Suriya adabiyotida an’anaga aylangan ijtimoiy tengsizlik mavzusi Suriya yozuvchilari
Download 11.66 Kb.
|
Suriya adabiyot-WPS Office
Suriya adabiyotida an’anaga aylangan ijtimoiy tengsizlik mavzusi Suriya yozuvchilari uyushmasining tashkilotchisi va raisi Jorj Salim ijodida ham salmoqli o‘rin egallaydi. Uning "Kambag‘al odamlar" nomli hikoyalar to‘plami nashrdan chiqqanida arab tanqidchilari bir ovozdan uni Liganing demokratik an’analarini davom etdirib kelayotgan yozuvchilar guruhiga qo‘shib quydilar. Yozuvchi hikoyalarining qahramonlari kambag‘al odamlar. Yozuvchi ularning falokatlarga to‘la, umidsiz hayotini ko‘rsatish orqali ijtimoiy muhitni tadqiq etadi. "Qabr" hikoyasida u faqatgina narigi dunyoda nasib qilishi mumkin bo‘lgan yaxshi hayot to‘g‘risida orzu qilishga imkon qoldiradigan qashshoqlik tasvirini beradi. Hikoya qahramoni bir umr keng uy, farovon hayot to‘g‘risida xayol suradi, lekin umrini kambag‘allikda, tor uyda o‘tkazadi. O‘g‘li uning dardini yengillashtirish uchun morfiy olib kelganida, deydi: "Tiqilinchlik, dard - yomon narsa, dori ham kerak emas, menga kenggina qabr kerak". Hikoya o‘g‘ilning monologi asosida qurilgan, u biror narsani o‘zgartirishga qodir emas, shundan aziyat chekadi. Aptekachi unga morfiy taklif qiladi, bu - uning onasiga ozgina vaqtga bo‘lsa ham o‘zini tashvishsiz va baxtli sezish imkonini beradigan yagona vosita. "Arzimas voqea" asaridagi yosh, ammo tinka - madori qurigan qiz vrach kabineti yonida uni kuta-kuta jon beradi. Poliklinika egasi va uning yaqinlarini qizning o‘limi tashvishga solmaydi, balki ular bu voqea poliklinika va do‘xtirlar obro‘yiga putur yetkazishidan tashvishga tushadilar. Bu achinarli manzarani kuzatgan roviy inson hayotining qadr-qimmati haqida o‘y surib ketadi. "Bolalar" hikoyasi kontrast asosiga qurilgan. Hikoyaning boshi yoqimli, kishiga xursandchilik bag‘ishlaydi. Quyosh charaqlab turibdi, bahor ayyomi, bog‘da qushlar sayraydi. Qabriston yaqinidagi bu bog‘da o‘ynab yurgan bolalar beixtiyor noxush manzara guvohi bo‘ladilar. Bir qizchani dafn qiladilar, ammo negadir jasadni tobutsiz qabrga qo‘yadilar (hikoyada masihiy oila to‘g‘risida so‘z boradi). Bolalar ruhoniydan buning sababini so‘raganlarida u kambag‘allar hatto o‘z yaqinlarini odamlarga o‘xshab ko‘ma olmaydilar ham, deb javob beradi. Bu gap ta’sirida bolalar diliga dard, va kelajaklariga nisbatan qo‘rquv o‘rmalab kiradi. J.Salim mutafakkir san’atkor bo‘lgani bois ijtimoiy zulm odamlarni mayib-majruh qilishini, ularning uyg‘un rivojlanishiga xalaqit berishini tushunadi. Lekin adibning hikoyalarini o‘qir ekanmiz, ularda ziddiyat yetishmasligini his qilamiz, yozuvchining hayotiy pozisiyasini ilg‘ab ololmaymiz. J.Salim "Jo‘nash", "Tashnalik tarixi" to‘plamlariga kirgan hikoyalarida o‘z qahramonlarini ijtimoiy voqelikdan ajralgan holda tasvirlaydi, ularni tez-tez o‘zgarib turadigan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitdan yuqori qo‘yadi. Uning asarlarida ko‘pincha nohaqlik tarixdan, zamondan tashqarida tasvirlanadi. Ularda yozug‘, taqdir alohida ahamiyat kasb etadi. Qator hikoyalar personajlari o‘tmishni qoralaydilar, o‘zlari yashab turgan shahardan nafratlanadilar. Biz ularda o‘z g‘azabini pinhon tutib qahvaxonada, sahroda tanho o‘tirgan yoki ko‘chalarda, yovvoyi tabiat qo‘ynida kezib hayotni, odamlarni la’natlab yurgan qahramonni ko‘ramiz." "Jo‘nash" to‘plami hikoyalaridagi qahramonlar g‘ayri-tabiiy holatlarda yashab, tafakkur qiladilar. Ular shartli "Sin" harfi bilan ataladilar. "Poezd" hikoyasida Sin kutilmaganda o‘zini yurib ketayotgan poezdning bir vagonida o‘tirgan holda ko‘radi. "Men qanday bu yerga kelib qoldim, meni bu vagonga kim chiqazib qo‘ydi, oldin qaerda edim?" - so‘raydi u o‘zidan. Hikoyada yurib ketayotgan poezd - hayot ramzi, uning uzluksiz harakati, shodliklari, qayg‘uli, bayramlari, inson hayotidagi oddiy kunlari timsoli. Poezdda juda ko‘p turli yosh va kasbdagi odamlar bor. Ular orasida hayotni falsafiy talqin qilishga uringan donishmand munajjim obrazi diqqatga sazovor. Hikoya boshidan oxirigacha Sinning hissiyotlari bayoni asosiga qurilgan bo‘lib, u qadam - baqadam munajjim yordamida bu g‘alati poezdning tuzilishini kashf etib, uning shafqatsiz va ildam harakatiga ko‘nikib boradi. Sinning bu safar qachon tugaydi, degan savoliga munajjim faqat o‘lim kishini bu intihosiz harakatdan xalos qiladi, deb javob beradi. Sin g‘ildiraklarning surunkali tiqir-tiqiri ostida uyquga ketar ekan, birdaniga to‘xtovsiz oldinga intilayotgan, o‘lim nomli noma’lum manzilga shoshayotgan bu poezdning to‘siq bilmas harakatiga ko‘nikish, bo‘yin egish lozimligini anglaydi. Valid Ixlosi, Zakariyo Tamer ijodidagi modernizm konsepsiyasiga xos ekzistensializm, irrasionalizm, fenomenologizm, mifologizm va boshqalarga hayotni diniy konsepsiya asosida tushinishni qo‘shdi. Uning ijodida ezgulik va adolatning to‘la g‘alabasi yo narigi dunyo bilan yoki oxirat bilan bog‘lanadi. Uning falsafasidagi itoat, mo‘minlik, zulmga qarshi bosh ko‘tarmaslik, kechirimlilikning ildizi shu yerda. "Chig‘anoq" hikoyasida insonning o‘zi yashayotgan jamiyatdan begonalashib yurishi - odamovilik muammosi qalamga olingan. Qahramonga hayotdagi hamma narsa - universitet, sayohatlar, oila - nasib etgan, hayotga qiziqishi, bolalari bor. To‘satdan uni sotsial letargiya - befarqlik o‘z domiga tortadi. Asta-sekin qahramonni muhit bilan bog‘lab turgan ijtimoiy rishtalar zaiflashib, yo‘q bo‘lib ketadi. Uzlat, tanholikka intilib, u katta chig‘anoq ichiga kirib yashay boshlaydi. Lekin bu yerda ham azob-uqubatlar uni tinch qo‘ymaydi. Haligacha u ruhiy qiynoqlardan aziyat chekkan bo‘lsa, endi chidab bo‘lmas jismoniy azoblar iskanjasiga oladi. U o‘rnidan turish, yurish imkoniyatidan ham mahrum bo‘ladi. Yaqinlari yodiga tushadi, ularni yordamga chaqiradi. Uning ko‘z o‘ngida alpgavda shayxning bahaybat soyasi paydo bo‘ladi. Ammo uning yolborishlari behuda ketadi. Shayx uni tanholikda azob chekib o‘lishga mahkum etib, yolg‘iz tashlab ketadi. "Dilingdagi nur so‘ndi, qalbing qurib, bir parcha yog‘ochga aylandi, u endi a’zolaringni oziqlantirishga qodir emas" - deydi shayx uni tashlab ketayotganida. "Katta mehmonxona", "Soqovlar so‘zlashuvi", "Golgofaga ko‘tarilish" asarlarida dunyo qora bo‘yoqlarda tasvirlanadi. Inson tasodifan hayot girdobiga otilgan, u cheksiz mashaqqatlar, og‘ir va umidsiz qiynoqlardan so‘ng o‘limga mahkum. Umrbod qashshoqlik, bir luqma non uchun kurash, doimiy qo‘rquv va xavotirlik insonning sillasini quritadi, undagi o‘z ideallari yo‘lida kurashish istagini so‘ndiradi. "Tashnalik tarixi" to‘plamidagi "Bulutga aylangan odam" hikoyasida tasvirlangan davlat idorasi xodimi har doim ishdan haydalish qo‘rquvi ostida yolg‘izlik azobini chekib yashaydi. Salim talqinida hayotda reallik va irreallik orasida chegara yo‘q, hayot chegarasizlik, absurd va alg‘ov-dalg‘ovdan iborat. Hikoya g‘oyasi xodim va osmondan farishta qiyofasida tushgan bola obrazlari orqali ochiladi. Yerdagi hayot qahramonni jonidan to‘ydiradi va u nigohini osmonga qaratadi, bulutlarga havas qiladi, boshqa dunyoga ketgisi keladi; bola uning orzusini ro‘yobga chiqaradi, qo‘lidan tutib, ochiq fazoga sayohatga olib ketadi. Muta as-Safadi, Valid Ixlasi va boshqalar hikoyalarida odamovilik muammosi qahramonlarda sarosimalik, hamma narsani zer-zabar qilish to‘yg‘usini uyg‘otgan bo‘lsa, Salim asarlarida bu muammo hayotning butunlay ma’nisizligini, o‘lim haqligi e’tirofiga olib keladi. "Shahar chetida" hikoyasidagi yigit yarim tunda qahvaxonadan qaytar ekan yo‘ldan adashib, uyini topaolmay qoladi. Uning kun bo‘yi uyini topishga qilgan harakatlari zoye’ ketadi. U uydan ham, xotindan ham, bolalardan ham mahrum bo‘ladi. Dallol unga yordamga qo‘l cho‘zadi. U yigitga turli uylarni ko‘rsatadi, lekin yigit yana ularni yo‘qotib qo‘yaveradi, topa olmay yuraveradi. Kutilmaganda dallol unga ajoyib uy topgani va u bu uyni hech qachon yo‘qotib qo‘ymasligini, eng muhimi, bu uyda u o‘zini yolg‘iz va g‘amgin sezmasligini aytadi. 119
ko‘madi. Yozuvchi talqinida dunyo ma’nosiz, uning qo‘ynidagi inson esa ojiz va notavon, falokatlar, dunyoning yugur-yugurlaridan qutulishning yo‘li esa - o‘lim, qabr. Faqat shu yerda inson, nihoyat, orom oladi, o‘z hayotining ma’nosizligi, maqsadsizligini anglab yetadi. Shu yo‘l bilan o‘lim g‘oyasini Salim umumiy, mutlaq darajaga ko‘taradi. Modernizmning boy ifoda uslubidan Salim bayondagi uzuq-yuluqlik, turli zamonlarning qorishib kelishiga ko‘proq murojaat etadi. Salim personajlarini hatto muhabbat tuyg‘usi ham hayot azoblaridan qutqaraolmaydi. Sin bir qizni sevib qoladi ("Jo‘nash" hikoyasi). Shu vaqtda Sinni telegramma orqali uyiga chaqirib qolishadi. Oshiq-ma’shuqlar bir-biridan ayrilishiga to‘g‘ri keladi. Bundan ular ko‘p iztirobga tushadilar. Yoshlarning o‘zaro suhbatidagi qisqa, uzuq-yuluq iboralar ularning qayg‘uli ahvolini ifodalaydi. Ular norozilik bildirish, muhabbatlarini himoya qilishga qodir emas. Qayg‘u, umidsizlik, biror narsani o‘zgartirishdan ojizlik, ularning ahvoli-shu. "Poezd" hikoyasida hayotning beshafqat ritmi ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu yerda, aksincha, zamon va hayot to‘xtab qolgandek, dunyoda yurakni o‘rtovchi muhabbat tuyg‘usi va judolik alamidan o‘zga narsa yo‘qdek. Salim hikoyalari sahifalarida hukm suradigan e’tiqodsizlik na zamoniy, na ruhiy chegarani biladi, u qandaydir mavhum substansiya - mohiyat kabi chayqalib turaveradi, shu sababdan uni tahlil va tafakkur qilish ma’nosizdek tuyuladi. Borliq va shaxsning ekzistensializmga xos konsepsiyasi Suriya adabiyotida 60-yillarning boshlarida kuchaydi. Adabiy jarayonda kuzatilgan bu bo‘hronli holat ham arab, ham xorijlik olimlar tomonidan o‘rganilayotir. Suriyalik olim Ali Solih Ali Suriya adabiyotida kuzatilgan realizmdan chekinishni bunday izohlaydi: “Bu - Liganing tarqalib ketishi tufayli realistik adabiyotning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari adabiy hayotdan chetlanishi, ko‘proq modernistik adabiyotga ergashish, bir vaqtning o‘zida ham marksistik, ham burjua-falsafasidan yuz o‘girgan mayda burjuaziyaning mafkuraviy bo‘shliqqa tushib qolishi oqibatida falsafada "uchinchi" yo‘lni izlashi va uni ekzistensializmda topishi oqibati”. Jorj Salim, Muta Safadi va boshqalar to‘g‘risida gapirganda, ularning badiiy shakl sohasida, uslubiy va kompozision rang-baranglikda erishgan yutuqlarini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Jorj Salim ijtimoiy jihatga diqqat qilmagan holda insonning ichki dunyosiga kirib borish texnologiyasini ishlab chiqishga o‘z ulushini qo‘shdi. Insonning jamiyat bilan bog‘liq fojealarini ko‘rsatar ekan, najot yo‘lini u shaxsning ongliligida ko‘radi. Bu esa, uni shaxsning majburiy qulligi, jamiyatga qarshi foydasiz isyoni g‘oyasi tomonga yetaklaydi. Pirovardida, u inson hayotining boshqacha shakli bo‘lishi mumkinligiga ishonchsizlik bildiradi. Agar Suriya adabiyotining paydo bo‘lishi, shakllanish davridan bugungacha bo‘lgan umumiy taraqqiyot yo‘nalishiga nazar tashlansa, uning har doim milliy zaminga chuqurroq kirib borishga, turli davrlarda mamlakat, xalq orzu-umidlarini tasvirlashga intilganini ko‘rish mumkin. Hozirgi zamon sharoitida insonga bo‘lgan munosabat, uning imkoniyatlarini baholash, ichki dunyosini tushunish, shaxsning jamiyatdagi o‘rnini belgilash, uning tarix taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatish qobiliyatini tadqiq etish - bu masalalar Suriya yozuvchilari tomonidan turlicha talqin etib kelingan va etilmoqda. Download 11.66 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling