Suyuq ammiakni qo‘llashda xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash to‘G‘risida
Download 71.24 Kb.
|
82 25.02.2010
O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” BOShLIG‘INING BUYRUG‘I SUYuQ AMMIAKNI QO‘LLAShDA XAVFSIZLIK QOIDALARINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA [O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2010-yil 23-mart, 6-24/12-2245/6-son] O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) qaroriga muvofiq buyuraman: 1. Suyuq ammiakni qo‘llashda xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi. Inspeksiya boshlig‘i I. XOLMATOV Toshkent sh., 2010-yil 25-fevral, 82-son “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2010-yil 25-fevraldagi 82-sonli buyrug‘iga ILOVA Suyuq ammiakni qo‘llashda xavfsizlik QOIDALARI Mazkur Qoidalar “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq suyuq ammiakni qo‘llashda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi. I. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Qoidalar suyuq ammiakni qo‘llovchi barcha turdagi tashkilotlar (bundan keyingi o‘rinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) uchun taalluqlidir. 2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim. 3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi. II. Suyuq ammiakni qo‘llashda xavfsizlik talablari 1-§. Umumiy talablar 4. Ammiak rangsiz bo‘lib, o‘ziga xos o‘tkir (nashatir spirt) hidga ega. 5. Atmosfera bosimida va harorati 33,4° S dan yuqori bo‘lganda, ammiak gazsimon holatda bo‘ladi. U siqilgan gaz toifasiga kiradi va sanoatda, suyuq ko‘rinishda ishlab chiqariladi. Atmosferaga suyuq ammiak bug‘langanda, uning harorati minus 67° S gacha pasayib ketishi mumkin. 6. Suvli ammiak (ammiak suvi) gazsimon ammiakning suvdagi eritmasidir. Suvli ammiak yonmaydigan, portlamaydigan suyuqlik. Biroq gazsizlantirishda ammiak bug‘lari xonada xavfli portlovchi konsentratsiyani vujudga keltirishi mumkin. Me’yoriy sharoitda suvli ammiakdan ajralib chiqayotgan amiak gazlari — o‘tkir hidli, xavfli portlovchi, zaharli va yonuvchi gazdir. 7. Suvli eritma IShON ammoniy gidrooksidi hosil qilib ishqorli reaksiyaga kirishadi. Ammiakning 28-29% suvli eritmasi sotuvga chiqariladi. Ammiakning suvdagi 10% li eritmasi nashatir spirti bo‘lib undan tibbiyotda foydalaniladi. 8. Suvli ammiak past haroratda muzlaydi. Muzlash harorati suvli eritmadagi ammiak miqdoriga bog‘liq: 10% ammiak suvining muzlash harorati manfiy 12° S ni; 20% ammiak suvining muzlash harorati esa — manfiy 35° S ni; 25% ammiak suvining muzlash harorati esa — manfiy 56° S ni tashkil etadi. 9. Gazsimon ammiak yonuvchi gazlar qatoriga kiradi. Ammiak-havo bilan ammiak-bug‘i aralashmasining xona haroratidagi va havo bosimidagi 14,5 dan 26,8% gacha bo‘lgan hajmiy miqdori bo‘yicha portlashga xavfli hisoblanadi va xavflilik darajasi GOST 12.1.005-88 bo‘yicha 4-sinf gazlariga kiradi. 10. Harorat ko‘tarilishi bilan xavfli portlovchi aralashmadagi ammiak miqdorining chegarasi kengayadi va 100° S da ammiakning 14,5 — 29,5% oralig‘ida bo‘ladi. 11. Ammiak bilan havo aralashmasining yuqori portlash bosimi 0,45 MRa ni tashkil qiladi. 12. Ammiakning havodagi hajmiy miqdori 11% dan yuqori va yaqin joyda yong‘in yonayotgan bo‘lsa u yona boshlaydi. 13. Suyuq ammiak qiyin yonuvchi moddalar qatoriga kiradi. Atmosfera bosimi ta’sirida, suyuq ammiak ustida yonayotgan, ammiak bug‘ining issiqlik nurlari, yonib turishni saqlash uchun yetarli emas.Yonish ammiak qaynashi tugaganidan keyin to‘xtaydi. 14. Suyuq ammiakni portlash xavfi bo‘lgan boshqa kimyoviy moddalar: xlor, yod, brom, kumush oksidi, simob va kalsiy bilan birga saqlanishi qatiyan man etiladi. 15. Suyuq ammiakning oz miqdordagi to‘kilishlarini suv miqdorining yuvilayotgan ammiak miqdoriga 10:1 nisbatda bo‘lishi sharoitida, uni yuvib tashlanishiga ruxsat etiladi, hamda ammiakning oz miqdordagi to‘kilishlarini uglekislota bilan neytralizatsiya qilinishiga yo‘l qo‘yiladi. 16. Ammiakning suvda erishi natijasida ajralib chiqayotgan issiqlikning ta’siridagi ammiakning bug‘lanishi hisobiga ammiakning havodagi konsentratsiyasi ko‘payishi bois ammiakning ko‘p miqdordagi sonini yuvish va suv bilan aralashtirishga ruxsat etilmaydi. 17. Ammiakning ko‘p miqdordagi oqib (sirqib) chiqishida, sirqib chiqish joyi seksiyalash klapanlari bilan darhol izolatsiya qilinadi va sirqish joyidan yuqorida joylashgan nasos stansiyalari tokdan ajratiladi. Ta’mirdan keyin quvur uchastkasini azot, keyin ammiak bug‘lari vositasida bosim ostida tozalanib, tozalashdan chiqqan gazlarni fakelga tashlash lozim. 2-§. Suyuq ammiak qo‘llanishining qisqacha tavsifi 18. Mazkur Qoidalar suyuq ammiakni qo‘llovchi korxonalar uchun mo‘ljallanadi. 19. Suyuq ammiak azot kislotasi, nitrat va sulfat ammoniy, suyuq o‘g‘itlar, mochevina, soda ishlab chiqarishda, shuningdek organik sintezda, matolarni bo‘yashda, rang ko‘chirishda, maishiy kimyoda (suyuq yuvish vositalari olishda), sovutish qurilmalarida sovuqlik tashuvchi komponent sifatida ishlatiladi. 20. Sanoat va qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlarida ishlatiladigan suyuq ammiak GOST 6221 (ST SEV 6380), “Texnik sharoitlarga” muvofiq bo‘lishi kerak. 21. Belgilanishiga qarab, suyuq ammiak quyidagi uch xil markada ishlab chiqariladi: A-azot kislotasi ishlab chiqarish, azotlash, himoya atmosferasini hosil qilish uchun qo‘llaniladi va sovuqlik tashuvchi komponent sifatida ishlatiladi; Ak-eksport qilish uchun va magistral ammiak o‘tkazgich quvurlari yordamida tashish (uzatish) uchun; B-o‘g‘itga qayta ishlash va azot o‘g‘iti sifatida qishloq xo‘jaligi uchun. 22. Texnik suvli ammiak belgilangan tartibda tasdiqlangan texnologik reglament bo‘yicha, GOST 9 talablariga muvofiq ravishda tayyorlanishi kerak: A-sanoatning turli tarmoqlari uchun; B-azot o‘g‘iti tarmoqlari uchun; A-markali suvli ammiak olish uchun bug‘ kondensat yoki kimyoviy tozalangan suv qo‘llanilishi kerak. Ammiakni massa ulushi 25% dan kam bo‘lmasligi kerak. 23. Suyuq ammiak bilan ishlovchi ishchi-xodimlar tomonidan xavfsizlik texnikasi, yong‘in xavfsizligi qoidalari, texnologik rejim tartibi buzilishi, quyidagi oqibatlarga olib keladi: portlash,yonib ketish; ammiak bug‘i bilan zaharlanish; teri yoki ko‘zga suyuq ammiak tushganda kimyoviy kuyish va boshqalar. 3-§. Suyuq ammiakni saqlash 24. Korxonalarda suyuq ammiak jo‘natish, foydalanish, saqlash bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish, saqlash uchun mo‘ljallangan rezervuarlar “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan 1995-yilda tasdiqlangan “Suyuq ammiak yer usti omborlari uchun xavfsizlik qoidalari”, standartlar va amaldagi boshqa me’yoriy-texnik hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi. 25. Korxona rahbari suyuq ammiakdan foydalanish va saqlashni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha javobgar hisoblanadi. 26. Suyuq ammiakni saqlovchi har bir alohida turgan rezervuarlar yoki har bir rezervuarlar guruhi yaxlit to‘siqqa (erli kir, temir beton devor) ega bo‘lishi lozim. 27. Suyuq ammiak saqlovchi rezervuarlar balandligi, to‘kilgan suyuq ammiakning hisoblangan sathidan 0,3 m ga balandroq, ammo 1 m dan past bo‘lmasligi kerak. Izotermik rezervuarlar uchun esa 1,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak. Yer vali hamda kotlovan yon bag‘ri (otkos) atmosfera suvlari bilan yuvilishidan himoyalangan bo‘lishi kerak. 28. Suyuq ammiak saqlovchi rezervuarlar ishchi maydonchalarga ega bo‘lishi lozim. Omborga olib boruvchi va uning hududi bo‘ylab, bino hamda inshootlarga qarab harakatlanishi uchun avtomobil yo‘llarining kengligi kamida 3,5 m bo‘lishi lozim. 29. Ishlab chiqarishda (korxonada) foydalaniladigan suyuq ammiak, omborlarda yoki maxsus chekka binolarda yaxshi saqlanishini ta’minlagan holda saqlanishi kerak. 30. Suyuq ammiak yerto‘la va yarim yerto‘la binolarda saqlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 31. Ombor binolari eshiklari yopiq holda bo‘lishi kerak. Ish vaqti tugaganidan so‘ng eshiklar qulflanishi va muhrlanishi kerak, kalit, muhr va plomba moddiy javobgar shaxsda bo‘lishi kerak. Barcha omborlarda ko‘rinadigan joylarida GOST 12.4.026.-76 ga muvofiq “Signal ranglari va xavfsizlik belgilari”, omborda saqlanuvchi materiallarni omborlarga joylash texnik xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma, baxtsiz hodisalardagi birinchi yordam ko‘rsatish xavfsizlik belgilari osilgan bo‘lishi kerak. 32. Seysmik (zilzilali) aktiv zonalarga joylashtirilgan rezervuarlar, qo‘shimcha seysmik yuklanishlarga hisoblangan bo‘lishi lozim. 33. Silindri tikka rezervuarlar suyuq ammiak to‘lqinini bosish uchun qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim (suzuvchi pantonlar). 34. Rezervuarlardagi ammiak sathi ruxsat etilgandan oshib ketishiga qarshi quyidagi himoyaga ega bo‘lishi kerak: 10 m3 gacha (qo‘shib) hajmdagi rezervuarlar uchun — parametrlar nazorat tizimlarini takrorlash; 50 m3 gacha hajmdagi rezervuarlar uchun — parametrlar nazorat tizimlarini takrorlash, hamda soz holat indikatsiyasi bilan o‘z-o‘zini tashxis qilish tizimi mavjudligi; 50 m3 va undan ko‘p hajmdagi rezervuarlar uchun — parametrlar nazorat tizimlarini takrorlash, o‘z-o‘zini tashxis qilish tizimi mavjudligi hamda texnologik bog‘langan parametrlarni taqqoslash. 35. Suyuq ammiakli izotermik rezervuarlarning texnik tekshiruvi, mazkur rezervuarlarning soz holati va xavfsiz ishlashiga mas’ul etib korxona rahbari buyrug‘i bilan tayinlangan shaxs tomonidan o‘tkazilishi lozim. 36. 1,0 MRa ishchi bosimga hisoblangan suyuq ammiakli rezervuarlar va izotermik rezervuarlar issiqlik izolatsiyasi bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Issiqlik izolatsiyasining qalinligi va issiqlik oqimini quyosh radiatsiyasi ta’sirini hisobga olgan holda aniqlash kerak. 4-§. Suyuq ammiakni saqlash uchun sisterna va bochkalar 37. Suyuq ammiak tashish uchun temir yo‘l sisternalari “Suyuq ammiak tashish uchun temir yo‘l sisternalarini qo‘llashda xavfsizlik texnikasi qoidalari”ga muvofiq bo‘lishi lozim. 38. Suyuq ammiak uchun sisterna va bochkalar, 50° S haroratda ularning ichidagi mumkin bo‘lgan bosimga hisoblangan bo‘lishi kerak. Sisternalar transportda tashish vaqtida, dinamik yuklanishdan kelib chiqqan kuchlanishni hisobga olgan holda hisoblangan bo‘lishi kerak. 39. To‘ldirish oxirida minus 25° S dan oshmaydigan haroratli , suyuq ammiak bilan to‘ldiriladigan sisternalar issiqlik izolatsiyasi yoki quyoshdan himoyalangan bo‘lishi lozim. 40. Suyuq ammiak tashish uchun mo‘ljallangan sisternalarni, ombor sifatida va boshqa mahsulotlarga ishlatish taqiqlanadi. 5-§. Suyuq ammiakni saqlash uchun ballonlar 41. Suyuq ammiakli ballonlar maxsus xonalarda atmosfera yog‘inlari va quyoshning nurlaridan himoyalangan ayvonli ochiq maydonlarda saqlash mumkin. 42. Xonalarga o‘rnatilgan suyuq ammiakli ballonlar isitish radiatorlari va boshqa issiqlik asboblaridan 1 m dan kam bo‘lmagan masofada, ochiq alangali issiqlik manbalaridan 5 m dan kam bo‘lmagan masofada bo‘lishi lozim. 43. Suyuq ammiakli ballonlar sariq bo‘yoqli rangda, “Ammiak” yozuvi esa qora rangda bo‘lishi lozim. 44. Ballonlardan foydalanishda ichidagi ammiakni to‘liq sarflash man etiladi. Ballondagi qoldik gaz bosimi 0,05 MRa dan kam bo‘lmasligi kerak. 45. Past ishchi bosimda ballondan ishchi gaz berilganida shu bosimga mo‘ljallangan reduktor ishlatish lozim. 46. Suyuq ammiak ballonlarini portlovchi aralashmalarni hosil qiluvchi moddalar (azotli nordon kaliy, kalsiy va bariy, bertolet tuzlari), yonishni qo‘llovchi gazlar (qisilgan va suyuq holatdagi kislorod va havo). 47. Zaharli va kuchli ta’sir etuvchi moddalar (xlor, xlorpikrin, fosgen, margumishsimon angidrid, sinil kislotasi), yengil alangalanuvchi moddalar (paxta, somon, oltingugurt, djut, penka) bilan saqlash taqiqlanadi. III. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan talablar 1-§. Uskunalarga qo‘yiladigan asosiy talablar 48. Ishlab chiqarish uskunalari butun xizmat qilish davrida xavfsizlik talablariga GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarish uskunasi. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq javob berishi va ammiakni mis, rux va ularning qorishmalari, alyuminiy birikmalari bilan o‘zaro ta’sir qilishini hisobga olgan holda bo‘lishi kerak. 49. Suyuq ammiakni qo‘llovchi tashkilotlar uchun ishlab chiqarish uskunalarni loyihalashtirish, konstruksiyasi bo‘yicha montajda, ishlatishda, ta’mirlashda, transportirovka qilishda va qo‘llashda dastlabki ma’lumotlar me’yoriy hujjatlar talablariga, tayyorlovchi-zavod pasporti ma’lumotlari va mazkur Qoidalarga muvofiq bo‘lishi kerak. 50. Kattaligi ammiakni yonishini minimal energiyasidan ortiq bo‘lgan energiya manbalarini keltirib chiqaruvchi va portlovchi muhit hosil bo‘lishini yo‘qotib bo‘lmaydigan, suyuq ammiak qo‘llovchi tashkilotlar jihozi uchun (apparatlar, quvur, o‘tkazgich, armatura) portlash himoyasi va yong‘inni cheklash bo‘yicha usul va vositalar nazarda tutilgan bo‘lishi lozim. 51. 0,07 MPa (0,7 kgs/sm2 ) dan ko‘p bosim ostida ishlayotgan idishlar, sisternalar va bochkalarning foydalanilishi, ta’mirlovi, montaji, tayyorlanishi, tuzilishi 10-dekabr 1997-yilda “Sanoatkontexnazorat” tomonidan tasdiqlangan “Bosim ostida ishlayotgan idishlar xavfsiz foydalanilishi va tuzilishi qoidalari” ga muvofiq bo‘lishi shart. 52. Suyuq ammiakni saqlash va qo‘llashda tez alangalanuvchi suyuqliklarni tashib chiqishga moslanmagan qurilmalar va toifalashtirilmagan binolarda saqlash taqiqlanadi. 53. Avariya yoki yong‘in holatida — qurilmalar, surma qopqoqlar, apparatdan yoki sig‘imlardan tez alangalanuvchi suyuqlikni avariyada to‘qish liniyasi soz holatda bo‘lishi hamda taniqli belgilarga ega bo‘lishi ularga kirish yo‘llari bo‘sh bo‘lishi kerak. 54. To‘kish operatsiyalarining ketma-ketligi yo‘riqnoma bilan oldindan ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak. 55. Tez alangalanuvchi suyuqliklar bug‘lari bino havo muhitiga kirmasligi uchun ishlab chiqarish sharoitlarida to‘kish va quyish jarayonlarining apparatlari, qurilmalari, zichlanganligiga rioya qilish kerak. 56. Rezbali birikmalar zichligiga — kerakli zichlovchi mastika va o‘rovchi materiallardan foydalanish bilan erishish kerak. 57. Tez alangalanuvchi suyuqliklar bilan aloqada ishlaydigan — texnologik uskunalarning harakatlanuvchi birikmalari zichlanishi uchun qirrali zichlanishdan foydalanish lozim. 58. Muntazam va mukammal ko‘rik va nazoratdan hamma agregatlarning zichlov moslamalari o‘tkazilishi kerak. Zichlanganlik buzilganda nuqsonli uchastkalar tuzatilishi lozim. 59. Uskunalarga texnikaviy xizmat qilish va uning foydalanishni aniq sharoitlar hisobi bilan ta’mirlash-texnikaviy xizmat qilish va texnologik uskunalarni ta’mirlashi bo‘yicha sohaviy nizomlar bilan aniqlanadi. 60. Uskunada — pasport va inventar raqami bo‘lishi kerak. Tayyorlovchi zavodning pasporti yo‘qligida, u korxona egalari tomonidan tuziladi. 61. Inventar raqami bo‘yicha uskunalar maxsus hisob va davriy ko‘rik jurnallariga kiritiladi. 62. Har bir texnologik uskunaga texnologik sxemaning raqamiga muvofiq bo‘lgan raqam qo‘yilgan bo‘lishi kerak. 63. Xavflilik manbai bo‘lgan uskunalarning hamma harakatlanuvchi va aylanuvchi qismlari — konstruktiv to‘siq bilan to‘silgan bo‘lishi kerak. Mo‘ljallanishiga qarab va tez-tez foydalaniladigan to‘suvchi jihozlar, ochiladigan yoki ko‘chirib olinadigan butun qoplamalar ko‘rinishida bajarilishi kerak. 64. To‘suvchi jihozlar yetarlicha mustahkam va mahkamlab qo‘yilgan bo‘lishi kerak, ishlab chiqarish ishlari, yig‘ishtirish va uskunalarni sozlashga xalaqit bermasligi kerak. 65. Ishlab chiqarish uskunalarining va kommunikatsiyasining joylanishi yong‘in yoki avariya holatida odamlarni xavfsiz evakuatsiya qilish uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratib berish kerak. 66. Ish joyidan katta masofada joylashgan harorat, bosim va boshqa parametrlarni kuzatishni talab qiluvchi texnologik jarayonlar uskunasini nazorat qilish va boshqarish uchun distansion asboblar va pultlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. 2-§. Ammiakli kompressor uskunalari 67. Ammiakli kompressor uskunalaridan foydalanish “Sovutish uskunalaridan xavfsiz foydalanish va qurilma Qoidalari”, kompressorni pasporti va mazkur Qoidalar talablariga muvofiq bo‘lishi lozim. 68. Kompressorni ishga tushirish va ishlayotgan vaqtida, silindrlarga suyuq ammiakning o‘tib ketishini bartaraf etish kerak. 69. Kompressor bilan so‘riladigan ammiak bug‘larini qizishi, bir pog‘onali va ikki pog‘onali kompressorlarning, yuqori bosimli pog‘onasi uchun 5° S dan kam bo‘lmasligi kerak. 70. Kondensator va bug‘latkich xamda bevosita sovutgichli akkumulyator va texnologik apparatlardagi bosim ko‘tarilishini oldini olish uchun saqlovchi klapanlar orqali ammiak bug‘larini yopiq tizimga qo‘yib yuborish nazarda tutilgan bo‘lishi kerak. 71. Ammiak sovutkichlariga beriladigan suvni, ishchi yo‘riqnomada belgilangan me’yoridan ortiq qizib ketishining oldini olish uchun sovutish suvining oqimini doimo kuzatib turish kerak. 72. Kompressor karteridagi moy harorati tayyorlovchi-zavod yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan kattalikdan oshmasligi kerak. 73. Uskunadan foydalanishda ammiak tizimining germetikligi ta’minlangan bo‘lishi kerak. Kompressor salniklari orqali ammiak qo‘yib yuborilayotganligini kimyoviy indikator orqali aniqlanganida, uni zudlik bilan bartaraf etish zarur. 74. Kompressorda taqillash paydo bo‘lganida, mashinist zudlik bilan uni to‘xtatish va katta mashinistga xabar berishi hamda mashina bo‘limining sutkali jurnaliga kompressor to‘xtashining sababini yozib qo‘yishi kerak. 75. Sovituvchi ammiak kompressorlarini moylash uchun faqat ana shu maqsadlarga mo‘ljallangan , tayyorlovchi-zavod yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan marka moyini qo‘llash lozim. 76. Avtomatik rejimda ishlayotgan kompressor va nasoslarga “Ehtiyot bo‘l! Avtomatik ravishda ishga tushadi” degan yozuv osib qo‘yish kerak. 3-§. Nasoslar 77. Suyuq ammiakni haydash uchun qo‘llaniladigan nasoslar, GOST 15110-78 “Kimyoviy ishlab chiqarishlar uchun markazdan qochma nasoslar” va GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarishli uskunalar. Xavfsizlikning umumiy talablari”. 78. Nasoslar, uchqun paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan konstruksiyada bo‘lishi shart. 79. Suyuq ammiakni bir joydan boshqasiga o‘tkazish uchun — markazdan qochma salniksiz ikki chekkadan zichlangan yoki boshqa konstruksiyali zichlanadigan nasoslar ishlatish kerak. 80. Salniklar orqali — tez alangalanuvchi suyuqliklarni chiqib ketishi mumkin bo‘lgan nasoslardan foydalanish man etiladi. 81. Qoidaga ko‘ra, so‘rib oladigan yo‘lni minimal masofasini ta’minlash uchun nasoslar texnologik tayinlash chizmasi bo‘yicha guruhlar ko‘rinishida joylashtirilgan bo‘lishi kerak. 82. Nasoslarning tagliklarida, ularni ishlatish jarayonida suyuqliklarni yig‘ish uchun hamda yuvish va ta’mirlash vaqtida drenaj sig‘imida qiyalik bo‘lishi kerak. 83. Beruvchi-so‘ruvchi ventilatsiya tizimi o‘chirilgan yoki buzilgan vaqtda atsetonni haydash nasos stansiyalaridan foydalanish man etiladi. 84. Nasoslarni ishlash vaqtida — ishqalanadigan sirtining moylanishi, salniklar va podshipniklarning harorati doim kuzatib turilishi kerak. 85. Nasoslar tagida moylanadigan materiallar va tez alangalanuvchi suyuqliklarning to‘planishi man etiladi. 86. Nasoslarning normal ish tartibini buzadigan nosozliklar aniqlangach, nasosni to‘xtatish va nosozlikni bartaraf etish zarur. Nasos, agregat va quvurlarning ishini to‘xtatmay, suv bilan yuvmay va inert gaz bilan tozalamay ta’mirlash ishlarini olib borish taqiqlanadi. 87. Nasoslar texnologik qurilmalarning etajerkalarining ostida joylashganda ularni masofadan boshqarish moslamalari orqali to‘xtatilishi inobatga olinishi shart. 88. Nasoslarning poydevorlari, suv yig‘ilish chuqurchalari, nov va pollari doimo tozalikda saqlanishi va to‘kilgan mahsulot va moylardan darhol tozalanishi shart. 89. Tez alangalanuvchi suyuqliklarni haydash uchun nasosxonalardagi havo muhitini nazorat qilish asboblari bilan jihozlanishi shart. Asboblarning nosozligida nasos stansiyalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. 90. Nasosxonalarda tez alangalanuvchi suyuqliklar, alangalanuvchi suyuqliklar va shunga o‘xshash materiallarning saqlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qopqog‘i zich yopiladigan maxsus metalldan tayyorlangan idishda ehtiyoji bir sutkalik bo‘lgan moylash materiallari saqlanishi mumkin. 91. Nasos stansiyalarida yong‘inni o‘chirish birlamchi vositalarining mavjudligi va sozligini doimo nazorat qilish lozim. 92. Markazdan qochuvchi (tsentrobejniy) nasoslar uchun mumkin bo‘lgan chegaralarda tebranma darajasi va uning saqlanishiga quyidagi qo‘shimcha choralar mo‘ljallash tavsiya etiladi: a) agregat markazini sozlash, rotorning dinamik va statik muvozanatini, oqim pulsatsiyasining (pompaj, kavitatsiya) oldini olish, muftalarni muvozanatlashtirish; b) ruxsat etilgan tebranma darajasini o‘zgarishida agregatni avtomatik ravishda to‘xtatish. 93. Nasos qismlarining materiallarida statistik elektrlarning ko‘payishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. 4-§. Bosim ostida ishlovchi idishlar 94. Suyuq ammiak bilan ishlashda, qo‘llanadigan bosim ostida ishlaydigan idish va apparaturalar “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan 1997-yil 10-dekabrda tasdiqlangan “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va xavfsiz foydalanish qoidalari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim. 95. Bosim ostidagi idishlarga xizmat ko‘rsatish va ish tartibi Bosh muhandis tomonidan tasdiqlangan yo‘riqnoma bo‘yicha olib borilishi lozim. 96. Bosim ostida ishlaydigan idishlarni ishga tushirish chizmasi ish joylarida osib quyilgan bo‘lishi lozim. 97. Bosim ostida ishlaydigan idishlarning texnik holatini va qo‘llanishini nazorat qiluvchi muhandis-texnik xodim (gurux), o‘z ishini korxona bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan reja bo‘yicha olib borishi lozim. 98. Bosim ostida ishlaydigan idishlarning soz holati va xavfsiz ishlashi bo‘yicha mas’uliyat, idishlarga xizmat ko‘rsatuvchi ishchilar bo‘ysundirilgan muhandis-texnikka buyruq bilan yuklatiladi. Mas’ul shaxs tayinlanganligi haqidagi buyruq raqami va sanasi idish pasportiga kiritilgan bo‘lishi kerak. 99. Berkituvchi va berkitib-rostlovchi armatura, idishga bevosita ulangan yoki ishchi muhitni idishga olib keluvchi va olib ketuvchi quvur o‘tkazgichlarga o‘rnatilishi kerak. 100. Berkitish armaturasining maxovigida, armatura ochilishi yoki yopilishida, maxovikning aylanish yo‘nalishi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. 101. Armatura quyidagi markirovkaga ega bo‘lishi kerak: tayorlovchi-korxona nomlanishi yoki tovar belgisi; shartli o‘tishi mm; shartli bosim, MRa; muhit oqimining yo‘nalishi; material markasi. 102. Legirlangan po‘lat yoki rangli metalldan tayyorlangan, shartli o‘tishi 20mm dan ortiq bo‘lgan armatura, pasport sertifikatga ega bo‘lishi lozim. 5-§. Resiverlar 103. Suyuq ammiakni saqlashga mo‘ljallangan resiverlar maxsus xonada — mashinaxonada, apparat bo‘limi yoki ochiq maydonda o‘rnatilishi mumkin. 104. Suyuq ammiakni saqlashga mo‘ljallangan resiverlar quyosh nurlari va yog‘ingarchiliklardan tom (ayvon) va jalyuza devorlar bilan himoyalangan bo‘lishi lozim. 105. Sirkulatsion va himoyalovchi resiverlar ostiga tagjom (poddon) yoki xandaklar mo‘ljallangan bo‘lishi lozim. 106. Chiziqli (lineyniy) va oqizish resiverlarini maxsus tagjomlarga (poddon) joylashtirish lozim. 107. Sovutgich qurilma, apparat, idish va texnologik bloklardan avariya holatida (ta’mirlash uchun) suyuq ammiakni bo‘shatish, shuningdek issiq bug‘lar bilan sovituvchi qurilmalarni eritishda kondensatni chiqarib ketish uchun hajmi ammiak sig‘imli apparat, idish va blokdan ammiakni qabul qila oladigan, oqizish resiverini tayyorlab qo‘yish lozim. 108. Bevosita sovituvchi sovutish tizimlaridagi ko‘chirilayotgan bug‘simon-suyuqlik ammiak aralashmasidan, suyuq fazani ajratish uchun har bir qaynash haroratiga, suyuqlik ajratuvchi funksiyalarga ega sirkulatsion (yoki himoyalovchi) resiverlarni mo‘ljallash lozim. 109. Suyuqlik ajratuvchi vazifasini bajaruvchi tikka idish yoki apparatning bug‘ zonasi o‘lchami, bug‘ zonasi kesimida ammiak bug‘ining 0,5 m/s dan ortiq bo‘lmagan tezligini ta’minlashi lozim. 110. Bir yillik ammiak zaxirasini saqlash uchun qo‘shimcha resiverlarni mo‘ljallash mumkin. Bunda resiverlar geometrik hajmidan 80% ortiq bo‘lmagan holda to‘ldiriladi. 111. Sovutish uskunalaridagi chiziqli resiverlarni (unifikatsiyalanmagan) himoyalovchi, oqizuvchi yoki sirkulatsiyaviy resiver sifatida qo‘llash taqiqlanadi. 6-§. Ammiak sovituvchi uskunalar 112. Ammiak sovituvchi uskunalarni qo‘llash va loyihalashtirishda “Ammiak sovituvchi uskunalar tuzilmasi va xavfsiz qo‘llash qoidalari”, “Portlash-yonishga xavfli kimyoviy, neftkimyoviy va neftni qayta ishlovchi ishlab chiqarishlar uchun portlash xavfsizligining umumiy qoidalari” va “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va xavfsiz foydalanish qoidalari” hamda boshqa me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishi kerak. 113. Ammiakni sovitish uchun uskunalarni tayyorlovchi tashkilot tomonidan berilgan qo‘llash hujjatlari komplektida quyidagilar mavjud bo‘lishi kerak: kompressor, nasos, idish va boshqa jihozlar uchun pasport, qo‘llash va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnoma; kompressor va nasoslarning aylanib turuvchi qismlarida echiluvchi himoya to‘siqlarining mavjudligi va ular ishonchli mahkamlanganligi; nazorat asboblari, avtomatik himoya va saqlovchi qurilmalarni blokirovkalash vositalari mavjudligi va ulardan foydalanish shart-sharoitlarining tayyorlovchi tashkilot yo‘riqnomasi talablariga muvofiqligi. 114. Belgilangan xizmat muddati o‘tib ketgan jihozlar, ularning keyinchalik foydalanish uchun imkoniyati bo‘yicha, maxsuslashtirilgan tashkilot xulosasiga ega bo‘lishi kerak. 115. Xizmat ko‘rsatish maydonidan 3 metrdan kam bo‘lmagan balandlikka, (saqlagich klapanlardan) bino tomining (konyogi) dan 1 metrdan kam bo‘lmagan balandlikka, hudud yer yuzasidan 6 metrdan kam bo‘lmagan balandlikka gazsimon ammiakni chiqarish man etiladi. 116. Korxona texnik xizmati tomonidan kompressorning saqlagich klapanlar (1 yilda kamida 1-marta) va idishlarning (6 oyda 1-marta) sozligini davriy tekshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lishi kerak. 117. Ammiakli sovituvchi uskunalar quyidagilarga ega bo‘lishi kerak: mavjud saqlagich klapanlarining ishlab ketish bosimiga sozlanganligi bo‘yicha tayyorlovchi-korxonaning pasporti va yo‘riqnomalari; saqlagich klapanlar rostlagichining sozligini tekshirish uchun stend; saqlovchi klapanlardan foydalanish uchun korxona bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan yo‘riqnoma; xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar (ishchilar va mutaxassislar) o‘qitilganligini tasdiqlovchi hujjatlar; saqlovchi klapanlar sinov ko‘rsatkichlari va rostlanishini avtomatik ravishda yozib boradigan, o‘zi yozar asboblar tamba qulfini mustahkamligi va zichligiga. 7- §. Armatura va quvur o‘tkazgichlar 118. Quvur o‘tkazgichlar tuzilmasi, joylashtirish va ularni o‘tkazish (yotqizish) uslublariga qo‘yiladigan talablar QMQ 2.04.10-98 “10 MPa gacha bosim ostidagi texnologik po‘lat quvurlarni loyihalashtirish bo‘yicha yo‘riqnoma” va QMQ 3.05.05-98 “Texnologik jihozlar va texnologik quvurlar” muvofiq bo‘lishi lozim. 119. Quvurlarga material va ularning detal hamda armaturalarini tanlashda quvurlar klassifikatsiyasidan, ularning shartli o‘tish yo‘llari va ularda haydalanayotgan muhitning chegaralangan parametrlari, ularni agressiv va erozion tarkibini inobatga olish zarur. 120. Suyuq ammiakni haydash uchun quvurlarning konstruktiv rasmiylashtrilishi quyidagilarni ta’minlashi kerak: a) me’yoriy muddat chegaralarida ularni xavfsiz va ishonchli ishlatishni; b) loyiha parametrlari bilan muvofiqlikda texnologik jarayonlarni yuritishni; v) texnologik tugunlar (bloklar)ga qurilma rejasini tuzishda ularning portlash xavfining optimal darajasini, montaj va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish qulayliklarini; g) ko‘tarma-transport vositalarini belgilangan loyihada foydalanish qulayligi va bevosita texnik holatini kuzatishni; d) quvurlarning payvand choklarini termik qayta ishlashni va ularning sinovini; e) quvurlarni nurashdan, takroriy paydo bo‘luvchi chaqmoq va statik elektrdan izolatsiyalash va himoyalashni; j) quvurlardagi tiqinlarning oldini olishni; z) quvurlardagi eng qisqa uzunlikni; i) turg‘un zonalarning paydo bo‘lishi va osilishiga yo‘l qo‘ymaslikni; k) quvurlarda deformatsiya haroratini o‘z o‘zidan kompensatsiyalanishi mumkinligini; l) ko‘tarma mexanizmlar, moslama va yong‘in o‘chirish vositalarining erkin joylashtirish mumkinligini. 121. Ichki ma’muriy, maishiy, xo‘jalik binolari va elektr taqsimlash moslamali binolarda, elektrqurilmalarda, avtomatizatsiya shitlarida, transformator binolarida, shamollatgich kameralarda, issiqlik punktlarida, xodimlar evakuatsiya yo‘llarida (narvon qafaslari, yo‘lak) hamda mo‘ljallangan barcha binolarda tranzit orqali atsetonni transportlashda texnologik quvurlar yotqizilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 122. Devor, bostirma va pardevor, A va B toifadagi ajratuvchi qo‘shni binolar orqali suyuq ammiakli texnologik quvurlar yotqizilishi, faqat ayrim hollarda, ya’ni texnologik jarayonlarda talab qilinsa ruxsat etiladi. Quvurlarning devordan o‘tish joylari yonmaydigan germetik qurilmaga ega bo‘lishi va quvurlarning yotqizilishiga qulaylikni ta’minlashi kerak. 123. Quvurlarning sexga kiritilgan texnologik tugunlari va qurilmalariga qulfli armatura o‘rnatish kerak. 124. Quvurlarni bo‘yash va tamg‘alash, muhitning harakat yo‘nalishlari ko‘rsatkichlari GOST 14202-69 “Sanoat tashkilotlari quvurlari. Taniqli bo‘yoqlari, ogohlantiruvchi belgilar va markalash shitlari” talablariga muvofiq bo‘lishi kerak. Suyuq ammiak quvurlari o‘tgan joylarida ogohlantiruvchi belgilar qo‘yish kerak. 125. Portlash xavfi bor bo‘lgan texnologik sxemalarda, qoidaga ko‘ra, suyuq ammiakni transportda tashish uchun statsionar quvurlar sifatida egiluvchan shlanglarni qo‘llash taqiqlanadi. Bunday hollarda maxsus metalli egiluvchan shlanglar qo‘llanilishi kerak. 126. Suyuq ammiakni, statsionar bo‘lmagan uskunalarga (temir yo‘l sisterna) to‘kish va quyish operatsiyalari uchun hamda yordamchi operatsiyalar bajarish uchun egiluvchan shlang qo‘llanishiga ruxsat etiladi. 127. Yordamchi operatsiyalarni bajarish (quvurlarni havo oqimi bilan tozalash, nasoslarni, puflovchi gaz va bug‘larni qaytarish) uchun egiluvchan shlanglarni ulash, faqat ushbu ishlarni o‘tkazish paytida ruxsat etiladi. Shlanglarni quvur bilan ulashda standart bo‘linmalar yordamida amalga oshiriladi. 128. Shlanglarni tanlash, qo‘llash tartibi, ishlatish muddati, tekshirib chiqish, ta’mirlash, tamg‘alash belgilangan tartibda texnik hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim. IV. Suyuq ammiakni to‘kish-to‘ldirish ishlarida xavfsizlik qoidalari 129. Suyuq ammiak to‘kish-to‘ldirish amallari “Suyuq ammiakni tashish uchun temir yo‘l sisternalarini ishlatishda xavfsizlik texnikasi qoidalari” va “Portlovchi, yonuvchi kimyoviy , neftekimyoviy va neftni qayta ishlovchi ishlab chiqarishlar uchun portlash xavfsizligi bo‘yicha umumiy qoidalar”, shuningdek boshqa me’yoriy hujjat, ammiak ombori yoki quyish punktining texnologik reglamentiga qat’iy muvofiqlikda bajarilishi kerak. 130. Suyuq ammiak to‘kish-to‘ldirish ishlarini bajarishda, atmosferali va statik elektrdan himoya choralari oldindan ko‘rilgan bo‘lishi kerak. 131. Ammiak quyish va to‘kishni tekshirish, sisternalar germetikligini tekshirish, yeng va armaturalarni ulash hamda echish bo‘yicha barcha amallar KD markali gaz niqoblarga ega bo‘lgan ishchilar tomonidan bajarilishi kerak. Suyuq ammiak kommunikatsiyalaridagi ajratuvchi birikmalarni tortish va qismlarga ajratish bo‘yicha ishlarni rezinali qo‘lqoplar va maxsus himoyalovchi kiyimda bajarish kerak. 132. To‘kish-to‘ldirish ishlarini chaqmoq vaqtida bajarish man etiladi. 133. Tez alangalanuvchi suyuqlikli temir yo‘l sisternalarini bo‘shatish joyida, estakada chegaralaridagi relslar yerga mustahkam ulangan bo‘lishi kerak. 134. To‘kish-to‘ldirish qurilmalari joylashgan temir yo‘llarda teplovoz va parovozlarning harakati man etiladi. 135. To‘kish-to‘ldirish estakadalari yon tomonida yonmaydigan materialli zinapoyalar bo‘lishi hamda uzunligi bo‘yicha bir-biridan 100m dan ko‘p bo‘lmagan masofada bo‘lishi kerak. Vagon-sisternalarni ajratish, ulash va tartiblanishi to‘kish-to‘ldirish punktlaridan tashqarida amalga oshirilishi lozim. 136. Suyuq ammiakni to‘kish va to‘ldirish uchun temir yo‘l sisternalarini uzatish va ularni chiqarish, sekin, siltanishsiz va silkinishsiz amalga oshirilishi lozim. 137. To‘kish-to‘ldirish qurilmalari hududida temir yo‘l sisternalarini metalli boshmoq bilan to‘xtatish mumkin emas. To‘xtatish uchun to‘xtash vaqtida uchqun bermaydigan material ishlatilishi shart. 138. Vagon-sisternalarni to‘kish-to‘ldirish joyiga dumalatish va joyidan qo‘zg‘atish uchun dastak sifatida po‘latli buyumlarni ishlatish man etiladi. 139. Agar vagon-sisternalarni to‘kish-to‘ldirishga uzatish va chiqarish parovozlar bilan amalga oshirilsa, ikki qo‘sh o‘qli g‘ovakdan qoplamalar yoki yonmaydigan yuk bilan yuklangan vagonlar (platformalar) bo‘lishi kerak. Agar sisternalarning uzatilishi teplovozlar bilan amalga oshirilsa, qoplamalar talab qilinmaydi. 140. To‘kish-to‘ldirish qurilmalari hududida parovoz mashinistlarining sifonlash, o‘t qalashni ochish va jadallashtirish, o‘txona teshigini ochiq tutish, mash’al yoki yong‘inning boshqa turlaridan foydalanish man etiladi. 141. To‘kish-to‘ldirish ishlari vaqtida sisternani me’yordan ortiq to‘ldirib yuborish man etiladi. Sisternani me’yordan ortiq to‘ldirishga yo‘l qo‘ymaslik uchun, to‘kib-to‘ldirish punktlari ishonchli avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. 142. Texnik ko‘rikni belgisiz, sizish alomatlari va boshqa nosozliklari mavjudligida vagon-sisternalarni to‘ldirishga qabul qilinishi man etiladi. To‘kib-to‘ldirish ishlarini boshlashdan oldin, to‘kib-to‘ldirish qurilmalarining sozligini, qo‘shuvchi ventillarni, yerga ulanishi tizimlarini, surilmalarni, shlanglarning zichligini va teleskopik quvurlarni tuzatilganligini tekshirish zarur. Nosozliklar aniqlanganda ularni tezda bartaraf etish kerak. 143. Temir yo‘l sisternalarini tez alangalanuvchi suyuqliklarni to‘kish va to‘ldirishga o‘rnatish tartibi, ushbu ishlarni xavfsiz bajarilishini ta’minlashi kerak. 144. Statsionar, omborli (chiqimli) sig‘imlar sifatida temir yo‘llarda bo‘lgan temir yo‘l sisternalaridan foydalanish man etiladi. 145. To‘kib-to‘ldiradigan punktlarda vosita va usullar oldindan ko‘rilishi shart, shu bilan birga shikastlangan sisternalarni avariyaviy bo‘shatish bo‘yicha ishlarni bajarish uchun maxsus jihozlangan joylar oldindan ko‘rilishi kerak. Ushbu ishlarni bajarishdagi xavfsizlik choralari korxonaning bosh muhandisi bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada ifoda etiladi. 146. To‘kib-to‘ldirish tizimi sisternalari, saqlagichlari, quvurlari va boshqa moslamalari ishlatilishda zich, mustahkam, oddiy va qulay bo‘lishi lozim. 147. Suyuq ammiakni juda kichik idishlarga (butil, flakon) qadoqlash jarayonlari xavfli va zararli omillari ya’ni ish zonasi havosida efir bug‘larini chegaraviy ruxsat etilgan konsentratsiya (ChRK) tarkibi yuqori qo‘ymaydigan shartlarda o‘tkazilishi lozim. 148. Suyuq ammiakni qo‘yish liniyalari idishdan (butl, flakon) suyuqlikni qaytaradigan vakuum so‘rg‘ich qurilmalari bilan jihozlanishi lozim. 149. Suyuq ammiakni qadoqlash chiqim moslamalari, zaxira qaytarma to‘plamlari germetik bo‘lishi kerak. 150. Suyuq ammiakni qo‘yish avtomatik va yarim avtomatik liniyalari, tiqinlash, etiketkalash to‘kilgan suyuqliklar tarmoq tizimi bo‘lishi kerak. 151. Suyuq ammiakni shisha idishlarga (butil, butilka, flakon) qadoqlash, ishga tushirishi, konveyer liniyasining ishga tushirishi blokirovkalangan bo‘lgan amaldagi mahalliy so‘ruvchi shamollatgichda o‘tkazilishi lozim . 152. Avtomat va transportlovchi qurilmalar, mexanizatsiyalangan yordamchi liniyalar ishlash jarayonida paydo bo‘ladigan shisha siniqlari moslamalar (plastmass kurakcha, chyotka ilgak) yordamida maxsus idishlarga tozalanishi va to‘planishiga qarab yo‘qotiladi. V. Suyuq ammiakni qadoqlash, tamg‘alash va transportda tashish 153. Texnik suyuq ammiak yuqori to‘kish yoki universal to‘kish asbobli temir yo‘l sisternalariga, avtotsisternalarga, alyumin, po‘lat yoki ruhlangan bochkalarga, shisha idishlarga qo‘yiladi. 154. Yuklovchi sisternalar lyuki yopiladi va plombalanadi. 155. Texnik suyuq ammiakli butillarni qobiqli, yog‘ochli, polietilen yoki shishali mahkam yopiladigan tiqin bilan tiqinlanadi, qobiqli va yog‘ochli tiqinlar pergament bilan o‘raladi. Tiqinlar tepasi polietilen plyonka bilan qoplanadi va kanopda bog‘lanadi. 156. Butillar GOST 14861-91 “Ishlab chiqarish tarasi” bo‘yicha yog‘och qutilarga joylashtiriladi va payraha yoki polietilen amortizatorlar bilan zichlanadi. Yog‘och qutilar va payrahalar yonmaydigan moddalar bilan (xlorli kalsiy yoki sulfat ammoniy eritmalarida to‘yingan) singdirilgan bo‘lishi lozim. 157. Temir yo‘l sisternalarida ogohlantiruvchi “Xavfli” yozuvi bo‘lishi lozim. 158. Bochka va butillar GOST 14192-96 “Yuklarni tamg‘alash” talablariga muvofiq tamg‘alanadi. 159. Suyuq ammiakli har bir bochkaga quyidagi qo‘shimcha belgilar qo‘yiladi: a) mahsulot nomi va uning navi; b) ishlab chiqarish sanasi; v) brutto va netto vazni; g) partiya raqami, joy raqami; d) GOST 2768-84 ning “Texnik suyuq ammiak. Texnik shartlar” standarti belgilari; e) GOST 26319-84 “Xavfli yuklar. Qadoqlash” 3 sinf, 3.2 quyi sinf bo‘yicha xavfli belgilar. 160. Suyuq ammiakning har bir butilida ko‘rsatilgan belgilar va “Ehtiyot bo‘ling, mo‘rt” va “Yuqoriga, dumalatmang” qo‘shimcha manipulatsion belgilar yopishtiriladi. 161. Suyuq ammiakni havo transportida tashishda faqat yuk samolyotlarida sig‘imi 200m3 dan ko‘p bo‘lmagan bochkalarda amalga oshiriladi. 162. Bochkalarni temir yo‘lda universal konteynerlarda va yopiq vagonlarda (vagonlab yoki kichik jo‘natmalarda) tashiladi. 163. Suyuq ammiakni butillarda faqat avtomobil transportida tashiladi. Suyuq ammiakni tashishda tashish qoidalariga rioya qilib, qabul qilingan transport turiga muvofiq amalga oshiriladi. 164. Chakana savdo uchun mo‘ljallangan suyuq ammiakni butil va flakonlarda hamda transport idishlarida quyidagi belgilar mavjud bo‘lgan tamg‘alar bilan qo‘yiladi: a) tayyorlovchi korxona nomi va tovar belgisi; b) “Suyuq ammiak” mahsulotining nomi; v) narxi; g) netto vazni; d) partiya raqami; e) tayyorlash sanasi; j) GOST 2768-84 “Texnik suyuq ammiak. Texnik shartlari” standarti belgisi; z) “Suyuq ammiak lak, bo‘yoq va emallarni eritish uchun mo‘ljallanadi” ko‘rsatmasi; i) “Yong‘indan saqlang!”, “Ehtiyot bo‘ling, mo‘rt!” ogohlantiruvchi yozuvlari. 165. Qadoqning brutto vazni 20 kg dan oshmasligi kerak. 166. Uzoq masofaga tashish uchun temir yo‘l sisternalaridan va turli sig‘imli bochkalardan foydalaniladi. 167. Nisbatan uzoq bo‘lmagan masofaga suyuq ammiakni avtotsisterna yoki bochkalarda avtotransportda tashiladi. 168. Sanoat korxonalarida suyuq ammiakni transportda tashish (yuklash joyidan, ombor hududidan, ombordan sexga, sexdan sexga) hamda texnologik sxemaga ko‘ra apparatlarga suyuq ammiakni yuklash mexanizatsiyalashgan bo‘lishi lozim. 169. Shishali idishdagi suyuq ammiakning joyini o‘zgartirish, shuning uchun maxsus moslangan zambil va aravalarda, ya’ni transportda xavfsiz tashishni to‘liq ta’minlovchilarda amalga oshirish lozim. 170. Suyuq ammiakni transportda tashish uchun foydalaniladigan idish, GOST 12.3.010-82 ning “Ishlab chiqarish idishi. Foydalanishda xavfsizlik talablari” ga muvofiq bo‘lishi lozim. 171. Suyuq ammiakni avtomashinada shisha idish bilan tashishda, harakat vaqtida, to‘xtashda va burilishlarda yuk siljishi va ag‘darilmasligi uchun yukni kuzovga mahkamlash kerak. 172. Suyuq ammiak yoki suyuq ammiak aralashmasini ochiq avtomobillarda yoki avtotsisternalarda tashish kerak. 173. Suyuq ammiak bortli avtomobilning yuk joyi kuzovida tashishda, suyuq ammiak va suyuq ammiak aralashmasiga belgilangan yorliq joylashtirilishi zarur. 174. Suyuq ammiakni avtomobil transportida tashish vaqtida baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida, harakatlanish yo‘l varaqasida yozilib-belgilangan yo‘nalishda aniq amalga oshirish kerak. 175. Suyuq ammiak va boshqa tez alangalanuvchi suyuqliklar tashuvchi avtomobillar kabina va kuzovida, tashish uchun xizmat ko‘rsatishga aloqador bo‘lmagan shaxslarning bo‘lishi man etiladi. 176. Suyuq ammiak tashuvchi avtotsisternalar quyidagilar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak: a) ikkitadan kam bo‘lmagan kukunli yong‘in o‘chirgichlar va lopatkalar; b) sisterna korpusiga bir uchi payvandlangan yoki qalaylab ulangan va metall uchi boshqa uchida ta’minlangan metall yerga ulangan zanjir. 177. Sisterna yoki idishdan suyuq ammiak oqishi aniqlansa, darhol to‘xtash va ushbu yuklarni tashish bo‘yicha maxsus yo‘riqnomaga muvofiq xavfsizlik choralarini ko‘rish kerak. 178. Avtomobil qisqa vaqt to‘xtab turishi yoki to‘xtaganda qo‘l tormozida to‘xtatilgan bo‘lishi kerak. 179. Suyuq ammiakni yuklash va tushirish vaqtida avtomobil dvigateli o‘chirilgan bo‘lishi kerak. 180. Suyuq ammiak tashuvchi avtomobillar doimiy odamlar gavjum joylarda to‘xtashi taqiqlanadi. 181. Avtomobil transportida suyuq ammiak tashishda kabinada hamda yuklash va tushirish joylarida (10m dan kam bo‘lmagan masofada) chekish taqiqlanadi. 182. Yuk jo‘natish ma’muriyati har bir reysdagi avtomobilda, himoya va yong‘in o‘chirish vositalari mavjudligini tekshirishi lozim. 183. Suyuq ammiakni yuklash va tushirish, transportda tashish ishlarini amalga oshirish uchun xodimlar maxsus yo‘l-yo‘riq olishi kerak. 184. 50 kg dan ortiq va balandligi 2 qatordan yuqori bo‘lgan yuklarni tushirish ko‘tarma-transport moslamasi va kichik mexanizatsiya vositalari yordamida amalga oshirish kerak. 185. Moslama, qurilma va yuk ko‘tarish moslamalarini ishlatish (tal, telfer, lebedka, barcha turdagi kranlar, almashinuvchi yuk ushlovchi organlar, yuk elektr aravalari) “Moslama va yuk ko‘tarish kranlarini xavfsiz ishlatish qoidalari” ga muvofiq bo‘lishi lozim. 186. Yuklash-tushirish ishlarini olib boradigan ishlab chiqarish joylarida xavfsizlik belgilari bilan jihozlangan va tungi vaqtda ishlarni bajarish uchun yetarlicha yoritilgan bo‘lishi lozim. 187. Yuklarni korxona hududida joylashtirish jarayonlari GOST 12.3.020-80 ning “Yuklarni korxonada joylashtirish jarayonlari. Xavfsizlikning umumiy talablari” ga muvofiq bo‘lishi lozim. 188. Yuklash-tushirish ishlari “Yuklash-tushirish ishlarida yuklovchilar uchun mehnat xavfsizligi qoidalari” (ro‘yxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) talablariga muvofiq bo‘lishi lozim. VI. Yakuniy qoida 189. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “O‘zkimyosanoat” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B.XODJAYEV O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV “O‘zkimyosanoat” DAK Boshqaruv raisi G. IBRAGIMOV Download 71.24 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling