Surxondaryo tarixi kitobidan: Surxon vohasi tosh asrida
Download 111.63 Kb.
|
soqqa
Surxondaryo tarixi kitobidan: Surxon vohasi tosh asrida Insoniyat tarixiga nazar solar ekanmiz, odamlar hayotning ilk bosqichlaridanoq o'ziga xos turmush tarzi va ba'zi bir moddiy madaniyatga ega bo'lganligiga ishonch hosil qilamiz. Dunyodagi eng qadimiy inson makoni sifatida ko'plab yodgorliklarga ega Surxon vohasi nafaqat mamlakatimizda olib borilgan tadqiqotlarda, balki chet el tadqiqotlarida ham hurmat bilan tilga olinadi. Ana shu ma'noda vohamiz ko'plab chet ellik va mahalliy olimlarning diqqatini ohanrabodek o'ziga jalb etib kelmoqda. Olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida shu narsa aniq bo'ldiki, vohamizning insoniyat sivilizasiyasining qadimgi beshiklaridan biri ekanligi isbot qilindi. Ma'lumki insoniyat taraqqiyotidan madaniy-tarixiy davrning ilk bosqichi, mehnat qurollari toshdan yasalganligi sababli poleolit (grekcha «palayos»-qadimgi, «letos»-tosh degan ma'noni bildiradi), ya'ni qadimgi tosh davri deb ataladi. Olimlar insoniyat tarixida uzoq davom etgan tosh davrini quyidagi bosqichlarga bo'ladilar:
Poleolit davrida mehnat qurollari takomillashib, inson hayoti ham o'zgarib bordi, shunga ko'ra poleolitning o'zi ham uch bosqichga bo'linadi, ilk, o'rta va so'nggi poleolitdir. Shuni alohida ta'kidlash joizki, O'zbekiston hududida eng qadimgi odamlar 1 mln. yildan ziyod vaqtdan beri, ya'ni ilk poleolit davridan buyon yashab kelayotganligini arxeologik olim O'.Islomov isbot qilib berdi. Arxeolog olim O'.Islomovning yozishicha: «O'zbekiston hududida odamning paydo bo'lishi tarixining ilk bosqichlariga oid yodgorliklarni o'rganish 1938 yildan boshlangan. Shu yili A.P.Okladnikov boshliq ibtidoiy davr arxeologiyasini o'rganish otryadi Boysun tumanidagi Turkondaryoning Zovtalashgansoy darasida joylashgan Teshiktosh g'orini tadqiq qildi. Dengiz sathidan 1500 m. balandlikdagi g'orning uzunligi 21 m, eni 20 m, balandligi 7-9 metrni tashkil qiladi. Umumiy maydoni 300 kv.m. Shundan 100 kv. m joyi neandertallar yashaganligiga guvohlik beruvchi arxeologik materiallarga ega. Yodgorlik 5 ta madaniy qatlamdan iborat. Bu hol manzilgoh bir necha marotaba tark etilganligidan dalolat beradi. G'orning har bir qatlamida bittadan, ba'zilarida ikkitadan gulxan qoldiqlari saqlanib qolgan. Bu gulxanlar atrofidan ko'plab tog' echkisi, bug'u, sirtlon, ayiq, quyon va har xil qushlarning suyak qoldiqlari topilgan. Eng muhimi, yuqori madaniy qatlamdan 9-10 yoshlardagi neandertal bolaning qabri topilganligi - yodgorlikni dunyoviy ahamiyatga molik darajaga ko'tardi.» Ushbu antropologik topilma katta qiziqish uyg'otdi va mutaxassis olimlardan G.F.Debes, M.M.Gerasimov, M.D.Gremyaskiy va V.A.Alekseyevlar uni o'rganishda jonbozlik namunasini ko'rsatdilar. Aniqlanishicha, topilgan neandertal bola kalla suyagining hajmi 1450 sm kub bo'lib, u irqiy jihatdan Yevropa va Old Osiyo guruhiga mansub ekanligi ilmiy jihatdan asoslab berildi. Teshiktosh g'orini qazish natijasida ma'lum bo'ldiki, undagi kishilarning asosiy va muhim kasbi kiyik, arxar, tog' echkisi va boshqa hayvonlarni ovlash bo'lgan. G'ordan topilgan hayvonlarning 667 ta suyagidan 649 tasi kiyik suyagidir. Ov ko'p odamlar ishtirokini talab qilganligi sababli u ibtidoiy odamlarni birga harakat qilishga jipslashtirgan asosiy omillardan biri edi. Yaralangan yirtqich hayvon bilan olishuvda ko'pincha odamlar halok bo'lganlar, ular qo'lga kiritgan o'ljalarini birga baham ko'rganlar. Ayollar termachilik, ya'ni meva-cheva terish, ildiz kovlash bilan shug'ullangan va mehnat qurollari tayyorlaganlar. Mashhur antropolog olim va haykaltarosh M. M. Gerasimov bolaning qiyofasini yaratdi, bolaning bosh suyagi juda siqiq, peshonasi yaydoq, past, qosh-qovog'i osilib turadi. Chaynash muskullari baquvvat, iyagi tekis, bosh suyagining holati va bukchaygan qomati o'sha vaqt odamining hali qaddini rostlab yurishga odatlanmaganidan dalolat beradi. U o'z qiyofasi bilan Yevropada yashagan neandertal shaklidagi odamlarga juda o'xshaydi. Uning qabri atrofiga qo'yilgan taka shoxlari bolani go'yo jinlardan himoya qilgan, bu quyosh ramzi bo'lib diniy ahamiyatga ega bo'lganligini tasdiqlaydi. Xuddi shu o'rinda akademik B.G'afurovning fikrlari ancha e'tiborli ko'rinadi, olim Teshiktoshdan topilgan tosh buyumlarni o'rta paleolit davriga oid deb hisoblaydi. G'ordan topilib o'rganilgan uch ming donaga yaqin tosh buyumlardan 339 tasi tugallangan qurollar sirasiga kiradi. Ulardan o'tkir uchli toshlar pichoqqa monand bo'lib, ovlangan hayvonlarni terilashda, daraxtlarni qayta ishlashda foydalangan bo'lishlari mumkin. Bu neandertal odamlar, asosan, tog' takasi, kiyik, ayiq, sirtlon va boshqa mayda hayvonlarni ovlagan, bular mustye davriga to'g'ri keladi. Bundan tashqari bola skleti atrofida tog' takalarining shoxlari yotganligi hodisasi, aftidan maxsus dafn marosimi bo'lganini xotirga tushiradi. Ko'plab tog' g'orlarida qadimiy odam qo'nalg'alari aniqlangani holda, muhimi Turkon(Sherobod)daryo sohillaridagi Boysuntog'ning Teshiktosh g'orlaridan topilgan bola bosh suyaklariga monand boshqa suyaklar hali hanuz butun boshli Markaziy Osiyoda topilganicha yo'q. Qadimshunos olimlarning fikri va xulosasiga ko'ra Teshiktosh g'oridagi hayot mezolit davrida ham davom etgan. Madaniy qatlamning qalinligi 40 m cha bo'lib, undan tog' echkisi, ayiq, toshbaqa suyaklari hamda kremniy, chaqmoqtosh, ohaktosh, qumtosh, yashma, kvarsit va boshqa vulqoniy tosh jinslaridan ishlangan turli xil tosh qurollari topildi. Toshdan yasalgan qurollar ichida paykonlar, qirg'ichlar, tosh pichoqlar va tosh chopqilar bor edi. Bu topilmalar tufayli viloyat aholisining qadimgi hayoti va xo'jalik sohasidagi turmush darajasini aniqlash mumkin. Umuman, Surxondaryo vohasidan qadimgi odamlar yashagan 15 ta yuqori paleolit manzilgohlari topilgan. Teshiktosh yodgorligi O'zbekistonning janubiy hududidan topilgan o'rta paleolit (mustye) davriga oid yodgorlikdir. Viloyat hududida tosh davri yodgorliklari juda ko'p, shunday yodgorliklardan yana biri Amir Temur g'ori xisoblanadi. Bu g'or Teshiktosh g'origa ancha yaqin joylashgan bo'lib, asosan o'rta tosh davriga oiddir. Amir Temur g'oridan topilgan tosh qurollar Teshiktosh g'oridan topilgan tosh qurollarga ancha o'xshashdir. Amir Temur g'orida yashagan ibtidoiy odamlar ovchilik va termachilik mashguloti bilan shug'ullangan. G'orda olib borilgan arxeologik qazuv ishlari natijasida bu yerdan juda ko'plab hayvon suyaklarining topilishi yuqoridagi fikrlarning isbotidir. O'rta tosh davriga kelib, iqlimning isishi natijasida ibtidoiy odamlar faqatgina g'orlarda yashab qolmasdan, balki pasttekisliklar va vodiylarga ko'chib chiqib makon qura boshlaganlar. Bu davrda ular qorin ilinjida ov o'ljalari izidan yurib, ularni ta'qib etib, asosan daydi hayot kechirganlar. Muhimi Amir Temur g'ori qatlamlaridan eni 1-1,5 metr keladigan gulxan, ?g'och, ko'mir qoldig'i topilgan. Bu joy past va zahdigi tufayli neandertal ovchilarining vaqtinchalik qo'nilgohi bo'lgan bo'lsa kerak. Viloyatning o'rta tosh davriga oid pasttekisliklarida joylashgan arxeologik yodgorliklar qatoriga ko'hna Termiz atroflari, Ayritom hamda To'palang daryosi havzalaridan topib o'rganilgan ibtidoiy davr odamlari manzilgohlarini ham misol qilib ko'rsatish mumkin. Ushbu mazilgohlardan toshdan va suyakdan yasalgan juda ko'plab ov qurollari topildi hamda atroflicha tahlil etilib, tegishli xulosalar o'rtaga tashlandi. Surxondaryo viloyatida yuqori paleolit davri yodgorliklari asosan, To'palang daryosi vohasi atrofida o'rganib tadqiq etildi. Hozirgi To'palang daryosi suv ombori hududida beshta manzilgohdan yuqori paleolit davriga oid tosh qurollari topildi, ular orasida uchrindilar, parrak uchrindilar va qirg'ichlar mavjud. Viloyatdagi yana bir qadimiy makon Machay g'ori mezolit, ya'ni o'rta tosh davrining yirik yodgorligi bo'lib, Boysun tog'i etaklaridagi Machay soyining yuqorisida joylashgan. Machay g'orida ovchilar va baliqchilar jamoasi yashagan, ushbu yodgorlik 1938-1941 yillarda G.V.Parfyonov tomonidan ochib o'rganildi. 1937 yilda arxeolog A.P.Okladnikov mustye davriga oid ikkita qatlamni ochib ilmiy izlanishlar olib bordi. Arxeolog O'. Islomov 1970-1971 yillarda Machay g'orini o'rganib, undan topilgan tosh va suyakdan yasalgan qurollar mezolit davriga oid ekanligini isbot qildi. Mezolit bosqichining eng muhim manzilgohlaridan hisoblangan Machay g'ori o'rta tosh davrining miloddan avvalgi VII-VI ming yilliklariga oid bo'lib, bu manzilgoh yuqori Machay va quyi Machay qishloqlari oralarida joylashgan. Arxeologik qazuv ishlari na-tijasida bu yerdan juda ko'plab turli shakllarda toshgan yasalgan ov qurollari hamda tosh pichoqlar, shuningdek, suyakdan yasalgan bigiz, igna va ko'plab miqdorda hayvon suyaklari hamda inson suyaklari topib o'rganildi. Antropolog olim T. K. Xo'jayevning fikriga ko'ra, Machay g'orida yashagan odamlar antropologik jihatdan yevropoid irqiga mansubdir. Machay g'orida yashagan ibtidoiy odamlar, asosan, o'zlashtiruvchi xo'jalikning ovchilik va termachilik mashg'ulotlari bilan shug'ullanganlar. Qolaversa, shu davrda yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirish jarayoni ham aynan mustye davrida sodir bo'lib, Machay g'oridan topilgan suyak qoldiqlari ham bu fikrni to'liq isbotlaydi. Qizig'i, bu yodgorlik o'sha davr kishilarining suyak qoldiqlari asosida insoniyatning antropologikqiyofasini va hayvonot dunyosini o'rganishda bebaho manba hisoblanadi. G'ordan ko'plab tog' echkisi, katta va kichik shoxli hayvon suyaklari topilib o'rganildi va natijada VIII-VII minginchi yillarda Machay g'orida yashagan odamlar hayvonlarni xonakilashtirishga o'tganligidan dalolat beradi. Tag'in esa o'sha odamlar, ya'ni sizu bizning qadimiy ajdodlarimiz tabiatdagi mavjud tayyor narsalarni o'zlashtiribgina qolmasdan, balki ishlab chiqarish iqtisodiga ko'nikma hosil qila boshlagan ekanlar. Eng muhim va dolzarb tomoni shundaki, ushbu g'ordan ibtidoiy ajdodlarimiz qo'li bilan yasalgan va ularning o'zlari ehtiyojlariga yarasha ishlatgan tosh qurollar fan olamiga olib kiritildi. Bu tosh qurollari Markaziy Osiyoning, ayniqsa boshqa mezolit davri manzilgohlaridan topilgan tosh qurollaridan yasalgan usuli va shakllari jihatidan farq qiladi. O'rganib tadqiq etilgan yuqoridagi tosh qurollari mezolit davrining o'ziga xos madaniyatini tashkil etadi va bu esa fanda Machay madaniyati nomini oldi. Demak, Surxondaryo viloyatida eng qadimgi paleolit davridan boshlab, hozirga qadar inson hayoti va madaniyati uzluksiz davom etib kelmoqda ekan. Surxondaryo tarixi kitobidan:SURXON VOHASI ILK TEMIR DAVRIDA. DASTLABKI DAVLATCHILIK BIRLASHMALARINING SHAKLLANISHI Sopolli madaniyatining inqirozi natijasida vohada yangi bir madaniyat, ya'ni Kuchuktepa madaniyati shakllandi. Kuchuktepa madaniyati Sopolli madaniyatidan sinfiy munosabatlarning yanada kuchayuvi bilan farqlanadi. Kuchuktepa madaniyatida ko'zga tashlanadigan yana muhim bir xususiyat sun'iy sug'orishga asos-langan anhorning barpo qilinishidir. Chunki bronza davrida ziroatkorlik xo'jaligi asosan soy va daryolarning bo'ylarida shakllangan bo'lsa, bu davrga kelib yangi yerlar o'zlashtirildi va anhorlar qazildi. Ana shu xil sug'orish manbalari asosida Sherobod, Bandixon, Sho'rchi dehqonchilik markazlari shakllandi. Ushbu dehqonchilik o'lkalarida Kuchuktepa, Tallashqon, Jondavlatgepa, Qiziltepa, Hayitobodtepa, G'ozimulla, Bandixontepa kabi istehkomli qo'rg'onlar qad rostladi. Miloddan avvalgi I ming yillikning birinchi yarmidan boshlab temirdan yasalgan mehnat qurollarining keng miqyosda yoyilishi jamiyat hayotida tub o'zga-rishlar sodir bo'lishiga olib keldi. Arxeologik tadqiqotlar natijasiga ko'ra Surxon vohasida so'nggi bronza va ilk temir davriga oid qadimiy madaniyat namunalari nihoyatda ko'p ekanligi aniqlandi. Miloddan avvalgi bir ming yillikning birinchi yarmidan boshlab vohada temirdan mehnat va urush kurollari yasala boshlaganligi ilmiy isbotlandi va ishlab chiqarishning xo'jalik shakllari yana gurkirab rivojlandi. Sherobod, Boysun, Jarqo'ton, Bandixon, Sho'rchi tumanlaridan topilgan tarixiy-arxeologik manbalarga tayanib viloyat hududida ziroatchilik bilan shug'ullanish usullari nihoyatda qadimiy va an'anaviy ekanligini bilish mumkin. Surxon vohasida dexqonchilikning takomillashib borganligini sun'iy sug'orish shaxobchalarining barpo qilinishi natijasida paxta, arpa, don, zig'ir, kunjut, qovun urug'lari qoldiklari namunalarining topilishidan ham bilish mumkin. Ajdodlarimizning tinimsiz izlanishda bo'lganliklarini isbotlovchi manbalar beqiyos, masalan miloddan avvalgi VII-VI asrlarga oid Bandixon vohasidagi sun'iy sug'orishga oid kanal qoldiqlari, murakkab mudofaa inshootlari, Bandixontepa, Kuchuktepa, Qiziljartepa manbalari bunga misol bo'la oladi. Shunday boy tarixiy manbalarni o'rganish va ularni ilmiy tadqiq etish muhim ahamiyatga molik hamda kechiktirib bo'lmas vazifadir. Surxondaryodagi qadimgi madaniyat jahon sivilizasiyasi yutuqlarida o'z o'rni hamda salohiyati bilan ajralib turadi, ana shunday joylardan biri Kuchuktepa yodgorligidir. Vohadagi arxeologik qazilmalar boy tarixiy merosimizni o'rganishni yanada mukammallashtirib, o'tmish ajdodlarimiz turmush tarzini yori-tishga alohida hissa qo'shmoqda. Kuchuktepa yodgorligi miloddan avvalgi IX-VIII asrlar (Muzrobod tumani)ga oid bo'lib, bu yerdan qo'lda yasalib, ustiga qizil buyoqda naqsh solingan sopollar chiqdi. Kuchuktepaning ustki qatlamlaridan esa silindrkonus shakliga ega bo'lgan va kulolchilik charxida juda puxta qilib ishlangan idishlar topildi. Akademik A. Asqarov Kuchuktepa majmualarini davrlashtirib, Kuchuk I majmuasini miloddan avvalgi XI-VIII asrlar yoki so'nggi bronza davri, Kuchuk II, III va IV larni esa miloddan avvalgi VIII asrning ikkinchi yarmi va V asr boshlari bilan belgilashni qayd etdi. Kuchuktepa xarobalaridan topilgan xom g'isht va paxsadan bino qilingan istehkomlar, ular atrofidagi to hozirgi kungacha saqlanib qolgan sug'orish ariqlarining quruq o'zanlari, sopol va metall buyumlar so'nggi bronza va ilk temir davri madaniyatini o'rganishga imkon beradi. Kuchuktepa madaniyati keyinchalik Baqtriya madaniyati uchun asos bo'lib xizmat qilgan. Surxon vohasida ilk temir davriga oid yodgorliklar ham anchagina bo'lib, bunga Jondavlatgepa, Qiziltepa, Tallashqontepa, Bandixontepa, G'ozmulla va Hayitobodtepa kabi yodgorliklarni misol tariqasida keltirish mumkin. Dehqonchilik maydonlarining kengayishi, mehnat qurollarining takomillashuvi va Bandixon vohasida sun'iy sug'orish inshootining barpo etilishi natijasida mehnag unumdorligi oshib, qo'shimcha mahsulot ishlab chiqarila boshladi. Ortiqcha mahsulotning paydo bo'lishi esa ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishiga sabab bo'ldi. Temir buyumlarini hayotda keng miqyosda qo'llash qishloqlar taraqqiyotiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatdi. Qishloqlarning atroflari mudofaa devorlari bilan o'ralib, ushbu manzilgohlar qal'alarga aylanib bordi. Shu davrda ham dehqonchilik o'lkasi o'zining bosh shahriga, qishloq qo'rg'onlariga, harbiy istehkom va ibodatxonalariga ega bo'la boshladi. Arxeolog olimlardan A. Asqarov, L. I. Albaum va A. Sagdullayevlar tomonidan ushbu davrni o'rganish borasidagi sa'y-harakatlar natijasi o'laroq Qiziltepa va Hayitobodtepa shahar-larining umumiy maydoni 10-22 gektar atrofida ekanligi aniqlandi. Ushbu shaharlar mudofaa inshootlari bilan o'ralgan bo'lib, asosan 2 qism, ya'ni arki a'lo va shahriston qismlaridan iboratdir. Sho'rchi tumanida joylashgan Qizilcha yodgorligi ham qadimgi Baqtriya uy-qo'rg'onlaridan biri bo'lib, bu yerdagi uy-joylar paxsa va xom g'ishtdan barpo etilgan. Bu yerning aholisi ham sug'orma dehqonchilik va hunarmandchilik xo'jaliklari bilan shug'ullangan. Miloddan avvalgi II ming yillik oxiri - I ming yillikning birinchi yarmida vohada ibtidoiy muno- sabatlarning to'liq yemirilib, sinfiy jamiyatga o'tish jarayoni sodir bo'ladi. So'nggi bronza va ilk temir davrida o'troq dehqonchilik bilan shug'ullangan aholining madaniy jihatdan chorvador qabilalarga nisbatan ancha ustunligi seziladi. Xullas, Surxondaryo vohasida so'nggi bronza davriga mansub atrofi mudofaa devorlari bilan o'ralib mustahkamlangan qishloq xarobalarining topib tekshirilishi bronza davri madaniyatini o'rganishda juda boy va qimmatli manbalar berdi. Keyingi yillarda o'tkazilgan arxeologik tekshirishlar tufayli ilk temir davriga oid bir qancha ajoyib madaniyat yodgorliklari aniqlandi. Sinfiy tabaqalanish kuchaygan sayin jamiyatni boshqarish qiyinlashadi. Jamoa boyliklarini taqsimlash, jamoani boshqarish, sug'orish inshootlarini barpo qilish, xo'jalik ishlarini yo'lga qo'yish, urug' va qabilalararo munosabatlarni tartibga solish, qo'shni qabilalar hujumini bartaraf etishni tashkil etish davlat zimmasidagi muhim vazifa edi. Xullas, miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda Surxon vohasi hududlarida davlatchilik munosabatlarining shakllanishi uchun ehtiyoj tug'iladi va shu zaruriyat asnosida tarixi 2700 yilga borib taqaladigan qadimgi Baqtriya davlati qaror topadi. Qadimgi Baqtriya davlati Eron ahamoniylari istilosiga qadar shakllangan davlat birlashmasi edi. Qadimgi Baqtriyani boshqargan sulolalar to'g'risida biron-bir ilmiy xulosaga kelish qiyin. Ahamoniylar saroyida tabiblik qilgan yunon muarrixi Ktesiy(430-354)ning «Persika» asarida Baqtriya la'li to'g'risida hamda Ossuriya podshosi Ninning Baqtriyaga qilgan istilochilik yurishlari haqida ma'lumotlar mavjud. Ktesiyning ma'lumotlariga ko'ra, o'sha paytda Baqgriyaning podshosi Oksiart ismli kishi bo'lgan. Ninning Baqtriya zaminiga juda katta qo'shin bilan hujum qilganligini inobatga oladigan bo'lsak, o'sha davrda Baqtriyaning harbiy qudrati ancha yuksak darajada ekanini taxmin qilish mumkin. Bu davrda Baqtriya aholisining katta qismi ziroatkorlik va hunarmandchilik bilan mashg'ul edi. «Avesto»ning «Videvdat» (ikkinchi nomi «Vendidod») kitobida Baqtriya eng yaxshi mamlakatlar va o'lkalardan biri sifatida e'tirof etiladi. Rim tarixchisi Kvint Kursiy Ruf()Baqtriya nomining kelib chiqishi haqida to'xtalib, «Baqtriya daryosi nomidan shahar va viloyatning nomi kelib chiqqan» deb hisoblaydi. Miloddan avvalgi 700-540 yillar qadimgi Baqtriya davlatining rivojlangan davri hisoblanadi. Baqtriya davlatining bu qadar yuksak darajada rivojiga qudratli shahar va qal'alarning ushbu davlatning markaziy savdo yo'llari ustida joylashganligi, hunarmandchilik rivoji va boshqa omillar sabab bo'lgan. Shunday qilib Eron ahamoniylari istilosiga qadar Janubiy O'zbekiston mintaqasida qadimgi Baqtriya davlati mavjud edi. Ushbu davlatning istehkomli qal'a va shaharlari sifatida Kuchuktepa, Qiziltepa, Tallashqon va Bandixon-2 manzilgohlarini ko'rsatish mumkin. Bularning har biri mahalliy hokimlarning o'rdasi hisoblanib, Qadimgi Baqtriya podsholigi esa ushbu tuman va viloyatlarni birlashtiruvchi harbiy demokratik tipdagi konfederasiya edi. Surxondaryo tarixi kitobidan: BAQTRIYA YERLARI ERON AHAMONIYLARI VA ISKANDAR ZULQARNAYN SALTANATI TARKIBIDA Ma'lumki, qadimgi Baqtriyaning hududiy joylashuvi va geografik chegaralari haqidagi masala XIX asrdan boshlab muhim ilmiy muammo sifatida o'rganib kelinmoqda. 1877 yili avstraliyalik sharqshunos V.Tomashek birinchilardan bo'lib Baqtra satrap(hokim)ligining Oksdan shimolga yoyilganligi haqidagi g'oyani ilgari surgan edi. Bu g'oyani arxeologiya ma'lumotlariga asoslangan M.M.Dyakonov rivojlantirdi va «Shimoliy Baqtriya» tushunchasini ilmiy muomalaga kiritdi. Shu davrdan boshlab bu atama shimoldan Hisor tog' tizmasi, g'arbdan Ko'hitang tizmasi, janubdan Amudaryo, sharqdan Pomir tizmalari bilan chegaralanuvchi keng geografik hududni anglatadigan bo'ldi. Lekin bir qator olimlar bu fikrga qo'shilmaydilar, ular yozma manbalarga tayangan holda yuqorida ko'rsatilgan hudud So'g'diyonaga qarashli bo'lgan va Baqtriyaning shimoliy chegarasi Amudaryo - Oks orqali o'tgan deb hisoblaydilar. Amerikalik olim R.Frayning fikriga ko'ra, Baqtr shahri-keng qamrovli o'lkaning madaniy markazi bo'lib, uni shimoldan, sharqdan va janubdan tog'lar o'rab turgan. Uning yerlarini sug'oruvchi Amudaryo uni ikki qismga: janubiy - Surxondaryo viloyati, shimoliy - afg'on Turkistoniga ajratib turgan. B.Staviskiyning fikricha, Amudaryo o'zining o'rta oqimida vaqtinchalik harbiy-siyosiy chegara vazifasini o'tagan bo'lishi mumkin, ammo u hech qachon etnik-madaniy yoki etnik-tarixiy chegara vazifasini bajarmagan. Bir qator tadqiqotchilarning fikricha, Baqtriya va Sug'diyona o'rtasidagi chegara Amudaryo va Surxondaryo bo'ylab o'tgan. Ushbu chegara Vaxsh va Amudaryo orqali o'tgan degan fikrlar ham mavjud, bu fikrga ko'ra, Surxondaryo va Kofirnihon viloyatlari So'g'diyonaga qarashli bo'lgan, Afg'onistonning shimoliy viloyatlari, ya'ni Janubiy Turkiston esa Baqtriya hududiga kirgan. Amudaryo - Oks Baqtriya va So'g'dning chegarasi bo'lgan degan fikrlar Iskandar tarixchilarining ma'lumotlari asosida aniqlangan. Iskandardan avvalgi va uning yurishlaridan keyingi davrga oid Baqtriyaning shimoliy chegaralari haqida guvohlik beruvchi yozma manbalar esa mavjud emas. Yozma manbalarni chuqur tahlil qilgan I.V.Pyankov bir qator tadqiqotchilarning Baqtriya haqidagi, uni Oksning faqat chap qirg'og'ida joylashgan bir o'lka, degan qarashlari haqiqatga to'g'ri kelmasligini asoslab berdi. I.V. Pyankov tomonidan ushbu masala atroflicha tahlil qilindi va yozma manbalarning axborotlari hamda arxeologiya ma'lumotlariga asoslangan holda mil. avv. IV asr uchinchi choragining oxiriga kelib Amudaryoning o'ng qirg'og'idagi yerlar - O'zbekistonning Surxondaryo viloyati va Janubiy Tojikiston yerlari Baqtriyaning tarkibiga kirganligi ilmiy jihatdan asoslab berildi. Mutaxassislar tomonidan Shimoliy Baqtriya hududida joylashganligi taxmin qilinayotgan Gabaza va Paretaka viloyatlarining geografik o'rni masalasi ham ko'rib chiqildi. Ma'lumki, Kursiy Rufning «Iskandar tarixi» va Arrianning (95-175) «Iskandar yurishlari» asarlaridagi xabarlarida Shimoliy Baqtriya va So'g'diyonada joylashgan viloyatlar, qal'alar va shaharlar xususida qimmatli ma'lumotlar mavjud. Kursiy Rufning ma'lumotlariga ko'ra, Iskandar yurishlarining uchinchi oyida qo'shin bilan qishlik qarorgohidan chiqqan va Gabaza viloyati sari yurish qilgan. Iskandarning Markaziy Osiyo janubiy viloyatlariga yurishining ikkinchi bosqichi mil. avv. 327 yilning bahorida boshlangan bo'lib, asosan «paretaklar mamlakati» orqali o'tganligi aytiladi. Ushbu viloyatning joylashgan o'rni xususida olimlar turlicha fikr bildiradilar, masalan V.Tomashekning fikriga ko'ra, Parataka viloyati Badaxshon hududida joylashgan va u tog'li mamlakat bo'lgan. V.V.Grigoryevning taxminicha, Parateka atamasi «tog'li mamlakat» ma'nosini anglatib, u Surxondaryo, Surxob va Kofirnihon vohalarida, ya'ni Hisor o'lkasining o'rta va shimoliy qismida joylashgan. I.Markvart Paratekani «daryo yuvib turuvchi viloyat» deb ataydi va uni hozirgi Surxondaryo viloyati va Tojikiston hududida joylashganini ma'lum qiladi. Lekin yuqoridagi qarashlar ilgari surilgan paytda ularni tasdiqlovchi yoki inkor qiluvchi arxeologik ashyolar va ma'lumotlar hali mavjud emas edi. Hozirgi kunda esa Surxondaryo viloyatining shimoli-g'arbiy qismidan Iskandar yurishlari davriga oid bir qator manzilgohlar ochib o'rganildi. Ana shu yangi arxeologiya ma'lumotlarini yozma manbalardagi ma'lumotlar bilan qiyoslab va olimlarning bu boradagi qarashlarini tahlil qilib Paretaka viloyatining joylashgan o'rni masalasiga oydinlik kiritish imkoni paydo bo'ldi. Olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida Parateka mamlakati hozirgi Surxondaryo viloyatining tog' oldi qismidagi Ulanbuloq, Sherobod, Urgul, Surxon, Halqajar va To'palang vohalarida joylashgan viloyat bo'lganligi va uning markazi Qiziltepa o'rnida ekanligi asoslab berildi. Baqtriyaning qachon ahamoniylar tomonidan istilo etilgani noma'lum. Ksenofont Baqtriya Kir tomonidan bosib olindi deydi va bu voqealarning qachon sodir bo'lganini qayd etmaydi. Lekin bu voqealarning miloddan avvalgi 545-540 yillar oralig'ida sodir bo'lgani ancha aniq holga kelgan. Doro I davrida o'tkazilgan ma'muriy islohotga binoan Baqtriya yerlari 12-viloyat sifatida qayd qilinadi. Bu davrda Baqtriya satrapligiga Marg'iyona va So'g'diyona hududlari ham kirgan, buni Doro I ning Bexustun qoya toshlariga raqam qildirgan bitiklaridan ham bilsa bo'ladi. Doro I Marg'iyonada ko'tarilgan 522 yildagi Frada qo'zg'olonining Baqtriya satrapi Dodarshish tomonidan bostirilishi haqida to'xtalib «mana, men Baqtriya uchun nimalarni qildim» deb ta'kidlashi ham Marg'iyonaning Baqtriya tarkibiga kirganligani bildiradi. Baqtriya satrapligi Eron ahamoniylari xazinasiga yiliga 36 (10 tonna) talant kumush miqdorida yillik soliq to'lagan. Bundan tashqari, Suzadagi saroy qurlishiga Baqtriyadan ko'plab miqdordagi yaltiroq toshlar va lojuvard jo'natilgan. Erondagi Persopol saroyidagi rasmlarda ahamoniylar podshosiga xiroj keltirish marosimi tasvirlangan. Ushbu rasmda baqtriyaliklar o'n beshinchi guruhdan joy olgan bo'lib, ularning besh vakili tuya yetaklab, maxsus idishlarda narsa olib borayotganligi aks ettirilgan. Baqtriyalik yigitlarning fors qo'shinlarida xizmat qilgani va ularning mardliklari haqida ham ma'lumotlar mavjud. Qadimgi yunon dramaturgi Esxil o'zining «Forslar» tragediyasida yunonlar bilan eroniylar o'rtasidagi miloddan avvalgi 480 yilgi Salamin jangida Eron qo'shini tarkibida jang qilgan hamda halok bo'lgan baqtriyalik jangchilar Tenagon va Aritomlarning ismlarini tilga olib o'tadi. Bu jang haqida Gerodotning xabar berishicha, Baqgriya chavandozlarining qurollari piyoda askarlarning qurollariga o'xshar ekan. Yana Gerodot baqtriyaliklarning ust-boshi hindlarning ust-boshiga o'xshaydi, ular o'q-yoy va kalta nayzalar bilan qurollangan, deb yozadi. Jahon sivilizasiyasi tarixida alohida ahamiyatga ega bo'lgan Baqtriya davlati dunyoning rivojlangan mamlakatlari bilan mustahkam iqtisodiy-madaniy aloqalar o'rnatib, siyosiy yo'nalishda o'zining mustahkam nufuziga ega bo'lgan. Baqtriyaning ichki-tashqi siyosatida amalga oshirgan islohotlari, qo'shni mamlakatlar bilan olib borgan iqtisodiy-siyosiy munosabatlari haqida Yunon, Eron, Hindiston, Chin va Rum tarixnavislari ko'plab tarixiy voqealarni yozib qoldirganlar. Yunon tarixchisi Kvint Kursiy Ruf xabariga ko'ra «Baqtr davlati nomi Baqtr daryosi nomidan olingan, poytaxt shahar - Zariasp shahri keyinchalik daryoning nomi bilan Baqtr deb ataladi» va bu nom viloyat nomiga ham ko'chadi. Baqtr davlati keng bepoyon o'lka bo'lib, janubda Hindiqush (Parapamis), shimolda So'g'diyona, g'arbda Marg'iyonagacha (Murg'ob vohasi) bo'lgan hududlardan iborat bo'lgan. Mashhur tarixiy manba «Avesto»da bu o'lkaning beqiyos yurt ekanligi ta'riflanadi va u Baxdi (Baqtriya) bayroqlari doimo baland hilpirab turadigan, ya'ni shon-shavkat o'lkasi sifatida tilga olinadi. Baqtriyaning tarkibiy qismi bo'lmish hozirgi Surxon vohasi hududi Oksning o'ng sohilida joylashgan nihoyatda ravnaq topgan yirik shaharlarga ega bo'lib, ular savdo-sotiq rivojlangan iqtisodiy-siyosiy va madaniy markazlar sifatida mashhur edi. Baqtriyani yirik sulolalar boshqaradi, uning siyosiy kuchi cheksiz, harbiy qudrati shu darajada dahshatli ediki, hatto u yirik davlatlarni ham qo'rquvga solib turgan. Yunon tarixchisi Ktesiyning yozishicha, Ossuriya (Gerodotning aytishicha eroniylar Suriyani shu nomda yuritishgan) podshosi Nin Baqtriyaga qarshi 1700 ming piyoda, 210 mingdan otliq askar, 10 mingdan ortiq jang aravalari bilan bostirib kelib, butun shahar va qishloqlarni talab, ko'plab oltin-kumushlar va qullarni olib ketgan. Muarrix Pompey Trog qadimgi manbalarni ko'zdan kechirgan holda yozishicha, Ninning Baqtriyaga qilgan bosqinchilik yurishi davrida «... Baqtr podshosi Zardo'sht (Zaroastr) bo'lgan» ekan. Akademik A.Asqarovning ta'kidicha: «Ktesiy hikoyalarining asosida qandaydir tarixiy haqiqat borligiga ishonish qiyin emas. Masalan, Baqtriya bilan Ossuriya o'rtasida iqtisodiy aloqalar bo'lganiga shubha yo'q, chunki Baqtriyadan o'z davrida Ossuriyaga ikki o'rkachli tuyalar qatnagan, bu tuyalarda Baqtriya lazurati oqib borgan, Bular haqida Sargon II davri(mil. avv. VIII asr)ga oid manbalarda xabarlar beriladi». A.Asqarov davom etib yozadi: «Miloddan avvalgi VIII- VII asrlarda bir butun yirik madaniyat markazi sifatida shakllangan yurtlardan biri Baqtriyadir. Uning hududini O'zbekistonning Surxondaryo viloyati, Janubi-G'arbiy Tojikiston yerlari, Shimoliy Afg'oniston (va Sharqiy Turkmaniston B.M.) tashkil etadi. Bu yurtda miloddan avvalgi VIII -VII asrlarda «Qadimgi Baqtriya podsholigi» tashkil topdi. O'zbekiston hududidagi eng qadimgi shahar shu yurtda shakllandi. Bu yurt zalrdushtiylik dinining ilk makonidir. Uning hukmdori Kavi Vishtaspa esa Zaratushtra diniy islohotini birinchilar qatorida qabul qilib, uni davlat dini deb e'lon qilgan». Yunon tarixchisi Ktesiyning ma'lumotlarida ahamoniylar doimiy tarzda Baqtriyaga bosqinchilik yurishlari qilib, bu boy hududni talon-taroj qilib turgan va xalq notinch holatda yashagan. Gerodot Eron-Baqtriya munosabatlarini o'rganib «Doroni forslar savdogar deyishlariga sabab, u birinchi bo'lib soliq tizimini joriy etganligidandir». Hatto Gerodotning qayd etishicha, soliqlardan tashqari ahamoniylar baqtriyaliklarni suv yo'llarini to'sib qo'yib, qo'shimcha soliq to'lashga majbur qilganlar. Gerodotning yozishicha, Doroning shaxsan amri bilan poytaxt Suza shahridagi saroy qurilishida ishlatilgan oltinlar ayni Baqtriyadan olib kelingan. Baqtriya Eron podshohlarini talonchilik harakatlariga muntazam tarzda jiddiy qarshilik ko'rsatib, o'z milliy mustaqilligini saqlash uchun kurash olib borgan. Tarixchi Kvint Kursiy Rufning bergan ma'lumotida «Baqtriyaliklar g'oyatda epchil, tabiatan qattiqqo'l, forslarning dabdabasiyu, erkatoyligini xush ko'rmaydiganlardan» bo'lgan. Aftidan baqtriyaliklar o'zlariga xos ayni shu xususiyatlarni yunon-makedonlarga ham qarshi qo'llagan bo'lishlari haqiqatga yaqin turadi, bu xil hodisalarga Kursiyda ko'plab ishoralar topiladi. To'xtovsiz bo'lib turgan jang-jadallarga qaramay Baqtriya taraqqiyoti tinimsiz taraqqiy etdi, uning shaharlarida hunarmandchilik, savdo-sotiq rasmi rivoj topdi. Mamlakatda to'quvchilik, kunchilik, qurolsozlik, oltin, kumush, qo'rg'oshin, qalay, mis, bronzadan turli xil mahsulotlar ishlab chiqarish avj oldi. Tarixchi Kvint Kursiy Rufning yozishicha Baqtriya tabiati boy va rang-barangdir, uning ko'p bog'-rog'lari shirin mevalarga to'la, tuprog'i unumdor joylarda bug'doy ekiladi, qolgan yerlar esa yaylovlarda iborat ekan. Baqtriyada pul zarb etish, oltinni qayta ishlash mohirlik bilan amalga oshirilgan, baqtriyaliklar o'ta zehnli bo'lib, fan ancha rivojlangan. Baqtriya satrapligi ahamoniylar davlatida katta iqtisodiy va harbiy qimmatga ega bo'lish bilan birga muhim siyosiy ahamiyatga ham ega bo'lgan. Baqtriya satrapligini idora qilgan hokimlar ahamoniylar oilasining vakillari bo'lgan, shuning uchun ham Baqtriya hokimlari ahamoniylar taxtini qo'lga kiritish uchun doimo kurashib kelganlar. Jumladan, Baqtriya hokimi Masist o'z akasi Kserksga qarshi qo'zg'olon ko'tarishga harakat qilgan. Yoxud keyinchalik Baqtriya satrapi Bessning Doro III ni o'ldirib o'zini Artakserks IV nomi bilan podsho deb e'lon qilishi ham bejiz emas edi. Baqtriyaning shahar markazlari harbiy ahamiyat kasb etib qolmasdan hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari ham edi. Bu shaharlar qalin va mustahkam mudofaa devorlari bilan o'rab olingan. Ktesiyning «Persika» asarida Baqtriyaning juda ko'p istehkomlari va qal'alari mavjudligi qayd etilgan, vohamiz hududidagi Qiziltepa, Tallashqon, Qizilcha, Jondavlattepa, Beshqo'ton, Bo'yrachi kabi arxeologik yodgorliklar ana shunday mustahkam istehkom qal'alar hisoblanadi. Bu davrda Surxon vohasining aholisi asosan sug'orma ziroatkorlik bilan bir qatorda hunarmandchilikning temirchilik, kulolchilik, to'quvchilik, tikuvchilik, zargarlik va boshqa sohalari bilan ham shug'ullangan. Xullas, Shimoliy Baqtriya, ya'ni hozirgi Surxon vohasi hududlari miloddan avvalgi VI-IV asrlarda Eron ahamoniylari davlati tarkibida bo'lgan. Iskandar istilosi. Eron ahamoniylariga qarashli ko'pgina hududlarni egallagan Iskandar miloddan avvalgi 329 yidda o'zining azaliy dushmani Doro III ni o'ldirtirgan Baqtriya satrapi Bessdan «qasos» olishni bahona qilib Araks (Amudaryo)dan kechib o'tib hozirgi Surxondaryo hududlariga bostirib kiradi. Iskandar istilosi arafasida Baqtriya satrapligi siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha rivojlangan o'lkalardan biri hisoblanardi. Mashhur Rim tarixchisi Kursiy Rufning ta'kidiga asoslanib Baqtriyadan Oks daryosi kechuvigacha bo'lgan masofani 400 stadiy (75 km) deb hisoblasak, Iskandar askarlari Termiz va Kelif shaharlari oralig'idagi kechuvdan o'tganligi ma'lum bo'ladi. Ushbu kechuv joyi Termizdan g'arbda joylashgan Sho'rob va Cho'chqaguzar kechuvi bo'lgan. Bu paytda Bess va uning hamrohlari Nautakaga chekingan edi. Iskandar hujumiga duchor bo'lgan ilk makonlardan biri hozirgi Sherobod tumani hududida joylashgan Tallashqontepa o'rnidagi Branxiylar shaharchasi hisoblanadi. Iskandarni Na-utakaga olib boradigan asosiy yo'l ham aynan Sherobod vohasidan o'tgan bo'lib, bu yo'l suv manbalari, oziq-ovqat mahsulotlariga boy makonlari bilan qadimdan mashhur edi. Sherobod vohasida qadimiy dehqonlarning qishloqlari miloddan avvalgi XVII-XV asrlardayoq paydo bo'lib, shuning uchun ham ushbu vohada ko'plab qo'rg'onlar joylashgan. Sherobod vohasini kesib o'tib So'g'diyonaga eltuvchi ushbu yo'l makedonlar uchun juda qulay bo'lgan. Tallashqontepada olib borilgan arxeologik qazish ishlari natijasida akademik E. V. Rtveladze bu tepada bir paytlar bino bo'lgan shaharni yunon branxiylari nomi bilan bog'laydi va shu asosda o'z farazlarini ilgari sura boshladi. Yunon branxiylari bu zaminga Iskandar Zulqarnayn (356-323) yurishlaridan 150 yil burun kelib qolganlar. Bu voqealar ahamoniylar shohi Kserksning Yunonga yurishi paytida, ya'ni miloddan avvalgi 480 yilda ro'y beradi. Kichik Osiyo hududida joylashgan Milet shahrida Branx ismli nufuzli koxin avlodlari bunyod etgan Apollon xudosi sharafiga qurilgan mashhur ibodatxona bo'lib, Eron-Yunon urushi vaqtida shahar aholisining behuda qirilib ketishini istamagan kohinlar fors shohi Kserksga ibodatxona xazinasini topshiradilar. Keyinchalik branxiylar yunon xalqining g'azabidan qo'rqib, intiqomdan cho'chib, yengilgan forslar bilan Eronga qochishga majbur bo'ladilar, chunki ibodatxona xazinasi muqaddas sanalib, u daxlsiz hisoblangan. Manbalarning guvohligicha, miletliklarni shoh Kserks yunonlar sira yetib borolmaydigan sharq tomondagi viloyatlardan biriga ko'chirib yuboradi. Kursiy Rufning aytishicha, branxiylar Amudaryoning narigi tomonidagi yerlarda kichik bir shaharchaga asos solganlar. Oradan 150 yil o'tgan bo'lsa hamki, branxiylar, mahalliy xalq an'analarini qabul qilishgan bo'lsalar-da, o'zlarining urf-odatlari, rasm-rusumlarini hali esdan chiqarmagan edilar. Iskandar Oksdan kechib o'tadi. Bu kechuv joyi, E. V. Rtveladze va A. Sagdullayevlar fikricha, Sho'rob qo'rg'oni (Turkondaryo, ya'ni Sheroboddaryoning davomi Qorasuvning Amudaryoga quyilish joyi) orqali sodir bo'lgan, sababi Baqtra (Balx)dan daryoning o'ng sohilida joylashgan Sho'rob qo'rg'oni (Paradagvi)gacha masofa 70 km, Kelifgacha bo'lgan masofa 90 km ni tashkil etadi. Qolaversa, Kelifdan Nautaka(goho Ksenippa, Qarshi)ga borish qiyin, chunki u yerlar cho'l mintaqasiga kiradi, Iskandar esa o'z qo'shinini zinhor muqarrar o'lim changaliga tashlamas edi. Demak, Bessni ta'qib etgan Iskandarnnig Oks (Amudaryo)dan o'tgan joyi har qalay Sho'robqo'rg'on bo'lganligi haqiqatga yaqin turadi, qolaversa, manbalarning guvohligicha, Bess o'z hamrohlari Spitamen va boshqalar bilan Termiz orqali Oksdan o'tadi hamda ko'prik vazifasini o'tovchi yagona kemani yondirib ketadi. Bundan tashqari Turkondaryo (Sheroboddaryo) sohili bo'ylab Qarshiga borish va Maroqandga yurish ancha qulay bo'lib, aholi xuddi shu vohalarda yashar edi, bu esa oziq-ovqat muammolari va yem-hashak uchun juda muhim edi. Qadimiy ipak yo'li ham xuddi shu hududdan o'tganligi taxmin etiladi. Endi yana branxiylar masalasiga qaytsak. Kvint Kursiy Ruf (milod. avv. I asr) jahon fotihi Iskandarning Baqtradan So'g'diyonaga yurishi yo'nalishini quyidagi shaklda beradi: Hindikush tog'lari - Baqtra - Oksdan o'tish - Branxiylar shaharchasi - noma'lum tog'lar yonbag'ri - Maroqand. E'tibor berilsa, Branxiylar shaharchasi Oksdan kechib o'tgandan keyin berilmokda, bu Paradagvi (Sho'robqo'rg'on - Cho'chqa guzar - Kampirtepa, goho manbalarda Sho'rqo'rg'on)dan 20 km shimolda joylashgan ayni Tallashqontepaning o'zidir. Shahar aholisi, ya'ni branxiylar uzoq vatandoshlarini sevinib, shodiyona bir tarzda tuz-non bilan qarshi oladilar, lekin Iskandar ularni sotqinlikda ayblab hammasini qirib tashlaydi, hatto beshikdagi bolasini ham qoldirmaydi, shaharni chinakamiga vayronaga aylantiradi. Shahar dunyo yuzidan butkul yo'qoladi, u ikkinchi marta qaddini tiklay olmagan. Iskandarning Shimoliy Baqtriya yerlariga hujumi davrida bu yerda Kuchuktepa, Beshqo'ton, Tallashqon, Jondavlat, Bandixon, Bo'yrachi, Qizilcha va boshqa ko'plab mustahkam qal'alar va uy-qo'rg'onlar bo'lgan. Surxon vohasining markazi Qiziltepa bo'lgan, vohaning aholisi sug'orma ziroatkorlik xo'jaligi bilan shug'ul-langan. Yuqorida nomlari zikr qilingan arxeologik manzilgohlarda olib borilgan qazish ishlari jarayonida ko'plab miqdorda sopol idishlar, bronza va temirdan yasalgan urush va mehnat qurollari, urchuq toshlar, igna va zeb-ziynat buyumlarining topilishi bu davrda qurilish, hunarmandchilikning temirchilik, kulolchilik, to'quvchilik, tikuvchilik va zargarlik sohalari jiddiy taraqqiy etganligini bildiradi. Iskandarning harbiy yurishlari to'g'risida qalam tebratgan Kursiy Ruf Baqtriya haqida ma'lumot berib, «Baqtriyaning tabiati boy va turli-tumandir. Ba'zi joy-larda ko'pdan-ko'p daraxtzorlar, tok novdasi shirin va serob meva hosil qiladi, unumdor yerlarni ko'p sonli buloq - daryolar sug'oradilar, hosildor tuprog'ida bug'doy ekiladi, boshqa yerlar o'tloq uchun qoldiriladi» deb yozadi. Kvint Kursiy Ruf Shimoli-G'arbiy Baqtriyadagi ikki viloyat - Paretaka va Bubakenani tilga olgan. Ushbu viloyatlardan biri Paretakaga Sherobod vohasi va unga tutash tog'oldi xududlari kiradi, Bubakenaga esa Bobotogning har ikkala hududlari, ya'ni kun chiqish va kun botish tomonlari ham kirgan. Iskandar Zarafshon va Qashqadaryo vohalarini istilo qilib bo'lgach, miloddan avvalgi 327 yildan boshlab tog' qal'alariga bekingan aholiyi bo'ysundirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan. Ana shunday tog' qal'alaridan biri Xoriyen qal'asi bo'lgan. Kursiy Rufning ma'lumotlariga qaraganda, Xoriyen qal'asining balandligi 20 stadiy (3500-3700 mt.kv), aylanasi esa 60 stadiy bo'lib, hamma tomoni nishablikdan iborat bo'lgan. Qoyaga yolg'izoyoq yo'l olib borgan va qoya atrofini chuqur jarlik qamrab olgan. Ayrim tarixchi olimlarning fikriga ko'ra, Xoriyen qal'asi «Temir darvoza» darasida joylashgan bo'lib, «Temir darvoza» Baqtriya bilan So'g'diyona o'rtasida chegara vazifasini o'tagan. Arrianning xabariga asoslansak, Iskandar Xoriyen qal'asini olishda juda ham qattiq qarshilikka uchragan. Baqtriya hududida Iskandarga qarshi kurash aynan hozirgi Surxondaryo hududida nihoyatda kuchayib, milliy ozodlik harakati to'xtovsiz davom etdi. Tarixchi Arrianning yozishicha bu zaminda Spitamenga o'xshash yurt ozodligi yo'lida jon fido qilgan qahramonlar nihoyatda ko'p edi. Chunonchi, Baqtriya shimolidagi Paretakada, ya'ni Boysuntog' va Ko'hitang tog' daralari hududlaridagi mavzelarda yunon bosqinchilariga qarshi qaratilgan mahalliy kahramonlar Katan va Avstan rahbarligida xalq g'alayonlari bo'lib o'tadi. Iskandar Paretakadagi qo'zg'olonni bostirish uchun Krater ismli sarkardasi boshliq qo'shinni qoldirib, o'zi Amudaryodan o'tib Zariaspaga (Balxning ikkinchi bir nomi) yo'l oladi. Paretakada ko'tarilgan qo'zgolonga Katan va Avstan ismli jangchilar boshchilik qilishgan, ikki o'rtada kechgan shafqatsiz jang jarayonida Katan va bir yarim ming baqtriyalik qo'zg'olonchilar halok bo'ladi, Avstan esa asirga olinadi. Yunonlarning Paretakadagi aynan mana shu janggi Baqtriya tuprog'idagi oxirgi janglardan biri edi. Iskandarning istilosi davrida voha aholisi juda katta yo'qotishni boshidan kechiradi. Xususan, viloyatdagi Baqgriya madaniyatiga oid bo'lgan 36 ta yodgorlikning 33 tasi vayron qilinadi. Shahar va qishloqlar vayron bo'lib, ilgari aholi gavjum yashagan Muzrobod, Sherobod, Bandixon va Mirshodi vohalarini odamlar tashlab ketib, boshqa joylarni makon tutadi. Yunonlar bilan bo'lgan jangda juda ko'plab aholi qirilib ketadi. Xo'jalik hayoti ancha izdan chiqadi, qadimgi Baqgriya davriga oid bo'lgan boy madaniyat inqirozga yuz tutadi. Iskandar vafotidan keyin Baqtriya yerlari Salavkiylar davlati tarkibiga kiradi. Salavkiylar sulolasining asoschisi Salavka I Nikator miloddan avvalgi 311-302 yillar oralirida baqtriyaliklar ustidan ham o'z hukmronligini o'rnatadi. Salavkiylar davlatida sharqiy satrapliklardan biri sanalgan Baqtriyaning ham o'rni juda katta bo'lgan. Salavkiylar davrida Iskandar istilosi paytida vayron bo'lgan shahar va qishloqlar qayta tiklanadi, xo'jalik izga tushib, savdo jonlanadi. Aynan shu davrda ellin madaniyati bilan mahalliy madaniyatning o'zaro aralashuvi sodir bo'ladi. Baqgriyada yunon yozuvi tarqaladi. Yangi-yangi qarorgohlar vujudga keladi, savdo rivojlanishi bilan yunon tangalari va yunon og'irlik o'lchovi birliklari tarqala boshlaydi, Xususan, bu davr me'morchiligi va shaharsozligida ham ellin an'analarining keng miqyosda yoyilishi kuzatiladi. Ko'pgina tarixchilar shu paytgacha Termiz shahrining shakllanishi borasida ham ellin madaniyatining ta'siri mavjud deb hisoblaydilar. Jumladan, Hofizi Abro' Termizga Iskandar asos solgan desa, ayrim tarixchilar Termizning shakllanishini Yunon-Baqgriya podshosi Demitriyning nomi bilan bog'laydilar. Bu ikkala fikr ham izohga muhtoj bo'lib, Termiz shahrining shakllanishi juda qadimga borib taqaladi. Termiz shaxri bronza va temir davrlarida Shimoliy Baqtriyada shakllangan Jarqo'ton, Tallashqon, Jondavlat, Qizilcha va shunga o'xshash shahar va qo'rg'onlarning tadrijiy davomi bo'lib, Termiz shaxrining shakllanishida Shimoliy Baqgriya urbanizasiya jarayonining ta'siri katta. Demak, Termizning shakllanish jarayoni Yunon-Makedon istilosidan oldingi davrlarga borib taqaladi. Demak Ipak yo'lining shoh bekatida joylashgan Termiz shahrining miloddan avvalgi VI-V asrlargacha rivojlangan shahar bo'lganiga shubha yo'q. 1. Qadimgi tarixiy manbalarda katta qiziqish bilan tilga olingan Termiz haqida ko'plab ilmiy fikrlar tarixchilar tomonidan o'rganilmoqda hamda yangi tarixiy ashyoviy manbalar qayd etilmoqda. Ko'hna shahar hozirgi Termizdan 8-9 km janubi-g'arbda Amudaryoning o'ng qirg'og'ida joylashgan bo'lib, qariyb 2500 yillik tarixga ega. Qadimdan Termiz Markaziy Osiyoni Xitoy-Misr bilan bog'lovchi Buyuk ipak yo'lida joylashgan. Yunon- Baqgriya podsholigi davrida katta madaniy bosqichni o'z boshidan kechirganligini tasdiqlovchi manbalarni qayd etish zarur. Uning toponomik kelib chiqishiga e'tibor bersak, mahalliy xalqlar baqtriyaliklar Termiz Taramastxa (baqtrcha, «narigi sohildagi manzil»), Taramata, Taramat, Tami, Tarmit, Tarmiz, Termiz kabi shakllarda uchraydi. Bundan tashqari shaharning nomi IV-V asrlardagi arman manbalarida Drmat-Darmat(ehtimol Darmit), Termiz so'zigacha mahalliy xalqlar-baqtriyaliklar taramastha, Tarameta (narigi sohil, daryoning u beti) Arman manbalarida IV-V asarlarda u «Drmat» VII asr Xitoy manbalarida «Tamo», XIV asr Xitoy manbasida «Tarmiz» va «Tirmiz», IX-XIII asr arab-fors manbasida «Termiz» va «Termiz» XII asrda tarixchi somoniy Termiz. XIII asrda Yakut lug'atida 2 xil nom «Tarmiz» va «Tirmiz». Qadimgi Tibet kitoblaridan birida taxoristonlik buddizm targ'ibotchisi Dxarmamitraning nomi uchraydi va uning Pak-su (Oksu-Amudaryo) daryosi bo'yida joylashgan Tarmita degan shahardan ekanligi qayd etiladi. Shuningdek, shahar asoschisi-podshoh Demitriy nomi asosida Demitriy, Dermita, Darmita nomi bilan keyinchalik Tarmita, Termid, X asrdan boshlab esa Termiz nomi bilan bog'lanadi. Umuman Termiz shahrining Tara Mastha yoki Tara Maetha -narigi sohildagi shahar, yanada tug'rirog'i daryoning narigi sohilidagi shahar, shahar nomining Yunon-Baqtriya podshohi Demetriya (Dmitrius) bilan bog'lanishlari isbotini topmaganidek, uning yunoncha termos so'ziga aloqadorligi ham asosli emas. Iskandar Zulqarnayn Termiz shahrini mustahkam tayanch qal'a sifatida mustahkamlab, unga «Oks bo'yi Aleksandriyasi» nomini berganligi ingliz olimi V. Tarn asarlarida qayd etilgan. Iskandar-daryo bo'yidagi bu manzilgohni mahalliy xalq g'alayonlaridan saqlanish uchun muhim harbiy istehkom shaharga aylantirish rejasi bilan uni qayta qurdiradi. Urush oqibatida xarobaga aylangan shahar qayta ta'mirlanib takror tiklangach, unga «Oks Iskandariyasi» deb nom qo'yadilar. Iskandar Zulqarnayn yurishigacha ham daryo sohilida shahar mavjud bo'lgan, unda odamlar yashagan. Buni isbotlovchi yangi bir topilma yaqinda Eski Termiz hududida qayd qilindi, ushbu manzilgoh ham miloddan oldingi birinchi ming yillikning o'rtalariga taaalluqlidir. Biroq Iskandar vafotidan so'nggi taxt talashishlar Termizning ijtimoiy hayotiga salbiy ta'sir qo'rsatib shaharda birmuncha vaqt taraqqiyotning sustlashgani haqida arxeologik va yozma manbalar xabar beradi. Shuning uchun bo'lsa kerak A. Tomashek Termizning eng birinchi nomlari sifatida Antioxiya, Tarmita nomlarini keltiradi. Garchi bu fikr to'liq isbotlangan bo'lmasa-da, Termizning Antioxiya deb nomlanishi tarixiy haqiqat bo'lib, buni biz Qoratepa yodgorligidan topilgan sopol idish parchasida mazkur nomning uchrashida ham ko'rishimiz mumkin. Boisi miloddan oldingi II asrda hukmronlik qilgan shoh Antiox xarobaga aylangan shaharni qaytadan tiklaydi va uni o'z nomi bilan «Oks Antioxiyasi» deb yurita boshlaydi. Termiz shahri tarixini o'rganishda Salavkiylar va Yunon-Baqtriya shohlarining nomidan zarb qilingan tangalar alohida o'rin egalladi. Bu topilmalar miloddan oldingi III-II asrlardayoq Termizning kattagina shahar bo'lganligidan dalolat beradi, endilikda shahar taxminan 10 gektar maydonni ishg'ol etgan. Arxeologik izlanishlar tufayli Termiz xarobalaridan miloddan oldingi IV - III asrlarga oid madaniy hammom topildi. Zikr etilgan asrlarda shaharning ancha tez sur'atlar bilan rivojlanganligini taxmin etish mumkin bo'ladi. Arxeologik izlanishlar natijasida Termizning miloddan oldingi III-II asrlarga oid moddiy madaniyatini yorituvchi turli topilmalar qayd etildi. Fil suyagidan yasalgan turli narsalar, ayol ma'budaning haykalchasi, nay bo'lagi topilmalari shaharda kulolchilik taraqqiy qilganligidan dalolat beradi. Shunday qilib Salavkiylar zamonida shimoli-g'arbiy Baqtriya yerlarida birmuncha taraqqiy etish holatlari namoyon bo'lganligini kuzatish mumkin. Albatta, shaharning birinchi nomi Termiz deb atalmagan, bu atama maydonga kelgunga qadar mahalliy xalqlar, masalan, baqtriyaliklar shaharni Taramastxa yoki Taramata (narigi sohil, daryoning u beti va h, k.) kabi nomlar bilan atagan bo'lishlari mumkin. Termiz shahrining nomi va uning kelib chiqishi haqida ko'plab rivoyatlar yuradi, shu xil rivoyatlardan birida Balxlik mashhur shayx Dorulomon termizlik al-Hakimning g'oyibot olami bilan bog'lana olishdagi ruhiy quvvatini sinamoq niyatida Termizga yo'l oladi. Dorulomon o'z xalifa(yordamchi)si bilan suvga tushganda, buni oldindan bilgan al-Hakim Amudaryoga tushib daryoning yarmigacha borib Dorulomonni kutib oladi. Hayratda qolgan Dorulomon xalifasiga-«Bu zotni daryodan ko'tarib o't» ishorasini qiladi, xalifa kar bo'lganidan «boshini ol» deb tushunib al-Hakimning boshlarini qilich bilan kesadi. Shunda al-Hakimning kesilgan boshi tilga kirib Dorulomonga «Biz tirikmiz» debdi. Ul ulug' zotning qabrlariga yig'lab borgan kishilarga «Biz tirikmiz» deb ovoz eshitilibdi, o'shandan buyon shahar nomi tirimiz, ya'ni Tirmiz bo'lib ketgan emish. Boshqa bir rivoyatda Termiz so'zi termos so'zidan olinganligi aytiladi, go'yo Aleksandr Makedonskiy jazirima issiq paytlari shaharga kelgan emish va havoning o'ta issiqligi tufayli, bu yer xuddi termosning o'zi ekan debdi. Termos so'zining fonetik tarkibi-fonemalar miqdori hozirgi yunon va o'zbek tillarida saqlangan. Yuz bergan tovush o'zgarishlarini o'zbek tilining fonetik qonunlari tasdiqlaydi. «o»ning «i»ga «s»ning «z»ga o'tishi turkiy tillar fonetik qonuniyati me'yori talabiga mosdir. Termo-yunoncha, issiq, issiqlik, harorat, termometr-issiqlik o'lchaydigan asbob, termografiya-issiqlikni yozib oluvchi asbob, idish, joy, makon tushunchalariga ega. Olimlardan V.L.Kozlovskiyning «Termiz shahri tarixi»(1959) 1968 yil, J. Omonturdiyev, E. Pardayevlarning «Hoja Hakim Termiziy» (Viloyat gazetasi, 1968), G. A. Pugachenkovaning «Termez. Shahrisabz. Xiva.»(1976), T.Nafasovning «O'zbekiston toponimlarining izohli lug'ati», SH.Safarovning «Termiz va termiziylar» (1993) kitoblarida -Termiz atamasi baqtriycha, yunon-baqtriycha yoki sanskritcha Taramastha so'zidan kelib chiqqan deyiladi. G.A. Pugachenkova o'z tadqiqotlarida Termiz nomini sanskritcha (qadimgi hind tili) Taramata so'zi va Yunon-Baqtriya podshosi Demetriya (Dermid-Termit-Termiz) nomi bilan bog'laydi. Termizning qadimiy ekanligini isbotlovchi arxeologik moddiy-tarixiy ashyolar nihoyatda ko'p manbalarni bermoqda. Termiz shahri yoshini to'liq ilmiy o'rganish uchun 1980 yilda O'zFA Arxeologiya institutida Termiz tarixi va madaniyatini o'rganish uchun maxsus arxeologik otryad tashkil etildi. Termizni arxeologik-ilmiy o'rganishda professorlar B. P. Denike, M. YE. Masson, V. A. Shishkin, V. D. Jukov, akademiklar A. P. Okladnikov, B. B. Petrovskiy, L. I. Albaum, B. YA. Staviskiy, A. Asqarov, arxeolog olimlardan dosent SH. Pidayev, T. Annayev kabilar haqida iliq fikrlar aytish mumkin. Salavkiylar davlatiga ko'chmanchi qabilalarning to'xtovsiz hujumlari bu davlatning sharqiy satrapliklardagi obro'yiga jiddiy putur yetkazdi. Salavkiylarga qarshi mahalliy xalqlarning chiqishlari ro'y bera boshlaydi. Tang ahvolda qolgan Antiox mahalliy aslzodalarga yon bosib, Baqtriyada salavkiylarning sharqiy satrapliklari uchun pul zarb eta boshlaydi. Baqtriyada Antiox nomidan pul zarb qilinishi uning mustaqillikka bo'lgan intilishini yanada kuchaytirib, bu o'lkada salavkiylar ta'sirining tobora bo'shashib borayotganligidan dalolat berar edi. Surxondaryo tarixi kitobidan: YUNON-BAQTRIYA VA KUSHON PODSHOLIKLARI DAVRIDA SURXON VOHASI Miloddan avvalgi III asr o'rtalarida Baqgriya satrapligining salavkiylar markaziy hokimiyatiga nisbatan muxolifati kuchayadi. Miloddan avvalgi 250 yilda Baqtriya satrapi Diodot Baqgriya yerlarini Salavkiylar davlatidan ajratib, Yunon-Baqtriya davlatiga asos soladi. Bu davrda Yunon-Baqtriya davlatiga nafaqat Baqtriya yerlari, balki So'g'diyona va Marg'iyona yerlari ham bo'ysuna boshlagan edi. Baqtriya yerlarining Salavkiylar davlatidan ajralib chiqishi aholiga bir qadar yengillik beradi. Bu davrda Baqtriya satraplari, bir tomondan, salavkiylar markaziy hokimiyati xurujlariga qarshi kurashgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, Parfiya podsholari tajovuziga qarshi kurash olib boradi. Mustaqillikka erishgan Baqtriya Diodot I davrida qudratli davlatga aylanadi. Yunon-Baqtriya podshosi Yevtidem davrida mamlakatning chegara hududlarini mustahkamlashga alohida e'tibor beriladi. Miloddan avvalgi 206 yildan boshlab Baqgriya yerlariga Salavkiylar davlatining solib turgan xavfi yo'qotiladi. Bu davrda vohada sun'iy sug'orishga asoslangan ziroatchilik va hunarmandchilikning qator tarmoqlari ancha yuksaladi. Pirovard natijada ko'plab shaharlar qad rostlaydi, xususan, Mirshodi vohasida yashagan aholi Dalvarzintepa o'rnidagi shaharga, Sherobod vohasida yashagan aholining bir qismi Jondavlattepa o'rnidagi shaharga, yana bir qismi esa Tallashqon II nomi bilan atalgan manzilgohga, Sho'rchi qishlog'i o'rnida esa Kofirqal'a (Kampirtepa) singari shaharlarga asos solinadi. Bu davrda Termiz (Tarmita) shahrining maydoni bir necha gektarga kengayadi. Shuning uchun ham yunon muarrixlari o'z asarlarida Baqtriya xususida to'xtalib: «Baqtriya - ming shaharli mamlakatdir» deb ta'kidlab o'tishlari bejiz emas edi, albatta. Baqtriya o'sha davrda juda katgagina qo'shinga ham ega bo'lgan, tez-tez bo'lib turadigan jangu jadallar ham Baqtriya taraqqiyotini to'xtata olmagan. Xo'jalikning turli sohalaridagi rivoji natijasida savdo-sotiq ham ancha kamol topgan. Bu davrda baqtriyalik savdogarlar Chin-Mochin, Hindiston va Eron kabi mamlakatlar bilan iqgisodiy aloqalar olib borganlar. Baqtriya ziroatkorlari yetishtirgan mahsulotlar haqida yunon va chin manbalarida o'ta hayajon bilan so'z yuritiladi. Baqtriyalik hunarmandlar oltin, kumush, qo'rg'oshin, qalayi, mis va bronzadan juda nafis zebu ziynat buyumlari, uy-ro'zg'or va xo'jalik qurollari yasaganlar. Bu davrda to'quvchilik, ko'nchilik, qurolsozlik va zargarlik hunarlari ancha yuksaladi. Ilmiy izlanish natijalariga ko'ra, Baqtriyaning Salavkiylardan ajralib chiqishi mil. avv. 256 yilda ro'y bergan. Bu davrda Diodot Salavkiylarning Baqtriyadagi noibi edi, u shohlik rutbasini faqat Antiox II ning vafotidan keyin, taxminan mil. avv. 247-246 yillarda qabul qilishi mumkin edi va Baqtriyada mil. avv. 268 yildan mil. avv. 230 yilga qadar hukmronlik qiladi. Diodot I dan keyin Baqtriya taxtini uning o'g'li Diodot II egallaydi, undan keyin esa hokimiyat Evtidemga o'tadi. Diodotga hamda Salavkiylarga qarindoshligi bo'lmagan Evtidem Diodot II ni o'ldirib, taxtni kuch bilan egallaydi, bu voqea mil avv. III asrning 20-yillarida sodir bo'lgan. Shundan keyin Salavkiylar shohi Antiox III Evtidemni rasmiy hukmron sifatida tan oladi. Evtidemdan keyin Yunon-Baqtriya taxtini uning o'g'li Demetriy egallaydi, bu voqea taxminan mil. avv. II asrning 90-yillarining oxiri 80-yillarning boshlarida yuz bergan. Strabon ma'lumotlariga tayangan tadqiqotchilar Demetriyni «Hindistonning istilochisi» deb ataydilar, lekin bu masala fanda hali to'la o'z yechimini topmagan. Tangashunoslik tadqiqotlarining ma'lumotlariga tayangan holda ushbu muammo atroflicha o'rganildi va professor V.M.Massonning fikriga ko'ra, Demetriy hukmronligi yillarida yunonlarning Baqtriyadan Hindistonga siljishi, Yunon-Baqtriya shohlarining Hind-Yunon shohlariga aylanishi jarayoni boshlanadi. Keyinchalik bu jarayonni Osiyoning ichkari qismidan kelgan ko'chmachi qabilalar tezlashtiradilar. Basharti voqealar rivojiga e'tibor bersak, Demetriy o'z hukmronligining so'nggi yillarida Evkradit tazyiqi ostida Baqtriya mulklaridan siqib chiqariladi va unchalik katta bo'lmagan Hind mulklarini boshqarish bilan kifoyalanadi. Yunon-Baqtriyaning yozma manbalarda nomlari uchramaydigan shohlari ham bo'lganki, masalan, Evtidem II, Antimax, Pantaleon, Agfokl, Geliokl kabi hukmdorlarning nomlari bizga faqat tangalar orqali yetib kelgan. Tangashunoslik ma'lumotlariga tayangan holda ular hukmronligining chegaralari masalasi imkon darajasida o'rganildi. Yunon-Baqtriya podsholigida Evkradit hukmronligi davrida (u taxm. Mil. avv. 170 yilda hokimiyat tepasiga kelgan) siyosiy vaziyat ancha murakkab kechadi. U so'g'diylar, araxoziyaliklar, draiglar, areylar, hindlar va parfiyaliklar bilan tinimsiz urushlar olib borishga majbur bo'ldi. Uning davrida parfiyaliklar Yunon-Baqtriya davlati g'arbiy viloyatlarning ma'lum qismini egallaydilar. Evkratid Hindlar shohi Demetriy bilan jang qiladi va uni yengib Hindistonni egallaydi. Hindistondan qaytayotgan Evkradit taxt vorisi bo'lgan o'z o'g'li tomonidan o'ldiriladi. Hozirgi qadar mutaxassislar o'rtasida Yunon-Baqtriyaning oxirgi hukmdori va evkratidning qotili Geliokl degan fikr mavjud edi. Yozma manbalar va tangalarning so'nggi tahlili bu masalaga oydinlik kiritish imkonini berdi. Unga ko'ra, Geliokl Evkratidning otasi bo'lgan, padarkush o'g'il esa Platon bo'lgan. Bu mash'um voqea mil. avv. II asrning 40-yillarida sodir bo'lgan. Platon taxminan ikki yil hukmronlik qilgan va u baqtriyadagi oxirgi Yunon hukmdori edi. Baqtriya davlati podsho Demitriy (mil. avv. 199-167 yil.) davrida o'z taraqqiyotining yuqori cho'qqisiga ko'tariladi. U davlat boshqaruvi sohasida islohot o'tkazib, davlatni mayda hokimliklarga bo'lib boshqaradi. Demitriy davrida harbiy istehkomlar va qal'alar qurishga alohida e'tibor beriladi. Bu davrda Shimoliy Hindiston yerlari ham Yunon-Baqtriya davlatiga bo'ysundiriladi va davlat poytaxti Hindistondagi Taksila shahriga ko'chiriladi. Miloddan avvalgi 168 yida Baqgriyada davlat to'ntarishi sodir bo'lib hokimiyat tepasiga kelgan Yevkratid va uning yunon vorislarining zamonidan Yunon-Baqtriya davlatida siyosiy tanglik kuchayib, mamlakat inqrozga yuz tutadi. Miloddan avvalgi 140-138 yillar oralig'ida So'g'd yerlari orqali Baqgriya yerlariga kirib kelgan yuechji qabilalari Yunon- Baqtriya davlatiga barham beradi. Kushonlar davlati. Yuechji qabilalari Baqtriya yerlarida o'rnashgandan keyin ham ma'lum vaqt yagona davlat barpo qila olmagan. Oradan ancha yillar o'tgach, guyshuan qabilasi sardori Kudzula Kadfiz beshta qabilani birlashtirib Kushon davlatiga asos solgan. Kushon davlatining dastlabki o'zagini Baqtriya yerlari tashkil etgan. Kushonlar davlatining dastlabki poytaxti ham Sho'rchi tumani hududida joylashgan Dalvarzintepa yodgorligi xisoblanadi. Kushonlar davlatini yabg'u unvoniga sazovor bo'lgan hokimi mutlaq podsho boshqargan. Podshoning asosiy tayanchi yaxshi qurollangan harbiy qo'shin bo'lgan. Kushonlar qo'shini asosan otliq va piyoda qismlardan iborat bo'lib, qilich, xanjar, nayza va jangovar bolta bilan qurollangan. Kushonlar davlatida davlatni satrapliklarga bo'lib idora qilish tartibi saqlab qolingan. Kushon podsholari katga va kuchli qo'shinga tayanib, mamlakat chegaralarini kengaytirib borganlar. Olib borilgan istilochilik yurishlari natijasida Sharqiy Turkiston, Shimoliy Hindiston va Markaziy Osiyoning kattagina qismi Kushonlar davlatiga bo'ysundirilgan. Kushonlar saltanati podsho Kanishka davrida (78-123) nihoyatda gullab-yashnaydi. Bu davrda Xitoy, Rim, Parfiya singari o'sha davrning nufuzli davlatlari bilan savdo-sotiq, iqtisodiy va rasmiy aloqalar yo'lga qo'yiladi, madaniy sohadagi aloqalar ham ancha kengayadi. Xitoy tarixiy manbalarida qayd etilgan Guyshuanlar, milodiy 1 asrda Baqtriyada o'z hokimiyatlarini Kioszyuko rahbarligida o'rnatib, uning asli ismi Kujula Kadfiz edi. Kujula Kadfiz Xyumi, Shuanmi, Xeytun Gaofu sulolalaridan iborat to'rt hokimlikni ham o'ziga bo'ysundirdi. Baqtriyada hokimiyatni mustahkamlab olgan Kujula Kadfiz qo'shni viloyatlar bo'lgan So'g'diyona, Marg'iyona, Hindistonning shimoli-g'arbiy qismlarini istilo qildi. Kushonlar imperiyasini mustahkamlashda Kujula Kadfizning o'g'li Yangaochjen, ya'ni Kadfiz II muhim ahamiyatga ega bo'lgan ichki-tashqi siyosat yuritib, Hindistonni Hind daryosi quyi oqimlari, hatto Gang daryosi vodiysigacha bo'lgan yerlarni ham o'z ixtiyoriga o'tkazdi. Kushonlar davlati Kanishka hukmronligi davrida eramizning I asr oxiri-II asr birinchi choragida yanada kuchaydi. Kushonlar hokimiyatni hind zaminining janubiy viloyatlari, So'g'diyona orqali Farg'ona, Sharqiy Turkiston ham tan oldi. Kanishka davrida Turkiston o'lkasining asosiy hudularini o'z hokimiyatiga bo'ysundirib, Xorazm bilan iqtisodiy madaniy aloqalarni yana mustahkamladi. Kanishka olib borgan siyosatni Vasishka, Xuvishka, Kanishka II, Vasudeva, Kanishka III, Vasudeva II lar davom ettirib, siyosiy hokimiyatni kuchaytirishga harakat qilgan. Biroq siyosiy kelishmovchilik, o'zaro nizo-janjallar, hokimiyat uchun kurashni kuchaytirish tufayli kushonlar saltanati asta-sekin zaiflashib borgan. Kushonlar saltanati siyosiy-ma'muriy boshqaruvi tizimi an'anaviy satrapiyalar tizimga moslashuv asosida qurilgan bo'lib, satraplar oliy hukmdor tomonidan uning ishonchini qozongan, chamasi o'z doirasi namoyandalari orasidan tanlangan. Shu bilan birga satraplik lavozimiga harbiy yurishlarda jonbozlik ko'rsatgan lashkarboshilar ham lozim topilgan vaqtlar bo'lgan, umuman olganda esa satraplar baqtriyaliklar orasidan bo'lishi shart edi. Kushonlar davlati armiyasi yaxshi qurollangan bo'lib, umumiy harbiy qudrati 150-200 ming kishini tashkil etdi. Kushon jangchilari uzunligi 1 metrdan oshiqroq har ikki tomoni o'tkir qilich, xanjar, nayza, jangovar bolta, sipqon kabi qurollari bilan qurollangan. Kushonlar harbiylar suyak yo shox bilan qoplangan murakkab qo'sh kamonni ixtiro qildi. Bu kamon Uraloldi yerlari orqali Shotlandiyagacha, Sharqda Eron, Hindiston va Xitoygacha keng tarqalib harbiy ishlarda keng qo'llanildi. Kushonlar davrida mamlakatning iqtisodiy xo'jaligi keng taraqqiy etib, metallsozlik, shishasozlik mahsulotlari ishlab chiqarish rivojlanib, oltin, kumush, qo'rg'oshin, qimmatbaho toshlar, qurilish xom-ashyolari qazib olish ancha takomillashib borgan. Kadfiz II ning amalga oshirgan pul islohoti natijasida 8 grammlik oltin tangalar, kumush, bronza tangalar savdo muomalasiga chiqarildi. Madaniy taraqqiyot natijasida yozuvlar ancha takomillashib so'g'dcha, xorazmcha, parfiyacha, baqtriyacha yozuvlar mukammallashib, ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy hayotda ijobiy natijalarga erishdi. Kushonlar davrida Surxondaryo hududida saroylar qurish, arxitektura qurilishi rivojlanib, haykaltaroshlik, rassomlik, naqqoshlik san'ati eng yuqori natijalarga erishdi. Kushonlar imperiyasiga xos moddiy ma'naviyat asoslari keng rivojlanishi tufayli rasmiy, diniy, ishlab chiqarish, turar joy, sun'iy sug'orish mudofaa, maxsus, tijoratga taalluqli qurilish binolari bilan uyg'unlashgan holda qurilgan. Kushonlar davri moddiy va ma'naviy madaniyatini o'rganishda qadimshunos va san'atshunos olimlardan V. M. Masson, B. YA. Staviskiy, L. I. Albaum, G. A. Pugachenkova, E. V. Rtveladze, B. A. Turg'unov, T. V. Belyayev hamda SH. R. Pidayevlarning ilmiy xizmatlari beqiyos darajada kattadir. Ushbu olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida kushonlar davrida voha shahar va qishloqlari hamda aholisining mashg'uloti, yashash tarzi, madaniyati, diniy e'tiqodi va qo'shni davlatlar bilan olib borilgan savdo-sotiq, madaniy hamda diplomatik aloqalari haqido qimmatli ma'lumotlar aniqlandi. Kushon davlati Markaziy Osiyoning janubi-sharqiy va Hindistonning shimoli-g'arbiy hududlarini o'z ichiga olgan antik davlat edi. Uning shimoliy chegarasi Darbandning Kushon davridagi devori bilan chegaralanadi. XX asrning 80-yillarida bu devorni akademik E. V. Rtveladze kashf etgan. Biroq Gabaza viloyatining joylashgan o'rni masalasi hozirga qadar uzil-kesil hal qilinmagan. XIX-XX asr boshlaridagi topografik xaritalarda Oqrabotdan g'arbdagi joylar «Gabzan» deb belgilangan. Armaniston manbalrida Arang (Amudaryo) daryosiga yaqin yerda joylashgan Gozbon haqida ma'lumotlar bor. Arman tarixchisi Sebeosning xabar berishicha, fors yo'lboshchisi Mehrivandak «Baxl (Balx) va Ulug' daryo nariyog'idagi Kazbion degan joygacha butun Kushonlar mamlakatini qo'lga kiritgan». Yuqoridagi ma'lumotlardan Kazbion, Gozbun, Gozbon va Kursiy Rufning Gabaza-Gazaba tushunchalari turli asrlarga oid bir umumiy viloyatning nomi ekanligi anglashiladi. Ushbu viloyatning joylashgan o'rni xususida olimlar turlicha qarashlarni ilgari surdilar. I.Markvartning fikriga ko'ra, Kazbion Buxoro vohasida joylashgan, ko'pchilik olimlarning taxminiga ko'ra, Kazbion Qarshidan g'arbdagi Kaspi (o'rta asrlardagi Kesba) shahri xarobalari o'rnida bo'lgan. Umuman, olimlar uzoq yillar mobaynida turli manbalarga asoslanib, Gabaza-Gazabani turli hududlarda joylashtirishga harakat qildilar. Bog'lon viloyatidagi Xulm hududi, Taliqon (Taxor viloyatining markazi) hududi, Qunduz daryosining Bog'lon va Ishkimish orasidan oqib o'tuvchi bir irmog'i bo'yidagi yerlar, hozirgi Afg'onistonning shimoliy-g'arbida joylashgan Kerki shahri orasidagi yerlar shular jumlasidandir. Arman manbalarini tahlil qilgan E.V.Rtveladze yuqoridagi hududlarning birortasi ham Gabaza viloyati hududiga to'g'ri kelmasligini ishonarli tarzda asoslab berdi. Uning fikriga ko'ra, Gazaba-Gabaza-Kazbion-bu tog'li joyning nomi bo'lib, u bir tomondan Darband hamda Temir Darvoza, ikkinchi tomondan Yortepa va G'uzor oralig'ida joylashgan. Eng so'nggi arxeologik hamda topografik tadqiqotlar natijalari, yozma manbalar va tangashunoslik ma'lumotlarini o'zaro qiyoslash natijasida Gabaza viloyatining joylashgan o'rnini yanada oydinlashtirish imkoni paydo bo'ldi. Ularga tayangan holda aytish mumkinki, Gozbon viloyati Janubiy So'g'ddan Amudaryoga qadar cho'zilgan keng hududda joylashgan tog'li viloyat bo'lib, u qator tog' tizmalaridan iborat bo'lgan janubi-g'arbiy Hisor tog' tizmini to'la qamrab olgan. Uning asosini Amudaryodan Temir Darvozaga qadar bo'lgan hududda yastanib yotgan Ko'hitang tizmasi tashkil etgan va uning shimoldagi chekka shahri arman tarixchisi Sebeos tomonidan shakli buzib yozilgan Kazbion shahri bo'lgan. Keyingi paytlarda Kushonlar davlatining shimoliy chegaralari masalasi ham ma'lum darajada ko'rib chiqildi. Ushbu masala ilk bor 1938 yili S.P.Tolstov tomonidan ko'tarilgan edi. Uning fikricha, So'g'diyona Kujula Kadfiz hukmronligi davrida Kushonlar saltanati tarkibiga qo'shib olingan. Keyinchalik u Xorazmda topilgan tangalarga asoslanib, Xorazmni ham Kushonlar davlati tarkibiga kiritadi. Kushonlar davlatining shimoliy hududlari to'g'risidagi S.P.Tolstov xulosalari keyingi tadqiqotchilar uchun uzoq vaqt ilmiy asos bo'lib xizmat qildi, natijada qator boshqa o'lkalar ham ushbu saltanat tarkibiga kiritila boshlandi. Jumladan, 1950 yilga kelib K.V.Trever Choch viloyatini ham Kushonlar davlati tarkibiga kiritadi. Tyanshan va Pomir-Oltoyda olib borilgan arxeologik qazishmalarning yakunlariga asoslangan A.N.Bernshtam Farg'onani ham Kushonlar davlati tarkibiga kiritadi. Keyinchalik Ustrushona ham Kushonlar imperiyasi tarkibida bo'lgan degan fikr paydo bo'ladi. 1962 yilgi Tuproqqal'ada olib borilgan qazish ishlarining natijalariga asoslanib, S.P.Tolstov milodning II-III asrlarida Xorazm Kushonlar tarkibida bo'lgan, degan fikrni ilgari suradi. Bunda u Xorazmdan topilgan Kushon tangalariga, haykallar va rasmlarga asoslanadi. Lekin Xorazmdan hozirga qadar 70 dan sal ziyodroq kushon tangalari topilgan, xolos. Surxondaryoning kushon davriga oid kichik bir Oqqo'rg'on qishlog'i xarobasidan esa 160 dan ortiq tanga topilgan. Ushbu muammo xususidagi an'anaviy fikrlarga birinchilardan bo'lib YE.V.Zeymal qarshi chiqdi. U Tojikistondan topilgan tangalarni har tomonlama tahlil qilib, Xorazm va So'g'diyona Kushonlar saltanati tarkibiga kirmagan degan xulosaga keldi. Xorazmda topilgan tangalarni tahlil qilgan V.M.Masson ham Xorazm va Marg'iyona Kushonlar davlati tarkibiga kirmagan degan xulosaga keladi, lekin u So'g'diyona masalasida biroz ikkilanadi. M.YE.Masson Xorazm, Choch, Farg'ona va So'g'diyonani Kushonlar davlati tarkibiga kiritishni asossiz deb hisoblaydi. Bunda u Kushon shohlari tangalarining Markaziy Osiyo hududlarida qanday tarqalganligiga asoslanadi. Darhaqiqat, Kushon shohlarining tangalari asosan Markaziy Osiyoning janubiy hududlarida ko'p tarqalgan. Kushon tangalari ko'proq Shimoliy Baqtriya hududlarida tarqalgan, hatto chegara viloyat bo'lgan Janubiy So'g'diyona(Qashqadaryo vohasi)dan topilgan kushon tangalari sanoqlidir. Bu muammoni oydinlashtirishda 1986 yili E.V.Rveladzening Darbandda joylashgan mudofaa devorini o'rganish yakunlariga bag'ishlangan ilmiy izlanishlari katta ahmiyatga ega bo'ldi. Bu yerda tog' tepasida qurilgan 6,5 m qalinlikdagi chegara devori aniqlangan, bu devor So'g'diyona va Baqtriyani bog'lovchi asosiy yo'l ustida qurilgan va muhim strategik ahamiyatga ega bo'lgan. Darband devori milodning I-II asrlariga oidligi aniqlandi, mazkur devor kushonlar tomonidan qurilgan bo'lib, u kushonlar davlatining shimoliy chegarasini belgilaydi. O'sha paytda bunday devorlar faqat markazlangan davlat tomonidan qurilishi mumkin edi, demak Shimoliy Baqtriya Kushonlar saltanati tarkibida strategik ahamiyatga molik chegara viloyati bo'lgan. Darband devorining kashf etilishi So'g'diyona, Dovon, Choch va Xorazmning Kushonlar saltanati tarkibiga kirganmaganligini ko'rsatadi. Bu borada so'nggi arxeologik tadqiqotlarning natijalari ham guvohlik beradi. Kushonlar davri Baqtriyasining aytarli hamma yodgorliklarida uchraydigan kushon tangalari, buddaviylik yodgorliklari va umuman moddiy madaniyat So'g'diyona, Farg'ona, Choch va Xorazmning moddiy madaniyatidan jiddiy farq qiladi. Agar ular bir davlat tarkibida bo'lganlarida edi, ularning moddiy madaniyati ham o'zaro yaqin bo'lgan bo'lardi. Shunday qilib, yangi tadqiqotlarga tayangan holda Kushon davlatining shimoliy chegaralari Hisor-Boysun tog'lari orqali o'tgan deb hisoblash mumkin. Yozma manbalardagi ma'lumotlar ham bu fikrga zid emas, chunki ularda Kushon shohlarining shimolga, So'g'diyona yoki Xorazmga yurish uyushtirganlari to'g'risida so'z yuritilmagan. Kushonlar podsholigi davrida Shimoliy Baqtriyaning qadimgi shahar madaniyati ancha ravnaq topdi. Kushonlar davrida Termiz shahrining iqtisodiy, madaniy jihatdan rivojlanganligini hunarmandchilik buyumlari, uy qurish sohasidagi me'morchilik san'ati, suyurish inshootlari, ishlab chiqargan mahsulotlari orqali ham bilib olish mumkin. Bu davrda Termiz shahrining maydoni 350 gektar bo'lib, Dunyotepa va Chingiztepa xarobalari o'rnida joylashgan. Chingiztepa va Qoratepa orlig'ida Amudaryoga qurilgan chig'iriqlar yordamida shahar markaziga ichimlik suvi chiqarilgan. Suv chiqarilgach, Qoratepa ibodatxonasida maxsus hovuzlar yordamida suv tindirilib, keyin shahar tashqi devorining shimoliy tomoni bo'ylab qurilgan ariqcha orqali shaharga taqsimlangan. Milodiy II asrda podsho Kanishka Krratepa yodgorligi o'rnida Budda ibodatxonasini qurdiradi. Mamlakatda qishloq jamoalari ancha kengayadi. Bu davrda vohada ikkita yirik markaz mavjud bo'lib, bulardan biri: Amudaryo bo'yidagi Tarmita (Termiz) bo'lsa, ikkinchisi esa Chag'onrud (Surxondaryo) bo'yidagi Dalvarzintepa shaharlari edi. Bu shaharlar Kushonlar davlatining siyosiy, iqtisodiy, madaniy va harbiy hayotida aloxida o'ringa ega bo'ladi. Bundan tashqari Kampirtepa, Zartepa, Hayitobodtepa kabi shaharlar ham mavjud bo'lib, ushbu shaharlar mudofaa devorlari bilan o'rab olingan. Viloyat hududida kushonlar davriga oid 130 ta yodgorlik mavjud bo'lib, shundan 80 tasi qishloqlar ko'rinishidagi manzilgohlar hisoblanadi. Kushonlar davrida markazlashgan davlatning qaror topishi xo'jalikning ravnaqiga sabab bo'lgan. Bu davrda ham ziroatchilikning g'allachilik, paxtachilik, bog'dorchilik va polizchilik sohalari jadal rivojlanadi. Tog' va tog' oldi hududla-rida lalmikor dehqonchilik xo'jaligi ravnaq topadi. Yerni qayta ishlash, xususan, almashib ekish borasida boy tajriba to'lanadi, yangi-yangi sug'orish tizimlari bunyod qilinadi. Chorvachilik xo'jaligini rivojlantirish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilgan. Aynan ana shu davrda hunarmandchilik xo'jaligi yuksak darajada rivoj topib, ushbu sohaning kulolchilik, metallsozlik, qurolsozlik, to'qimachilik, shishasozlik kabi turlari ancha yuksalgan. Hatto Baqtriya shishasozlari 420 yidda Xitoy poytaxtida turfa rangdagi shishalar tayyorlab xitoyliklarni lol qoldirgan. Ku-shonlar davrida xo'jalikning ravnaqi savdo-sotiqning rivojiga ham turtki bo'ladi. Xususan, shu davrda Baqtriya savdogarlari Parfiya, Rim, Xitoy va Hindiston mamlakatlariga borib savdo qilganlar. Rimning Pompey shahri xarobalaridan Kushon tangalarining yoki Qoratepa kulol idishlari, Termizdan topilgan may hamda ayshu ishrat xudolari Vakxoniya, tag'in Vakx-Bolus sharafiga uyushtirilgan bayram sahnasi tasviri solingan loy idishlar, shuningdek, Hayitobodtepadan imperator Neron tangalarining topilishi yuqoridagi fikrning isbotidir. Bu davrda Surxon vohasi savdo yo'llari o'zaro tutashgan hudud bo'lib, albatta, bu holat o'lkaning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga katta ijobiy ta'sir o'tkazgan. Termiz shahri hunarmandlari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar qo'shni davlatlarga, jumladan, Parfiya, So'g'diyona, Chin-Mochin, Ozar va musulmon dunyosi mamlakatlariga chiqarilgan hamda yuqori baholangan. Kushonlar davrida madaniy hayot ham yuksaklikka bo'y cho'zgan. Podsho Kanishka zamonidan boshlab boxtar tili davlat tili deb e'lon qilinadi. Kushonlar davrida me'morchilik ancha yuksalib, turar joy binolari, ibodatxonalar va saroylar qurish ancha avj oladi. Imoratlarni bezash, naqsh solish borasida ham o'ziga xos tajriba to'planadi. Bu davrda mahalliy madaniyat bilan hind madaniyatining o'zaro aralashish jarayoni sodir bo'ladi. Ayniqsa, Kanishka zamonida Budda dinining davlat dini deb e'lon qilinishi natijasida buddaviylik e'tiqodi bilan bog'liq ravishda haykaltaroshlik san'ati ancha yuksaladi. uddaviylikning dini milodgacha birinchi ming yillikning o'rtalarida Hindistonda shakllangan. Buddaviylar 1956 yilda o'z dinlari shakllanganligining 2500 yilligini nishonladilar. Bu dinning asoschisi Shak'ya Muni. Ya'ni hind shahzodasi Siddxartma Gautama-Budda deb hisoblaydilar. Buddavylik dastlab quldorlar mafkurasi sifatida shakllangan. Buddaviylikda yomonlikka qarshi bosh ko'tarmaslik g'oyasi katta o'rin egallaydi. Buddaviylikda «to'rt oliy haqiqat» g'oyasi muhim o'rin egallaydi. Ular qo'yidagilar: I. Azob-uqubat haqidagi ta'limot; 2. Azob-uqubatning sabablari haqidagi ta'limot; 3. Azob-uqubatdan halos bo'lish yo'llari haqidagi ta'limot. Bu ta'limot xalos bo'lish, najotning «sakkizlik» yo'lida o'z aksini topgan. Bular taqvodorlik e'tiqodi, taqvodorlik qat'iyati, taqvodorlik so'zi, taqvodorlik ishi, taqvodorlik turmush tarzi, taqvodorlikki intilish, taqvodorlikni orzu qilish, taqvodorlik fikri-hayoli bilan yashash. Buddaviylikning bu yo'llari azob-uqubatlardan xalos bo'lib, sansaradn (sanskritcha-olamgo'zaronlik) nirvanaga (sanskritcha-so'nish) aylanish. O'tishdan iborat. Buddaviylikda olam uch bosqichdan iborat bo'lib, uning birinchi bosqichi, eng yuqorisi nirvanadir. Unda mutloq osoyishtalik hukm suradigan olamdir. Inson bu yerda barcha turmush tashvishlaridan xolos bo'ladi. Uning hayotiy istaklari ham, ehtiroslari ham bo'lmaydi. Hamda nirvana bu qayta tug'ilish, boshqa qiyofaga kirish, mutlaq osoyishtalikdan iborat. Ikkinchi olam-bu bodisatva, ya'ni ruhiy mavjudotlar bilan to'la jannatdir. Bu olamda ruh gunohidan halos bo'lgan lekin oliy olamga ko'tarilmagan avliyolar yashaydi. Uchinchi olam esa eng quyi olab bo'lib, unda odamlar va hayvonlar yashashadi. Ular najot yo'lida olamga intiladilar. Buddaviylikda beshta axloqiy talab (panchashina)ga rioya qilish ilgari surilgan. Ular: bironta ham tirik mavjudotni o'ldirmaslik, birovning mulkini olmaslik, birovning xotiniga ko'z olaytirmaslik, yolg'on gapirmaslik, spirtli ichimlik ichmaslikdan iborat. Kushonlar darida buddaviylik davlat dini darajasiga ko'tarildi. Uning xinayama, maxayama, keyinchalik lamaizm yo'nalishlari vujudga keldi. Kushonlar davrida Termiz shahri buddaviylikning tayanchiga aylanganidan shu dalolat beradiki, bu davrda Termiz shahrining ibodatxonalari, ularning yonida esa monastirlar ham mavjud bo'lgan. Kushon podshosi Kanishkaning muhim xizmatlaridan yana biri shu bo'ldiki, u mamlakatning birlashtirish uchun kurash olib borib, mamlakat aholisini maqsad, mafkura bayrog'i ostida birlashtirish yo'lida muvaffaqiyatli harakat qildi. Kanishka Kadfiz 78 yilda Panjob viloyatida buddaviylarning umumjahon yig'ilishini chaqirtiradi va Buddaviylikning Maxayama yo'nalishini targ'ib qiladi, unga binoan Maxayama «hamma uchun birdek ulug' yo'l» deb biladi. Kushonshohlar e'tiqod erkinligini joriy etgan bo'lsalar-da, buddaviylikni kengroq yoyish va uni rivojlantirish uchun turli shaharlarda takyagoh, xonakoh, ibodatxonalar qurib, buddaviylikning muqaddas kitoblari («Tripitaka»)ni ko'paytirish, ularni o'rganish, tarjima qilish va izohlash, yangi tafsirlar yozish kabi diniy-falsafiy tafakkur rivoji uchun sharoit yaratish imkoniyatlarini qurdilar va moddiy mablag' bilan ta'minlab, davlat siyosati himoyasini yaratib berishdi. Bunday siyosat natijasida Tarmita o'z davrining yirik iqtisodiy, madaniy va buddaviylik dini markaziga aylandi. Kushonlar davrida budda dinining ravnaqiga baqtriyalik rohiblar ham juda katta hissa qo'shadilar. Xitoy, Tibet manbalarida buddaviylik dini targ'ibotchilari qatorida tarmitalik Dxarmamitara va toxaristonlik Gxoshakalarning nomlari ham qayd qilingan. Buddaviylik dinining yirik mazhablari sanalgan Xinoyana va Maxayana yo'nalishlari ham aynan shu zaminda ravnaq topadi. Viloyat hududida joylashgan kushon-lar davriga oid arxeologik yodgorliklar keng miqyosda o'rganilgan va ushbu tadqiqotlar jarayonida Kushonlar saltanatiga doir boy tarixiy ma'lumotlar aniqlandi. Bu ma'lumotlarga asoslanib vohada Kushon saltanati davrida xo'jalik va madaniyat yuksak taraqqiy etganligini kuzatish mumkin. Mavjud yodgorliklar bu to'g'rida juda ko'p tarixiy ma'lumotlar beradi. 1932 yidda Amudaryoda «Oktabryonok» katerida ketayotgan chegarachilar Ayritomga yaqin joyda oqtosh ko'rganlar, bu nog'orachi tasviri uyib solingan tosh friz ekanligi aniklandi. 1933 yilda bu topilmaga professor M. YE. Masson boshchiligida arxeologik ekspedisiya yuborildi. Termiz shaxridan 18 km sharqda balandligi 2-2,5 metr, qalinligi 1,5 metrli istehkom devorlari bilan o'ralgan I-II asrlarga oid budda ibodatxonasi topildi. U ohaktoshdan ishlangan ajoyib friz bilan bezatilgan edi. Ayiqtovon barglari orasida beshta sozanda surati uyib ishlangan. Nog'orachi bilan rang-barang kiyimlardagi sozanda ayollar surati ayniqsa diqqatga sazovordir. Bu sozandalardan biri ud, yana bittasi arfa chalayapti, frizda qo'llarida gulchambaraklar hamda chiroyli idishlar ko'tarib ketayotgan qizlar tasvirlangan. Ibodatxonada buddaning haykali va boshqa ibodatxona qismlari qatorida toshdan yasalgan odam haykallari topilgan. Ular musiqa chaluvchilar, hadyalar tashuvchi erkak va ayollarning haykallari bo'lib, ibodatxonaning tashqi tomoni karnizi shu haykallar bilan bezatilgan. Haykallarning qiyofasi va kiyimlarida Hindistonga xos belgilar yorqin bo'lib, bu ajoyib san'at yodgorligi ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlar samarasidir. 1936 yilga kelib M.YE.Masson boshchiligida tashkil etilgan TAKE kushon davri tarixi va madaniyati masalalarini izchil tadqiq etishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ydi. Xususan, Termiz shahrining rivojlanish pallasi kushonlar davriga to'g'ri kelishi va tarixiy topografiyasi aniqlandi. TAKE ishlari Ayritom, Chingiztepa va Qoratepada olib borildi hamda tadqiqotlarda M.I.Vyazmitina, G.A.Pugachenkova, B.B.Piotrovskiy singari olimlar ishtirok qildilar. Ayritompeshtoqlarining topilishi Shimoliy baqtriyaning antik davr musiqa san'ati haqida ham so'z yuritish hamda ularni afg'oniston, Hindiston va Sharqiy Turkiston haykaltaroshligida uchraydigan shularga aynan o'xshash musiqa asbolari bilan qiyoslash imkonini berdi. Tadqiqotlar natijasida Termiz yaqinida daryo kechuvlari mavjud bo'lib, daryoning o'zi Yuqori Panj va Xorazm vohalarini bog'lovchi qulay suv yo'li bo'lganligi aniqlandi. Ko'hna shahar hududlaridan kushon podsholari Kadfiz II, Kanishka, Xuvishka va Vasudevalarning ko'plab tangalari topildi. TAKEning tashkil etilishi Ayritom va Eski Termiz yodgorliklarining dastavval va har tomonlama o'rganilishda muhim ahamiyat kasb etdi. O'sha yillari bu yodgorliklarning joylashgan o'rni, ularga asos solingan vaqt, ularning boshqa hududlar bilan munosabatlari hamda moddiy madaniyati masalalariga aniqliklar kiritildi. Shimoliy Baqtriyaning tarixi va madaniyatini o'rganishda Hamza nomidagi O'zbekiston san'atshunoslik ekspedisiyasi (O'zSE) tadqiqotlarining o'rni va ahamiyati masalalari ham ko'rib chiqildi. 1959 yilda G.A.Pugachenkova tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu ekspedisiya izlanishlarida turli davrlarda E.V.Rtveladze, B.A.Turg'unov, A.S.Sagdullayev, Z.A.Hakimov, YE.Nekrasova, V.A.Luneva, S.V.Levushkina, T.V.Belyayeva, S.A.Savchuk. D.Ilyosov singari olimlar ishtirok qildilar. Shimoliy Baqtriya hududidagi Dalvarzin, Xolchayon, Ko'hna Termiz, Kampirtepa. Zartepa, Ayritom kabi yodgorliklarda arxeologik tadqiqot ishlari olib borildi. O'zSE xodimlari tomonidan baqtriya yozuvi yodgorliklarining topilishi, ayniqsa muhimdir. Bu borada 1977 yilda Ayritomdan topilgan haykal qoldiqlari va uning ostidagi olti qatorli baqtriya yozuvi fan olamida muhim voqea bo'ldi. Bu Surxkutal (Qiziltog') yozuvlaridan keyingi ikkinchi o'rinda turuvchi, aniq tarixiy mazmundagi Kushon-Baqtriya yozuvi bo'lib, unga ko'ra, inshoot majmuini o'rab turuvchi to'siq Shodiya (shaxsi noma'lum tomonidan qayta tiklangan va bu voqea Kushon podshosi Xuvishka hukmronligining to'rtinchi yilida sodir bo'lgan. Yozuv va haykalni Mirzod ismli usta ijro etgan. II asrda Kushon davlati budda dinini Hindistondan Markaziy Osiyo va Sharqiy Turkistonga tarqatib, uni davlat dini darajasiga ko'targan. III asrda Eronda moniylik dini vujudga keladi, lekin u Eronda uzoq tura olmaydi, uning tarafdorlari Markaziy Osiyo va Shar-qiy Turkistonga qochib o'tadi, ko'proq savdo yo'li ustidagi shaharlarda bu dinni tarqatadilar. Ba'zi arxeolog olimlar Markaziy Osiyoda topilgan ko'plab suratkashlik, rassomlik hamda haykaltaroshlik yodgorliklaridagi syujetlarning murakkabligiga qarab, ularni moniy dini bilan bog'lashga harakat qiladilar. Aslida bu hol Kushon imperiyasi davri (I-III asrlar) quldorlik tuzumining Markaziy Osiyo sharoitida eng rivojlangan davri bo'lganligi bilan bog'liqdir. Bu davrda, bir tomondan, ko'chmanchi qabilalarning sug'oriladigan yerlarda joylashishi kuchaygan bo'lsa, ikkinchidan, quldor zodagon jamoalar yerini tortib olib, o'zlashtira boshlaydi. Shu tariqa jamoalar o'z ichidan buzilib, butun- butun qishloqlar quldor zodagon dehqonlarga tobe bo'lib qoladi. Keyingi ilmiy izlanishlar natijasida Dalvarzintepa ko'hna shahriga mil. avv. III asrda asos solinganligi aniqlandi. Yunon-Baqtriya davrida bu yerda ko'handiz paydo bo'ladi. Kushonlar davriga kelib Dalvarzin me'morchiligi Baqtriya va Yunon qurilishi tajribalarining sintezini o'zida aks ettiradi. O'zSEning so'nggi yillardagi faoliyati natijasida antik davrga oid boy sopol majmualari o'rganildi va ilgarigi sopol idishlar kompleksi sanalariga aniqlik kiritish imkoniyati paydo bo'ldi. 1972 yili kushonlar davri madaniyatining mashhur yodgorligi Dalvarzinda 200 metr devor qoldiqlari topilib, uning eni 4,6 m, balandligi 2,5 m keladi. Dalvarzintepa atrofida devor bilan o'ralgan ark xarobasi bo'lib, ark devorining uzunligi 130 m ga, balandligi esa 2,5 m ga tengdir. Dalvarzintepaning sharqiy qismida hatto 80 m masofada eni 4 metrlik tosh yo'l kovlab ochildi. Bulardan tashqari, bu yerda bir necha to'rt burchakli paxsa devorli uylar topildi. Dalvarzintepada topilgan 900 ga yaqin tosh o'roq, jez o'roq, yorgichoq, don uchun kovlangan o'ra hamda kuyib ko'mirga aylangan arpa, bug'doy, tariq, so'li donlari va boshqa ashyolar qadimgi dalvarzinliklar asosan dehqonchilik bilan shug'ullanganligini ko'rsatadi. Arxeologik topilmalar: suyakdan yasalgan buyumlar, jez igna va bigizlarga qarab hukm qilganda, aholining turmushida to'quvchilik va tikuvchilik keng taraqqiy etgan-ligini ko'ramiz. Dalvarzinliklarda mahalliy degrezlik va miskarlik ancha taraqqiy qilgan, chunki bu yodgorliklardan juda ko'p temir buyumlar: jez, o'roq, pona, pichoq, kamon o'qlarining paykonlari, nayza uchlari, zeb-ziynatlar, jez oynalar, bilakuzuklar, isirg'alar, cho'michlar, munchoqlar hamda turli xil jez buyumlar quyiladigan tosh qoliplar, Shuningdek, degrezlik qo'rasining beshta qoldiqlari topilganligi bularning yaqqol dalilidir. Dalvarzintepadan topilgan manbalar ichida eng noyobi sopol ko'za bo'lib, unda 115 xil tilla quyma yombilar, zargarlik buyumlari, bilakuzuklar, isirg'a, erkak va ayollarning taqinchoq buyumlari bo'lgan. Bundan tashqari nafis ishlangan marjonlar, Yunon-Baqgriya zargarlik san'atining namunasi bo'lmish bo'yinga taqiladigan shoda ushlab turgan Geraklning bo'rtma tasviri tushirilgan buyumlar topildi. Dalvarzintepaning chekkaroq joyidan I asrda tiklangan Budda ibodatxonasi, shahristonidan Buddaning boshi, Bodxisatvaning mahorat bilan ishlangan mahobatli haykali, fil suyagidan tayyorlangan shaxmatning ikki donasi topildi. Buddaning boshi loy va gipsdan yasalgan bo'lib, balandligi 39 sm, eni 25 sm keladi. Bodxisatvaning (o'sha davrga oid) haykali ham loy va gipsdan yasalib, rang bilan bo'yalgan. Uning balandligi 2 metr 18 sm, eni 89 sm. U bir paytlar Bulda butxonasida turgan haykallar guruhidan biridir. Bu ko'hna topilmalar boshqa yodgorliklar bilan birgalikda 1988 yili Yaponiyaning Nara shahridagi «Ipak yo'li Naraga boradi» deb nomlangan xalqaro ko'rgazmada namoyish etilgan edi. 1995 yili esa ular Parijdagi muhtasham «Grand-Pales» («Katga saroy»)ning nodir galereyasida muvaffaqiyat bilan namoyish etildi. Vayron bo'lgan antik davr devori ustida tiklangan binoning qachon qurilganligini juda aniqlik bilan belgilash mumkin. Ravoq ochilganda, g'ishtlar orasidan VI-VII asrga oid turk-sug'd tangalari chiqdi. Devor qurilishi uchun ishlatilgan to'rtburchak g'ishtlar ham shu davrga to'g'ri keladi. Dalvarzintepadagi antik davr istehkomining tashlandiq holatga kelib yemirilish jarayoni, aftidan, IV-V asrlarga to'g'ri keladi. Mamlakat VI-VII asrlarda inqirozdan chiqqach, istehkom qulay, baland manzil sifatida qayta qurilib tiklanadi, shaharning o'zi esa xaroba bo'lib qoladi. Dalvarzintepa aholi maskani sifatida arablar istilosi chog'ida uzil-kesil tugadi, chunki arkda ham, shahristonda ham arablar kelganidan keyingi davrning izi yo'q. Chag'aniyonni 705 yili Qutayba bosib oladi va 737 yilda uning hokimi-Chag'onxudot arablarga o'lpon to'laydigan bo'ladi. Xalq orasida hozirgi Dalvarzintepa juda qadimiy mamlakat poytaxtining qoldiqlaridir, hukmdori afsonaviy qahramon Dol (Zol) bo'lgan. Arablar bu shaharni xalifa xazrat Alining bevosita rahnomoligida egallaganlar, so'ngra bu shaharda hayot butunlay so'ngan, degan naql yuradi. Dalvarzintepaning juda katta joyni egallaganligi, qurilishlar zichligi, arxeologik qatlamlar qalinligi mazkur qadimiy shaharning miloddan oldingi birinchi asrda va milodning dastlabki yillarida barq urib yashnab turgan viloyat markazi bo'lganligidan dalolat beradi. Chag'oniyon qayd etilgan antik davr ma'lumotlari bizgacha yetib kelmagan. Bu viloyat dastlab arablar istilosidan, oldingi vaqtga oid tarixiy manbalarda eslatiladi. VII asr (Xitoy) solnomasida shunday deyiladi. «Chingan-yen-na - bu mamlakat mashriqdan mag'ribga 400 li va shimoldan janubga 500 li ga yaqin maydonda yastangan. Poytaxti-aylanasi taxminan 10 li. Sharq tomonda Xvo-lo-mo degan joyga borib tutashadi», 10 li taxminan 5 km ga teng. Bu yerda gap Chag'oniyonning an'anaviy markazi Dalvarzintepa to'g'risida borayotgan bo'lsak kerak. Chag'oniyon janubda Termiz viloyatiga tutashgan edi. Shimolda esa VII asr manbalarida Xvo-lo-mo - Xvaramo viloyati joylashgan, arab mualliflari asarlaridan Xorun yoki Oxarun deb qayd etilgan. Ibn Xurdodbeh va Qudama (IX asr) Chag'oniyondan 6 (yoki 3) farsax uzoqlikda Navandak, undan 7 farsax masofada Xamovaron nomli joylar bo'lganligini yozadilar. Dalvarzintepa antik davrda davlat ma'muriyati, yirik ibodatxonalar, iqtisodiy aloqa tarmoqlari, harbiy salohiyat mujassamlashgan katta tarixiy-madaniy viloyat markazi, yirik markaziy shaharlar sirasiga kirgan. O'zidan kichik bo'lgan ko'plab aholi qarorgohlari unga bo'ysungan. Shunday bo'ysunuvchi shaharlar sirasiga Xolchayon ham kiradi. Ilmiy izlanishlar jarayonida buddaviylik dini va Budda haykaltaroshligi kushon davri Qandahar-Baqtriya an'analariga o'xshab ketsa-da, ba'zan endigina paydo bo'layotgan mahalliy yangi uslub jihatlarini ham o'zida aks ettirishi aniqlandi. Qadimgi Baqtriya haykaltaroshligi masalalarini tadqiq qilishda Kampirtepadan ko'plab topilgan terrokota haykalchalar katta ahamiyatga ega bo'ldi. Ularni boshqa hududlardan topilgan san'at namunalari bilan qiyoslab o'rganish bu haykalchalar ellinizm tarixiy-madaniy doirasida bo'lganligini ko'rsatdi. Keyingi yillarda O'zSE kashfiyotlari natijasida Shimoliy Baqtriya Yunon-Baqtriya, Kushon, Kushon-sosoniylar davrlarida zarb etilgan ko'plab tangalar topilgan, hatto uncha katta bo'lmagan xazinalar ham aniqlangan. Ushbu topilmalar ichida Yunon-Baqtriya tangalari ko'p bo'lib, ular yaqin kunlargacha «Shimoliy Baqtriya hududlariga Yunon-Baqtriya davriga oid ayrim tangalar esa tasodifan kelib qolgan», degan fikrlarni rad etishga asos bo'ldi. Kampirtepaning o'rganilishi natijasida yozma manbalarda qayd qilingan Oks bo'yidagi Pardagvi Kampirtepa o'rnida bo'lganligi taxmin qilindi. Bu borada Kampirtepadan Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan iskandar tangasining topilishi muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Xullas, uzoq yillar fanga noma'lum bo'lgan antik davr, xususan kushon davri tarixi va madaniyati O'zSEning tadqiqotlari tufayli dunyoga mashhur bo'ldi hamda tarix faniga ulkan hissa bo'lib qo'shildi. O'sha davrga oid yana bir yodgorlik Xolchayon bo'lib, bu yodgorlik Surxondaryo viloyatining Denov tumanida topildi. 1959 yilning bahorida Xolchayon jamoa xo'jaligining remont-texnika ta'mirlash joyi kengaytirilayotganda buldozer kichik bir tepalikning chetini qirqqanida uchta tosh ustun bo'laklarini sudrab chiqargan, topilgan narsalar to'g'risida arxeologlarga xabar berilgan. 1960 yilda san'atshunoslik institutining professori G. A. Pugachenkova rahbarligidagi San'atshunoslik instituti ekspedisiyasi Xolchayon tepaligini tekshira boshlaydi. Bu yerdan topilgan yodgorliklar olimlarning har qanday tasavvuridan oshib tushdi, fanga yana bir tarixiy boylik - Baqtriya badiiy madaniyatining ajoyib yodgorligi qo'shildi. Xolchayon topilmalarini ilmiy tekshirish jarayonida Xonaqohtepa, qorabog'gepa, Maslahattepa kabi tepaliklar ochib o'rganildi. Xonaqohtepadagi saroy poydevori toshdan, devori esa qalin (1,04-2,30 m) xom g'ishtdan ishlanganligi aniqlandi. Xolchayondagi tekshirishlar Baqtriya-Kushon zamonining binokorlik texnikasi to'g'risidagi ma'lum tasavvurni yanada kengaytirdi. Xolchayon saroyi arxitektura jihatidan g'oyat muhimdir. Asosiy zalining uch devori 3 m balandlikda oq ganch bilan suvalgan, undan yuqori qismlarda mahobatli haykallar joylashtirilgan. To'rtinchi devorning to'q qizil fonida oq ganchdan barg, gul, bir bosh uzum tasvirlanib, naqsh solingan. Saroyning asosiy zalidan chiqiladigan ayvondagi naqshlarda erkaklar surati ham bor: erkaklardan biri baqtriyalikka, yana biri mo'g'ulga o'xshaydi. Uch metr balandliqsagi panel tepasidagi haykal qizil va qora rang mineral bo'yoq bilan bo'yalgan. Haykalni to'la tiklash mumkin bo'lmadi, chunki uning mayda-mayda bo'laklarigina sakdangan. Haykallarning kattaligi odam bo'yining uchdan ikki qismiga to'g'ri keladi. Arxeologlar bu boshni yerdan ehtiyotlik bilan kovlab olganda ularga kipriklari osilib turgan, salgina g'ilay qora ko'zlar qarab turganday ko'ringan. Topilgan ayol haykali ham diqqatga sazovordir: yuzi keng, oq dubulg'a toshda hurpaygan sochlari aniq ko'rinib turadi. Haykal tanasidan topilgan parchada haykal ustidagi xalat yoki yoping'ich saqlangan, xalat tagida to'q qizil rang ko'ylak ustidan beldan yuqori oq tasma bog'langan. Bu haykal tanasi, vaziyati, qo'llarining turishi, dubulg'a va xalatiga qaraganda ma'buda Afina haykali bo'lsa kerak. Markaziy Osiyoga yunonlar ma'budasining qiyofasini makedoniyalik Iskandar olib kelgan, albatta. Xolchayon haykallari orasida Mitra, Nika va boshqa ma'budalarning qiyofalariga yaqin qiyofali haykallar ham bor. Haykal parchalari orasida Xolchayon sozandalari haykallarining parchalarini ham uchratish mumkin. Baqtriya-Kushon yodgorliklarining yuksak san'atida ellin haykaltaroshligi bilan Parfiya san'ati an'analari ko'rinadi. Xolchayon haykali hozirgacha noma'lum desa bo'ladigan qadimgi Baqtriya san'atining allaqa-chonlar unutilib ketgan so'qmoq yo'lidagi yorqin izlaridandir. Xolchayonda tadqiqot olib borilgan bir nechta joyda Grek-Baqtriya podshohligi davri (miloddan avvalgi III-I asrlar) arxeologiyasi aks etgan. Demitriy tangasining topilishi hamda Qorabog'tepada mil. av II -I asrlarga oid imoratlar qayd etilgani bunga misol bo'la oladi. Xolchayonda ossuariy sifatida og'ir qopqoqli a'lo darajada tayyorlangan xum tanlangan. Uning ichida bir to'p ko'krak suyagi va shikastlangan bosh suyagi yotardi. Aftidan «ko'mishga tayyorlash» marosimida «Avesto»dagi mazdakchilik qonun-qoidalariga amal qilingan ko'rinadi. Murda dastlab yoritqich qushlar yoki maxsus boqilgan murdaxo'r itlar yeb ketishi uchun qo'yilgan. So'ngra tozalangan suyak qoldiqlari suyakdonga joylashtirilgan. Baqtriyaliklarning dafn marosimlari to'g'risida qadimiy mualliflarning ma'lumotlari deyarli yo'q. Strabon Onesikritning baqtriyaliklar tirik keksalarni maxsus boqilgan odamxo'r «go'rkov» itlar yemishiga tashlashlari haqidagi xabarini keltiradi. Bu odatni Aleksandr Makedonskiy ta'qiqlaydi, ammo ko'mish marosimi to'la tasvirlanmagan. Ayni paytda parfiyaliklar haqida yozganda, ularning «odatdagi ko'mish marosimi itlar yoki qushlar yeb ketishi»dan iborat, g'ajib tashlangan suyaklarni esa ular yerda saqlaydilar, deyilgan. Strabon yozgan ma'lumotga ko'ra Baqtriyadagi shahar devori orti toza bo'lgan, biroq ichki katta qismi «odam suyagi bilan to'lib-toshib ketgan ekan». Shunday qilib, gap marhumning suyagini qandaydir tashqi qabristoda emas, balki aynan aholi maskani ichida saqlash to'g'risida borayotir. Buni Xolchayondagi xum - ossuariyning qadimiy qo'rg'onning aholi zich yashaydigan qismida saqlanib qolganligi ham tasdiqlaydi. Antik davrda xumga solib ko'mish an'anasi Janubiy Tojikiston hududida (miloddan oldingi I-II asrlar) ham uchraydi. Biroq, u yerlarda yarim qoqlangan murda xumga solib ko'milgan, Xolchayonda esa faqat suyakning o'zi ko'milgan. Bu topilma arxeologik adabiyotlarda xumga solib ko'mish-ossuariy dafnalarga xos, faqat keyingi davrga taalluqli urf-odat emas, balki bu ko'mish marosimining boshqa turi deb qayd etilgan mulohazani to'la tasdiqlaydi. Umuman qadimiy Baqtriya aholisi orasida ko'mish marosimining turli shakllari mavjud bo'lgan. Agar Yunon-Baqtriya zadagonlari asosan o'z e'tiqodlari va udumlari amal qilgan va Xolchayondagi ossuariy (idish)ga solib ko'mish marosimi bunga yorqin dalildir. Bu masalada Xolchayondan topilgan miloddan oldingi III-II asrlarga oid sanamlar haykalchalari, shuningdek, suyakdan ishlangan yalang'och ma'buda shakli aks etgan taqinchoq qadimda Sharqda mavjud bo'lgan Ona Xudoga sig'inish udumi bilan bog'liqdir. Ayni paytda, Ellin-Yunon badiiy tasvir uslublarining Xolchayonning Baqtriya davri me'morchiligiga ta'sirini aks ettiruvchi topilmalar ham bor. Xolchayon taraqqiyotining yirik qurilish tadbirlari bilan bog'liq navbatdagi bosqichi miloddan oldingi II-I asrlarga taalluqlidir. Bu davr tarixiy jihatdan ulkan siyosiy voqealar bilan bog'langan, miloddan oldingi 140 yillarda Geliokning o'limi bilan Yunon-Baqtriya podshohligining inqirozi yuz beradi. Yunon-Baqtriya podshohligining inqirozga uchrashi, aftidan, baqtriyaga saklarning dastlabki bostirib kelishi va o'zlari egallagan hududlarda o'troq bo'lib qolishi, so'ngra, yuyejiylar bostirib kelib, saklarni Amudaryoning narigi sohiliga uloqtirib yuborishi davriga to'g'ri keladi. Bu zarba Xolchayonning ham taqdiriga o'z ta'sirini kursatgan va mazkur joydan topilgan arxeologik topilmalarda, qatlamlarda o'z aksini topgan. Vaqt o'tishi bilan hayot o'z iziga tusha boshladi, yangi qurilishlar hamda ta'mirlashlar bundan dalolat beradi. Sak-yuyechjiy (yoki «tohar», qadimiy yozma arab manbalarida taxor bitiladi) davri Xolchayon tarixida arxeologik jihatdan aniq aks etgan. Miloddan avvalgi II-I asrlar uchun xos bo'lgan «badaviy Geliokl» det ataluvchi bronza tangalarning topilishi aynan shu davrdagi gavjum shahar hayotidan darak beradi. Ularning shahristonning turli joylaridan topilganligi bu yerda har xil pullar muomalada bo'lganini va bozorning ehtiyoji keng ko'lamligini anglatadi. O'zining arxeologik-topografik qoldiqlarida miloddan oldingi II-I asrlarda Xolchayon yirik aholi maskani sifatida namoyon bo'ladi. I-II asrlarda, ya'ni Kushonlar davrida Xolchayon rivojlanishda davom etadi. Kadfiz II tangalarining topilishi, Kanishka, Xuvishka, Vasudeva (aksariyati katta va o'rtacha halqali) tangalarining ko'pligi va ularning ko'plari siyqalanib ketgaligi ko'p ko'lamda bozor muomalasida bo'lganligini ko'rsatadi. Milodiy II asr oxiri -III asr boshlarida Kushon imperiyasi inqirozga yuz tutadi. Bu jarayon Xolchayonda ayniqsa, yorqin iz qoldirgan. Qorabog'tepa istehkomi darvozasi katta yong'inda qolgan va uning izlari Kushonlar davri qurilishlarida yong'in qatlami tarzida saqlangan. Xonqotepadagi o'rganib chiqilgan uchala imorat ham xarob etilgan yoki qulatilgan. Bu hol ayniqsa, saroyda yaqqol ko'zga tashlanadi. Bu yerda qimmatbaho ashyolar va ibodat buyumlari talon-taroj qilib ketilganligi bilan birga, taxtxonada tosh tagliklardan biri ag'darib tashlangan, ayvonda esa ustun tagliklari qo'porilgan, ba'zilari uloqtirib yuborilgan. Demak, Xolchayon taqdirida arxeologik muhrlanib qolgan o'limga mahkumlik III asr boshida Kushon shohligini qamrab olgan umumiy voqea bo'lgan. Xolchayondan VI asr oxiri-VII asrga oid turk-sug'd turkumiga taalluqli ikkita tanga topildi. Ular Sug'd va Shoshdan topilgan tangalar bilan old tomon tuzilishi ikonografik jihatdan o'xshasa ham, ulardan ma'lum darajada farq qiladi. Bu tangalar Amudaryoning shimoliy qismidagi ayrim feodal viloyatlar turk xoqonligiga mansubligini anglatadi, tamg'alar va boshqa belgilardagi farq esa Chag'onxudotlar zarb qilgan ashyolarning o'ziga xos xususiyatlarini aks ettiradi. Darvoqe, arablar 719 yili Amudaryo bo'yi viloyatlariga yetib kelgan vaqtda, turkcha «Yabg'u» unvonli Tish ismli Chag'oniyon hukmdori Tohariston qo'shinlariga bosh bo'lib turgan. Arablar bosib olgan davrdan boshlab Xolchayon uzoq vaqt e'tiborsiz qoladi. XIII asr oxiri XIV asr boshida antik tepaliklardan ba'zilari qabriston sifatida foydalaniladi. XVI asrda Qorabog'tepaning shimoli-sharqiy qismi do'ngligida qandaydir mulk paydo bo'ladi. Shundan so'ng shahriston atrof hududi yanada botqoqlikka aylanib, bizning davrimizgacha o'zlashtirilmay qoladi. Xolchayonni tadqiq etish Baqtriya madaniy hayotiga, ayniqsa, uning badiiy madaniyatiga yangi ma'lumotlar kiritadi. Bu kuzatishlar Markaziy Osiyoning mazkur yirik viloyatida antik davr shahar qurilishining ba'zi jihatlarini qayta ochib beradi. Bu borada tarixiy ma'lumotlar nihoyatda kam. Eski Termizning qadimgi madaniyati zamirida ham kushon davriga xos ko'pgina yodgorliklar bor. Ular shu davrning yaqqol namunalaridan, sopol buyumlardan va moddiy madaniyatga doir boshqa narsalardan iborat. Toxariston vohasi Kushon imperiyasining g'oyat katga markaziy viloyatlaridan biri bo'lgan. Toxariston tuprog'idan toxaristonliklarning yuksak madaniyatidan dalolat beruvchi yodgorliklar topildi. Hozirgi Termizdan 10 km keladigan joydagi Qoratepa g'oridan topilgan ajoyib yodgorlik ana shunday dalillardan biridir. Qazish ishlari Kushon davlati madaniyati to'g'risida g'oyat qimmatli ashyoviy dalillar va buyumli materiallar berdi. Yozma manbalardan ma'lumki, buddizm Markaziy Osiyoga azaldan kirib kelgan, arxeologlar o'tkazgan qazishlarda topilgan narsalar ham bundan dalolat beradi. Buddizmning Markaziy Osiyodagi ko'plab o'lkalarning madaniyat va san'at tarixida alohida o'rin tutganligi tarixdan aniq. Lekin bu haqda tasodifan topilgan ba'zi narsalarga qarab taxminiy fikrlar bor edi, xolos. Ko'pgina tekshiruvchilar, garchi buddizm Markaziy Osiyoda tarqalgan bo'lsa-da, jamiyat mafkuraviy hayotida muhim ahamiyat o'ynagan emas, degan fikrda edilar. Ammo Qoratepa yodgorliklari o'rganilgandan keyin bu fikrlar rad etildi: arxeologlar uzil-kesil Qoratepa g'orlari budda dini bilan bog'liq inshootdan boshqa narsa emas degan fikrga keldilar. Bu qanaqa inshoot o'zi? Amudaryo burilib oqadigan joyda Qoratepa tepaligini qazish natijasida mazkur inshootda budda me'morchiligi qonunlariga rioya qilinganligi ma'lum bo'ldi. G'or ichidagi ibodatxona tepasida ochiq yerga diniy marosimlar o'tkaziladigan bino qurilgan. Bu butun boshli inshoot Kushon Termizining katga g'or ichidagi ibodatxonasi bo'lgan, undagi yerto'la, hovli va ikkita g'or ichidagi inshoot yaxshiroq saklangan. Hovlini to'rt burchak deyish mumkin (20x18 m), hovlining g'arb tomoni qumtosh tepalikning uyilgan «tabiiy» devori bilan to'silgan. Xullas, g'arb tomondagi devori tamomila qumtoshdan iborat, hovlining sharq tomonidagi devori xom g'ishtdan iborat, hovlining sharq tomonidagi devori xom g'ishtdan tiklangan. Hovli devorlari bo'ylab usti yopiq, ustunli ayvon kurilgan, devor qoldiqlariga qarab hukm qilganda ayvon qizil buyoqqa bo'yalgan. Inshootning asosiy binosiga kiraverishda janub tomonidagi ayvon devorlari bo'ylab har ikki tomonda turli rangda, o'z kattaligida va tik turgan kishilarning qomatlari tizilib turibdi. Yer tagidagi binoga hovlining janub tomonidan kiriladigan bo'lgan, binoning devorlari xom g'ishtdan terilgan. Bino uncha katta emas, u katga xonadan iborat, unga uch tomondan kiriladigan yo'laklar bo'lgan va yon tomoni bitga kichikroq mergel ohak-toshdan terilgan. Ostonaning har qaysi tomiga qora chiziqlar bilan nilufar surati solingan. U g'or ibodatxonasiga kiradigan darvoza tepaligining qumtosh qatlamida uyib ishlangan, darvoza qubbali bo'lgan bo'lsa kerak. Qoratepa buddaviylik yodgorligi Eski Termiz majmuasi tarkibiga kirib, maydoni 7,5 ga ni tashkil qiladi. Tadqiqotlar natijasida Qoratepaga milodiy I asr oxirlarida asos solinganligi, yodgorlik janubiy, g'arbiy va shimoliy tepaliklardan tashkil topganligi aniqlandi. Qoratepaning o'rganilishi 1928 yilda A.S.Strelkov tomonidan boshlangan bo'lib, turli tanaffuslar bilan hozirga qadar davom etmoqda, hozirgacha to'qqizta ibodatxona ochib o'rganildi. Qoratepada ganchdan yasalgan haykallarning parchalari topildi, ular ichida g'alati bir vaziyatda buklanib turgan to'rtta barmoq saqlangan qo'l parchasi diqqatni o'ziga tortadi. Bu qo'l parchasi kattaligiga qaraganda kishi bo'yidan ancha baland haykalniki bo'lsa kerak. Budda va unga doir manbalarning haykallari hovli o'rtasida joylashtirilgan bo'lishi mumkin. Oq marmarga o'xshagan mergel ohaktoshdan yasalgan arxitektura bezaklari (odam boshining barelyefi, akanfa bargi va boshqalar) diqqatga sazovordir. Bular Hindiston, Pokiston va Afg'onistondan topilgan arxeologik yodgorliklarga juda o'xshab ketadi. Yo'lak va ayvondagi naqshlarda ham xuddi shunday mushtarakliklar borligi sezilarli darajadadir. Qoratepa qazilganida undan budda dini marosimlariga oid buyumlar: toshdan yasalgan soyabon, qopqoqlar, nilufar surati va boshqa ko'plab narsalar topildi. Sopol buyumlar va devorlardagi yozuvlarning ham bu boradagi ahamiyati kattadir. Sopol buyumlardagi yozuvlarning ko'p hindcha kaxaroshti va braxma yozuvlaridir, ammo binodan kushon yozuvli popolok ham topildi. Kushon yozuvi mahalliy sharqiy fors tiliga moslashtirilib, yunon alifbosi asosida tuzilgani aniqlandi. Budda ibodatxonasi to'satdan yuz bergan zilziladan yemirilgan bo'lsa ajab emas, chunki uning ko'pgina qismlari shunday ag'nab yotibdi. Bu bilan arxeologlar Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy hayotini o'rganishda g'oyat qimmatli yodgorlikka ega bo'ldilar. Bundan tashqari Qoratepadagi budda yodgorligi Markaziy Osiyodagi qadimgi xalqlarning Hindiston va Xitoy bilan bo'lgan aloqalarini o'rganishga ham imkon beradi. Axir, Qoratepa hozirgi Afg'oniston va Hindiston, Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Qashqar orqali Xitoyga boradigan karvon yo'lining juda qizg'in, serqatnov joyida bo'lgan. Kushonlar davrida Markaziy Osiyoga kirib kelgan budda dini bilan birga qadimiy mahalliy an'analar ham davom etavergan. Toxariston tuprog'idagi qadimgi Qayqubodshoh shahrida o'ng qo'lida qandaydir idish tutib o'tirgan xotin tasvirlangan sopol haykalcha topilgan edi. Taxminlarga qaraganda, bu Vaxsh daryosidagi ma'buda bo'lsa kerak, Dushanbe yaqinidan topilgan qadimgi to'pxona qabristoni mahalliy diniy e'tiqod bilan bog'langan. U yerda o'likni qabrga orqasi bilan cho'zib, boshini shimolga, oyog'ini janubga qaratib solganlar. Shunisi qiziqki, o'likning og'ziga yoki ko'kragiga kumush tanga pul qo'yganlar. Qadimgi ellin Yunonistonida va Yaqin Sharqdagi ellin mamlakatlari hududida ayni shunday odat mavjud bo'lgan. Bu odat va udumlar, rasm-rusumlar asta-sekin quldorlik davlatlari bo'lmish Yunon-Baqtriya podsholigi bilan Kushon imperiyasi taraflarga o'tib kela boshlagan. Qadimshunoslar topgan kumush falslar chambaraksimon ramka ichiga olingan do'ng gardishdir. Ichiga fil surati solingan, ustiga to'rt burchak yombi qoplangan, undagi tasvirga ko'ra, bo'ynida maxsus kaltak ushlab fil o'rgatuvchi yoki fil haydovchisi o'tirgan. Fil haydovchining boshida salla, quloqqa isirg'a, fil ustiga o'rnatilgan qulfnamo qandaydir narsa, jang davom etmoqda, jang payti minora tepasida ikkita jangchining kallasi ko'rinib turibdi. Birining boshida dubulg'a, qo'lida nayza, u harbiy boshliq bo'lsa kerak, yana biri bosh yalang, u harbiy askar bo'lsa ehtimol. Yunon-Baqtriya pullari aksar kumushdan, kamdan-kam hollarda bronzadan zarb qilingan, tanga pullarning bir tomonida podsho surati solingan. Do'ng peshonasi, qirg'iy burni, bo'rtib turgan dag'al iyagi uning kuchli iroda egasi ekanligidan dalolat beradi. Boshqa bir chaqa pulning bir tomonida Hindistonni zabt etgan Dimitriy podshoning lablari bir-biriga qattiq yopishgan, shiddatli muhr tasviri bilan zarb qilingan, ikkinchi tomonida podshoning yunoncha unvoni yozilgan. Keng ko'lamda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar qadimgi davr tarixini davrlashtirish masalasini ilmiy asosda qayta hal qilish imkonini beribgina qolmay, balki quldorlik tuzumini hamda bu davrda savdo va hunarmandchilikning markazi bo'lgan shaharlar madaniyatini o'rganishda ham juda boy manbalar berdi. Arxeologik tadqiqotlar tufayli viloyat hududida quldorlik davriga mansub ajoyib tasviriy san'at obidalari ochildi. Termiz yaqinidagi Ayritomda topilgan toshga o'yilgan bo'rtma suratlar, haykallar va devoriy rasmlar hamda Denovdagi Xolchayon va Dalvarzintepadan topilgan loy va ganchdan yasalgan ko'pdan-ko'p turli haykallar Surxon vohasida qadimda o'ziga xos yuksak tasviriy san'at madaniyati yaratilganligini isbotlaydi. Surxondaryoda topilgan qadimgi san'at obidalari Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati bilan Eron, Hindiston, Yaqin Sharq va Kavkaz xalqlari madaniyatining bir-biriga ta'sir ko'rsatganidan hamda dunyo xalqlari madaniyatining yaratilishida Markaziy Osiyo xalqlari ham faol qatnashganligidan darak beradi. Qoratepadagi budda ibodatxonalaridan chiqqan qimmatbaho haykallar va boshqa tasviriy san'at obidalari, ayniqsa nodir va noyobdir. Bunday tasviriy san'at va haykaltaroshlik yodgorliklari o'z davrining hayotiy, mafkuraviy va diniy e'tiqodlari, madaniy va maishiy hayoti to'g'risida ma'lumot beruvchi qimmatbaho manba hisoblanadi. Umuman, Qoratepa yodgorligining o'rganilishi Kushon davri Baqtriya tarixi va madaniyatini yoritishda muhim bir bosqich bo'ldi. Ana shu tadqiqotlar Termizning va umuman Baqtriyaning qo'shni davlatlar va o'lkalar bilan iqtisodiy hamda madaniy aloqalari rivoj topganligini yana bir karra isbotladi. Shimoliy Baqtriyaning antik tarixi va madaniyatini o'rganishda 1972 yili tashkil qilngan BAKE ham katta ahamiyatga ega bo'ldi. V.M.Masson rahbarlik qilgan ushbu ekspedisiya tadqiqotlarida SH.Pidayev, T.Annayev. G.Koshelenko. K.Sobirov, V.Pilipko. V.Zavyalov singari arxeolog olimlar ishtirok qildilar. Baqtriya ekspedisiyasi Kushon va ilk o'rta asrlar davri Baqtriya shahar va qishloqlarining tarixini o'rganishga, Baqtriyada urbanizasiya jarayonlarining shakllanishi va rivojlanishi masalalarini tadqiq qilishga asosiy e'tiborni qaratdi. Ekspedisiya o'z faoliyatini 1990 yillarning boshlariga qadar davom ettirdi, ekspedisiya tadqiqotlari Shimoliy Baqtriyaning Zartepa, Mirzaqultepa, Oqqo'rg'on, Sho'rtepa, Hayrobodtepa, Hayitobodtepa singari shahar va qishloq xarobalarida olib borildi. Baqtriya ekspedisiyasining samarali kashfiyotlari natijasida ilk bor Kushon davri shahar me'morchiligi xususida nisbatan to'la ma'lumotlar olish imkoni paydo bo'ldi. Kushon davri qishloqlari, ularning jamiyat hayotidagi o'rni va shaharlar bilan o'zaro munosabatlari masalalari yoritib berildi. Qishloq aholisining moddiy madaniyatini shahar aholisining moddiy madaniyatidan farq qilmasligi, shahar va qishloqlar o'rtasidagi tovar ayriboshlash, aksaran tanga pullarga asosalnganligi Oqqo'rg'on, Mirzaqultepa, Sho'rtepa yodgorliklari misolida isbotlab berildi. Me'morchilik va diniy e'tiqodlar masalasida ko'plab savollarga javob olindi. Mustaqillik davri arxeologik kashfiyotlari va ularning antik davr tarixi hamda madaniyatini o'rganishdagi ahamiyati masalalari ham atroflicha ko'rib chiqildi. O'zbekiston mustaqillikka erishgach, Shimoliy Baqtriya hududlarida arxeologik qidiruv-tadqiqot ishlarini keng ko'lamda va xalqaro miqyoslarda olib borish uchun yangi imkoniyatlar ochildi. O'zRFA Arxeologiya instituti xodimlari Fransiya va Germaniya olimlari bilan hamkorlikda Ko'hna Termiz, Sherobod vohasi yodgorliklarini hamda O'zbekiston san'atshunoslik instituti bilan Yaponiyaning Tokiodagi Soka universiteti xodimlari hamkorlikda Dalvarzintepa ko'hna shahrini o'rgandilar. Ushbu ishlar natijasida milodning boshlarida O'zbekistonning janubiga buddaviylik e'tiqodi jadal kirib kelganligi isbotlandi. So'nggi tekshirishlar natijasida Dalvarzintepa san'ati, moddiy madaniyati va tarixiga ko'pgina yangliklar kiritildi. 1999 yilda Kushon davri yirik shaharlaridan biri Kampirtepada arxeologik-qidiruv ishlari qayta tikalandi va hozirga qadar davom etmoqda. So'nggi tadqiqotlar Kampirtepaning yoshini aniqlash imkonini berdi., olimlarning taxmin qilishicha Kampirtepa mil. avv. IV asr oxiri-mil. avv. III asr boshlaridan e'tiboran faoliyat ko'rsata boshalgan. Shuningdek, Oksdagi Aleksandr shahri ham Kampirtepa o'rnida bo'lgan degan taxminlar ilgari surilmoqda. Kampirtepadan keyingi paytda topilayotgan metall buyumlar, sopollar, terrakotlar va tangalar Baqtriya tarixi va madaniyatini o'rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 1993 yildan boshlab o'zbek-german qo'shma arxeologik ekspeisiyasi xodimlari Jondavlattepa yodgorligida tadqiqot ishlari olib bordilar. Tadqiqotlar jarayonida me'morchilik, san'at, madaniyat, diniy e'tiqodlar hamda tovar-pul munosabatlari masalalari o'rganildi. 1998 yilda Qoratepadagi budda ibodatxonalari guruhini o'rganish bo'yicha SH.R.Pidayev rahbarligida o'zbek-yapon qo'shma ekspedisiyasi tashkil etilib, hozirga qadar faoliyat ko'rsatmoqda. Mustaqillik yillarida olib borilayotgan hamkorlikdagi tadqiqotlar natijasida antik davrda Surxon vohasida ro'y bergan tarixiy-madaniy jarayonlar aniqlanib, fanga tatbiq etilmoqda. Kushon davri arxeologik yodgorliklaridan Fayoztepa, Eski Termiz devorlarining shimoli-g'arbida, Qoratepa tekisligining shimoli- g'arbidan janubi-sharqqa yo'naltirilgan holda qurilgan Budda ibodatxonasidir. Bu to'rtburchakli ziyoratgohning ichkari hovlisi ikki tomondan tirgak vazifasini o'tavchi yo'g'on sutunlar bilan ko'tarilgan bo'lib, maxsus ayvon bilan o'ralgan imoratdir. Ushbu Budda obidasining qurilgan payti - uysozlik, binokorlik, haykaltaroshlik, tasviriy san'at, umuman, shaharsozlik va me'morchilik rivojlangan Kushon-Baqtriya davlati davriga, ya'ni eramizning I-II asrlariga to'g'ri keladi. So'z yuritilayotgan jamlanma asosan uch qismdan: 1. Kohinlar yotoqxonasi (hind-boxtar me'morchiligi an'analari asosida qurilgan). 2. Markaziy ibodatxona 3. Kohinlar jamoasi uchun zarur bo'lgan narsalar bilan ta'minlaydigan xo'jalik va yordamchi imoratlardan iborat. Inshootning asosiy qismlaridan biri muqaddas, tabarruk va muborak diniy yodgorliklarni saqlaydigan joy- qo'ng'iroqsimon pastki qismi turtib chiqqandek ishlov berilgan hovonchadir. Hovoncha xom g'ishtdan terilgan, uning usti oppoq qorsimon ganch bilan suvalgan. Qizig'i, hovoncha ibodatxonaning boshqa jamlanmalari singari hovli markazida bo'lmay, balki hovlining tashqarisida - «Siymo uyi» budda haykalchasi dargohiga qarama-qarshi o'rnatilgan. «Siymo uyi»dan topilgan ohakgil toshidan mohirlik bilan ishlangan 118 kilogrammlik Budda haykali va uning ikki yonida qo'l qovushtirib, sig'inib o'tirgan ikki rohibning haykalchasi bor. Bu dargohdan havonchagacha g'isht va ohakgil toshlari parchalari yotqizilgan yo'lak o'tkazilgan. Markaziy ibodatxona atrofida katta-kichik xonalar, ya'ni ziyoratgoh, hujra va jamoa yig'ini xonalari mavjud bo'lgan. Masjid ibodatxona bilan bir eshik orqali tutashtirilgan, eshik ibodatxona hovlisining g'arbiy devorida bo'lib shimoli-g'arbiy tomondadir. Eshikning hovli tarafdagi yonida katta-katta ohakgil toshi bo'laklaridan terib qurilgan hovuzcha bo'lgan. Hovuzchaning bir tomoni ikkinchisidan torroqdir, ayni shu tomonning pastki qismida og'zi ochiq sher boshi tasvirlangan suv jumragi o'rnatilgan. Bu hovuzcha ehtimol diniy marosimlarda yuvinib poklanish uchun qurilgan, ibodatxona tokchalarida esa ganch haykalchalar bo'lib, ularning ichi loy bilan to'lg'azilgan bo'lgan. Ilmiy adabiyotlardan ma'lumki, ana shu xil hovuzchalar hind budda sajdagohlarida tahorat qilish uchun ishlatilgan. Arxeolog olim L.I.Albaumning fikricha, Kushon buddoviylik san'atida sher aksi va tasviri katta ahamiyatga molik bo'lgan, oqibatda aksar kulolchilik idishlarida sher kallasi, goho tog' takasi bosh qismi tasvirining tushirilishi an'anaga aylangan edi. G.A.Pugachenkova tomonidan Eski Termiz shaharchasidan topilgan qulog'i tik arslon gavdali qanotli bahaybat maxluq rasmi tushirilgan ohakgildan ishlangan yaxlit qolipning topilishi yuqoridagi misolga dalil bo'ladi. Fayoztepadagi devorlar qurilishiga asosan paxsa va xom g'isht ishlatilgan, tomlar xarilar bilan yopilgan, tomlarning ba'zilari gumbazsimon shaklda bo'lgan. Majmua xonalarining devorlariga turli manzarali suratlar, haykallar bilan bezak berilgan. Har xil tabiiy ofat va jangu muhoraba sinovlariga bardoshi yetgan ko'pgina haykallar tuproq uyumlari ostida saqlanib, ularning shikast topgan siniqlarigina bizning zamonimizgacha yetib kelgan, xolos. Saqlanib qolgan haykal bo'laklari va siniqlarining hajmiga qaraganda ayrim haykallarning bo'yi 4 metrgacha ekanini taxmin qilish mumkin, ular odatan qizil bo'yoqqa bo'yalib, ustidan tilla suvi yuritilgan. Ana shu bo'laklangan va singan haykallar bilan birga topilgan Kanishka va Vasudeva I tangalari zikr etilgan vayrona Budda ibodatxonasi ehtimol Vasudeva I davrida yemirilgan degan xulosaga kelishga imkon beradi. Jamlanmaga tobin uchinchi-xo'jalik qismining devorlari monastr va ibodatxona devorlariga tutashtirib ko'tarilgan. Jamlanma xonalarining birida xom g'ishtdan qilingan eni 0,7 metr keladigan uzun supa bor, bu aftidan ovqatlanish joyi bo'lgan. Barcha xonalarning devorlari somon suvoq qilingan, faqat ikkitasi ganch bilan suvalgan, xonaning yeriga ganch va yirik qum qorishmasi to'shalgan. Qolgan ikki xonada tandir qoldiqlari va bezakli toshtovoqlarning sinig'i, boshqa bir xonada janubga qaratib o'rnatilgan suv quvuri, kulolchilik o'chog'i borligi aniqlandi. Demak ibodatxonaga suv quvurlar vositasida olib kelingan, hatto shunga o'xshash quvurlarning Qoratepa tomon, ya'ni janub tarafga yotqizilganligi (5-6 metrli quvur bo'laklari) kovlash natijasida kuzatilgan. Ammo shaharga suv quvurlar orqali qaysi tomondan olib kelingani muammosi ancha yillar bahsli bo'lib turdi. Bu masalani 1945 yili o'rgangan olim D.D.Bukinich ham muammoning yechimini topolmay «Termizga suv qaysi tomondan kelganligi savoliga qoniqarli javob olish amri mahol» deyishdan nariga o'tmagan edi. Shu o'rinda V.A.Kozlovsvkiy, V.P.Nimkolayev, L.I.Albaum fikrlarini keltirib o'tish joiz, ular shaharga suv Amudaryodan olingan deyishadi. Lekin tarixiy asarlar buning teskarisini ko'rsatadi, chunonchi XV asr jug'rof olimi Hofizi Abro' «Termiz Chag'oniyon(Surxon)dan suv ichadi», deydi. Nihoyat termizlik yosh qadimshunos olim T.Annayev muammoning yechimini topishga muyassar bo'ldi. Salovotdan ma'lum miqdor yuqori(shimol)da - Tolitog'orada olib borilgan qazilma samarasi o'laroq Kushon davri Termiz va uning atroflarini sug'orish tizimi aniqlandi. Unga ko'ra suv Chag'onruddan Kattaqum orqali amalga oshirilgani, suv olish joyi va uning qo'riqlash istehkomi topildi. Kushon davri Termizining I-II asrlarda qurilgan yirik Buddoviy jamlanmasi Fayoztepa II asrda budda kohinlari tarafidan tashlab ketilgan, degan aqida mavjud. Balki bu hodisalar tabiiy ofat - yer qimirlashi bilan bog'liq bo'lishi mumkin degan taxminlar yuradi. Ammo dinidorlar muqaddas ziyorotgoh sanalmish havonchani o'z holicha qoldirib, uni e'tiborsiz tashlab ketmadilar. Havonchani saqlash maqsadida uning chor atrofini xom g'ishtli devor bilan o'rab oldilar va havonchaning uzoq saqlanishga imkon yaratdilar. Fayoztepa atrofida V asrda Termizda hukmronlik qilgan eftalitlarning qabristoni bo'lgan. Xullas Fayoztepa majmuasidan topilgan haykalcha dunyoning ko'pgina mamlakatlari, jumladan Yaponiya, Skandinaviya mamlakatlari bo'ylab sayohatda bo'ldi. Endilikda u Toshkentda saqlanmoqda, umuman, Fayoztepa sirlarini ochish va tahlil etishda olimlardan L.I.Albaum, B.M.Masson, A.Asqarov, G.A.Pugachenkovalarning ilmiy izlanishlari katta samara berdi. Arxeologlar qiziqqanga qadar bu tepa nomsiz edi, arxeologlarga yaqindan yordam bergani uchun Surxondaryo viloyat o'lkani o'rganish moziygohining shu yillardagi direktori Rahmat Fayozovning otasi sharafiga bu tepa Fayoztepa deb ataladigan bo'ldi va shu nom bilan olamga tanildi. Eramizning dastlabki asrlarida Hindistondan Markaziy Osiyo janubiga buddizm tarqaladi. Bu yerlarga diniy aqidalar bilan birga budda san'ati ham keladi. Shu davrlarda Kushon Termizida va uning devori atroflarida buddizmning ko'plab ibodatxonalari, sajdagohlari, xonaqohlari va boshqa inshootlari qurildi. Termiz buddizmning muqaddas ziyorotgohlaridan biriga aylandi. Zo'rmo'la Kushon Termizi qo'rg'on devorlari shimoliy sharqida qad ko'tarib turibdi. Qachonlardir shahardan tashqaridagi bu yerlarda buddizmning yuksak me'morchilik uslubidagi qurilmalarining butun majmuasi-Vixara-ibodatxona bo'lganga o'xshaydi. Lekin o'rta asr Termizida bu yerlar ekin maydonlari bo'lganlari ma'lum. Faqat bu yerning bosh qurilmasi muqaddas joy-ulkan havonchaga o'xshash budda muqaddas ashyolari saqlanadigan minora o'z qoplamalari va shaklini yo'qotib, asrlar osha yashab kelmoqda. Olib borilgan qazilma natijasi to'g'ri burchakli supa (tagkursi) ustiga o'rnatilgan silindrsimon minoradek havoncha o'z nihoyasida gumbaz bilan tugallanganligini ko'rsatadi. Bu inshoot asosan xom g'ishtdan terilgan bo'lib, uning tagkursisi (pyedestolli) sirti oq toshtaxtalar bilan qoplangan. Ehtimol, bu toshlar ohakgil bo'lib, Xoja Gulsuvar (Burgut tog'i)dan keltirilgandir. Havonchaning yuza qismi xom g'isht ustidan pishiq g'isht qoplangan va yuz (old) tomoni ochiq qizil rangga bo'yalgan. Hovonchaning diametri 14,5 metr, umumiy balandligi qachondir 16 metrga teng bo'lib, uning bo'yini xoda (tayoq)ga osilgan «Hurmat soyaboni» balandroq ko'rsatardi. Zo'rmo'laning bunyod bo'lishi ulug' Kushonlar davriga, ya'ni eramizning II asriga to'g'ri keladi. Uning qurilish ishlaridagi ko'lami Fayoztepanikidan ortiq va Termizdagi budda inshootlari qurilishida alohida ahamiyatga ega bo'lgan. Zo'rmo'la minorasi Markaziy Osiyodagi shunday hovonchalardan va arxeologik qatlamlardagi minoralarga o'xshamaydigan yirik me'morchilik obidalaridandir. Zo'rmo'la hovoncha yoki minora ekanligi haqida olimlar orasidagi bahslar yechimi topilgani yo'q. B.N.Kostalskiy («Surxon-Sherobod vodiysi tarixiy-jug'rofik obrazi», Toshkent, «Vestnik irrigasii», 1930, ? 3, 4) bu masalaga shubha bilan qaragan. G.A.Pugachenkova Zo'rmo'lani buddizm minorasi deb atadi. B.V.Lunin Zo'rmo'lani «Kattatepa» deb atadi. Hovoncha ruscha stupaning tarjimasi bo'lib, uni bu yodgorlikka qiyoslash to'g'ri kelmaydi. Zo'rmo'la atamasi ruscha «Zurmula» deb buzib ifodalanib kelinganga o'xshaydi. U asli Zo'rmo'la, ya'ni «Katta mo'la» ma'nosini anglatadi. Mahalliy shevada «mo'la» so'zi loydan baland ko'tarib yasalgan, lekin minoradan kichik va undan farq qiladigan qurilma ma'nosini anglatadi. Dehqonlar oq jo'xori, tariq paykallarini ana shunday mo'lalardan palaxmon otib, hosilni qushlardan qo'riganligi ma'lum. Ana shunday mo'lalardan azonchilar din ixlosmandlarini ibodatga, nomozga chaqirganlar. Qadimda Zo'rmo'laning o'z nomi bo'lganligi ajab emas hozirgi nomi bu ulkan inshoot qoldig'ining mahalliy xalqlar tomonidan atalishidan olingan bo'lishi mumkin. Taniqli olim A.S.Strelsov (Sbornik kulturi Vostoka, vo'p. 1. Moskva, 1927. Str. 27-30) o'z asarini «Zo'rmo'la yoki Kattatepa» nomlashi bejiz emas. O'rta asr Termiz raboti o'rtasida, uning shimoliy devori yaqinida bir qator inshootlar bor ediki, ularning pishiq g'ishtlari allaqachonlar tashib ketilgan. Bu imoratlar eskidan (Kushonlar davrida) odamlar yashab kelgan joylarda qurilgan, bu yerlar I-IV asrlarda kushonlar tashlab ketgandan keyin bo'sh yotgan. Yuqorida aytib o'tganimizdek, II asrda yer qimirlashi oqibatida ko'pgina inshootlar, uy-joylar vayronaga aylandi., ular qaytadan tiklanmaydi, balki urf-odatga ko'ra irim qilingan yoki tiklashning iloji bo'lmagandir. Shu tufayli, buddizm ibodatxonalari, xonaqohlari va boshqa inshootlar qurilishi Kushon Termizining shimoliy sharqida Zo'rmo'la atrofida rivojlantiriladi. Ilk o'rta asrlarda bu yerlar tiklana boshlaydi, VI-VII asrlarda katta bo'lmagan, lekin o'z shakli bo'yicha diqqatga sazovor feodal qasri (qo'rg'oni)-saroyi quriladi. Ko'shkning pastki qismi 25x25 metr bo'lib, paxsa devordan ko'tarilgan, uning bosh o'qi bo'ylab yotgan markaziy dahlizi, uning ikki tomonida beshtadan uzunroq xonalari bo'lgan. Dahliz va xonalar gumbazlar bilan yopilgan., devorlarida teshiksimon derazalar bo'lgan. Ko'shkning ikkinchi qavati yengil materiallardan yopilgan bo'lib, yozda yashashga mo'ljallangan. Termiz qo'rg'oni Markaziy Osiyo qasriga xos ko'shk edi, u ko'p asrlar kishilarga xizmat qildi. Islom dini rivoji davrida uning yaqinida qurilgan masjid va qo'shma xonalar ziyoratga keluvchilar uchun yotoqxona, sayyoh darveshlar uchun xonaqoh vazifasini o'tadi. Ko'shk vayronalari hozirgi Katta O'zbek traktining Eski Termiz hududi ostida qolib yo'q bo'lib ketdi. Umuman, kushonlar davrida vohada iqtisodiy-siyosiy va madaniy hayot yuksak darajada rivojlangan. Kushon hukmdorlarining tinimsiz ravishda olib borgan urushlari, ko'chmanchilarning hujumlari hamda bo'ysundirilgan o'lkalarda mustaqillik uchun olib borilgan harakatlar oqibatida kushonlar saltanati inqirozga uchraydi. IV asr oxirlarida toxar qabilalari kushonlar saltanatiga xotima beradi. CHAG'ONIYON ADABIYOTI (X-XI asrlar) Chag'oniyon tarixiga chizgilar. Ko'hna Surxon vohasi qadim Baqtriya davlati tarkibidagi viloyatlar sirasiga kirgan, bu eramizdan avvalgi IX-VIII asrlarga to'g'ri keladi. Keyingi asrlarda qadim Baqtriya sarhadlarida yangi davlatlar barpo bo'lib, Baqtriya shu yangi davlatlarning tarkibiy qismlariga aylana boshlaydi. Bular: Ahamoniy (miloddan avvalgi VII-IVasr)lar, Iskandar Zulqarnayn yurish (mil. av. IV asr)lari, Salavkiy (Mil. av. IV-III asr)lar hukumati, Yunon-Baqtriya (mil.av. III-II asrlar) davlati, Saklar (mil. av. II) xuruji, Parfiya davlati (mil. av. I asr), Yuyechje qabila (mil.av. I va milodning I asri)larining kirib kelishi, Kushon saltanati (milodiy I-III asrlar), Eron Sosoniy (III-IV asr)lari shahonshohligi bilan bog'liqlar kasb etadi. Surxondaryo viloyati hududlari ilk o'rta V-VIII asrlarda Taxoriston atamasi bilan yirik tarixiy-madaniy mintaqa tarkibiga tobe edi, ushbu atama dastlab eramizning 383 yilidagi matnlarda paydo bo'la boshlagan. Taxoriston hududlari VI asrga kelib kengaydi va u qator viloyatlarga ega bo'ldi, shunday viloyatlardan Da-mi (Termiz) hamda Chi-o-yan-na (Chag'aniyon)lar hozirgi Surxondaryo zaminida joylashgan edi. Qadim Baqtriya bag'rida paydo bo'lgan Toxariston zaminiga IV asrga kelib xioniy (xionit) nomi bilan yuritiladigan qabilalar kirib keldi va bu zaminni Sosoniylardan tortib oldi. Chunki Toxariston tuprog'i kushonlar saltanati inqirozidan so'ng Eron Sosoniylari tasarrufida edi, endilikda bu tuproqqa xionit va eftaliy (eftalit) qabilalari harakati boshlanadi. Avvalgi Toxariston yerlariga Sosoniy (III-V asr)lar, so'ngroq Xioniylar va Eftaliy (eftalit, V asr)lar kirib keldi, shu tariqa Toxariston yerlari V-VII asrlar mobaynida Sosoniylar, Xioniylar, Kidariy (ikkinchi bir nomi taxor)lar hamda Eftaliylar o'rtasida talash maydoniga aylandi. Bu voqealar ushbu yurtlarda topilgan Sosoniylar va Eftaliylarning tangalari bilan o'z isbotini topgan. VII asr oxirlari va VIII asr boshlarida bu zaminda Chochdagi turkiy hukmronlar tangalariga taqlidan tangalar zarb etiladi, demak, VIII asrdan e'tiboran bu yurtga Turkiy xoqonlik hukmronligi kirib kela boshlagan ekan. Endi Chag'oniyon atamasiga kelsak, bu nom yozma manbalarda VI asrdan boshlab uchraydi va solnomavis ad-Dinovariy (vafoti 952)ning «Kitob al axbor»da bitishicha, sosoniy Xusrav I Anushervon (hukmronligi 531-579) qo'shinlari Eftalit (tarixiy manbalarda eftal, xaftal, xaytal, goho eftalon shaklida ham bitiladi) davlatining Toxariston, Kobuliston va Chag'oniyon viloyatlarini bosib oladi. Tarixiy voqealarga murojaat qilsak, 563-567 yillarda Eftaliylar bilan Turkiy xoqonliklar o'rtasida Buxoro o'rtasida to'qnashuv ro'y beradi va ularning birinchisi qattiq shikast topadi. Shikast topgan Eftaliylarning qolgan-qutgan qismi Chag'oniyonga chekinadi va asli Eftaliylardan bo'lgan Chag'oniyon hokimi Fag'onishni o'zlariga yo'lboshchi qilib ko'taradilar. 571 yili Chag'oniyon Xusrav I Anushervon ixtiyoriga o'tadi, bu hodisa ikki xil izohlanadi: Fag'onish go'yo turkiy xoqonlarga qarshi kurashda Anushervonga tayanmoqchi bo'lgan yoki turk xoqoni Istamiy bilan Anushervon shartnomasiga binoan Chag'oniyon Sosoniylarga tegadi. Chag'oniyon Eftaliylar davlati tarkibida yetmish yil turdi, hatto, Chag'oniyon hokimi Eftaliylar uyushmasining rahnamosiga aylandi, ko'rinadiki, Chag'oniyon Sosoniylar va Eftaliylar davlati tarkibida ko'p jihatdan mustaqil bo'lgan. Chag'oniyonda VII asrga kelib sulola almashuvi ro'y beradi, Eftaliylar o'rniga turk xoqonligi sulolasi ustuvorligi kuchaydi. Chag'oniyonni idora qilgan eski Chag'onxudotlar sulolasi o'z mavqeini saqlab qolgan holda Turk xoqonlariga suyandilar, turkiy qabilalarning Chag'oniyonga kirib kelishi 589 yildan boshlanadi. Turk xoqoni (qoon, qog'on, xoqon, xon) Tun Yabg'u (Yabu-jabu, hukmdor, bak, bek, biy 618-680 yillar) davrida Toxaristonni boshqarish uning o'g'li Tardu Shodi zimmasiga yuklatiladi. Chag'oniyonda turkiy qabilalar sulolasi mustahkamlanib bordi, Chag'oniyon hukmroni Tish Uzoq Sharq mansha (718-719) larida Toxariston yabg'usi, ya'ni bosh hukmroni tarzida tilga olinishining o'zi jiddiy voqeadir. Ana shu Tish-Chag'oniyonning chag'onxudoti o'z qo'shnilari Shuman va Axarun hukmron (Qoratog' daryosi va Hisor vohasi o'lka)larini bo'ysundirish uchun Qutayba lashkarlarini madadga chaqiradi. Movarounnahr yerlariga onda-sonda hujum qilib, talon-tarojlik yurishlarini amalga oshirib turgan arablar uchun bu qulay hodisa edi. Shu munosabat bilan arab qo'shinlari Surxon vohasiga kirib keldi va Chag'oniyonni egallab oldi. Arablarning Chag'oniyonga ilk hujumi 667 yilda ro'y bergan edi, 651 yili arab qo'shin boshlig'i bilan Chag'oniyon shohi yakkama-yakka jang qilganini yaxshi bilamiz. Bu hodisa va voqealardan shu narsa aniqki, Chag'oniyon shohi, demak, butun boshli arab bosqiniga qarshi harakatning rahnamosi bo'lgan. Qolaversa, 650 yillarda Chag'oniyon o'lkasining hokimi Turontosh edi, uning ismi turkiy tilli aholi vakili ekanini ochiq ko'rsatib turibdi. Binobarin, ilk o'rta asrlarda Toxaristonda turkiy xalqlarning alohida siyosiy va ijtimoiy mavqeini ilmiy tadqiqotlar aniq isbotlab turibdi. Qutaybaning Chag'oniyonga kirib kelishi bilan umum Chag'oniyon yangi islom dini ta'siriga berilib ketdi deb bo'lmaydi, balki asl boshqaruv hali-hanuz chag'onxudotlar ixtiyorida edi va ular hukumati oz emas, ko'p emas yuz yilga yaqin turgan. G'alati tomoni shundaki, Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalariga yurish qilgan arab qo'shinlariga birinchi galda Chag'oniyon xudotlari (Movaraunnahr viloyatlarini arab istilosigacha bo'lgan davrda turli nomlarda ataluvchi mahalliy hukmronlar boshqarganlar, ya'ni Termizni shoh, Buxoro va Chag'oniyonni xudot, So'g'dni ishxid, Farg'onani afshin, Xo'jandni dehqon, Xorazmni podshoh) harbiy ko'mak berar edi. Chunonchi 706 yilgi Qutayba binni Muslimning Buxoro va Paykandga hamda 737 yilgi Asad binni Abdullohning Xuttal (Xaptal-Eftal) hamda turk qog'onligiga qarshi yurishlarida Chag'onxudot shaxsan hamroq bo'lgan edi. Xuttalning Xutlon (hozirda Xatlon) shaklini shoir Munjik Termiziy bir baytida tilga olib o'tadi: Birodaron maro z-in sipas siyah makuned, Ba madhi xojai xutlon ba jashnho xoma. mazmuni: Bayramda Xutlon xojasi madhiga qo'limga qalam olsam, Og'aynilar, bundan buyon meni qoralamang. Qolaversa, VII asrning 70-yillarida boshlangan Muqanna rahnamoligidagi oq kiyimlilar harakatiga chag'onxudotlar ro'yxushlik bildirishmadi, balki ularga qarshi siyosat yuritishdi. Chag'oniyon mulki Toxariston(bu nom hozirgi Afg'oniston islom davlatidagi Taxor viloyati nomida saqlanib qolgan) tarkibidagi eng yirik va eng kuchli o'lka edi, boisi bu o'lkaning o'ziga xos an'analari hamda ajoyib sulolaviy tarixi mavjuddir. Bu hududda katta-katta qishloqlar va ulkan shaharlar qad ko'tara boshladi, bu yurt o'zida zarb qilingan xususiy tangalariga ega edi. Chag'oniyon hukmronlari boshqa uzoq va yaqin hukumatlar bilan diniy, iqtisodiy hamda sulolaviy aloqalarni yaxshi yo'lga qo'ydi, oqibatda, savdo-sotiq ishlari ancha rivoj topdi. Ayniqsa, Afrosiyob saroyi xarobalari topilib ochilgandan keyin Samarqand shohi Varxuman saroyi devorlarida bitilgan bitiklar o'qilgach, shu narsa aniqlandiki, VII asrning 2-yarmida Samarqandga (650-670 yillar) Chag'oniyon davlati elchilariga devonxona boshlig'i, ya'ni dapirat (dabir-yozuvchi-kotib) rahbarlik qilgan ekan va Samarqand shohi Varxumanga sovg'a-salomlar bilan birgalikda kelin ham olib kelgan ekan. Yana ham qizig'i shundaki, Chag'onxudotlarning hukmronligi kezlarida 719 yilda Chag'onxudot Tish (Tishtriya-Sirius, avestacha, eng ravshan yulduz) tarafidan Chin (Xitoy)ga moniylik dini peshvosi Mo-Jo boshchiligidagi elchilar jo'natilganini ham bilamiz. Qarang, Surxon vohasi Zardushtiylik va Buddaviylik dinlarining maskani bo'lishi barobarida bu yerda demak, Moniylik dini ham rivoj topgan va rasm bo'lgan ekan. Endi umumiy xulosalarga kelsak, Chag'oniyonda VI-VII asrlar chog'i shohlar saltanati (bu hodisa sosoniylar bilan bog'liq) hukm surgan, so'ngra VII asrning 2-choragidagi turkiy xoqonlikka tobin Yabg'u hamda Shodilar ustuvorligi ro'y bergan. VIII asrdan boshlab Chag'onxudotlar hukmronligi o'z faoliyatini boshlaydi va bu qancha davom etganligi ma'lum emas. Har holda Chag'onxudotlarning hukmronligi arab istilosidan so'ng barham topgan ko'rinadi. Ana shu zaylda arab istilosining yemirilishi bilan, bizningcha, Termiz va Chag'oniyon asta-sekin Tohariylar hamda Somoniylar davlati tasarrufiga o'ta boshlaydi. 1X asrning 2-yarmidan boshlab Chaoniyonda bizga noma'lum bo'lgan amirlar sulolasi hukmronlik qilgan, ammo X asrdan e'tiboran bu zaminda Muhtojiylar sulolasi ustuvorligi sezilarli darajada oshib boradi. Bu yurt X-XII asrlar mobaynida Qoraxoniylar, G'aznaviylar va Saljuqiylar qaramog'iga kirganligi tarixdan ma'lum. Chag'oniyon amirligi sarhadlari keng bo'lib, uning hududlariga Boysunu Darband, shimoldan Hisoru Dushanbe, janubdan Jarqo'rg'ondan yuqori tumanlar, sharqdan Bobotog' etaklarigacha cho'zilgan zaminlar kirgan. Umumvoha Chag'oniyon nomi bilan yuritilgan, qadimda Surxon daryosi esa Chag'onrud deyilgan, Chag'oniyon va Chag'onrud ko'hna Sak elati nomi ila hamohangliklar kasb etadi, ya'ni daryo atamasi Sakonrud-Shakonrudning talaffuzdagi o'zgarishlari natijasidir. Bu esa Chag'oniyon (Sakoniyon-Shakoniyon yoxud Chag'on-Sakon-Shakon-Chakon)ga ham to'kis taalluqlidir. Zero, bu nom ayrimlar aytganidek Chag'ona so'zi (qizil yoki musiqa asbobi)ga mutlaqo aloqador emas. Saklarning Baqtriya bilan aloqasi qadimdan mavjud ekanligi ma'lum, chunonchi Ahamoniylar davridayoq, balkim undan ham ilgari Sak va Boxtarlarning qo'shinlari yagona lashkarga biriktirilib Eron-Yunon urushlarida qatnashganini yaxshi bilamiz. Chag'oniyonning qadimgi markazi hozirgi Qizilsuv (Sangardak)ning Surxonga quyiladigan chap sohilida xarobaga aylangan Budrachtepa o'rnida bo'lgan, keyinroq bu markaz hozirgi Denovga ko'chgan. Voha ham va uning markazi ham Chag'oniyon deyilgan, arab manbalarida Chag'oniyon Sag'oniyon tarzida bitilgan. Bu esa arab tilida «ch» tovushning yo'qligi tufayli ro'y bergan hodisadir. Chag'oniyon shahri haqida ilk bor xitoy tarixchi sayyohi Syuan Szyan xabar beradi, bu 630 yillar atrofiga to'g'ri keladi. Syuan o'z kundaligida ushbularni bitib qoldirgan: «Chag'oniyon shahri 10li (bu 3 km.ga to'g'ri keladi) masofada o'rab olingan va Termiz shahridan ikki marta kichik, lekin Qabodiyon markaziy shahri bilan teng». X asrga kelib muarrix al-Istaxriy (849-934) ma'lumotlari shuni ko'rsatadiki, endilikda, Chag'oniyon shahri o'z maydoni jihatidan Termizdan katta, biroq Termiz o'z aholisi va boyligiga ko'ra Chag'oniyondan ustunroq ekan. Qisqasi, Chag'oniyon shahri oxirgi uch yuz yil ichida shimoliy Toxaristonning madaniyati eng yuksak rivojlangan, ilm-fan ravnaq topgan markaziy shaharlaridan biri sifatida barcha sarchashmalarda ulug'lanadi. Tarixchilardan al-Istaxriy («Kitob al masolik val mamolik»-«Mamlakatlar masalasi kitobi», 933 yil) va al-Muqaddasiy (946-1000. «Ahsan at taqosim fi ma'rifat al iqlim»-«Iqlimlarning to'g'ri va ilmiy taqsimoti» 985 yil)larning yozishicha: «Chag'oniyon shahrida qo'rg'on bo'lib, unda chiroyli va katta bozor bor, bozor o'rtasida xushbichim masjid qad ko'tarib turadi, masjidda maxsus pishiq g'ishtli xonalar mavjud. Shahardagi har bir xonadon suv bilan ta'minlangan, sug'orish ishlari yaxshi yo'lga qo'yilganidan shahar atrofi qalin ko'kalamzor bilan qoplangan, turli anvoyi o'simliklar bilan o'ralgan, o'tning balandligidan otlar ko'rinmaydi, qishda bu yerda qush ovlanadi. Shahar ahli asli musulmon bo'lib, ular o'ta mehmondo'st xalqdir...». Manbalarda goho daryo nomini Chag'oniyon ham deyishgan, chunonchi ?qut Hamaviy (1179-1229) «Mo''jam al-buldon» («Shaharlar lug'ati»)da Termiz haqida gapirar ekan: «Termiz-Amudaryoning sharqiy tomoniga joylashgan katta shahar. Uning hokimi turadigan joy as-Sag'oniyonga yopishgan». Matnda keltirilgan as Sag'oniyon aslida Chag'oniyon bo'lib, demak qadimda Surxon (Chag'onrud-Sag'onrud) ba'zan voha nomi kabi Chag'oniyon deb yuritilgan ekan. Buni Hofizi Abru (1362-1431) ham tasdiqlaydi: «Termiz-Jayhun kanori bo'yida shahar... Ekinzorlari Chag'oniyon (Surxon) suvidan ichadi». Ammo daryo aksar holda Chag'onrud nomi ila atalishini «Hudud al olam» kitobi isbotlaydi: «Chag'onrud Chag'oniyondan oqadi va Termiz yonida Jayhunga quyiladi». Chag'oniyon ko'hna zamin, u turli zamonlarda turfa nomlarda ataladi, chunonchi, Baqtriya, Yunon-Baqtriya, Kushon, Toxariston, Chag'oniyon va nihoyat hozirgi atamasi Surxondaryo nomini olgan. Baqtriya degan yurtda Bubaken, Gaboz, Pareytaken nomli viloyatlar borligi tarixda raqam etilgan va Rustam hamda Alpomish turkum dostonlarning yaratilishi, tarqalishi holatlari ham Surxon zamini bilan bog'liq ekanligi ancha muhimdir. Chag'onrud - pahlavonlar yurti. «Alpomish» dostoni Surxon vohasi zamini ila bog'liq va u shu o'lka bag'rida yo'g'rilgan, dostonda ta'riflangan Boysun qo'ng'irot eli va Boboxon tog'i atamalarining o'zi bunga aniq dalil. Yunon muarrixlaridan Aristobul, Klitarx, Ptolemey Lag va qisman Kallisfen solnomalarida (ularning barchasi Iskandar harbiy yurishlarining ishtirokchilari va lashkarboshilari) qadim Baqtriyaning saxovali, serunum, go'zal go'shalaridan sanalmish Pareytaken (ba'zan Paretaka-Paritaka), Gabaza (goho Gaboz)-Gazaba(Gaza-tepalik, tog' bilan bog'liq B.M.), Bubakena (farazan Babaken-Abaken, ob-suv, sersuv o'lka B.M.) singari viloyatlari haqida xabarlar beriladi. Paraytaken-Sherobod vohasi, Gaboz-Boysun vohasi, Bubaken esa Bobotog' (Boboxon-Bobokon-Boboken) etaklarida joylashgan so'lim voha ekanligi allaqachon o'z isbotini topgan. Pareytaken tog'li o'lka ma'nosiga ega, boisi pourata, parvata ko'hna sankritchada tog' demakdir, chunonchi, Ko'hitang etaklaridagi qishloqlarning bir turkum nomda yaqin-yaqinlargacha Dahparkent (goho Dahparikent) deb atalishi buning jonli guvohidir. Zero, Pareytaken va Dahparkent tarkibida «par» birikmasi mavjudligi buning to'kis isboti (Parkana-Farg'ona va Parkent ham shundan)dir. «Bu yurtda miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda «Qadimgi Baqtriya podsholigi» tashkil topdi. O'zbekiston hududidagi eng qadimgi shahar shu yurtda shakllandi. Bu yurt zardushtiylik dinining ilk makonidir». Boysun nomli maskan Qoraqalpoq zaminida ham mavjud, boisi chorvador ellar tinim va qo'nim bilmay ko'chib yurishgan, zero chorvador uchun yaylov-yashash manbai, hayotiy zarurat. Ko'chmanchi chorvadorlar qaysi maskanga kelib qo'nmasinlar, odatan, o'zlarining ilk maskanlari nomini tabiiy ravishda yangi maskanga olib kelishgan. Endi Boysun nomining shimoldan janubgami yoki janubdan shimolgami borib qolishiga kelsak, aynan, shimoldan janubga ko'chish bilan bog'liq farazlarga yopishib olish masalaning tub mohiyati yechimini aks ettira olmaydi. Chunki ko'chmanchi chorvador elat faqat janubga emas, balki janubdan shimolga ham siljib turgan va bu jarayon uzluksiz davom etgan, ya'ni aks ta'sirlar hodisasi ham zinhor e'tibordan soqit qilinmasligi lozim. Bizning voha Surxondaryo deb ataladi, joy nomlarining aksari daryo nomi ila atalishi ko'hna tarixdan ma'lum, chunonchi Surxondaryo, Qashqadaryo, Murg'ob (Marg'iyona) va hakozo. Qadimgi Surxon daryoni Chag'onrud, umumvohani esa Chag'oniyon deb yuritishgan, ushbu atama G.A Pugachenkovaning fikricha ko'chmanchi Saklar nomi ila chambarchaslik kasb etadi. Chag'onrud asli Sakonrud yoki Shakonrudning, Chag'oniyon bo'lsa, Sakoniyon va Shakoniyon atamalarining talaffuzdagi o'zgarishlari natijasidir. Ingliz olmi I.Markvart esa Chag'on so'zi mo'g'ulcha Sagan (oq) so'zidan kelib chiqqan degan farazni ilgari suradi. Chunonchi vohamizning yurtsevar va elparvar shoiri Nizomjon Parda Amudaryoning Oqdaryo deb atalgan manbaga duch kelganini hikoya qiladi. Akademik E.V.Rtveladzening gumonicha, Chag'on so'ziga ko'plik «on» ko'shimchasi keyingi asrlarda ilova etilgan. Basharti Chag'on so'zining o'zagi Chag' bulsa, u holda Chag'oniyon atamasiga birato'la ikkita ko'plik «on» ko'shimchasi tirkalgan bo'lib chiqadi. Adabiyotshunos olim M.Azimov «Chag'oniyon adabiyoti» haqida so'z» («Surxon tongi» gazetasi, 3 dek. 2003 y.) maqolasida Chag'onrudning Sakonrud yoki Shakonrud shakllariga qarshi chiqib, «ch» «s» «sh» tovushlarining biri ikkinchisiga o'tmaydi degan g'ayri ilmiy aqidani ilgari surishdan oldin, loaqal poyitaxtimiz Toshkentning qadimda Choch-Shosh deyilganiga e'tibor qilsa kifoya edi. Yuqoridagilar yetmaganday, bu olimimiz Chag'oniyon nomini fors-tojikcha chag'andar (lavlagi, chag'-cho'g') so'zidan izlab o'zicha folbinlik qiladi. Nazarimizda Chag'oniyon atamasini ushbu xilda hal etib bo'lmaydi, buning uchun birgina Surxon vohasi geografik muhiti bilan o'ralashib qolmasdan, balki kuhna Chag'oniyonning ajralmas ikkinchi bo'lagi Hisor vodiysi va shu hudud bog'liq joy nomlarini ham bahs doirasiga tortish kerak. Ayni zamonda Vaxsh vodiysi va Panj vohasi joy nomlarini ham hatto qarab chiqishga to'g'ri kelar, zotan ma'lum bir joy nomi tarixini aniqlash oson ish emas. Yuqorida zikr eitilgani kabi bu so'z tarkibida «Sag'» yoki «Chag'» o'zak bo'lishi ehtimoli bor, G.A.Pugachenkovaning ta'kidicha, Eron Sakistonini boshqargan sosoniy podshozodalar «Sag'onshoh» deb atalar ekan. Keyin taxorlarning yana bir nomi Sak-yuyejiy ekanini ham zinhor unutmasligimiz lozimga o'xshaydi. Akademik E.V.Rtveladze bu nomning ildizlarini Chag'oni so'zidan izlashga harakat qiladi va bu nom viloyat nomining mahalliy atamasi bo'lsa kerak degan xulosaga keladi. «Hudud ul olam»da Hindistondan ibtido topib, Josht (balki Chosh-Chochdir) hududlariga borib tugayotgan ulkan tog' tizmasi haqida ma'lumot beriladi va uning Shaknon (ehtimol Shug'nondir), Vaxon va Josht hududida behisob tarmoqlarga bo'linib ketishi hikoya qilinadi. Nazarimizda Shaknon atamasiga e'tibor qaratishga to'g'ri keladi, boisi Shaknonning Saknondan yoki Chaknondan paydo bo'lganini kim inkor eta oladi? Saklar nomi bilan ataluvchi jo'g'rofik nomlar O'zbekiston Respublikasi zaminida Surxon vohasida, Eron zaminida Seyiston (goho Sijiston ham deyiladi) viloyati va ushbu viloyatdagi Seyiston daryosi nomida saqlanib qolgan. Zero, akademik V.V.Bartold ta'kidlaganidek, Sakiston-Sahiston-Sayiston atamasi, nihoyat, Seyiston shaklini olgunga qadar uzoq bir davrni bosib o'tganligi sir emas. Ha, aytganday M.Azimov daryolarga elat nomi mutlaqo qo'yilmaydi degan da'voni ilgari surib, o'zicha yangi qonun chiqaradi. Ana shu saklar Rustami doston turkumiga oid rivoyatu naqllarning dastlabki ijodkorlaridir. So'ngroq bu naqllarni ulardan so'g'diylar o'zlashtirib olganligini bilamiz. Saklarning qadim Baqtriya hududlariga kelishi miloddan avvalgi II asrlarga borib taqaladi, ular Yunon-Baqtriya davlatini mahv etganlar. Biroq bu zaminga Kushonlarning kelishi munosabati bilan saklar Seyistonga borib joylashadi. Saklarning kattagina guruhi hisoblanmish amyurgiylar Baqtriya zamini bilan bundan burun ham aloqador va bog'liq bo'lganligi tarixdan ma'lum. Seyistonning tub aholisi jangari bo'lmagan va «Rustami doston» rivoyatlarini faqatgina jangovar ruhdagi elat yaratishi mumkin edi. «Avesto»da ana shu saklar Tur deb bitiladi va ular ko'chmanchi bo'lgani aytiladi, Turning Turk so'ziga aloqasi bor-yo'qligi hozircha bahsli. Ayrim farazlarga ko'ra Turk so'zidagi «k»-tovushi, ehtimolki, avestacha yoki baqtarcha-«lar» ko'plik qo'shimchasini ifoda etgan. Bu xil hodisani tojik (tazi-tozi-tozik) so'zidagi «k» tovushi misolida ham yaqqol ko'rsa bo'ladi. Eng qadimgi zamonlarda saklarni tarixchi Polibiy (208-271 yillar)ning yozishicha «Aspasiak» deyishgan. Ular Oks (Amudaryo) va Tanais (Don) daryolari oralig'ida yashagan, lekin ko'pchilik Tanaisni Iskandar yurishlarigacha Sirdaryo deb tushungan, Sirdaryo esa Aristobul ta'kidlaganidek Yaksart deb atalgan. Aspasiak tarkibida aspa-asp-ot, saik-saak-sak-chavandoz ma'nosini anglatadi, xuddi shu chavandoz turlarni Gerodot (484-425)ning xabaricha, eroniylar sak, yunonlar skif deb atashar ekan. Sak so'zi shu kabi qudratli, epchil, chaqqon, jasur, azamat, mard ma'nolariga ega ekanligi ko'plab manbalarda o'z ta'kidigi topgan. Goho ularni Ispaka-Spaka-Sabaka-Sak tarzida sharhlab, nechundir o'ta g'ayri ilmiy farazlar o'rtaga tashlanadi. Jumladan, «Avesta»da Spaa birikmasi uchraydi. Bu esa aspa-otning buzilgan shakli, chunki keyingi so'zda old- «a» unlisining tushishi (prokopa hodisasi) ro'y bergan. Chag'onrud va Chag'oniyonning «Alpomish»ga daxli bo'lganidek, Rustam rivoyatlarining sarchashmalari ham aynan shu zamin bilan bog'liqligi yanada maroqlidir. Firdavsiy «Shohnomasi»da Rustamning Barzu bilan jangi hikoya qilinadi, nihoyat Rustam raqibi Barzuning o'z nevarasi ekanini biladi. Demak Barzu pahlavon Suhrobning o'g'li ekan, Barzu nomi Alp Banzi Buyra (Alpomish)ga ancha uyqash. Barzu-Banzining (Barzu-nomi ayrim joy nomlarida saqlanib qolgan, Samarqand atrofidagi Talli Barzuni-barzutepani eslash kifoya) Sheruya ismli onasi bo'lib, bu ayol asli Boysun elatidan ekan. Demak, nafaqat «Alpomish» turkum dostonalarining, balki «Rustam» dostoni silsilasining paydo bo'lishi va shakllanishi Surxon vohasi zamini ila uzviy bog'liqliklar kasb etadi. To'g'ri Rustamning vatani Seyiston va uning yana bir so'lim go'shasi Zobuliston deyilsa-da, u haqdagi rivoyat-afsonalarning ilk kurtaklari Surxon zaminida yo'g'rilgan ekan. Xalqda shunday rivoyat yuradi, Rustam va uning o'g'li Suhrob o'rtasidagi jang, aynan, Surxon sohillarida ro'y beradi. Ota-bola bir-birini tanimaydi, Rustam kurashda bexosdan o'g'li Suhrobni qattiq yarador qilib o'ldirib qo'yadi. Ota o'z o'g'lini tanib qolgach, uning ohu fig'oniga, alamiga na olam, na odam bardosh berolmaydi, ammo vaqt o'tgan edi. Suhrobning qonlari daryoga quyiladi va shundan buyon daryo Suhrob-Qizil suv (qon suv) deb atalib ketgan ekan. Bu bir rivoyat, biroq har bir rivoyat zamirida haqiqat bor. «Bahr al asror» («Sirlar dengizi») asarining muallifi Mahmud ibn Vali (XVII asr) Chag'oniyon haqida ajoyib fikrlar bayon etadi: «Sag'oniyon-Movarounnahrning katta viloyatlaridan... Termizning shimolida, Kesh va Samarqandning janubida joylashgan. Jayhunga quyiladigan ko'pchilik daryolar shu viloyat ichidan oqadi, uni Chag'oniyon ham deyishadi. Hozirda u Hisor nomi bilan mashhur, chunki uning markazi Hisori Shodmon shahridir. Hisori Shodmon shunday bir mustahkam qal'aki, u tog'ning eng balandida qurilgan, uni Taxmuras bino qilgan ekan». Taxmuras-eroniy peshdodiylar sulolasidan chiqqan ikkinchi shoh, «Avesta»da Taxmurapay tarzida uchraydi, keyinchalik Taxmuras, Taxmrus, Taxmras, Taxmtan shaklini oladi. Biz yuqorida «Rustami doston», Rustam va uning o'g'li Suhrob bilan bog'liq fikrlar aytdik, Rustam nomi «Avesta»da yo'q, farazlarga ko'ra Taxmuras shu Rustam emish. Taxmuras ismi tarkibidagi Taxm qismi qadimiy pahlaviychada: katta-ulkan-ulug'-kuchli-quvvatli, Ras yoki Rus (Taxmras-Taxmrus) qismi: qad-qomat-tan-jussa ma'nolarini anglatadi. Taxmras-Taxmrus asta-sekin parfiyon va so'g'diy tillarida Rastaxm-Rustaxm bo'lib ketgan, bu «Bahman yasht»dagi Rotastaxmning aynan o'zidir (Mallayev N.M. O'zbek adabiyoti tarixi.-Toshkent. «O'qituvchi», 1976-B. 53). Demak Taxmrus-ulkan qomatli, alp qomatli, Rotastaxm-Rustaxm (eng so'nggi shakli Rustam) qomati alp degani ekan. Ko'rinadiki, Taxmrus (qomati ulkan) va uning teskarisi Rustaxm (ulkan qomat)da ham xuddi Obi surx (suv qizil)-Surxob (Surxon-qizil suv) singari talaffuz o'zgarishlari sodir bo'lgan. Chag'oniyon amirlari. Chag'oniyonda X asrning oxiri X1 asrning birinchi choragida amirlar sulolasi hukmronlik qiladi hamda bu sulolaga Amir al Muhtoj degan shaxs asos solganligi bois sulola uning nomi bilan Muhtojiylar sulolasi deb yuritiladi. Al-Muhtojning ismi sharifini bilmaymiz, yozma manbalarda uning nomi nari borsa, Amir al-Muhtoj Chag'oniy shaklida bitilgani uchrab turadi, xolos. Aftidan, Muhtojiylar sulolasi somoniylarga oilaviy yaqin bo'lgan, Ismoil Somoniy (hukmronronligi 892-907 yillar)ning o'zi ham Muhtojiylar xonadonini qo'llab-quvvatlagan. Chunki Ismoil Somoniy manblarining guvohlik berishicha, Termiz atrofidagi Somon qishlog'idan ekan va hatto Termiz shahri ma'lum muddat bekorga shahri Somon deb nomlanmagan bo'lsa kerak. Qolaversa, mamlakat hukmroni Ismoil Somoniy (tavalludi 849 yil) tez-tez Termiz va Chag'oniyonga tashrif buyurib turgan va uning Mahsuma (asli Mohisiymo) ismli qiziga Termiz sayyidlarining asoschisi Hasan al Amir (865 yildan Termizda yashay boshlagan)ning o'g'li Sayyid Amir Abdulla uylanadi. Hasan al Amir hazrat Ali va Bibi Fotima avlodlaridan bo'lib, uning otasi Amir Husayn, bobosi esa Jaf'ar al-Hujjat Madina hokimi lavozimida faoliyat ko'rsatgan. Jaf'ar al-Hujjatning otasi Amir Ubaydulla hatto xalifa al-Mansur (754-755) davrida xalifa deb e'lon qilinadi. Amir Ubaydullaning otasi Husayn al-Asqar, bobosi esa Ali nomida yuritilgan, Alining otasi hazrat Ali va Bibi Fotimalarning farzandi Husayndir. Husayn so'nggi Sosoniy shohi Yazdigurdning qiziga uylanadi va bosh farzandlariga hazrat Ali ibn Abu Tolib sharafiga Ali deb ism qo'yadilar. Termizlik sayyidlarning shajarasi Hasan al-Amirdan ibtido topadi va bu shajara avlodlari hazrat Ali hamda Bibi Fotimaning davomchilaridir. Demak Hasan al-Amir ibn Amir Husayn ibn Jaf'ar al-Hujjat ibn amir Ubaydulla ibn Husayn al-Asqar ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib Termiz sayyidlari shajarasining bosh ajdodlari qatorida turadi. Qisqasi, Ismoil ibn Ahmad ibn Asad ibn Somon (hukmronligi 892-907 yillar) va Hasan al-Amir quda-andachiligi hamda Sayyid Amir Abdulla va Mahsumadan tarqalgan avlodlar endilikda sayyid emas, balki xudovanzoda laqabi bilan atala boshlaydi. Chag'oniyon amirligining Somoniylar saltanati (875-999 yillar)dagi nufuzi g'oyatda katta bo'lib, bu suloladan chiqqan amirlar aksar Xuroson noibligini bajargan. Chunonchi, Chag'oniylar sulolasining ajoyib bir vakili Abu Bakr 930-939 yillar Chag'oniyonni boshqargan va ayni zamonda u 933 yildan e'tiboran Xuroson noibi ham edi. Bu degani, Somoniylar saltanatining teng yarmi uning tasarrufida ekanini anglatadi va katta huquq, ulkan imtiyoz noib ixtiyorida bo'lgan. Chag'oniylar sulolasining asoschisi Muhtoj Chag'oniy hisoblanadi, biroq u amirlik qilgan davr sanalari hozirga qadar noaniq qolib kelmoqda. Xuddi shu sulolaga mansub Tohir Chag'oniyning ismi-sharifi «Ash'ori hamasroni Rudaky»da to'liq keltiriladi: Amir Abu Yahyo Tohir ibn Abul Abbos Fazl ibn Abu Bakr Muhammad ibn Abu Said Muzaffar ibn Muhtoj Chag'oniy. Ana shu orqali Abu Bakrning ismi Muhammad ekani va Abu Said Muzaffar uning padari buzrukvori ekanini bilib olamiz. Ayni paytda sulola asoschisi Muhtoj Chag'oniy biz so'z yuritayotgan Amir Abu Bakr Muhammadning bobosidir. Abu Bakr Muhammad 930 yili Chag'oniyonda hukmronlikni boshlagan bo'lsa, tabiiyki, ungacha Chag'oniyonni uning otasi Abu Said Muzaffar hamda bobosi Muhtoj Chag'oniy boshqargan va ular hukmronligi sanalarini 900 va 930 yillar orasidan izlagan ma'qul. Demak sulolaning ibtidosi 900 yillar bilan bog'liq va bu sulola hukmronligi X1 asrning 30-yillarigacha davom etgan. Zero, Chag'oniylar sulolasining biz bilgan oxirgi vakillaridan biri Faxr ud-Davla 1010-1018 yillar Chag'oniyonda amirlik qilgan Abu Bakr Muhammaddan so'ng Chag'oniyon amirligi mashhur Abu Ali Chag'oniyga tegadi, u Abul Abbos, ya'ni Tohir Chag'oniyning otasi bilan aka-uka. Xulosa, Abu Ali va Abul Abboslar Abu Bakrning o'g'lonlari va Chag'oniyon amirligi Abu Aliga ota meros ekan. Abu Ali Chag'oniyonni 939-952 yillar davomida boshqaradi va 945 yilgacha Xuroson noibligini bajaradi, boisi 945 yilga kelib Amir Nuh ibn Nasr (943-954 yillar) uni Xuroson noibligidan chetlatadi. Oqibatda 947 yilgi mash'um voqea, ya'ni Nuh ibn Nasrning Buxorodan Samarqandga quvilishi sodir bo'ladi, Abu Ali bo'lsa ma'lum muddat Buxoroni Nasrning amakisi Ibrohim ibn Ahmad qo'lida saqlanishini ta'minlab turgan. Abu Alining Nuh ibn Nasrga qarshi isyon ko'tarishi ko'p jihatlari bilan uning Xuroson noibligidan chetlatilishiga borib taqaladi. Nuh ibn Nasr, nihoyat 952 yilga kelib Abu Ali Chag'oniyni qayta Xuroson noibligiga tayinlashga majbur bo'ladi. Abu Ali o'z navbatida Chag'oniyon amirligini o'g'li Abu Mansur Nasrga topshiradi va o'zi, asosan, Xuroson noibligi yumushlari bilan mashg'ul bo'ladi, Abu Ali 955 yili Xurosonda tarqalgan vabo kasalidan vafot etadi. Abu Ali Chag'oniy va Nuh ibn Nasr mojarolariga mabodo yana qaytadigan bo'lsak, shu narsa oydinlashadiki: Nuh ibn Nasr davriga kelib mamlakatda alg'ov-dalg'ov hodisalar, ziddiyatli voqealar kuchayib ketadi. Nuh ibn Nasrdan norozi bo'lgan qo'shin va lashkar, ayniqsa qo'shin boshliqlari o'rtasida pala-partishlik sezilarli tus oladi, shu kezlarda Chag'oniyon amiri va Xuroson noibi Abu Ali nechundir Amir Nuh ibn Nasrga qarshi isyon ko'taradi. Ana shu isyondan foydalangan Nuh ibn Nasrning amakisi Ibrohim ibn Ahmad Buxoroni egallagan va Abu Ali qo'shinlari yordamida Somoniylar taxtiga ega bo'ladi. Ammo Ibrohim ibn Ahmad taxtda uzoq turolmaydi, sababi Abu Ali qo'shinlari shahar ahlining ma'lum noroziliklari tufayli Buxoroni tashlab chiqib ketadilar. Shundan so'ng Nuh ibn Nasr Buxoroga qaytadi, (bungacha Nuh Samarqandda bir oz turgan edi), taxtni qayta qo'lga kiritib, birinchi galda isyonchi qarindosh-urug'larini jazolashga hukmi oliy beradi. Abu Ali Chag'oniyning markaziy hokimiyat bilan kurashi va nizolari davom etaveradi, ikki o'rtada tuzilgan bitim va shartnomalarda Nuh ibn Nasr hatto Chag'oniyon hokimi Abu Aliga ko'p masalalarda yon bosishga majbur bo'lgan edi. Bu kelishmovchiliklar Nuh ibn Nasr vafotidan so'ng uning o'g'li Abdumalik (954-961) zamonida ham o'z asoratini yo'qotmagan edi. Abu Ali Chag'oniy va Nuh ibn Nasr oralaridagi janjal hamda jangu jadal o'z vaqtida o'sha davr tarixchilari tomonidan tarix sahifalariga bitilgan edi. Jumladan, X asrning birinchi yarmida yashab o'tgan iste'dodli tarixchi an-Narshaxiy o'zi(899-960 yil)ning «Tarixi Buxoro» (943-944 yillar arab tilida yozilgan, bizgacha asarning fors tilidagi tarjimasi yetib kelgan) nomli asarida xuddi shu voqealarni ushbu tarzda bayon etadi: «Amir Hamid (ya'ni Nuh Nasr) uch yuz o'ttiz birinchi (331-943) yili sha'bon oyining avvalida (10 aprel kuni) podshohlik taxtiga o'tirdi. Amiri Sa'id (baxtli) vafot etgach, (ya'ni Nuh ibn Nasrning otasi Nasr ibn Ahmad hukmronligi 914-943 yillar) podshohlikni talab etuvchilardan har bir kishi bir joyda qaror topdi. Amiri Hamid (maqtalgan) Buxorodan chiqib Nishopurga keldi. Abu Ali Isfahoniy Nishopurga amir edi. Amiri Hamid Nuh ibn Nasr lashkar yuborib, uni qo'lga oldirdi, o'ziga qarshi kishilarni tarqatib yuborib viloyatlarni tozaladi, Nishopurni Ibrohim Simjurga berdi. Abu Ali Isfahoniy o'ziga: «Men uning podsholigini barqaror qildim, u esa viloyatni boshqa kishiga berdi»,-deb o'yladi va Abu Ishoq Ibrohim ibn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniyga: «Buxoroga borib podsholikni ol! Men sen bilan bo'lsam, amir (demak Nuh ibn Nasr) senga qarshi tura olmaydi»-dedi. Abu Ishoq lashkar tortib Amiri Hamid (Nuh ibn Nasr)ga qarshilik oshkor qildi. Amiri Hamid Nishopurdan qaytayotganda Abu Ishoq unga hujum qildi. Ular o'rtasida jang bo'ldi va Amiri Hamid yengilib Buxoroga keldi. Uning ketidan amakisi Abu Ishoq ham Buxoroga keldi va u uch yuz o'ttiz beshinchi yil jumod ul oxir oyida (yanvar 947 yil) butun Buxoro aholisi unga bay'at qil-(hukmdorni o'zlarining ustidan hokim deb tan ol)dilar. Buxoroning hamma minbarlarida Abu Ishoq nomiga xutba o'qidilar. Bir oz vaqt o'tgandan keyin Abu Ishoq o'z lashkari uning o'ziga qarshi yomon niyatda ekanini, uni o'ldirishga qasd qilganini va Amiri Hamidga sadoqat qilganini bilib qoldi va Buxorodan qaytib Chag'oniyonga ketdi». Narshaxiy matnini sharhlashga o'tsak, axborotda g'alizlik bor, masalan, Abu Ali Isfahoniy emas, balki Chag'oniydir, uning Nishopur amiri bo'lgani aniq emas, lekin u Xuroson noibi edi. To'g'ri Xuroson noiblarini Nishopur amiri deyilishiga bois, o'sha kezlarda Xuroson mintaqasining ma'muriy markazi Nishopur edi hamda Xuroson noibi va Nishopur amiri atamalari sinonim sifatida ishtlatilgan. Abu Ali Chag'oniy hatto Nasr ibn Ahmad hukmronligi (914-943 yillar)ning oxirgi yillari ham Xuroson noibi bo'lgan ko'rinadi. Darhaqiqat, Abu Ali bilan Nuh ibn Nasr (943-954 yillar) yoki Abdumalik (954-961 yillar) o'rtasidagi ziddiyatlar undan ham oldinroq boshlanganini taxmin etish mumkin. Chunki Abu Alining otasi Abu Bakr 939 yili olamdan o'tadi, u 930-939 yillar oralig'ida Chag'oniyon hokimi edi. Abu Bakr 933 yildan boshlab Nasr ibn Ahmad (914-943 yillar) ning xohish-irodasi bilan Xuroson noibi vazifasini ham bajara boshlaydi. Abu Bakr vafoti (939 yil)dan so'ng Chag'oniyon hokimligi va Xuroson noibligi uning o'g'li Abu Ali Chag'oniy zimmasiga yuklandi. Xuddi shu voqealar Nasr ibn Ahmad (914-943 yillar) davrida ro'y bergan va Abu Ali Chag'oniy 945 yilga kelib, ya'ni Nuh ibn Nasr (943-954 yillar) zamonida Xuroson noibligidan chetlatildi. Demak, Abu Alining isyoni, noroziliklari, asosan, Nuh ibn Nasr zamoniga to'g'ri kelar ekan. Ana shu o'zaro kelishmovchiliklar 945 yildan 952 yilgacha va hatto undan keyin ham davom etganini gumon qilish mumkin. Abu Ali Chag'oniy 952 yili qayta Xuroson noibligiga tayinlanadi, bu Abu Alining Somoniylar saltanati siyosiy maydonida ustuvor maqomga egaligini namoyish etadi. Bundan tashqari, Abu Alining siyosiy maydondagi obro'yi Abdumalik amirligi (954-961) yillari ham davom etganligi muqarrar haqiqatdir. Abu Ali Chag'oniy 945 yilda Xuroson noibligidan chetlatilgani haqida aytib o'tdik, ana shu kezlar Abu Ali o'z inisi Abul Abbos Fazlni Jabal viloyati (Tus, Ray, Shirvon tomonlar)ga hokim etib tayinlaydi. Jabal arabcha tog' demakdir, bu mintaqalar hozirda Kuh(tog')iston (Dog'istonni eslang) deyiladi. Gerodotning guvohligicha, qadimda bu zaminda paretaken (parata-paurat-par-sanskritchada tog'dir) qabilalari yashagan. Shunday qilib yana Abul Abbosga qaytsak, u o'z og'asi Abu Ali hukmiga teskari Jabalga bormay, Buxoroga borgani va Nuh ibn Nasr unga Shosh hokimligini berganidan xabardormiz. Aftidan Nuh ibn Nasr og'a-inilarning o'zaro ixtiloflaridan o'z manfaati yo'lida foydalanishga harakat kilgan. Bu voqealardan so'ng Nuh ibn Nasr va Abu Ali ixtiloflari g'oyat jiddiylashadi, Abu Ali 946 yili Nasrga qarshi jangga kiradi, birinchi galda Xuroson noibligiga yangi tayinlangan Nishopurdan Ibrohim binni Simjurni haydab yuboradi. Keyin katta qo'shin bilan Amudaryodan o'tib Buxoroni bosadi, Nasr Samarqandga qochadi, Abu Ali esa Amir Nasrning amakisi Ibrohim ibn Ahmad nomiga xutba o'qitadi. Abu Ali 946 yilning dekabridan 947 yilning martigacha Buxoroda turadi, ammo Buxoro aholisining noroziligi sabab u Chag'oniyonga qaytishga majbur bo'ladi. Nihoyasi ko'rinmagan bu kurashlar 948 yilning dekabr oyida sulh tuzish bilan to'xtaydi, sulhga ko'ra Chag'oniyon hokimligi Abu Aliga qoladi. Buning evaziga Abu Ali Chag'oniyning o'g'li Abul Muzaffar Abdulloh ibn Ahmad garovga olinadi, Buxoroda Abul Muzaffar hurmat bilan qarshilanadi. Bu orada Abu Ali va Amir Nuh ibn Nasr (943-954) munosabatlari ancha iliqlashadi. Ana shu voqealar aloqador xabarlar Gardiziyning «Zaynul axbor» asari(1050yil)da ham keltiriladi, aytilishicha, garovga olingan Abulmuzaffar Buxoroda baxtsiz tasodif tufayli otdan yiqilib o'ladi. Bu baxtsiz hodisa munosabatlarga sovuqlik solmagan ko'rinadi, Abul Muzaffarning jasadi Chag'oniyonga olib kelinadi va dafn etiladi. Abulmuzaffar vafotidan ikki oy muhlat o'tgach, Xuroson sipohsolorligi qayta Abu Aliga tegadi, Chag'oniyon va Termiz amirligi Abu Alining o'g'li Abu Mansur Nasr ibn Ahmadga beriladi, ushbu hodisalar 952 yilda sodir bo'ladi. Voqealardan ayonki, Nuh ibn Nasr ilojsiz Abu Alini takror Xuroson noibligiga tiklaydi, Abu Ali Xuroson mulkida tartib-intizom o'rnatadi. Abu Ali tufayli Somoniylar davlatiga qarshi harakatlar qilayotgan Buvayhiylar bilan tinchlik bitimi amalga oshiriladi. Negadir bitim yangi hukmron Abdumalikni (954-961) qoniqtirmaydi va u Abu Alini Xuroson noibligidan oladi, natijada Abu Ali g'azablanib Buvayhiylar ko'magida Abdumalikka qarshi g'alayon ko'taradi va o'z nomini xutbaga qo'shtiradi. Abdumalik 954 yili Abu Aliga qarshi yirik qo'shin yuboradi, lashkarga Xuroson noibligiga endi tayinlangan Bakr binni Malik bosh edi. Bu orada Abu Ali Xurosonda tarqalgan vabo kasalidan 955 yili o'ladi, Somoniylar va Buvayhiylar o'rtasida sulh tuzilgach, Abu Ali jasadi Chag'oniyonga olib kelinadi hamda dafn etiladi. Buvayhiylar sulolasiga Eron shohlari naslidan bo'lgan Buvayh ismli kimsa asos solgan, u 930 yili Somoniylarga bo'ysunishdan bo'yin tovlab ularga qarshi janglar olib boradi. Abu Ali Chag'oniyning o'g'li Abu Mansur Nasr Chag'oniyonni 952 yildan 976 yilgacha boshqaradi, keyin Chag'oniyonda Abul Qosim al Hasan ibn Ahmad hukmronligi boshlanadi. Abul Qosim al Hasan asli Abu Mansur Nasrning inisidir, u taxminan 976 yildan 986 yilgacha Chag'oniyonda amirlik qilgan. 986-987 yillar Chag'oniyonni Guzgon (hozirgi Juzjon) amiri Abul Xoris boshqaradi, shundan so'ng Chag'oniyon amirlari taxtiga Tohir Chag'oniy keladi va u 987-992 yillar hukmron bo'ladi. Shu tariqa 992-1010 yillar Abul Muzaffar Chag'oniy va 1010-1018 yillar Faxr ad Davla Ahmad binni Muhammad hukmronligi yuz beradi. Adabiyot va she'riyat. Chag'oniyonda X-XI asrlarda ilm-fan ancha yuksaladi, bu davrda yetishib chiqqan olimu fozillar yurtimiz ilmi rivojiga hamda fan ravnaqiga cheksiz ulush qo'shganlar. Ular nafaqat o'z ona zaminida, balki dunyoning turli chekkalarida ham ilm rivoji yo'lida xizmat qiladilar. Abu Bakr as-Sag'oniy (IX asr), Ahmad as-Sag'oniy (X asr), Abu Hamid as-Sag'oniy (X asr) va boshqalar ayni Chag'oniyon ilmiy muhitida nash'u namo topgan olimlar sirasiga kiradi. Abu Bakr as-Sag'oniy. Bu allomai zamon haqida ma'lumotlar juda kam, taxallusidan uning Chag'oniyondan ekanini bilamiz, xolos. Manbalarda Abu Bakr as-Sag'oniy xususida bildirilgan fikrlar ko'proq buyuk muhaddis Abu Dovud Sulaymon (817-888) bilan bog'liq holda bayon etiladi. Chunki Abu Bakr as-Sag'oniy buyuk muhaddis Abu Dovud Sulaymonning «Sunan» kitobi haqida so'z yuritib, ushbularni naql qilgan ekan: «Dovud alayhissalom uchun temir Olloh taolo tomonidan mumday yumshatilgan bo'lsa, hadis ham Abu Dovud Su: laymon uchun xuddi shu xilda qulay holga keltirilgan emish». Afsuski, bu fikrlar as-Sag'oniyning qaysi asaridan olingani noaniq, ammo shuning o'zi allomaning IX-X asrlarda yashab o'tgani va yetuk olim, ayniqsa, muhaddisshunos ekanini anglashga kifoya qiladi. Ahmad ibn Muhammad as-Sag'oniy asli chag'oniyonlik, shu yerda tavallud topib, ilk bilimini o'z ona yurti Chag'oniyonda oladi. So'ngra u o'qishini o'sha davrning ulkan maskanlari hisoblanmish yirik shaharlar Buxoro va Samarqandda davom ettiradi. Ahmad as-Sag'oniy 998 yildan boshlab o'z ilmiy faoliyatini Abu Saxl Kuhiy rahbarligidagi Bag'dod observatoriyasi bilan bog'laydi. U yirik munajjim va jo'g'rofiy olim bo'lishi barobarida, Beruniyning aytishicha, o'z ustozi Abu Saxldan keyin buyuk yulduzshunos sifatida e'tirof topgan ekan. Abu Hamid Usturlobiy as-Sagoniy - yetuk munajjim, falakiyot ilmida betaqqos olim, usturlob (osmonni kuzatadigan) asbobi ixtirochisi. Abu Hamid as-Sag'oniy 980-900 yillarda olamdan o'tgan, demak, allomaning tug'ilgan zamoni X asr boshlari bilan bel-galanadi. Beruniy o'zining «Al osor al-boqiya» asarida Ahmad Sag'oniy va Hamid Sag'oniylar haqida iliq fikrlar izhor etadi. Sag'oniy (Chag'oniy) - lug'atshunos olim, tarjimai holi aniq emas, ismi-sharifi Raziuddin (ba'zan Raziyiddin) Abul Fazl al-Hasan ibn Muhammad ibn al-Hasan al Chag'oniy ekanligi ma'lum. Manbalarda olimning 1181 yili Lohurda tug'ilgani va 1252 yili Makkada vafot etganligi qayd etilgan. U ko'p yillar Lohurda Bag'dod xalifalarining yalovochi sifatida faoliyat yuritadi, umrining oxirgi yillari Bag'dodga qaytadi, nihoyat Makkaga haj safarida bo'ladi va o'sha yerda olamdan o'tadi. Taxallusidan ota-bobolari asli chag'oniyonlik ekani muqarrar bo'lgan bu olim fors-tojik lug'atshunosligining asoschilaridan, u arab leksikogorafiyasi rivojiga munosib hissa ko'shgan olimlardan. Keyingi asr fors-tojik lug'atshunosligidagi yangi yo'nalishlar ko'p jihatlari bilan Sag'oniy ilmiy faoliyati an'nalariga borib taqaladi. Sag'oniyning o'n ikki jildlik «Majma' al-bahrayn» («Ikki dengiz majui») va yigirma jildlik «Al ubob uz-zohir va-l lubob ul-foxir» («Yuksak to'lqin va ochiq o'zaklar») hamda bir necha jildni o'z ichiga oluvchi «At-takmila va-z-zayl va-s-sila» («To'ldiruvchi, qo'shimcha va izohlar») nomli lug'atga doir ilmiy kitoblari mavjud. Sag'oniy asarlaridan Firuzobodiy (XIV asr) o'zining «Al qomus» lug'atini yaratishda samarali istifoda etgan bo'lsa, Yusuf Mag'ribiy va boshqa qator olimlarning lug'atshunoslik faoliyati Sag'oniy ilmiy merosi ta'sirining natijasi o'laroq rivoj topdi. «Hudud al-olam» asari haqida. Akademik E. V. Rtveladze o'zi tuzgan Chag'oniyon amirlari sulolasining tadrijiy silsilasi tarkibida Abu Xoris Muhammad ibn Ahmad ibn Farig'unning nomini ham ilova qiladi va uning Chag'oniyonda 987-990 yillarda hukmronlik qilganligini ko'rsatadi. Asli Guzgon (Juzjon) amiri bo'lgan Abul Xoris Chag'oniyon taxtiga Abul Qosim al-Hasan ibn Ahmad (976-988 yillar)dan so'ng chiqqan va bu 988-989 yillarga to'g'ri keladi. Abul Xoris ilm ahli va nazm sohiblariga ko'p e'tibor bergan ko'rinadi. Masalan, muallifi noma'lum «Kitob hudud al-olam milal Mashriq ilal Mag'rib» («Sharq va Rarb mamlakatlari chegaralari haqida kitob») asari uning nomiga atab (983 yili fors tilida) yozilgan. «Hudud al-olam» Yaqin va O'rta Sharq xalqlarining durdona yodgorliklaridan biridir. Xususan, unda bizning vohamiz bilan bog'liq jug'rofiy hududlardan Amudaryo, Chag'onrud, Chag'oniyon, Termiz va Balx, Toxariston, Xatlon, Vaxsh, Qabodiyon haqida qiziq ma'lu-motlar beriladi. «Hudud al-olam»da Chag'oniyon xususida ushbular bitilgan: «Chag'oniyon - qishloq xo'jaligi uchun qulay va keng joy. Iqlimi muloyim, zamini durust, suvlari ovqatni tez hazm qildiradi. Bu yerda otlar boqiladi, yung gazlama, gilam, sholcha ishlanadi. Bu viloyatning poytaxti Chag'oniyon shahridir, tog' etagida bino bo'libdir. Oqar suvlari bor». Abu Ali Husayn ibn Ahmad as-Sallomiy. U taxminan X asrda yashab ijod etgan, umuman X asr allomasi. Chag'oniyon amirlari saroyida mulozimlik qilgan shoirlardan biri, u yirik olim hamdir. As-Sallomiy dastlab faoliyatini Abu Bakr Muhammad Chag'oniy (930- 939)ga xizmat qilishdan boshlaydi, so'ngra xizmatni Abu Ali Ahmad Chag'oniy (939-952) qoshida davom ettiradi. Ham shoir va ham olim Sallomiy haqida manbalarda bitilgan mavjud xabar va ma'lumotlar ancha uzuq-yuluq va ziddiyatli jihatlarga ega. As-Saolibiy (961-1038)ning axboroticha, as-Sallomiy Nishopurdan bir oz narida joylashgan Bayhaq viloyatidan. As-Sallomiy mashhur olim va iste'dodli shoirgina bo'lib kolmay, balki o'z davrining yetuk kotibi ham edi. O'tmishda kotiblik san'ati keng rivoj topgan bo'lib, kotiblik juda ulkan qadrlanardi. Ayni zamonda kotib va xattot davrining so'z san'atkori ham hisoblangan, chunki shohlarning shohlarga maktublarini ular amalga oshirganlar. Bu o'ta mas'uliyatli ish bo'lib, maktubda e'tiborsizlik bilan ishlatilgan har qanday so'z yomon oqibatlarga olib kelishi muqarrar bo'lganidek, har qanday yaxshi so'z, yaxshi ibora, yaxshi ifoda munosabatlardagi g'uborlarni tarqatishga yordam ham berar edi. As-Sallomiy Chag'oniyon amirlari Abu Bakr (930- 939) va Abu Ali (939-952) saroyida maktublar devonini boshqargan. Abu Ali uning tarixdan yaxshigina xabardorligini sezgach, unga Xuroson tarixini raqam qilishni topshiradi. Bu asar «Kitob at-tarix fi-axbor vulot Xuroson» («Xuroson hukmronlari tarixi haqida kitob») deb atalib, 955 yilda yozib tugallangan, taassufki, asar bizning zamongacha yetib kelmagan. Ammo as-Sallomiyning zikr etilgan asari keyingi asr tarixchilarining ko'plari uchun muhim manba sifatida xizmat qilgan. Bular ichida as-Saolibiyning «Yatimat ad dahr» («Zamona yagonalari», 1017), Gardiziyning «Zaynul axbor» («Xabarlar ziynati», 1050), Ibn Asirning (1160-1234) «Al komil fit torix» («Mukammal tarix») va yana ko'plab boshqa tarixiy asarlar as-Sallomiy asaridan foydalanib yaratilgan. Yetuk bilim sohibi as-Sallomiy yana qator ajoyib asarlarning muallifidir, jumladan «Kitob va natf va az-zarf» («Hikmatli so'zlardan namunalar»), «Kitob al misboh» («Chiroq haqida kitob») va «Kitob as-sor» («Tasdiq haqida kitob») shular jumlasidandir, lekin bu asarlar ham bizning zamongacha yetib kelmagan. As-Sallomiydek davrining yetuk tarixchisi, mashhur xushnavisi, iqtidorli shoiri Chag'oniyon amirlari saroyida tarbiya topganligi muhim jihatlarga ega. Abul Qosim Ali ibn Muhammad al-Iskofiy. Yetuk xattot, yirik xushnavis va tengi yo'q so'z ustasi al-Iskofiy aslida Nishopur shahridan. U ijodiy faoliyatini Abu Ali Chag'oniy xizmatida boshlaydi. Al-Iskofiy shoir va o'z davrining fozil kishisi edi, uning haqida tarix kitoblari sahifasida ko'plab latifanamo voqealar hikoya qilinadi. Al-Iskofiy chiroyli yozish san'atini mukammal egallagani sababli Abu Ali Chag'oniyning maktublar devonida rahbarlik qiladi. O'zaro munosabatlardagi ma'lum beqarorliklar tufayli Abu Ali Chag'oniy va Buxoro amiri Nuh ibn Nasr Somoniy qo'shinlari 947 yili Jurjon (asli Gurgon)da to'qnashadilar. Jangda Abu Ali Chag'oniy yengiladi, bunga sabab Abu Ali tomonida turgan ayrim lashkarboshilarning sotqinligi va beqarorligi oqibatida bu mash'um voqea ro'y beradi. Abu Alining ko'p odamlari asirga olinadi, shular orasida al-Iskofiy ham bor edi. Shundan e'tiboran buyuk xattot Iskofiy faoliyati Nuh ibn Nasr (943-954) va Abdumalik (954- 961) bilan bog'lanadi va u Buxoroda yashay boshlaydi. Buyuk xushnavis, iste'dodli shoir va bemonand so'z san'atkori al-Iskofiy 955-956 yillarda vafot etadi. Al-Iskofiy haqida «Yatimat ad-dahr»da ushbular bitilgan: «U Xurosonning tili, g'ururi, ko'zi va yagona kishisi edi. U kotiblik va balog'at (so'z ilmi)da Xurosonda birdan-bir kishi bo'lib, ilm va san'atda tengi yo'q edi». Muhimi, Iskofiy o'z qobiliyatini Chag'oniyonda kamolga yetkazadi va dovrug'i chor atrofga yoyiladi. Al-Iskofiy bitgan maktublarda ishlatgan so'zlar va iboralar xikmatlarga aylanib el orasiga tarqalgan. Mana, ulardan namunalar: «Zamon beqaror, u doimo o'zgaruvchan, undagi ishlar ham aylanib turadi»; «Yaxshi axloqni harakat voyaga yetkazadi, mevani esa daraxt yetishtiradi»; «Minnatdorlik rohatni ko'paytiradi, vafodorlik yaxshi mukofot garovidir»; «Yoshlik g'ururi shavq uyg'otmasin va soxta ishonchlar seni rag'batlantirmasin»; «Kimning yo'ldoshi kibru havo bo'lsa, u qush singari tuxum tug'ishi va chinqirishi mumkin»; «Kimning oldida sher ojiz bo'lsa, u sakraydi va yuqori ko'tariladi». Iskofiy shoirlikda ham iqtidorini namoyon etgan va bu borada Buxoroning talabchan she'riyat muxlislari diqqatini tortgan edi. «Yatimat ad-dahr»da Iskofiydan yigirma bir bayt she'r berilgan. Iskofiy arab tilida she'rlar yozgan. Uning arab tilidagi bir she'rida atir idishi xususida gap yuritiladi va shoirning benihoya nozik tavsiflar hamda ta'riflarni topishdagi san'atiga qoyil qolasiz: Sirtimda zebolik urar barq, Ichkarida xushbo'y hid etar g'arq. Yarmim tanam nasibasin tatir, Yarmim to'kis va tugal atir. Biz yuqorida as-Sallomiy zikridagi xabar va axborotlar uzuq-yuluqligini aytdik, bu holat Iskofiy tarjimai holiga ham taalluqli. Masalan, Nizomiy Aruziy Samarqandiy «Chahor maqola» (1156)da al-Iskofiyning Nuh ibn Mansur (976-997) xizmatida bo'lganini aytadi, vaholanki, al-Iskofiy 956 yilda, ya'ni Nuh ibn Mansur taxtga chiqish (976 yil)dan yigirma yil burun olamdan o'tgan edi. Nuh ibn Mansur aslida Nuh ibn Nasr (943-954)ga chevaradir. Samarqandiyning chalg'ishi masalasiga kelsak, «Chahor maqola» asari al-Iskofiy vafoti (956 yil)dan ikki yuz (1156) yil so'ng yaratilganiga e'tibor berishga to'g'ri keladi. Iskofiy vafoti Buxoroda katta motamga aylanadi, uning o'limi munosabati bilan ko'plab marsiyalar bitiladi. Shunday marsiyalardan biri shoir Abu Nasr al-Xuzaymiy al-Abivardiy qalamiga mansub. Quyida uning arabcha mazmunidan parcha keltiramiz: Risolalar devoniga qara, u yo'q endi, Devondagi qalam va daftar egasiz qoldi. Bu hodisa chegara shahrini tashlab Ketgan qo'riqchi yoki davosiz dardga o'xshaydi. Unga o'z xati va notiqligi qayg'uda yig'lasin, Boisi xatni bezagan o'ldi- Notiqlik sehrgari dunyodan o'tdi. Demak, Iskofiy o'z davrining eng ulug' kishilari safida turgan, u o'zining mehnati, zahmati tufayli katta obro'-e'tibor qozongan. Chag'oniyon adabiy muhiti ko'p jihatlari bilan ajralib turadi. Fors-tojik adabiyotining peshqadam shoirlaridan Daqiqiy va Farruxiylar o'z ijodiy yo'llarini Chag'oniyon bag'rida, ayni shu tuproqda boshlaganlar. Chag'oniyon amirlari adabiyotga juda qiziqishgan, ular shoirni, she'riyatni, she'rni g'oyat qadrlaganlari bois bu yurtga ko'plab shoirlar tashrif buyurgan. quyida ana shunday shoirlardan ayrimlarining ijodi bilan tanishamiz. Taxoriy. Shoir X asr boshlarida yashagan, u Chag'oniyon shoirlarining sardaftari hisoblanadi, uning taxallusi qadimgi Taxoriston (hozirgi Surxon va Hisor vohalari) nomidan olingan. Ammo ayrim manbalarda shoir taxallusi Taxoviy shaklida ham uchraydi. Aksar olimlar shoir taxallusining Taxoriy shaklini to'g'ri deyishib, ayni shu shaklni maqbul bilishadi, «Farhangi Surury»da ham shu xildadir. Biz shoir nomini imlo va talaffuz qoidalariga amal qilgan holda berishni ma'qul topdik, zero arab alifbosida uning nomi ayni Taxoriy tarzida bitiladi. Shoirdan bizgacha atigi to'rt misra she'r yetib kelgan: Lab-t go'y, ki nimkafga gul ast, - Mai no'sh andar o' nuhuftasty. Zulf go'y zi lab nihozida, Ba gila so'i chashm raftasty. Mazmuni: Labing yarim ochilgan guldir, Unda xush may yashirindir. Zulfing labdan lab burib, Ko'z tomon og'ishga shaylangandir. Misol keltirilgan bu she'rni goho Tayyon Marg'aziyga ham nisbat berishadi. Xullas, manbalarda Taxoriy haqida keltirilgan xabar va ma'lumotlar o'ta darajada bir-biriga qarama-qarshi hamda ziddiyatlidir. Har holda Taxoriy Chag'oniyonda ekanida yurtni Muh-toj Chag'oniy (taxminan 900-920 yillar) boshqarganini faraz qilish mumkin. Ma'rufiy. Chag'oniyonda yashab ijod etgan navbatdagi shoirlardan biri, uning to'liq ismi sharifi ushbu xilda: Abu Abdulla Muhammad binni Hasan Ma'rufiy Balxiy. Shoirning taxallusi Ma'rufiy, uning Balxiy deyilishiga sabab, u asli balxlik. Adib o'z she'rlaridan birida buyuk Rudakiy (858-941)ning muborak suhbatidan bahra olganini aytadi: Az Ro'daky shunidam, sultoni shoiron, K: «andar jahon ba kas magarav, juz ba Fotimy». Mazmuni: Shoirlar sultoni Rudakiydan eshitganim bor: O'zingni Fotimiylardan o'zgaga garovga qo'yma. Fotimiylar ijtimoiy tenglik g'oyalarini ilgari surgan bir oqim va ularning tarafdorlari ko'p bo'lgan. Ammo ular qattiq jazolarga mustahiq etilgan, shu harakatning vakili sifatida Rudakiyning ko'zlariga mil tortilgan. Shundan Ma'rufiyning Buxoroga tashrifini 935-940 yillar oralig'idan izlash lozim, zero, Rudakiy va Ma'rufiy uchrashuvi ayni Rudakiyning alamli yillariga to'g'ri kelishi haqiqatga yaqin turadi. Ma'rufiy amir Nuh ibn Nasr (943-954) davrida va hatto Abdumalik (954-961) zamonida ham Buxoroda bo'lgan ko'rinadi. Ma'rufiy ma'lum fursat Seyistonda ham bo'lgan, uning Chag'oniyondalik kezlari, albatta, Buxoroga tashrifidan oldin ro'y bergan. Uning Chag'oniyonda bo'lishi 925-935 yillarga to'g'ri kelishini taxmin etish mumkin. Ana shu 925-935 yillar Chag'oniyon taxtida Abu Said Muzaffar ibn Muhtoj Chag'oniy (farazan 920- 930 yillar) va Abu Bakr Muhammad ibn Abu Said Muzaffar (930-939 yil)lar hukmron edilar. Ma'rufiyning tavallud va vafoti sanalari noaniq, undan 92 misra she'r saqlanib qolgan. Shoir she'rlaridan ayrim parchalar Umar ur Roduyoniy (XI asr)ning «Tarjimonul balog'a», Shamsi Qaysning «Al-Mo''jam» (1233) asarlaridan va boshqa tazkira hamda bayozlardan joy olgan. Xulosa shuki, Ma'rufiy keyingi umri va ijodini batamom Buxoro bilan bog'laganligi ayon bo'ladi. U X asr boshlarida tug'ilib, shu asrning 70-yillari olamdan o'tgan bo'lishi ehtimol. Ma'rufiyning ayrim she'rlari o'z vaqtida arab tiliga ham tarjima qilingan. Bu birinchi galda Ma'rufiyning shoir sifatidagi e'tirofini isbotlasa, boshqa bir tomondan uning Buxoro adabiy muhitidagi nufuzini tayin etishda qo'l keladi. Ma'rufiydan arabchaga tarjima qilingan she'rlar Saolibiyning «Yatimat ad-dahr» asariga kiritilishining o'zi katta gapdir, chunki har qanday shoirning she'ri ham tarjima qilinavermaganidek, «Yatimat ad-dahr» singari to'plamlarga ham kiritilavermagan. Shunday tarjimalardan biri Ibn al-Muammal degan shoir tomonidan amalga oshirilgan. Uning mazmuni quyidagicha: Bo'lmasa menga sendan saxovat, Tuhfang umidi qalbda qabohat. Sen ham menga o'xshash odamsan, Bil: Odam zotiga bosh egmasman. Qizig'i shundaki, Ma'rufiyning boshqa yana ikkita forsiy ruboiysi bira to'la Abul Hasan Balxiy (vaf. 937) va noma'lum shoir tarafidan arabchaga tarjima etilgan. Bu hodisalar Buxoro adabiy muhitida badiiy tarjima sohasida shoirlar o'rtasida ma'lum o'zaro musobaqa va bahs mavjudligini ko'rsatuvchi holatdir. Shoir va ijodkorlar zikrida gap ketar ekan, shuni taassuf ila aytish joizki, biz shu kungacha Muhtoj Chag'oniy (farazan 900-920), Abu Said Muzaffar (taxminan 920-930), Abu Bakr Muhammad (930-939) hukmronligi kezlari Chag'oniyonda yashab ijod etgan shoirlardan kimlar borligini bilmaymiz, buning uchun esa ko'plab qadimiy manba va sarchashmalarni erinmay o'rganib chiqish zarur. Ammo Abu Ali Chag'oniy davrida Chag'oniyonda yashab ijod etgan shoirlardan ayrimlarini bilamiz. Quyida shunday shoirlardan bir nechtasining hayot yo'li haqida fikr yuritiladi. Abul Husayn Muhammad binni Muhammad al Murodiy Buxoriy. «Yatimat ad-dahr» muallifi as-Saolibiyning yozishicha, Murodiyning Abu Aliga bag'ishlab yozgan qasidalari bor ekan. Abu Ali Chag'oniy 947 yili Buxoroni zabt etganda ko'plab shoirlar unga bag'ishlab qasidalar bitgan, shular qatorida Murodiy qasidalari ham mavjud. Biroq Murodiyning vafoti taxminan 940 yillar ro'y bergan va u Rudakiyning eng sevimli shogirdlaridan biri edi. Rudakiy hatto Murodiy vafoti munosabati bilan dillarni larzaga soluvchi, ko'ngillarni achchiq g'ulg'ulaga cho'lg'ovchi marsiya ham bitadi. Marsiya shunday boshlanadi: Murd Murody na hamono, ki murd, Margi chunon xoja na korest xurd. Mazmuni: Murodiy o'ldi, o'ldi emas so'ldi, Shunday xojaning o'limi, shunchaki ish emas. Demak, Murodiyning Abu Aliga bag'ishlab yozgan qasidasi 938-940 yillarda bitilgan bo'lib chiqadi va bu davr Amir Nasr (914-943) hukmronligi davri edi. O'z-o'zidan ma'lumki, shoir Murodiy Buxoroda turib, Chag'oniyon amiri Abu Aliga qasida bag'ishlay olmas edi. Xulosa shuki, Murodiy taxminan bir oz davr Chag'oniyonda bo'lgan, bu Abu Bakr hukmronligi (930- 939)ning oxirgi yillari va Abu Ali hukmronligi (939-952)ning boshlang'ich yillari bo'lishini faraz qilish mumkin. Lekin voqealarning bundan ham ilgariroq sodir bo'lganini taxmin etish mumkin, buning uchun Rudakiy marsiyasining yozilgan sanasini tayin etish lozim. Rudakiy umrining oxirgi yillarini o'z yurti jonajon qishlog'i Panjrudda o'tkazadi, uning marsiyasi esa Buxoroda yozilgan. Aftidan ushbu voqealar 935-937 yillar oralig'ida ro'y bergan ko'rinadi, u holda yuqoridagi sanalar va adabiyotshunos M.Azimov («Chag'oniyon adabiyoti» haqida so'z», Surxon tongi. 2003. 3 dek.)ning shoir Murodiy amir Abu Aliga atab yozgan qasidasini Xuroson amiri qarorgohi Nishopurga yuborgan degan aqidalari ham o'z-o'zidan inkorini topadi. Abu Ali hali na Chag'oniyon amiri va na Xuroson noibi bo'lmasidan burun ham otasi Abu Bakrga dastyor bo'lib, davlat-idora ishlarida faol qatnashib turgan. Shoir Murodiy bo'lsa Abu Alini u Chag'oniyon amiri bo'lmasdan oldin ham tanigan va bilgan, shoir va amirning do'stligi Chag'oniyonda boshlanib Buxoroda davom etgan. Chunki chuqur falsafiy mushohada tizimida qurilgan, fikran teran, mantiqan mazmunli qasidada bir kun-ikki kun tanish odam tasviri emas, balki uzoq yillik qadrdon ta'rifi ifoda etilgan. Qasida (arab tilida yozilgan)ning mazmunini adabiyotshunos olim M. Azimov (Abu Ali Chag'oniy kim bo'lgan? Surxon tongi. 1997. 4 apr.) matniga suyangan holda keltiramiz: Ilmni ko'p sarflab odamlarni o'rgandim, Lekin sendayini zinhor uchrata olmadim. Senga o'xshaganlar jahonda kam topiladi, Qiliching zarbini, uning dushmanlarga- Sanchilishini aniq ko'rib turibman. Sen tirik ekansan, yo'ldan hech kim adashmaydi, Adashgan tayanchini qilich zarbi yemiradi, Ko'lingdan saxovat va halokat ?g'iladi. Senga bo'ysunmagan omonlik topmaydi, Senga ergashgan esa farovonlik topadi. E'tibor berilsa, qasidada Abu Alining o'z davri uchun nechog'lik ulkan nufuzga ega tarixiy shaxs ekanligi ro'y-rost tavsiflanmoqda. Tarixdan ma'lumki, Somoniylarga barcha amirlar to'da-to'da xiroj to'lasa, Abu Ali Buxoroga Chag'oniyon amirligi nomidan atigi ramziy tuhfalar jo'natib turgan. Murodiy arab va fors-tojik tilida ijod etgan, shoirning she'rlar devoni elaro mashhuru manzur bo'lgan. Murodiy ijod bisotiga taalluqli fors-tojik tilidagi she'rlardan bizning davrimizgacha ayrim namunalargina yetib kelgan. Shoir o'z she'rlarida axloqiy-ta'limiy, ma'rifiy-ma'naviy g'oyalarni tajassum etadi: Az hashamu ganj chy faryodu sud, Marg kunad bar sari tu toxtan. Mazmuni: Boshing uzra o'lim charx urib turganda, Hasham va xazinadan foyda nechun. Basharti, baytning ichki ma'nosiga chuqurroq qarasak, undagi mantiq quyidagicha oydinlashadi: hashamatli hayotdan, erishilgan baxtdan shodlanish befoyda, chunki o'lim haq, o'lim muqarrar. Yuqorida zikr etilgani kabi Abu Ali Chag'oniy 947 yili Buxoroni ishg'ol etganda buxorolik qalam ahlining aksari unga bag'ishlab qasidalar bitgan edi. Shoirlardan Abu Tayyib at-Tohiriy va Abu Ahmad Muhammad ibn Abdulaziz an-Nasafiy qasidalari alohida e'tiborga molik. At-Tohiriy qasidasi mazmunidan 947 yil voqealari bahor (Narshaxiyning xabaricha, voqealar qishda)da ro'y berganini bilib olsak, an-Nasafiy qasidasidan Abu Ali Chag'oniyning siyosiy maydondagi obro'yining naqadar ustuvorligini anglab olish u qadar qiyin emas. Al-Murodiy, at-Tohiriy, an-Nasafiy qasidalarining barchasi arab tilida bitilgani hamda bu qasidalar as-Saolibiyning «Yatimat ad-dahr» asarida keltirilgani muhimdir. Daqiqiy (930-977). Abu Mansur Muhammad ibni Ahmad Daqiqiy nufuzi jihatidan fors-tojik adabiyotida buyuk Rudakiydan keyin ikkinchi o'rinda turadi va bu fanda allaqachon o'z isbotini topgan. Daqiqiy haqida Beruniy (973-1048) «Al-osor al-boqiya» (1000), Muhammad Avfiy (1170-1233) «Lubob ul-albob» (1221), Abduraxmon Jomiy (1414-1492) «Bahoriston», Lutf Alibek Ozar «Otashkada» (XVIII asr) asarlarida va boshqalarning kitoblarida ma'lumotlar bitib qoldirilgan. Beruniy shoirni balxlik, Avfiy tuslik, Lutf Alibek samarqandlik deydi va bu bahslar keyingi asrlarda ham davom etadi hamda shoir goh Buxorodan, goh Marvdan, goh Hirotdan deyiladi. Beruniy boshqalarga nisbatan Daqiqiy zamoniga yaqin yashagan, shuning uchun shoirning asli balxlik ekaniga shubha qilmasa ham bo'ladi. Avfiyning «Lubob ul-albob» tazkirasi Daqiqiy davridan 250 yil keyin yaratilganiga e'tiborni jalb etmoq lozim. Beruniy shoirni Abu Ali Muhammad ibn Ahmad Balxiy tarzida, Avfiy esa Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad Daqiqiy shaklida tilga olib o'tadi. Har ikki holatda ham Muhammad ibn Ahmad, ya'ni ismi-sharif bir xil, faqat kunya (Abu Ali va Abu Mansur)lar va taxallus (Balxiy va Daqiqiy)lar turlicha. Beruniy tilga olgan shoir Daqiqiy ekani V. V. Bartold, N. O. Osmonov, I. V. Braginskiy, B. F. Livshis, E. V. Rtveladzelar tarafidan tasdiqlangan. Zero, «Shohnoma»ni ilk bor nazm injusiga aylantirgan shoir Daqiqiyligi hammaga ma'lum, demak, Beruniy eslatgan ash-shoir Daqiqiydan bo'lak hech kim emas. Endi Daqiqiyning Abu Ali va Abu Mansur kunyalariga kelsak. Shoir taxminan 950 yillarda Chag'oniyonga keladi va Abu Ali vafotidan so'ng ham shu yerda bo'lib xizmatni davom ettiradi. Agar Daqiqiyning 970 yilgacha Chag'oniyonda bo'lgani taxmin etilsa, u holda shoir qariyb 20 yil Chag'oniylar xizmatida bo'lgan. Ana shu uzoq yillik qadrdonlik evaziga Daqiqiy o'z homiylari Abu Ali Ahmad Chag'oniy va Abu Mansur Nasr Chag'oniy (ota-bola)larning kunyasini o'ziga kunya tariqasida qabul qiladi. Qadimiy manbalarda Daqiqiyning Abu Ali Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad tarzida atalganini faraz qilsak, birinchi kunya asta-sekin tushib qola boshlagan va shoirni Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad deb atash odatga aylanadi. Kunya so'zi arablardan kelgan, ularda otani to'ng'ich o'gil farzand ismi bilan atashgan. Chunonchi, hazrat Ali akasining ismi Tolib edi, shundan Alining otalarini Abu Tolib (Tolibning otasi) deyishgan. Ammo keyingi davrlarga kelib, kunya tanlash, kunya olish, kunya qo'yish an'anasi boshqacharoq tus oladi, ya'ni erkinlik vujudga keladi, kunyani kishilarga aksar piru murshidlar tanlab beradigan bo'lib qoladi. Avfiy negadir Abu Said Muzaffar Chag'oniy (929- 930) va Abu Bakr Muhammad Chag'oniy (930-939)ni bir kishi deb hisoblaydi hamda Daqiqiy qasidalari Chayuniyon amiri Abu Said Muhammad Muzaffarga bag'ishlangan, deydi. Vaholanki, Abu Saidning ismi Muzaffar, Abu Bakrning ismi Muhammaddir, Daqiqiy qasidalari bo'lsa Abu Ali va Abu Mansurga bag'ishlangan. To'g'ri, qasidalarda goho Abu Said va Abu Bakr ismlari uchraydi. Daqiqiy qasidalarida Abu Ali va Abu Mansurni madh etar ekan, kezi-kezida ularning buyuk ajdodlari Abu Said va Abu Bakrlarga ham ishora qilib o'tadi. Bu esa qasidanavislik qoidasiga binoan o'ziga xos lirik chekinish bo'lib, tabiiyki, bu hol Abu Ali va Abu Mansurlarga xush ?qar edi. Boisi Abu Aliga Abu Bakr ota bo'lsa, Abu Said bobo edi, Abu Mansur esa Abu Bakrga' nevara va Abu Saidga chevara edi. Daqiqiy uzoq yillar Chag'oniyondek go'zal voha bag'rida yashadi, shu zaminda ijodi kamol topdi, dovrug'i elga yoyildi, muxlislari ko'paydi. Shoir turli shaharlarni kezdi, qadimiy ajdodlar tarixini o'rgandi, u Tus, Hirot, Samarqand kabi shaharlarda bo'ladi, tasavvurini boyitadi, katta taassurotlar oladi. Nihoyat, Buxoroga boradi, bu taxminan 970 yilga mos tushadi, o'lkada bu paytlar Somoniy Mansur ibn Nuh (962-976) hukmron edi. Ana shu tariqa Daqiqiy o'z taqdirini endilikda mamlakat poytaxti Buxoro bilan bog'laydi va bu yerdagi fozilu fuzalolar, olimu donishmandlar, shoiru adiblar ila tanishadi, saroy ahli orasida obro'-e'tibor qozonadi. Daqiqiyning shoirlikdagi iste'dodi, qadimiy tarixni yaxshi bilishi tez orada uning adabiy doiradagi nufuzini oshiradi. Mansur ibn Nuh vafotidan so'ng taxt tepasiga uning o'g'li Nuh ibn Mansur (976-997) keladi. Nuh ibn Mansur shoir Daqiqiyni ilgaridan yaxshi bilar edi, shuning uchun hech ikkilanmay shoirga nasriy «Shohnoma»ni she'rga solishdek mas'uliyatli vazifani bajarishga farmoni oliy beradi. Bu Daqiqiy iste'dodiga, uning bilim va saviyasiga yuksak ishonch bo'lishi barobarida, shoir g'animlarining alamiga sabab ham bo'ladi. Daqiqiy bir she'rxonlik bazmi kechasi o'z uyida nokas quli tomonidan pichoqlab o'ddiriladi, bu paytga kelib u «Shohnoma»ning bir ming uch baytini yozgan edi. Shu bir ming uch bayt «Shohnoma» turkumiga kiruvchi «Gushtospnoma»ning nazmi bo'lib, uni Firdavsiy (934-1026) mutlaq o'zgarishsiz o'z «Shohnoma»si tarkibiga ilova etadi. Oqibatda Daqiqiy qalamiga mansub bir ming uch baytli «Gushtospnoma» bizning davrimizgacha bezavol yetib kelgan. Daqiqiy mabodo tu-gallanmay qolgan «Gushtopsnoma»ni 976 yili yoza boshlagan bo'lsa, unga shu bir ming uch baytni yozish uchun ko'p fursat shart emas edi. Demak, shoir vafoti 977 yilga to'g'ri keladi, buni Firdavsiy «Shohnoma»sining 980 yilda yozila boshlagani va uning debocha qis-mida Daqiqiyning marhum sifatida eslatilishi ham to'kis isbotlaydi. Shu munosabat bilan Daqiqiyning tavallud sanasi ham ancha ravshanlashib qoladi, basharti, u yigirma yoshlari (ya'ni 950 yil)da Chag'oniyonga tashrif buyurgan bo'lsa, shoir 929 yil yoki 930 yilda dunyoga kelgan bo'ladi. Daqiqiy she'riyati o'zining oshiqona mazmuni, hikmatona talqini va ma'naviy mohiyati bilan kishilar qalbini hanuz zabt etib keladi. Shoir she'rlarida payg'ambar Zardusht nomi ko'p uchraydi. Biroq otashparastlik aqidalari mavzuiga murojaat etishlar shoirni zardushtiy mazhab yoki otashparast deyishga asos bo'la olmaydi. Ammo Daqiqiy komil bir musulmon sifatida o'tmishni anglashga intilgan shoirdir, xolos. Daqiqiy she'riyatida faylasufona g'oyalar, hikmatga aylanib ketgan ta'birlar juda ko'p: Go'yand sabr kun, ki turo sabr bardihad, Ore, dihad, valek ba xuni jigar dihad. Man umri xeshro ba sabury guzoshtam, Umri digar biboyad, to sabr bar dihad. Mazmuni: Derlar: sabr qil, sabrdan murod hosil, Bu rost, lek u jigarni aylar sil. O'tdi sabrda umrim, boshqa umr ber, Shoyad o'shanda sabr bersa hosil. Daqiqiyning «Gushtospnoma» dostoni Balxda Luhrosp shohning taxtni o'g'li Gushtospga topshirish voqealari bilan boshlanadi. Doston debochasida, shuningdek, Gushtospning Rum qaysari qizi Nohidga uylanishi, undan Isfandiyor va Bashutan ismli o'g'illarning tug'ilishi gapiriladi. Shundan so'ng Balxga Zardushtning kelishi va uning dinini shoh Gushtosp qabul qilishi xikoya qilinadi. Shu tariqa, shoh Gushtosp va shoh Arjosp o'rtasida mazhab borasida nifoqning paydo bo'lishi, ikki o'rtada ro'y bergan jang va bu jang oqibatida begunoh kishilarning halokati tasvirlanadi. Eron va Turon jangining oxiri ko'rinmaydi, jang maydoni majruh va o'liklar bilan limmo -lim, atrof rutubatli. Chang-to'zon, gard-gurd borliqni o'ragan, dashtu cho'l batamom lola rangli qonga bezangan: Zaminho pur az kushtavu xasta bud, Rahi bodro gard barbasta bud. Daru dashtho shud hama lolagun, Ba dashtu biyobon hama raft xun. Daqiqiy «Gushtospnoma»si 24 bobdan iborat va uning tugallanmay qolganini aytdik. Shoirning bexos o'limi bu xayrli ishni to'xtatib qo'ygan edi. Firdavsiy salafi Daqiqiy «Gushtospnoma»siga to'qqiz bob qo'shib dostonni oxiriga yetkazadi va uni, yuqorida ta'kidlaganimizdek, «Shohnoma» tarkibiga ilova qila-di. Daqiqiy badiiy ijodning turli janrlarida ijod etadi. Uning ijod bisotiga taalluqli qasidalaridan parchalar, oshiqona g'azallaridan namunalar, qitalaradan ayrim baytlar, she'rlaridan ba'zi parokanda misralar, tugamay qolgan «Gushtospnoma» va boshqalar bizgacha yetib kelgan. Daqiqiy ijodiyoti haqida gapirganda Fardavsiyning Daqiqiyga bahosi, alalxusus, Daqiqiy «Gushtospnoma»siga Firdavsiy bahosi va Firdavsiy tomonidan Daqiqiyning tanqid etilishi hamda Daqiqiy va Beruniy bilan bog'liq masalalar ancha muhim qutblarga ega. Bu masalalar bilan bog'liq fikr-o'ylar yoki tadqiqotlar kelajak ishlar zimmasiga yuklanadi. Tohir Chag'oniy (vafoti 992 yil). Chag'oniyon amiri va o'z davrining ko'zga ko'ringan davlat arbobi, iste'dodli shoir Tohir Chag'oniy hayotini, ijodini o'rganish, avvalo, Chag'oniyon adabiy muhiti bilan borliq X asr oxirlariga oid ko'plab jumboqlarni hal etishda qo'l kelishi bilan g'oyat muhim. Tohir Chag'oniyning tavallud yili aniq emas, vafot yili bir qadar aniqlangan, ammo bu borada ayrim bahsu munozaralar mavjud. Chunonchi, Muhammad Qazviniy (1877-1949) aniq sanani aytmay, manbaga ishora qilmay, Tohir o'z amakivachchasi Abu Mansur Nasr (952-976) o'rniga amir bo'lganini ta'kidlaydi va Tohirning vafoti sanasini 987-988 yillar deydi. YE. E. Bertels ham aynan shu fikrda, faqat uning aytishicha, Tohirdan so'ng Chag'oniyon taxtiga Faxr ad-Davla Muzaffar Ahmad binni Muhammad chiqqan. Afg'on olimi Muhammad Muhsin bo'lsa Tohirni 992 yidda halok bo'lgan va bu halokat amakivachchasi Abul Muzaffar binni Muhammad bilan Chag'oniyon taxti uchun jangda sodir etilgan degan aqidani ilgari suradi. Bizningcha, Muhsin bu aqidani 3. Safo kitobi(«Torixi adabiyot dar Eron».-Tehron,1388) dan olgan ko'rinadi. Endi tarixiy manbalarga murojaat qilsak aslida unday emasligi ayon bo'ladi. Jumladan, muarrix Abu Nasr Muhammad al-Utbiy (961-1036)ning «Sharhi Yaminiy»da (bu asar Mahmud G'aznaviy haqida) yozishicha, Amir Abu Yahyo Tohir 991-992 yillari Guzgon (hozirgi Juzjon) amiri Foiqqa qarshi jangda Balx qamali payti halok bo'ladi. Akademik E. V. Rtveladzening ta'kidicha, Tohir Chag'oniy Guzgon amiri Abul Xoris Muhammad binni Ahmad (hukmronligi 987-989) o'rniga amir bo'lgan. Chag'oniyon amiri Qosim al-Hasan binni Ahmad nomi bilan 987-988 yillarda zarb etilgan mis tangalar hisobga olinsa, unda Guzgon amiri Abul Xoris 986-989 yillari qanday hukmronlik qiladi? Har holda Tohir Chag'oniy amakivvachasi Abul Qosimdan so'ng hukmronlik qilgani haqiqatga yaqin va bu hodisalar 988-992 yillarda ro'y bergan. Shunday qilib Tohir Chag'oniyning vafoti va hukmronligi sanalari aniq bo'lgan holda uning tavalludi sanasi hozircha ochiq qoladi. Bundan tashqari adabiyotshunos Muhsinning 3ebuhillo Safo fikrlariga tayanib Tohir taxt talash kurashlarida Abul Muzaffar tarafidan mahv etilgani talqini esa inkor etiladi. Masalan, amir Abul Muzaffarga shoir Munjik Termiziy bag'ishlagan qasidada Tohir Chag'oniy marhum sifatida ehtirom ila eslatiladi. Bu esa ikki amir o'rtasida taxt bilan bog'liq mojaro yoki siyosiy muxoliflik mutlaqo yo'qligini isbotlovchi aniq dalildir. Tohir Chag'oniy hukmronligi davrida Chag'oniyonda adabiy muhit uchun ma'lum imkoniyatlar yaratilgani tarixiy manbalarda e'tirof etiladi. Misol uchun «Ash'ori hamasroni Ro'daky»da Tohir zamoni adabiy muhiti doirasi namoyandalari sifatida Ma'rufiy, Daqiqiy, Munjik, Labibiy singarilar eslatiladi. Yuqorida eslatilgani kabi Ma'rufiy va Daqiqiylar Tohir Chag'oniy davridan ancha ilgari Chag'oniyonda bo'lgan, chunonchi, Ma'rufiy 925-935 yillari, Daqiqiy 950-970 yillari Chag'oniyonda edilar. Bu Tohir davridan qariyb 40-60 yil ilgari sodir bo'lgan voqealardir. Endi Munjik va Labibiyga kelsak, Munjik, darhaqiqat, Tohir zamonida Chag'oniyonda edi va u bilan Bade'iy birga bo'lgan hamda har ikkisining Tohirga bag'ishlangan qasidalari bor, Labibiy bo'lsa Abul Muzaffar davrida Chag'oniyonda bo'lgan. Yuqorida ta'kidlangani kabi Abul Abbos Fazl, ya'ni Abu Ali Chag'oniyning inisi Tohirning otasidir. Abul Abbosni Abu Ali 945 yilda Jabal viloyati (Tus, Ray va Shirvon tomonlar)ga hokim qilib tayinlaydi. Ammo Abul Abbos akasi Abu Alining xohish-irodasiga qarshi o'laroq Buxoroga, Amir Nuh ibn Nasr (943-954) qoshiga ketib qoladi va unga xizmat qila boshlaydi. Nuh ibn Nasr Chag'oniyon amirzodasini yaxshi qabul qiladi va hatto Abul Abbosni Shosh (Toshkent) viloyati hokimi etib tayinlaydi. Tohir Chag'oniy shoirparvar va she'rdo'st amir bo'libgina qolmay, o'zi ham durustgina shoir bo'lgan, arab tilidan forschaga she'rlar tarjima qilgan. Hatto uning she'rlaridan namunalar Umar ar-Roduyoniyning «Tarjimonul balog'a» asarida keltiriladi: Bar mamlakat savor nagashty tu az guzof, V-ozodagont banda nagashtand xer-xer. Edun ba mavqey ba madoroi ro'zgor, K-az nesh no'sh makki v-az boda shiri sher. Mazmuni: Sen davlatda qilichsiz ham sarvar, sardor, Oqsuyaklar senga jabr-sitam ila tobe emas, Hayotda sen haqiqiy mavqega egasan, Sening qahringdan chaqqan ilon zahri ham Beta'sir va sherni bemalol sog'a olasan. Bade'iy Balxiy. Abu Muhammad Bade' binni Mahmud Balxiyning tavallud va vafoti sanalari aniq emas. U Tohir Chag'oniy mulozimlaridan bo'lgan, bu X asrning so'nggi choragiga to'g'ri keladi. Buni shoirning bir qasidasidagi quyidagi misralar to'liq tasdiqlaydi: Ba yodi sayidi xurroni olam, Abulyahyo-l-lazy yuhyo bixi-l-iz. Mazmuni: Abulyahyo, ya'ni Tohir Chag'oniy tufayli, Olamda sayyidlikka sazovorlar yodi qayta tiklandi. E'tibor berilsa, Bade'iy qasidasi Tohir Chag'oniy, ya'ni Abulyahyoga bag'ishlanganini bilib olish qiyin emas, zero, Abulyahyo amir Tohir Chag'oniyning kunyasi, Tohir esa ismi, Chag'oniy bo'lsa taxallusidir. «Majma' ul fusaho» muallifi Rizoqulixon Hidoyat (XIX asr) «Rohat ul inson» nomli asarni Bade'iyga nisbat beradi. Ammo ana shu muallifi bahsli «Rohatul inson» asari Said Nasifiy (1896-1966) isbotlaganidek, X asrda yaratilgan emas, balki uning til xususiyatlari XI asr mahsuli sifatida qaralmog'ini taqozo etadi. Rizoqulixon Hidoyat bir xato bilan cheklanib qolmaydi, balki Bade'iy qalamiga mansub she'riy parchalar «Lubob ul-albob»da keltirilishiga qaramay, ularni boshqa shoir Badoyoniyniki deydi. Yuqoridagi chalkashliklar bekorga kelib chiqmagan, chunonchi, Bade'iy ijod bisotiga tobin she'riy namunalar bayoz, lug'at va tazkiralarda keltirilar ekan, goho g'alat ravishda Munjik Termiziyniki ham deyiladi. Shoir Bade'iydan yetib kelgan ozgina she'riy parchalar bilan tanishuv uning iqtidorli san'atkor adib ekanini tasdiqlaydi. Uning she'rlarida davr voqealariga, zamon hodisalariga ishoralar barobarida tabiat ko'rki, ma'shuqa zeboligi tarannum etiladi: Havo ro'i zaminro shud mutarriz, Ba sofy obi daryo ne ba qirmiz. Nafiri abri farvardin baromad. Fitad andar sipohi gul hazohiz, Zi rangi rog' rangi hulla hayron, Zi bongi murg' bongi rud ojiz. Mazmuni: Havo zamin yuzini qirmizi rang bilan emas, Balki daryoning sof suvi bilan bezadi. Farvardin bulutlari na'ra tortmoqda, Osmondan yerga gul sipohlarin tashladi, O'tloq rangidan libos rangi hayron, Qush ovozidan rud ovozi ojizdir. Labibiy. Shoirning to'liq nomi manbalarda uchramaydi, uning nomi Avfiyning «Lubob ul-albob»ida ham xuddi shu xilda beriladi. Qolaversa, shoirning qayerlik ekani ham ma'lum emas, faqat uning G'aznada G'aznaviylar saroyida uzoq yillar xizmatda bo'lganligi va G'aznaviy sultonlarga bag'ishlab qasidalar yozgani ma'lum. Ammo, eng muhimi, Labibiy o'z ijodiy faoliyatini aynan Chag'oniyon amirlari saroyida boshlagan, bu hodisa to'liq dalillar bilan isbotlangan. Darhaqiqat, Labibiy ham boshqa qator mashhur shoirlar singari Chag'oniyon yurtida bo'lib, bu yurtning so'lim go'shalarini kezib shoirlik iste'dodini shu zamin, shu tuproq, shu o'lka saxovati bilan yo'g'irgan edi. Labibiy ijodi haqida tarixchi Bayhaqiy, tazkiranavis Avfiy ma'lumotlari bilan birga yana shoir hayoti va ijodi xususida Ustod Xaliliy, 3. Safo, YE. E. Bertels va boshqalarning ishlarida qisqacha bo'lsa-da, xabarlar uchraydi. Masalan, Ustod Xaliliy shoirning ikkinchi bir taxallusi Adibiy ekanligiga ishora qiladi. Xaliliy shoirni: «Maddohi Yusuf binni Nosiriddin barodari Sulton Mahmud ast», ya'ni «Sulton Mahmudning birodari Yusuf binni Nosiriddinning maddohi (kuylovchisi) edi», deya Avfiy ma'lumoti takroridan nariga o'tmaydi va «Lubob ul-albob»dagi o'ttiz ikki baytli qasidani to'liq keltiradi, qasida ushbu matla' ila ibtido topadi: Chu barkandam dil az didori dilbar, Nihodam mehri xursandy ba dil bar. Mazmuni: Dilbar uchrashuvidan ko'nglimni uzdim, Mehr xursandchiligini dil oluvchiga bag'ishladim. Biroq qasidaning Xaliliy matni bilan Eron olimi Muhammad Dabirsiyoqiy (Ganji bozyofta. Tehron, 1334) to'plamiga ilova etilgan qasida hajmi o'rtasida farqlar juda katta. «Sabaqi Ro'daky» (Dushanbe, «Irfon», 1994) to'plamini nashrga tayyorlagan professor A. Abdullayev shoir Labibiy qasidasini Muhammad Dabirsiyoqiy nashriga tayanib, ellik to'qqiz baytli qasidadan qirq baytining nashrini amalga oshirgandir. Labibiyning Abul Muzaffar Chag'oniyga bag'ishlab yozgan qasidasi tarixi o'ta qiziq va g'aroyib, chunki Avfiy qasida Mahmud G'aznaviyning ukasi Yusuf binni Nosiriddinga atab bitilgan deydi. Rizoqulixon Hidoyat («Majma'ul fusaho») bo'lsa qasida muallifi sifatida Farruxiyni tan oladi, hatto shu qasida g'alat ravishda Manuchehriy devoni tarkibiga ham kiritilgan ekan. Anglashiladiki, Avfiy qasida egasi Labibiy ekanini aniq ko'rsatgan holda qasidaning mamduhi masalasida jiddiy adashgan. Xulosa shuki, Dabirsiyoqiy to'g'ri isbot etganidek, Labibiyning bu qasidasi Chag'oniyon amiri Abul Muzaffarga bag'ishlangan va qasida ma'lum hasbi hol xususiyatiga ega. Labibiy o'z davrining yirik shoiri edi, uning badiiy merosiga qiziqish katta bo'lgan. Hatto «Tarjimonul balog'a» muallifi Umar ur-Roduyoniy (XI asr) badiiy san'atlar munosabati bilan adib ijodiga murojaat etar ekan, undan Farruxiy vafotiga bag'ishlangan qit'ani al mutazod (tazod - qarshilantirish) san'atiga misol tariqasida keltiradi: Gar Farruxy bimurd, charo Unsury namurd? Pire bimond deru javone biraft zud. Farzonaye biraftu zi raftan-sh har ziyon, Devonaye bimondu zi mondan-sh hech sud. Mazmuni: Farruxiy o'ldi, nechun Unsuriy o'lmadi? Qari kech qolib, yosh tez ketar. Dono ketdi, ketgani koni zarar, Nodon qoldi, qolganidan ne foyda. Bu qit'a tazod san'atining oliy namunasi. Misol uchun: bimurd (o'ldi) - namurd (o'lmadi), pir (qari) - javon (yosh), bimond (qoldi) - biraft (ketdi), der (kech) - zud (tez), farzona (dono) - devona (nodon), ziyon (zarar) - sud (foyda) va hokazo. Labibiy Chag'oniyonda qancha fursat bo'lgani aniq emas, har qalay shoir XI asr boshlarida bu yurtga tashrif buyurgan bo'lishi ehtimol. Zotan, Abul Muzaffarning Chag'oniyondagi hukmronligi 992-1010 yillar oralig'iga to'g'ri keladi, demak, Labibiy ham Farruxiy singari avval Chag'oniyonga keladi va so'ngra G'aznaga, Sulton Mahmud (971-1030) saroyiga yo'l olgan. Labibiyning ham 1004-1008 yillar o'rtasida Chag'oniyonda bo'lganini faraz qilish mumkin va ajab emaski, u ayni shu yerda Farruxiy bilan uchrashib tanishgandir. Chunki Farruxiy vafoti (1037) munosabati bilan Labibiy yozgan qit'a davrlar osha mashhur bo'lib keldi va o'sha mustahkam do'stlikning yuksak namunasi bo'lishi mumkin. Labibiy do'sti Farruxiy vafotidan keyin ham uzoq yillar Sulton Mahmud o'g'li Sulton Mas'ud (hukmronligi 1030-1041) saroyida xizmatda bo'lgan ko'rinadi. Farruxiy (980-1037). Abulhasan Ali Chulug' Farruxiy Seyistoniy - zamonasining shirin kalom shoiri, she'riyatda o'z uslubi, o'z usuli, o'z yo'liga ega so'z san'atkori. Adibning ismi Ali, kunyasi Abulhasan, taxallusi Farruxiy (Farrux-muborak, go'zal, ulug', baxtiyor), otasining ismi Chulug', tug'ilgan maskani Seyiston, yoshligi Seyiston dashtlarida o'tgan, shoirliqdagi kamolotini ona diyorida topgan. Farruxiyning hayot yo'li va ijod usuli haqida manba hamda adabiyotlarda ko'p gapiriladi. Shoir xususidagi ilk xa-bar Nizomiy Aruziy Samarqandiyning «Chahor maqola» (1156-1157) sida beriladi (asarning asl nomi «Majm'un navodir» - «Nodir to'plam»dir). Ikkinchi xabar Avfiyning «Lubob ul-albob» tazkirasida keltiriladi, uchinchi axborot Davlatshoh Samarqandiy (1437-1495)ning «Tazkirat ush-shuaro» (1487) sida zikr etiladi. Davlatshoh shoirni termizlik va uning «Tarjimon ul balog'a» nomli asari borligini aytadi, shoirning termizlik deyilishiga bois u ma'lum vaqt Chag'oniyon amirlari saroyida bo'lgan. Ana shu Chag'oniyon bilan bog'liq voqealar Davlatshohni chalg'itgan bo'lsa ajab emas. «Tarjimon ul balog'a» asari masalasiga kelsak, asarning muallifi Umar ur-Roduyoniy ekanligi tasdiqlangan, ammo bu Farruxiyning ham shu^nomli asari borligini inkor etadigan dalil emas. O'tmishda ichki mazmuni turlicha, nomi bir xil asarlar son mingta edi, ammo Farruxiyning shu nomli asari bor-yo'qligi hozirgacha aniqlangan emas. «Chahor maqola»da hikoya qilinishicha, Farruxiy uylangach, ro'zg'or tashvishlari ko'payadi, sarf-xarajatga ehtiyoj oshadi. Farruxiy ana shu kezlar, ya'ni ahvoli tanglashgan paytlar Chag'oniyon amiri Abul Muzaffarning she'rdo'st va shoirdo'st ekani, shoirlarga g'amxo'ru hamdastligini eshitib, Chag'oniyonga oshiqadi. Seyiston va Chag'oniyon orasidagi masofa juda uzoq edi, Farruxiy yo'l azobiga bardosh berib, yirtiq choriqda, kir-chir kiyimda Chag'oniyon tuprog'iga kirib keladi. Shoir yo'l-yo'lakay Abul Muzaffar Chag'oniyga atab qasida to'qiydi, uning matla'i (boshlanishi) quyidagicha: Bo korvoni xulla baraftam zi Siston, Bo hullai tanida zi dil, bofta zi jon. Mazmuni: Libos karvoni bilan jo'nadim Seyistondan, Libosi ipi dilim, matosi esa jondan. Farruxiy qasidani Amir Abul Muzaffarning kadxudo(ish yurituvchi)si Amid Asadga taqdim etadi. Amid Asad she'riyatni dildan sevar edi, qasidaning latifligi, ustodona bitilgani unga xush ?qadi. She'rning mazmuni bag'oyat yuksak, ammo shoirning libosi yirtiq, kovushi eski, oyog'i kir, boshida katta beo'xshov seyistoniy salla, bular Amid Asadni shubhaga soladi. Amid Asad oldida turgan shaxsning shoirligiga ishonmaydi va uni sinab ko'rish maqsadida hozir amir ovulga chiqqani, uning dog'goh (otlarga tamg'a bosiladigan joy)da ekani, u yerning so'limligi, atrofning ko'kalamzorligi, xullas, tabiatning go'zal in'omi bo'lmish ajoyib bir maskan haqida tasavvur beradi. Amid Asad shoirga shularni naql qilib ertaga dog'gohga birga ketishini aytadi, o'z galida Farruxiy kechasi bilan uxlamay dog'goh haqida bir qasida yozib chiqadi. Ertasiga shoir qasidani Amid Asad qo'liga tutqazadi, qasida Amid Asadga shu darajada ta'sir qiladiki, u hamma ishini yig'ishtirib Farruxiyni olib dog'gohga yo'l oladi. Dovrug'i olamni tutgan va ko'plab rivoyatlarga sabab bo'lgan «Dog'goh» nomi bilan ataluvchi mashhur qasida ana shu tariqa dunyoga kelgan edi. Amid Asad shoir Farruxiyni olib dog'gohga yetib kelgach, Amir Abul Muzaffar huzuriga kirib, shunday bir tengsiz so'z san'atkori olib kelgani, Daqiqiy vafotidan so'ng olamda bu xil shoirni ko'rmaganini aytadi. Xullas, tungi bazm boshlanadi, gulxanlar ?qilgan, saroy a'yonlari, arkoni davlat, sozanda, xonanda, bozandalar hoziru nozir. Sozandalar kuy chaladi, xonandalar xonish etadi, bozandalar chiroyli raqsga tushib, xirom aylamoqda, chor atrofga sho'x kulgi jarangi, ta'sirli ashula ohangi taraladi. Navbat Farruxiyga yetadi, u o'zining «Bo korvoni hulla» («Libos karvoni bilan») so'zlari bilan ibtido topuvchi qasidasini chang jo'rligida chiroyli ovoz bilan xonish qiladi: Man bandaro ba she'r bale dastgah nabud, 3-in pesh, v-arna madhi tu meguftame ba jon. V-aknun ki dastgoh qavy gashtu dast niz, Be madhu tu maro napaziruft Siston. Mazmuni: Men bandaga she'r yozishga yo'q edi imkon, Unda madhing oldidan qilardim jon debon. Endi sharoit ham yaxshi, qo'l ham uzun, Seni kuylamasam qabul etmas Seyiston. Shoirga olqishlar ?g'iladi, bazmi jamshid davom etadi. May ta'siridan boshlar sarxushga, qalblar junbishga kirgan bir onda Farruxiy chang jo'rligida «Dog'goh» qasidasini qiroat qiladi: Chun parandi nilgun bar ro'y po'shad marg'zor, Parniyoni haftrang andar sar orad ko'hsor. Xokro chun nofi ohu mushk zoyad beqiyos, Bedro chun parri to'ty barg ro'yad beshumor. Do'sh vaqti nimshab bo'i bahor ovard bod, Xabbozo bodi shamolu xurramo bo'i bahor. Bod go'y mushki suda dorad andar ostin, Bog' go'y lo''batoni soda dorad dar kanor Mazmuni: Ko'k harirdan yuziga yopgan ro'molin sabzavor, Yetti xil rang ipaklarini boshga soldi kuhsor. Yor ohuning kindigidek mushkin sochdi beqiyos, Tol to'tining parridek bargini yozdi beg'ubor. Kecha tong chog'i bahorning hidini yoydi sabo, O, nechuk dilkash sabo, qanday xumor hidli bahor, Bog'da go'yoki go'zallar jilvasidek bir husn, Yelning go'yo etagida maydalangan mushki bor. (Mahmud Hasaniy tarjimasi) Qasidani eshitgan Amir Abul Muzaffar behad ta'sirlanadi. She'rning kuchi, she'rning quvvati amirni saxovatga chorlaydi va u shoirga dog'gohdagi toychoqlaridan istaganicha ushlab olishga izn beradi. Farruxiy kayfning zo'ri bilan toychoqlarni kechasi bilan quvib, xorib-charchab ulardan qirq ikkitasini bir buzuq rabotga haydab kiritadi. Amir Abul Muzaffar shoir Farruxiyning qasidalarini yuksak qadrlaydi, yuqori baholaydi va unga bitta yasatilgan ot, ikkita chodir, uchta xachir, beshta qul, libos va gilam in'om etadi. Farruxiyning Abul Muzaffar Chag'oniy xizmatida bo'lgan paytlari ishlari yurishib ketadi va ahvoli yetarli darajada yaxshilanadi. Farruxiy Chag'oniyonda bo'lgan chog'lari Amir Abul Muzaffarga bag'ishlab uchta va Amid Asadga atab bitta qasida bitgan edi. Amirga atab bitilgan uchinchi qasidani shartli ravishda «Mehrgon qutlovi» deb nomlash mumkin, zero, qasidada Abul Muzaffar mehrgon bayrami bilan muborakbod etiladi. Mehrgon bayrami kuzgi teng kunlikka to'g'ri keladi, bu Mezon oyining birinchi (21 sentabr) kuni bo'ladi. Farruxiyning «Dog'goh» qasidasida bahor ayyomi tasviri beriladi, «Mehrgon»da bo'lsa kuz fasli tabiatiga xos manzaralar aksini topgan. Shoirning Chag'oniyonga tashrifi bahor faslida amalga oshgan, buni «Dog'goh» qasidasining baytlaridan osongina bilib olish mumkin: Nastaran lo''lo'i bayzo dorad andar marsala, Arg'uvon la'li Badaxshi dorad andar gushvor. Mazmuni: Na'matak bag'rida go'yo marvaridlar asramish, Arg'uvonning sirg'asida ham Badaxshon la'li bor. Farruxiy Chag'oniyonga bahorda kelib, kech kuz fasligacha turgan, bu qariyb bir yilni tashkil etadi. U Chag'oniyon shoirlarining sarasiga aylangan edi, buni shoirning amir Abul Muzaffar tomonidan beqiyos darajada taqdirlanganidan ham anglab olish qiyin emas. Farruxiyning Chag'oniyonda bo'lgan yillarini aniqlash uchun, avval, Abul Muzaffar hukmronligi yillarini tayin etish lozim. Akademik E. V. Rtveladzening yozishicha, 1002-1003 (xijriy 393) yillari Chag'oniyonda zarb etilgan dirhamda Muzaffar Qiya ismi mavjud. Ana shu hukmdor Nizomiy Aruziy Samarqandiyning «Chahor maqola»da eslatgan amir bilan bir kishi ekan, degan aqida mavjud. Agar tarixiy voqealarga nazar tashlasak, Tohir Chag'oniy vafotidan (992) so'ng taxtga Abul Muzaffar chiqqan. Buni Munjikning Abul Muzaffar xususidagi qasidasida Tohirning marhum deya tilga olinishi to'liq tasdiqlaydi: Ba yodi Tohiri parvezbaxti xusravbaxt, Daraxti davlat sar barzada ba charxi baland. Mazmuni: Davlat daraxtining shoxlari Osmon qadar balandlikda, Bular parveztaxtli, xusravbaxtli Tohiriy xotirasi tufaylidir. Qisqasi, E. V. Rtveladze Amir Abul Muzaffarning Chag'oniyonni idora qilgan davri 1002-1008 yillar degan xulosaga keladi. Ammo bu muddat 1002 yildan oldinga ham, 1008 yildan keyinga ham uzayishi mumkin, sababi tanga zarb qilish hukmronlikning keyingi yillari ro'y berishi ham ehtimoldan uzoq emas. Tohir Chag'oniy vafoti 992 yilda sodir bo'lgan, bu esa Abul Muzaffarning Chag'oniyonni idora etish muddati 992 yildan boshlangan deb taxmin qilishga kafolat beradi. Qolaversa, Shibli Nu'moniy (1857-1914, «She'rul Ajam», Tehron, 1368), Husayn Ozod («Suxandoni fors», Kobul, 1315), X. Mirzozoda (1911-1994, «Ta'rixi adabiyoti tojik», Dushanbe, 1989)lar Abul Muzaffarni Balx hokimi deb xato hukm chiqarishadi va hatto yana bir shunday fikr tarafdori Herman Etyo («Torixi adabiyoti fors», Tehron, 1337) biz so'z yuritayotgan Chag'oniyon amirini Abul Muzaffar Tohir Chag'oniy deydi. Ko'rinadiki, ko'pincha, Abul Muzaffar o'z salafi Abulyahyo Tohir Chag'oniy bilan chalkashtirib kelingan. Bu xil xato talqinlarga o'z vaqtida professor A. Abdullayev munosabat izhor etib, ma'lum to'g'ri fikrlarni ilgari surgan edi. A. Abdullayev tadqiqotlarida Abul Muzaffar bilan Toxir haqida lom-mim deyilmagan holda Farruxiy mamduhi Abul Muzaffar Ahmad binni Muhammad deyiladi. Amirning kunyasi Abul Muzaffar va uning nomi Ahmad ekanini Munjik qasidasi ham tasdiqlaydi: Ba soni umru atoi xudoygono jahon, Abulmuzaffar shohi Chag'oniyon, Ahmad. Mazmuni: Abulmuzaffar - Chayuniyon shohi, Ahmad, Hayot ijodkori - ulug' xudo tuhfasi. «Chahor maqola» noshiri yirik olim Muhammad Qazviniyning fikricha, amirning ismi Faxr ud-Davla Abul Muzaffar Ahmad binni Muhammad hamda unga Daqiqiy va Farruxiylar madhgo'y ekanlar. Vaholanki, Faxr ud-Davlaning hukmronligi u zarb etgan tangalarga asoslanib, 1016-1017 yillardan izlanadi, har holda Abul Muzaffarni Chag'oniyon taxtida Faxr ud-Davla almashtirgani haqiqatga yaqin turadi. Yetuk adabiyotshunos olim Zarrinkub («Bo korvoni hulla», Tehron, 1374) shoir Farruxiyning Chag'oniyonda bo'lishi sanasini 1005-1006 yillar deb ko'rsatadi va Amir Abul Muzaffar ibn Muhtoj shoirlardan Daqiqiy hamda Farruxiyning homiysi edi deydi. Farruxiyning Chag'oniyonga safari 1005-1006 yillar deyilishiga bois, Mahmud G'aznaviy (971-1030) o'z hukmronligining beshinchi yili (1003) Seyistonni bosib oladi va shundan keyingina Farruxiy bilan bog'liq Chag'oniyon voqealari ro'y bergan bo'lishini faraz qilsa bo'ladi. Lekin Abul Muzaffar hukmronligi (992-1010) kezlari Daqiqiy olamdan o'tgan edi, bundan tashqari Daqiqiy Chag'oniyonda Abu Ali (939-955) hamda Abu Mansurlar davri (952-976 yillar)da bo'lganini yaxshi bilamiz. U holda nechun Muhammad Qazviniydan keyingi barcha olimlar hech ikkilanmay qariyb yuz yildan buyon Abul Muzaffarni Daqiqiyning homiysi tarzida e'tirof etishadi? Bunga sabab bo'lgan narsa Farruxiyning o'sha mashhur «Dog'goh» qasidasidir. Farruxiy unda Daqiqiyni eslatib yozgan edi: To tarozandai madehi tu Daqiqy darguzasht, 3-ofarini tu diloganda chunon, k-az dona nor. To ba vaqti in zamona mar varo muddat namond, 3-in sabab gar binigari z-imro'z to ro'z shumor. Har nabote, k-az sari go'ri Daqiqy bardamad, Gar bipursi, z-ofarini tu suxan ronad hazor. Mazmuni: Seni go'zal qilib kuylaydigan Daqiqiy - Olamdan o'tdi, madhing uchun uning - Dilidagi so'zlar anor donalaridek behisob. Shu vaqtgacha menga navbat yetmagan edi, Shu sababdan qarasang, bugundan Boshlab navbat meniki. Daqiqiy qabri uzra o'sgan har bir ko'kat, Istasang, seni minglab so'zlar bilan ta'riflaydi. Ana shu baytlar Daqiqiyni ham Farruxiy singari Abul Muzaffar maddohiga aylantirib yuborgan edi, bu esa baytning mazmunini noto'g'ri talqin etishdan sodir bo'lgan. Aslida Farruxiyning Daqiqiyga ishora qilishdan murodi Daqiqiyni umum Chag'oniyon amirlarining maqtovchisi sifatida majozan olqishlashdan iborat, xolos. Yanada to'g'rirog'i, Farruxiy buyuk Daqi-qiyni Abul Muzaffarning emas, balki Chag'oniyonning kuylovchisi demoqchi, Farruxiy qasidasidagi Daqiqiy madhida aytilgan baytlar faxriya uslubiga tegishli bo'lib, o'ziga xos lirik chekinishdan o'zga narsa emas, baytlar mazmunida ramziy talqin yotadi. Shunday qilib, Farruxiy Chag'oniyondan so'ngra G'aznaga boradi va G'aznaviylar xonadonining buyuk shoiriga aylanadi. Shoir o'sha yerda 1037 yili olamdan o'tadi. Biz so'z yuritgan Chag'oniyon amirlari saroyi, adabiy muhiti, shu muhitda voyaga yetgan ayrim shoirlar hayoti voha adabiy harakatchiligi tarixini anglashda juda qo'l kelishi mumkin. Zero, Chag'oniyon amirlari saroyida nash'u namo topgan birgina Daqiqiy va Farruxiylarning o'ziyoq, masalaning nechog'lik muhimligini oshkor etib turadi. Daqiqiy shohnomanavislikni boshlab bergan Somoniylar saltanati shoirlarining buyuk bir vakili bo'lsa, Farruxiy o'z qasidalari bilan G'aznaviylar davlatini ko'klarga ko'targan fors-tojik adabiyotida chuqur iz qoldira olgan xassos shoirdir. Bu yurtda kamolga yetgan Taxoriy, Ma'rufiy, Tohir Chag'oniy, Bade'iy, Munjik Termiziy, Labibiy kabilar fors-tojik adabiyoti ravnaqi yo'lida beqiyos darajada xizmati singgan taniqli shoirlar bo'lsa, Abu Bakr as-Sag'oniy, Ahmad as-Sag'oniy, Abu Hamid Usturlobiy as-Sag'oniy singari olimlar jahon fani rivojiga ulush qo'shgan allomalardir. Daqiqiy an'analarini keyingi asr shoirlaridan Adib Sobir Termiziy (1078-1147) va Muizziy (taxminan, tavalludi 1049), Labibiy an'analarini Mas'udiy Sa'di Salmon (1046-1122) kabi shoirlar o'z zamonlari ruhida ajoyib tarzda davom ettirdilar. Farruxiy esa ulug' qomusiy olim Beruniy (973-1048) bilan uzoq yillar Mahmud G'aznaviy saroyida G'aznada baqamti xizmatda bo'ladi. Farruxiy, hatto Beruniyning ilmiy faoliyatini ta'riflab unga bag'ishlab maxsus qasidalar bitadi. Chag'oniyon zamonida yashab ijod etgan as-Sallomiy bo'lsa, ayni chog'da ham shoir, ham yirik olim edi. Shuningdek, at-Tohiriy va an-Nasafiylar o'z vaqtida Abu Ali Chag'oniyni ulug'lab, uning sha'niga atab qasidalar bitganligini yuqorida ko'rib o'tdik. Hatto davrining yetuk shoiri, Rudakiyning sevimli shogirdi Abul Husayn al-Murodiy ham o'z ijodiy yo'lini ayni Chag'oniyondan boshlagani muhim xususiyatlar kasb etadi. Ajab emaski, xuddi Munjik va Daqiqiy she'riy devonlari Chag'oniyonda kitobat qilingan bo'lsa, chunki Abulqosim Iskofiydek o'z davrining xushnavis xattoti faoliyati ham Chag'oniyondan boshlangan edi. Download 111.63 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling