55-modda. Mol-mulkni saqlash
Oldingi tahrirga qarang.
Qarzdorning mol-mulki saqlash uchun qarzdorga yoki davlat ijrochisi tayinlagan boshqa shaxslarga (bundan buyon matnda saqlovchi deb yuritiladi) mol-mulkni xatlash dalolatnomasiga imzo qo‘ydirgan holda topshiriladi. Davlat ijrochisi xatlangan mol-mulkni saqlash uchun qaysi saqlovchiga topshirgan bo‘lsa, o‘sha saqlovchi davlat ijrochisining yozma ravishdagi roziligisiz bu mol-mulkdan foydalanishi mumkin emas. Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysiga yoki investitsiya vositachisiga saqlash uchun topshirilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha, shuningdek mol-mulkning xossalariga ko‘ra, undan foydalanish uning yo‘q bo‘lib ketishiga yoki qimmati pasayishiga olib kelgan taqdirda, davlat ijrochisi bunday rozilikni berishga haqli emas. Agar mazkur mol-mulkdan foydalanish uning saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lsa, davlat ijrochisining roziligi talab etilmaydi.
(55-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-iyuldagi O‘RQ-551-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.07.2019-y., 03/19/551/3493-son)
Saqlovchi, agar qarzdor uning o‘zi yoki uning oila a’zolari (qarzdor yuridik shaxs bo‘lsa, uning xodimi) bo‘lmasa, saqlaganligi uchun tegishli haq oladi. Saqlovchining mol-mulkni saqlash uchun qilgan zarur xarajatlari ham mazkur mol-mulkdan foydalanish orqali amalda olgan foydasi chegirib tashlangan holda qoplanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xatlangan avtomototransport vositasi auksion o‘tkazilguniga qadar davlat ijrochisi tomonidan belgilanadigan, uning asralishi uchun tegishli sharoitlar ta’minlanadigan maxsus ajratilgan joylarda (saqlash joylarida, omborlarda, vakolatli organlar va boshqa tashkilotlarning jarima maydonlarida) saqlanadi.
(55-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-iyuldagi O‘RQ-551-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.07.2019-y., 03/19/551/3493-son)
Xatlangan va olib qo‘yilgan mol-mulkni saqlash tartibi hamda shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |