Moddaning biologik aylanishi ham suvning
aylanishi kabi miqyosi jihatidan katta (dunyo
miqyosida) va kichik (masalan,
tuproq qatlamining
o‘zida yoki biror landshaft, fatsiya va h.k. doirasida)
bo‘ladi. Har bir kichik aylanishlar dunyo miqyosidagi
aylanishning alohida shaxobchalari bo‘lib, ular
orasidagi doimo o‘zaro ta'sir va aloqadorlik mavjud.
Bu ta'sir va aloqadorliklar moddaning dunyo
miqyosidagi aylanishiga madad berib,
boshqa tabiiy
jarayonlardan, jumladan moddaning katta geologik
aylanishidan ajralmagan holda ro‘y beradi.
Shuning
uchun bu jarayonni moddaning biogeokimyoviy
aylanishi deb ataydilar.
Landshaftlarda moddaning abiotik
ko‘chib
yurishi asosan ikki xil shaklda
ro‘y beradi:
1) nurash yoki yemirilish natijasida hosil
bo‘lgan va turli katta-kichiklikdagi
jismlarning
o‘z og‘irlik kuchi bilan yonbag‘irlarda pastga
siljishi, oqar suvlar tarkibida mexanik oqiziqlar
hamda havoda chang zarralarini hosil qilish
shaklida;
2) suv bilan birga
harakatlanuvchi va turli
geokimyoviy yoki biokimyoviy jarayonlarda
ishtirok etadigan suvda erigan moddalar (turli
gazlar) shaklida
bo‘ladi.