib berdim. Dadam oyimni urishmadi. (O‘. Hoshimov) 2. Ona tili hayotning qon tomiridir. Ona tiliga beparvo bo‘lgan xalq halokatga mahkum. Diniga, ma’rifatiga, xulq-atvoriga, kiyim-kechagiga va hayot tarziga ko‘ra o‘zaro qo‘p mushtaraklikka ega bo‘lgan Ovro‘pa xalqlari, shunga qaramay, har qaysisi o‘z ona tilini saqlab qola bilgan. Ular ona tillari uchun jonlarini ham, mollarini ham ayamaydilar, chunki biladilarki, tili yo‘q bo‘lsa, millat ham yo‘q bo‘lib ketadi. (Ismoilbek G‘asprali) |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling