Stiv Jobsning Stenford universiteti bitiruvchilari oldidagi nutqidan


Download 23.01 Kb.
Sana18.06.2020
Hajmi23.01 Kb.
#119844
Bog'liq
Stiv Jobsning Stenford universiteti bitiruvchilari oldidagi nutqidan


@Elektron_kitoblar_N1

Stiv Jobsning Stenford universiteti bitiruvchilari oldidagi nutqidan.

“Bugun dunyoning eng yaxshi universitetlaridan birining diplom topshirish marosimida sizlar bilan birga bo‘lish men uchun katta sharaf. Men institutni tugatmaganman. Bugun sizlarga hayotimning uch hikoyasini aytib bermoqchiman. Shu xolos. Ortiqcha hashamatsiz. Oddiygina uchta hikoya.

Birinchi hikoya — nuqtalarning birlashuvi haqida.

Men Rid Universitetidagi (Reed College) o‘qishimni birinchi yarim yildan keyin tashaganman, lekin u yerda “mehmon” sifatida 1,5 yilcha yashaganman. Nima uchun men o‘qishni tark ettim?

Hammasi tug‘ilishimdan oldin boshlangan. Mening biologik onam yosh, turmushga chiqmagan aspirant bo‘lgan va meni asrab olishlariga berib yuborishga qaror qiladi. U meni oliy ma’lumotli kishilar asrab olishlari uchun harakat qiladi, shuning uchun mening taqdirimga huquqshunos va uning xotini tomonidan asrab olishlari bitilgan edi. To‘g‘risi, bu yorug‘ dunyoga kelishimdan bir necha daqida oldin, ular qiz bola xohlashayotganini aytishgan. Shuning uchun ularga tunda qo‘ng‘iroq qilishib, “Kutilmaganda o‘g‘il bola tug‘ildi. Shunday bo‘lsa ham, uni asrab olasizlarmi?” deb so‘rashadi va “Albatta” deya javob olishadi. Keyinchalik biologik onam meni asrab olgan onam universitetni, otam esa maktabni bitirmaganligini bilib qoladi. Biologik onam asrab olishlik haqidagi shartnomaga imzo chekishdan bosh tortadi. Va faqat bir necha oydan so‘ng asrab olgan ota-onam meni albatta universitetga kirishimga vada berishganlaridan keyin, biologik onam rozi bo‘ladi.

Va 17 yil o‘tib, men universitetga bordim. Lekin men soddalarcha universitetni tanlaganman, chunki mazkur Rid Universiteti deyarli Stenfordday qimmat edi hamda ota-onamning barcha jamg‘argan pullari u yerga kirish uchun tayyorlanishimga sarf bo‘lgandi. Olti oydan so‘ng, men o‘qishimdan hech qanday mazmun ko‘rmaganman. Men hayotimda nima qilishni xohlashimni bilmaganman va qanday qilib menga universitet buni fahmlab yetishimga yordam berishligini tushunmaganman. Mana, ota-onamning bir umr yiqqan pullarini behuda sarflab yuborganman. Shuning uchun men o‘qishni tashashga va hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonishga qaror qildim. Boshida biroz tushkunlikka tushganman, lekin hozir ortga nazar tashlasam, bu hayotimdagi eng yaxshi qarorlardan biri bo‘lganligini tushundim.

Lekin hammasiyam ko‘ngildagiday bo‘lmagan. Yotoqxonada xonam bo‘lmagan, shuning uchun do‘stlarimning xonasining polida uxlaganman, yegulik sotib olish uchun Kola ichimligining bo‘sh shishalarini to‘plab, 5 sentdan sotar edim hamda har yakshanba kechida butun shahar bo‘ylab 7 mil yurib, haftada bir marta bo‘lsada, krishnaitlar ibodatxonasida yaxshigina ovqatlanib qaytar edim. Bu menga yoqar edi. Hammasidan ko‘ra, o‘zimning qiziqqonligim va ichki his-tuyg‘umga suyangan holda nimalarga to‘qnash kelganim aslida oxirida bebaho bo‘lib chiqdi.

Mana sizga misol: Rid Universitetida doim kalligrafiya (chiroyli husni-xat) bo‘yicha eng yaxshi darslarni o‘tishgan. Butun universitet hududi (campus) bo‘yicha har bir devoriy qog‘ozlardagi har bir belgi qo‘lda chiroyli husni-xat bilan yozilar edi. O‘qishdan bo‘shagan bo‘lsamda, lekin kalligrafiya bo‘yicha kurslarga qatnashar edim. Men “serif” va “sans serif” haqida, harflar kombinatsiyalaridagi har xil oraliqlar haqida, tipografiyani qanday qilib san’at darajasiga kutarish haqida ko‘p narsalarni o‘rgandim. Bu san’at shunchalik go‘zal, tarixiy, yuksak darajaga yetkazilgan ediki, fan buni tushunishiga qurbi yetmasdi.

Bulardan hech qaysisi hayotimda kerak bo‘lmasdan qolmadi. 10 yil o‘tib, biz birinchi Makintoshni ishlab chiqqanimizda, bularning hammasi as qotdi. Va Mak chiroyli tipografiyani qo‘llagan birinchi kompyuter bo‘ldi. Agar men bu kalligrafiya kurslariga qatnamaganimda, Makda hech qachon bunaqa shriftlar bo‘lmagan bo‘lar edi. Agar men universitetdagi o‘qishdan voz kechmaganimda, kalligrafiya kurslariga qatnamagan, kompyuterlarda hozirgiday ajoyib tipografiya bo‘lmagan bo‘lar edi.

Albatta, hamma nuqtalarni kollejdaligim vaqtida birlashtirish mumkin emas edi. Lekin 10 yil o‘tib, hamma-hammasi ochiq-oydin bo‘lib qoldi. Yana qaytaraman: siz hech qachon nuqtalarni oldinga qarab birlashtira olmaysiz; siz ularni faqat o‘tmishga qarab birlashtira olasiz. Shuning uchun kelajakda asqotishi mumkin bo‘ladigan ushbu nuqtalarga ishonishingizga to‘g‘ri keladi. Siz nimagadir umid bog‘lashingiz kerak: xarakteringizga, taqdiringizga, hayotingizga, ustun tomoningizga — nima bo‘lsa hammasiga. Bunday yondashish hech qachon menga pand bermagan va bu mening hayotimni o‘zgartirgan.

Mening ikkinchi hikoyam — muhabbat va yo‘qotish haqida.

Omadim borakan, hayotda biron nimani anchayin erta bajarishni yaxshi ko‘rishimni anglab yetgandim. 20 yoshligimda Voz (Steve Wozniac) bilan birgalikda ota-onamning garajida Apple kompaniyasiga asos soldik. Biz juda qattiq ter to‘kib mehnat qildik va 10 yil ichida Apple kompaniyasi garajdagi ikki kishidan 2 mlrd. AQSh dollarlik qiymatli 4000 ta xodimga ega kompaniyagacha yetdi. Biz o‘zimizning eng yaxshi mahsulotimiz — Makintoshni yo‘lga qo‘ydik — o‘shanda men deyarli 30 yoshga to‘lay deb qolgandim. Va keyin meni ishdan bo‘shatishdi. Qanday qilib sizni o‘zingiz asos solgan kompaniyadan bo‘shatishlari mumkin? Chunki, Apple kompaniyasining yiriklashganligi sababli kompaniyani boshqarishda menga yordam berish uchun iqtidorli odamlarni yollagan edik va birinchi besh yilda hammasi ko‘ngildagiday bo‘ldi. Ammo keyin bizning kelajakka qarashlarimiz ayri to‘s oldi va oxir-oqibat biz urishib qoldik. Direktorlar kengashi uning tomoniga o‘tib oldi. Shunda 30 yoshimda meni bo‘shatishdi. Yana ommaviy tarzda. Balog‘at yoshimdagi barcha hayotim mazmuni yo‘qotilgan edi.

Bir necha oy nima qilishni bilmasdim. Men oldingi avlod tabdirkorlariga pand berib qo‘yganimni — menga estafeta tayoqchasini berishganda tushurib qo‘yganligimni his qildim. Men David Packard va Bob Noycelar bilan uchrashib, qilib qo‘ygan ishlarimdan kechirim so‘rashga harakat qildim. Bu ommaga ma’lum bo‘lgan mag‘lubiyat edi va uzoqroqqa qochib ketishni ham o‘ylagan edim. Biroq nimadir sekin-sekin menga ayon bo‘la boshladi — men hali ham qilgan ishlarimni sevardim. Appledagi voqealar ketma-ketligi oddiygina hammasini o‘zgartirib yubordi. Men burib yuborilgan edim, lekin men hamon o‘z tanlagan yo‘limni, ishimni yoqtirardim. Va, alal-oqibat, men hammasini boshidan boshlashga qaror qildim.

O‘shanda Apple kompaniyasidan bo‘shatilishim men bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lganlarning yaxshisi ekanligini tushunmaganman. Omadli kishining og‘ir tashvishlari o‘rnini biron nimaga unchalik ishonchi komil bo‘lmagan yangi kishining yengil fikrlari egalladi. Men erkin bo‘lgan edim va hayotimning eng ijodli davriga qadam qo‘ygandim. Keyingi 5 yil davomida NeXT kompaniyasiga, keyin Pixar nomlanmish studiyaga asos soldim hamda ajoyib ayolga ko‘ngil qo‘ydim va u mening yagona ayolimga aylandi. Pixar eng birinchi kompyuter animatsiyali film — “O‘yinchoqlar Hikoyasi” (“Toy Story”) ni yaratdi va hozirda dunyoda eng omadli animatsiya studiyalaridan biri hisoblanadi. Hayratlantiradigan hodisalardan biri, Apple kompaniyasining NeXTni sotib olishi, meni Applega qaytardi. NeXT kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan texnologiya Applening keyingi tiklanishida asosiy rol o‘ynadi. Laurene bilan esa ajoyib oila qurdik.

Men shunga ishonchim komilki, agar meni Appledan bo‘shatishmaganda bulardan hech qaysisi yuz bermagan bo‘lur edi. Dori juda achchiq edi, lekin bemorga bu yordam bergan edi. Ba’zan hayot sizni beshavqat kaltaklaydi. Lekin ishonchni yuqotmang. Shunga imonim komilki, ishimni davom ettirishimda yordam bergan yagona narsa bu o‘z ishimni sevishim edi. Siz nima qilishni yoqtirishingizni topishingiz kerak. Va bu ish uchun ham to‘g‘ri bo‘ladi ham munosabatlar uchun. Sizning ishingiz hayotingizning katta qismini to‘ldiradi va to‘liq hotirjamlikning yagona yo‘li bu o‘zingiz uchun eng buyuk hisoblangan ishni qilish kerak. Va buyuk ishni qilishning yagona yo‘li bu nima qilayotganingizni sevishingiz kerak. Agar siz hali o‘zingizning ishingizni topmagan bo‘lsangiz, izlang. To‘xtamang. Qachonki, ishingiz butun qalbingizdan bo‘lsa, topganingizni bilib olasiz. Va, har qanday yaxshi munosabatlar singari , ular yillar o‘tgan sari yaxshilanib boradi. Shuning uchun qidiring, toki topguningizcha. To‘xtamang.

Uchinchi hikoyam — o‘lim haqida.

17 yoshligimda, bir iqtibosga ko‘zim tushgan edi, mazmuni quyidagicha edi: “Agar siz har bir kuningizni xuddi oxirgi kuningizday o‘tkazayotgan bo‘lsangiz, qachondir siz haq bo‘lib chiqasiz.” Mazkur iqtibos menga katta taassurot qoldirgan va haligacha, mana deyarli 33 yil davomida har kuni oynaga qarayman va o‘zimdan so‘rayman: “Agar bugungi kuning hayotingning oxirgisi bo‘lsa, bugun qilmoqchi bo‘lgan ishlarimni qilar edimmi?” Bir necha kunlar davomida bu savolga javob “Yo‘q” bo‘laverganidan so‘ng, men nimadirni o‘zgartirishim kerakligini tushunar edim.

Yaqinda o‘lishim haqidagi xotira — hayotimda menga murakkab qarorlarni qabul qilishga yordam beruvchi eng muhim vosita hisoblanadi. Chunki qolgan hamma narsalar — o‘zgalarning fikri, bu g‘urur, bu hijolatpazlikdan hadiksirash yoki muvaffaqiyatsizlik — bularning hammasi o‘lim oldida hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmay qoladi, aksincha aslida eng muhim narsalarni unutishingiz mumkin. o‘limni yodda tutish — yuqotishingiz mumkin bo‘lgan narsalar haqidagi hayollardan qutulishning yaxshi yo‘li. Siz allaqachon yalang‘ochsiz. Sizda qalbingiz da’vatiga qarshi borishga boshqa bahona yo‘q.

Bir yilcha oldin menga diagnoz qo‘yishdi: saraton (rak). Oshqozonosti bezida xavfli o‘sma tasvirlangan rentgen qog‘ozlari menga tongda yuborilgan edi. Men hatto oshqozonosti bezi nimaligini bilmasdim ham. Vrachlar bu saraton turini tuzatib bo‘lmasligi va men uch-olti oydan ortiq yashamasligimni aytishdi. Vrachim menga uyga borishimligini va ishlarimni tartibga keltirishimni (to‘g‘rirog‘i, o‘limga tayyorlanishimni) maslahat berdi. Bu farzandlarimga keyingi o‘n yillikda nimalar deyishim mumkinligi o‘ylab, ularga hoziroq hammasini aytishga, hammasi yaxshi bo‘lishligini ishontirishga harakat qilishingni anglatar edi. Bu alvidolashishni anglatar edi.

Men bu diagnoz bilan kun bo‘yi yashadim. Kechga yaqin meni biopsiya qilishdi — tomog‘imdan endoskopni kirgizishib, oshqozon va ichaklardan o‘tkazib, oshqozonosti beziga igna tiqishib, o‘simtadan bir necha hujayralarni olishdi. Men uxlatilgan edim, lekin o‘sha yerda yonimda bo‘lgan ayolimning aytishicha, vrachlar hujayralarni mikroskop ostida tekshirishganidan so‘ng, ular baqirib yuborishgan edi, chunki menda oshqozonosti bezi rakining noyob turi aniqlangan va buni operatsiya yo‘li bilan davolash mumkin edi. Meni operatsiya qilishdi va hozir men soppa-sog‘man.

Hammasidan ko‘ra, o‘lim menga yaqin kelgandi. Bularni yengib o‘tib, hozir shuni ishonch bilan aytishim mumkinki,hech kim o‘lishni xohlamaydi. Hattoki, jannatga tushishi aniq bo‘lsada, o‘lishni xohlashmaydi. Lekin baribir, o‘lim bilan barchamiz to‘qnash kelamiz. Hech kim o‘limdan qochib qutulmagan. Shunday bo‘lgani ham yaxshi, chunki o‘lim, menimcha, hayotning eng yaxshi kashfiyoti bo‘lsa kerak. U — o‘zgarishga sababdir. U yangilarga yo‘l ochish uchun hayotni eskilardan tozalaydi. Hozirda yangilar bu — siz, lekin qachondir (balki tezda, balki anchadan keyin) — siz ham eskirasiz va sizni ham tozalashadi. Bunaqa dramatik gapim uchun uzr so‘rayman, lekin bu haqiqat.

Sizning vaqtingiz chegaralangan, shuning uchun uni kimningdir hayotiga sarflamang. Boshqalar tomonidan bildirilgan fikr bilan yashamang va aqidalar tuzog‘iga tushib qolmang. Hammasidan muhimi, qalbingiz va intuitsiyangizga ergashishingizga jasoratingiz yetsin. Ular qandaydir ma’noda, sizning aslida kim bo‘lib yetishingizni bilishadi. Qolgan barchasi ikkinchi darajali.

Yoshlik vaqtimda, men tengilarning asosiy yo‘riqchi kitoblaridan bo‘lgan Kurrai Zamin Katalogi (“The Whole Earth Catalog”) nomli ajoyib nashrni o‘qigan edim. Uni bu yerdan uncha uzoq bo‘lmagan Menlo Parkda yashovchi Stewart Brand ismli yigit yozgan edi. o‘shanda 60-yillarning oxiri, shaxsiy kompyuterlar va hozirgiday nashriyotlar mavjud bo‘lmagan edi, shuning uchun u yozuv mashinasi va qaychida qilingan edi. Xuddi Google qog‘oz holida edi, Googlegacha 35 yil bor edi. Nashr g‘oyaviy va katta ideyalarga to‘la edi. Stewart va uning hamrohlari Kurrai Zamin Katalogining bir nechasi nashr etishgan va oxir-oqibat, yakuniy qismini nashr etishdi. Bu 70-yillarning o‘rtalari edi va men sizning yoshingizda edim. Nashrning oxirgi varag‘ida bir rasm va shunday yozuv bor edi: “Och o‘tirsang, axmoq bo‘lib qolaverasan”. Bu ularning so‘ngiso‘zi edi. Och o‘tirsang, axmoq bo‘lib qolaverasan. Va men doim shunga amal qilib kelganman.

Och bo‘l. Nodon bo‘l.

Hammaga katta rahmat.”



P.S. Och bo‘l. Nodon bo‘l. (Stay hungry. Stay foolish.) Mazkur iboraning ma’nosi va to‘g‘ri tarjimasi ustida to‘g‘risi, 2 yillar o‘yladim desam adashmayman. Aslida, to‘g‘ri so‘zma-so‘z tarjima qilib, ma’nosini hozirgidek, pastda tushuntirish berib qo‘yishim maqbul bo‘lgan ekan. Och bo‘l — doim yangilikka va yanada ko‘prog‘iga, yaxshi natijalarga erishishga «och» bo‘l. Nodon bo‘l — doim izlanishda bo‘l, doim o‘rgan. Hech qachon bir narsani to‘liq bilaman deb o‘ylama. Nodon bo‘lib, o‘qi, o‘rgan, uqi!
Download 23.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling